OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Javobi bor... (hikoya)

Karimjon kabineti o‘rtasida uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, stol yonidagi kursida o‘ziga o‘qrayib tikilib turgan Narimonga allaqanday norozilik aralash o‘tinch bilan qarab-qarab qo‘yardi. 
Agar jahldan bo‘zarib ketgan Narimon sal sinchkovlik bilan razm solganida edi, ehtimolki tog‘asining nigohidagi botiniy iltijoni ham payqab olgan bo‘lardi.  
Ammo jiyan bir narsani sezadigan, his qiladigan ahvolda emasdi. U allaqachon tog‘asining bu ishdan o‘zini olib qochayotgani sababini taxmin qilgan va o‘z nuqtai nazariga — garchand u xato bo‘lsa ham — mahkam yopishib oladigan o‘jar yigit sifatida muayyan xulosaga ham kelib qo‘ygan, shu boisdan kabinet egasiga ochiq-oshkora tarzdagi vajohatli bepisandlik bilan munosabatda bo‘lishga intilardi.  
— Tushun, axir, jiyan, — dedi nihoyat Karimjon kuyinib. — Men odam o‘ldirish uchun emas, odamning jonini saqlab qolish uchun tanlaganman bu kasbni. Kasbim etikasi shuni talab qiladi. Qasam ichganman...
Narimon lablarini asabiy qimtigan ko‘yi tog‘asinining gapini bo‘ldi:
— Birov sizdan odam o‘ldir, killerlik qil deb so‘rayaptimi, tog‘a? Nega boyadan beri buncha vahima qilasiz? 
Karimjon yurayotgan joyida taqqa to‘xtadi va jiyaniga chaqchayib qaradi:
— Buning odam o‘ldirishdan nima farqi bor? Aslini olganda bu... katta odamni o‘ldirishdan ham battar. Katta odam-ku, o‘zini himoya qiladi. Hech bo‘lmasa dunyoga kelib, shuncha yil yashagan, o‘zidan bir iz qoldirgan bo‘ladi, deb o‘zingni yupatarsan. Bu-chi? — Shunday deya tog‘a stol ustida turgan qog‘ozga ishora qildi: — Buni kim himoya qiladi? O‘zini o‘zi himoya qilolmas ekan deb... Uvol-ku, uvol...
Tomog‘iga mushtday bir nima kelib tiqilganday, ortiq gapirolmay qolgan jarrroh bir muddat sukut saqlab turdi-da, endi iltimos ohangida gapirishga o‘tdi:
— Bu yo‘ldan qayt, jiyan... Kelingayam tushuntir... Hozir ko‘zlaringga katta muammo bo‘lib ko‘rinayotgan tashvishlar tug‘iladigan zuryoding oldida aslida bir pulga qimmat narsalar ekanligini keyin bilasan. Ammo unda kech bo‘ladi...
— Qo‘rqitmang, tog‘a, — yana o‘qraydi Narimon. — Yosh bola emasman...
Karimjon og‘ir uf tortdi.
— Ha, yosh bola emassan. Yosh bola bo‘lganingda bunaqa bemazagarchilik qilib yurmasding...
Narimon jahldan bo‘g‘riqqancha, shartta o‘rnidan turib ketdi.
— Bo‘ldi-da, endi, tog‘a. Lektsiya o‘qimagan bir siz qoluvdingiz!.. Shuni bilib qo‘ying, biz ham hamma tomonni o‘ylab, mulohaza qilib, keyin shu qarorga kelganmiz. 
Jarroh miyig‘ida iljaydi:
— Hali bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz ham dersan. 
Narimon mag‘rur ko‘krak kerdi:
— Albatta-da. U meni desa o‘lib qoladi...
Karimjon yana kuyib-pishib gapirishga o‘tdi:
— Men bu voqeadan keyin mana shu muhabbat nafratga aylanib qolmasin deyman, jiyan. Mayli, kelin seni deb o‘lishga tayyor tursin. Lekin ikkaloving birgalashib o‘zlaring vujudga keltirgan norasidaning qotiliga aylanib qolmanglar-da. Keyinchalik buning azobi, iztirobi har qanday muhabbatni yuvib ketishi mumkin. Hatto ehtirosni ham...
— Menga qarang, — Narimon stoldagi qog‘ozlarga qo‘l cho‘zdi. — Ochig‘ini ayting, qilmaysizmi bu ishni?
Karimjon keskin bosh chayqadi.
— Nafaqat qilmayman, balki sizlarga ham bu qarorlaringdan qaytishni maslahat beraman. Qo‘rqmanglar, kerak bo‘lsa har ikkalalaringning ota-onalaring bilan gaplashaman, kerak bo‘lsa o‘zim sovchilikka boraman. Ishqilib, homila omon qolishi uchun nima qilish kerak bo‘lsa, shuni qilaman...
— Nega tushunmaysiz, tog‘a, — jig‘ibiyroni chiqdi Narimonning. — Bu axir... nima deydi, haligi... nejelatelno‘y, ya’ni hozircha kerak bo‘lmagan bola. Biz hali o‘qishni bitirishimiz kerak, diplom olishimiz kerak. Men tuzukroq joyga ishga kirib, oyoqqa turib olishim kerak. Ikkinchi kursdan er-xotin bo‘lib olsak, qachon o‘qiymiz, qachon... haligi... nimaydi... qachon kamolga yetamiz, tog‘a?
Karimjon jiyaniga achinib qaradi:
— Buni avval o‘ylash kerak edi. Raz bo‘lar ish bo‘ldimi, endi bu yog‘i risoladagiday, hech qanaqangi qotilliksiz kechishini o‘ylash kerak. Unutma, sen otasan, kelin esa ona. Homila — ikkalangning zuryoding...
Narimon “dod” deb yuborishdan o‘zini bazo‘r tiyib turgan odamdek tishlarini tishlariga qattiq bosdi. 
— Bo‘ldi, tog‘a, bo‘ldi. Agar qonun yo‘l bersa ikkalamizni ottirib yuborib, bolani asrab qoladiganga o‘xshaysiz.
Jarroh ma’yus kulimsiradi:
— Men uchalangizning ham sog‘-salomat, baxtiyor hayot kechirishlaringiz tarafdoriman.
— Nega tushunmaysiz-a, tog‘a! Axir o‘zlaringizda ham “Oilani rejalashtirish” degan gaplar bor-ku. O‘zlaringiz ham ayollarga ketma-ket tug‘ib tashlayvermaslikni maslahat berasizlar, maslahat berish ham gapmi, ba’zida talab ham qilasizlar.   
Karimjon jiyaniga achinib qaradi:
— Ha, bu sohada ko‘p narsalarni bilar ekansan. Lekin oilani rejalashtirish degani hali to‘yi bo‘lmagan qizning birinchi homilasini olib tashlash degani emas. Chunki birinchi bolasini oldirib tashlagan ayolda keyin bola paydo bo‘lishi qiyin...
— Bekor gap! — yana o‘z bilganidan qolmadi Narimon. — Men gazetada o‘n sakkiz marta abort qildirgan xotin haqida o‘qiganman. 
— Gazeta yozaveradi-da, — luqma tashladi jarroh. 
— Do‘xtirlar o‘zi vahimachi bo‘ladi, — bo‘sh kelmadi Narimon ham. — Faqat yomon tomonni hisobga olishadi. 
— Bu har ehtimolga qarshi...
— Ha, yashang! — mamnun iljaydi Narimon. — Bu har ehtimolga qarshi, xolos. Asida esa bir marta abort qilgandan keyin ham bola paydo bo‘laverarkan...
Bosh solintirgancha nimalarnidan o‘ylab, g‘ussaga cho‘kib o‘tirgan Karimjon to‘satdan ustidan muzdek suv sepib yuborilgandek hushyor tortdi va jiyaniga yalt etib qaradi.
— Sen... sen buni qaerdan bilasan?
Qiziq ustida ortiqcha gap aytib yuborganini anglagan Narimon esankirab qoldi.
Jarroh unga o‘qday nigohini tikdi.
— Demak... demak avval ham bo‘lgan...
Narimon noiloj tan oldi:
— Shunaqa bo‘p qolgandi, tog‘a...
— Unda kim?..
Savolning davomi aytilmasa-da, uning mazmunini tushungan Narimon o‘ng‘aysizlanib javob qaytardi:
— Ha, bittasi... ginekolog...
— Bizdanmi? — shoshib so‘radi Karimjon.
Narimon ko‘zlarini olib qochdi.
— Yo‘q, tog‘a, boshqa balnisadan. Roddomdan...
— Ha... Bizda bunaqangi ahmoqlar yo‘q!.. Bu qachon bo‘lgandi?
— Ha, endi... — chaynalib qoldi Narimon.
— Qachon deyapman?
— Shu... sakkiz oycha bo‘lib qoldi-yov... 
— Menga qara, jiyan, — shosha-pisha, hattoki hovliqib gapira boshladi Karimjon jarroh. — Xudo sizlarni qo‘llabdi, yana farzand beribdi. Endi kelinni tig‘ tagiga yotqizma. Bir umr pushaymon bo‘lib o‘tasan...
— Endi, tog‘a... — dovdirab qolgan Narimon cho‘kayotgan odam xasga yopishgan misol ish tutdi, — o‘zi o‘shandan keyin bas qilamiz degandik... Uch oycha bo‘lib qoldi... Yotoqxonada tug‘ilgan kunini qilgandik. Ikkovimiz... Sal mast bo‘lib qolibmiz... Shunga... — jiyan tog‘asiga iloji boricha tikroq qarashga urindi: — Bolayam mastlikda bo‘lgan... Aqli zaifroq tug‘ilib qolmasin degan xavotirda... O‘zingiz Akromni yaxshi bilasiz...
— Bu... bu... — nafratdan ko‘zlariga qon to‘lgan Karimjon jarroh jiyanining ustiga bostirib keldi. — Bu endi bahonadan boshqa narsa emas... Qilar ishni qilib qo‘ygandan keyin... Qo‘ng‘izga arpa bahonada-da... Ukangniyam bu yerga qo‘shma... Uning aqli zaif tug‘ilganligiga aroq sabab bo‘lmagan.
— Enam o‘sha paytlari otamni ko‘p ichardi, deb aytgandi... — o‘zini oqlashga urindi Narimon ming‘irlab. 
—  Men senga aytayapman, — ta’kidlab gapirdi Karimjon hamon g‘azabdan qalt-qalt titragancha. — Ukangning aqli zaifligiga aroqni sabab qilib ko‘rsatma... — Shundan keyin jarroh stol ustida turgan qog‘ozlarni Narimonning qo‘li tagidan tortib oldi-da, qalt-qalt titragan ko‘yi shosha-pisha ularga qarab chiqdi, ultra-tovushli tashxis xulosasini esa ko‘zlariga yaqin keltirib, diqqat bilan o‘qidi. — Sen bola uch oy bo‘lmadi deb mening boshimni qotirasan. Mana, UZI yozib qo‘yibdi-ku o‘n besh haftalik deb. Bo‘ldi! Tamom! — Karimjon jahl bilan o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘tardi. — Uch oylikdan oshgan bolani abort qilib, onasini yarim jon qilib qo‘yadigan ahmoq do‘xtir yo‘q! Bo‘lmaydiyam! Kelinga hammasini yaxshilab tushuntir! O‘ylamasdan ish qilmasin! Aytdim-ku, hammasini o‘zim to‘g‘rilayman deb!.. Katta to‘y qilamiz!..
Narimon endi nafrat aralash achinish bilan Karimjon jarrohga qaradi:
— Sizni qarindoshim, meni tushunar deb kelgandim. Adashgan ekanman, tog‘a... 
 Bunga javoban jarroh qog‘ozlarni Narimonning burni tagiga olib keldi.
— Mana, jiyanboy,  oq qog‘ozga qora harflarda homila o‘n besh haftalik deb yozib qo‘yilibdi. Bu safar kechikding, jiyan... Bekorga do‘xtirlarning boshini qotirib yurma-da, to‘y tayyorgarlini ko‘raver. Aytgan kuning uyingga boraman...
Narimonning burun kataklari kerildi, ko‘zlarida g‘azab o‘ti yolqinlandi.
— Siz kitoblaringizni o‘qib yuravering, tog‘a. Atrofga qarang! Zamondan orqada qolib ketgansiz! O‘n besh haftalik deb vahima qilasiz! Menga desa yigirma haftalik bo‘lmaydimi! Oldiramiz dedimmi, oldiramiz! Sizga qolsa, bolani tug‘dirib, meni unga enaga qilib qo‘ysangiz!.. Atrofga qarang, tog‘a! Qo‘ying kitoblaringizni!.. Sizni bekorga yomon ko‘rishmas ekan. O‘zi bo‘laringiz bo‘lib qo‘ygan ekan. Rostdanam ishdan boshqa narsani bilmas ekansiz... Uyalmasdan bizda bunaqangi ahmoqlar yo‘q, deb maqtanib qo‘yasiz. Rostini aytsam, o‘tgan safar xuddi shu balnisangizdan bittasi pulini qurtdek sanab olgach, qilib tashlagandi abortni. Bu gal pul begona bo‘lmasin degandim. Hozir koridorga chiqib, o‘sha siz “ahmoq” degan vrachlardan bittasini topaman-da, kelishaman-qo‘yaman. Pulini olgandan keyin qilmay ham ko‘rsin-chi. Nari borsa “Vaqtidan o‘tib ketibdi” deb sal ko‘proq olar. — Shu yerga kelganda Narimon nafrat bilan pishqirdi. — Xuddi o‘tgan safargiday... Tillaring birmi deyman-da...
O‘z quloqlariga ishonmayotganday jiyaniga baqrayib qarab qolgan Karimjon axiyri qog‘ozlarni shosha-pisha stol ustiga qo‘ydi-da, stol taqvimi yonida yotgan ruchkani qo‘liga oldi.
— Ayt, ayt, kim ekan u maraz? Ismni bilarsan hech bo‘lmasa... Men uni ishdan haydattiraman!..
Narimon endi g‘olibona tirjaydi:
— Aytdim ham deylik, haydattirdingiz ham deylik. Shu bilan nima o‘zgaradi? Hammaning ko‘ziga yomon ko‘ringaningiz qoladi-da. Ertaga esa Ali do‘xtirning o‘rniga Vali do‘xtir keladi. Bo‘ldi. Tamom-vassalom! 
— Ayt deyapman! — o‘shqirdi Karimjon jarrroh. — Ginekologmidi, xirurgmidi?.. 
— Odam edi! — shartta tog‘asining gapini kesdi Narimon. — Odamning dardini tushunadigan, bahonada uch-to‘rt so‘m ishlab olishdan ham qochmaydigan odam edi!.. Sizga o‘xshab “O‘ziyam yemas, birovgayam bermas” bo‘lib o‘tirmaydigan!..
So‘nggi jumlagi ochiq-oshkor zaharli ohang Karimjon jarrohning miyasiga o‘q kabi sanchildi va u beixtiyor dovdirab, bir necha lahzaga o‘z ustidan nazoratni yo‘qotganday bo‘ldi. Bundan foydalangan Narimon yana stol ustiga tashlangan qog‘ozlarni tezlikda yig‘ishtirib oldi-da, shunday tezlikda eshik tomon yurarkan, ostonaga yetgan mahal ortiga o‘girildi va qahr-g‘azab aralashgan mazax ohangida xitob qildi:
— Avval o‘zingiz hech bo‘lmasa bitta bola yasab, tug‘dirib ko‘ring, tog‘a. Keyin og‘zingizni to‘ldirib gapirsangiz yarashadi. Uvol emish! Siz uvolni bilib qoldingizmi endi? Sochingiz oqargandayam bitta xotin ololmay o‘tayotganingizning o‘zi uvol emasmi... E, sizday o‘qimishli tog‘adan o‘rgildim!..
Ha, bu jiyan tomonidan berilgan dahshatli zarba bo‘ldi.
Birdan rangi qorayib ketgan, miyasida lo‘qillagan og‘riq paydo bo‘lgan Karimjon avvaliga nimadir deya e’tiroz bildirmoqqa chog‘langanday og‘iz juftladi, so‘ng, quruqshab ketgan lablarini yalarkan, bitta so‘z ham aytolmasligini angladi chog‘i, ko‘zlarini chirt yumib olgan ko‘yi darmon qochgan oyoqlari titragancha joyiga amallab cho‘kdi. Jarrohning butun vujudini qop-qora ter bosdi. Mana shu azob, og‘riq aro nogahon olis-olislardan nimadir zuvillab, chiyillab uchib kela boshladi. Bu tovush shu qadar shiddat bilan va tobora kuchayib  yaqinlashardi. Karimjon ko‘zlarini ochishga urindi. Va xuddi shu asnoda yanada chiyillashi kuchaygan tovush shiddat bilan kelib jarrohning miyasiga urildi!
Karimjon dahshat ichida “oh” tortib yubordi va kursisi yoniga jonsiz tana misoli gursillab quladi. 
Jarroh hushidan ketgandi...

* * * 

Xayriyat, hamshira qiz Shohida bor ekan. Gursillagan tovushni eshitib qolib, chopib kirganu, polda hushsiz yotgan do‘xtirni ko‘rib qolgan...
Oddiy bemordan ko‘ra shifokorning xastaligi og‘irroq kechishi chin ekan. Zero, vrach vujudida, ruhiyatida yuz berayotgan har bir o‘zgarishni ilg‘ab, sezib, o‘zicha baholab, xulosalar chiqarib turadi. 
Karimjon “Stress holati, zo‘riqish” kabi umumiyroq tashxislar ostida hamkasblarining zo‘ri bilan o‘zi ishlayotgan shifoxonada uch kuncha yotib davolangan bo‘ldi. 
— Yotmasangiz, davolanmasangiz ishga chiqishingizga ruxsat bermayman! — deb turib oldi bosh vrachning o‘zi. — Siz bizga hali ko‘p kerak bo‘lasiz! 
Tan olish kerak, to‘qqiz yildan beri ta’tilga ham chiqmay tinmay ishlayotganligi tanasini horitgan ekanmi, Karimjon shifo bahona ancha-muncha dam olganday bo‘ldi. Natijada rangsiz yuziga qon yugurdi, ich-ichiga botgan ko‘zlariga yana o‘t yolqinlana boshladi.    
Agar muolaja amallari yana ikki-uch kun davom etsa, Karimjon jarroh butunlay tuzalib ham ketgan bo‘lardi, ehtimol.
Ammo...
Karimjon aniq biladi. Bir kishilik palataga yotqizilganining uchinchi kuni edi.  
Namozshom palla edi.
Ochiq derazadan shifoxona hovlisiga ko‘z tashlab turgan Karimjon jarroh ginekologiya bo‘limi eshigi yonidagi o‘rindiqda qachondan beri yalpayib o‘tirib olgancha, ora-sira sigareta tutatib qo‘yayotgan yigitga diqqat qildi.   
Zero, yigitning nimasidir jarrohga tanish tuyulgandi. Ha, ha, adashishi mumkin emasdi. Bu — Narimon edi.
Nahotki...
Karimjon ko‘zlarini yirib shu tarafga qaradi.  
Qorong‘ulik asta-sekin quyuqlashib bormoqda edi. 
Shu mahal ginekologiya bo‘limi eshigi ochildi. Xuddi shuni kutib turganday, eshik tepasidagi chiroq ham yondi. 
Darhaqiqat, Narimon shoshmasdan, viqor bilan o‘rnidan turdi va eshikdan hamshira yetovida, oyoqlarini arang bosgancha chiqib kelgan, odmigina kiyingan bir juvonni qarshi oldi. Boshini yerga egib olgan juvonning yuzi ko‘rinmasdi. 
Hamshira qaytib ketdi.
Narimon juvonni asta belidan quchib oldi. Ikkovlon darvoza tomon bir-bir bosib yurib ketishdi. 
Juvon... arang qadam bosardi.
Karimjon jarroh sifatida darhol barisini tushundi: juvon abort operatsiyasidan chiqib kelmoqdaydi... Insofsizlar hech bo‘lmasa bir kecha yotib, dam olishiga ham ruxsat berishmabdi sho‘rlikka... Agar hozir qon ketsami...
Birdan Karimjon seskanib ketdi. Illo jarroh jiyani Narimon o‘z niyatiga yetganini, ya’ni “suygan qizi”ni ikkinchi bor abort uchun stolga yotqizganini payqagandi...
Miyasi lo‘qillab og‘rib, butun vujudi misday qizib ketgan Karimjon engashib, bu juftlik ortidan nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo tomog‘idan xirqirashga o‘xshash ovoz chiqdi, xolos...
Tarang tortilgan asablar bu safar ham dosh berolmadi — jarroh shu alfozda, tobora o‘zidan uzoqlashib, darvozaga yaqinlashayotgan juftlik tomon qo‘llarini cho‘zgan ko‘yi, bir og‘iz ham so‘z aytolmasdan, umurtqa pog‘onasida paydo bo‘lgan bemisl kuchli og‘riq tobora yuqoriga o‘rlayotganini his qilgan holda  hushsiz qulab tushdi...

* * * 

Oradan ne fursat o‘tib, o‘ziga kelgan Karimjon jarroh shu alfozda, oyoqlarida shippak bilan asta hovliga chiqdi, undan ko‘chaga. 
Shifoxonadan uyigacha unchalik uzoq emas, piyoda borilsa o‘n daqiqalik yo‘l.
Jarroh mana shu yo‘lni chuqur xayol og‘ushida qanday bosib o‘tganini bilmaydi.
Nihoyat arang ikkinchi qavatga ko‘tarilib, eshikni ochdi.
Ichkarida... uni saqichsimon quyuq zulmat kutib turardi.
Bo‘m-bo‘sh yo‘lak... bo‘m-bo‘sh xonalar...
Karimjonning yuragi chidab bo‘lmaydigan darajada siqilardi. Go‘yo og‘ir, azobli bir tuyg‘u yuragini to qop-qora qoni silqib chiqqunga qadar ezib, qiynamoqda edi...
Yolg‘izlik...
Jarroh to‘qqiz yildan beri shu uyda yolg‘iz o‘zi yashaydi. 
Odamni yutib yuboradigan darajada huvillagan xonalar.
Odamning aqldan ozdirar darajadagi yolg‘izlik...
Karimjon jarroh hech bir narsaga qoqilmasdan, to‘ppa-to‘g‘ri ayvonga o‘tdi. Xayriyat, derazadan qoramtir ko‘kda onda-sonda paydo bo‘layotgan yulduzlar ko‘rindi. 
Xuddi shu mahal...
Eshik ohista, nazokat bilan taqilladi.
Ha, ha, aynan nazokat bilan... 
Jarrohning yuragi uvishib ketdi.
Karimjon bu gal o‘ziga har qarichiga dovur yod bo‘lib ketgan xonalardagi narsalarga qoqilib-suringancha eshikka chopdi.
U eshik yonida o‘zini arang to‘xtatdi va harsillab nafas olgancha, bir amallab sado berdi:
— Kim?
Eshik ortidan qiz bolaning etni jimirlatib yuborar darajada mayin, sehrli ovozi eshitildi:
— Men...
Nahotki...
Nahotki U kelgan bo‘lsa...
Ha, bu O‘sha edi...
Hatto hayratlanishga ulgurolmagan Karimjon jarroh shosha-pisha eshikni ochdi.
Garchand yo‘lak qorong‘i bo‘lsa-da, jarroh eshik oldida bosh egib turgan qizning uyalayotganligini, hattoki lablarini qimtib olganini, yuzi esa olovday yonayotganini ko‘rishdan ko‘ra ko‘proq his etdi...
— Marhamat, Nazokat... — beixtiyor ortga tisarildi jarroh.
— Yuring, Karimjon aka... — ohista shivirladi juvon.
Shu so‘zni aytgach, qiz asta o‘girildi va zinalardan sassiz qadam tashlagancha pastga tushib keta boshladi.
Karim jarroh ipsiz bog‘langan bandaday uning ortidan yurdi...

* * * 

Voqealar tizimi salgina tushunarliroq bo‘lmog‘i uchun, yigirma yil ortga qaytishimizga to‘g‘ri keladi.
O‘shanda Karimjon o‘n besh yashar o‘spirin edi. 
Fasli yoz edi.
Xo‘jalikdan o‘ttiz chaqirimcha olisda joylashgan, ko‘p yillar harbiy qism jangchilari tanklar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgani sababli aholi orasida “tankodrom” nomi bilan mashhur uch yuz gektardan oshiqroq ulkan hudud o‘zlashtiriladigan bo‘ldi.
Harbiy qism boshqa viloyatga ko‘chib ketgach, bu yerga tikilgan uch-to‘rt chaylaning bittasida Karimjon tengdoshlari bilan istiqomat qilardi. Ular bu yerga maktablik kiyimlari va darsliklar uchun uch-to‘rt so‘m pul ishlash ilinjida kelishgan edi. Ularning vazifasi haydalgan yerni tekislash, o‘tlarni chopish, yuzaga chiqib qolgan temir-tersaklarni terib, bir chekkaga yig‘ish edi.
O‘smirlarga Akmal ismli qirqlarga borib qolgan, shu yoshida bezoriligi uchun ikki marta “o‘tirib chiqishga” ham ulgurgan, badaniga turli rasmlarni chizib tashlagan zo‘ravon battol naq eshakday keladigan “Baron” laqabli kuchugi bilan brigadirlik qilardi. Aftidan, xo‘jalik raisi ham bezori Akmalning uzoqroq yurishini istab shu yoqlarga surgun qilgandi...
O‘, bu Akmal deganlarining xurmacha qiliqlari!
Akmal brigadir Oliya ismli indamas xotini va o‘n to‘rt yashar qizi Nazokat bilan “tankodrom”ning narigi chekkasidagi chaylada yashardi.
Tuni bilan aroq ichib, bo‘ralatib so‘kinib, uyidagilarni uxlatmay zit titratib chiqadigan bu hirsday baquvvat, buning ustiga to‘rva soqol qo‘yib, jundor yalang‘och ko‘kraginiyu badanidagi behayo rasmlarni namoyish qilganday faqat maykada yuradigan, ayniqsa butun yuzini kesib o‘tgan tirtig‘i yanada vahimali ko‘rsatadigan daroz Akmal aka odamga teshib yuborgudek tik qarab turaverar, mabodo o‘ziga nisbatan biron e’tirozni eshitib qolgudek bo‘lsa, darrov zalvorli mushtini ishga solib qolardi.
Odatda, ichib olgan Akmal daroz (darvoqe, bolalar uni orqavoratdan “Ajal” deb chaqirishardi) tong saharda, hali quyosh ufqda yuz ko‘rsatmasdan kelib bolalarni uyg‘otardi. To‘g‘rirog‘i, u bolalarni uyg‘otib o‘tirmas, balki katta paqirda atay ko‘tarib kelgan muzday suvni ularning ustiga separdi... Ana shundan keyin bir-ikkita ortga qolganlarni Baroniga “ol-kish”latib o‘tirardi.
Masxara shu bilangina tugab qolmasdi. Akmal daroz erinmasdan bolalarning ishini nazorat qilib yurar, birontasi sal dangasalik qilib qolsa, balo-qazoday uning ustiga bostirib borardi-da, qo‘lidagi quroli — yer haydash payti “tankodrom”dan topib olgan odam boldir suyagini azot ko‘targancha:
— Seni o‘ldirib, shu yerga ko‘mib ketaman. Oradan ellik yildan keyin manavinga o‘xshab har joy-har joydan suyaklaring chiqadi! — deb bo‘kirardi. — Yo bo‘lmasa hozir o‘ldirib, go‘shtingni Baronga yediraman!
Shunday lahzalari uning chaqchaygan, qon to‘lgan ko‘zlariga qarab turib ham Akmal daroz bu va’dasining ustidan chiqishiga ishonsa bo‘lardi.
Brigadirning yana bir yomon odati bor edi: u odatda o‘ziga va kuchugiga alohida qozonda, sersuyak ovqat qildirardi. Akmal darozdan qolgan go‘sht va yarim qozon suyakning huzurini Baron ko‘rardi. 
Xullas, Akmal daroz bolalarni bir oy mobaynida quldek ezib ishlatdi...
Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, oxiri bolalar kuchugi hamrohligidagi Akmalni ko‘rishsa bas, qaltiraydigan bo‘lib qolishdi. Ularning chekka-chekkadagi qo‘rqa-pisa shivir-shivirlariga qaraganda, Ajal hatto odamxo‘rlikdan ham qaytmas emish. Buni u qamoqxonada o‘rgangan emish...
Darozga esa xuddi shu kerak edi.
U battar quturib ketdi...
Falakning g‘aroyib, qovushmagan ishlarini qarang! Mana shu badbashara  Akmal daroz va umri kaltak yeyishda o‘tayotgan mushtipargina xotini Oliya opaning farzandi Nazokat... ertaklardagi pari misoli suluv edi.
Oppoq yuz, kipriklari uzun-uzun, charos ko‘zli, silliq, yaltiroq sochlari taqimini o‘padigan Nazokat yovvoyi dalaga adashib tushib qolgan atirgul yoinki endi ochilib kelayotgan g‘uncha misoli ajralib turardi...
Ablah Akmal daroz hatto shu qiziga ham qo‘l ko‘tarardi.
O‘, Karimjonning o‘zi necha marotabalab ko‘rgan mushfiq qizning chekka-chekkada yum-yum yig‘lab o‘tirganlarini...
Karimjon qizga chin dildan achinar edi.
Ammo qo‘lidan achinishdan boshqa nima ham kelardi.
Akmal daroz hammaning jonini olib qo‘ygan bo‘lsa...
Karimjon qatorasiga uch kecha shu qizni tushida ko‘rib chiqdi. Sho‘rlik zor-zor yig‘lab, nuqul “Qutqaring...” deb yolvorarmish.
Karimjonning bo‘lari bo‘ldi. 
U olisdan bir necha bor kuzatdi: qiz mung‘ayibgina yurardi... Buni ko‘rib yigitchaning yuragi battar o‘rtanib ketdi.
Karimjon Nazokatni sevib qolgandi...
O‘sha oqshom yana qizni tushida ko‘rdi. Lola yaprog‘iday munisa hamon zor-zor yig‘lar va Karimjonga “Qutqaring... qutqaring...” deya iltijo qilardi...
O‘sha kuni Karimjonning qilayotgan ishi unchalik yoqinqiramadi shekilli, Akmal daroz uning boshida boldir suyagini o‘ynatgancha do‘q ura ketdi:
— Kerak bo‘lsa men senga o‘xshagan Salimjon-nimjonlarni bir urib, yerning tagiga kiritib yuboraman!
— Mening otim Karimjon, Salimjon emas... — titroq ovozda izoh berdi yigitcha.
— Nima deding?
Ko‘zlari olayib ketgan darozni jumlaning ma’nosi emas, yigitchaning gap qaytarishga jur’at etganligi quturtirib yubordi. U boldir suyagini azot ko‘tardiyu, Karimjonning orqasiga, umurtqa pog‘onasiga kuch bilan tushirdi. Yigit “ih” dediyu, gursillab yerga yiqildi.
Qilgan ishidan mamnun daroz boldir suyagini o‘ynatgancha kuchugini boshlab chaylasiga qarab ketdi.
Zarba yomon bo‘lgan ekan, Karimjon bir soatga yaqin o‘zini bilmay yotdi.
Bolalar chuvillab uyoqqa chopishdi, buyoqqa chopishdi.
Ammo ularning qo‘lidan nima ham kelardi.
Nihoyat Karimjon ko‘zlarini ochdi. 
Kimdir chaylada qaydandir paydo bo‘lib olgan “aptechka”dan bitta termometr topib kelgan ekan, o‘shani darrov yigitchaning qo‘ltig‘iga qo‘yishdi. 
Ishqilib, Karimjon bir amallab o‘ziga keldi.
U qo‘ltig‘ida muzdaygina bo‘lib turgan termometrni olib, unga hayron bo‘lib qarab turdi-da, so‘ng cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Baribir shu kuni u ishlay olmadi. Sal harakat qilsa bas, yelkasida, aniqrog‘i umurtqa pog‘onasida paydo bo‘lgan kuchli og‘riqdan dodlab yuborguday bo‘lardi. 
Sas chiqarmaslikka urinayotgan Karimjon tishlayverib lablarini qonatib yubordi.
Shu oqshom chaylada uxlashga yotishayotgan mahal hamxona yigitlardan biri vahimali tarzda shivirladi:
— Eshitishimga qaraganda, Ajal aka bir marta balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlab qo‘yib ham qamalgan ekan. Bu odamdan ehtiyot bo‘lish kerak. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: ichib olgan mahallari qiziga qarashlari juda yomon... Hayvondan farqi yo‘q  bunaqa odamlarning qo‘lidan har balo keladi...
Karimjon... o‘rtanib ketdi.
Ong-shuurini qoplagan g‘azab, alam, chorasizlik tuyg‘ularini bosib-yanchgan ko‘yi to‘satdan Karimjonning miyasiga bir fikr o‘qday o‘rildi: “O‘ldiraman uni!..”
Karimjon ko‘p kitob o‘qirdi. Bir asarda Gamletning otasi qulog‘iga simob quyilib o‘ldirilganini o‘qigandi. Yana bir kitobda Buxoro amirining bosh xotini  kundoshidan qizg‘anib, erining qulog‘iga simob quygani haqidagi lavhaga ham ko‘zi tushganday bo‘luvdi.
Oxir-oqibat qalbini ham zabt etgan nafrat unga “O‘ldir! O‘ldir!” derdi. Qurol ham o‘z-o‘zidan qo‘liga tushib qolgandi. 
Ammo bu niyatning qaror bo‘lib shakllanishiga so‘nggi tomchi yetmay turgandi chamasi. Va bu voqea keyingi kuni sodir bo‘ldi. 
Bolalar uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rib turishdi: kechasi bilan ichib chiqqan Akmal daroz tongga yaqin qo‘lidan qo‘ymaydigan boldir suyagini azot ko‘targancha xotinini chaylasidan quvib chiqqach, zipillab qochayotgan sho‘rlik rafiqasiga bir muddat tikilib turdiyu, to‘satdan to‘xtadi-da, sallona-sallona qadam tashlagancha chaylasiga qaytib kirib ketdi.
Karimjonning yuragi orqasiga tortib ketdi.
Zero, chaylada  Nazokatning yolg‘iz o‘zi qolgandi...
Yigitchaning qo‘llari musht bo‘lib tugildi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. “O‘ldiraman!” deya pichirladi u o‘ziga o‘zi...
Ertasi kuni tushga Karimjon to‘g‘ri daroz Ajal oilasi istiqomat qiladigan chayla tomon yurdi.
Odatdagidek, chayla yonidagi qozonda brigadir va uning sevimli kuchagi Baron uchun alohida qozonda sergo‘sht sho‘rva tayyorlanayotgandi.
Karimjon uzoqdan bir muddat kuzatib turdi.    
Aftidan, daroz yebto‘ymas Baroni bilan qaygadir aylanishga ketganga o‘xshaydi. 
Demak, chayla ichida ona bilan bola qolgan, xolos.
Shoshilish kerak edi. 
Nainki qo‘llari, oyoqlari ham dir-dir titrayotgan Karimjon bir amallab qozon yoniga keldi. 
O‘choqda o‘t yonardi. Qozonda bilq-bilq qaynayotgan yog‘li sho‘rva. Saraton oftobida atrofning, odamning jizg‘inagi chiqib, miyasi qaynab yotibdiyu, darozning yegani moy...
Karimjon o‘zini o‘zi battar asabiylashtirishga uringan ko‘yi daroz haqida nafrat bilan o‘ylashga harakat qilgancha qozon ustiga engashdi va cho‘ntagidan termometrni chiqardi. 
Karimjon ikki-uch marta termometrning kumush qoplangan quyi qismini sindirishga urinib ko‘rdi, ammo buning evini qilolmadi. 
Endi o‘zidan jahli chiqa boshlagan yigitcha qandaydir g‘ayri tabiiy tarzda termometrni qaynab turgan qozonga tiqdi...
Nimadir “tirs” etib singanday bo‘ldi. 
Karimjon termometrni ko‘tardi.
Darhaqiqat, uning quyi qismi singan edi. 
Xuddi shu lahzada, yigitcha hali o‘zidan o‘zi mamnun bo‘lib ulgurmasidan ham burun ortidan kimdir qarab turganini his qildi.
Karimjon shoshib o‘girildi.
Chayladan chiqib kelgan Nazokat ko‘zlarini katta-katta ochgancha unga ajablanish aralash qo‘rquv bilan tikilib qolgan edi...
Karimjon qo‘lidagi quyi qismi singan termometrni qanday qilib shimining cho‘ntagiga solganini bilmaydi.
Qizning o‘tkir nigohiga dosh berolmagan yigitcha birdan boshini egib olgan ko‘yi tengdoshlari kun tig‘ida ishlayotgan dala tomon tez-tez yurib ketdi...
Shu oqshom Karimjon mijja qoqmay chiqdi. Uning ko‘z oldidan Nazokatning ajablanish aralash qo‘rquv aks etgan nigohi ketmasdi...
Brigadir esa...
Bir hafta o‘tar-o‘tmas brigadirning mashqi to‘satdan pasaydi: u endi kamroq yurib, ko‘proq dam oladigan bo‘ldi. So‘ng uning tishlari tusha boshladi... Keyin soch to‘kilishi... Bolalar qatori Karimjon ham Baronning tuyqusdan ozib, qorni ich-ichiga botib ketganini, ovqatga qaramay ham qo‘yganini kuzatib turarkan, yuragiga bosib kelgan vahima tuyg‘usidan qutulish uchun o‘zi ish bilan chalg‘itishga jon-jahdi bilan urinardi...
Avval Baron ketdi. Bu... o‘sha mash’um voqeadan keyin bir oylar o‘tib sodir bo‘ldi. 
Tobora darmonsizlanib  borayotgan brigadir suyukli kuchugiga ko‘p aza tutib o‘tirmadi. Zero endi uning o‘zi vahima, azob komida qolgandi...
Akmal daroz kuchugi vafotidan keyin qirq kundan ko‘proq yashadi. Bu paytga kelib dalada ish tugamagan bo‘lsa-da, ta’til yakunlanganligi sababli bolalar maktabga qaytishgandi...
Xo‘jalik bolalarga yaxshigina pul to‘ladi. 
Brigadirga ham.
Ammo... Akmal daroz endi pulga qiziqadigan, pulni ko‘rib quvonadigan ahvolda emasdi...
  Yaxshiyam milsiz qo‘rquv va vahima ichida o‘tgan bir necha oy ichida Karimjon biron marta Nazokat bilan yuzma-yuz bo‘lmadi...
Buning ustiga, erining vafotidan so‘ng Oliya xola qizini olib tezlikda ota-onasining qishlog‘iga ko‘chib ketdi...
Bu orada Karimjon maktabni bitirdi. Umurtqa pog‘onasidagi jarohat har zamonda o‘zidan darak berib, butun vujudini bir necha kunlar mobaynida mislsiz azoblarga solsa-da, yigit tishini tishiga qo‘yib chidar edi. Ammo... ko‘ngil azobiga chidash mushkul ekan...
Karimjon ko‘p o‘ylandi... Ko‘p pushaymonlar qildi...
Ammo endi qo‘lidan nima ham kelardi. 
Karimjon meditsina institutiga o‘qishga kirdi. Uni imtiyozli diplom bilan bitirgach (zero, endi u oromni faqat tinmay o‘qish va ishlashdan olardi, toki horib-charchab, oqshom ko‘rpasiga qulasinu uxlab qolsin, ana shundagina o‘tmish xotiralari uni bezovta qilolmaydi, azobdan simillab turgan ko‘ksiga yangi pushaymon qozig‘ini qoqolmaydi), jarrohlik bilan shug‘ullana boshladi. Tez orada “qo‘li yengil jaroroh” degan nom orttirdi.
U tinmay ishlardi.
Ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgani boismi, uylanishga ham fursat topmadi chog‘i. Ota-onasi yoki yaqinlari, qarindosh-urug‘lari uylanishdan gap ochishsa bas, nimagadir Karimjonning ko‘z oldida o‘ziga shahlo ko‘zlarini katta-katta ochgancha ajablanish aralash qo‘rquv bilan  qarab turgan Nazokat siymosi paydo bo‘lardi va jarroh hamsuhbatlaridan asabiy o‘jarlik hamda qat’iylik bilan bu mavzuda aslo gap ochmasliklarini talab qilardi...
Nihoyat...
Nihoyat Karimjon jarroh mutlaqo kutmaganda Nazokatning o‘zi uning xonadoniga tashrif buyurdi...

* * *

Bu ne baxt!
Bu ne saodat! 
Yuragi to‘liqib ketgan Karimjon jarroh Nazokatga nedir yaxshi gaplar aytgisi, uning hol-ahvolini, turmushini so‘rab-surishtirgisi keldi. Ammo qizning indamay ketayotganini ko‘rib, nimagadir bunga jur’at etolmadi.
Nazokat esa to‘g‘ri Karimjon jarrohning mashinasi turadigan garaj yoniga bordi va ortiga o‘girilib, sirli tabassum ila jarrohga murojaat etdi:  
— Bir aylanib kelaylik, Karimjon aka...
— Xo‘p bo‘ladi... juda yaxshi-da...
Hovliqib qolgan jarroh shosha-pisha garaj eshini ochdi va mashinani tashqariga olib chiqdi. Nazokat uning yoniga o‘tirdi. 
“Neksiya” tun zulmatini yorgan ko‘yi oldinga intildi.
— Qayoqqa hayday? — so‘radi Karimjon Nazokat tomon o‘girilib.
Oldindan ko‘z uzmay ketayotgan Nazokat kulimsirab qo‘ydi-da:
— O‘zimizning qishloqqa, — dedi.
Ajabki, jarroh darhol gap qaysi qishloq xususida ketayotganini tushundi.
Hayajondan tomog‘i quruqshab ketgan Karimjon savol bermoqchi bo‘lib bir necha marotaba og‘iz juftladi, ammo har gal bunga jur’at etolmadi. Axiyri uning ahvolini sezdi shekilli, latofat ila kulimsirab qo‘ygan Nazokat ohista pichirladi:
— Savollar keyin, Karimjon aka...
Qizning amriga bo‘ysunmaslikning iloji yo‘qday edi...
Qishloq unchalik olisda emasdi. Nari borsa bir soatlik yo‘l. 
To‘liqib ketayotgan, quvonchli hayajondan dir-dir titrayotgan jarroh tezlikni oshirdi. 
Ular tuman markazidan chapga qayrilishgan mahal yo‘l chetida turgan yo‘l-patrul xizmati inspektori ko‘chaga chopib chiqib, qorong‘ida yonib turgan qizil tayog‘ini ko‘tardi.
— Obbo...
Shundagina mashina hujjatlari uyda qolganini eslagan Karimjon jarrohning afti burishdi. Ammo to‘xtamaslikning ham iloji yo‘q edi.
Inspektor qayrilish chirog‘ini yoqqancha yo‘l chetiga o‘tib to‘xtagan mashina yoniga haydovchi tomondan yaqinlashdi va:
— Viloyat yo‘l-patrul xizmati inspektori katta serjant Nabiev, — deya o‘zini chest berib tanishtirdi. — Marhamat qilib hujjatlaringizni ko‘rsatsangiz. 
Og‘ir uf tortib qo‘ygan Karimjon jarroh vaziyatni tushuntirishga urinib ko‘rmoqchi bo‘lib katta serjant tomon o‘girildi. 
Shu mahalgacha qovog‘idan qor yog‘ib turgan katta serjantning birdan yuzi yorishdi:
— E, e, Karimjon aka, o‘zingizmisiz?
Sal yengil tortgan jarroh darrov bosh irg‘adi. 
— Birontasi og‘irlashib qolibdimi deyman, juda tez kelayapsiz? — dedi katta serjant hamdardlik bilan. 
Jarroh noiloj yana bir bosh bosh irg‘adi. 
— Unda yo‘ldan qolmang, — dedi katta serjant shosha-pisha. — Faqat ehtiyot bo‘lib yuring. Iloji bo‘lsa avariya chiroqlarini yoqib oling. Bunaqa payti vrachlarga mumkin. Qaytishda esa albatta to‘xtab o‘ting. O‘zi sizga qachon choy  beraman deb intiq bo‘lib yurgandim.
Shundan keyin katta serjant jarrohning o‘ziga savolomuz boqqaniga javoban izoh berdi:
— Siz otamni operatsiya qilib, o‘limdan qutqarib qolgansiz... Lekin siz hozir ketavering. Qaytishingizda bafurja hangoma qilamiz...
— Xo‘p...
Darrov gazni bosgan Karimjon jarrohning xayoliga “Bu dalli-g‘ulli katta serjant Nazokatga e’tibor ham bermadi-ya. Xuddi ko‘rmagandek”, degan o‘y keldi va beixtiyor:
— Oson qutuldik, — deb qo‘ydi. 
Bunga javoban Nazokat sirli kulimsirab qo‘ydi. 
Mashina tobora qorong‘ulikka, zulmat quchog‘iga kirib borardi.

* * * 

“Neksiya” qishloqqa kirib keldi.
Karimjon jarroh endi jiddiy qiyofada o‘tirgan Nazokatga o‘girildi:
— Qayoqqa hayday?
Qiz yo‘ldan ko‘z uzmay javob qaytardi:
— O‘sha yoqqa...
Ajabki, jarroh bu safar ham qiz qay manzilni nazarda tutayotganini shu bir og‘iz so‘zdanoq anglab oldi...
Mashina sobiq “tankodrom”, endi esa bir tekis g‘o‘za va bug‘doylar o‘sib yotgan, dov-daraxtlarga burkangan dalaga kirib keldi.
Qorong‘ulikda biron nimani ilg‘ash mushkul edi. Ayniqsa mashina chiroqlari yorug‘ida ulkan daraxtlarning yanada kattalashib ketgan soyalari afsonaviy devlar misoli chayqalib, yo‘lni battar chalkashtirib tashlayotishgandek edi. Biroq Karimjon jarroh... o‘sha voqea yuz bergan joyni, chayla o‘rnini adashmay topib bordi. 
Nihoyat “Neksiya” to‘xtadi.
Ikkovlon mashinadan tushishdi.
Osmon bag‘rini yulduzlar bodroqdek to‘ldirgan. Hov olisda esa oltin sirg‘a misoli hilol yuz ko‘rsatdi...
Yengil kiyinib olgan bo‘lsa-da, Karimjon jarroh dalaning nam havosini tuyganiga qaramasdan, sovqotganini sezmadi. Shunday bo‘lsa ham, u xavotirlanib hamrohiga qaradi. Harir liboslarga chulg‘angan suluv Nazokat diqqat bilan hov o‘shal chayla o‘rniga qarab turardi. Aftidan, qiz ham sovuqni sezmagandi. 
Nimagadir salqin shabada esib o‘tganday jarrohning badani seskandi, so‘ng esa yuragi uvishib ketganini tuydi... Nogoh jarroh o‘sha, umurtqa pog‘onasida qolgan jarohat o‘rnida yana milsiz og‘riq qo‘zg‘alib, jismi-joniga azob bera boshlaganini his etdi...
— Mana bu yerda o‘choq bor edi. Unda olov yonib turgandi... — banogoh shivirlab qoldi Nazokat. — Qozonda ovqat pishayotgandi. Siz...
Karim jarroh gap nima haqida ketayotganini darhol tushundi.
— Ha, — dedi jarroh xo‘rsinib. — Men ovqatga simob soldim...
— Shu bilan otamning qotiliga aylandingiz, — hamon o‘choq joyidan ko‘z uzmagan ko‘yi jiddiyat ila ta’kidladi Nazokat. 
— Lekin men... — shosha-pisha o‘zini oqlashga urindi Karimjon. 
Biroq shu zahoti bu ortiqcha ekanligini his qildi va jim turib qoldi.
— U birovning otasi edi, — ohista shivirladi Nazokat. — Birovning eri... Birovning qarindoshi... U ham inson edi...
Karimjon jarrohning mijjalariga achchiq ko‘z yoshi quyildi...
U hammasini tushungandi... “Nahot... nahot ajr deganlari shu bo‘lsa...” degan fikr o‘tdi jarrohning vayrona qalbidan.
— Ha, — deya pichirladi hamon o‘choq joyidan ko‘z uzmayotgan qiz, — hammasining javobi bor... Hammasining...
Karimjon jarroh so‘nggi bor e’tiroz bildirmoqqa urindi:
— Axir urushlar... qanchadan-qancha begunohlar... homilani olib tashlashlar...
Nazokat shivirlab javob qaytardi:
— Hammasining... hammasining javobi bor... Vaqt-soati keladi... Javobdan qochib qutulib bo‘lmaydi...
  Karimjon jarroh asta tiz cho‘kdi va qaynoq ko‘z yoshlariga ko‘milgan ko‘yi qizga iltijo qildi:
— Meni kechiring...
Qiz lablarini asta qimirlatdi va:
— Bu yog‘i Yaratganga havola, — degan jumla balki sado bo‘lib quloqlaridan kirdimi yoinki hukm yanglig‘ yuragiga yozildimi — buni Karimjon jarroh anglolmay qoldi...
Nazokat asta-sekin, sassiz qadam tashlagan ko‘yi mash’um qotillik yuz bergan joydan uzoqlashib, qorong‘ulik qa’riga singib keta boshladi. 
Karimjon jarroh esa hamon tiz cho‘kkan joyida ko‘z yoshlariga g‘arq bo‘lib iltijolar qilar, kimlardandir kechirim so‘rar, tavba-tazarrular etar, ammo bir mutloq haqiqatni — Hukmi Oliyni o‘zgartirib bo‘lmasligini yurak-yuragidan his etardi...

* * * 

Tongga yaqin o‘z dalalariga kelgan dehqonlar ulkan daraxtlar bag‘ridagi oddiygina chayla yonida eshiklari lang ochiq turgan “Neksiya” mashinasini ko‘rishdi. Mashinadan uch-to‘rt qadam uzoqda esa o‘ttiz-o‘tiz beshlarga borgan, ko‘rinishidan ziyoli, ammo oyoqlariga shippak ilib olgan bir yigit yerni quchoqlagancha o‘lib qolgandi. 
Bu Karimjon jarroh edi...
Ajablanarli tomoni shunda ediki, marhumdan qo‘l uzatsa yetgulik masofada qandaydir ko‘hna boldir suyagi tuproqqa qorishib yotardi...  

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.