OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Kafil bo‘lma, xotin (hajviya)

Qo‘rg‘onboy To‘lg‘anboev savobtalab odam. Kunu tun birovning mushkulini oson qilishni o‘ylaydi. Birov qarz oladimi, ishga joylashadimi, Qo‘rg‘onboy kafil. Unga iltijo qilgan mo‘minning yumushi bitmay qolmaydi.
Tunov kun kotiba damlagan choyni miriqib ichib o‘tirsa, Zunnunboy kelib qoldi.
— Assalomu alaykum, xo‘jayin!
— Kel, kel... Ko‘p yaltoqlanavermay, kelaver!
— Hurmatingiz baland-da, aka!
— Xo‘sh, xo‘sh, qani o‘tir! Nima darding bor?
— Xo‘jayin, “zapravka”ni tekshiruvchilar bosdi.
— Bossa, senga nima?
— Vo‘y, bu nima deganiyiz, akaxon, bossa, meniyam uyim kuyadi-ku!
— E, qopqonga sen ham tushdingmi?
— Tushgandayam, o‘pqonga tushdim, xo‘jayin! Agar kafil bo‘lmasayiz...
— O, bu juda og‘ir masala, qaltis ish.
— Bilaman, xo‘jayin, bilaman. Bir harakat qiling, sizga atalgani manovi diplomatda...
Qo‘rg‘onboy To‘lg‘anboev bir lahza o‘ylanib qoldi. So‘ng diplomatni ochdi. Ochdi-yu, yuziga qizillik yugurdi. So‘ng... kaftlarini bir-biriga “qars” etib urdi-da, telefonga yopishdi. Go‘shakni ko‘tarib, kimgadir yalindi, yolbordi, o‘lguday yaltoqlandi. Oxiri muddaoga yetdi. Dimog‘i chog‘ bo‘lib, divanga yastandi. “Eh, xayriyat, ko‘ndi-ya, bu qaltis ish ham xamirdan qil sug‘urganday oson bitdi”.
Kechki payt xushkayfiyat bilan ishdan qaytaman deb tursa, xolavachchasining tutingan o‘g‘li eshik qoqib kirib qoldi. Kam bo‘lmagur, o‘ta halim, kamtar yigit-da!
— Qo‘rg‘onboy aka! — deb gap boshladi mehmon siniq ohangda. — Kafillikka olmasangiz, holim xarob...
— Tag‘in ne falokat? — jiddiy so‘radi To‘lg‘anboev.
— Bozorga yangi bozorqo‘m keldi...
— Ha, ha, eshituvdim.
— Meni pattachilikdan haydadi. O‘g‘ri, muttaham emishman...
— O‘h-ho‘! Juda chatoq-ku!
— Shu vajdan sizday vallomatimizga yukunib keldim-da! Jon aka, oraga tushing. Kafil bo‘ling!
— O, bu nihoyatda mushkul! Eplab bo‘larmikin?
— Ey, siz eplaysiz, eplaysiz... Ha, aytgancha, uyingizga ikki bo‘rdoqini... Xamir uchidan patir. Bir harakat qiling.
Qo‘rg‘onboy uyiga to‘lib-toshib qaytdi. Quvonchining zo‘ridan bolalariga sovg‘a oldi. Nega olmasin, qarmog‘iga bir yo‘la ikkita “laqqa” ilindi-da.
Pichog‘i moyga botgan To‘lg‘anboev ovqat mahal oqidan otib, “to‘lishvoldi”. So‘ng o‘g‘ilchasi bilan holdan toyguncha “ot mindi” o‘ynadi. Keyin divanga suyangancha ko‘zi ilindi. Bir payt uyni buzgudek xurrak otayotgan odam “dodd!” deb qichqirsa bo‘ladimi?! Hamma yugurib keldi.
Tush o‘lsin-a, tush o‘lsin! To‘lg‘anboevning aytishicha, yuziga niqob kiygan ikki kishi bostirib kiribdi. Birida yaltiragan shamshir, birida qo‘sh og‘izli miltiq. Shamshir tutgani debdi: “Uchiga chiqqan firibgar, poraxo‘r To‘lg‘anboev senmisan?! Hali senmi, o‘g‘ri, muttahamlar uchun nuramas tog‘, o‘q o‘tmas qalqon?! Seni tilka-pora qilaman! Kallangni sapchaday uzaman!” Ikkinchi niqobli vajohat bilan dermish: “Bu pastkashni tepkilab o‘ldiramiz! Tepkilab!!!”
Niqoblilar Qo‘rg‘onboyni shunchalik zarb bilan tepibdilarki, devorga yopishib qolibdi...
To‘shakda qo‘l-oyog‘i shalvirab yotarkan, xotiniga pichirladi:
— Jon xotin, men-ku tavba qildim, ammo sen ham birovga kafil bo‘lma...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.