OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Hayotning bir lahzasi (hikoya)

   Oxun bu to‘g‘rida avval ham o‘ylagan, bir-ikki marta bormoqchi ham bo‘lgan, ammo yuragi dov bermagandi.
   U beva haqida har xil gaplar yurardi. Nazokatni aytyapti. U ilgari shaharda yashardi. Qishloqda onasi bor. Nazokat har hafta onasinikiga kelib turardi. Har safar har xil odamlar uni o‘zlarining yengil mashinalarida olib kelib, olib ketishardi. Shofyorlarning ham ko‘pi yaxshi tanirkan. Birga yo‘lga  chiqib qolgan odamlar aytishadi. Ko‘chada ko‘rindi deguncha u shofyor ham kabinadan boshini chiqarib: «Nazokat opa, olib ketaymi?», deb ishshayarkan, bu  shofyor  ham.
   Bahorda Nazokat qishloqqa ko‘chib keldi. Birovlar Nazokatni eri haydab yuborgan, deydi. Boshqalar, o‘ynashi bilan qo‘lga tushganmish, deydi. Ishqilib, qishloqda Nazokat haqida turli mish-mishlar ko‘p. Xo‘jalik Nazokatga alohida uy berdi. Hozir bo‘limda bug‘altir bo‘lib ishlayapti. Nazokat negadir qishloq odamlari bilan unchalik ochilib gaplashmaydi. O’zini katta oladimi yo boshqa sababi bormi, ishqilib, har kim bilan gaplashavermaydi. Mabodo ish yuzasidan lozim bo‘lib qolsagina savol-javob qiladi. Birov bilan gaplashsa, xuddi har bir so‘zini qarzga berayotganday, qiynaladi. Bir marta Oxun yarim oyda qancha ishlaganini, necha pul olishi kerakligini bilmoqchi bo‘lib borgan edi. Nazokat Oxun bilan chimirilib gaplashdi-yu, biroq  narigi yonida  o‘tirgan bosh bug‘altirga  qaraganda ovozi u yoqda tursin, yuzigacha mayinlashib ketdi. Odamning basharasi ham shunaqa tez o‘zgararkan. Nazokat kelganidan beri  bosh bug‘altir ham boshqacha bo‘lib qolgan. Asli qo‘pol odam, xodimasi bilan so‘zlashganda biram muloyimlashadiki. Odamning kulgisi qistaydi.
   Nazokatning o‘zi zo‘r narsa. Ko‘rgan erkakning ko‘ngli bir orziqadi. Yoshi o‘ttizdan oshsa ham ko‘rinishi turmushga chiqmagan o‘n sakkiz yashar qizday. Mish-mishlarga qaraganda, u erkaklarni tanlab-tanlab yurarmish. Oxunga o‘xshagan ketmonchiyu-traktorchilarni yaqiniga yo‘latmasmish. Hozir ham ba’zi tanishlari kechalari o‘z mashinalarida  kelib  turisharkan. Ko‘rgan-bilgan qo‘shnilarining gapi bu. Shuni o‘ylab, mashinasi yo‘qligi ba’zan  juda alam qilib ketadi. Hozir har bir do‘kondorning ham bittadan mashinasi bor. Uncha-muncha odamlarni nazar-pisand qilishmaydi. Hech bo‘lmaganda do‘kondorlikka o‘qimaydimi? Nazokatning eshigigacha mashinada borardi.
   «Salom, Nazokatxon, - derdi, - mana, ahvolingizdan xabar olgani keldik».
   «Keling, keling», - derdi u jilmayib.
   Keyin ikkovlari ichkariga kirishadi.
   «Men bu onni anchadan beri kutaman», - derdi Oxun to‘lib.
   «Men ham sizni qachon kelarkansiz, deb intizor bo‘lib kutayotgan edim», - derdi Nazokat.
   Keyin… Ha, Oxun Nazokatni ko‘p o‘ylaydi. O’ylamayin, desa ham bo‘lmaydi. To‘rtta erkak yig‘ilsa, darrov Nazokatni g‘iybat qilishadi. Unaqa emish, bunaqa emish. Unisi bilan unday ish qilipti, bunisi bilan bunday ish qilipti. Hamma gapiravergandan keyin ishonmayman degan gapingga ham qanday ishonganingni bilmay qolarkansan.
   Bugun qo‘shnilarnikiga molxonasining tomini suvashga hasharga borgan edi. Besh-olti kishi bir yarim soat ishni bitirishdi. Ilgak tomning ustida turib, ilgakli arqon bilan paqirdagi loyni tortib olayotganda: «Yaxshilab tort, bo‘yrdoq yigitsan-ku, - deb qoldi bittasi. – Yo kuchingni Nazokatnikiga tashlab kelyapsanmi?»
   Shundan keyin boshlandi… Biri u dedi, biri bu dedi. Keyin hashar oshi yeyishdi. Oralarida bo‘ydoq yigit bitta o‘zi ekan, hammasi o‘rtaga oldi.
   - Ye, to‘yib yeb ol. Biz seni bilamiz, bari bir oqshom Nazokatnikiga borasan. Borgandan keyin zo‘r bo‘lib borish kerak, - deb hazil qilishdi.
   Albatta, ular hazilning chinga aylanishini bilmasdilar. Oxun nimalarni o‘ylayotgani xayollariga kelmagan. Shunchaki o‘tirish qizishi uchun gap kovlashardi.
   - O’zi qurg‘ur yaxshi narsa-da, - dedi bittasi.
   Bilmasdiki, aynan Oxunning ko‘nglidagi gapni aytyapti. Bilmasdiki, Oxunning yuragini o‘rtayapti. Bilmasdiki, Oxun o‘tirish tugagandan keyin to‘g‘ri Nazokatnikiga ketadi. U shunchaki bir omadi gapni aytardi.
   - Sen, bola,  yashiryapsan, - dedi haligi kishi yana Oxunga ko‘zlarini ayyorona tikarkan. Nigohida: «Ha-a, men seni bilaman. Ko‘nglingdan nima kechyapti, ko‘rib turibman, ayt, ayt, nima darding bor, hammasini ayt», deyayotganday bo‘lardi. Aslida, shunchaki Oxunning bo‘ydoqligi, kerak bo‘lsa, Nazokatga o‘xshaganlarnikiga bemalol bora olishi mumkinligidan, buning uchun xotini, bola-chaqasi xalal bermasligin o‘ylab, hasad aralash havasi kelayotgandi.
   Tarqalishayotganda Oxun odamlar shubha qilmasligi uchun o‘z hovlilariga kiri. Ko‘chada hech kim qolmagandan keyin to‘g‘ri Nazokatnikiga ravona bo‘ldi. Nazokatning uyiga yaqinlashgan sari yuragi hayajondan qattiq dukillab ura boshladi. Xonalarining chirog‘i o‘chgan. Uxlab qolganmikan yo hali uyg‘oqmikan? Oxunni qanday kutib olarkan? Eshigini ochib kirganda Nazokat yotgan joyidan ko‘tarilib, ustidagi ko‘rpani ochib tashlasa, yuziga baxtiyorlik yoyilib: «Keling, Oxunjon! Men sizni kutyapman», desa. Oxun o‘zini kelishgan juvonning bag‘riga otsa. Ertalabgacha uxlashmasa. Tong oldidan ostonada xayrlashishsa:
   «Xo‘p, endi boring, odamlar ko‘rib qolmasin, - desa Nazokat, ammo qo‘llarini qo‘yib yubormasa. Xumor ko‘zlarini tikib: - Bugun oqshom yana keling. Xo‘pmi?!», desa noz bilan.
   «Xo‘p!» - desa Oxun.
   «Tag‘in aldab ketmang, - desa Nazokat erkalanib. – Siz erkaklarning shunaqa odatingiz ham yo‘q emas».
   «Ishoning, kelaman, men sizni hech qachon aldamayman».
   «Sizni hech ketkizgim kelmayapti», - deya Nazokat yana uning bo‘yniga osilsa… Zo‘r bo‘lardi. Ehh!
  Oxun harbiy xizmatni o‘tab keldi. Baholi qudrat xo‘jalikda ishlayapti. Topish-tutishi  yomon emas. Otasi esa qo‘liga pul tushdi deguncha ichadi. Shuncha yildan beri birga yashab, onasi mast odam bilan gaplashishini bilmaydi. Onasi otasini indamasdan olib kirib yotqizish o‘rniga, darrov: «Yana ichib keldingizmi? Bolalaringizni o‘ylamaysizmi? Qirilgur!  Sho‘ringga sho‘rva to‘kilgur!», - deb qarg‘anaveradi. Qaysi mastga ortiqcha gap yoqadi? Otasi onasini quvadi, qo‘liga tushgan narsasini olib otadi, uydan haydab chiqaradi. Kichkinaligida Oxunlarni ham qatorlashtirib uraverardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.