MUQADDIMA
Tarix ta’rifi
Tarix millatlarning o‘tmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini o‘rgatuvchi fandir.
Tarix taqsimi
Tarix ikki qismdan iborat: umumiy tarix va xususiy tarix. Barcha millat va jamiyatlarning axvolini bayon qiladshan soha umumiy tarix, deb ataladi. Xususiy tarix birgina millat va birgina jamiyatning tarixini yoritadi. Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi; binobarin, Islom tarixi Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ning dunyoga kelishlaridan va Islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir.
Birinchi qism
SAODAT DAVRI
Rum va Eronning Islomdan avvalgi ahvoli
Isoviy (xristian) dini tarixining besh yuzinchi yillari dunyoda ikki ulug‘ davlat mavjud bo‘lib, bularning birini Rum va ikkinchisini Eron, der edilar. Bu ikki davlat podshohlaridan biri doimo ikkinchisining ustiga lashkar tortib, o‘rtada uzoq davom etgan janglar bo‘lar edi. Natijada ikki tomon ham holdan toyar, ikkovi ikki tomonga chekingan holda yana lashkar to‘plar, xalqning hisobiga pul to‘plab, yana yangitdan jangga hozirlik ko‘rar edilar. Jabr-zulm ostida qolgan bu mamlakatlarning xalqlari bot-bot isyon ko‘tarar, turli diniy ixtiloflar bahonasida podshohlarini ag‘darib tashlash qasdida bo‘lar, xullas, fisq-fujur, axloqsizlik, zo‘ravonlik va bosqinlar bu yurtlarda keng tarqalgan edi. Natija o‘laroq, bu yurtlar kundan kunga xarob ahvolga kelib, xalqning soni kamayib borardi.
Arab yarim oroli va u yerdagi xalqning ahvoli
Bu ikki mamlakatning janub tarafida boshqa bir qit’a bor edi; uni Arab yarim oroli (Jaziratul-arab), deb ataganlar. Bu yerning xalqi asosan arablardan tashkil topgan. Arab yarim oroli Rum va Eron yurtlari kabi obod emas, balki ko‘p yerlari qumlikdan iborat bo‘lib, ba’zi qit’alardagina obod manzillar mavjud edi. Bu qit’alardan eng mashhuri va muboragi Hijozdir, chunki bu qit’ada Makka bilan Madina joylashgan. Xaritaga qarasangiz ko‘rasizki, Hijoz qit’asining bir tarafi Qizil dengiz va boshqa bir tarafi cho‘ldir. Bu joylarni Rum va Eron davlatlari egallay olmaganlar. Bu yerda yashovchi xalqlar Rum va Eron kabi o‘z hukumatlariga ega bo‘lmay, qabila-qabila, ya’ni to‘p-to‘p bo‘lib yashaganlar. Har bir qabilaning o‘z sardori bo‘lgan.
Barcha arablar johil va badaviy (sahroyi) bo‘lganlar. Cho‘ponlik va qaroqchilik bilan kun ko‘rganlar. Biron yil bo‘lmaganki, bir qabila ikkinchisiga hujum qilmagan, o‘rtada qon to‘kilmagan bo‘lsin. Barcha qabilalarning diii butarastlik edi. Makka shahridagi Ka’ba xonasida 360 but (sanam) o‘rnatilgan bo‘lib, har bir qabila o‘ziga tegishli butga sig‘inar edi. Qimorbozlik va sharobxo‘rlik ularning ko‘ngil ochar ishlari bo‘lgan. Agar ularniig xotinlari qiz tug‘sa, or qilib, begunoh go‘daklarii tiriklayin yerga ko‘mar edilar. Xullas, na faqat Rum va Eron yoki Arab yarim orolidagi qabilalar, balki butun olam davlatlari xarob ahvolga kelgan edi. Buyuk Hazrati Parvardigor bu dunyoning xarobaliklarini xohlamas edi, shuning uchun bot-bot payg‘ambarlar tayin qilib, ular orqali pand-nasihatlar qilardi. Alloh taolo juda ko‘p payg‘ambarlar yuborgandan so‘ng, endi haqdin bilan oxirgi payg‘ambarni yuborishga qaror qildi, ammo oxir zamon payg‘ambarini Rum va Eron kabi buyuk davlatlardan tanlamadi, chunki bu davlatlardagi odamlar ko‘p beaxloq, beandisha va beg‘ayrat bo‘lib ketgan edilar. Ammo Arab yarim orolidagi Hijoz arablari Rum va Eron podshohlariga hech vaqt tobe’ bo‘lmagan va u mamlakatlarning xalqlari bilan bordi-keldi qilmagan edilar; harholda axloqda ulardan mumtozroq edilar. Ularning xislatlaridan ba’zilari shuki, ular musofirparvar, rostso‘z, g‘ayratli, so‘zamol va shoirlik iqtidoriga ega edilar. Binobarin, Xudoyi taolo u buyuk Payg‘ambarni arab qavmidan tayin qildiki, ul janob bizning Payg‘ambarimiz Muhammad ‘alayhissalom bo‘ldilar.
Hazrati Rasuli akram ‘alayhissalomning dunyoga kelishlari
Yuqorida aytdikkim. arablar qabila-qabila bo‘lib yashaganlar. Hijoz arablari ham shu kabi bir necha qabiladan tarkib bo‘lgan. Ularning ichida eng ulug‘ va e’tiborlisi Quraysh qabilasidirki, zero Ka’baga xizmat qilish ularning qo‘lida edi. Quraysh qabilasining bir sardori bo‘lib, uni Abdul-Mutallib, deb atashgan, uning Abdulloh ismli o‘g‘li bo‘lib, Abdul-Mutallib bu o‘g‘lini boshqalaridan ko‘proq yaxshi ko‘rardilar. Omina ismli arab qizini nikohlab berdilar. Oradan yetti oy o‘tgach, Abdulloh savdogarlik vajhidan Madinaga borib, u yerda vafot etadilar. Yana ikki oydan so‘ng, isoviy sananing 570 yili, Rab’ul-avval oyining 12-sida, dushanba kuni Allohning rahmati bilan bizning payg‘ambarimiz Muhammad ‘alayhissalom binni Abdulloh Makka shahrida Ominadan dunyoga keldilar.
Hazrati Payg‘ambarning tarbiyalari
Demak, yuqorida aytganimizdek, Payg‘ambarimiz dunyoga yetim keldilar, otalari olamdan o‘tgan edilar. Bobolari Abdul-Mutallib ul hazratning tarbiyalarini o‘z zimmalariga oldilar. Makka xalqining bir yaxshi odati bor edikim, yangi tug‘ilgan go‘daklarni sahroyi enagalarga berib, shahar tashqarisiga chiqarib yuborar edilar. Abdul-Mutallib ham ul hazratni Halima ismli doyaga berib, shahardan tashqariga chiqarib yubordilar. Halima bir yil ul hazratni tarbiya qildi, so‘ngra qaytarib topshirdi.
Hazrat olti yoshga to‘lganlarida onalari vafot qildilar, sakkiz yoshda ekanliklarida bobolari ham vafot etdilar. Amakilari Abu Tolib ul hazratni o‘z tarbiyalariga oldilar. O’n uch yoshga to‘lganlarida Abu Tolib bilan Shom shahri tomon yo‘lga otlandilar. Yo‘lning yarmida Buhayro ismli bir nasroniy rohib ul hazratni ko‘rib, u kishining ba’zi alomatlaridan Payg‘ambari oxir zamon ekanlarin payqadi va Abu Tolibga: "Bu yigitni Shomda yahudiylar tanib qolib, zarar yetkazinglari mumkin", dedi. Abu Tolib Buhayroning so‘ziga kirib, Makkaga qaytib ketdilar.
Payg‘ambarning uylanishlari
Hazratning axloq va odoblari bisyor maqbul va komil bo‘lgan; hech vaqt yolg‘on gapirmaganlar, hech kimga xiyonat qilmaganlar, noinsoflik, muruvvatsizlik va behayolikdan yiroq edilar. Binobarin, hazratning e’tiborlari ortib, kundan kunga ziyoda bo‘lgan. Makka xalqi ul zotni Muhammad Amin, deb atadi. Hazrat yigirma to‘rt yoshga to‘lganlarida makkalik Xadicha ismli moldor ayol u kishiga molini berib, Shomga yubordilar. Bu daf’a ham yo‘lning yarmida Nasturo ismli bir nasroniy rohibi u kishini ko‘rib, Shom safarini man’ qildi. Shul sababli mollarini o‘sha yerda katta foyda evaziga sotdilar va qaytib ketdilar. Xadicha ul hazratdan juda mamnun bo‘ldilar. Yigirma besh yoshda ekanliklarida Xadichani o‘z nikohlariga oldilar.
Vahiyning kelishi
Yuqorida biz hazratning odob-axloqlari haqida gapirib o‘ttan edik, hazratning yana bir xislatlari shundan iborat ediki, boshqa makkaliklar yoki umuman arablar singari butlarga sig‘inmas edilar, ularni bir tosh deb bilib, chandon e’tibor qilmas va hatto yomon ko‘rardilar.
Qirq yoshga yetganlarida Alloh tomonidan Jabroil orqali "Iqra, bismi rabbuka" oyati nozil bo‘ldi va so‘nggi uch yil ichida hech bir oyat kelmadi. So‘ng "Ya ayyuhal-muddassiru qum fa-anzir" oyati keldi va u hazratni payg‘ambarlikka amr qildi. Ul hazrat bu xabarni avval Xadichaga, so‘ng hazrati Abu Bakr va Aliga yetkazdilar; ularning hammalari musulmon bo‘lishdi. Hazrati Ali bu paytlarda go‘dak edilar. Aytadilarkim, eng avval musulmon bo‘lgan kimsalar — ayollardan Hazrati Xadicha, erkaklardan hazrati Abu Bakr, go‘daklardan hazrati Ali musulmonlikni qabul qilganlar. Bundan so‘ng hazrati Abu Bakrning dalolati bilan Makkaning bir necha ulug‘lari musulmon bo‘ldilar. Dastlab musulmonlarning soni yigirma kishidan iborat bo‘lgan. Hazrat bu yangi musulmonlar bilan pinhona ibodat qilardilar, suhbat ham pinhona edi. Ammo buyuk ishlarni doimo yashirib bo‘lmaydi, shuningdek, yangi din ham buyuk ish bo‘lib, uni yashirishning iloji bo‘lmadi; hazratning Payg‘ambarligi Makkaga ovoza bo‘ldi; hamma hayron, ba’zilari kelib hazratning o‘zlaridan so‘radilar va ul zoti sharif tavhid ilmini ularga tushuntirdilar. Payg‘ambar bilan kelib suhbatlashgan ba’zilarga yangi din ma’qul kelib, ular ham musulmon bo‘ldilar. Yangi din odamlarni pokizalikka, Xudodan qo‘rqishga, ezgu ishlarga da’vat qilar ekan, odamxo‘rlik va behuda ishlarni man’ qilar ekan. Arablar bu dinga rag‘bat ko‘rsatdilar. Lekin Makkaning ayrim ulug‘lari, masalan, Abu Jahl va Abu Sufyon: "Agar biz musulmon bo‘lsak, Muhammadga tobe bo‘lib qolib, ulug‘likni qo‘ldan berurmiz", — deb musulmon bo‘lmadilar, ayni paytda musulmonlikni qabul qilgan kishilarga ham ko‘p azob berdilar. Hazrat kofirlarning bergan azoblaridan nolimadilar, doimo Xudo amrini bajo keltirib, ularni ham charchamay Islom diniga da’vat etdilar.
Hazrati Hamza va hazrati Umarning musulmon bo‘lishlari
Hazratning doimiy sabot va sa’y-harakatlari natijasida arablarning atoqli bahodirlari janobi Hamza va Umar musulmon bo‘ldilar, bundan musulmonlarning dillari quvvatlandi. Hazrati Umarning dalolati bilan Payg‘ambar ‘alayhissalom o‘z yoronlari bilan Ka’ba masjidiga borib oshkora namoz o‘qidilar, odamlarni musulmonlikka da’vat qildilar, kishilar birma-bir, asta-sekin kelib musulmon bo‘ldilar.
Payg‘ambar yoronlarining Habashga ketishlari
Ul hazrat Payg‘ambarligining beshinchi yilida musulmonlar soni 300 ga yetdi. Musulmonlarning soni orta borishi bilan kofirlarning ham zulmi kuchayib ketdi. Shuning uchun hazrat kimning xohishi bo‘lsa, Habashistonga borishlari mumkinligini aytdilar. Payg‘ambarning oliy himmatlari bilan bir necha ashoblari Habashiston yurtiga ketdilar va u yerning podshohidan muruvvat ko‘rdilar. Islom dini kuch olgunga qadar ashoblar o‘sha yerda istiqomat qildilar, so‘ngra Hazratning xizmatlariga qaytib keldilar.
Xadicha va Abu Tolibning vafotlari hamda munosabatlarning uzilishi
Kofirlarning izza va haqoratlari ko‘paygan sari musulmon diniga rag‘bat bildiruvchilarning soni ham kundan kunga ko‘paya bordi. Makka ulug‘laridan bo‘lgan kofirlar majlis o‘tkazib, Payg‘ambar va u kishining yoronlari bilan har qanday munosabatni uzishga qaror qildilar. Qaror natijasi o‘laroq ahdnoma yozdilar: bundan keyin hech kim musulmonlarga xotinlikka qiz bermaydi va ulardan xotin olmaydi, ular bilan salomlashmaydi, savdo-sotiq aloqalarini qilmaydi. Bu ahdnomaga imzo chekib, Ka’ba darvozasiga osib qo‘ydilar. Bu ahdnoma uch yil o‘z kuchida turdi. Ko‘pgina musulmonlar bu ahdnoma natijasidan ko‘p qiyinchilik ko‘rdilar, ammo musulmonchilikni qabul qiluvchi olamlar safi to‘xtamadi. Oqibatda ahdnomadan hech qanday naf bo‘lmay, kofirlarning o‘zlari bu ahdnomani yirtib tashladilar, ahli Islom undan xalos bo‘ldi.
Hazrat Payg‘ambarimizning vahiy ola boshlaganlarining o‘ninchi yilida hazrati Xadicha va amakilari Abu Tolib dunyodan o‘tdilar. Abu Tolibning o‘limidan keyin Makka kofirlari Payg‘ambarimiz va musulmonlarga zulmlarini haddan oshirib yubordilar. Ayni iaytda Rasuli akramning me’rojlari voqe’ bo‘lib, hazrat moddiy olamdan ma’naviy olamga safar qilib qaytdilar. Me’roj tunidan boshlab besh vaqt namoz farz bo‘ldi.
Makkadan Madinaga hijrat
Kofirlarning zulmi va zo‘ravonligi haddan oshib ketganligi sababli Rasuli akram ba’zan atrofdan kelgan musofirlarni Islom diniga da’vat qilish va o‘z tarafdorlarini yanada ko‘paytirish uchun shahar tashqarisiga chiqar edilar. Payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili bir kuni Madinadan kelgan bir necha odamni musulmonlikka da’vat qilmoq uchun shahar tashqarisiga chiqdilar. Madinaliklar Payg‘ambarimizga agar siz Madinaga kelsangiz biz o‘z mol va jonimizni siz uchun ko‘mak yo‘lida fido qilar edik, dedilar. Payg‘ambarimiz ularning bu qasamlariga ishonib, taklifni qabul qildilar. Bu uchrashuv Aqoba mavzeida sodir bo‘lgani uchun uni tarixchilar " Aqoba ittifoqi", deb ataganlar. Keyingi yilda Madinadan yana bir necha ulug‘lar kelib "Aqoba ittifoqi"ni yangilab ketdilar. Kofirlarning qulog‘iga bu itgifoq yetib borgach, musulmonlarga nisbatan o‘z zulmlarini yanada kuchaytirib yubordilar. Hazrat o‘z ashoblariga Madinaga hijrat qilishni buyurdilar va musulmonlar yakka-yakka va juft-juft bo‘lishib Makkadan hech kimga sezdirmay chiqib keta boshladilar. Kunlar o‘tgan sayin Makkada Hazratning o‘zlari Abu Bakr va Ali bilangina qoldilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning yolg‘iz qolganliklarini bilgach, ul zotni tunda qatl qilmoqqa maslahat kildilar, ul Hazratga Alloh bu maslahatdan ogoh etdi va o‘rinlariga Alini yotqizib, Abu Bakr bilan birga o‘sha kuni Makkadan chiqib ketdilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning ketib qolganliklarini bilib, izlashga tushdilar, ayniqsa, As-Saboh degan kofir ko‘p qidirdi, ammo izlarini ham topa olmadi. Ul Hazrat Abu Bakr bilan birga salomat holda Madinaga borib yetdilar. Ular kelgan kunni Madina ahli katta bayram qildi. Hazrat Ali ham oradan uch qun fursat o‘tgach, Madinaga kirib keldilar. Hijrati Payg‘ambarning o‘n to‘rtinchi yilida, isoviy 622-sanani musulmonlar o‘z tarix hisobining ibtidosi, deb bilurlar, ya’ni hijriy yil shu yildan boshlangan.
Masjid qurilishi va qiblaning tayin bo‘lishi
Hazrat Madinaga kelganlaridan so‘ng, Madinaning tashqarisidagi Qubo dahasida bir masjid qurdilar va keyinchalik ham Madinaning o‘zida yana bir masjid bino qildilar. Alloh taolo hanuz musulmonlarning qiblasini tayin qilmagan edi. Musulmonlar namoz o‘qiganlarida yahudiylar qiblasi bo‘lmish Baytul-Maqdisga qarar edilar, binobarin, Madinadagi ikki masjidning ham qiblasi o‘sha tomonga qaragan edi. Musulmonlar bir qancha vaqt Baytul-Maqdisga qarab namoz o‘qiganlaridan keyin, qibla Ka’baga qarashi kerakligi haqidagi oyat nozil bo‘ldi. O’sha vaqtdan buyon musulmonlarning qiblasi Ka’ba uyi tarafidadir. Bu voqea Islom tarixida qiblaning tayin bo‘lishi, ya’ni "Tahvili qibla", deb ataladi. Alloh taoloning har bir amri bir necha foyda va hikmatga egadir. Zero, bu amrning hikmati shundan iboratki, musulmonlar har namozda Ka’baga qarab namoz o‘qir ekanlar, asl vatanlari bo‘lmish Makkani yod etadilar va tezroq quvvatlanib, Makkani kofirlar qo‘lidan xalos etmoqqa sa’y-harakat qiladilar.
Jihodga buyurish
Qibla tayin bo‘lgach, musulmonlar o‘z vatanlarini kofirlar qo‘lidan xalos qilish orzusida bo‘lib, jihodni istar edilar. Hijratning ikkinchi yilida Alloh tomonidan jihod farz qilindi. Shundan so‘ng musulmonlar kofirlarga qarshi ko‘pgina jang qildilar. Payg‘ambarimiz ishtirok etgan har bir jangni g‘azot, deb ataganlar va o‘zlari ishtirok etmay, lashkar yuborgan janglarni sariyya deganlar. Musulmonlar qariyb yigirmata g‘azot va sariyya uyushtirganlar. Ulardan mashhurlari: Badr, Uhud, Xandaq, Haybar, Makkaning fath etilishi. Boshqalari haqida ozrak yozamiz.
Badr g‘azoti
Dastlabki g‘azot Badr yurishidir. Hazrati Payg‘ambar bu jangga 313 nafar jangchi bilan kelgan edilar. Makka kofirlari esa, qariyb ming kishi bo‘lib jangga kirdilar. Ikki muxolif lashkar Badr deb atalgan mavzeda to‘qnashdilar. Musulmonlar haq yo‘lida yaqdil bo‘lib jang qilganliklari uchun ham o‘zlaridan uch barobar ko‘p bo‘lgan dushman lashkarini yengdilar. Bu g‘azotda musulmonlardan 14 kishi, kofirlardan 70 kishi halok bo‘ldi. Bu jangda Islomning ashaddiy dushmani Abu Jahl ham halok bo‘lganlar orasida edi. Kofirlardan yetmish nafari musulmonlarga asir tushdi. Hazrat Madinaga qaytgach, ba’zi asirlarni tovon hisobiga ozod qildilar. Tovon to‘lashga qurbi yetmaganlarni esa, musulmon bolalarning xat-savodini chiqarishga majbur qilindi, bu ishni bajargandan keyingina ozod kilinishi shart qilib qo‘yildi. Bu g‘azot hijratning ikkinchi yili sodir bo‘lgan edi.
Uhud g‘azoti
Kofirlar Badr jangida mag‘lub bo‘lib, Makkaga qaytdilar. Bir oy azadorlik qilib, keyin qasos olish niyatida jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. Keyingi yilda uch ming lashkar bilan Madinaga qarab yul oldilar. Hazrati Payg‘ambar kofirlarning lashkarlari kelganini eshitib, ashoblarining mo‘‘tabarlarini yig‘ib mashvarat o‘tkazdilar va dushmanlarning lashkari ko‘p ekan, agar biz shahar darvozalarini berkitib, ichkaridan jang qilsak yaxshi bo‘lar, dedilar. Ashoblarining g‘ayratli yoshlari bu maslahatga quloq osmay, shahardan tashqariga chiqib dushman bilan yuzma-yuz jang kilamiz, dedilar. Hazrat ularning tashqariga chiqib jang qilish tarafdorlari ekanliklarini ko‘rdilar va hech narsa demay yetti yuz nafar musulmonlar bilan shahar tashqarisiga chiqdilar. Madina shahri tashqarisidagi Uhud tog‘ining tagida dushman bilan yuzma-yuz keldilar. Islom lashkarining chap tomonida bir dara bo‘lib, Hazrat ellik nafar o‘qchilarni ajratib, sizlar shu joyda turinglar, aslo boshqa joyga ko‘chmanglar, agar dushman bu yerga kelib hujum qilsa, ishimiz mushkullashadi, dedilar. Jang boshlandi, musulmonlar hujum qildilar, kofirlar chekina bordilar, lekin boyagi ellik nafar o‘qchi Hazratning farmonini yoddan chiqarib, kofirlarning har yerda qolgan molini o‘lja olish uchun daradan keldi. Bir qancha dushman askarlari bu fursatni g‘animat bilib, ana shu darani egallab oldilar va shu yerdan Islom lashkariga hujum qildilar. Musulmonlar mag‘lub bo‘ldilar, yetmish nafar musulmon shahid bo‘lib, Payg‘ambarimizning amakilari hazrati Hamza ham shu qatorda edilar. Hazratning ham bu jangda tishlari sinib, aziyat cheqdilar. Garchi kofirlarning qo‘llari bu jangda baland kelgan esa-da, musulmonlarning yana kuch to‘plab hujum qilib qolishlaridan qo‘rqib chekindilar.
Handaq g‘azoti
Hijratning beshinchi yili Makka kofirlari yahudiylar bilan ittifoq tuzib, o‘n ming kishini go‘plab, Madina tarafga yo‘l oldilar. Hazrat bu xabarni eshitgach, ashoblari bilan mashvarat qildilar. Maslahatga binoan Solmon Forsiy uch ming kishi bilan shahar tashqarisiga chiqib, shahar ostonasida Islom lashkarining atrofida chuqur qazidilar. Kofirlar Islom lashkarining ro‘baro‘siga kelib saf tortdilar, ammo xandaqdan o‘tolmadilar, nochor qolib, xandaqning narigi tomonida turib o‘q otdilar. Musulmonlar ham bu tarafda turib dushman o‘qiga javob berib turdilar. Oqibatda dushman hech qanday natijasiz qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Musulmonlar muzaffar va mansur bo‘lib Madinaga qaytdilar.
Hudaybiyah sulhi
Hijratning oltinchi yili Hazrat besh yuz nafar sahobiylari bilan Ka’bani ziyorat qilish niyatida yo‘lga tushdilar. Jang qilish niyati bo‘lmaganligi sababli qilichdan boshqa jang qurollarini olmaslikni buyurdilar. Makka yaqinidagi Hudaybiyah mavze’iga joylashib, Makka ahliga elchi yuborib, o‘z niyatlarini ma’lum qildilar. Lekin Makka kofirlarinigi sardorlari musulmonlarga bo‘lgan eski adovatlari hamda gina-kuduratlari bilan Hazrat Rasuli akram ‘alayhissalomga Ka’ba ziyorati uchun ruxsat bermadilar.
Shuncha miqdor musulmonni ko‘rib, ularning niyatlaridan bexabar yoki xabardor bo‘lsalar ham ataylab, darhol lashkar to‘plab, jangga hozirlik ko‘ra boshladilar.
Jang chiqishiga sal qoldi, lekin ba’zi kishilar g‘ayrat qilib, ular o‘rtasida sulh va ahdnoma tuzdilar. Bu sulhga ko‘ra, Hazrat bu yil Ka’bani ziyorat qilmay qaytadigan va keyingi yilda ziyoratga kelaligan bo‘ldilar; musulmonlar o‘n yil mobaynida Makka ahli bilan jang qilmaydilar. Makkadan Madinaga qochgan har bir kimsani esa, qaytarib Makkaga yuboradilar va Madinadan Makkaga qochgan xar bir kimsani Makka ahli Madinaga jo‘natmaydilar. Har ikki tomon ushbu ahdnomaga imzo chekdilar, Hazrat Madinaga qaytib ketdilar, keyingi yili esa Ka’ba ziyoratiga bordilar. Bu voqeani Hudaybiyah sulhi, deb ataganlar.
Haybar g‘azoti
Shom va Madina orasida Haybar otlig‘ qal’a bor edi. Bu joyda yahudiylar yashardilar. Hazrat hijratning yettinchi yilida shu qal’ani olmoq uchun ming nafar Islom ahli bilan keldilar. Yahudiylar shahar darvozasini berkitib, ichkaridan turib jang qildilar. Islom lashkari o‘n kun mobaynida qal’ani qat’iy qamal qildi, natijada uni egalladi. Bu shahardan Islom lashkari qo‘liga beadad o‘lja tushdi.
Hazratning elchilar jo‘natishlari
Bu g‘alabadan so‘ng musulmonlarning ovozasi har tarafga yoyildi. Turli qavmlar Islom ahlining quvvatidan hayratga tushdilar. Hazrat fursatni g‘animat bilib, atrofdagi iodshohlarga elchi va nomalar yubordilar, bu nomalar va elchilar orqali ularni Islom diniga kirishga da’vat qildilar. Hazrat quyidagi olti mamlakatga o‘z nomalarini yuborgan edilar: Eron podshohiga, Rum podshohiga, Habashiston podshohiga, Misr hokimiga, Yaman hokimiga. Ularning ba’zilari Hazratning elchilarini izzat-hurmat bilan qarshilagan bo‘lsalar, ba’zilari tahqirladilar.
Makkaning olinishi
Hudaybiyah sulhiga binoan musulmonlar Makkaga qarshi o‘n yil davomida jang qilmasliklari kerak edi va musulmonlar bu ahdda sobit edilar. Lekin sulh imzolangandan keyin ikki yil o‘tib, ya’ni hijratning sakkizinchi yili Makka kofirlarining o‘zlari ahdnomani buzdilar; Madinaga bot-bot hujum qila boshladilar. Hazrat o‘n ming lashkar bilan Makkaga yurish qilishga majbur bo‘ldilar va shahar tashqarisiga kelib, har bir jangchiga o‘z chodirida olov yoqishni buyurdilar. Makka ahli homon musulmonlarning kelganlaridan bexabar edi. Shahar tashqarisidagi bunchalar ko‘p o‘tni ko‘rib qo‘rqib ketdilar. Abu Sufyon xabar olgani kelib, musulmon bo‘lib qaytdi va Makka ahliga voqeani anglatdi. Makka kofirlaridan ba’zilari jangga hozirlik ko‘rolmay, har tomonga qochib ketdilar. Hazrat jangsiz kelib Makkani oldilar va Makka ahliga umumiy afv e’lon qildilar. Boshqalar ham guruh-guruh bo‘lib musulmonlikii qabul qildilar.
Hunayn g‘azoti
Makka fathi haqidagi xabar hamma tarafga tarqalgach, ba’zi musulmon bo‘lmagan arab qabilalari g‘azabga keldilar va Hunayn degan mavze’ga to‘planib, Islom lashkariga hujum qilishga shaylandilar. Hazrat bu xabarni eshitib, 12 ming kishi bilan ularning ustiga yurdilar. Hunayn mavze’ida jang bo‘lib, nomusulmon qabilalarning lashkari qattiq shikast yedi. Islom ahli ularning yurtlarini egalladilar; butun Arab yarim oroli musulmonobod bo‘ldi va Hazrat Madinaga qaytdilar.
Tabuq g‘azoti
U zamonlarda Shom viloyati Rum imperatorining qo‘lida edi. Hazrat imperatorning farmoni bilan Shom viloyatida juda ko‘p askarlar jam bo‘lganini va Madinaga hujum qilish niyatida ekanligini eshitdilar, ul zot ham darhol lashkar to‘plash fikriga keldilar. Lekin Rum imperatorining lashkari bilan jang qilish mushkul edi. Buning uchun juda ko‘p lashkar to‘plash kerak edi, ammo lashkar xarajati uchun mablag‘ topishning iloji yo‘q edi. Oxir-pirovardida millatga murojaat qilib, ko‘mak so‘raldi. Har kim qo‘lidan kelgan narsasini berdi. Shu tariqa lashkarga kerakli bo‘lgan anjomlar to‘plandi. Hazrat 30 ming lashkar bilan Madina va Shom o‘rtasidagi Tobuq mavzesiga yetib keldilar. Dushmandan asar ham ko‘rinmadi. Lashkarning ulug‘larini to‘plab mashvarat qildilar. Abu Bakr Siddiq, agar shomliklar jang qilishni niyat qilganlarida biror belgi bo‘lur edi, hozir esa, ulardan hech bir xabar yo‘q, ma’lum bo‘dadiki, ularning jang qilish niyati bo‘lmagan, balki bizning bu yerga kelganimiz ularni qo‘rqitib yuborgan bo‘lishi mumkin, buning ustiga Shomda vabo tarqalgan, agar shu yerdan ortta qaytsak, ma’qul bo‘lar edi, deb maslahat berdilar. Hazrat bu maslahatni ma’qul topib, Tobuq atrofidagi qabilalarni boj to‘lashga majbur qildilar va Madinaga qaytdilar.
Vidolashuv haji
Hijratning o‘ninchi yilida Hazrat haj qilish niyatlarini butun musulmonlarga e’lon qilib, qirq ming kishi bilan Makkaga kirdilar. Atrofdagi musulmonlar ham guruh-guruh bo‘lib kela berdilarki, natijada ularning soni yuz ming nafarga yetdi. Hazrat xutba o‘qib, bu dunyodan o‘tishlari yaqinligini bashorat qildilar. Musulmonlarga nasihat qilib, so‘ng Madinaga qaytdilar. Bu Hazratning so‘nggi hajlari bo‘lib, tarixda "vidolashuv haji", deb atalgan .
Payg‘ambar ‘alayhissalomning dunyodan o‘tishlari
Voqean uch oydan so‘ng, hijratning o‘n birinchi yilida, rab’ul-avvaldan bir kun oldin Hazrat xastalandilar. Ashoblarini jam qilib shu tariqa nasihat qildilar: men dunyodan ketyapman, Qur’onni sizlarning ixtiyorlaringizga qoldirurman. Doimo Qur’onga amal qilinglar. Bir-biringizni sevinglar, bir-birlaringizga madad bo‘linglar, aslo ezgu ishlardaya judo bo‘lmanglar, dunyoni obod va isloh qilishga kuch beringlar.
Hazratning xastaligi kuchayib, rab’ul-avval oyining o‘n ikkisida, hijratning o‘n birinchi yili oltmish uch yoshda dunyodan o‘tdilar".
Payg‘ambar ‘alayhissalomning sifatlari
Payg‘ambar ‘alayhissalom eng oliy xulq va rahmli sifatlarga ega bo‘lganlar, rahm va shafqat, karam va sahovat, madad, aql va ilm boblarida olamda tengsiz edilar. Behuda g‘azabga kelmas edilar, din ishlaridan boshqa masalalarda juz’iy kamchiliklarni kechirar edilar. Insof doirasidan bir qadam ham tashqariga chiqmaganlar. Har kimning bilimi va imkoniga qarab ish buyurardilar. Biron kimsadan tama’ ham qilmaganlar va sadaqa ham olmaganlar. O’z xotinlari va xizmatkorlariga doimo tavoze’ va ochiq chehra bilan muomala qilganlar.
Payg‘ambar ‘alayhissalomning xotinlari va farzandlari
Payg‘ambar ‘alayhissalom o‘n bir xotin olganlar. Ulardan ikki nafari Hazratning hayotlik vaqtlarida olamdan o‘tgan va to‘qqiz nafari ul zoti sharifdan keyin qolgan edi. Xotinlaridan eng mashhurlari: Xadicha, Oyisha, Hafsa va Maymunadirlar. Uch o‘g‘il va to‘rt qizlari bo‘lgan. O’g‘illari: Qosim, Abdulloh, Ibrohim. Qizlari: Fotima, Zaynab, Ruqiya, Ummi Gulsumdirlar. Lekin hazrati Fotimadan o‘zgalari Hazratning hayotlik vaqtlarida vafot etganlar.
To'liq: Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi - PDF