OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho'lpon. Yorqinoy (drama)

YORQINOY

6 pardali afsonaviy tomosha

Vodiyi vahdat haqiqatda maqomi ishqdir,
Kim mushaxxas o‘lmas ul vodiyda sultondir gado. 
Fuzuliy

Totli va boy tili bilan ertak (cho‘nchak) aytib berib, shu asarning yozilishiga sabab bo‘lgan kampir opaga hurmat bilan bag‘ishlayman.
Cho‘lpon

BIRINCHI PARDA

Bu parda o‘n majlisdan iboratdir

ARALASHARLAR

Kirish tartibi bilan

P o‘ l a t — bog‘bon yigit, 30-35 larda. 
Q u m r i — xizmatchi qiz, 17-18 larda. 
M o m o x o t i n — oqsoch, 50 larda. 
Yo r q i n — sarkardaning qizi, 20 larda. 
O’ l m a s  B o t i r — sarkarda, 50-55 larda.

O’lmas Botirning qo‘rgon boqchasida o‘rik daraxtlarining tagi. To‘rda — o‘rikzordan so‘ng olmazor, uning orqasida uzun-uzun so‘rtak (ishkom)lar. Ko‘klam boshlari: hamma daraxtlarning yaproqlari ko‘m-ko‘k, toza, gullar chaman-chaman bo‘lib ochilg‘onlar. Vaqt yarim kechaga yaqinlashgan, daraxtlarning orasidan oydinlik tushadir, yiroqlar sutdek oydin. Og‘ir va sirli bir jimlik.
Bir gilamcha, bir sher terisi — po‘stak bilan ikkita yastiq ko‘tarib P o‘ l a t chiqar, sodda — xizmatkorlarcha kiyingan. Belida yolg‘iz bog‘bon pichog‘i osilgan.

BIRINCHI MAJLIS

P o‘ l a t yolg‘iz

P o‘ l a t (uyoq-buyoqqa jalanglab qarab olgandan keyin hayron bo‘lib ko‘targan narsalarini sekingina yerga qo‘yar). Shu, shu! Qantak o‘rikning tagi degani shudir. «Tagida bir tup beli singon qari o‘rik bor» degan edi, (qarab) ha, shu, ammo, men bilmadimkim, yarim kechada bu taraq-turuq nima uchun va kim uchun bo‘lsa? Yo birorta nozik mehmon kelarmi ekan? (O’ylab.) Yo‘q, yo‘q, har qandoq nozik mehmon bo‘lsa ham hovuzning bo‘yiga joy qildirar edi. Yo Botirning o‘zi chiqarmi ekan? Uning uxlagali yotganiga qancha bo‘ldi-yu. Innaykin, Botir yarim kechalarda mundoq to‘polang qilib yurmaydi-da. (Qarab.) Ha, ana Qumri kelayotibdir. O’shandan so‘rayman, bu kichikkina, jikkak, qaqajon qiz o‘lgur, hamma narsani biladi. (Po‘lat kelgan tomondan Q u m r i kelib chiqadir.)

To'liq: Cho'lpon. Yorqinoy (drama) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.