OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Ismoil. Gitara (hikoya)

Rahmon – esini tanibdiki – rubob emas, tanbur emas, bo‘lmaganida dutor tugul, nuqul gitara o‘ynashni havas qilardi. Sezgan bo‘lsangiz kerak – chalish deganim yo‘q, o‘ynashni dedim. Rost-da, Rahmonning nazdida chalish – bu o‘zimizning ting‘ir-ting‘ir – tor bo‘lsin, chang bo‘lsin, nayu g‘ijjak deysizmi – bari yagona nag‘maga yopishib olib, uni kemirib bitkazmaguncha qo‘ymaslikdir. Gitarada o‘ynashni havas qilardisi esa – avvaliga barmoqlar astagina yo‘g‘on torlarni tebratar, ulardan uzoqdagi momoqaldiroqmi, to‘rt kishining g‘udur-g‘udurimi, taxayyulingiz miskinroq esa – chang bosgan daraxt shoxidan musichaning g‘ul-g‘ulimi yetishgandek bo‘lar, ko‘ngil endi bularga chalg‘ib eliy boshlaganida tovush tobora ingichkalashib nag‘maga yangi ohanglaru kuylar jilo-jilo qo‘shilar edi.
O’ristabiat ekan-da Rahmoningiz - deyishingiz mumkindir. Nevlay, menga qolsa ispantabiat dermidim. Durustki, Rahmonning o‘ziga qo‘yib bersangiz u ham o‘zini Rahmon emas, Ramon bilarmidi, ya’niki ivirsiq “h”ning salla-choponlariga o‘ralashgan emas, balki misoli toreadormi-matadorning boshdan oyoq tugmalangan askarnamo libosidagi so‘takkina Ramonning o‘zginasi edi. Ustiga ustak o‘zbek bolasidek dumini likkilatgan tirraqi sigirga ergashgan mishiqi cho‘pon emas, hayhot bedov buqaga jang maydonida qarshi chiqqan ana o‘sha qilichboz ispan kabalerolariga mengzatardi u o‘z-o‘zini. O’tkir muguzga qarshi tezkor xanjarini shaylab, kezi kelganida uni sopigacha buqaning bukur gardaniga botiradigan botir edi orzularida bizning Ramon-Rahmon.
Rahmonning ichiga kirib borgan ekanmiz, unda boshqa Rahmon – marhum shoir Shavkat Rahmonning Xuan Ramon Ximenesu, Garsia Lorkayu, Rafael Alberti she’riyatidan tarjimalariga ixlosmandlik borligini ham aytmasak bo‘lmas. Ayniqsa Lorkaning manavi she’ridan bir parcha tinglab boqing-a, shu she’r ila Ramonga aylangan Rahmonning fe’li-huyi debochasini tugatsak-da bo‘laveradi.

Antonito Torres Erreda,
Kamboroning jo‘mard o‘g‘li,
Chiviq o‘ynab Sevillaga
Korridani ko‘rmoq bo‘lib
Borar, yashil oydan hatto
Qoramag‘iz, xushro‘y, daroz.
Jingalaksoch halqalari
Manglayida yarqirar soz...

Ana endi kunlarning birida Rahmon axir gitara sotib oldi. O’sha kuni SUMdan qaytib shahar chekasidagi bir xonalik kvartirasiga gitarasi bilan kirib borsa, u yerda endigina Jizzax dashtidan kelgan qadrdon do‘sti Seryoja Min o‘tiribdi. Otidan bilgan bo‘lsangiz kerak, Seryoja Min karislardan, biroq karis bo‘lganida ham Rahmonimiz ta’biri bo‘yicha “Siroj Amin”dek karislardan, ya’ni qaddi-qomati barvasta, ovozi yo‘g‘on, qoshi-ko‘zi shunqor-viqor. Uni ko‘rgan odam ham karis tugul, jilla qursa meksikan Serxio demasdan qo‘ymaydi. Jismi ismiga monand - bo‘lsin Siroj Amin, bo‘lsin Serxio - Seryoja Min yangi gitarani qo‘liga olib shunday sayratdiki, boyagi yiroqdagi momoqaldiroq - huddi yashinu yildirimga, to‘rt erkakning g‘udurlashi – “Kino” guruhining “Peremen, m? xotim peremen” ashulasiga, chang ko‘chadagi musichaning qashshoq sasi esa yana bir ko‘rkam karis – Viktor Soyning bexonishu qochirimsiz do‘rrildoq dovushiga aylandi. Qani endi Rahmonning o‘zi ham Serxioga jo‘r bo‘lib barmoqlari ila makkajo‘xori uqalagandek gitara simlariga ajib tovushlar donini sepa olsa... Bir kunmas bir kun albatta...
Hozircha esa u do‘stining uzun sochlariyu, qop-qora qayrilma qoshlari ostidagi nimyumuq ko‘zlariga boqib mahliyo bo‘lib o‘tiradi...

Suv tagida ohista
So‘zlar suzar sochila,
Qushlar va alangalar
Aylanar suv sochida.
Qanday xato bo‘lganin
Faqat bilar qamishzor,
Og‘ochtan gitaraning
Tushi bodsiz, beozor...

Musiqadan so‘ng ular “Vena”chasiga olib qahva pishirishdi, qahva ichiga Kuba romidan tomizib buning gashtini surishdi, Seryoja Min cho‘ldagi ekskavatorchilar hayotidan so‘zladi, Rahmon bu orada o‘qigan kitoblaridan aytdi, so‘ng ikkisi varang‘latib “Akkord” degan plastinka o‘ynatg‘ichida “Rolling Stounz”ning “Satisfekshn” ashulasini tinglashdi.
Bir payt Rahmon soatiga qarasa  - ishga chiqadigan vaqti kelibdi. U o‘rtog‘idan yana bir bor gitarada u-bu narsa o‘ynab berishni iltimos qildiyu, yana Serxioning epchil barmoqlariyu, gitara ustida engashganidan uzun sochlarga burkangan yuziga tikilib o‘tirdi. Keyin omin-oblo qilib o‘t o‘chirish stantsiyasida texnik yordamchi sifatidagi navbatchilik ishiga jo‘nadi. Serxio esa odatdagidek uning uyida yolg‘iz o‘zi yotib qoladigan bo‘ldi.

Navbatchilik o‘sha tun osoyishta o‘tdi. Bironta uy yongani yo‘q, balki kechasi bilan shahar ustida bulutlar to‘planib ora-chura yomg‘ir sepilganidanmi, yo havoning avzoi buzulib insonlarning lanjligidanmi, qaydam, xullasi tuni bo‘yi Rahmon o‘zining bosh navbatchisi bilan shatranj surib chiqdi. Ertalab navbatini topshirib uyiga qaytsa Seryoja Min polga bir ko‘rpani yoyib, ikkinchi ko‘rpaga burkanganicha dong qotib yotibdi. Rahmon ham do‘stini bezovta qilganicha yo‘q-da, yechinar-echinmas ko‘rpa ostiga sho‘ng‘idi. Ertalabki uyqu shirin emasmi, deraza ortida yomg‘ir yog‘dimi, momoqaldiroq gumburladimi, aravalar g‘ichirlab tosh yo‘llardan suv tashishdimi, ho‘l chumchuqlar  yetimlarcha chug‘urlashdimi – Rahmonning pahmoq tushiga bularning bari o‘z qo‘lidagi gitarayu, Siroj Aminning unga mo‘ltirab boqib o‘tirishidek kirdi.

Yashil, seni suydim, yashil.
Yashil shamol. Yashil shoxlar.
Mana, ikki oshna yotar.
Olib kelar bod yiroqdan –
Og‘izlarda ta’mi qolar
Shuvoq, erman va yalpizning...

Peshinga borib uyg‘onsa – ko‘rpa ostida bir o‘zi. Oshnasi esa oshxonada qahva damlab idish-tovoqlarni yig‘ishtirgan. Apil-tapil kiyinib ikkisi yana qahvaxo‘rlik qilishdi. Kubaning romiyu, qahvaning Venacha ko‘pikli uslubi parishon uyqularni tarqatdi. Rahmon do‘sti Seryojaga yuzlana Ramonning Serxioga so‘zini qildi:
- Og‘ayni, gitarani qo‘lingga ol, Lorka aytmish: “Tunlar malak Jabroilni gitaralar olqab qolar...”
- Gitarang yo‘q, - dedi banogoh Serxio.
- Nima? – tushunmadi Ramon.
- Gitarang yo‘q, - qaytardi Serxio. – Eskishaharlik tog‘ang bor ekanku, ana o‘sha olib ketdi.
- Qaysi?! – deya, nojo‘ya tarzda qichqirib yubordi Ramon. Aslida u “qachon?” deb qichqirmoqchi edi, biroq ovozining jo‘jaxo‘rozligidan o‘zi seskanib:
- Qachon? – deya ohangini pasaytirdi.
- Kechasi soat o‘n birlarda kirib keldi. Avvaliga binoyidek gaplashib o‘tirdi, bir payt esa yotib qolamanga tushdi. Mayling, deb balkonga joy solib bergan edim, bir zum o‘tmay “Sovqotdim” – deya ko‘rpam ichiga kirib keldi. Qarasam, menga... yopishyapti... Xullasi, tog‘ang bo‘lishiga qaramay, haydadim. U esa: “Menga Rahmon gitarani olishni aytdi” – deb, gitarani olib ketdi, - deb ichini to‘kdi Serxio.
Biloshak Rahmon Ramonligini unutib, garang bo‘lib qotdi. Tog‘asining tog‘aliginimi, hezalakliginimi, yolg‘onini yo o‘g‘riligini aytsin?! Yo jonajon do‘sti oldidagi sharmandagarchiliginimi?! Garangligi mayliya, ustiga gung ham bo‘ldi chamasi: “Mayli, men hozir...” – demoqchi esa, qancha tirishmasin – soqovlarcha g‘udranishdan ayri biror tovush og‘zidan chiqmaydi... Qo‘lini siltaganicha, Serxioni uyda qoldirib, o‘zini ho‘l ko‘chaga otdi o‘shanda Rahmonligiga do‘ngan Ramon.

Eski shaharga ketaversin-chi Rahmon, biz esak gitaraning bir baland, bir past nag‘masidan qolmaylik. Simlarning ajabtovur ohanglariga yog‘ayotgan yomg‘irning shamol qo‘lidagi tarang iplariyu, tramvayning temir izlardan taqir-tuqur yurishi, xapriqqan yurakning dupur-dupuriyu, toshoynada qotib qolgan aksning bemajolligi ulashib ketsin. Onda-sonda ingichka simlar ko‘ngil asabidek ingrab-singrab qo‘yadi...
Go‘yoki tunda o‘t olmagan olam endi o‘rtanib-o‘rtanib yonmoqda. Rahmon esa bu o‘tni o‘chirishga yo‘llangan navbatchi yanglig‘ shaharning bir chekasidan boshqa chekasiga entikkandek...
Axir, tramvayni trolleybusga, trolleybusni avtobusga almashtirib, Rahmonimiz eski shaharning Qumlog‘iyu, Qorasaroyiga yetib bordi. Bir boqishda uning Ramonligidan zarracha ham qolgani yo‘q: janggohda otini xachirga, xachirini eshakka almashtiradimi kabalero degani?! Tramvayning o‘tinch bilmas izlarida kattaxolasiningu tog‘asining loy uylarini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagudek edi u. Biroq boshqa yondan uning o‘chkor shahdi tobora charxlanib, kabalero emas, yerga oyoq bosgan matador kabi, bir qo‘lida alvon-alvon hilpiragan qahriyu, ikkinchi qo‘lida nashtardek keskir qasos shamshiri uni Ramonsimon olg‘a chorlardi:

Kiftlarida shomni sudrab,
Ufqqa asta qaytadi kun
Torreroday po‘shin yoyib,
Qora tortar bahrul ochun.
Zaytunlar jad nafasini
Sabot bilan kutar hamon.
Ruh tog‘lardan yetib kelar
Yo‘rg‘a otni mingan shamol...

Mana tanish torko‘cha, mana tambalanmagan baland bo‘sag‘ali eshik, mana kattaxolasining uyi tomon tosh yo‘lakcha... Ramonni shu to‘g‘ri yo‘lakchada shahdidan qo‘ymaylik-da, o‘zimiz yashiq nafasimizni rostlab olish uchun yarim og‘iz Rahmonjonning kattaxolasidan aytaylik.
Qandolat-xolasinikida Rahmonjon yozlari tunka tomlarda tut terib, qishlari sandalidagi qorako‘mir isidan elib, kezi kelganda to‘ylardan qaytgan xolvaytaru popukqandlardan tatib, kezi kelmaganida esa quloqlari xolasining ombirdek “burama qandlaridan” qaqshab ulg‘aygan demayligu, bolaligining achchiq-chuchuk damlarini o‘tkazgan. Qandolat-xolasining o‘g‘li To‘lavoy bilan esa Rahmonjon vaqti-bevaqt bir ko‘rpa ostida o‘g‘il bolalarning bori sho‘xliklarini qilib, ketma-ket katta bo‘lishgan.
Bir kuni esa, “etimcham” deya, Qandolat-xolasi Rahmonjonga buvisi olib bermagan qinli-sopli o‘yinchoq qilichni qozoqlarning Yangibozoridan olib kelgan. Ana o‘shanda Rahmonjon og‘ilxonaga kirib olib, televizorlarda ko‘rganidek – bir qo‘lida ol-ol pioner galstugi, boshqa qo‘lida boyagi alyumin qilich – nimshabda hayron sigiriniyu, uning hali muguzi chiqmagan buzog‘ini zoedan zoe jangga chorlagan. Axir shohi galstugiga sigir dumining shaltog‘lari yuqib, yumshoq alyumindan yasalgan qilichi yuz egilib-qiyshayib qiniga kirmas holatga kelganida, Rahmonjon sassiq og‘ildan tashqari chiqib kelgan...

Mayli-da, biroz alahsib oldik. Ana endi Ramon ketidan Qandolat-xolasining dahlizidagi janggohga kirib boraversak ham bo‘ladi. Hovlida, aksiga olib, shig‘g‘ilagan yomg‘ir hech tinmaydi. Shaharda zambaraklar otyaptimi, yo atrof-yalangda eski mahallalarni buzayotgan ulkan gurzilarning do‘p-do‘p ovozimi bu, baharhol momoqaldiroq bunday ezma yomg‘irga hamdam bo‘lmasa kerak...
Devor ortida ko‘chada kimdir hayallagan bolasini chaqirish bilan ovora. Orada uchta-to‘rtta mayna bu shovqinni masxara qilgandek bo‘ladi. Ramon eshikni beiltifot ochib, kattaxolasining nimqorong‘u dahliziga kirib boradi.
Kattaxolasi ko‘rpa qavab o‘tirgan ekanmi, yumaloq shishali ko‘zoynagi ustidan unga taajubda boqadi. Ramon salomini nas’yaga bergandek, darrov gapining po‘stikallasiga o‘tadi.
- Bilasizmi, - deydi u o‘zini tutolmasdan, - o‘g‘lingiz... o‘g‘lingiz... – U nima deyishini bilmasdan tutunganida, odatda:
- Saloming bo‘lmaganida ikki yamlab bir yutardim, - deydigan xolasi yuvvoshgina:
- Ke, bolam, tuzuvmisan, tinchliymi o‘zi? – deb, ro‘parasiga imo qiladi. – Toliqqan ko‘rinasan, u-bu joyga o‘t ketiptimi?
- Ha, o‘t ketipti! – deya, kesatqi aralash jerkiydi shunda Ramon. – Bo‘ldi, bo‘ladigani bo‘ldi, - deb o‘ylaydi u ichida. Odatda bo‘sh qo‘l bilan kirmasdim, yo‘q deganda yarim kilo oqqand ko‘tarib kirardim, endi buyog‘iga oramiz ochiq!
- Hay-hay, - ko‘zini ko‘rpa avrasidan uzmay bosh chayqaydi Qandolat-xolasi. – O’shqirvotsanmi, bola?! – ajablanadi u.
- Bilasizmi, o‘g‘liyz... o‘g‘liyz... hezalagakan! Kechasi uyimdagi oshnamga yopishipti... Jo‘ram uni haydapti. Mani gitarammi opketipti. Qani gitaram? – deb bir hovuch ichini sochadi Rahmon.

Ko‘chada, naqd tom tepasida momoqaldiroq gumburladi. Yo boyagi ko‘chada hayallagan tirmizak otasiga zarda qilib bularning tunuka tomiga toshmi, to‘pmi otdi, biroq yer yorilmadi, osmon o‘pirilmadi. Bolalagida bunday to‘plarni bigizi bilan “pish” teshadigan Qandolat-xolasi ham ko‘rpani tizzalarida bir siltadi-da, qavashini davom etarkan:
- O’zing tuzuvmisan? – deb, xuddi uning hol-ahvol so‘rashiga javob bergandek bo‘ldi.
- Ha, rahmat, - dediyu, bexosdan Rahmon tilini tishladi.
- Oshnang haligi alvastiga o‘xshagan chulchutmidi? – deb, horg‘in alfozda davom etdi xolasi.
- Chulchutmas, karis!
- Ha, bir go‘r-te... O’shaningga diysanmi...
- Gitaram qani?! – deb seskandi Ramon.
- Nima matohakan gitor diganing o‘zi?
- Matohmas, gitara... O’ynashadi unda! – ensasi qota boshladi Ramonning.
- O’ynashingni matohimi? – eshitmaganga olib ignasini ko‘rpaga sanchdi Qandolat-xola.
- Qanaqa o‘ynash... Gitara bu cholg‘u, bilasizmi, cholg‘u – rubob, tanbur, dutordaqa, lekin eng yaxshisi...
- Ha, ajibajining qo‘shtori disangchi, shumi?
Mazax qilyaptimi uni xolasi?! Yo o‘zlarini go‘llikka solyaptilarmi?
- Ozarbayjon tori emas, ispanlarning gitarasi...
- Boyagi chulchut oshnayni bir xili ekanda...
Tushunmayapti o‘xshaydi bu kampir.
- Xola, tushunvotsizmi o‘zi, o‘g‘liyz mani yo‘g‘ligimda uyimga kelib o‘rtog‘imga qichiq qipti... Kegin gitarammi ruxsatsiz opketipti...
- Vajohatingdan xotiniyni opqochip ketiptimi dippan...
- Qanaqa xotin?!
- Anuv chul...
- Xola, gitaram qani?!
Kampir ignasini oxirgi martta ko‘rpaga sanchdi-da, ipini tugunga bog‘lab, qolganini yon tishida uzdi, so‘ng yana g‘ildirak  ko‘zoynagi ustidan mo‘ralab:
- Akang sanikiga boriptita. Kecha dalaga ketadigan kuniydi. O’shandan dalaga chiqip ketkan bo‘sa keraydirta... – dedi. – Uch oylada qaytamiz duvdi. Bilasanu, tog‘u-toshta giyo terip, domlalariminan chodir-chodir qib achom-achom yotishadi... O’shatka opketkan bo‘sa kerayta matohiyni...

O’shanda xayr yo‘q, ma’zur yo‘q, Rahmon kattaxolasinikidan ammamning buzog‘idek shalvirab chiqdi. Nimaga kelgan ekan u shaharni kesib bu somonshuvoq xonadonga? Shikoyatini kattaxolasiga qilganimi? Yo tog‘asini bir o‘zini tutib olib ikki muguzi orasiga shamshirini tiqmoqchimidi? Na o‘chini oldi, na gitarasani...
Yomg‘ir ham tugab bo‘lgan, osmonda bulamiqdek bir besaranjomlik, oq bulut ustida qorasi, ularning orasida esa tanburdek uzun torlarini chertib quyosh ko‘rinib qo‘yadi. Besarishtalik. Devorlar ortidan cholg‘ularining bori bir ting‘ir-ting‘irga sozlangan chorvadorlar uchun yagona nag‘ma taraladi. Bu degani soat bir ham bo‘libdi. Boyagi hayallagan jinqarcha novvosini sudrab, ko‘chaning qarshi tarafidagi mozorboshi o‘tlog‘idan qaytib kelyapti.  Novvos ma’rab-ma’rab torko‘cha boshidagi oqib yotgan jumrakni ko‘radiyu, birdaniga shataloq otib suv tomon chopadi-da, shiliq etib jumrak o‘ngida tiz cho‘kadi. Suv bo‘yida o‘tirgan namiqqan zag‘izg‘on esa uchishga ham majoli yetmay, hakkalab-hakkalab o‘zini panaga oladi.
Rahmon uyiga qaytay desa, Seryoja Min ham uni kutishdan charchab, o‘zining Jizzax cho‘liga ketvorgandir. Unday desa, Serxiosini ham ko‘rgisi kelmaydi shu topda Ramonning...

Y-o‘-q-o-l-g-a-n gitara torlarining o‘zgaruvchan, bevafoyu behuda termalari...  

Suv tagida ohista
So‘zlar suzar sochila,
Qushlar va alangalar
Aylanar suv sochida.
Qanday xato bo‘lganin
Faqat bilar qamishzor,
Og‘ochtan gitaraning
Tushi bodsiz, beozor...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.