OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Qush uyasi (hikoya)

Anvar yotoqxonaga qadam bosib, kiyimini almashtirarkan, ko‘ngli g‘ashlandi. Yuragiga qorong‘ilik bostirib kirib, jonsizdek o‘zini divanga tashladi. Atrofga ma’nosiz boqdi. Karavotning oyog‘ida xotinining selon xalati taxlog‘liq. To‘rtta yostiq ikkitadan qilinib, karavot boshiga qo‘yilibdi. Zulayho yostiqlarning bir uchini puchuq qilib turg‘izib, ustiga to‘r yopib qo‘yardi. O‘g‘ilchasining ilgichdagi kiyimlarini ko‘rib, bir entikib qo‘ydi. Ravshanni sog‘inib ketdi. Ko‘z oldida Zulayho ketayotganida qo‘lida indamay javdirab borayotgan o‘g‘ilchasi paydo bo‘ldi.
Eshik g‘iyq etib ochildi.
– Bolam, ovqatingni olib kelaveraymi?
Anvar salom berdi. Ona o‘g‘li chehrasiga ma’yusgina razm soldi. Soqolini bugun olmagan shekilli, o‘sib ketibdi. Ko‘zlari kirtaygandek.
– Men hozir, yuvinib kelay, – dedi u.
Ona sassiz yurib, karavot oyoq tomonida turgan stulga cho‘kdi. Bu bilan o‘g‘lida muhim gapi borligini, boshqa aytmay chidab turolmasligini bildirgandek edi. Yigit hozir ko‘ngilsiz hodisa yuz berishini sezgandek jimgina yerga qaradi. Lekin turib ketgisi ham kelmadi.
– Borib kelasanmi-a, bolam?
Anvar yalt etib onasiga boqdi.
– Qayoqqa?
– Xotiningnikiga-da.
– Nima, men uni haydabmanmi? O‘zi ketdi.
– Qars ikki qo‘ldan. Biringdan o‘tganini biring kechir. Axir oila murosa bilan.
– Siz meni tushuning, oyi. U noto‘g‘ri ish qilyapti. Noqonuniy mollarni sotayapti. Shuni qilmagin dedim, xolos.
– Ikkinchi qilmas. Guldek bolangni o‘yla.
– Men kelmasin deyapmanmi? – ovozini pasaytirdi Anvar.
– Onamning qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lmasin desang borib, olib kelasan.
– Yo‘q, bormayman. Odamni qiynamang, oyi.
– O‘t-beting kamayib qoladimi? Yo mansabingdan tushib qolasanmi?! – Ona ovozida titroq sezildi-da, yig‘lab yubordi. Keng yengiga ko‘z yoshini arta turib dedi:
– Sen ham mendek bo‘lgin, kelin tushirgin, keyin bilasan. Ungacha otdan tushsang ham egardan tushmaysan. Ne hasratda katta qilib ko‘rgan rohatim shumi?
Anvar yerga qaragancha indamay qoldi. Onasiga oson emas. Erta tongda sigir ostini tozalaydi, sog‘adi, yem beradi. Uyni supurish, sidirish, hovli... Ishlagandan battar, yoshi esa o‘tib qolgan.
Yigit o‘rnidan turib shaxt bilan deraza pardalarini chetga surib tashladi. Oyna qo‘sh tabaqasini taraqlatib ochdi. Ichkariga huzurbaxsh shabboda kirdi. Keyin g‘iychillatib yana divanga kelib o‘tirdi.
Ona burnini tortib-tortib, piq-piq yig‘lagach, nursiz ko‘zlarini chetga olib qochdi: 
– Mayli, unda o‘zing bilasan, bolam. 
Anvar onasining yuziga qaradiyu, birdan uning ancha qarib qolganligini his qildi. Ko‘zlari atrofida ajin ko‘payibdi. Oppoq sochlari siyraklashibdi. Shundoq ham kichik gavdasi mushdekkina bo‘lgandek.
Eri vafot etgach, shu miqti ayol hayot deyilgan ulkan sinovning barcha qiyinchiliklariga bardosh berdi. O‘g‘lini oq yuvib, oq taradi. Boshqalar oldida o‘ksimasin deb maktabda farroshlik qildi, uyda sigir boqdi, novvoychilik qildi. Mana endi shu alpozda katta qilgan o‘g‘li bir og‘iz so‘zini qaytarib o‘tiribdi.
– Mayli, – dedi Anvar birozdan so‘ng, – borsam ham faqat sizning hurmatingiz uchun boraman.
U mashinasini bir-biriga o‘xshash ko‘chalardan asta yurgizib borarkan, onasi deb o‘z sha’niga yaxshi ish qilmayotganini, xotininikiga aybsiz aybdor bo‘lib ketayotganini sezib, boshi qotardi.

* * *

Hovlidagi karavotda sabzi to‘g‘rayotgan qaynonasi o‘zi tomon engashgan kuyoviga tizzalab o‘tirganicha keling, dediyu, qo‘lining uchi bilan yelkasiga bir-ikki qoqib qo‘ydi. Keyin oshxonada uymalashib yurgan qiziga, Zalohat, ko‘rpacha olib chiq, pochchangga, deb baqirdi. Anvar hovli o‘rtasida qaqqayib turib, atrofga qaradi. Peshayvonning deraza, eshiklari bo‘yoqlari o‘chib ketgan, tsement zinaning g‘ishtlari ko‘chib yotibdi. Hovlini qo‘shni uy bilan ajratgan devor tagini yomg‘ir yuvib ketmasligi uchun qachonlardir qo‘yilgan tunukalar hali olinmabdi. Halol bo‘lmagani uchun do‘kondor qaynotasi topish-tutishining mazasi yo‘qligi rostga o‘xshaydi.
Zalohat peshayvon zinasidan ko‘rpacha ko‘tarib tushayotib voy-voylab yubordi.
– Ha, nima bo‘ldi? – dedi onasi ishini to‘xtatib. Bu orada Anvar oyog‘i qayrilib, ko‘rpacha bilan dumalab yotgan qaynisinglisini turg‘izib qo‘ydi. Zalohat javob o‘rniga voy-voylardi.
– Uquvsiz qiz! – Koyib ko‘rpacha solardi qaynona. – Qachon odam bo‘lasan, bilmayman. Shuni ham eplab olib chiqolmading.
Bu gaplar yigitga aytilayotganday og‘ir botsa-da, u iltifot kutmay, karavot chekkasiga cho‘kkalay qoldi. Zulayho ham, Ravshan ham ko‘rinmasdi. Ko‘ngli battar g‘ashlandi.
– Zulayho qani? – dedi nihoyat qaynonasiga jur’atsizgina.
– Ha, olib ketgani keldingizmi?
– Endi... gaplashib olsak degandim.
– Nima, janjallaringning hali chalasi bormidi?
Anvar ikkilanib qoldi. Xotini bo‘lgan voqeani aytganmi, yo‘qmi? Shuning uchun indamadi. Qaynonasi davom etdi:
– Bo‘lmasa ketidan qorovullik qilmang. Unaqa ishonmas ekansiz, pulingiz ko‘p bo‘lsa, uyda o‘tirsin. Odamlardek kiydiring, yediring. Lekin zamondan orqada qolmasin.
Anvar bildiki, Zulayho bo‘lgan voqeani aytmagan, boshqa narsa degan. Nega? Qilmishidan afsuslanib, gapning chuvalishini xohlamadimi yoki eri uni yaxshi ko‘rib rashk qilishini ma’lum darajada bildirmoqchi bo‘ldimi? 
Ichkari uydan zarhal rang shippak sudrab, Zulayho chiqib keldi. Eriga ko‘z qirini tashlab, sekingina salom berib o‘tdi. Boyadan beri jildirab turgan vodoprovod suvini kattaroq ochib, tagidan yosh bola ishtonini chaya boshladi. Demak, Ravshanni uxlatib chiqibdi.
– Hech kim unga qorovullik qilayotgani yo‘q. – Anvar bu yerga kelib yanglishganini sezdi. – Faqat to‘g‘ri bo‘lsin deyapman, xolos.
– Nima, bitta-yarimta bilan gaplashib yurganini ko‘rdingizmi-a? – Qaynonasi sabzi taxtani taq etkazib chetga uloqtirdi.
Yigit ochiq aytolmadi. Qaynonasi bu vaziyatda baribir qizining yoninini olishini sezib turardi. “Balki yanglishayotgandirman, – o‘yladi Anvar. – Dunyoda tuhmatdan yomon narsa yo‘q. Agarda bu er-xotin o‘rtasida bo‘lsa, oilaga ketgan darzga davo topilmas”.
– Xo‘p mayli, – dedi yigit o‘rnidan og‘ir turarkan. Boya uning bir yelkasida yuk bo‘lsa endi ikki yelkasidagi yuk gavdasini tobora yerga bosib borardi. – Ketasizlarmi, Zulayho?
Zulayho qo‘lidagi o‘g‘lining siqib, arqondek bo‘lib ketgan ishtonini tutgancha, indamay onasiga qaradi.
– Ketavering, – dedi onasi. – Shu ham turmush bo‘ldi-yu!
Anvar Zulayhoga umid bilan boqdi. U esa ko‘zini olib qochdi.
 
* * *

– O‘g‘lim, bu nimaykin? – dedi Nozima xola bir parcha qog‘ozni kechki ovqatdan so‘ng o‘g‘liga uzatarkan. – Pochtachi tashlab ketdi.
O‘qib ko‘rsa, Zulayho nomiga sudga chaqiruv. Yuragi “shig‘” etib ketdi. Biror ayb qilibdimi yoki yanglish kelganmi? Unda nima uchun uy manzili, ism-familiyasi to‘g‘ri? Bitta-yarimta ishga guvohlikkami?
– Ha, – dedi onasi uning jim qolganidan, – kelishingdan sezgandim. O‘t-beting og‘riyaptimi?
– Yo‘q, bugun juda charchadim. Choy bormi? 
– Hozir, – U tizzalariga ikki qo‘lini tirab o‘rnidan turdi-da, hovliga chiqib ketdi. Anvar onasiga achindi. O‘g‘il o‘stirishning rohatimi bu? Zulayhoning haq gap uchun ketib, hanuzgacha qaytmaganiga jahli chiqdi. Buning ustiga chaqiruv qog‘ozi. Xayolida birdan o‘zining tug‘ilgan kunidagi qimmatbaho ko‘ylak, go‘shtu qaymoq, sariyoqqa to‘la xolodilnik, qo‘shni ayolning unga “Xotiningiz menga ham yangi ko‘ylaklardan olib kelsin” degani keldiyu, ichida bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi.
– Yaxshi qaynasin, – dedi Nozima xola joyiga inqillab kelib o‘tirarkan. – Aytganday, boyagi qog‘oz nimaykan?
– Bu, bolalarning ishi, oyi. Hazil qilib tashlab ketishibdi-da.
So‘ng sabri chidamadi. O‘rnidan turib kiyina boshladi.
– Zulayhoni olib kelaman.
– Voy, qayoqdan kun chiqdi, bolam?

 * * *

Zulayho peshayvonda Ravshanni oyoqlari orasiga olib, singlisi bilan televizor ko‘rib o‘tirgan ekan. Ota-onasi qayoqqadir ketishibdi. Anvarni ko‘rib o‘rnidan turdi. Salom berdi. Singlisi ko‘rpacha olib chiqib soldi.
– Qani ketdikmi? – dedi yigit turganicha xotiniga tikilarkan. U Zulayhoning yuzi olqindidek bo‘lib qolgani, uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari kirtayganligini payqadi. O‘g‘li esa qo‘lida hamon pishillab uxlardi.
– Uyda hech kim yo‘q-ku, kelishsin.
– Yo‘q, ketsangiz hozir ketasiz, bo‘lmasa boshqa kelmayman.
– Zalo, – dedi Zulayho singlisiga erining avzoyi buzuqligini sezib, – o‘rtog‘ingni chaqirib chiqib o‘tir. Biz boraqolaylik.
Anvar mashinaga shasht bilan gaz berib, joyidan chiyillatib haydab ketdi. Bir-birini kesib o‘tgan ko‘chalardan chiqqach, katta yo‘lga yetdi-da, mashinani yeldek uchirdi. Orqada Ravshanni bag‘riga bosib o‘tirgan Zulayho old o‘rindiq suyanchig‘iga o‘ng qo‘lini tirab olgan, yonidan o‘tayotgan mashinalarning “g‘uv-g‘uv”i va shamolidan beixtiyor ko‘zini yumardi. Birdan Anvarning mashinasi oldiga qattiq signal berib,oq “lyuks” “Jiguli” lip etib tushib oldi. Ikki mashina oralig‘i unchalik katta emasdi. Quvib o‘tgan “lyuks” orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan ikki yigit mast bo‘lsa kerak, yetib bo‘psan, deb dam Anvarga tillarini chiqarar, dam Zulayhoga kaftlarini o‘pib ko‘rsatardi. Shusiz ham tutoqib kelayotgan Anvar rulga mushukdek yopishib olganicha, tezlikni yanada oshirar, g‘azab bilan eshitilar-eshitilmas, ahmoq, maraz, deb qo‘yardi. Unga sari boyagi yigitlar xaxolab kulishar, dam unisi, dam bunisi engashib, ruldagi o‘rtog‘iga gapini ma’qullardi.
Oldindagi mashina biroz sekinlashdi. Anvar quvib o‘tish belgisini ham yoqmay mashinasini keskin chapga burib, tezlikni oshirdi. Oldindagi mashina shu zahotiyoq yo‘l bermay o‘rtaga tushib, tezlikni pasaytirdi.
– Qo‘ying, sekinroq yuring, – dedi Zulayho siniq tovushda. – Ular ichib olganga o‘xshaydi. Biron falokat bo‘lmasin.
– Yaramaslar, mayna qilishni ko‘rsatib qo‘yaman senlarga!
 Anvar keyingi paytda ishi yurishmayotgani, xotini bilan janjallashib qolganligi, buning ustiga boyagi chaqiruv qog‘ozi tufayli yuragida tug‘ilgan tashvish va gumonlardan boshi aylanar, hamma alamini hozir oldindagi mashinadagilardan olmoqchidek edi. Tartibbuzarlar chalg‘idi shekilli, “lyuks” odatdagi o‘ng tarafdan yura boshladi. Bundan foydalanmoqchi bo‘lgan Anvar tezlikni oshirib, quvib o‘tishga kirishdi. Olisdan lapanglab “KrAZ” ko‘rindi. Yigit yana gazni bosdi. Shu payt “lyuks” ham tezlikni oshirdi. “KrAZ” va Anvar mashinasi orasidagi masofa tobora qisqarib borar, bir necha daqiqadan keyin dahshatli hodisa sodir bo‘ladigandek edi. Buni ko‘rib kelayotgan Zulayho birdan baqirib yubordi. Qo‘lidagi Ravshan titrab uyg‘onib ketdi. Anvarning yodiga mashinasida xotini, bolasi borligi tushdi. Hozir ularning avtomobili ulkan “KrAZ”ga urilib, pachaq-pachaq bo‘lib ketishini his etdi va tormozni bosib, rulni o‘ngga shasht bilan burib yubordi. G‘ildiraklarning chiyillashi yuraklarni larzaga soldi.
Anvar o‘rindig‘i ortiga bir narsa do‘q etib tekkanini sezdi. Keyin esa ko‘z oldi qorong‘ilashib nima bo‘lganini bilmay qoldi. Bir vaqt rul chambaragidan bosh ko‘tarib orqasiga qarasa, xotini o‘g‘lini mahkam quchoqlagancha, ikki o‘rindiq orasidagi chuqurlikda g‘ujanak bo‘lib yotibdi. Yigit eshikni yelkasi bilan turtib ochdi-da, nariroqda, ko‘cha chekkasida oqib turgan vodoprovod suvidan hovuchlab olib kelib avval Zulayhoga, keyin Ravshanga sepdi. Xotinini o‘rindiqqa suyab o‘tqazgach, o‘g‘lini ko‘tarib oldi. Zulayho ko‘zini ochgan bo‘lsa ham tez-tez nafas olar, sochlari yoyilib ketgan, Ravshan endi chinqirib yig‘lar edi.
– Bolani nima qildingiz? – dedi Zulayho birozdan keyin xirillab. – Oling bu yoqqa!
U Ravshanni titrab qo‘liga olarkan, eriga o‘qrayib tikildi:
– Nima, ajalimizdan besh kun burun o‘ldirmoqchimidingiz?
Anvar indamay orqa eshikni yopdi. Vodoprovoddan yuz-qo‘lini yuvib kelgach, yo‘l chekkasiga chiqib qolgan mashinasi atrofini aylandi. Loaqal chiziq ham yo‘q. Demak, vaqtida tormoz berib qolibdi. “Lyuks” tezligi o‘sha paytda soatiga yuzdan kam bo‘lmabdi. Yaxshiyamki, orqadan mashina kelmayotgan ekan, aks holda nima bo‘lardi? O‘g‘li, xotini unga shunday qovoq solib turisharmidi?
 
* * *

Zulayho nega bunday yo‘lga kirdi ekan? O‘ylagan sari buning sababi oydinlashar, bu fojia yuz berishida Zulayhoninggina emas, balki o‘zining ham aybi borligini anglab borardi. Ko‘z o‘ngidan xotinining hafta, o‘n kunda yangi ko‘ylak kiyishi, Olimjon akam yaxshilar, deb mudirni maqtagani, muzlatgichning doimo go‘sht-yog‘ga liq-liq to‘lib turishi birma-bir o‘ta boshladi. O‘zi tug‘ilgan kunida Zulayho nihoyatda qimmat kostyum-shim sovg‘a qilganida Anvar “Qaerdan oldingiz?” deb so‘raganida, xotini sirli jilmayib, “Uzumini yengu bog‘ini surishtirmang” deb javob qaytarganida indamadi, qaytangga xursand bo‘lib kiyib oldi.
Faqat ish bilan bo‘lib xotinining orzu-istagi, hayotidan deyarli xabardor bo‘lolmadi. Kino-teatr degan narsalarni unutib yubordi. Zulayho dugonalaridan eshitib kelib, falon joyda yaxshi film yoki teatr qo‘yilayotgan ekan, desa, “qaysi vaqtda boramiz?” deb qo‘yardi. Qarindosh-uruqqa ham onda-sonda aralashishardi. Ana shu paytlarda xotini qayoqlarda yurdi ekan?
Hovlida qushlar chug‘urladi. Bu, yozning qaynoq, yangi kuni boshlanayotganidan darak edi.

* * *

Anvar bir paytlar – uylanmasidan avval bo‘lajak xotinini boshqacha tasavvur qilgandi. Hayotida esa o‘zgacha bo‘lib chiqdi, to‘g‘rirog‘i, Zulayhoning ilk ko‘rinishi tasavvuridek esa-da, dunyoqarashi, tabiati, e, buyog‘ini aytsa, o‘zini tutishi bo‘lakcha edi. U har narsaga shaxsiy manfaat olish niyatida qarar, bu dunyoda yashab qol, qabilida hayot kechirar, mayda-chuyda, lekin ortidan ko‘p tashvishlar keltiradigan ishlarga beparvo qarardi. Umrini o‘qituvchilikdek yozuv-chizuvlik ishiga bag‘ishlagan Anvarga aslida xotinining bunday tabiati yoqmasa-da, lekin yuragining bir chekkasidan balki Zulayho to‘g‘ri o‘ylayotgandir, baribir zo‘r yashash kerak, axir odam dunyoga faqat bir marta keladi-ku, degan o‘y yilt etib o‘tardi. Birozdan so‘ng uyqudan uyg‘ongan misol seskanardi-da hushyor tortardi va ... xayolida bir paytlar orzulagan o‘sha yostiqdoshi paydo bo‘lardi.
Nozik-nihol, dumaloq oq ko‘zli sirg‘a taqqan parimisol qiz aytardi:
– Men sizni ikki chaqnoq ko‘zlarimga joyladim,
Ko‘zlarim qoraligi, zeboligi shu sabab.
Anvar misralardagi yigitni o‘zi deb tasavvur qilar, go‘yo ro‘parasidan sohibjamol – bo‘lajak xotini chiqib kelardi. Yigit qalbi esa ilk bahor quyoshida erigan muz kabi shaffof suvga aylanib, dunyoqarashi o‘ziga mos, kasbi, yurak tuyg‘ularini tushunadigan ma’naviy maslakdoshiga yetganidan olam-olam huzur topgandek edi. 
“Yuring, olis-olislarga ketaylik, toki yolg‘iz-yolg‘iz suhbatlashib bir-birimizga to‘yaylik”. Bu – yigitning ovozi.
“Oh, qani edi iloji bo‘lsa. Sokinlikni biram sog‘inganmanki... Atrofda chirildoqlar chirillasa, faqat ikkimizning qadam tovushimiz eshitilsa. Qadam tovushimiz ham emas, nafas olishimiz eshitilsa...” Buni o‘sha qiz aytardi.
“Bo‘lmasa ketdikmi?”.
“Ketdik!”.
Qo‘l ushlashib o‘rkach-o‘rkach tog‘lar tomon yurishadi. Qoyalarga yetib borishmoqchi. Ular ketaverishadi, tog‘lar orqaga chekinaveradi, chekinaveradi. To‘xtashsa, to‘xtaydi. Xuddi o‘zlariga o‘xshaydi – tozayam o‘jar. Lekin pok niyatlilarga tog‘lar baribir bag‘rini ochadi.
Yo‘llarida soylar, sarhadlar ko‘p. Dalalardagi ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lanlar tizzaga urilib yotibdi. Har odim tashlashganda shudring marvariddek duv to‘kiladi. 
Suhbatlari sira tugamaydi, gaplari gaplariga ulanaveradi. 
“Insondagi eng yaxshi fazilat nima?” so‘raydi yigit.
Qiz biroz o‘ylanib deydi: ”Meni sinamoqchimidingiz? Avval o‘zingiz ayting-chi”.
 “Muhabbat va sadoqat!”
 “Ko‘nglimdagini topdingiz, Anvar aka”. 
“Faqat bu, bilasiz, keng qamrovli tushuncha. Insonga, oilaga, Vatanga muhabbat va sadoqat. Atrofimizda chin insonlar ko‘p. Shu bilan birga men orzulayman: agar iqtidorim bo‘lsa edi, ba’zi insonlardagi jami tuban illatlarni topa oladigan kompyuter o‘ylab chiqardim. Toki har bir kishi aldov va xiyonatdan ogoh bo‘lsin, halol va pokiza yashasin”.
“Anvar aka, bir kun kelib niyatlaringiz ham ushalar. Balki o‘quvchilaringiz ixtiro qilar o‘sha kompyuterni. Lekin agar odamlarning o‘zi sadoqatli, vafodor bo‘lmasa, xilvatu qorong‘uliklarda og‘ir gunohlar qilaversa undaylarning illatlarga to‘la yuragini o‘rganishdan nima foyda? Sizu bizga o‘xshagan ustozlar avvalo bolalarni chin inson etib tarbiyalashimiz kerak emasmi?”
“...”
“Fikrimga qo‘shildingiz, shekilli, Anvar aka?”
“Ha, to‘g‘ri gap. Lekin bilasizmi, dunyo yaralibdiki, xiyonat va nafs ustunlik qilish uchun sadoqat, vijdon, pokizalik bilan hamma vaqt olishib keladi. Afsus, bazan halol va soddadil odamlar iblislarning makkor xiylalari qurboni bo‘lgan. Ishonasizmi, bu shaytoniy talvasalarning ortida tirjayganicha sovuq basharali aldov turadi. Hamma gunohlarga kimlargadir arzimasdek, hatto beozor tuyulgan ana shu aldov yetaklab boradi”.
Yigit shunday deb o‘ychan turib qoldi, keyin qizning qo‘ng‘iroqdek ovozidan sergaklandi:
“Qaytdik, Anvarjon aka, qaytdik!”

* * *

Anvar uyg‘onganida allaqachon quyosh chiqqan, tok so‘risida chug‘urchiqlar g‘ujg‘on o‘ynar, yozning yoqimli shabadasi deraza to‘rpardalarini bilinar-bilinmas silkitardi. Stulga taxlab qo‘yilgan ko‘ylak, shimlarini ko‘rib, baxtiyor kuyovlik davrini esladi. Orzular, orzular, ezgu orzular... Bolalik bo‘lib, ularni tarbiyalash, tomorqalarida bog‘ barpo qilish, o‘g‘il-qizlarini o‘z sigirlaridan sog‘ilgan orzulari kabi oppoq, qaynoq sut bilan boqish, halol mehnatlari ortidan ro‘zg‘or tebratish... Afsus, o‘tgan umrni qaytarib bo‘lmaydi, lekin hali ham kech emas.
O‘ychan kiyinib, yuvindi, oshxonaga chiqib xontaxta yoniga cho‘kdi. Eshik g‘iyqillab ochilib, yupqa, harir ro‘moli ikki uchini yelkalari osha tashlagan onasi kirib keldi. Chehrasi yorishgan, hatto yoshargandek.
– Bolam, xotining maktabga ishga ketgan, zora endi ishlab qolsa, – dedi u, keyin o‘g‘liga bir qarab qo‘yib davom etdi. – Kecha sen yo‘g‘ingda yig‘lab-yig‘lab dardini aytdi. Do‘konning xo‘jayini hujjatsiz molni sotdirganini Zulayhodan surishtirishipti. Rosa tavbasiga tayanipti. Xo‘jayinini bo‘lsa jazolashipti. Sen xotining bilan gaplashmayotganing uchun bularni menga o‘zi aytdi. Do‘kondan bo‘shab, maktabga mehnatdan dars bergani borib kelayapti. O‘zing ham xotining o‘qituvchi bo‘lishini xohlaganding-ku, bolam.
Anvar turmushning ko‘p achchiq tashvishlarini ko‘rgan, ro‘zg‘orning bor-yo‘g‘iga chidagan, lekin hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmagan onasiga mehri battar oshib ketdi. Indamay choyini ichdi, birozdan keyin maktabga dars o‘tishga borishi kerak. Endi Zulayhoni har kuni o‘sha yerda uchratadi. Hatto yig‘ilishda birga bo‘ladi. Balki uyga ham birga qaytishar.
Daf’atan uylanishi arafasidagi xayollarini esladi. Ular qo‘l ushlashib o‘rkach-o‘rkach tog‘lar tomon borishar, orzu-o‘ylarining chegarasi yo‘q edi. Endi niyatlariga ... tog‘larda emas, o‘z qishloqlarida yetishar. Buning uchun nima kerak? 
Anvar ish papkasidan ruchka va oq qog‘oz oldi, katta-katta harflar bilan “Muhabbat va sadoqat” deb yozdi. Bular, albatta, keng ma’nodagi tushuncha, deb o‘yladi yana. Bu bitikni xonasi to‘riga ilib qo‘ygisi keldi. Bugun o‘quvchilariga shu haqda so‘zlashni istadi. Va birdan ko‘z oldida fidoyi onasi paydo bo‘ldi. Ana, jonli misol. Qush uyasida ko‘rganini qilarkan. 
Yigit o‘sha ikki so‘z ostiga hafsala bilan “Sizdan boshqa kimim bor, onajon?” deb yozdi. Keyin qog‘ozni sumkasiga soldi. Ko‘paytirib, o‘quvchilarining hammasiga tarqatgisi keldi. Qo‘liga qayta olib, yana qaradi. 
Ikki gap bir-biriga judayam yarashib turardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.