OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqayum Yo‘ldosh. Tilla soat (hikoya)

I

...Hammasi oddiygina hazildan boshlandi.
Ehtimol, unchalik oddiy ham emasdir. Zero, oddiy hazilning tagida zili bo‘lmaydi.
Xullas, yomg‘ir sharros yog‘ib turgan kech bahor kunlaridan biri edi.
Zavodda shtat qisqarishiga uchragach, bir yildan beri ijaraga olgan «Neksiya»sida kirakashlik qilayotgan Sodiq odatdagidek nomozshom palla horib-charchab uyiga qaytmoqda.
Bir kunda Toshkentga borib qaytishning o‘zi bo‘lmaydi. Kamida 700 kilometr yo‘l yurish lozim. Buning ustiga yo‘lovchilarning injiqligi, olatayoq ko‘targan mirshablarning bezbetligi asablarni ishdan chiqaradi.
Ayniqsa yomg‘ir bu darajada sharros yog‘ib turgan kezlari haydovchi battar charchaydi — deyarli o‘n ikki-o‘n uch soat mobaynida yo‘lga diqqat bilan, ko‘zlarni yirib ochgancha termulib yurishning o‘zi bo‘ladimi!
Yo‘lning har qarichi yod bo‘lib ketgan. Ammo bugungi mijoz shaharning narigi chekkasidagi uyiga olib borib qo‘yishni so‘radi, yukini vaj qilib ko‘rsatdi, buning ustiga yana ming so‘m qo‘shishini bildirdi. Har qancha charchab turgan bo‘lmasin, Sodiq ko‘nishga majbur bo‘ldi — ming so‘m ko‘chada yotmaydi axir. Mana endi ko‘pdan beri yurmagan ko‘chalardan qiynalib uyga qaytmoqda.
Nihoyat «Neksiya» shahar markazidagi xiyobondan o‘tgachgina Sodiq yengil nafas oldi, bundan bu yog‘i — tanish ko‘chalar. Mana shu tuyg‘u ta’sirida qaddini sal rostlab, ko‘kragini ruldan uzoqlashtirgan Sodiq mashina tezligini oshirdi. Agar sal lofi bilan aytiladigan bo‘lsa, endi u ko‘zini yumib ham keta olardi. Shunday ekan, yomg‘irdan zada bo‘lishga ham ortiqcha hojat qolmadi.
Mana, chapdagi birinchi ko‘chaga qayrilishi kerak. Bu ko‘chada oshnasi Isomiddin turadi. Isomiddinni eslagan Sodiq miyig‘ida iljayib qo‘ydi. Illo, birovning dardi — baribir birovning dardi-da.
Darvoqe, Isomiddin xususida. Juda ulfat yigit, choyxona, osh desa o‘zini tomdan tashlaydiganlardan. Ichimlik borasida-ku, umuman suyagi yo‘q. O‘ziyam aroqning isini bir chaqirim naridan ilg‘aydi. O‘qilg‘i quyish shaxobchasida operator, birodarlar uni «zapravkachi» deb atashadi. Ishiga yarasha topadiyam. Aytishlaricha, bir sutka ishlab, ikki sutka dam oladigan bu yigit navbatchiligining o‘zidayoq cho‘ntagiga kamida ellik ming olib qolarkan.
Sodiq ba’zan g‘ayirlik qiladi: tong saharda ketib, yarim kechasi horib-charchab, bo‘yin tomirlari, yelkalari qotib-uvishib, burni yerga tekkuday bo‘lib qaytib keladi-yu, qo‘lida o‘n ming so‘mdan ortiq daromad qolmaydi. Isomiddinga o‘xshaganlar esa bir sutka yalpayib o‘tirgani evaziga shuncha topsa-ya...
Buning ustiga, omad bir kelsa ustma-ust kelaveradi, deganlari rost shekilli yo boshqa kelar joyi ham bormi, ishqilib, Isomiddin erkak boshi bilan tillaga ko‘milib yuradi. Oltin soat, oltin uzuk, bo‘ynida tilla zanjir, og‘zi to‘la tilla tish... Mana shu turish-turmushiga uning yana bo‘kib qolguncha, ta’bir joiz bo‘lsa molday ichishi qiziq.
Mast Isomiddinni uyga olib borib qo‘yish desa ulfatlarning yuragi bezillardi. Aytishlaricha, uning xotini oyoqqa zo‘rg‘a turgan erini suyab kelgan odamga qarab bobillab berarkan. Isomiddinning mana shunday tili zahargina xotinini ba’zan jonidan ortiq ko‘rishi esa yana-da g‘alati edi. Buni Sodiqning o‘zi ham necha marta ko‘rgan: aljib, tili zo‘rg‘a aylanayotgan, vujudi esa beshiktervatarday tebranayotgan bo‘lsa-da, Isomiddin mehmondorchilik yakunida «bu xotinimga» deya g‘o‘ldiragancha cho‘ntagiga shirinlik solib qo‘yishni unutmasdi. Dasturxonda shirinlik bo‘lmagan taqdirda choyxona hovlisiga chiqib, gul qidirib qolardi. Qish kunlari esa, har qancha «g‘isht» bo‘lib qolsa ham Isomiddin yo‘lda o‘zini olib kelayotgan mashinani to‘xtatib, do‘kondan shirinlik olarkan.
Tanish darvozaga yaqinlasharkan, Sodiq shularni o‘ylab miyig‘ida iljayib qo‘ydi. Shu lahzada mashina chiroqlari darvozani yoritdi va Sodiq shundoq yo‘lakda muk tushib yotgan odamni ko‘rdi. Beixtiyor tormozni bosdi. Mashina darvozadan uch-to‘rt qadam nariga o‘tib to‘xtadi.
Bir zum ikkilanib turgandan keyin Sodiq qo‘l tormozini tortdi va eshikni ochdi. Yomg‘ir sharros quymoqda edi. Sodiq qunishibgina tashqariga chiqdi-da, istar-istamay darvoza tomon yurdi.
Sodiq shunday yomg‘ir tagida ikki bukilib, bir yonboshida yotgan gavdani o‘ziga qaratdi. Ha, bu Isomiddin edi.
Isomiddin norozi bo‘lganday bir nimalar deb to‘ng‘illadi. Aftidan, chekiga buni olib kelish tushgan ulfat Isomiddinni darvozaga suyaganu, qo‘ng‘iroqni bosasola ura qochgan. Ichkaridan hech kim chiqavermagach esa mast yiqilib tushgan, so‘ng ko‘lmak ustida parqu ko‘rpa og‘ushida yotganday maza qilib uxlayvergan.
Sodiq Isomiddinni bir amallab ko‘tarib olib, darvozaga suyadi va uni bir qo‘li bilan ushlagancha qo‘ng‘iroqni ketma-ket bosdi. Jimlik. Demak, uyda hech kim yo‘q. Sodiq darvoza tirqishidan mo‘raladi. Hovli qop-qorong‘i edi.
Shu payt Isomiddin nimadir deb g‘o‘ldiradi. Sodiq shu tomonga o‘girildi va uning qo‘ynidan bir dona ezilgan atirgulni chiqarishga urinayotganini ko‘rdi.
Sodiqning jahli chiqdi. Bir kami shu edi. Xotinim chiqdi, deb tusmol qildi shekilli.
— Og‘rimagan qulog‘imga oltin isirg‘a bo‘lding-ku, dardisar!
Sodiq bu dashnomni beixtiyor aytdi. Ko‘nglida hech bir niyati ham yo‘q edi. Ammo jumladagi «oltin» so‘zi negadir uni hushyor torttirdi.
«Bir hazillashay, — deya o‘zini ishontirishga urina boshladi Sodiq. — Ana undan keyin mast bo‘lib, ko‘chada yumalab yurmaydi... Bir hazillashay...»
Sodiq Isomiddinni suyab yerga o‘tqazdi va shosha-pisha qo‘lidagi tilla soatni yechib oldi. Oltin zanjir ham osonlik bilan yechila qoldi. Lekin nomsiz barmoqdagi uzuk sal qiynadi — tiqilib turgan ekan.
Negadir issig‘i chiqib, bo‘g‘riqib ketayotgan Sodiq o‘rnidan turib, atrofga alanglab, hech zog‘ yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, narsalarni oshig‘ich tarzda shimining cho‘ntagiga joyladi. Keyin, qaytadan engashib, Isomiddinni yotqizib qo‘yarkan, qandaydir noma’lum qutqu izmida uning cho‘ntaklarini kavladi. Kostyumning ichki kissasidan bir dasta pul chiqdi. Sodiq ularni sanab o‘tirmasdan cho‘ntagiga soldi.
Isomiddin yomg‘irga ham parvo qilmasdan pishillab uxlamoqda edi. Sodiq bir muddat uni kuzatib turdi, keyin, atrofga yana bir bor alanglab olgach, shoshilibgina mashinasi tomon yurdi.
Sodiq iliqqina mashina kabinasiga o‘tirarkan, yana bir bor o‘zini ishontirmoqchiday:
— Boplab bir hazillashay, — dedi.
«Neksiya» joyidan siltanib qo‘zg‘aldi.

II

Reja o‘ta jo‘n edi. Sodiq erta-indin Isomiddin ishlayotgan AYoQShga boradi, uni biroz qo‘rqitadi-da, so‘ng:
— Mana! — deya olgan narsalarini qaytarib beradi.
Sho‘rlik Isomiddin tentak bo‘lib qolsa kerak o‘ziyam.
Ammo AYoQShga o‘tishga ertasigayam, indinigayam vaqti bo‘lmadi. Nihoyat uchinchi kuni rulni shu tomonga burgan Sodiq qovoq-tumshug‘i osilib ketgan, soqol olishni ham unutgan Isomiddinni bir chekkada shumshayib o‘tirgan holda ko‘rdi.
Isomiddin Sodiqning salomiga ruhsizgina alik oldi. So‘ng:
— Tinchlikmi, oshna? 
— Tinchlik... — deya bazo‘r, istar-istamas javob qaytardi Isomiddin.
— Har xil gaplar eshitayapman... 
Isomiddin yalt etib unga qaradi-da, og‘ir uf tortdi:
— Narsalarimni shimo qilib ketishibdi.
— Nima qilib ketishibdi.
Isomiddin bu safar zardaliroq tarzda dedi:
— O‘g‘irlab ketishibdi...
Sodiqning nazarida, shu so‘zdan keyin u baralla kulib yuborishi va cho‘ntaklarida badanini kuydirib yuborguday bo‘lib turgan tilla buyumlarni hamda o‘ttiz besh ming so‘mni chiqarib berishi kerak edi.
Ammo nimadir halaqit berardi. Baayni «sichqon-mushuk» o‘yini tez tugab qolayotganday, u yetarli darajada huzur ololmayotganday.
— Nimangni olishibdi?
Isomiddin bu safar Sodiqqa ochiqdan-ochiq g‘azab bilan qaradi.
— Nima, aytsam topib berarmiding?
Xudo shohid, Sodiq shu yerda o‘yinni tugatmoqchi edi, ammo buning o‘rniga tiliga boshqa so‘zlar keldi:
— Men-ku, topib berolmasman, lekin shunaqa ishlar bilan shug‘ullanib yuradigan yigitlar bor. Agar xizmat haqiga ko‘nsang, gaplashib beraman.
Sodiqning xayolida bu gaplari ham hazilning davomi edi, xolos. Biroq cho‘kayotgan odam xasga yopishar ekan. Isomiddin ham sakrab o‘rnidan turib ketdi.
— Og‘ziga siqqanini so‘rasin, beraman!
Shunday vaziyatda ham Isomiddinning kattalik qilishga urinishi Sodiqning izzat-nafsiga tegdi. Endi o‘zini nafsoniyati toptalgan odam his qila boshlagan Sodiq o‘yinni davom ettira boshladi.
— O‘zi arziydigan narsami?
— Arziganda-chi... — alam bilan uf tortdi Isomiddin. — Xotinim sovg‘a qilgan soat. Yozuvi bor edi. Shu topilsayam mayliydi. Sepochka bilan uzukni o‘zim olgandim... Xotinimning ko‘ziga ko‘rinmay deb ishga har kuni chiqayapman... So‘ramagan odamim qolmadi... Sen gaplash. Xizmat haqidan o‘ylanma. Agar soat topilsa, o‘zingniyam quruq qo‘ymayman — bir oy tekin benzin beraman.
Sodiq miyig‘ida iljaydi.
— Har kuni Toshkentga qatnayman-a...
— Menga desa Moskvaga qatnamaysanmi!
Endi, shuncha gapdan keyin, narsalarni birdan chiqarib berish juda noqulay tuyuldi Sodiqqa.
— Melisaga aytmadingmi? — deya so‘radi u.
Isomiddin qo‘l siltadi.
— Melisaga nima deyman? Ichibman, loyda yotib qolibman, shunda meni shilib ketishibdi, deymanmi...
— Mayli bo‘lmasa, — ovozida nedir ulug‘vorlik paydo bo‘lgan Sodiq xayrlasha boshladi. — Borib surishtirib ko‘ray-chi.
Isomiddinning ko‘zlari umidvor yiltiradi.
— Bir yordam ber, jo‘ra. Xizmatingni qilaman... Hech bo‘lmasa soat...
Sodiq AYoQShdan bamisoli shaharning o‘g‘riboshisiday salobat va viqor bilan uzoqlashdi...

III

Tongda mijoz uchun talashib-tortishishlar, har bir yo‘lovchini sarg‘ayib kutishlar, ana shundan keyin kira haqi ustida bo‘ladigan munozara va nihoyat yo‘l azobi — bularning barisi horitdi shekilli, ertalabki huzur-halovatdan asar ham qolmagan Sodiq namozshomga yaqin avtobekatga shalvirab kirib keldi-yu, maydon adog‘ida qaqqayib turgan Isomiddinni ko‘rib hayron qoldi. Bu orada mashinani tanigan «zapravkachi» chopqillab yetib keldi-da, oynadan boshini chiqarib turgan Sodiqqa qarata — na salom bor, na alik, — qichqirdi:
— Bo‘ldimi, gaplashdingmi?
Sodiq garangsib qoldi. Isomiddinni chetga imladi va: 
— Shu gap hammaning oldida aytiladigan gapmi? Yaxshi bor, yomon bor,- dedi xuddi bir nimadan xavotirlanayotganday. Keyin asta shivirladi:
— Bu dunyoda bitmaydigan ish bormi... Gaplashdim. Harakat boshlangan. Kutib tur... Lekin yigirma besh foizi ularniki.
— Bemalol, — jon holatda ikkala qo‘lini siltadi Isomiddin. — Uchalasi bir millionga yaqin turadi. Men uch yuz ming beraman. Oldindan. Soatning o‘zi bo‘lsayam mayli...
Sodiqning ko‘zlari tinib ketdi-yov. Uch yuz ming-a! Bir oy eshshakdek ishlab uch yuz ming topadi, buning ham yarmini mashina egasiga beradi. Demak, ikki oyda topganini...
Sodiqqa bu fikr o‘rinli tuyuldi. Isomiddin shunday ahvoldaki, xotini sovg‘a qilgan soatni topish uchun oxirgi ishtonini sotishga ham tayyor. Yana ichi qizib, yuzi bo‘g‘riqa boshlagan Sodiq shosha-pisha mashinasiga o‘tirdi.
— Hay, borib gaplashib ko‘ray-chi.
— Jon jo‘ra, — deya yolvorishga o‘tdi Isomiddin, — Uyga borishga betim chidamayapti...
— Yigitlar bilan uchrashaman, vaziyatni tushuntiraman, — deya Sodiq mashina kalitini buradi.
Uch yuz... Yana o‘ttiz besh... Yomon emas... Yiqqaniga qo‘shsa bir eskiroq «Jiguli»ga yetib qoladi. O‘zingni mashinang — o‘zingniki-da. Birovning qosh-qovog‘iga qaramaysan, ishqilib buzilib qolmasin-da deya yuraging po‘killab turmaydi.
Sodiq o‘zining topqirligidan o‘zi mamnun bo‘ldi. Shunday olib borib beradi-da, «Yigitlar sen bilan uchrashib o‘tirmoqchi emas, ataganingni o‘zimga beraver, olib borib beraman», deydi, tomom-vassalom. Isomiddin jon-jon deb rozi bo‘ladi, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas.
Ammo-lekin Sodiq bopladi, bir o‘q bilan ikki quyonni urdi...

IV

Tuni bilan turli xayollarga borib, uxlay olmay, to‘lg‘onib chiqqan Sodiq tong saharda boshi g‘uvillab o‘rnidan turdi.
Uch yuz o‘ttiz ming... Yaxshi. Lekin... mabodo... bir millionning o‘zi bo‘lsami... Yangiroq «Jiguli» olsa bo‘lardi. Eskini yamab esing ketguncha... O‘zi benzinni urib qolish evaziga kelgan bo‘lsa... O‘tniki o‘tga, suvniki suvga, qoldi qatiqning puli... Yana topadi, oladi... Bundan ham zo‘rini...
Sodiq otasi bergan narsani yo‘qotib qo‘ygan yosh boladay jovdirab turgan Isomiddinni esladiyu, beixtiyor shosha-pisha soatni olib, undagi yozuvga qaradi. Oddiygina yozuv ekan. Bor-yo‘g‘i: «Turmush o‘rtog‘im Isomiddin akaga. Tug‘ilgan kuningiz bilan. Xotiningiz» deb yozilgan, keyin sana ko‘rsatilgan ekan, xolos. Xudo biladi, «turmush o‘rtog‘im» degan so‘zni ustaning o‘zi qo‘shgandir. 
Shunga shunchami...
O‘zining yo‘liga ko‘z tikib turgan Isomiddinni ko‘rib Sodiqning ensasi qotdi. Nima, u avliyomidiki, yo‘qolgan narsalarni topib bersa. Ketgan narsa ketdi-da. Bosh omon bo‘lsin... Nima, o‘lar joydamiding... Sovg‘a bo‘lsa bo‘pti-da. Pul bo‘lsa — changalda sho‘rva, bunaqangi sovg‘alardan yuzlab qilsa bo‘ladi...
Isomiddin Xizrni ko‘rganday hayajonlanib, atrofida girdikapalak bo‘layotganini ijirg‘anibroq kuzatib turgan Sodiq dag‘alroq tarzda dedi:
— Yigitlar harakatda... Lekin agar shu bugunning o‘zida topilmasa boshqa izlamaymiz, deyishayapti.
Rangi oqarib, ko‘zlarining paxtasi chiqib ketgan Isomiddin yana yolvordi:
— Bir ilojini qil, jo‘ra...
Sodiq avtobekatda Toshkentga yo‘lovchi izlab izg‘ib yurgan chog‘i zargarlik buyumlari do‘koniga birrov kirib chiqdi. Yaxshi, tilla narxi yana oshibdi. Yaxshi... Soatdagi yozuvni esa Toshkentda o‘chirib kelsayam bo‘ladi...
Omadi kelgan kun ekanmi, mijozlar ham tezda topila qoldi.
Toshkent yo‘lidagi «Jahon bozori»ga kirib, sigareta sotib olgan Sodiq shoshib mashinasi tomon yurayotgan mahal darvoza yonida turgan tilanchilardan biri uni tirsagidan tutib, o‘ziga qaratdi. Bu qozonday qop-qora, badbashara, faqat ko‘zining oqi yiltirab turgan, sochi oqarib ketgan boshiga katta ro‘mol o‘ragan, chamasi oltmish yoshlardan oshgan ayol edi.
— Yuz so‘m ber, o‘g‘lim, — dedi kampir qahr bilan. — Duo qilaman, yo‘ling ochiladi. 
Sodiq jahl bilan qo‘lini tortib oldi.
— Pul yo‘q.
Tilanchi endi Sodiqning yo‘lini to‘sdi.
— Birovning haqi yomon bo‘ladi, bolam. Yuz so‘m sadaqa qil, yo‘ling ochiladi.
— Bor-e!..
Sodiq kampirni aylanib o‘tdi-da, shoshib yo‘lida davom etdi. Ortidan kampirning norozi tarzda pisanda qilganini eshitdi:
— Bekor qilding, bolam...
Sodiqqa Toshkent yo‘li yod bo‘lib ketgan. Mashinani ham har bir murvatiga qadar his qilib turadi. Ammo Sirdaryoga yetishgan mahal kutilmaganda oldingi ballon yorilib qoldi. Xayriyat, zapas ballon bor edi, bir pasda almashtirib oldi. Endi yurishda davom etib, tezlikni yuzga yetkazgan mahal uni quvib o‘tgan ulkan «KamAZ» orqa ballonidan otilgan tosh «Neksiya»ning old oynasini chatnatib yubordi. O‘rgimchak to‘riday iz qolgan oynaga qararkan, Sodiq alamdan «dod» deb yuboray dedi va beixtiyor tilanchi ayolning qo‘rqinchli chehrasini esladi...
Ishqilib, yo‘lning bu yog‘i tinch kechdi.
Olisga qatnaydigan kirakash haydovchilarning bir odati bor: ular iloji boricha to‘rt kishilik guruhni mashinasiga olmaslikka harakat qilishadi. Axir bilib bo‘ladimi... Yo‘lovchilarning bir-birlarini tanimaganlari ma’qul. Mabodo ular ichida ayol kishi bo‘lsa yanada yaxshi...
Ertalabdan buyon Isomiddinga aytadigan gaplarini xayolida pishitayotgan, hayajon zo‘ridan tuzukroq tushlik ham qilolmagan Sodiq avval ikkita erkak mijoz topdi, so‘ng ikkita yigitchani. Erkaklarning sovuqroq basharasi o‘ziga yoqmagan bo‘lsa-da, ularni oldi-yu, yo‘lga chiqdi.
Sodiq shoshardi. Tezroq shaharga yetib borsa-yu, Isomiddinni topib, shunday-shunday desa... Keyin... hammasi, hammasi o‘ziga qolsa... Keyingi haftalar oppoqqina «06» olsa...
Sodiq beixtiyor iljayib qo‘ydi...
Mashina Paxtakor shahri qayrilishidan o‘tib, ochiq maydonga chiqqan mahal Sodiq bo‘yniga arqon tashlanganini sezdi. U ajablanib yonboshiga qaradi. Arqonni orqada o‘tirgan yigitchalardan biri tashlagandi, yonboshda o‘tirgan turqi sovuq erkak pichoq yalang‘ochlab turardi. Sodiq hatto qo‘rqishga ham ulgurolmadi — muzday tig‘ biqiniga «port» etib sanchildi...
Yo‘l bo‘yidagi ariqqa tashlab ketilgan, suvda shishib ketgan murda uch kundan keyin topildi...
Tergovchilar marhum kiygan jinsi shimning orqa cho‘ntagidan tilla soat topishdi. Qolgan cho‘ntaklar bo‘m-bo‘sh edi. Soat orqasida yozuv bor edi, shu sababli uning egasi tezda topila qoldi.
Isomiddin ko‘p ezildi. Mirshablarga «Sodiq do‘stim meni deb o‘lib ketdi!» deb yig‘lab bordi, do‘st-birodarlariga ko‘zda yosh bilan Sodiqning mardligi, tantiligi, ayniqsa o‘zining o‘g‘irlab ketilgan narsalarini topish uchun astoydil harakat qilganini, ehtimolki shuning uchun jonini qurbon qilganini aytib charchamasdi.Bu e’tirof Isomiddinga sal qimmatga ham tushdi: Sodiqning xesh-urug‘lari chuvvos solib unga yopishdilar; erkaklar «qotil» deb so‘kdilar, ayollar mung‘ayib turgan «zapravkachi»ning yuzini tirnab tashladilar...
Isomiddin do‘st-birodarlari bilan Sodiqning ma’rakalari o‘tkazilishiga bosh-qosh bo‘lib turdi. So‘ng «Qarzim bor edi», deya uch yuz ming so‘m tashlab ketdi. Ammo marhumning xesh-urug‘i bu miqdordan qoniqmagan, yana shuncha talab qilgan...
Isomiddinni bir necha bor Sodiqning qabri yonida ko‘zda yosh bilan tilovat qilib o‘tirgan holda ko‘rganlar «Eng yaqin, eng sodiq do‘stidan ajralib qoldi-da, bechora», deya afsuslanib bosh chayqab qo‘yishardi. Ammo «Axir, yoshgina Sodiq shuni deb o‘lib ketdi. Vijdoni qiynalayotgan-da», deguvchilar ko‘proq edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.