OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Endi nima qilaman? (hikoya)

Janjal yana ertalabdan, nonushta mahalidan boshlandi.
– Dadasi... – dedi zorlanib Xolnisa. 
Akbarali avvaliga o‘zini eshitmaganga solib ko‘rishga urindi, hatto jon-jahdi bilan gazeta o‘qiyotganday tutdi.
Ammo Xolnisa bo‘sh keladigan ayollardan emas. 
– Dadasi... – dedi juvon bu safar sal zardali ohangda.
Bo‘ron boshlanib kelayotganini anglagan Akbarali og‘ir uf tortdi va noiloj xotiniga o‘girildi.
Ana endi Xolnisaga xudo berib qoldi. Birdan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan juvon “qult” etib tupugini yutarkan, alamli ohangda dedi:
– Shunaqa... Endi bu odam bizning gaplarimizni eshitmaydi... O‘zimizam yoqmay qolganmiz, so‘zimizam...
Akbarali qo‘shni xonadagi Sherzod eshitib qolmasligi uchun ovozini pasaytirib dedi:
– Nima deysan? Yana o‘sha gapdir-da.
– Ha, o‘sha gap, – birdan jahl bilan o‘shqirdi Xolnisa. So‘ng ko‘z yoshlarini tiya olmay, bidirlab ketdi: – O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim qo‘shnilarning dastidan. Kecha anavi Saltanatga “Uyga servant omoqchiydik” desam, yashshamagur pixillab kulib nima deydi deng?
Xolnisa eriga savolomuz qaradi.
Akbarali avval yelka qisdi, so‘ng o‘ziga baqrayib tikilib qolgan xotinidan sas chiqavermagach, so‘rashga majbur bo‘ldi:
– Xo‘sh, nima dedi?
– Bopladi, yashshamagur! Iloyo og‘zingdan qoning kelgur!.. 
– Xo‘sh, nima dedi? – betoqatlanib so‘radi Akbarali.
– O‘l dedi, dard dedi! – avjini kuchaytirdi Xolnisa. So‘ng erining afti burishayotganini ko‘rgach, darhol maqsadga ko‘chdi: – “Mosh sig‘magan orqangizga loviyani tiqib nima qilasiz?” dedi yashshamagur.
Akbarali hayron qoldi.
– Servantga moshning nima aloqasi bor? 
Xolnisa eriga ikki karra ikki to‘rt bo‘lishini tushuntirayotgandek ta’kidlab, so‘zlarni chertib-chertib dedi:
– Uyimizning torligini aytdi-da u yashshamagur! Eri to‘rt xonani egallab olgan. Siz bo‘lsangiz, ammamning buzog‘iga o‘xshab...
– Bo‘ldi! – dedi bo‘g‘riqib ketgan Akbarali jahl bilan. – Plastinkangni to‘xtat! Yo boshqasini qo‘y.
– Nega to‘xtatarkanman?! – bobillab berdi Xolnisa. – Yo gapi noto‘g‘rimi? Yo‘q, to‘ppa-to‘g‘ri! Siz menga jahl qilmang, dadasi, jahl qilmang. Undan ko‘ra hammaga kulgu bo‘lib yurganimiz uchun o‘zingiz uyaling. Axir qachongacha umrimiz shu katalakda o‘tadi? Mehmon chaqirolmasak, o‘zimiz emin-erkin birovnikiga borolmasak. Yana  ikki-uch yildan keyin Sherzodingiz kap-katta bola bo‘ladi. Bilmayman, to‘yni qaerda o‘tkazasiz...
Akbaralining tili qichidi, ammo darrov o‘zini bosdi. Zero u hozir nima desa ham tor uyda yashayverib, keng-mo‘l uyni orzu qila-qila yurak-bag‘ri siqilib ketgan Xolnisa alamini to‘kib solish uchunoq kamida yana yarim soat baqir-chaqir qilishi, keyin esa xo‘rligi kelib, rosa yig‘lab olishi aniq edi.
“Ayollarga oson, – deb o‘ylardi shunaqa paytlari Akbarali. – Hech bo‘lmasa ko‘z yoshi to‘kib sal yengil tortib olishadi. Qiyindan bizga qiyin...”
Darhaqiqat, bunday chog‘larda tashqaridan xotirjam ko‘rinsa-da, Akbarali sas chiqarmay iztirob chekar, diliga quyilayotgan alam-iztirob, chorasizlikdan qiynalish tuyg‘ulari esa asta-sekin madda boylab, yuragini siquvga olayotgan bo‘lsa kerakki, keyingi paytlarda yigitning yuragi siqadigan odat chiqardi.
Ammo Akbarali buni xotiniga bildirmaydi.
Hozir ham indamay, tez-tez kiyindi-da, uydan chiqib ketishga shoshildi.
Uning ortidan Xolnisa shang‘illab baqirib qoldi:
– Erkakmisiz o‘zi! Anov ishni hal qilib keling! Yuraverasizmi shalpa¬yib? Sizga o‘xshagan odamlarning uch-to‘rttadan hovlisi bor. Biz bo‘lsak...
Akbarali qadamini tezlashtirdi.
Nihoyat xotinining qahrli ovozi eshitilmay qolgandan keyingina u ustidan bosib turgan yukdan xalos bo‘lganday sal yengil tortdi. Ammo bu vaqtinchalik holat edi, xolos. Zero, oradan bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas hammasi boshidan boshlanadi...

* * * 

Hamma zamonlarda ham ishbilarmon, tadbirkor, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib bo‘lsa hamki turmushini farovon etib yuradigan, tegirmonga tushsa butun chiqadigan ustomonlar qatorida bo‘sh-bayov, boriga qanoat qilib yashaydigan, ammo ertangi kunga nisbatan umidni yo‘qotmaydigan fuqarolar ham bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. 
Akbarali o‘zini mana shunday oddiy, kamsuqum odamlar safida ko‘rardi.
Bo‘lmasa vaqtida institutni bitirdi, yo‘llanma bilan zavodga ishga kelib, to‘rt yil quyuv tsexida muhandis bo‘lib ishlab ham berdi. 
Tan olish kerak, o‘sha paytlari Akbarali zavodda yaxshigina maosh olardi. Zavod ish rejasini bajargan taqdirda maoshga qo‘shimcha tarzda beriladigan oylik mukofot pulining ham cho‘g‘i baland bo‘lardi.
Bu orada tortinchoq, kamgap Akbarali kerak paytlari ishchilar bilan bo‘ralatib so‘kishishni ham sal-pal o‘rganib oldi. Oy oxirida, reja bajarilishi xavf ostida mahallari esa o‘zi rangli metall qaynab yotgan sakkiz yuz darajali pechka yonida cho‘mich ko‘tarib turdi, zarur detallar uchun qolip yasashni ham balodaygina o‘zlashtirdi. Holbuki, avvaliga quyuq metall biqirlab qaynab turgan pechka yoniga yaqinlashishga cho‘chib turardi. Har qalay, odam qilgan ishni odam qilarkan, ko‘z qo‘rqoq, ko‘l esa botir bo‘larkan. 
Institutda olgan nazariy bilimlari ko‘mak berdimi, oxir-oqibat ishchilar bilan til topishgan Akbarali bir-ikkita qo‘li gul quyuvchilar yordamida ayrim detallarni yarim tayyor metall shakllarni o‘yib ishlov berib emas, quyib tayyorlash bo‘yicha samarali takliflarni kiritib, ularni amaliyotga joriy etib, bundan keladigan iqtisodiy samara  hisobiga mukofot puli olishni ham uddalaydigan bo‘ldi. 
Ishqilib, yigitning qo‘li pul ko‘ra boshladi.
Yo‘llanma bilan kelgan yosh mutaxassisga zavod yotoqxonasidan bir xona ajratib berishgandi. Akbarali shu yerda yashar, oyda bir marta qishloqqa borib, ota-onasi va aka-singillaridan xabar olib qaytardi. 
Hayot endi shu tarzda davom etadigandek edi. Ish, yotoqxona, yakshanba kuni dam, dushanbadan yana ish; oyda bir marta uyga borib kelish...
To‘g‘ri, zavodning o‘zida ham, ta’bir joiz bo‘lsa, havodan pul yasaydigan olg‘irlar topilib turardi. Ular bir necha marotaba birga ishlashga taklif etishdi, ammo Akbarali ro‘yxo‘shlik bildirmadi. Ayniqsa duradgorlik tsexining boshlig‘i Akmal bir necha marotaba hatto yotoqxonaga ham izlab kelib, hamkorlikda biznes qilishga chaqirdi. Akbarali ko‘nmadi.
Bu orada zamon o‘zgarib ketdi. 
Bozor iqtisodiyoti degan tushuncha hayotga kirib keldi. 
Ko‘pchilik odam o‘zini oldi-sotdiga urdi.
Akbarali o‘z joyida tinchgina ishlayverdi. Uning ancha-muncha tanishlari bu sohada sinib, boridan ham ayrilishdi. Ularni ko‘rib, Akbarali bunaqa ishlarga aralashmagani uchun o‘zicha shukronalar aytdi. To‘g‘ri, ba’zi bir tanish-bilishlarining omadi keldi. Ular tez orada yangi mashinalarda, qimmatbaho liboslarda o‘zlarini ko‘z-ko‘zlab yuradigan bo‘lishdi. Akbaralining ularga havasi keldi, ammo oldi-sotdini eplolmasligini o‘ylab, yana bunaqa ishlardan o‘zini olib qochib yurdi.
Tez orada Akbarali uylandi.
Kelin qishlog‘idan. Istarasi issiqqina, xushmuomala Xolnisa bilan dast¬labki yillari oilaviy yotoqxonaning katalakdek bir xonasida baxtiyor yashadilar. Qishloqdan kelgan Xolnisa yotoqxonaning sharoitidan, ayniqsa bir jo‘mrakdan issiq suv, ikkinchisidan sovuq suv tinmay kelishidan, umum oshxonada esa gaz sira o‘chmasligidan hayratda edi. 
O‘g‘illi bo‘lishdi. Keyin qiz ko‘rishdi.
Vaqt esa shuvillab o‘tib bormoqda.
Yotoqxonani xususiylashtirishdi.
Akbarali o‘zi yashab turgan xonani qonuniy asosda nomiga o‘tkazib oldi.
Ana shunda ko‘rdi yigit ayrim odamlarning naqadar ishbilarmon va ustomon ekanligini.
Akbarali torgina xonaga ega bo‘lganiga shukronalar aytib yuravergan ekan. Ustomonlar bo‘lsa u qilishdi-bu qilishdi,  kerakli odamlarni topishdi, ularning ko‘nglini ovlashdi, ishqilib, qisqa muddat ichida oilaviy yotoqxonadan uchtadan-to‘rttadan xonani xususiylashatirib, devorlar bilan o‘rab, ta’mirlab, binoyidaygina uy qilib olishdi. Shundaylardan bittasi umumiy oshxonani ham o‘ziniki qilib olib, darrov eshigini berkitib, bilyardxona qilib olgandan keyin Xolnisa ovqatni eni-bo‘yi bir yarim metrlik ayvonda, elektr plitada tayyorlaydigan bo‘ldi. 
Akmal-ku, bir yumalab boshqacha odamga aylandi-qoldi. Ya’ni qisqa vaqt ichida o‘zi ishlagan tsexni o‘ziniki qilib oldi, bozorda yaxshi ketadigan eshik-romlar ishlab chiqara boshladi. Qarabsizki, ikki yil o‘tar-o‘tmay Akmalboy katta hovliga va gijinglab turgan xorij mashinasiga ega bo‘ldi.
Bularning bari er-xotinning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqdaydi.
Xullas, oxir-oqibat shunday kun yetib keldiki, ishsiz qolgan Akbarali noiloj bir paytlar o‘zi birga ishlagan tanishi Akmalning xususiy mebel fabrikasida oddiy ishchi bo‘lib ishlay boshladi.
Alam qilmaydimi? Qiladi, albatta. Ammo na iloj? Nari borsa burnini tishlar...
Ikki bola bilan bir xonali uyda yashashning azobi... Buni ayniqsa ayol kishi ko‘proq va chuqurroq his qilsa kerak. 
Xolnisaga ham oson emas. Ayniqsa og‘zi shaloq Saltanatga o‘xshash qo‘shnilar bilan yashash. Axir Saltanat qop-qoragina, jussasi o‘zidan ikki barobar kichkina eri Toshtemirni burayverib-burayverib, oxiri qo‘shnisining ikki xonali uychasini ham sotib oldi va mana endi to‘rt xonali uyda maza qilib yashayapti. Xotin kishi esa maqtanishga o‘ch bo‘ladi. Ayniqsa bechorahol kun ko‘rayotgan hamjinsini ko‘rganda Saltanatga o‘xshaganlar o‘zlarini ushlab turolmaydilar. “Akangizni bir buragandim, – deya maqtanardi odatda Saltanat, – qosh-ko‘zingdan sadag‘a deb ikki xonali uyni to‘rt xonaga aylantirdilar. Endi xudo xohlasa yer olib, katta uchastka qurdirmoqchiman...”
Akbarali esa... uquvsizligini o‘ylab ezilgani-ezilgan. “Odamlar pulni qaerdan toparkin?..” deb o‘ylayverib ham adoyi tamom bo‘lgan... Buning ustiga to‘ng‘ichi Sherzodning yoshi oltiga qarab borayapti. Uning qo‘lini halollash kerak. To‘y uchun esa risoladagiday bo‘lmasa ham, hech bo‘lmasa ellik-oltmish odam sig‘adigan joy kerak. Bir xonali katalagiga esa beshta odam kirsa, oltinchisi tash¬qarida kutib turishi kerak bo‘ladi... Hozir maktabga olti yoshdan olishadi. Shoshilish kerak, shoshilish...

* * * 

Bu dunyodagi har qanday yangilikni ayol zoti birinchi bo‘lib eshitadi. Bu haq gap.
Dilxiralikka boy kunlarning birida Xolnisa erini anchayin iljayib, ko‘zlari chaqnab, ko‘tarinki kayfiyatda qarshiladi.
Bunday shodumonlik bejiz bo‘lmasligiga allaqachonlardan boshlab aqli yetib qolgan Akbaralining yuragi orqasiga tortib ketdi. “Qarz ko‘targan, – degan xayolga bordi u dastlab. – Olgandayam yaxshigina olgan”.
Xolnisa eriga achchiq choy damlab bergach, hamon lab-lunjini yig‘ishtirib ololmagan ko‘yi suyunchi undirishga shoshildi:
– Eshitdik, dadasi, eshitdik.  
– Nimani? – hushyor tortdi Akbarali.
– Shunday bozorning yonginasida yangi bank ochilibdi. Uy qurayotganlarga qarz berayotganmish.
Akbarali eslaganday bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘sha joyda muhtasham bir bino qisqa muddatda qurilib, ishga tushgandi. Adashmasa, yonboshiga “Ipoteka bank” deb yozib qo‘yishgandi. 
Akbarali darhol xotinining muddaosini tushundi. Shu sababli elburutdan uning olovini o‘chirib qo‘yish maqsadida ochig‘iga ko‘chdi:
– Davlatdan qarzdor bo‘lish yomon, xotin...
Ammo er gapini tugatolmadi.
Birdan ko‘zlari nafratdan chaqchayib, qovoq-tumshug‘i osilib ketgan Xolnisa o‘shqirib berdi:
– Butun dunyo qarz olib yashaydi, lekin oxirzamon bo‘lmaydi. Siz qarz olsangiz tamom!
Akbarali yana yotig‘i bilan tushuntirishga urindi. Xolnisa bobillab berdi:
– Tamom-vassalom! Davlatdanmi, tanishingizdanmi qarz olib, uchastka sotib oling. Bo‘lmasa bolalarimni yetaklab boraman-da, o‘zimni ko‘prikdan tashlayman!..
Xolnisa shu so‘zlarni aytayotgan mahal unga qarab turgan Akbarali cho‘chib ketdi. Illo, qarshisida to‘rt qarich oshiqcha joy ilinjida ezilaverib tamom bo‘lgan, qo‘yib bersa o‘zini ko‘prikdan tashlashdan ham toymaydigan ayol turardi!
Akbarali beixtiyor zavod yaqinidagi katta ko‘chada qurilgan yangi ko‘prikni, uning ostidan g‘izillab o‘tib turadigan mashinalarni eslab seskandi. 
Yana yuragi simillab og‘rib ketdi.
Ammo buni xotiniga sezdirmadi. 

* * * 

Bu boshlanishi ekan.
Xolnisaning o‘y-fikrini yangi uy, yana deng, butun boshli hovli tashvishi egalladi-qo‘ydi.
Ayolning nazarida bankdagilar quchoq ochib muntazir turishibdi-yu, Akbarali shu tomonga qarab yursa bas, yugurib chiqib kutib olishadi.
Olinajak yoinki qurilajak hovlini deb ayol hammasiga ko‘ndi.
Avval sira unamay, “Qarz olib bo‘lsayam o‘zimiz alohida to‘y qilamiz, meni nomuslarga o‘ldirmang!” deya oyoq tiragan Xolnisa kutilmaganda muloyimgina bo‘lib, Sherzodning sunnat to‘yini qaynog‘asining bolalari to‘yiga qo‘shib yuborishga rozilik berdi.
Kichkinagina to‘y bo‘lib o‘tdi.
Ammo Xolnisa nolimadi.
Zero ayol yaqinda olinajak yoki qurilajak hovlisida o‘g‘ilchasining katta to‘yini barcha tanish-bilishlari, sobiq qo‘ni-qo‘shnilarining havasini va hasadini keltiradigan darajada ka-atta qilib o‘tkazish rejasini tuzib qo‘ygandi. 
Juvon qarz olish lozimligini eslatib charchamasdi, Akbarali bo‘lsa turli-tuman bahonalar bilan bu kunni orqaga surardi!
Axiyri bo‘lmadi.  Bir kuni tong sahardan erini uyg‘otgan Xolnisa unga sal uniqqan bo‘lsa-da, yaxshilab yuvilgan, ixlos bilan dazmollangan kostyum-shimini, oq ko‘ylak va bo‘yinbog‘ni tutarkan, ishonch bilan:
– Bugun boring! – dedi. – Tushimda ayon bo‘ldi. Qarz olib, ikki qavatli dang‘illama hovli quribmiz. 
– Har joyning ham o‘z egalari bor, xotin, – yana yotig‘i bilan tushuntirishga urindi Akbarali. – Begonaga shuncha pulni berib yuboradigan ahmoq yo‘q. Qolaversa, foizi ham falon pul bo‘ladi...
– Qanaqa foiz? – hayron bo‘lib so‘radi Xolnisa.
Akbaraliga jon kirdi.
– Surishtirib ko‘rdim, xotin, – dedi u darhol. –  Menam bekor yurganim yo‘q. Yillik foizining o‘zi o‘ttiz olti ekan.
– U nima degani? – battar ajablandi Xolnisa.
Akbarali sudxo‘rlikning mohiyati haqida bir oz tushuncha bergan bo‘ldi. Ammo do‘st-dushmanning ko‘zini kuydiradigan yangi dang‘illama uy ilinjida yurgan ayol bu izohlarni unchalik tushunmadi.
– Avvallari qarz ol-da, xotin ol, xotin yonga qoladi deyishardi, –dedi juvon qat’iyat bilan. – Endi bu maqol o‘zgargan. Endi qarz ol-da, uy sotib ol, uy yonga qoladi, qarzni bir amallab qaytarasan deyishadi.  
Akbarali yana kuyib-pishib bir nimalarni tushuntirishga urindi. Befoyda. Xolnisa bir gapni to‘tiqushday takrorlayverdi:
– Odamlar olayapti-ku...
Oxiri jig‘ibiyroni chiqqan Akbarali yangi kiyimlarini kiydi-yu, atrofida girdikapalak bo‘layotgan xotinining olqish-duolari ostida shosha-pisha uyni tark etdi.

* * * 

Akbarali bejiz xavotirlanmagan ekan.
Uy qurish yoki sotib olish uchun qarz undirishning ham o‘ziga yarasha qonun-qoidalari, yelib-yugurib to‘g‘rilanadigan bir qop me’yoriy hujjatlari bor ekan. 
Ammo eng asosiysi – qiymati olinayotgan qarz miqdoridan kamida biru chorak barobar ko‘proq bo‘lgan garov mulki kerak ekan.
Akbaralida garovga qo‘yishga arzirli mulkning o‘zi yo‘q edi. Mabodo bunday mulkni topgan taqdirida ham, olgan qarzini vaqtida qaytarishga ishonchi yo‘q edi.
Akbarali “erta... indin... ko‘rilayapti... komissiya yig‘ilsin” deb yana bir-ikki oyni amallab o‘tkazdi. Biroq Xolnisaning ahvoli tobora yomon bo‘lib bormoqdaydi. Erining kurakda turmaydigan bahonalarini eshitgan zahoti lablari pir-pir uchib, rangi ko‘karib ketayotgan juvon endi sira tilini tiyib turolmaydigan bo‘lib qolgandi.
Akbarali yaxshi gapirib ham ko‘rdi, baqirib-chaqirdi ham, hatto bir-ikki marta qo‘l ham ko‘tardi – bari befoyda. Uy haqidagi orzu-havas juvonning butun o‘y-xayolini egallagan, ta’bir joiz bo‘lsa, qonini ham zaharlab ulgurgan va endi Xolnisani bu darddan forig‘ qilish juda-juda mushkul, amalda bajarib bo‘lmaydigan yumush edi. 

* * * 

Boshini ming bir eshikka suqib ko‘rgan Akbarali nihoyat o‘ylay-o‘ylay allaqachon “yangi o‘zbek”ka aylanib ulgurgan Akmalning dang‘illama, Xolnisa orzu qilganidan ham ko‘rkamroq bo‘lgan hovlisiga bordi.
Akmal avval rosa o‘zini taroziga soldi.
– Pul topish qiyin bo‘lib borayapti, – dedi u nasihat ohangida. – Pulni sarflash oson. Hali to‘rtta jiyanni o‘qitishim, uchtasining to‘yini qilib berishim kerak. Barisining tashvishi mening bo‘ynimda...
Xullas, Akbarali sarg‘ayib turaverdi, Akmal nasihat o‘qishini qo‘ymadi. 
Axiyri, uchinchi bor bosh egib borganida, Akmal sal yon berganday bo‘ldi.
– Mayli, – dedi u katta iltifot ko‘rsatayotganday sal mensimagan ohangda, – besh ming “ko‘k”idan berib turaman. Bir yilga. Ustiga yigirma foiz qo‘shib, olti qilib qaytarasiz. Agar qaytarolmay qolsangiz...
Akmal Akbaraliga sinovchan tikildi. 
Akbarali mahzun tarzda yelka qisarkan:
– Bir amallarmiz, – deb ming‘irladi.
– Osmondan pul tushmaydi,  jo‘ra, – dedi Akmal istehzo ohangida. – Sizda aniq biznes-reja yo‘q. 
– O‘zingiz o‘rgatsangiz... – ojizona ming‘irladi Akbarali.
– Hammaga o‘rgataversam, o‘zimga nima qoladi? – piching qildi Akmal. So‘ng murosa ohangida dedi: – Ha, mayli, birga ishlaganimiz hurmati. Ozgina yordam beraman. Lekin qolgani o‘zingizga havola. Qattiq bo‘lishingiz kerak. Bir so‘mni bir joyga bekorga sarflamang.  Shuning uchun, mayli, arzimasa ham, uyingizni garovga qo‘yib turasiz endi...
Akbaralining yuragi simillab og‘rib ketdi. Bir xona bo‘lsa ham, har qalay, o‘z uyi; ta’mirlayverib charchamaydi, xuddi kengayib qoladiganday.
Ammo boshqa iloj ham yo‘q edi.
Akbarali rozi bo‘ldi.
Ishiga puxta Akmal kelishuvni notarius orqali rasmiylashtirishni talab qilib turib oldi.
Akbarali xotinim ko‘nmaydi deb yuragi po‘killab turgandi.
Yo‘q, ko‘ndi. Faqat quvonch bilan:
– Ishqilib, endi hovlili bo‘lib qolamizmi? – deb so‘radi.
Bunga javoban Akbarali bosh irg‘ab qo‘ydi, xolos.
Xolnisa yosh boladay chapak chalib, osmonga sakradi.

* * * 

Biroq holva degan bilan og‘iz chuchib qolmas ekan.
Akmal juda oddiy qilib biznes-rejaning mohiyatini aytib bergandi: biron ikki minglarga olti sotix yer sotib olish, bir yarim minglarga poydevor ko‘tarish, yigirma mashina tuproq olib kelib yoz bo‘yi g‘isht quyish, darrov devorni ko‘tarishga kirishish, ikki xonali vaqtinchalik uy tiklab, o‘sha yerga ko‘chib o‘tish va qolganini asta-sekin quraverish. Ya’ni tor joyda, oilaviy yotoqxonadagi katalakda osh yegandan ko‘ra, olti sotixli katta yerda musht yeyish...
Biroq bularning bari... aytishga oson ekan.
Orada quvonchdan ko‘zlari charaqlay boshlagan, yuz terisi silliqlashib, chiroyli bo‘lib ketgan, go‘yoki o‘n yoshga yashargan Xolnisaning baxtiyor kunlari demasa, Akbaralining boshi tashvishdan chiqmay qoldi.
Akmal maslahat bergan shahar chekkasidagi, uy-joy uchun qurilish uchastkalari ajratilgan joylarning ham narxi oshib ketibdi. Dallollardan biri ishonch bilan:
– Qaerga borsangiz boravering, to‘rt mingdan kamiga yer yo‘q! – dedi.
Akbarali izlayverdi. Oxiri uy qurish uchun olib qo‘ygan olti sotix yerini uch mingga sotishga rozi bo‘lgan bir odamni topdi. O‘zini Mansur deb tanishtirgan bu odam gapiga qaraganda, o‘g‘lini shoshilinch uylantirayotgan ekan, shuning uchun pul zarur bo‘lib qolibdi. Bo‘lmasa-ku, kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yerni arzimagan pulga sotib yuborishni xayoliga ham keltirmagan ekan.
“Kelajakda oltinga teng bo‘ladigan yer” o‘t bosib yotgan quruq yer edi. Akbarali shunga ham quvondi.  
Bunaqangi savdolarga ishi tushib yurmagan Akbarali yer egasining o‘zidan yo‘l-yo‘riq so‘radi:
–  Bu yog‘i endi qanday bo‘ladi? 
– E, bu yog‘i juda oson! – dedi Mansur aka kiprik qoqmay. – Siz menga pulni berasiz, men sizga tilxat yozib beraman. Tilxat bu hujjat. Yo menga ishonmaysizmi? 
Akbaralining issig‘i chiqib ketdi:
– Yo‘g‘-e. Bu nima deganingiz, aka? 
–  Qoidasi shunaqa-da o‘zi, ukam. 
Xuddi shunday qilishdi: Mansur aka tilxat yozib berib, Akbaralidan uch mingni sanab oldi.
      
* * * 

Savdo-sotiqdan so‘ng oradan bir haftaga yaqin vaqt o‘tdi.
Akbarali ta’tilga chiqdi.
Bir kuni erta tongda o‘zi sotib olgan yerni ko‘rmoqni mo‘ljalladi. U yer chekkasini belgilab chiqmoqchi, so‘ng ustalar bilan gaplashib, poydevor qurish ishlarini boshlab yubormoqchi edi. 
Hali quyosh ufqda yuz ko‘rsatmagan edi. 
Shunga qaramay, atrof yop-yorug‘.
Akbarali shudringga ko‘milgan o‘t-o‘lanlarni bosib o‘tib dalaga yetib keldi.
Ajabki, u sotib olgan yerda novcha bir kishi g‘imirlab yurardi.
Akbarali shoshib shu tomonga yurdi. 
Salom-alik, “hormang, bor bo‘ling”lardan keyin novcha kishi g‘urur ila shu yerni uch mingga sotib olganini aytib maqtandi.
Akbarali garangsib qoldi. So‘ng simillab og‘rigan yuragini siqimlarkan, quruqshab ketgan lablarini yalagancha:
– Adashmayapsizmi? – deb so‘ray oldi, xolos.
Endi novcha kishi Akbaraliga ajablanib qaradi...

* * * 

Bo‘ldi qiziq hangomalar. 
Tez orada ayon bo‘ldiki, Mansur aka deganlari xuddi shu olti sotix yerni to‘rt kishiga sotgan ekan. Aslida yer... Mansur degan odamga tegishli emas ekan. 
Mansur aka deganlarini topib bo‘lmadi.
Aytishlaricha, aldanganlardan bittasi militsioner yordamida uni bir amallab topibdi. Ammo Mansur aka deganlari:
– Men senga yer sotmaganman! – deb turaveribdi. – Sotadigan yerim ham yo‘q! – debdi keyin.
Shunda tilxatni ko‘rsatishibdi. 
Mansur aka deganlari ilonning yog‘ini yalagan ekan.
– Bu notarius tasdig‘idan o‘tmagan, bir pullik ahamiyati yo‘q, – deb turib olibdi. So‘ng o‘zini topgan odamga do‘q urishga tushibdi: – Esingdan chiqdimi, to‘rtta sheriging bilan kelib, meni urib-tepib, “o‘ldiramiz” deb qo‘rqitib, shu tilxatni yozdirib olganding...
Xullas, shunaqa gaplar...
Ozgina ilinj, umid bor. Ammo buni eshitgandan so‘ng Akbarali chuv tushganini angladi.
Mol achchig‘i – jon achchig‘i.
Shusiz ham necha kundan beri uyga kech, Xolnisa uxlagandan so‘ng borib, tong saharda chiqib ketayotgan, xotini uchrab qolganda esa “qurilishni boshlab yubordim” deb qutilayotgan Akbarali bu zarbaga chiday olmadi...
Akbarali chap ko‘ksini changallagancha yerga gursillab yiqildi.
Yurak kasali yomon bo‘larkan.
Haliyam shifokorlarga rahmat, jonini saqlab qolishdi. Ammo asablari qaqshab yurgan yigitning chap qo‘li va chap oyog‘i ishlamay qoldi, tilida ham o‘zgarish yuz berdi – endi  g‘o‘ldirab, juda qiynalib gapirar, nima deyayotganini anglash juda qiyin edi.
Erini o‘ylayverib dardi-dunyosi qorong‘i bo‘lib ketgan Xolnisa Akbarali akasining sal o‘ziga kelganini ko‘rib yengil tortdi.
– Xayriyat, dadasi, – dedi u eriga mehribonlik bilan boqib. – Xudo joningizni qaytarib berdi. Endi tuzalib ketasiz. Hali katta-katta uylar qurib, bolalarimiz bilan rohatda yashaymiz...
Bezovtalanib qolgan, rangi quv o‘chgan Akbarali jon holatda nimadir deb  g‘o‘ldiradi, ammo xotini uning gaplarini tushunmadi.
Shu oqshom Akbaralining ahvoli yana og‘irlashdi...

* * * 

Kunlar shu zaylda o‘tib borardi.
Akbarali o‘zi shifoxonadan chiqadigan kunni dahshat va vahm bilan kutardi.
Ana unda... ana unda izoh berishga to‘g‘ri keladi.
Hovli-ku qaytmaydi, unga qo‘shilib uch ming ham qulog‘ini ushlab ketdi.
Ammo eng yomoni – Akmalga qarzni qaytarishi kerak bo‘lgan kun tobora yaqinlashib kelmoqdaydi. Olti ming-a...
Demak... demak bir xonali uy ham ketadi.
Unda... er-xotin ikki bola bilan qaerda yashaydi?
Akbarali tinmay shuni o‘ylar, o‘ylagan sayin boshi misday qizib, miya tomirlari otilib ketguday bo‘lib bo‘rtib chiqar, yuragi gursillab urar, chap oyoq-qo‘lidagi jonsizlik, sovuqlik asta-sekin o‘ng tomoniga ham o‘tib borayotganini his qilardi...
– Endi nima qilaman? – deya shivirlardi u alam bilan bunday kezlari...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.