Yozg‘uchidan
Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz.
Yozmoqqa niyatlanganim ushbu — «O‘tkan kunlar», yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi, bir havasdir. Ma’lumki, har bir ishning ham yangi — ibtidoiy davrida talay kamchilik-lar bilan maydong‘a chiqishi, ahllarining yetishmaklari ila sekin-sekin tuzalib, takomulga yuz tutishi tabiiy bir holdir. Mana shuning daldasida havasimda jasorat etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho‘chib turmadim.
Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar. Shunga ko‘ra mavzu’ni moziydan, yaqin o‘tkan kunlardan, tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi «xon zamonlari»dan belguladim.
Abdulla Qodiriy (Julqunboy)
Birinchi bo‘lim
1. OTABEK YUSUFBEK HOJI O‘G‘LI
1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...
Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo‘shab hujralariga qaytqanlar, ko‘b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg‘ul, shuning uchun kunduzgiga qarag‘anda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib so‘zlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni ko‘kka ko‘targudek.
Saroyning to‘rida boshqalarg‘a qarag‘anda ko‘rkamrak bir hujra, anovi hujralarga kiygiz to‘shalgani holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo‘z ko‘rpalar ko‘rilgan bo‘lsa, munda ipak va adras ko‘rpalar, narigilarda qora charog‘ sasig‘anda, bu hujrada sham’ yona-dir, o‘zga hujralarda yengil tabi’atlik, serchaqchaq kishi-lar bo‘lg‘anida bu hujraning egasi boshqacha yaratilishda.
Og‘ir tabi’atlik, ulug‘ g‘avdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va jihoz yog‘idan, ham ega jihatidan diqqatni o‘ziga jalb etarlik edi. Qandog‘dir bir xayol ichida o‘lturg‘uchi bu yigit Toshkandning mashhur a’yonlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek.
Saroy darbozasidan ikki kishi kelib kirgach, ulardan biravi darboza yonidag‘i kimdandir so‘radi:
— Otabek shu saroyga tushkanmi?
Bizga tanish hujra ko‘rsatilishi bilan ular shu tomonga qarab yurdilar. Bu ikki kishining bittasi gavdaga kichik, yuzga to‘la, ozroqqina soqol-murtlik, yigirma besh yoshlar chamaliq bir yigit bo‘lib, Marg‘ilonning boylaridan Ziyo shohichi deganning Rahmat otliq o‘g‘lidir, ikkinchisi: uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol, o‘ttuz besh yoshlarda bo‘lg‘an ko‘rimsiz bir kishi edi. Bu yigit yaxshig‘ina davlatmand bo‘lsa ham, lekin shuhrati nima uchundir boyligi bilan bo‘lmay, «Homid xotinboz» deb shuhratlangan, kishilar Homid orqasidan so‘zlashkanda uning otig‘a taqilg‘an laqabni qo‘shib aytmasalar, yolg‘iz «Homidboy» deyish ila uni tanita olmaydirlar. Homidning Otabek bilan tanishlig‘i bo‘lmasa ham Rahmatka yaqin qarindosh— Ziyo shohichining qaynisi, Rahmatning tog‘asi.
Ular hujraga kelib kirdilar. Otabek kelguchilarni ulug‘lab qarshiladi.
— Bizni kechirasiz, bek aka, — deb Rahmat uzr aytdi, — vaqtsiz kelib sizni tinchsizladik.
Otabek ularga yuqoridan joy ko‘rsatar ekan, yoqim-liq bir vaziyatda:
— Tinchsizlamadingizlar, bil’aks quvontirdingiz-lar,— dedi, — shahringizga birinchi martaba kelishim bo‘l-g‘ani uchun tanishsizliq, yolg‘izliq meni juda zeriktirgan edi.
Shu orada hujraga bir chol kirib ul ham mehmonlar bilan so‘rashib chiqdi. Bu chol Hasanali otliq bo‘lib, oltmish yoshlar chamasida, cho‘ziq yuzlik, do‘nggiroq peshonalik, sariqqa moyil, to‘garak qora ko‘zlik, oppoq uzun soqollik edi. Soqolining oqlig‘iga qaramasdan uning qaddida keksalik alomatlari sezilmas va tusida ham uncha o‘zgarish yo‘q edi.
Otabek mehmonlarni tanchaga o‘tquzib, fotihadan so‘ng Hasanalidan so‘radi:
— Tuzukmisiz, ota?
— Xudoga shukur, — dedi Hasanali, — boyag‘idan bir oz yengilladim. Mazmuni is tekkan ekan.
— Ba’zi yumushlar buyursam...
— Buyuringiz, o‘g‘lim.
— Rahmat, ota, bo‘lmasa bizga choy qaynatib bersangiz-chi.
— Xo‘b, begim.
Hasanali chiqdi. Rahmat Otabek bilan yana bir qaytib sog‘liq so‘rashqandan keyin so‘radi:
— Bu kishi kimingiz bo‘ladir, bek aka?
Otabek Rahmatning savoliga javob bermay eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib so‘ngra javob berdi:
— Qulimiz.
Bu so‘zdan nima uchundir Homid ajablangan edi.
— Qulingiz?
— Shundog‘.
Hasanalini bolaliq vaqtida Erondan kishi o‘g‘irlab kelguchi bir turkman qo‘lidan Otabekning bobosi o‘n besh tillo barobariga sotib olgan edi. Hasanalining Otabeklar oilasida qulliqda bo‘lg‘anig‘a elli yillar chamasi zamon o‘tib, endi Otabeklar oilasining chin bir a’zosi bo‘lib ketkan. Xo‘jasi Yusufbek hojiga, ayniqsa, xo‘jazodasi Otabekka itoat va ixlosi tom bo‘lib, buning evaziga ulardan ham ishonch va hurmat ko‘rar edi. Hasanali o‘ttuz yoshliq vaqtida sotib olg‘an bir cho‘riga uylantirilgan bo‘lsa ham, ammo o‘g‘il-qizlari bo‘lmag‘an, bo‘lsalar ham yoshliqda o‘lib ketkanlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Otabekka ixlos qo‘yib, unga o‘z bolasi kabi qarar: «O‘lganimdan keyin ruhimga bir kalima qur’on o‘qusa, bir vaqtlar Hasanali ota ham bor edi deb yodlasa, menga shunisi kifoya» deb qaror bergan va hozirdan boshlab Otabekka bu to‘g‘rida sipo-rishlar berib, undan samimiy va’dalar olib yurg‘uchi oq ko‘ngil bir qul edi.
Hasanali ustida bo‘lg‘an haligi gapdan keyin Rahmat so‘radi:
— Toshkanddan nimalar keltirdingiz, bek aka?
— Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va bir oz qozon.
— Marg‘ilonda gazmol bilan qalapoy afzalining bozori chaqqon, — dedi Homid.
Otabek miqrozi bilan sham’ so‘xtasini kesib tuzatdi. Orada yotsirashka o‘xshash bir hol bor, nima uchundir bir so‘zlab ikki to‘xtar edilar. Bu o‘ng‘aysiz holatdan chiqish va, so‘zg‘a ulab yuborish uchun Rahmat tirishkandek ko‘rinar edi.
— Marg‘ilonni qanday topdingiz, bek aka, xushlandingizmi, yo?..
Bu savolning javobiga Otabek ikkilangandek va o‘ng‘aysizlang‘andek bo‘ldi.
— Nima desam ekan... Marg‘ilonni har holda... xush ko‘rdim, Marg‘ilon Turkistonimizning to‘qug‘uchiliq hunarida birinchi shahridir.
Ikkilanib berilgan bu javobdan Homid bilan Rahmat bir-birlariga qarashib oldilar. Otabek bu holatni sezdi va o‘zining so‘zini kulgulikka olib izoh berdi:
— Kelgan kunimdan Marg‘iloning‘izni xushlamay boshlag‘an edim. Chunki tanishlarim yo‘q, musofirchilik bilinib qolayozg‘an edi. Endi bu soatdan boshlab Marg‘ilondan roziman, negaki, yo‘qlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham bo‘lur ekan.
— Kechiringiz, bek aka, — dedi Rahmat, — men sizning Marg‘ilon kelganingizni bu kun otamdan eshit-dim. Yo‘qsa, albatta sizni zeriktirmas edim.
— Aniqmi?
— To‘g‘ri gap, — dedi Rahmat, — otam Toshkand borg‘anlarida to‘p-to‘g‘ri sizning eshikingizga tushsinlar-da, siz saroyga tushing. Bu taraf bilan sizdan o‘pkani biz qilsaq arziydir.
— Haqqingiz bor, — dedi Otabek, — ammo bi-rinchidan, sizning havlingizni so‘rog‘lab topish menga qiyinroq ko‘rindi, undan so‘ng molimizni ortg‘an tuyakashlar shu saroyg‘a tayinlang‘an edilar.
— Har holda bu uzr emas.
Hasanali dasturxon yozib qumg‘on kirgizdi. Odatiy takalluflar bilan dasturxon va choyga qaraldi. Homid nonni shinniga bulg‘ar ekan so‘radi:
— Yoshingiz nechada, bek?
Otabekning labi qimirlamasdan choy quyib o‘tirgan Hasanali javob berdi:
— Bekka xudo umr bersa, bu yil hamduna bo‘lsa to‘ppa-to‘g‘ri yigirma to‘rt yoshga qadam qo‘yadilar.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdimmi, ota? — dedi bek. — Chindan ham necha yoshga kirganimni o‘zim bilmayman.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdingiz, bek.
Homid tag‘in so‘radi.
— Uylanganmisiz?
— Yo‘q.
Hasanali Otabekning yolg‘iz «yo‘q» bilan to‘xtashiga qanoatlanmadi va bu to‘g‘rida o‘z tomonidan izohlar berishni lozim ko‘rdi:
— Bek uchun bir necha joylarga qiz aytdirmak istalingan bo‘lsa ham, — dedi, — avval taqdir bitmaganlik, undan keyin bekning uylanishka bo‘lg‘an qarshiliq-laridan bu kungacha to‘y qilolmay kelamiz. Ulug‘ xo‘ja-mizning qat’iy niyatlari bu safardan qaytg‘ach bekni uylandirishdir.
— Manimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yo‘qdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz o‘girdi. — Uylangach, xotining tab’ingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yo‘qsa, munchalik og‘ir gap dunyoda bo‘lmas.
Otabek Rahmatning bu so‘zini samimiyat bilan qarshiladi.
— So‘zingizning to‘g‘rilig‘ida shubha yo‘q, — dedi,— ammo shuni ham qo‘shmoq kerakki, oladirg‘on xotiningiz sizga muvofiq bo‘lishi barobarida er ham xo-ting‘a muvofiquttab’ bo‘lsin.
— Xoting‘a muvofiq bo‘lish va bo‘lmasliqni uncha keragi yo‘q, — dedi Homid e’tirozlanib, — xotinlarga «er» degan ismning o‘zi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin degan erga muvofiq bo‘lsa bas.
Rahmat kulib Otabekka qaradi. Otabek ham isteh-zolik tabassum orasi Homidga ko‘z qirini tashladi.
— Uylanishdagi ixtiyorimiz, — dedi Rahmat, — ota-onalarimizda bo‘lg‘anliqdan, oladirg‘an kelinlari o‘g‘illarig‘a yoqsa emas, balki uning ota-onalari o‘zlariga yoqsa bas. Bu to‘g‘rida uylanguchi yigit bilan er qilg‘uchi qizning lom-mim deyishka haq va ixtiyorlari bo‘lmay, bu odatimiz ma’qul va mashru’ ishlardan emasdir. Masalan, men ota-onamning yoqdirishlari bilan uylandim... ammo xotinim ota-onamga muvofiq bo‘lsa ham menga muvofiq emas, siz aytgandek, ehtimol men ham xotinimg‘a muvofiq emasdirman... So‘zingiz juda to‘g‘ri, bek aka.
Otabek Rahmatning so‘zini ixlos bilan eshitdi va «sen nima deysan?» degandek qilib Homidga qaradi.
— Jiyan, — dedi Homid Rahmatka qarab, — boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun bo‘lib ulardan ranjib yurishingni o‘rni yo‘q. Xotining ko‘nglingga muvofiq kelmas ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishi-ning ishi emas.
Rahmat Otabekka kulimsirab qaradida, tog‘asig‘a javob berdi.
— Xotin ko‘paytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati bo‘lsin? — dedi. — Bir xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha, eng ma’qul ish. Masalan, ikki xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchlig‘ingiz yo‘q.
— Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchaliq qiladir, — deb kuldi Homid. — Ko‘b xotin orasida azoblanish o‘zi nima degan so‘z? Qamchingdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin o‘rtasida turib janjalg‘a to‘ygunimcha yo‘q, ammo xotinni uchta qilishg‘a ham o‘yim yo‘q emas.
— Sizga taraf yo‘q, tog‘a.
Homid mag‘rur bir tusda Otabekka qaradi. Otabek uning so‘zidan kulimsiragan edi.
Hasanali palovg‘a urnash uchun tashqariga chiqdi. Otabek mehmonlarga choy quyib uzatdi. Homidning haligi so‘zidan keyin oradag‘i bahs kesilgan edi. Uchovlari ham bir narsaning xayolini surgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib Rahmat tog‘asidan so‘radi:
— Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi?
Bu savoldan nima uchundir Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi:
— Bundan xabarim bo‘lmadi. Gumonimcha, bermagandir.
Rahmat so‘zdan chetda qoldirmas uchun Otabekni ham orag‘a oldi:
— Bizning Marg‘ilonda bir qiz bor, — dedi, — shundog‘ ko‘hlikki, bu o‘rtada uning o‘xshashi bo‘lmas, deb o‘ylayman.
Homid bir turlik vaziyatda yer ostidan jiyaniga qaradi. Tog‘asining holidan xabarsiz Rahmat so‘zida davom etti:
— Shahrimizda Mirzakarimboy otlig‘ bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki siz Mirzakarim akani tanirsiz, u bir necha vaqt Toshkandda qutidorliq qilib turg‘an ekan?
— Yo‘q... Tanimayman.
Homidning yuzidagi boyag‘i holat yana ham kuchlanib go‘yo toqatsizlang‘andek ko‘rinar edi, Rahmat davom etti:
— Uning havlisi poyafzal rastasining burchagidagi imoratdir. O‘zi davlatmand bir kishi; Toshkand ashroflarining ko‘blari bilan aloqador bo‘lg‘anliqdan balki otangiz bilan tanish chiqar.
— Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir g‘ayri-ixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida bir o‘zgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu o‘zgarishdan Rahmat xabarsiz bo‘lsa ham, ammo Homid uni yer ostidan ta’qib etar edi. Bu ta’qib Otabekdagi haligi o‘zga-rishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish, albatta mumkin emas. Yana bir necha vaqt jim qoldilar.
— Endi biznikiga qachon mehmon bo‘lasiz, bek aka?
Rahmatning bu so‘zi bilan Otabek xayolidan bosh ko‘tardi:
— Xudo xohlag‘an vaqtda bo‘larmiz...
— Yo‘q, bek aka, — dedi Rahmat, — siz aniqlab bir kunni tayin qilingiz, biz bu yerga sizni taklif qilg‘ali kelganmiz.
— Ovora bo‘lmoqning nima zarurati bor?
— Bunda ovora bo‘lish degan narsa yo‘q. Iloji bo‘lsa sizni bu saroydan havlig‘a ko‘chiramiz. Hozirga bir kunni tayin qilib bizga mehmon bo‘ling-chi... Otam sizning bilan o‘lturishib Toshkand ahvolotini so‘zlash-makka mushtoqdirlar.
— Bu saroydan sizlarnikiga ko‘chishim og‘ir, — dedi Otabek, — ammo otangizning ziyoratlariga borishg‘a har qachon hozirman.
— Sog‘ bo‘ling, bek aka, boradirg‘an kuningizni ta-yin qila olasizmi?
— Ma’lumingiz, kechalari bo‘sh bo‘laman, shuning bilan birga otangiz qaysi vaqtni ixtiyor qilsalar ijobat etishdan o‘zga choram bo‘lmas.
— Salomat bo‘lingiz, — dedi Rahmat, — shuni ham sizdan so‘rayin: o‘lturishka begona kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmasmisiz? Chaqirilg‘anda ham o‘zimizga yaqin va ahl kishilar bo‘lur, masalan, Mirzakarim qutidor kabi.
Bu vaqt Otabekning tusiga ham haligidek o‘zgarish chiqdi ersada, lekin sezdirmaslikka tirishib javob berdi:
— Manim uchun farqsiz.
Oshdan so‘ng mehmonlar bilan xayrlashib chiqdilar.
2. XON QIZIG‘A LOYIQ BIR YIGIT
Otabek o‘zi bilan ko‘rishgan mundaki ikki yot kishini tanimaganliqdan bir-ikki qayta ularni ko‘z ostidan kechirdi. Buni payqag‘an Ziyo shohichi Otabekka tanitdi:
— Amakilaringizni siz tanimag‘andirsiz albatta, — dedi. — Bu kishi otangizning yaqin do‘stlaridan Mirzakarim qutidor. Bu zot Andijon savdog‘arlaridan Akram hoji.
Mirzakarim ismlik qirq besh-elli yoshlar chamasida qora qosh, qora ko‘z, ko‘rkam yuz, yaxshig‘ina kiyingan bir kishi bo‘lib, Akram hoji elli besh yoshlar orasidag‘i bir keksa edi. Otabek qaytadan Mirzakarim qutidorni ko‘zdan kechirdi.
— Ota qadrdonlari bilan tanishdirg‘aningiz uchun rahmat, amak, — dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozu’landi. — Otam sizlardek yaqin do‘stlariga salom aytishni menga amonat topshirg‘an edilar.
— Rahmat, sog‘ bo‘lsinlar.
Majlis Ziyo shohichining uyida Otabekning meh-mondorchilig‘i uchun yig‘ilg‘an, yuqorida ismlari o‘tkan zotlardan boshqa Homid, Rahmat ham Hasanali bor edilar. Tanishdirishdan so‘ng Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini jo‘plab tursa ham Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidag‘i gaplari keti uzilmay davom etar edi. Ularning ko‘zi uchunchi to‘qnashishida qutidor kulimsirab qo‘yib so‘radi:
— Meni eslay olasizmi, bek?
Otabek diqqat va e’tibor bilan qutidorni kuzatib javob berdi:
— Yo‘q, amak.
— Necha yoshg‘a bordingiz?
— Yigirma to‘rt yoshg‘a...
Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi-da:
— Voqi’an siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilg‘an vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz... Go‘yoki, men Toshkandda kechagina turg‘andek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘andekman... Ammo, haqiqatda, oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz ham katta yigit bo‘lgansiz, umr — otilg‘an o‘q emish.
— Siz bizning havlida bo‘lganmisiz?
— Ko‘b martalab mehmon bo‘ldim, — dedi qutidor,— ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar.
Bu ikkisining so‘zlariga quloq solib chetda o‘lturgan Hasanali ham gapga aralashdi:
— Amakingiz bizning havlig‘a kelib turadigan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, — dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar.
Otabek uyaluv aralash kulimsirab qutidorg‘a qaradi:
— Taassufki, eslay olmayman, — dedi. Qutidor tag‘in nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi, Akram hoji unga yo‘l bermadi.
— Hoji akamiz bu kunda qanday ish bilan mash-g‘ullar?
Otabek:
— Toshkand begi yonida mushovir sifati bilan turadilar.
— Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?
— Shundog‘.
— Sotqi bek ketsin, Aziz bachcha deng, — dedi Homid va Akram hojiga qarab kuldi. — Yaqindag‘ina Musulmon cho‘loqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi, — dedi, ulug‘ bir narsa kashf etgandek mag‘rur, majliska qarab chiqdi. Homidning zaruratsiz ayb tekshirishi majliska yotroq tuyilgan bo‘lsa kerak bir-birlariga qarashib oldilar. Bu o‘rinsiz tekshirish majlisni bir oz sukutga yubordi-da, so‘ngra Akram hoji savolida davom etti:
— Hokimingiz juda zolim emish, bu to‘g‘ri so‘zmi?
— To‘g‘ri so‘z, — dedi bek. — Azizbek zulmidan aholi juda to‘yg‘an.
Otabekning bu javobidan yolg‘iz Akram hojigina emas balki, majlisning boshqa a’zolari ham ajablandilar.
Otasining valine’mati bo‘lg‘an bir bekning zulmini iqror etish haqiqatan ham taajjubka loyiq edi. Azizbekning Turkiston xonlig‘ining eng zolim va mustabid sanalg‘an beklarining biri va uning o‘z qa-ramog‘ida bo‘lg‘an Toshkand aholisiga qilg‘an zulmlari Farg‘onaga doston, ammo Akram hojining bu savoli Azizbekning eng yaqini bo‘lg‘an bir kishining o‘g‘lini sinab ko‘rishlik uchun edi. Bu sinash natijasi Akram hojining taajjubini orttirdi va buning sirrini bilishka qi-ziqsindi:
— Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, — dedi Akram hoji, — nima uchun uni bir oz bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir?
— Kechiringiz, amak, — deb Otabek kulimsiradi,— siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq ongla-g‘ang‘a o‘xshadingiz... Bizning beklarga hukm vaqtida ham mushovir bo‘lmoq imkonsiz narsadir. Otam Azizbekning mushoviri va yaqin musohibi sanalsa ham va lekin bu juz’iy ishlardaginadir, buning uchun sizga bir misol keltiray, bu ish shu yaqin oralardag‘ina bo‘ldi: Toshkanddagi jum’alik gap majlislaridan birida bir kishi Azizbekni maxtar va bu maxtovg‘a qarshi ikkinchisi «nega munchalik maxtaysan, Azizbekning asli bir bachcha-da» der. Ularning bu muzokaralarini chetda eshitib turgan xufiyalardan biri bu so‘zni Azizbekning qulog‘iga yetkazur. Ertasiga Azizbek mazkur ikki kishini o‘z huzuriga oldirib maxtovchig‘a ulug‘ mansab ato qilar va ikkinchisini o‘limga buyurar... Bu hukm majlisida hozir turgan otam mahkumning gunohini so‘raganida Azizbek jallodga baqirar: «Tezroq olib chiq!» Otam tag‘in qulliq qilg‘anida jallodg‘a buyurar: «Qo‘ling-dag‘ini bo‘shatib, o‘rniga hojini olib chiq!» — Mana ko‘rdingizmi, otamning qadru qiymatini.
— Bo‘lmasa aholi xong‘a shikoyatnoma yozmaydirmi?
— Nechanchi shikoyatnomani so‘raysiz, — dedi Otabek, — Azizbekdan zulm, jafo ko‘rganlar bilan birgalikda endi o‘ninchi shikoyatnomamizni yuborg‘andir-miz... Lekin xonning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an kishining o‘zi zulmda Azizbekdan bir necha zina baland o‘rinni ishg‘ol etkuchi kimsa bo‘lsa, biz qandog‘ qilayliq. Ammo shunisi ham borki, shu keyingi vaqtlarda Azizbek Qo‘qonning yorlig‘ va farmonlarini iltifotsiz qoldira boshladi. «Itoatdan bosh tortmasin...» degan mulohazada yozg‘an shikoyatlarimizdan markazning ko‘z yumishi ham ehtimoldir. Har holda Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq to‘yindi, kimdan ko‘mak so‘rashg‘a ham bilmaydir.
Yusufbek hojining qanday odam ekani ayniqsa Akram hojiga onglashilib, bu to‘g‘rida ortiq bahs qilinmadi va so‘z boshqa xususlarga o‘tdi.
Ziyofat samimiyat bilan chaqirilg‘anliqdan dasturxon qadrlik mehmonga maxsus turlangan edi. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishg‘a sabab bo‘lsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib o‘ltirar edi. Ul nima to‘g‘rida xayol surib, qaysi to‘g‘rida o‘ylar edi — buni bi-lish qiyin bo‘lsa ham, biroq uning hozirgi ba’zi harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning ko‘zlari ixtiyorsiz kabi qarshisidagi qutidorg‘a qaraydirlar, qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha ko‘zini undan olib dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir... Otabekning bu holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni ta’qib etkandek edi.
— Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor so‘radi.
— O‘zimizning shaharlardan ko‘pini ko‘rdim, — dedi bek, — o‘ris shahardan Shamayga ham bordim.
— Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi? — deb Ziyo shohichi ajablandi.
— O‘tkan yil borg‘on edim, — dedi bek, — borishim noqulay bir vaqtga to‘g‘ri kelib ko‘b mashaqqatlar chekdim.
— Chin savdogar siz emishsiz, — dedi qutidor, — biz shu yoshqa kelib hali o‘zimizning kattaroq shaharlari-mizni ham ko‘ralmadik; siz o‘risning Shamayigacha borg‘ansiz.
— Yurgan daryo, o‘lturgan bo‘ryo emish, — dedi Akram hoji.
O‘ris shaharlariga borib savdo qilg‘uchilar Turkistonda juda oz hisobda bo‘lib, chet ellarni ko‘rgan Otabek majliska tansiqlandi. O‘rislar to‘g‘risida allaqanday xayoliy rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilar-ning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelib, undan Shamayda ko‘rib, kechirganlarini so‘radilar. Otabek Shamay xotirotini so‘zlab berdi. O‘rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini eshitkuchilarni tongg‘a qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqg‘ach:
— Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘i-mizni ko‘rib; boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, — dedi bek, — lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning idora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi.
Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qayg‘usi tushiga ham kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan hissasiz qolmadilar:
— Amiri Umarxondek odil poshsho bo‘lsa, — dedi qutidor, — biz ham o‘risdan oshib ketar edik.
Ziyo shohichi:
— Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xo‘yimiz-dan.
Akram hoji:
— To‘g‘ri.
Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb qo‘ydi.
— Manimcha, o‘risning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak, — dedi Otabek, — ammo biz-ning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘z ora nizo’imiz sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman to‘g‘ri. Oramizda bu qo‘rqunch holatka bahaqqi tushunadirg‘an yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks buzg‘uchi va nizo’chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo’larini sizga bir timsol o‘rnida ko‘rsatayin: o‘ylab ko‘rilsin, bu nizo’lardan bizga qanchalik foyda va qipchoq og‘aynilarg‘a nima manfaat hosil bo‘lmoq-da?— Faqat bundan foydalang‘uchilar ikki xalq orasig‘a adovat urug‘ini sochib yurg‘uchi bir necha e’vogar boshluqlarg‘inadir. Masalan, Musulmonqulni kim xolis odam, deb o‘ylaydir? — Uning yurt uchun qon to‘kishdan boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o‘z g‘arazi yo‘lida orada yo‘q nizolarni qo‘zg‘ab, kuyavi Sheralixonni o‘ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo‘y kabi yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekdek zolimni belguladi va o‘zini mingboshi deb e’lon qilib, aqlsiz bir go‘dakni (Xudoyorni) xon ko‘tarib el yelkasiga mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg‘anda, zolimlarni o‘rtadan ko‘tarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi? Holbuki, Toshkand tarixida misli ko‘rilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu Musulmonqul qo‘lidan oldi. Basharti, Musulmonqul chin inson bo‘lsa, insondan vahshiy tug‘ilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o‘z g‘arazi yo‘lida istibdod orqali el ustiga hukmron bo‘lg‘unchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday g‘arazchilarni ular kim bo‘lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi xolis odamlarni o‘tquzish najotimizning yagona yo‘lidir.
Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni so‘zlab ketdi, ular bekning og‘zig‘a anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, o‘z ora bitmas nizo’larning asli mansha’ini ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yo‘sun mulohaza va fikrlari majliska chuvalg‘an ipning uchini topib bergandek bo‘lib, lafzan bo‘lmasa ham ma’nan ularning tahsin va olqishlarini oldi.
Otabek xufton namozi uchun tahorat olishg‘a mehmonxonadan chiqg‘an edi, uning keticha:
— Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qo‘ydi.
— Umri uzoq bo‘lsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqllig‘i ekan... Agarda xon ko‘tarish manim qo‘limda bo‘lsa edi, xon qilib Otabekni ko‘tarar edim... O‘zi o‘qug‘anmi?
Bu maxtovlar bilan terisiga sig‘may ketkan Hasanali javob berdi:
— Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin uch yilcha bo‘ldi, xo‘jamiz madrasadan olib savdo ishiga qo‘ydilar.
— Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor.
Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning «uylanganmi?» deb Hasanalidan so‘rashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi. Hasanalining so‘ra-g‘uchig‘a bekning qiz yoqdirmaslig‘ini sabab ko‘rsatib, shu kungacha uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek bo‘ldi:
— Balki begingizning tama’lari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundog‘ yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar...
Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi:
— Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, — dedi kulimsirab, — biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli bo‘lg‘anim holda menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saq-lang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lg‘an ozod bir qizg‘a albatta zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin olib, xotinlarig‘a zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi menimcha ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid...
Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlarig‘a qarshi qamchi ishlatkanini eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirg‘i jumlasi Homidni yerga qaratib, lom deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»? degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi:
— Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an odam.
Qutidor ham Hasanalining ko‘nglini ko‘tarib tushdi:
— Gapingiz to‘g‘ri, ota, — dedi, — Otabek xon qizig‘a loyiq bir yigit ekan.
Bahslashish uchun Homidga yo‘l qolmag‘an edi. Bir turlik iljayib yer tegidan Hasanaliga ko‘z tashladi.
Oshdan keyin boshlab Homid, so‘ngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan qutidorning yo‘llari bir bo‘lg‘anliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan, bek bilan xayrlashdi:
— Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi?
— Xo‘b, amak.
— Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytag‘a bu kun biznikida qolsangiz bo‘lmasmi-a?
— Rahmat... Xayr, salomat bo‘lingiz.
Ular to‘xtab so‘zlashqan o‘rinlaridan xayrlashib uzoq-lashg‘ach, shundagi bir burchakdan choponig‘a burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomong‘a qarab yurdi...
3. BEK OSHIQ
Saroy tinch uyquda, tun yarim. Hasanali hujraning uzun burama qulufini ochib ichkariga sham’ yoqdi va bekning to‘shagini yozib uning kirib yotishini kutib turdi. Ammo Otabek nima uchundir tez kira bermadi. Hujra eshigini ochilg‘anidan, sham’ yoqilib, o‘rin yozil-g‘anidan go‘yo xabarsiz kabi ustung‘a suyalg‘ancha qotib turar edi.
— O‘rningizni yozdim, bek.
Otabek bu so‘z bilan hujraga kirdi va borib to‘shagi yonig‘a o‘lturdi. Hasanali bekning yeshinib yotishini kutib turar, chunki uni yotquzib yoqilg‘an sham’ni o‘zi bilan narigi hujraga olib chiqmoqchi edi. Biroq Otabek to‘shagi yonig‘a o‘lturdida, yana o‘ylab qoldi... Otabek bir necha kunlardan beri Hasanalining ko‘ziga boshqacha ko‘rinar edi.
Hasanali Otabekda shu kungacha ko‘rilmagan qiziq bir holatka besh-olti kundan beri ajabsinib yurar edi. Hasanalini ajabsindirgan holat ham bekning shuning singari xayol ichida barchani unutib qo‘yishi va boshqa ishlarga e’tibor va parvosizligi edi.
Hasanali bekning hozirg‘i ipidan-ninasigacha bo‘l-g‘an qiziq holini uzoq kuzatib turdi. Lekin Otabek xayol surishdan zerikmasa ham Hasanali kuzatishidan zerikdi.
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
Otabek bu gapni onglamadi shekillik, Hasanalining yuziga ko‘tarilib qaradi-da, yana ko‘zini bir nuqtag‘a tikib qoldi. Bu holatdan Hasanalining andishasi ortib, bekning bunchalik angravlanishig‘a qanday ma’no berishini ham bilmas edi. Otabek shu holda tag‘in qanchag‘achadir o‘lturdi, nihoyat uyqudan uyg‘ong‘an kishidek so‘chib o‘zini kuzatkuchiga qaradi:
— Chiqib yotmaysizmi?
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
— Nima yumushim bo‘lsin, sham’ni ham olib keting.
Hasanali sham’ni olib, o‘z hujrasiga chiqdi. Uning hujrasi Otabekning bilan bir qatorda bo‘lib, gazmol, poyafzal va shuning singari mollar ila to‘lg‘an va Otabekdan boshqa, alohida hujrada turishi ham shu mollarni saqlab yotish uchun edi. Hasanali o‘rnini yozar ekan «tavba» deb qo‘ydi.
Yuqorida so‘zlang‘anidek, Otabekdagi bu holatni biror haftalardan beri payqasa ham hozirgidek andishaga tushmagan va bunchalik diqqat etmagan edi. Xo‘ja-zodasidagi bu holat uni har turlik mulohazalarga olib keta boshladi. To‘shagi ustiga o‘lturib, oq soqolini o‘ng qo‘li bilan tutamlab o‘ylar edi: savdo to‘g‘risida biror xato qildimi, Ziyo shohichinikida taomdan tuzukroq to-tinmadi, biror og‘rig‘i bormikan... Musofirchiliqda og‘risa... Ammo bu mulohazalarining bittasiga ham o‘zi qanoatlanmadi. Zero savdo to‘g‘rilari undan yashirin emas, og‘rig‘anda ham albatta shikoyat eshitar edi.
O‘ylab-o‘ylab bir narsaga ham aqli yetalmagach, o‘rnidan turib toqchada yonib turgan sham’ni o‘chirdi. Hujra orqa-o‘ngni ajratib bo‘lmasliq qorong‘ilandi. Qo-rong‘ida turtinib hujra eshigiga keldi-da, avaylab g‘ijirlatmay eshikni ochdi va sekingina tashqarig‘a bosh chi-qarib saroyni kuzatdi. Kishi yo‘qliqqa qanoat hosil etib, mahsichan oyog‘ini ohista qo‘yib Otabek hujrasining yonida to‘xtadi, saroyni yana qarab chiqdi. Saroy qop-qorong‘i, tinch uyquda, ammo bu tinchlikni saroy ot-xonasidagi otlarning kart-kurt xashak chaynashlari va atrofdagi xo‘rozlarning qichqirishlarig‘ina buzar edilar. Hasanali sekingina daricha ostig‘a yotib hujra ichiga quloq soldi. Hujra ichi tinch edi. Oradan uch-to‘rt daqiqa fursat o‘tib hujradan ship etkan tovush eshitmadi. Tag‘in bir necha daqiqa quloq uzmay turib, so‘ngra o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lg‘an edi, ichkaridan «ufff» degan ixrash eshitdi. Hasanalining quloqlari tikkayib o‘rnidan turdi, ko‘zi olalang‘an edi.
— Bek og‘riq, — dedi ko‘ngildan va jazmlanib hujra eshigiga yurib keldi. Eshikni ochib Otabek yonig‘a kirmoqchi edi. Eshikni itarishka borg‘an qo‘lini qoldirib «balki og‘riq emasdir» deb to‘xtaldi. Yana kiraymi, yo‘qmi, deb ikkilanib turg‘andan keyin yurib, o‘zining hujrasiga keldi. Ammo Otabek to‘g‘risidagi tashvishi boyag‘idan o‘n qayta ortqan edi. Yeshinib uxlarg‘a yotqan bo‘lsa ham bekning xususi uni ko‘z yumg‘ali qo‘ymadi. Bek to‘g‘risida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «O‘g‘lim yosh, sen dunyoning issiq-sovug‘ini tatig‘an va manim ishongan kishimsan. O‘g‘limning har bir holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb ta’kidlashi, Otabekning onasi — O‘zbek oyimning yoshliq ko‘z bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlang‘andek bo‘lar edilar. Uxlab ketalmadi. Ko‘ynakchan egniga choponini yopinib o‘rnidan turdi, hujradan chiqib Otabek darichasi ostig‘a yana kelib o‘lturdi.
Tun ayoz, izg‘iriq yel to‘rt tarafka yugurib jon achitmakchi bo‘lar edi. Hasanali yarim yalang‘och holda junjayib daricha ostida, izg‘iriq quchog‘ida o‘lturar erdi. Ul yegan sovug‘ig‘a iltifot etmas, vujudini izg‘iriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborg‘an edi. Hujra ichiga bir muncha quloq solib o‘lturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan uzdi, Otabekning pishillab uxlag‘an tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan ariyozg‘an bo‘lsa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi, nima uchundir tag‘in ham sovuqqa junjib o‘ltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham turib ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi:
— «Qora ko‘zlari, kamon qoshlari...»
— A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishg‘a olib bordi. Endi uning butun borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi. O‘rtadan ko‘b fursat o‘tmadi, boyag‘i uyqusirash yana takrorlandi:
— «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff».
Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan yeshildi. Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan, boshini chayqab o‘zicha so‘zlandi:
— Bek oshiq!
O‘rni ustiga choponini yopdi-da, ko‘rpasi ichiga kirib o‘lturdi va «chindan oshiqmi?» degan savolni ko‘nglidan kechirdi. Tanish bo‘lmag‘an bir shaharda kimning bo‘lsa ham qizig‘a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig‘ uyquda ham... masalaga bu jihat bilan qarab bekning ishqig‘a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog‘i ostida bekning o‘z og‘zidan eshitilgan— «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar...» jumlalari takrorlang‘andek bo‘lib xo‘jazodasidagi bir necha kunlik o‘zgarishka muhabbatdan boshqa hodisa, deb ma’no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o‘ng-tersini aylandirib muhokama qildi va o‘lchadi. Hasanalining o‘zi tarozuning ishonmasliq pallasida bo‘lsa ham — «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar» hamon quloqlari ostida takrorlanar edilar. Tun tong otarg‘a yaqinlashg‘an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik bu muammoni yesha bilmas edi. Ko‘b o‘ylasa ham bir qarorg‘a kela olmadi. Ammo ertaga bekning o‘zini sinab ko‘rmakchi bo‘lib ko‘zi uyqug‘a ketdi.
4. MARG‘ILON HAVOSI YOQMADI
Ertalabki choy hozirlang‘an. Otabek xomush o‘lturub, Hasanali ersa uning holini ta’qib etmakda edi. Oradag‘i so‘zsizlik bir piyoladan choy ichkuncha buzilmadi. Oxirida Hasanali Otabekning tusiga bir necha qayta ko‘tarilib qo‘ydi.
— Bir necha kundan beri xomushroq ko‘rinasizmi?
Otabek savol tashlag‘uchig‘a qarab oldi va tasdiq ishorasini berib:
— Bilmadim, — dedi va bir oz to‘xtab izoh berdi. — Xomushligim sizga ham sezildimi, bilmadim... Mar-g‘ilon havosi mizojimga to‘g‘ri kelmaganga o‘xshaydir...
— Aytkaningizdek, — dedi Hasanali. — Marg‘ilonning havosi buziq ekan, bir-ikki kundan beri manim ham ahvolim o‘zgarib boshladi. Marg‘ilondan tez jo‘namasaq men ham ishdan chiqadirg‘an o‘xshayman...
Bu gapdan keyin Hasanalining ko‘zi bekka tikilgan edi, agar tundagi uyqusirash Hasanalining o‘ylag‘an ehtimoliga to‘g‘ri kelsa, o‘zining haligi so‘zi Otabekka bir o‘zgarish berishida shubha qilmas edi.
Otabek boshi berk ko‘chada qolg‘ondek bo‘ldi, javobg‘a qiynaldi:
— Ketamiz, — dedi bir oz o‘ylang‘andan keyin, — mol baholari to‘g‘risida bitisha olmay turamiz — olg‘uchilar arzon so‘raydirlar. Shuning uchun tag‘in bir necha kun qolishimizg‘a to‘g‘ri kelarmikin. Bilmadim...
Hasanalining sinashi nihoyatiga yetkandek bo‘ldi, hatto yuqoridag‘i javobni eshitkan vaqtida nima uchundir o‘zini bir turlik kulgidan arang to‘xtatib qolg‘an edi. Yana o‘rtada xomushlik hukm surib, Hasanali ishni tuzikroq ochish va yo shu ko‘yi qoldirib ketaberish talashida edi. Hasanali bekning har bir siriga o‘zini mahkam deb hisoblag‘anliqdan, darhaqiqat, Otabekka mahram bo‘lishg‘a loyiq bir mehribonchiliqqa ega bo‘lg‘anliqdan xo‘jazodasi bilan ochiq so‘zlashish fikriga keldi. Bir necha daqiqa muqaddima uchun reja qurib o‘lturgandan so‘ng tilga keldi:
— O‘g‘lim, Otabek.
— So‘zlangiz.
— Aytingiz-chi, men sizning kimingiz?
Otabek, Hasanalining maqsadig‘a tushunolmay maj-hul unga nazar tashladi:
— Sizmi? — deb kulimsiradi. — Otam bo‘lmasangiz ham meni otaliq muhabbati bilan suygan sodiq va mehribon bir kishimsiz — ya’ni ma’naviy otam.
— Barakalla, o‘g‘lim, — dedi Hasanali, — javobingiz o‘z o‘ylag‘animchadir. Endi sizdan shuni ham so‘rayin: xo‘jasig‘a sodiq bir qul, sizning ta’biringizcha, ma’naviy bir padar o‘z o‘g‘lig‘a yomonlik sog‘inarmi, bu to‘g‘rida javob beringiz-chi?
Otabek kutilmagan bu savoldan ajablandi:
— So‘zingizga tushunolmadim, ota, — dedi, — shundog‘ bo‘lsa ham javob beraman: bu kungacha siz yolg‘iz meninggina emas, bizning oilamizga otaliq mavqi’ida turib, yaxshiliqdan boshqani sog‘inmay kelasiz.
Hasanali tusini buzmadi:
— Ilgariroq balki shundog‘ bo‘lg‘andir, ammo endi, ayniqsa siz...
— Ayniqsa men... ochib so‘zlangiz.
— Ayniqsa sizning menga saqlag‘an ishonchingiz tugalganga o‘xshab, o‘zimdan qandog‘ kamchilik o‘tkaniga hayratdaman.
— Qiziq gaplar so‘zlaysiz, — dedi Otabek, taajjubi ortqan edi. — Menga qandog‘ yomonlik sog‘indingiz-ki, sizga ishonchim bitsin? Vasvasalanishning o‘rni yo‘q, mundan so‘ng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga, ham vujudingizga muhtojman, amonatim, boshqam mundan keyin ham ona qornida saqlang‘andek sizda saqlanishig‘a ishonaman va bunga sizning ham amin bo‘lishingiz kerak, ota.
— Lekin... til bilan ko‘ngil boshqa-boshqadir, o‘g‘-lim...
Otabek bu ters va qo‘rs muqobaladan toqatsizlandi:
— Yanglishasiz, ota.
— Yanglishmayman, bil’aks bilib, qanoatlanib so‘z-layman.
— Tilim bilan ko‘nglimning boshqalig‘ini isbot qilingiz.
Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va:
— Mendan yashirib yurgan bir sirringiz bor, — dedi.
— Sizdan yashirg‘on bir sirrim bor?
— Bor o‘g‘lim, bor, — dedi Hasanali, — agar da’vongiz to‘g‘ri bo‘lsa, menga chindan o‘z kishim deb qarasangiz o‘sha sirni yashirmangiz.
Otabek to‘satdan o‘zgarib, boyag‘i asabiylik holatini yo‘qotti, shundog‘ bo‘lsa ham o‘zini yig‘ib kulgan bo‘ldi:
— Hali shunaqa sizdan yashirin sirrim bormi?
— Bor.
— Bo‘lmasa, marhamat qilib kashfingizni so‘zlangiz.
Hasanali piyolani og‘ziga ko‘tarib, choyni ho‘pladi, kashfini ochti:
— Marg‘ilong‘a kelgan kunlardan boshlab sizda qiziq bir holat bor, — dedi, — siz bu holatni «Marg‘ilon havosi yoqmadi» deb ta’bir qilsangiz ham men mundan boshqa narsalar payqayman...
Otabek o‘ziga qattig‘ tikilib turg‘an Hasanalidan yuzini chetka burishka majbur bo‘ldi. Go‘yo bu sehrgar chol hamma sirrni betdan o‘qub olar edi. Hasanalini hamon o‘ziga tikilib turg‘anini bilib, manglayini qashig‘an bo‘ldi:
— Xo‘sh, davom etingiz...
— Bu sirringizni mendan yashirmoqchi bo‘lasiz, — dedi tamom qanoat bilan Hasanali, chunki, endi o‘z kashfiga juda ishong‘an edi. — Xayr, yashirmoqqa ham balki haqqingiz bordir... ammo shu ko‘yi sir saqlash bilan birar natijaga yetish mumkinmi?
— ...
Otabek qip-qizil qizarib gunohkorlardek yerga qara-g‘an edi. Hasanalining yuziga padorona tarahhum tusi kirib, keksalarga maxsus ohangdor bir tovush bilan bek-ning ustidagi og‘ir yukni ola boshladi:
— Aybi yo‘q, o‘g‘lim, — dedi, — muhabbat juda oz yigitlarga muyassar bo‘ladig‘an yurak javharidir. Shuning bilan birga ko‘b vaqtlar kishiga zararlik ham bo‘lib chiqadir. Shuning uchun kuch sarf qilib bo‘lsa ham unitish, ko‘b o‘ylamaslik kerakdir.
Bu keyingi gap bilan Otabek ko‘tarilib Hasanaliga qaradi va uzoq tin olib yana yerga boqdi. Go‘yo buning ila «unitish mumkin emas» degan qat’iy so‘zni aytkan edi. Orag‘a so‘zsizlik kirdi. Ikkisi ham fikrga tolg‘an edi. Hasanalining ortiqcha berilib o‘ylag‘an kezda soqolini qayirib tishlaydigan bir odati bo‘lib, hozir ham soqolini yamlash bilan mashg‘ul edi. Uzoq o‘ylag‘andan so‘ng ishning ochilmay qolg‘an qismini yeshishni boshqa vaqtg‘a qoldirmoqchi bo‘ldi. Chunki Otabek shuning o‘ziga ham yaxshigina qizarinib, bo‘rtingan edi.
5. KIROYI KUYAVING SHUNDOG‘ BO‘LSA!
Poyafzal bozori va uning burchagidagi havli... O‘qug‘uvchi albatta bu havlining egasi bilan tanish chiqar. Ko‘rimsiz, chirk bosib qorayg‘an, juda ko‘b xizmat qilib keksaygan, ochib-yopqanda anvo’i — turlik dodi-faryod qiladirg‘an, bunda sanalg‘an sifatlarini bir yerga jamlab natija chiqarg‘anda «sharti ketib, parti qolg‘an» bir darbozaning ostonasidan uch-to‘rt qadam ichkariga kirilsa Buxoro zindonlaridan birini his etilur va qorong‘u yo‘lakning nihoyatidagi yorug‘liqqa tomon oshiqilur. Qoqilib-suqilib yo‘lak zindonidan qutiling‘ach bir ulug‘ ariq yoqasig‘a, o‘rdadek havliga chiqilur va rohat tin olinur. Havlining kun chiqarida kun botishig‘a qaratib soling‘an, uncha maxtarliq bo‘lmasa ham ammo zamonasining olding‘i binolaridan hisoblang‘an bir ayvon bilan bir uyga ko‘z tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan bo‘sh, shuning uchun bu havli oilaning tashqarig‘i qismi — mehmonxona ekanligi onglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan o‘ralg‘an va bu hujralarning barcha eshiklari yopiq va qulflang‘an holda bo‘lib mollar bilan bandligi va uy egasining davlatlik kishi bo‘lg‘anlig‘i bilinur. Havlining janub tarafi do‘konlar orqasi, ammo katta tup gilos yog‘ochlari qoplab yotadirlar.
Endi biz tashqari havlini qo‘yib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari havlining yo‘lagi ham nargisidek usti va bag‘ri yopiq — qorong‘u, yo‘lakning nihoyatiga borib o‘ngga yurilsa axtaxonaga, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulug‘ bir havliga chiqarmiz. Havlining to‘rt tarafi turlik ehtiyoj binolari bilan va to‘rdagi binoning ikki biqini katta uylar bilan o‘ralg‘an bo‘lib, shu ikki uyning orasig‘a o‘lturgan koshinkor va naqshin chorxari ayvon bu havlining birin-chi martaba ko‘zga chalinadirg‘an ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning o‘rta bir yerida, ustiga atlas ko‘rpalar yopilg‘an tanchaning to‘rida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar po‘stin kiyib bir kishi o‘ltu-radir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib o‘lturmaymiz, chunki, bu odam o‘qug‘uchi bilan tanishqan — Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas ko‘ynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshig‘a oq dakanani xom tashlag‘an, o‘ttuz besh yoshlar chamaliq go‘zal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, to‘g‘riliq ma’nolari tomib turg‘an bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi yetmishlardan o‘tkan bir kampir. Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. O‘choq boshida qo‘polg‘ina, qirq besh yoshlar chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning cho‘risi — To‘ybeka. Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqalik uyga kiramiz, ham uyning to‘riga soling‘an atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoq-da edi. Turib o‘lturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi.
Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh og‘rig‘i va ko‘z tinishka o‘xshash og‘rig‘lardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortiq urinmasin» deb bu kun namozga ham uyg‘otdirmag‘an edi.
Kumush, kiyinib uydan chiqdi, To‘ybeka tomonidan hozirlanib berilgan issig‘ suv bilan yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib otasining yonig‘a kelib o‘lturdi.
Qutidor qizini kuzatdi:
— Tuzikmisan, qizim?
— Yo‘q, otajon, boshim hamon og‘rib turadir.
Qutidor qizining peshonasini ushladi:
— Ey-ha, Kumush, hali issig‘ing bor, — dedi. — O‘zingni teja qizim, o‘rningni qalin qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. To‘ybeka, Kumushning choyini oqlab ber-chi.
Oftob oyim erining so‘zini kuchlab tushdi:
— Issig‘i bor, yuzi ham qizarib bo‘rtib turibdir.
O‘zining ruhsiz tovushi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi.
— Nax kechasi bilmapsiz, nax meni qo‘rqitib enka-tenkamni chiqardi. Isitmasi aralash allanuchka so‘zlarni aytib chiqdi...
Kumushbibi yalt etib buvisiga qarab qo‘ydi.
— O‘sha harorati g‘arizaniki hammasi, — dedi qutidor. — Men bu kun birar hakimdan so‘rab qaraychi... Ol qizim, shu piyoladagi choyingni ich-chi, — dedi va tag‘in bir qayta qizini kuzatdi.
Choyni ichib bo‘lg‘andan keyin qutidor fotiha o‘qub o‘rnidan turdi:
— Men senga aytib qo‘yay, Kumush, — dedi turar ekan qutidor Oftob oyimg‘a, — bu kunga bir mehmon aytkan edim. Cho‘ringni chiqarib mehmonxonani tozalat. Anovi yangi qoplag‘an ko‘rpalaringni ber, tanchaga o‘shani yopsin. Katta gilamni ham chiqar, uyingda mevalaring bor edimi?
— Bor.
— Bor bo‘lsa yaxshi. Bir ozdan so‘ng et olib kirguzarman, varaqi pishirib qo‘yingiz.
Oftob oyim varaqi pishirishdan u kungi mehmon-ning uncha-muncha kishi bo‘lmag‘anlig‘ini bildi.
— Qanaqa mehmon edi?
— Sen tanimassan, toshkandlik bir yigit, tag‘i shu yerda-gi uch-to‘rtta og‘aynilar. Tuzikmi, aytkanlarimni uqdingmi?
— Uqdim-uqdim.
Kumushbibi otasining so‘ziga iltifot qilmadi. Qutidor do‘koniga jo‘nag‘andan keyin Oftob oyim To‘ybekani mehmonxonag‘a buyurdi va o‘zi xamir qilishg‘a o‘lturdi. Kumushbibi xomush edi. Bir narsa to‘g‘risida o‘ylarmidi yoki bosh og‘rig‘isi kuchlikmidi, har holda namozshom gul kabi yopiq edi. Qarshisida o‘lturg‘an buvisining o‘tkan-ketkandan qilg‘an hikoyalariga erinibgina quloq berar va ko‘nglini ochish uchun aytilgan qiziq so‘zlarga iljayish bilan javoblanar edi.
Kumushbibi o‘zining bir soatcha vaqtini shu ko‘yi kechirdi, so‘ngra o‘rnidan turib kichkina latif oyoqla-rig‘a otasining yaqindag‘ina olib bergan qala kavshini kiydi va oshxona yumishi bilan qorishib yotqan onasi-ning oldig‘a bordi.
Kumushbibi endi o‘n yettini qo‘yib o‘n sakkizga qadam bosqanliqdan bo‘yi ham onasig‘a yetayozg‘an, ammo jussasi onasig‘a ko‘ra to‘laroq edi. Onasining yumishig‘a bir oz qarab turg‘anidan keyin tashqarig‘a tomon ketdi. Ayvonning bir chetidan mehmonxonada gilam to‘shab uringan To‘ybekaga qarang‘an bo‘ldi-da, ayvonning o‘rta ustuniga kelib suyandi. Endi boyag‘ig‘a qarag‘anda bir oz yengillangansumon, jon olg‘uchi qora ko‘zlari harakatlana boshlag‘an, bo‘g‘riqqan qizil yuzlari ochilinqirag‘an edilar. Ayvon ustuniga suyang‘ach, qora qiyig‘ qoshlarini chimirib ko‘cha yo‘lak tomong‘a qaradi, bir oz qarab turdi-da, ayvondan yerga tushib yo‘lak tomong‘a, ariq bo‘yig‘a ketdi. Suv bir do‘konning ostidan chiqib, bu havlida uch-to‘rt quloch chamasi ochiq havoda oqar va ko‘prik-tom ostig‘a ketar edi. Kumushbibi ariq bo‘yidan bir o‘rinni ko‘zladi-da, sakrab narigi yuziga o‘tdi va cho‘nqaydi. Uning ko‘zlari mulo-yimg‘ina suv ustiga og‘dilar. Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz bu harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘lturg‘ach, qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Ikkinchi, uchinchi qaytalab yuz yuvishda bu fitna tag‘i ham kuchaydi...
Nozik oyoqlar toldilar shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, ariq bo‘yini va uning suvlarini tashlab ketdi.
Boyag‘ig‘a qarag‘anda anchagina yengillanib ichkariga kirdi, harakatlari ham bir muncha o‘zgargan edi. Oysha buvi undagi bu o‘zgarishdan so‘yindi:
— Yengil tortdingmi, qizim?
— Shukur...
— Endi ortiq urinma qizim, tinch o‘ltur.
* * *
Qish kunlari bir tutam, «ha, deguncha» kech bo‘ladir. Bu kun ham «ha deguncha»ga ham qolmay kech bo‘lg‘an, mehmonlarning kelishkaniga yarim soatlab vaqt o‘tkan edi. Qutidor mehmonlarni ixlos va samimiyat bilan kutar, ziyofat quyuq-suyuqlari bilan to‘la-to‘kis davom etar edi. To‘ybeka ichkari bilan tashqarig‘a yugurib dasturxon yangilar, choy tashir edi. Xizmat tugalayozg‘andan keyin To‘ybeka o‘zining sovub qolg‘an oshini yemak uchun Oftob oyimlar yonig‘a o‘lturdi.
So‘zdan so‘z chiqib Oftob oyim To‘ybekadan so‘radi:
— Mehmonlar qanaqa kishilar ekan, tanidingmi?
— Nax siz yosh mehmonni ko‘rmabsiz, dunyog‘a kelmabsiz, — dedi To‘ybeka o‘ngu ters osh chaynab, — bir chiroylik, bir aqllik, tag‘in o‘zi hammadan yuqorida o‘lturadir; hali yigirma ham bormag‘andir, mo‘ylabi ham endigina chiqa boshlag‘an... Nax bizga kuyav bo‘ladigan yigit ekan, — dedi va Kumushka qarab kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan Oftob oyim ham kulimsirab qizig‘a qaradi:
— Ana, Kumush, sen eshitdingmi, opangning so‘zini, To‘ybeka senga er topqan, sen bo‘lsang boshim og‘riydir deb yotasan.
Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari ko‘rinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi.
— Qolg‘an xizmatlaringizning bittasi endi menga er topish edi.
To‘ybeka Kumushning tundlanishini elamadi:
— Ey... singlim, hali sen bilmaysan, — dedi, — u yigitni bir ko‘rgin-da, hu, deb ketabergin... sen tugil, shu yoshim bilan menim ham unga tekkim keldi, — dedi va xaholab yubordi.
Kumushbibi chirt etib yuzini To‘ybekadan o‘girdi.
— Tezroq tegib qoling.
— Koshki edi tegalsam, — dedi To‘ybeka, — men uning bir tukiga ham arzimayman. Ammo sen bo‘lsang uning bilan tenglashar eding. «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan». Xa-xa-xa!..
To‘ybekaning shuningdek hangomalari boshqa vaqtlarda Kumushni yaxshigina kuldirsa ham hozir unga yotishib kelmadi shekillik, achchig‘lang‘an ko‘yi yotish uchun uyiga kirib ketdi. Oftob oyim «bachcha-machchadir» deb o‘ylag‘an edi. Shuning uchun bu to‘g‘rida so‘z ochmadi.
— Tashqaridan xabar olingizchi, opa, — dedi Oftob oyim, — choy kerak bo‘ldimikin.
To‘ybeka nari-beri oshini yeb tashqarig‘a chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt o‘tkan yo o‘tmagan edi, hovliqib ayvonga keldi:
— Tuf-e, qurib ketsin jonim chiqib ketdi-ya!
Bir soatdan beri joynamozdan qo‘zg‘almay tasbih ag‘darib o‘lturgan Oysha buvi To‘ybekani boshdan-oyog‘ kuzatib yana ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan so‘radi:
— Nima bo‘ldi, nega muncha qo‘rqish?
To‘ybeka damini rostlab ustunning tegiga o‘lturdi:
— Pochchamdan dasturxonni olib qoqish uchun gilosning yonidan o‘tarmanmi, allakim baloga turtinib ketdim. Qo‘rqqanimdan oz qoldiki, dodlab yuborsam... Chamasi mehmonlarg‘a qarab turg‘an ekan.
— Kimbalo ekan?
— Qorong‘uda yaxshi ajratolmadim, tusini g‘ira-shira anovi qora Homidg‘a o‘xshatdim. Tag‘i umi-boshqami— xudo bilsin, shatir-shutir qildi-da, chiqib ketdi.
* * *
Qutidor mehmonlarni jo‘natib yotish uchun yeshinar ekan, Oftob oyim so‘radi:
— Chiroylik yigit, aqllik yigit, deb maxtiy-maxtiy To‘ybekaning ichagi uzildi, u kim edi?
— Mehmonimiz o‘sha edi, — dedi qutidor, — toshkandlik Yusufbek hoji otlig‘ yaqin oshnamning o‘g‘li.
— To‘ybekaning maxtag‘anicha bormi, o‘zi?
— Bor, — dedi qutidor va g‘italandi, — xudo kishiga o‘g‘il bersa shundayini bersin-da.
Oftob oyim kula-kula To‘ybekaning Otabek to‘g‘ri-sida so‘zlagan gaplarini va Kumush bilan bo‘lg‘an mojarosini so‘zlab chiqdi. Qutidor ham kulgidan o‘zini to‘xtatolmas ekan:
— Tentagingning aqli balo, kiroyi kuyaving shundog‘ bo‘lsa, — dedi.
To'liq: Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman) - PDF