OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. «Dadajonimdan aylanay» (hikoya)

Ish, ish deb yuravergan ekan.
No‘‘monjon bugun bir yayradi.
Hammasiga yangi yil archasiga ishxonasidan berilgan chipta sabab bo‘ldi.
No‘‘monjon o‘ziyam kun bo‘yi kasaba qo‘mitasi raisasi Salima Abdubakirovnani alqab, unga g‘oyibona rahmat aytib yurdi.
Bo‘larkan-ku odamga o‘xshab dam olsa.
Buning ustiga jajji qizalog‘i Mehrinisaning tug‘ilgan kuni edi.
Ishqilib, qo‘shaloq bayram bo‘ldi.
Lobarnisa uyda qoldi, qo‘ni-qo‘shni ayollar yoinki Mehrinisaning sinfdoshlari, dugonalari chiqib qolguday bo‘lsa uyalib qolmayin deya har ehtimolga qarshi dasturxon bezab, mehmonlarni kutib o‘tiradigan bo‘ldi.
No‘‘monjon yangi yildan sal burunroq qizchasi “Alifbe bayrami”ga chaqirganda ishdan qolishning ilojini topolmay, borolmagandi. Mehrinisa indamagan bo‘lsa-da, kechqurun uni sal mung‘aygan ahvolda ko‘rib ancha ezildi. “Nasib qilsa tez orada maza qilib shahar aylanamiz”, degandi o‘shanda. Mana, niyati xolis ekan, hammasi ijobat bo‘lib turibdi.
No‘‘monjon qizchasini avval yangi zooparkka olib bordi. Ikkovlon hayvonlarni miriqib tomosha qilishdi. So‘ng markaziy maydonga o‘rnatilgan ulkan archa yoniga kelishdi.
Bayramning barisi shu yerda ekan.
O‘ziyam shahardagi bari istirohat bog‘larining attraktsionlari ko‘chib kelibdi-yov. Buning ustiga rang-barang sharlar, Qorbobo bilan Qorqiz; kattagina sahnada esa ertaklar qahramonlari raqs tushib yotishibdi.
Rosti, bularni ko‘rib No‘‘monjonning o‘zi ham hayajonlanib ketdi. Yodiga paxta dalalarida o‘tgan bolaligi tushib, xo‘rsinib ham oldi.
Mehrinisa ham rosa yayradi. Bir qo‘lida dadasi tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilgan jajjigina o‘yinchoq telefonni mahkam bag‘riga bosib olgancha qiqirlab kulgani kulgan.
Bola, bola deymiz-u, bolalarning juda farosatli, sezgir ekanliklarini, ularning birdan katta bo‘lib qolganliklarini sezmas ekanmiz-da.
Bu haqiqatga No‘‘monjon shu yerda yana bir bor iqror bo‘ldi.
Ro‘zg‘or o‘z nomi bilan ro‘zg‘or-da, o‘ziga yarasha kamchiligi, muammolari ham chiqib turadi. Ochig‘i, ba’zan er-xotin jiqillashib qolishadi, sabab esa o‘sha sabil qolgur pul bo‘ladi.
No‘‘monjon zavodda tokar, beshinchi razryadli, qo‘li gul usta. Lobarnisa ateleda tikuvchilik qiladi.
Oylikka yashashadi. Boshqa qaerdan ham daromad qilishardi. Aksiga olib, keyingi yarim yillikda zavodga buyurtmalar kamroq tushdi. Bu esa maosh cho‘g‘iga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Atelega kelib kiyim tikdiradigan mijozlar soni ham tobora kamayib bormoqda.
Xullas, xotin ertalabdan arzi dodini aytib turadi:
— Dadasi, u narsaga pul kerak, bu narsaga pul kerak...
No‘‘monjon avval yotig‘i bilan tushuntirishga urinadi:
— Sal sabr qilib tur, bo‘p qolar...
Ammo bunaqa va’dalarni eshitaverib bezor bo‘lgan xotin ham bo‘sh kelmaydi. Xullas, janjal tayyor-da.
No‘‘monjon ba’zan o‘zini bosib turolmay, qizalog‘i Mehrinisaning yonida ham xotinini, har qalay, baqirib-chaqirmasa-da, sal dag‘alroq ohangda jerkib qolgan joylari bor, buni tan oladi. Ammo bunday paytlari o‘ziga qo‘rquv bilan termulib qoladigan, ilojini topsa burchakka biqinib oladigan qizalog‘ining ko‘p gaplarga aqli yetishini xayoliga ham keltirmagandi. Buni tasodifan bilib qoldi.
Shodon kayfiyatda yurgan No‘‘monjon bir payt sal zingil solib qarab ko‘rdiki, o‘zi biron shirinlikmi yoki pufakmi sotib olish uchun do‘konchaga yaqinlashsa bas, qizalog‘i bezovtalanib atrofga alanglar, iloji bo‘lsa uni chalg‘itib, nariroqqa sudrab ketardi.
Ota e’tibor bera boshlaganidan so‘ng ham bu hol bir martagina sodir bo‘lib qolmadi, uch takrorlandi, to‘rt takrorlandi. Nihoyat ajablangan No‘‘monjon engashib, yonidan o‘tib borayotgan Qorboboni xursandchilikdan ko‘zlari chaqnab kuzatayotgan qizalog‘idan so‘radi:
— Mehri, biron nima oberay.
Qizaloq jon holatda sovg‘asini bag‘riga bosib, keskin bosh chayqadi:
— Hech nima kerakmas.
— Nega axir?
Qizaloq dadasiga tiniq ko‘zlarini tikdi:
— Bu yer qimmat bo‘ladi...
No‘‘monjonning yuragi simillab og‘rib ketdi. Buni qizchasiga sezdirmaslikka uringancha, iloji boricha quvnoq va beparvo tarzda gapirishga urindi:
— Bugun pulimiz ko‘-o‘p. Istagan narsangni aytaver.
No‘‘monjon sezdi: qizchasi o‘ziga ishonqiramay qarab qo‘ydi-da, so‘ng uni sahna tomon sudradi:
— Yuring, ertak tomosha qilamiz.
No‘‘monjon esa haqiqatan ham bugun tuzukkina, to‘g‘risi, uyda bayramdan keyin qolgan bor pulni olib chiqqandi. Shu sababli u qizchasining ko‘nglidagi butun xavotirlarni bir yo‘la haydab solishga ahd qildi.
Mehrinisa qiyma kabobni yaxshi ko‘rgich edi. No‘‘monjon qizchasini deyarli sudrab borib maydon yonidagi osmonga tutuni o‘rlab turgan oshxonadan to‘rtta qiyma kabob olib berdi. Qizaloq:
— Qimmat bo‘lsa olmang, — deyishga ulgurdi, xolos.
Xursandligi boismi, No‘‘monjon chindan ham ochiqmagan edi. Shu sababli birdan bezovtalanib qolgan qizchasining qayta-qayta manziratlariga javoban:
— Rahmat, qornim to‘q, — dedi-da, choy ichib o‘tiraverdi.
Mehrinisa baribir ikkita kabobni dadasining oldiga surib qo‘yarkan, odatiga ko‘ra, shiringina jilmaygancha dadasini juda yaxshi ko‘rib ketgan mahallari aytadigan gapini takrorlab:
— Dadajonimdan aynanay, — deb qo‘ydi.
Mehribon ota uchun bundan ortiq maqtov bo‘lishi mumkinmi axir...
Kabobxo‘rlikdan so‘ng olma sharbatidan ichishdi. Ana undan keyin shokolad yeyishdi.
Axiyri, No‘‘monjon kutganiday, ko‘nglidagi gumonlari aridi va otasinining bir kunlik xalifa ekanligiga ishonch hosil qildi shekilli, Mehrinisa yana sho‘x-shodon, yayrab kulishga o‘tdi.
— Hali teatrga boraylik, — derdi ich-ichidan sevinchi toshib borayotgan ota hayajon bilan, — mazaning zo‘rini o‘sha yerda ko‘rasan. Qorboboning o‘zi “Qachon Mehri qizim kelarkin” deb sovg‘asini qopiga joylab o‘tiribdi...
Qizaloq dadasining gaplariga chippa-chin ishonar, tezroq teatrga borishga, Qorboboning qo‘lidan sovg‘a olishga shoshardi.
Ota-bola mana shu kayfiyatda teatr binosiga yoniga qo‘l ushlashib, shaxdam qadamlar bilan yetib kelishdi va...
Avval qo‘yin cho‘ntagiga, so‘ng boshqa cho‘ntaklariga shosha-pisha qo‘l solib chiqqan No‘‘monjonning yuragi orqasiga tortib ketdi — chipta yo‘q edi.
Uydan olib chiqqani aniq yodida bor, xotini ham “Ehtiyot bo‘ling” deb qayta-qayta tayinlagan edi. Demak chipta yo zooparkda yo‘qolgan, yo maydonda. Ehtimol avtobusga minganlari mahal tushib-pushib qolgandir.
Bolalar teatrga gurros-gurros oqib kelardilar. Deyarli barisi yo otasi, yo onasi yetovida.
Otasining qo‘lidan mahkam ushlab olgan Mehrinisa gerdayib turar, hozir, tez orada dadajonisi bilan ular qatori teatrga tushishini o‘ylab entikardi.
Chipta esa yo‘q edi. Cho‘ntaklarini qayta-qayta kavlashtiraverish benaf ekanligini anglagan No‘‘monjonning peshonasiga sovuq ter toshdi. Bunaqa paytlari odam esankirab, nima qilarini bilmay qoladi.
No‘‘monjon dovdirab turdi-turdi, axiyri qo‘lini qizchasining qo‘lchasidan chiqarib olib:
— Shu yerda qimirlamay turib tur, hozir kelaman, — degancha teatr binosi yon tomonidagi “kassa” deb yozilgan tuynuk tomon oshiqdi. Afsuski, tuynuk yopiq edi. Bu tushunarli, albatta: kanikul payti chiptalar oldindan tarqatiladi-ku...
Bo‘shashibgina qizi yoniga qaytayotgan No‘‘monjon “Chiqmagan jondan umid” qabilida kirish eshigi yoniga bordi. Semirib ketganidan qorni oldinga osilib tushgan, harsillab nafas olayotgan, yog‘ochi chidamaganidanmi, kattakon temir stulga yalpayib o‘tirib olgan tund basharali eshikbonning avzoyidan yaxshilik kutib bo‘lmasdi.
Shunday bo‘lsa-da, No‘‘monjon salomni quyuq qildi:
— Assalomu alaykum, amaki. Yangi yillar bilan. Yaxshi yuribsizmi...
Eshikbon o‘siq qoshlari orasidan No‘‘monjonga o‘qrayib qaradi:
— Nima kerak?
— Bilasizmi, amaki, sklerozligim tutib, biletni uyda qoldiribman. Shunga, sizdan iltimos, qizcham xafa bo‘lmasin...
Dunyoda birovdan bir nimani iltimos qilishdan og‘iri yo‘q. Ayniqsa hamsuhbating senga oshkora ishonqiramay, shubhalanib qaray boshlasa.
Eshikbon gapni cho‘rt kesdi:
— Joy yo‘q. Qizing ikki soat tik turmaydi-ku...
No‘‘monjon tushuntirishga urindi:
— Axir, bizning biletimiz bor, o‘sha joy bo‘sh bo‘ladi-ku...
Eshikbon ishonqiramay so‘radi:
— Nechanchi mesto edi?
No‘‘monjon yelka qisdi:
— Joy nomeriga qaramabman, amaki. Iltimos, o‘tkazib yuboring...
Shu so‘zlarni aytarkan, No‘‘monjon yer ostidan endi nimanidir ko‘ngli sezganday jovdirabgina qarab, o‘zi tomon yaqinlasha boshlagan Mehrinisaga ko‘z tashladiyu, battar ezildi.
Eshikbon pinak buzmadi:
— Joy yo‘q. Senga o‘xshagan odamlarning gapiga ishonaversam, teatrni odam bosib ketib, turishgayam joy qolmasdi.
Dili og‘rigan No‘‘monjon qizi yaqinlashib qolganligi bois beixtiyor past ovozda so‘radi:
— Men qanaqa odam bo‘libman?
Eshikbon bo‘ynini cho‘zdi:
— Qanaqa bo‘larding, yolg‘onchi odamsan-da. Bir yarim ming so‘mlik bilet uchun qizingni o‘rtaga qo‘yib qasam ichayapsan. Imonsiz...
Mehrinisa qabatiga kelib qolgan edi va bu so‘zlarning barisini eshitdi. Uyat-nomusdan No‘‘monjonning quloqlari shang‘illab ketganday bo‘ldi.
— Nima dedingiz? O‘ylab gapirayapsizmi? — dedi u deyarli shivirlab.
— To‘g‘ri-da, — battar avj qilib, deyarli bo‘kirib gapirishga o‘tdi eshikbon. U nimagadir kelasola otasining pinjiga suqilgan qizaloqni ko‘rgandan keyin battar quturib ketdi: — Oppoqqina qizchangga bitta bilet oberolmasang nima qilib yuribsan erkak bo‘lib?! Yana meni aldaganing ortiqcha. Qasamxo‘r!
— Dadajon, dadajon, ketdik! Uyga ketaylik! — jon holatda No‘‘monjonning qo‘lidan torta boshladi qizaloq.
No‘‘monjon hali biron marta qizining oldida bu qadar sharmanda bo‘lmagan edi. Nazarida teatrga kelayotgan katta-kichik unga nafratlanib, o‘g‘riga qarayotganday tikilayotgan edi.
Uyat, dahshatli darajadagi uyat sho‘rlik otaning ko‘ksini tilka-pora qilib o‘tganday bo‘ldi.
Zero u qizchasi uchun mardlik, shijoat namunasi ekanligini yaxshi bilardi. Qizaloqning nazarida otasi dunyodagi eng kuchli, eng aqlli, eng saxiy, eng mehribon, eng rostgo‘y odam edi. Qizaloq bunga chippa-chin ishonardi, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi...
Hozir esa mana shu ota bir semiz, tepsa-tebranmas eshikbon yonida yer bilan bitta bo‘lib turardi...
— Dadajon, ketdik... — yolvordi qizaloq.
Qizalog‘i zo‘r berib qo‘lidan tortayotganini ilg‘agan No‘‘monjon unga ergashib bir qadam tashladiyu, shu zahoti to‘xtab, eshikbonga o‘girilib, asta so‘radi:
— Siz meni... yolg‘onchi dedingizmi?
Bu ovozda nedir bir qahr, betiyiq nafrat bor edi. Buni ilg‘agan eshikbon jon holatda cho‘ntagidan hushtagini chiqarasola churillatib chaldi.
Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ishqilib, shu zahoti eshikbonning yonida sport libosini kiyib olgan, yigirma yoshlardagi kirpi sochli baquvvat bir yigit paydo bo‘ldi.
Eshikbon No‘‘monjonga ishora qilib, o‘zi ortga tashladi:
— Manavi meni so‘kdi, o‘ldiraman, deb qo‘rqitdi. O‘zining bileti yo‘q ekan, qizim bilan meni ichkariga kiritib yubor, deb talab qildi. Bolalarni qo‘rqitayapti...
No‘‘monjon o‘zini oqlash uchun og‘iz ochishga ham ulgurolmadi. Uni qandaydir istehzo bilan, mazax aralash bepisand kuzatib turgan yigitcha oshiqcha zo‘riqishsiz ham “iyya!” deya gavdasini chap tomonga egib, o‘ng oyog‘ini baland ko‘tardi va kuchli zarba No‘‘monjonning quloq chakkasiga kelib tegdi.
No‘‘monjon bir necha qadam nariga gandiraklab borib yiqildi. Eng yomoni — shoshilishda qo‘lini qo‘yib yuborishni ham unutgan ekan, unga qo‘shilib Mehrinisa ham quladi-yu, ikkinchi qo‘lidagi o‘yinchoq telefon otilib ketib, chil-chil sindi...
Sportchi yigitcha No‘‘monjonning boshiga keldi va so‘zlarni chertib-chertib dedi:
— Shu yerda yana qorangni ko‘rsam o‘ldiraman!
Mehrinisa izillab yig‘lab yubordi:
— Dadajo-on!..
Zo‘ravon sallona-sallona, yelkalarini uchirib-uchirib yurib ortga qaytdi va teatr ichiga kirib ketdi.
No‘‘monjon bir amallab o‘rnidan turdi. Tomoshaga kelayotganlar uni chetlab o‘tishga urinishardi. Faqat bir juvonning achinish aralash:
— Bechora... — degani quloqqa chalinganday bo‘ldi.
No‘‘monjon piqillab, entikib-entikib yig‘layotgan qizchasini yetaklab teatr yonboshiga o‘tdi. Adashmagan ekan, ariqda ko‘lmak suv bor edi.
No‘‘monjon ro‘molchasini ho‘llab avval o‘zining, so‘ng ariq labida o‘ziga qo‘rquv bilan tikilib turgan, entikib-entikib qo‘yayotgan Mehrinisaning ust-boshini artib tozaladi.
Shundan keyin ota-bola indamay yo‘lga tushishdi. Bu safar ular qo‘l ushlashib olishmagan edi.
No‘‘monjon atay teatr tarafdan yurmadi, uzoq bo‘lsa ham aylanma yo‘ldan yurdi.
Boyagi xush-xandon kayfiyatdan asar ham qolmagan edi.
No‘‘monjon qizining yuziga qarashga qo‘rqardi. Bir vahimali o‘y uning ich-etini yerdi: “Endi nima bo‘ladi?..”
No‘‘monjon bir narsadan, qizining oldida uyalib qolishdan, uning o‘ziga nisbatan cheksiz hurmatini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib yurardi. Mana shu dahshatli voqea ro‘y bergandi...
Maydondan avtobus bekati tomon o‘tayotganlari mahal No‘‘monjon yo‘l chetiga o‘rnatilgan, archa rasmi solingan do‘konchani ko‘rib qoldi.
No‘‘monjon shu tomonga yurdi.
Kelib ko‘rdiki, chiroyli salafan xaltachalarga solingan yangi yil sovg‘alari sotilayapti. Buni ko‘rib No‘‘monjon sal dadillashganday bo‘ldi. So‘ng shosha-pisha cho‘ntagidan bor pulini chiqarib sanab ko‘rdi. Bir ming olti yuz qolibdi. Eng arzon sovg‘a esa bir ming to‘rt yuz so‘m turarkan.
No‘‘monjon sovg‘ani olayotganini ko‘rgan mahal qizaloq bezovtalanib uni turtdi:
— Kerak emas, dadajon... Ketaylik...
No‘‘monjon, garchand ovozi titrayotganini sezsa-da, iloji boricha xotirjam ohangda gapirishga urindi:
— Qorbobo senga atalgan sovg‘asini shu yerga tashlab ketibdi...
Shu so‘zlarni aytarkan, No‘‘monjon lablari qiyshayib ketayotganligini his qildi. Uning o‘pkasi to‘lib turardi. Agar qizi yonida bo‘lmasa, ehtimol, ko‘z yoshlariga erk berarmidi...
Qizaloq sovg‘ani oldi. So‘ng:
— Dadajonimdan aynanay, — deb rahmat aytgan ham bo‘ldi.
Faqat bu so‘zlarni Mehrinisa chin yurakdan emas, qo‘rqa-pisa aytdi. Zero, qizaloqni otasining ahvoli, ko‘z qarashlari qo‘rquvga solmoqda edi...
No‘‘monjon cho‘ntagida qolgan ikki yuz so‘mni mahkam qisimlagancha bekat tomon yurdi. Uyga yetib olsin, keyin... Keyin nima bo‘lishini No‘‘monjonning o‘zi ham bilmasdi. Ammo u tezroq uyga yetib olishga, xonaga qamalib olishga, erkatoy qizalog‘ining ko‘zidan nariroq bo‘lishga intilardi... Toki ko‘nglini tilka-pora qilayotgan uyat, nomus, sharmandalik hislari bilan o‘zi yakkama-yakka qolsin...
No‘‘monjonning baxtiga, avtobus tezda kelaqoldi. Yo‘lovchilar ko‘proq ekan. Ammo ota-bola oldingi eshikdan amallab ichkariga kirib olishdi.
— Za proezd! — qichqirdi kimdir No‘‘monjonning ortidan.
O‘girilishning iloji yo‘q edi. Shu sababli No‘‘monjon cho‘ntagidan ikkita yuztalik chiqarib, yonida turgan yo‘lovchiga tutdi:
— Iltimos, bittaga uzatvoring.
Ellik yoshlardagi yo‘lovchi juvon pulni olib, chiptachiga uzatdi. Shu mahal orqadan yana ovoz keldi:
— Yana bir yuz yigirma.
Bekatda faqat qizi bilan ikkovi avtobusga chiqqani yaxshi esida qolgan No‘‘monjon ajablanib, ayni paytda yuragi zirqirab yonidagi hojatbaror yo‘lovchidan so‘radi:
— Yo‘l haqi oshdimi?
— Yo‘q, bir yuz oltmishdan.
Xuddi shu lahzada ortdan eshitilgan amirona ovoz No‘‘monjonni o‘girilishga majbur etdi:
— Bolangga pul to‘la!
O‘n olti-o‘n yetti yoshlar chamasidagi chiptachi o‘ziga ko‘zini lo‘q qilib qarab turardi. Bu o‘smir yigitchadan “gup” etib qo‘lansa papiros isi keldi.
No‘‘monjon Mehrinisani qo‘lidan tutib sal oldinroqqa olib o‘tishga urinarkan:
— Bu hali yettigayam to‘lmagan, — dedi iloji boricha muloyimlik bilan.
— Yolg‘on ham evi bilan-da, aka, — dedi chiptachi bepisand, hattoki nafrat ohangida. — Bu so‘loqmonday bolangiz kamida o‘n birga borgandir.
No‘‘monjonning miyasiga qon gup etib urildi. Boyagi eshikbonning haqoratlari, zo‘ravonning kaltaklari, qizining oldida sharmandai sharmisor bo‘lgani — bularning barisi uning sabr kosasini to‘ldirgandiyu, mana endi bezbet chiptachining haqoratomuz gaplari so‘nggi tomchi bo‘lib quyilmoqda edi.
— Og‘zingizga qarab gapiring, uka, — dedi No‘‘monjon titrab-qaqshab. — Tursa chiptangiz bir yuz oltmish so‘m turar, mening bolam emas.
Chiptachi No‘‘monjonga yovqarash qilib, balanddan keldi:
— Avtobusga mindingmi, marhamat qilib pulini to‘la. Otangning taksisida tekin kataysa qildirasan bolangni. Bir yuz oltmish so‘m uchun qizingni o‘rtaga qo‘yib qasam ichayapsan. Erkakmisan o‘zi...
Dir-dir titrayotgan No‘‘monjon qizining jon holatda qo‘lidan torta boshlaganiniyu:
— Dadajon... dadajon... — deb yolvorayotganini g‘ira-shira his qildi.
Xuddi shu mahal bo‘g‘riqib ketgan, lablari pir-pir uchayotgan No‘‘monjonga bir ko‘z tashlagandayoq ziddiyatning dahanaki jang doirasidan chiqib ketayotganini ilg‘adi shekilli, juvon tezlik bilang jajji sumkachasidan besh yuz so‘mlik chiqarib, chiptachiga uzatarkan:
— Beshigini tebratganmisan, nimaga “sen”laysan otang tengi odamni! — dedi do‘q aralash. — Ma, manavindan ol oladiganingni. Sen avval odamni hurmat qilishni o‘rgan! Kim qo‘yib qo‘ydi o‘zi seni bu yerga? Yoshing nechada?
Pulni olgan zahoti birdan muloyim tortib qolgan chiptachi yaltoqilik bilan o‘zini oqlashga urindi:
— Bizdayam plan bor, kennoyijon...
Juvon to‘ng‘illadi:
— Bilamiz qanaqa planlaring borligini...
Uyat-nomusdan adoyi tamom bo‘lgan No‘‘monjon nima qilayotganini o‘zi ham to‘la idrok qilmagan holda... beixtiyor shosha-pisha cho‘ntaklarini kavlay boshladi. Go‘yo mo‘‘jiza yuz beradiyu, biror cho‘ntagidan yuz yigirma so‘m chiqib qoladi. Bir cho‘ntak, ikkinchi cho‘ntak, uchinchisi... Ularning barisi bo‘sh edi. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir...
No‘‘monjon hamon dovdiragan, karaxt ahvolda shimining orqa cho‘ntagiga qo‘l soldi va barmoqlariga silliq bir nima ilashganini his qilganday bo‘ldi. Nahotki...
No‘‘monjon hovliqqan tarzda o‘sha narsani oldi. Bu g‘ijimlangan ikkita chipta edi. Yangi yil tomoshasi chiptalari... Qizi bilan o‘ziga...
Chiptalarga angrayib qarab qolgan ota yonida turgan qizalog‘ining pichirlaganini eshitganday bo‘ldi:
— Dadajonimdan aylanay...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.