OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Bashorat (hikoya)

Ola qarg‘a qag‘ etadi, 
O’z vaqtini chog‘ etadi.
Maqol


Nikolay zamonida mayiz qimmat, ko‘knor arzon edi, hozirgi zamonda mayiz arzon, ko‘knor qahat. Esizgina o‘sha vaqtda chala siqib tashlangan ko‘knorlar!
Mulla Said Jalolxon shuni ko‘nglidan o‘tkazib devorga suyandi va ko‘zlarini yumdi; burniga qo‘ngan pashshani qo‘lidagi ro‘molcha bilan qo‘rish malol keldi shekilli, ostki labini cho‘zib "puf!" dedi. Pashsha ko‘tarildi, ammo shu ovdayoq uning labiga qo‘ndi. Said Jalolxon sekin labini qimtib pashshani oyog‘idan qisib oldi. Tuzoqqa tushgan bu dilozorni ushlab, ikki barmoq orasida aylantirib tashlash qasdida ko‘tarilgan qo‘l to labiga kelguncha, la’nati pashsha oyog‘ini sug‘urib qochdi. Said Jalolxonning achchig‘i keldi: yo‘q yerdan ko‘knor topib, kayf qilib o‘tirganda bu nimasi!
Insof yuzasidan aytganda, pashsha yaramas maxluq: quyib qo‘yilgan choyga tushib tarvayib yotadi, mayiz talashadi, pokiza qilib suzib qo‘yilgan ko‘knordan qanoti chiqadi. Qanotini ko‘knorga tashlab o‘zi qayoqqa ketadi deng!
Xayol kayfni o‘g‘irlagan pashshani qidirib ketdi.
Uyda g‘ij-g‘ij bo‘lib yotgan bu pashshalarning qaysi biri o‘sha? Said Jalolxon darhol eshikni yopib, uzun supurgini qo‘liga oldi. U, supurgini ko‘tarishi bilan hamma pashsha g‘ing‘illashib, bir yerga to‘plandi va bir kirpi holiga keldi. Kirpi qanot chiqardi, katta bir pashshaga aylandi-da, oldingi oyoqlari uzra turib Said Jalolxonga qaradi va g‘ing‘illadi:
—    Shoshma, sening orqangda qancha mo‘min namoz o‘qiydi, xudoning maxluqiga ozor bergani nechuk hadding sig‘adi?
—    Qandoq maxluqsan o‘zing?- dedi Said Jalolxon supurgini yelkasiga qo‘yib.
—    Pashshalarning shohi bo‘laman.
—    Shoh bo‘lsang, sabab o‘g‘irlik qilgan fuqarolaringni tergamaysan?
—    Sening soqolingga tekkan bir qatra shira mening barcha fuqarolarimga bir kunlik ovqat bo‘ladi, qandoq qilib sen shuni o‘g‘irlik deysan? Nimangni o‘g‘irladi?
—    Kayfimni o‘g‘irladi! Ne mashaqqatlar bilan ko‘knor topib kayf qilib o‘tirganimda burnimga va labimga qo‘ndi. Shuning uchun sendan qasos olaman: qanotingni yulib tashlayman.
Pashshalar shohi yalindi, yolvordi. Said Jalolxon ko‘nmadi. Oxiri ikkovi murosaga keldi: shoh unga qanot beradigan, u uchib yurib, gunohkor pashshani o‘zi topadigan bo‘ldi. Shoh keyingi oyoklari bilan qanotining ustini siladi, oldingi oyoqlarini bir-biriga ishqadi, keyin g‘ing‘illadi. Said Jalolxon xuddi baland yerdan o‘zini tashlaganday, yuragi "shuv" etib, qanotchiqardi va uchdi; shu uchganicha necha zamonlar qidirib, gunohkor pashshani qir etagida o‘tlab yurgan bir eshakning yag‘iridan topdi. Pashsha jarohat atrofida oqsoqlanib yurar edi. Said Jalolxon bir qo‘l urib uni hovuchiga qamab oldi, so‘ngra darrov o‘ldirib qo‘ymaslik uchun, ehtiyot qilib bir qanotidan ushladi. Pashsha g‘ing‘illadi:
—    Labing bilan qisib bir oyog‘imni uzganing yetmasmidi, yana nima deysan?
—    Sen o‘g‘risan! Odam bo‘lganingda shar’an qo‘lingni kesish lozim bo‘lar edi. Qanotingni yulib tashlayman!
Pashsha yalindi-yolvordi — bo‘lmadi. Oxiri ikkovi kelishdi.
Pashsha Said Jalolxonni ergashtirib bir biyobonga olib chiqdi. Biyobon somon, qum va toshbaqadan iborat edi. Pashshaning amri bilan Said Jalolxon bir toshbaqa va bir dona toshbaqaning tuxumidan oldi. Biyobonning allaqaeridan bir qozon topildi. Said Jalolxon pashshaning amri bilan tuxumni yerga qo‘yib, ustiga qozonni to‘ntardi va toshbaqani qo‘yib yubordi. Pashsha bir somon parchani ushlab qozonning qoqtepasiga qo‘nib turdi. Toshbaqa qozon atrofida aylana berdi, aylana berdi. Oxiri qozon yorilib chilparchin bo‘ldi, ammo hech qanday tovush chiqmadi. Toshbaqa bilan tuxum ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qozon yorilgan vaqtda allaqayoqqa borib tushgan pashsha, ushlab turgan somon parchasini keltirib Said Jalolxonga berdi va g‘ing‘illadi:
—    Mana shuni tering orasiga tiqsang, ko‘zdan g‘oyib bo‘lasan. Sen hammani ko‘rasan, seni hech kim ko‘rmaydi.
Qishloqda kimda qancha ko‘knor bo‘lsa hammasi seniki bo‘ladi.
Said Jalolxon darhol bir cho‘p bilan bilagini tirmalab, somon parchani terisi orasiga joyladi va qanday ko‘zdan g‘oyib bo‘layotganini ko‘rib turdi: boshlab kavshining uchi, so‘ngra birdaniga tizzasigacha oyog‘i ko‘rinmay qoldi...
Tamom ko‘zdan g‘oyib bo‘lganidan so‘ng Said Jalolxon tikka o‘zining ulfati mulla Shamsiddinning uyiga bordi. U eshik oldidagi supada, oldida bir g‘alvir mayiz, cho‘pini terib o‘tirgan edi. Said Jalolxon tovush chiqarmay uning yoniga borib o‘tirdi. Mulla Shamsiddin uni ko‘rmadi; g‘alvirga qo‘l solib bir changal mayiz oli — payqamadi.
Said Jalolxonga uning bir qadoqqa yaqin ko‘knorisi borligi ma’lum edi, shu ko‘knorini izlab uyga kirdi. Hujrada bir qadoq emas, bir lingcha ko‘knor bor ekan. Said Jalolxon ko‘knorining hammasini qo‘tarib jo‘nadi; uni hujrasiga qo‘yib yana ko‘p joylarga bordi, hatto yuk avtomobilining kapoti ustiga ayri minib shaharga ham tushib chiqdi. Hech qaerda bunday ulgurji g‘animat uchramadi. Said Jalolxon yiqqan ko‘knorini uyning o‘rtasiga to‘kib, qancha vaqtgacha yetishini mo‘ljallab ko‘rdi — olti oyga yetar ekan. Bu atrofda ko‘knor qolmadi-ku, olti oydan keyin nima bo‘ladi? Said Jalolxonni vahima bosdi.
Birdan uning esiga bir narsa tushdi: modomiki, uni hech kim ko‘rmas ekan, kolxoz raisining oldiga borib "bu yil paxta atrofiga ko‘knor ektirib berasan" desa nima qiladi? Said Jalolxonga bu fikr shuncha yoqdiki, aqli ko‘payib boshi kattaroq bo‘lganini sezdi.
Said Jalolxon tikka kolxoz idorasiga bordi. Rais o‘zi yakka qatiq ichib o‘tirgan ekan. Said Jalolxon har holda avval o‘zini bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi: qani, rais ko‘radimi, yo‘qmi?
—    Assalomu alaykum!— dedi raisga ro‘para bo‘lib.
Rais tovush qayoqdan kelganini bilmay alangladi, so‘ngra qo‘rqib, rangi o‘chdi-da, mo‘ylovida qolgan qatiq yuqini yengi bilan artib, sekin o‘rnidan turdi.
—    Qo‘rqma, qo‘rqma! — dedi Said Jalolxon dadillanib,— senga ham arz, ham farmon qilgali keldim: bu yil paxta atrofiga ko‘knor ektirasan.
Rais hushi yo‘q, javob berdi:
—    Majlis qilib o‘rtaga solish kerak...
—    Majlis qilasanmi, ma’raka qilasanmi, ertaga ish boshlamasang, kechasi uyingga kafanlik kiraman. Men arvoh bo‘laman!..
Rais rozi bo‘ldi. Said Jalolxon raisning oldidagi qatiqni qo‘shqulog‘i bilan olib chiqib ariqqa tashladi.
Shunda uning boshiga yana bir fikr keldi va bu fikrdan boshini yana ham kattaroq bo‘lgan his qildi: "Modomiki, paxta atrofiga ektirish qo‘limdan kelar ekan, nima uchun hamma yerga ko‘knor ektirmayman?"
Said Jalolxon qaytib kirdi, bor tovushi bilan baqirdi:
—    Hamma yerlaringga ko‘knor ektirasan!
Rais ko‘ndi. Said Jalolxon ketdi. Yo‘lda uning boshiga yana bir fikr keldi: "Raisga qilgan do‘qimni hukumatga qilsam, o‘zimni xon ko‘tara olmaymanmi?"
Bu fikrdan uning kallasi yana ham kattaroq bo‘lib, juda og‘irlashib ketdi. "Aql kallani bunday katta qilsa va bunday og‘ir bo‘lsa, - der edi u ichida,— Aflotunning o‘z ajali bilan o‘lganiga ishonmayman, uni albatta kallasi bosib o‘ldirgan".
U hujraga kirishi bilan birvarakayiga go‘yo qiyomat qo‘pdi. Ko‘chada yugur-yugur, shovqin, itlar vangillagan, tovuqlar qiyqillab qochgan; gursillab devorlar yiqiladi, sharaqlab daraxtlar qulaydi... Qandaydir bir xotin qichqirdi:
—    Kim ekan u, bizga ko‘knor ektiradigan!..
Bu tovush hammayoqni larzaga keltirdi. Hujraning devorlaridan chang yog‘di, tokchadagi mis lagan jangillab ketdi.
Said Jalolxon tezdan mulla Shamsiddinning oldiga bordi va o‘z terisi orasidagi somon parchasini sindirib yarmini unga berdi. Ikkovi dashtga chiqib baravariga na’ra tortdi. Ko‘z ochib yumguncha necha ming piyoda va suvori kishilar paydo bo‘ddi. Bularning hammasi kuloh kiygan va tug‘ ko‘targan edi. Ming-ming toshbaqa ming-ming qozon atrofida aylanib, ko‘zga ko‘rinmaydigan necha yuz ming lashkar bo‘ldi. Bu yerning o‘zida unga "Said Jalolxoni sohibqiron" deb nom berildi va xon ko‘taribdi. Mulla Shamsiddin unga vazir bo‘ldi.
Musulmonobod yo‘lida g‘azotni boshlash uchun hamma narsa tayyor, faqat yarog‘-aslaha yo‘q edi. Afg‘onistonga o‘tib ketgan ko‘r Shermatga Said Jalolxoni sohibqiron nomidan darhol noma yozildi. Nomaga javob ham keldi. Javobda ko‘r Shermat "necha ming sipohi bilan yo‘lga chiqdim, Sizga o‘z belimdagi shamshirimni yubordim", debdi.
Shunday qilib, ish borgan sari katta bo‘lar va ish kagta bo‘lgan sayin Said Jalolxonning kallasi og‘irlashar edi.
Xudo allaqaysi tog‘ning g‘orida "Qirarman"va "Yig‘arman" nomli ikki maxluqni Said Jalolxonning xon bo‘lishiga atab boqib yurgan ekan; yarim odam, yarim maymun kiyofasidagi bu ikki jonivor kelib xonga salom berdi va har qaysisi o‘z hunarini aytdi. Kirarman - ro‘para kelgan kishining kallasini uzib tashlar, Yig‘arman — kallasiz tanalarni sarjinga o‘xshatib taxlar yekan. Said Jalolxon ko‘p xursand bo‘ldi. U, qo‘zg‘algan qishloqni qilichdan kechirgani bu jonivorlarning yoniga necha ming so‘filardan qo‘shib berdi. Ular, dashtni changitib ketar ekan, orqalaridan Said Jalolxon qichqirib qoldi:
—    Qiringiz! Quritingiz! Ekindan ko‘knor, jon egasidan toshbaqa bilan pashsha qolsa, bas!
Bular ketgandan keyin Said Jalolxon gayratiga chidolmay shamshir sug‘urdi va havoda o‘ynatib, askarga farmon berdi:
—    Ot qo‘yingiz! G’azot! Qishloqqa ot qo‘yingiz!
Oldinda xon, ko‘rinmas askar quyunday borar edi. Banogoh Said Jalolxonning ko‘zi qarshidan ot qo‘yib kelayotgan mulla Shamsiddinga tushdi. Mulla Shamsiddin kelib otdan tushdi, xonning oyog‘ini o‘pdi.
—    Qishlokda askarlar bor. Yaqiniga borishning sira iloji yo‘q,- dedi.
Qishloq tomonda yana chang ko‘rindi. Yig‘arman kelar edi. U ham kelib otdan tushdi va xonning oyog‘ini o‘pib, zo‘r musibatdan darak berdi:
—    Qirarman shahid! — dedi.
Said Jalolxon ishongan tog‘i xususidagi bu xabarni eshitib oh tortdi va otdan yiqildi; boshi bilan tushdi, kimdir uning boshini juda ham katta va haddan tashqari og‘ir latta bilan bog‘ladi, shundan so‘ng hushidan ketdi.
Xon talay vaqtdan keyin hushiga kelib ko‘zini ochdi va o‘zini o‘z hujrasida ko‘rdi. Yonida vaziri mulla Shamsiddin cho‘kka tushib o‘tirar edi.
—    Nima bo‘ldi? Qani shamshir, qani ot?— dedi xon boshini ko‘tarib, ammo boshi shunday og‘rir ediki: yana yostiqqa qo‘ydi.
Mulla Shamsiddin ro‘molchasi bilan uni yelpib, yig‘lam-sirab dedi:
—    Axir, mulla Said Jalolxon, nega kishini qo‘rqitasiz? Nima? Shamshir nimasi? Qanaqa ot?
Said Jalolxon mulla Shamsiddinning yig‘lamsirashidan qishloqqa ketgan boshqalarni ham shahid bo‘ltan gumon qildi.
—    Hammasimi? Hech kim qolmadimi? Hozir xabar oldiring! Afg‘oniston yo‘liga kishi chiqaring!
Said Jalolxon o‘rnidan turgan edi, gandiraklab yiqildi. Mulla Shamsiddin kuyib-pishib hech qanday g‘azot, hech qanday askar yo‘qligini, uning ertalabdan beri shu yerda yotganini uqtira boshladi.
—    Ahmoq,— dedi xon achchig‘i kelib,— axir, men otdan yiqildim... Boshimning og‘rig‘i hali bosilgani yo‘q-ku! Nima uchun men seni ko‘rib turibman! Poshimning katta bo‘lganiga nima deysan?
—    Boshingiz katta bo‘lgani yo‘q, axir,— dedi mulla Shamsiddin jerkib,— men kelsam mana bu sabil mo‘ridan shamol toshko‘mir tutunini qaytarib, butun uy tutunga to‘lgan ekan. Xudo ko‘nglimga solib kelmasam, halok bo‘lar edingiz!
Said Jalolxon hamon ishonmas edi. U, devorlarni ushlab, tashqari chikdi; ikki kadam bosishi bilan yana yiqildi. Mulla Shamsiddin xizmat qilib, bir necha soatdan keyin arang uni o‘ziga keltirdi. Said Jalolxon butun boshdan kechir-ganlarini inqillay-inqillay hikoya qilib berdi.
—    Men sizning ko‘knoringizni olib kelgan edim,— dedi yana aynib.
—    Qanaqa ko‘knor?
Said Jalolxon yana o‘ziga kelib uh tortdi.
—    Bu bir bashorat,- dedi mulla Shamsiddin anchadan keyin.
Ertasiga ikki o‘rtoq musulmonobod qilish uchun toshbaqa izlab cho‘lga chiqib ketishdi.
1936

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.