OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Mehrobdan chayon (roman)

( Xudoyorxon va munshiylari hayotidan tarixiy ro‘mon)

Ro‘monning mavzu’i to‘g‘risida

Turkiston feodallarining keyingi vakili bo‘lg‘an Xudoyorning o‘z xohishi yo‘lida dehqon ommasi va mayda hunarmand — kosib sinfini qurbon qilishi, mamlakat xotin-qizlarini istagancha tasarruf etishi, bunga qarshi kelguchilar tilasa kim bo‘lmasin, rahmsiz jazo berishi ro‘monning mavzu’idir. Xudoyorning bu yo‘ldag‘i birinchi istinodgohi bo‘lg‘an ulamolar, ularning ichki-tashqi ahvoli, axloqi, madrasa va oila hayoti, ulamoda insoniy his bitkanligi va qolg‘ani ham xabosat[1] pardasi ostida sezilmas darajaga yetkanligi mundarija sig‘dirg‘an qadar bayon qilinadir. Bular ro‘monning nomarg‘ub — manfiy qahramonlari. Ikkinchi tarafda mazkur qora kuchlarga qarshi "tuban" sinf — kambag‘allar, ularning xonliq tuzilishiga, qora kuch — ulamo alayhiga chiqishi. Mehnatkash kambag‘allarning axloqi, sajiyasi, oilasi, turmishi va bir-biriga aloqasi, samimiyati.

Albatta, men bu so‘ng‘i marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar o‘z holicha olishqa tirishdim. Ularning xon va ulamoga qarshi isyoni tabi’iy — shar’iydir. Chunki shundan ortig‘o soxta bo‘lishi ustiga kitobning qadrini ham tushurar edi. Shu ikki sinf kurashini tasvir qilish vositasida xon harami, xotinlari, qirq qizlar, tarixiy va etno‘g‘rafiy lavhalar, o‘zbek hayoti, qiziqchilig‘i, tanqidchilig‘i, o‘zbek xotin-qizlari orasidag‘i iste’dod, shoiralar, azkiyachilik va boshqa yana ko‘b nuqtalarni qamrab olindi.

Ro‘monda yana bundan boshqa ko‘b jihatlar bor. Ularni bu yerda sanab o‘lturish hojat emas, ular muhtaram o‘qug‘uchining nazaridan qochib qutilmas.

Abdulla Qodiriy (Julqunboy)

Toshkand, 1928-nchi yil, 5 fevral

 

— Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi
Nasib o‘lmish menga gulshan aro gullarning — Ra’nosi.
(Mirzo)
 
Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin
Ne baxt Ra’no xaridoring talab ahlining — Mirzosi.
(Ra’no)

1. RA’NONING EGASI

Solih maxdum bu kun odatdan tashqari yeshilib ketdi, masjiddan chiqib to‘g‘ri qassobning oldig‘a bordi, bir tangalik go‘sht, sakkiz pullik piyoz olib havlisiga keldi. Maktabda husnixat mashq qilib o‘lturg‘uchi bolalar ichidan ikkitasini gulzorni supurib, suv sepishka buyurdi va o‘zi go‘shtni ko‘tarib ichkariga kirdi. 
Nigor oyim hozirg‘ina qizlarni ozod qo‘yub, ko‘krak bolasini bag‘rig‘a olg‘an edi. Ra’no havli yuzida ikkita ukasining o‘rtasig‘a tushib, ularning loy o‘yunig‘a ishtirok etar, yer supurib yotqan soch o‘rumlarining tuproqqa belashkanidan xabarsiz edi. 
Go‘sht ko‘tarib yo‘lakdan kirgan Solih maxdumning ko‘zi Ra’noning shu holiga tushdi: 
— Balli Ra’no, ana jinnilik! — dedi maxdum, — atlas ko‘ylak senga hayf, senga bo‘zdan boshqasi albatta hayf! 
Ra’no o‘rnidan turdi, dadasidan uyalib loyliq qo‘llarini orqasig‘a yashirdi. 
— Uyat emasmi, yuv oq’lingni, yuv! Ukalaringni bola desam, sen ulardan ham oshib tushasan! 
Ra’no yugurib ariqqa ketdi, Nigor oyim o‘lturgan joyidan “Ra’noning aqli tushsin” deb kulib qo‘ydi. Solih maxdum hanuz Ra’nodan koyib kelar edi: 
— Ishing bo‘lmasa kitob o‘qi, hustixat ol, sen kulolning qizi emassanki… 
Solih maxdum go‘shtni Nigor oyimning yonig‘a qo‘yub o‘zi zina bilan ayvonga chiqdi. 
Maxdum tomonidan Ra’noning tergalishi Nigor oyimni uncha mashg‘ul etmadi. Ammo hozir uning ko‘ngliga kelgan masala erining chiqim vajiga favqulodda yeshilib ketishi edi. To‘g‘ri, Nigor oyimning oshxonasig‘a shuningdek bir necha choraklab go‘shtlar ko‘b kelar edi, faqat eti tomonidan emas. Solih maxdumning jo‘mardlig‘i ko‘pincha yigirma paysa  etdan narig‘a oshmas, shunda ham bolalardan mo‘mayroq “ozodliq” kelib qolsa yoki “panjshanbalik” kutkandan ortig‘roq tushsa. 
Shuning uchun Nigor oyim bu jo‘mardliq haqini eriga beralmadi: 
— Go‘shni ko‘broq olibsizmi… Anvar buyurg‘anmidi? — deb so‘radi. 
— Yo‘q, — dedi maxdum sallasini qoziqqa ila-ila, — bir manti qilayliq, — dedim, — manti yeganimizga ko‘b bo‘ldi, vallohi a’lam… 
Ra’no yuvinib keldi, dadasiga uyat aralash bir qarab oldida, Nigor oyimning yonig‘a o‘lturdi va onasining bag‘rida emib yotqan chaqaloqning kichkina mimit qo‘llarini suyub o‘pdi. 
Solih maxdum yeshinib kelib ona-bolaning ustida to‘xtadi. 
— Sen mundane keyin kichkina bo‘lmaysan qizim, Ra’no, — dedi maxdum nasihatomuz, — shu ukalaring bilan qilib o‘lturgan ishingni kishi ko‘rsa nima deydi. Inshoolloh uy egasi bo‘lishg‘a yaqinlashib qolding. Endi tosh-tarozuni ham shunga qarab qo‘yishing kerak, qizim. 
Ra’no qizarinib onasig‘a qaradi, yana mimit qo‘lni o‘pishka mashg‘ul bo‘ldi. 
— Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha, — dedi Nigor oyim, — quyulmaydirg‘ang‘a o‘xshaydir. 
Bu so‘zdan Ra’no uyalib, boshini chaqaloqning bag‘rig‘a tiqib oldi. Solih maxdum kulimsigan ko‘yi dahlizga yurub bordi va oyog‘ini kafshiga uzatdi. 
— Tur, yotma Ra’no! – dedi dahlizdan, — go‘shtni onangg‘a to‘g‘rab ber, piyozni art! Anvar akang ham kelib qolar, taom asrga tayyor bo‘lsin! 
Ra’no dadasini uzog‘latib, boshini ko‘tardi, onasig‘a o‘pka aralash kulib qaradi. Uning bu qarashidan onasining boyag‘i so‘ziga qarshi rizosizliq onglashilmas, balki shodliq ma’nolari o‘qulur edi. Darhaqiqat, eru xotin oralarida o‘tkan ikki kalima so‘z shu oila gulshanida o‘skan Ra’noning istiqbolini ochiq belgilar edi. Nigor oyim “Ra’noni egasiga topshirmag‘uningizcha…” deb garchi bir muncha qo‘polroq ta’bir bilan bo‘lsa ham “Ra’noning egasi” borlig‘ini so‘zlar, Ra’no esa “egasi”ning kim ekanligini yaxshi bilgani va uni qanot qoqib qarshi olg‘ani uchun jodu ko‘zida rizosizliq emas surur ma’nolari o‘ynatar edi. 
Dadasining – “Anvar akan ham kelib qolar, taoming asrga tayyor bo‘lsin!” jumlasi Ra’noga yana ochiq, yana ravshan ta’minot berar edi… 

2. AMIR UMARXONNING KANIZI

Solih maxdum 1230-1290-nchi hijriy yillarda “Ho‘qandi firdavsmonand”da yashag‘an bir muallim va imom, o‘z zamonasining istilosi bilan aytkanda “maktabdor domla”dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub bo‘lib, bobosi Olimxon va Umarxon davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilg‘an, otasi ersa Qo‘qonning Madali (Muhammadali) xon madrasasida necha yillar mudarris bo‘lgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qoshida mumtoz va xalq nazarida “sharaflik va muhtaram” mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Mamadalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidag‘ichadir: 
Turkiston xonlig‘i tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qo‘yadir. Kaniz yosh bo‘lg‘anlig‘i va balog‘atka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadir. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, boyag‘i kaniz qiz balog‘atka erishadir va bir husniga o‘n husn qo‘shulib otaning bolasi bo‘lg‘an Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladir. O‘z saroyida o‘skan bu qizni yosh xon hamisha ko‘z o‘ngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qarag‘anda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu go‘zalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusig‘a ko‘ndalang keladilar: 
“Otangiz, agarchandi kanizni o‘z nikohlariga olmag‘an bo‘lsalar ham va lekin balog‘atka erishkach olarmad deb niyat qilg‘anlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!” deydirlar. 
Madalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishg‘a majbur bo‘lib, ammo ikkinchi tarafdan o‘zining orzusig‘a qarshi borg‘an ulamoni sekin-sekin “ilmiy” ishlardan olib ular o‘rnig‘a yangilarini qo‘ya boshlaydir. O‘z orzusig‘a zamin hozirlag‘ach, bir necha yilni o‘tkazib, yana ulamog‘a shu to‘g‘rida fatvo so‘rab murojaat qiladir. Tabi’iy, yaqindag‘ina og‘zi oshqa yetkan yangi ulamolar o‘z valiyi ne’matlari bo‘lg‘an Madalixong‘a xiyonat qilmaydirlar-da: 
“Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir . Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan bo‘lsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘minin mazkurani xud nafslari  aqdi shar’iy  qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bissavob” deb fatvonomani “binni mufti marhum”, “binni mudarris marhum, “binni Ho‘qandiy marhum” – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon to‘y va tomoshalar bilan murod-maqsadig‘a yetadir… 
Kimlarning vositasi bilandir mazkura go‘zal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur) xong‘a yetib ul ham ilgaridan haligi kanizga g‘oyibona oshiq bo‘lg‘an edi. Ammo qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham kanizni ko‘lg‘a kirgizish fikrida bosh og‘ritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulog‘ig‘a bu xabari jonso‘z yetib dumog‘idan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini o‘z huzuriga chorlab, darg‘azab voqi’ani so‘zlaydir va ulardan darhol bir “fatvoyi bahaybat”ni talab qilg‘anida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadilarkim: 
“Bir jamoa mo‘minlarga amir bo‘lg‘an zotning vazifasi shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turg‘ay, ahkomi islomni kamokon  ijro qilg‘ay. Har bir amirikim arkoni islomdan zarracha yuz o‘gursa ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas sharirdir . Nauzanbillahkim Farg‘ona va Turkiston mamlakatining alhol  amiri bo‘lg‘an Muhammadalixon volidining mankuhasi , ya’ni volidai ayni va rizo‘isini  o‘z aqdig‘a olibdir, nauzanbillahi, nauzanbillahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom muttafaqun alayhi kofirdir. Kazolika  o‘shandog‘ murtadning qatli avvalo digar islom amirlariga va ba’d az barcha mo‘minlarga farzi ayndir!” 
Darvoqi’ “xolisona” bu fatvoga amir Bahodirxon “betarafona” qiymat berib, “din yo‘lida xolis bir jihodi akbar” deb jami’i qo‘shunlari bilan Farg‘ona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu “xolisona” jihodi Turkiston xonlig‘i tomonidan qanday muqovamatlarga  uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu to‘g‘rida bizning ishimiz yo‘qdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodirxon tomonidan qatl qilindi. Madalixong‘a fatvo yozib bergan Qo‘qon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar  va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon bo‘lsa Farg‘ona hukumatiga o‘z kishisini qo‘ydi, fathu nusrat bilan kanizni olib Buxorog‘a qaytdi. 
Maqsadg‘a kelsak Madalixong‘a fatvo yozib berishda ishtirok qilg‘an va Bahodir tomonidan hac urulg‘an ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulg‘andan so‘ng ko‘b yasholmadi, o‘ldi va shuning bilan bu oilaning burung‘i imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan so‘ng Turkiston taxtiga o‘lturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilg‘an ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud bo‘lib  qoldilar. 

3. MAXDUMNING UYLANISHI VA MAKTABDORLIG‘I

Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum bo‘lg‘andan so‘ng o‘zidan bir necha yosh kattaroq og‘asi Marg‘ilong‘a imom bo‘lib oilasi bilan ko‘chib ketdi. Solih maxdum onasi va o‘n olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qo‘qonda qo‘ldi. Birar joydan kelim bo‘lmag‘anliqdan bu oila ko‘b tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin to‘ydirarliq bir kasb izlashka majbur bo‘ldi. 
Albatta Solih maxdum og‘irroq kasbni uxda qilolmas, imoratka bo‘lsa soqoli chiqmag‘anliqdan yarolmas edi. Ko‘b ozor chekib nihoyat qorindosh-urug‘ va mahalla kishilarining kengashlari bilan o‘z uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-o‘nta bola yig‘di va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi. 
Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar o‘n besh-yigirmatadan narig‘a o‘tmay, “panjshanbalik” arang it azobi ro‘zg‘org‘a yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari bo‘lmag‘ani uchun har holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar. 
O‘g‘ul yigirmaga, qiz o‘n beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi bo‘lib qoladir. Shunga o‘xshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali go‘yo “dard ustiga chipqon” edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham o‘n sakkizga to‘ldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima to‘g‘risidan tashvish yo‘q, husn, odob, yumish, hammasidan ko‘ngil to‘q, bek bo‘lmasa – bekzoda, mudarris bo‘lmasa – mukarrir . 
Ammo maxdum masalasi bir oz mushkilroq edi: topish, tutish ma’lum, otasidan qolg‘ani faqat ichki-tashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim o‘z tirikligida maxdumning “boshini ikki” qilmasa, o‘zidan so‘ng uning uylana olishi amrimahol. Shuni ko‘zda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi bo‘ldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda bo‘lmoq uchun qizliq va o‘g‘ullik havlini uchratish va buning ustiga “naslu nasabda tekislik”, olinadirg‘an kelinning silliqina bo‘lishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sarg‘ayib o‘tdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak og‘rig‘ig‘a davo topilmay qolmas. Shunga o‘xshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi: 
Xon o‘rdasining mutavaffo  mirzolaridan bittasining madrasada o‘qub yurg‘an o‘g‘li bor edi va uyida chaqich chaynab o‘lturgan o‘n olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat qabul etdi. Chunki “o‘xshatmay uchratmas” degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz ko‘rgali borib ul ham “qizi jajjigina ekan” deb keldi. Kuyavlar ko‘rulib ular ham zararsiz topildilar. Shartu sharoit so‘zlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yo‘q, har kim o‘z ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni o‘rab-chirmab oladir, vassalom. 
“Hay etti, huy etti, ikki koski to‘y etti” deganlaridek har ikki to‘y ham bir hafta ichida o‘tti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq bo‘ldi. 
Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab bir oz jonlang‘an, bolalar ham o‘ttuz-qirqqa yetkan edilar. 
Solih maxdum o‘ttuz yoshlarg‘a borg‘anda maktabdorlig‘i ham yaxshig‘ina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilg‘anliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Maxdum yolg‘in shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib “otin bibi” qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabog‘ig‘a yig‘iladirlar. Qisqasi, maxdum maktabdorliqda yaxshi shuhrat qozong‘anidek, uy-ro‘zg‘orini, yurish-turish, kiyim-solim va boshqa taraflarini ham tuzatib oladir. 
Qirq yoshlarida mahallaga imom bo‘ladir va maktabini yana ham kengaytirib shu dahaning har bir tabaqasi ichida “ustoz mulla Solih maxdum” bo‘lib taniladir. Masalan, o‘zida savod chiqarg‘an kosib, savdogar, mullabachcha (madrasa talabasi) va shuningdek yangi bo‘g‘imlarg‘a ustozlik unvonini oladir. Hatto keyingi vaqtlarda uning shogirdlaridan xon o‘rdasigacha borib kirganlari bordirkim, maxdumning bu muvaffaqiyatini boshqa boblarimizda o‘qursiz. 

4. MAXDUMNING BA’ZI XISLATLARI

Yuqoridan o‘qug‘uchig‘a bir daraja onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning maxdumning kelimi shahar yoki qishloq so‘rab turg‘an bir bekcha bo‘lasa-da, undan quyiroq, har holda shahar madrasasida darsto‘lik qilib, vaqfni o‘z qabzig‘a  olg‘an bir mudarrisning tushimidan albatta ko‘b. Kelimning shu yo‘sun yaxshi bo‘lishig‘a qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab bo‘lmaydirg‘an xususiyatlar bor: xasislikka o‘xshag‘an holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli… 
Yosh chog‘ida otasi o‘lib, qattig‘chiliqda o‘sdi, uning ba’zi yarashmag‘an harakatlari balki o‘sha qattig‘chiliqning ruhka singib qolg‘an yomon ta’siridir. Har holda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va bo‘hton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamitmay o‘qug‘uchig‘a butun taqdim eta bilishdir. 
Oyni etak bilan yashirib bo‘lmaydir. Maxdumning xasislikka o‘xshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmag‘an yillarda bu ishni yo‘qliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’aida bir muncha xasislik bor ekan, deymiz. 
Ko‘ylak-ishtonning aksar yetti-sakkiz joyidan yamog‘i bo‘ladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan sayin alak guppining yengi o‘zgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan-yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zo‘ri bilan tog‘orag‘a tushib cho‘mildi. Bu kunda bo‘lsa to‘rt yil burung‘i g‘usli, yetti yillik tusi, turlik-turlik yamog‘i bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasig‘a sodiqona xizmat qilish uchun bo‘g‘joma ichida o‘ziga kuch yig‘ib yotadir. Mahalla kishilari maxdumning bu choponig‘a “moltopar” deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilg‘an kun maxdumga sezdirmay “moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana o‘n yillingmi, Mamarayim!” deb kulishadirlar. 
Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qo‘nji bir qarichg‘a kelgan aybaki  maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi ko‘tarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining ko‘blariga ma’lum bo‘lmag‘an, harchand ehtiyon qilinsa ham necha joyidan popiltirig‘i osilg‘an oq-bo‘z salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va to‘ylardagina kiyilardirgan banoras to‘ni, sovuq qattig‘roq bo‘lg‘anda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras to‘nni “zarurat” deb atag‘an bo‘lsalar ham, adras guppiga hali nom qo‘yg‘uncha yo‘qlar, chunki buning dunyog‘a kelganiga faqat to‘rt-besh yilgina bo‘lg‘andir. 
Kezi kelganda maxdumning yozlik kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik: yo‘lluq, qizil qalami bo‘zdan yaxtak, oq bo‘zdan jihak yoqaliq keng ko‘ylak (chunki tor bo‘lsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sag‘ri  kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta. 

5. OILA VA KISHILAR BILAN MUOMALA

Maxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan o‘zi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat to‘g‘rilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarig‘a yo‘liqilar edi. Masalan, bir oy to‘lmasdan kir yuvishg‘a ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvg‘anini ko‘rib qolsa – “kiyimni tog‘orada churutasan!” deb g‘ovg‘a solar edi. Ikki haftasiz palovni ko‘rmaslar (ozodliq oshlari albatta mundan mustasno), ko‘b ovqatlari ubra, tuppi, mastaba, qo‘g‘urma sho‘rba bo‘lar edi. 
Nigor oyimning qozoni yo‘qcha, yelcha go‘shtni faqat palov sharofati bilangina ko‘rar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshig‘ina mo‘liqdirar, masalan: shalg‘am, qovoq, lavlagi. Bu to‘g‘rida xotini harchand rad qilsa ham qoplab shalg‘am, yigirma-o‘ttuzlab qovoq xarid qilishini qo‘ymas – “shalg‘am – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq bo‘lsa hazrati Yunusning mo‘jizalari” deb bahosi arzon va lekin xosiyati ko‘b bo‘lg‘an bu mablag‘lar bilan oshxonani to‘ldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – “yog‘ni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!” deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmag‘anidek bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorg‘a ham chiqar edi. 
Maxdumning o‘qug‘uchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savog‘ini bilmagan yoki sho‘xliq qilg‘an bolalarni har qancha so‘kib, koyisa, do‘q urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qo‘qon bolalarining muhabbatlarini o‘ziga jalb etkan edi. Ammo “ozodliq” masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasig‘a “ozodliq” lozim bo‘lg‘an bo‘lsa albatta undirishka, kambag‘al bolasidan mumkin qadar uzib olishg‘a harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, So‘fi Olloyor va shunga o‘xshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun  bo‘lg‘anlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor bo‘lsa ham, lekin aksar bolalar bu to‘g‘rida domlani – “ana-mana” bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib “ustoz”ni rozi qilmasalar, ammo ko‘bchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik bo‘lsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa “Qulyog‘a quymoq – Ammaga bo‘g‘irsoq – Yosinga yupqa” degan gaplar ham bo‘lar edi. Bolalar har yili bir marta “buryo puli” va oyig‘a bir necha bor “supurgi puli” ham to‘lab turar edilar. 
Maxdum mumkin qadar bolalarni o‘z maktabiga jalb qilishg‘a tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini o‘z qo‘lig‘a olish uchun har bir chorani ko‘rar edi. Masalan, boy va a’yondan birining o‘g‘li boshqa maktabda o‘qub yurgan bo‘lsa uni bolalar vositasi bilan o‘z maktabiga chaqirar, nima o‘qug‘anini, nimalar bilganini so‘rar, bola savog‘idan yaxshi javob beralmasa “sizda ayb yo‘q, o‘g‘lim, ustozingiz bir oz shundayroq odam… xo‘b, xo‘b; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men o‘zim sizni juda do‘st tutaman-da!” der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab o‘z domlasidan ko‘ngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani ko‘chalarda ham qilar va o‘g‘li bo‘lg‘an boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib tanimasa ham ular bilan so‘rashar, nechta o‘g‘li borlig‘ini va ularning o‘qub-o‘qumag‘anliqlarini, o‘qushg‘a ixloslarini tekshirib, o‘zining ta’limida qo‘llang‘an yengil usullarini ham bir muncha tiqillatib o‘tar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari ko‘pincha foydasiz bo‘lmas, maktabiga yangidan-yangi shogirdlar to‘planib turar edilar. 
O‘z qatoridag‘i maktabdor domlalarni aslo ko‘ralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yo‘suni kelib qolsa – “ha, mulla falonchimi, ko‘b bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim o‘zimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ bo‘lmasin, dedim” der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor to‘g‘risida shu yo‘sun zamzama so‘zlar edi. 
Maxdum bo‘ychan, olago‘sht, siyrak mo‘y, oq tan, istarasi issig‘ bir domla edi. Yoshi ellidan oshqan, soch va soqolida bir muncha oqlar ko‘rinar edi. Kishi bilan so‘zlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab o‘ng ko‘zini bir oz qisib qarar, odat qilg‘andan bo‘lsa kerak gap orasida “habba” degan so‘zni ko‘proq ishlatar edi. Domlaning bu “habba”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Har holda “habba – habhali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki ul bir narsadan hursand va rozi bo‘lg‘anda aksar “habba” deb yuboradir. 
Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan to‘ldirdiq. Ehtimolki domlaning g‘iybatini ham qildiq va qilarmiz. Lekin shunisidan xotirjam’mizki, yo‘qni-yo‘ndirmadiq, maxdumning sha’nida bor gaplarnigina yozdiq va yozarmiz. Maxdumning hamma nuqsonini yuvib ketarlik bir jumladan so‘ng yana o‘z ishimizda bo‘lamiz: — nima bo‘lg‘anda ham maxdum o‘z zamonasining eng olding‘i domlalaridan, Qo‘qon aksariyatining savodxon bo‘lishlarig‘a sababchi ustozlardan, hatto ulug‘ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi.

To'liq: Abdulla Qodiriy. Mehrobdan chayon (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.