OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Taftish (hikoya)

Barlos qishlog‘i arining buzilgan uyasiday tinchimay qoldi. O’z elingdan yozuvchi chiqsa qiyin ekan: hali do‘konni, hali paxtani, hali fermani  taftish bosgan... Bittasini bosdi-bosdi qilib ulgurmay, ikkinchi janjal boshlanadi.
   O’zimiz bilan Mamatning ukasi, o‘sha, bir vaqtlar Banot ko‘r bilan olishib yurgan Mamatning  mo‘min-qobil, bechoragina  ukasi – Tojiboy ham yozuvchi chiqib qoldi.
   Barlosdan odamlar kesakdan o‘t chiqqanini ko‘rgan, lekin Tojiboyning birovga tik gapirganini eslay olishmaydi. Zamonaning zayli shu ekan-da. Qayoqqa qarasang – yoza-yoz. Ikki enlik chizib, pochtaga tashlasang, qarabsanki, sal kunda hamma yoq – talo-to‘p. 
   Bir haftadan beri garajda tinchlik yo‘q. Taftish. Nima emish, Tojiboy o‘z imzosini qo‘yib, yuqoriga shikoyat yozgan emish, xatni o‘zim yozganman, deb tan olib ham turganmish. Shikoyatida:  “Hamma yoqda qayta qurish  avj olgan bir paytda bizning Barlosda hamon poraxo‘rlik, qo‘shib yozishlar davom etayapti. Oshna-og‘aynigarchilik tugamayapti. Avvalgi direktor ishni boshqara olmagani uchun vazifasidan ozod etilgandi O’rniga poraxo‘rlikda undan ta’lim olgan bosh zootexnik Xidir Sobirovich tayinlandi Ilgarigi direktor bitta yangi mashinani besh yuz so‘mga sotsa, bunisi narxni to‘rt baravar qimmatlashtirib yubordi. Yigirma yildan beri mening peshanam eski mashina kapotidan ko‘tarilmaydi, kechagina guvohnoma olgan bolachalar pora evaziga  yangi mashina olyapti...”, deb ko‘p gaplarni rosa qoyillatib yozgan emish.
   Avvaliga hammani zir titratgan taftishchi hafta oxiriga kelib, birmuncha yumshab qoldi. Hatto oxirgi kuni garaj ishchi-xizmatchilarining majlisiga rayon vakili, sovxoz direktori bilan og‘iz-burun o‘pishguday bir  holatda kirib keldi.
   - O’rtoq Tojiboy Toshboev, bu yoqqa chiqing! – dedi taftishchi, go‘yo sudlanuvchini qora kursiga taklif qilayotganday.
   Yuzi qorayib, ko‘zlari kirtayib, bir haftadayoq butkul o‘zgargan, hech narsaga toqat qilolmaydigan jirttaki kimsaga aylangan Tojiboy  odamlarga nazari tushmasligi uchun taqir boshiga silagan kishi bo‘lib, o‘rtaga chiqdi.
   - Bizning el juda bilimdon bo‘lib ketgan-da, - dedi Xidir Sobirovich istehzo bilan.
   Bu gapn hamma eshitdi. Hamma eshitgani uchun ham bu gap Tojiboyga qattiq ta’sir qildi. Direktorag o‘qrayib, nimadir demovchi bo‘lgan edi, taftishchi “uloqni ilib ketdi”: 
   - Etikani saqlang, o‘rtoq direktor! Xo‘sh, o‘rtoq direktor! Xo‘sh, o‘rtoq partkom sekretari! Yig‘ilishni boshlaysizmi?
   Partkom sekretari Hamroqul Bozorovich chaqqonlik bilan o‘rnidan turib, majlisni ochiq deb e’lon qildi. Keyin taftishchiga so‘z berdi. Taftishchi partiya va hukumatimiz ishlab chiqayotgan yangi qaror, qonun va boshqa normativ hujjatlarning afzalligi haqida, turli yerlarda amalga oshirilayotgan qayta qurishlar haqida uzoq ma’ruza qildi. Nihoyasida dedi:
   - Xo‘-o‘sh, o‘rtoqlar, demoqchimanki, bizda mehnatkashlarning haq-huquqlarini qattiq turib himoya qilishadi. Shu paytgacha mening qo‘limga tushgan biron-bir shikoyat natijasiz qolgan emas. O’zlaringiz  guvohsizlar, hamqishlog‘ingiz Tojiboy Toshboevning shikoyatini obdon tekshirdik. Ba’zi bir faktlar tasdiqlansa-da, asosiy aybnomalar faqatgumon asosida yozilganiga, zamirida musta\hkam poydevor yo‘qligiga amin bo‘ldik. Lekin bu gapim, shikoyatdagi fikrlar tasdiqlanmadi, degan narsa emas...
   Tojiboy hamon o‘rtada doskaga chiqarib qo‘yilgan o‘quvchiday qaqqayib turar, o‘tirish na o‘zining, o‘tir deyish na rahbarlarning xayoliga kelmasdi.      
   - Bizda  hozir demokratiyaga keng yo‘l ochilgan, o‘rtoqlar, - davom etdi notiq ruhlanib, Har qalay u juda  ilhomlanib, ravon va silliq gapirar, bu holatni o‘zi ham payqab, o‘zidan g‘ururlanar, badtar to‘lqinlanib borardi. – Xullas, so‘nggi nuqtani sizlar, ana shu garajning ishchi-xizmatchilari  - butun bir kollektiv qo‘yishi kerak. Xo‘sh, fikr bildiruvchilar?..
    - Men gapiray! – dedi gapning nishabini anglagan Abdulla. U namunali xulqli pionerday qo‘l ko‘targancha sakrab o‘rnidan turdi. – Men Tojiboy akani juda hurmat qilaman, - dedi u , beg‘am lunjini to‘ldirib. – Og‘zi ochilganda qator, qip-qizil tishlari yaraqlab ketdi. – Ko‘p yillardan beri birga ishlaymiz. Biron marta san-manga bormaganmiz. Menimcha, bunday xatni yozish Tojiboy akaning qo‘lidan kelmaydi, o‘rtoqlar! Tojiboy akani tezlashgan.
   - Meni hech kim tezlagan emas! – Boyadan beri qaqqayib turish joniga tekkan Tojiboyning jazavasi tutdi. – Men sizlarga bir haftadan  beri aytyapman-ku, xatni o‘zim yozganman! Hech kim meni majbur ham qilgan emas. Mening navbatim bo‘la turib, Xidir aka yangi mashinani jiyaniga berib yuborgani uchun alam o‘tib – yozdim.
   - Qachon men yangi mashina minibman?! – Direktorning jiyani o‘rnidan turtdi.
   - Ikki kun minding-ku! Men janjal ko‘targandan keyin bir hafta to‘xtatib, tog‘ang bir yarim ming evaziga Safarga o‘tkazib yubordi.
   - Tuhmat! – Safar naynov lopillab o‘rnidan turdi. – O’rtoqlar, yozganlarining hammasi tuhmat ekani allaqachon ma’lum bo‘ldi. Men Tojiboy Toshboevni tuhmatchi sifatida sudga berishlaringizni talab qilaman.
   “Sud” so‘zini eshitib, Tojiboyning ko‘zlari alang-jalang bo‘lib qoldi. Madad izlab, o‘tirganlar orasidan najotkorlarining nigohini qidirdi. Lekin: “Yozaver, sen ishchi odamsan, seni hech narsa qilisholmaydi, qolaversa, sen yuz foiz haqsan. Agar direktor bo‘lib qolsam, birinchi yangi mashinani senga beraman. Bemalol gapiraver, biron kor-hol yuz bersa, o‘zimiz seni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deganlarning nigohi yerga qadalgan. – Tojiboyning bir o‘zi nima qilsin? Gap bilmasa, haliyam bir haftadan beri o‘zini o‘zi yeb, g‘ijib, g‘ijinib, chiranib, gap talashishni ancha-muncha o‘rgandi. To‘g‘risi, odamlar Tojiboyni mo‘min-qobil deyishgani bilan Tojiboy aytarli mo‘min-qobil emasdi. Har kimga og‘zidagi oshini oldirib yuradi. Bu  –  rost. Lekin o‘lguday o‘jar, to‘pori, shuning uchun uchovoraga qo‘shilolmay umri o‘tib borayotgan, Mamat akasiga zid fe’lli bir kimsa edi. Najotkorlar nozik fursatdan foydalanib qolishdi. Har qalay birovga gap berolmaydigan, birovdan gap ololmaydigan, mujmal desa mujmal ham emas – Tojiboy haqida qirq yildan beri Barlosda biron marta gap tarqamagan. Tojiboy unday depti, Tojiboy bunday depti, Tojiboy falonchini sotipti, degan gapni eshitishmagan. Shuning uchun ham qishloq orasida “Tojiboy shikoyat yozipti”, degan gap chiqqanda hamma ajablandi, ishonqiramadi. Ba’zilar bu ish kim-birovlarning qo‘li bilan amalga oshirilganini taxmin qildi. Ammo Tojiboy illo-billo hammasini o‘zim yozdim, deb ikki oyog‘iga qo‘shib ikki qo‘lini ham bir etikka tiqib oldi.
   Garajning ayvonida davom etayotgan majlis qizigandan qizidi. Mashinalarning kapotida, oldida, temir-tersaklar ustida, yerga sholcha yozib o‘tirgan odamlar bir tebranishdi. To‘rda, oldiga qizil latta to‘silgan stolning orqasiga ola-qora kaptarlarday tizilgan “kattalar” ham ko‘z urishtirishdi.
   - O’rtoqlar! Bu nima degan gap? Bir-biringizga hurmat, etikani saqlang,  -  dedi taftishchi achchiqlanib.
   - Rahmat sizga, aka! – dedi Abdulla, navbat yana o‘ziga tekkanidan quvonib. Doim shu: majlis bo‘lsa, Abdulla albatta gapirishi shart. Abdullaga gap tegmasa, majlis  tugamaydi. Majlisni rasman yopiq deb e’lon qilib qo‘yishsa ham Abdulla xalqqa qarata ikki og‘iz gapirmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi, xumori tarqamaydi. Odamlar ham shu odatga o‘rganib qolishgan. Yigirma yildan beri Tojiboy shofyorlik qilib, umri eski, shalog‘i chiqqan mashinalarni remont qilib  o‘tayotgan bo‘lsa, Abdulla bironta murvatni u yoqdan bu yoqqa olib qo‘ygan emas. Yil sayin mashinasini yangilaydi. Brinchi “GAZ-51”ni ham, birinchi “GAZ-53”ni ham, birinchi “ZIL”ni ham, birinchi “KAMAZ”ni ham Barlosda Abdulla haydayapti U “sinovchi-haydovchi”. – Men aytmoqchimanki, - davom etdi Abdulla, - Tojiboy akamiz bu shikoyatni birovlarning maslahatisiz, o‘z qo‘li bilan yozgan bo‘lishi mumkin, lekin muhimi bu emas. Umuman, barlosliklar bir-birini yeyishib, bir-birining tagiga suv quyayapti, degan gapning tarqashi biz uchun  -  uyat! O’rtoqlar! Qolaversa, biz hammamiz birgalikda – katta kollektiv, bir ahil oilaning qondosh-jondosh jigargo‘shalaridek bir ovozdan Tojiboy akani o‘z kafilligimizga olamiz. Va sizlarni: “Tojiboy aka bundan keyin yozmaydi”, deb ishontiramiz. Sizday ulug‘larimizning o‘ta qimmatli vaqtlari bekorga sarf bo‘layotgani tufayli butun kollektivimiz bilan o‘ta xijolatdamiz. Men mana shu o‘tirganlar  nomidan, qolaversa, Tojiboy aka nomidan... Iye! Siz hamon tik turibsizmi? – Abdulla qizarib-bo‘zarayotgan Tojiboyga endigina e’tibor berdi. – Rahmat sizga zahmat chekkaningiz uchun, o‘tirishingiz mumkin, jon aka! – dedi bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ikkinchisi bilan joy ko‘rsatarkan. Ammo o‘tiradigan o‘rindiqning o‘zi yo‘q edi. Oyoqdan tolib, bir imoni kutib turgan ekanmi, Tojiboy ham turgan joyiga cho‘ka qoldi. U yoq-bu yoqqa qarab bezovtalandi, tipirchiladi, kimnidir izlab, alahsidi. Abdulla esa gapida davom etdi: - Xullas, biz... bizdan o‘tgan, agar ta’bir joiz bo‘lsa, kamchiliklar uchun uzr! Qulluq, akalar!
   - Qisqaroq bo‘lsin! – luqma tashladi orqaroqdan kimdir.
   - Sizdan boshqa ham gapiradiganlar bor, - dedi oldinda ko‘krak tugmalarini yechib, sherigiga suyanib o‘tirgan Qurbon traktorchi.
   - To‘g‘ri, gapingizning intihosini ayting, - dedi rayon vakili, zavq bilan Abdullaga tikilarkan.
   - Etika saqlansin! – Taftishchi stolni mushtladi. – Bu qanaqa g‘ala-g‘ovur? Bu kishi... – ismingiz nimaydi? Abdulla? Abdulla o‘rtoq to‘g‘ri aytyapti. U sizlarni himoya qilyapti. Bitta ichi buzuq tana chiqsa, butun boshli podani bulg‘arkan. Bir haftalik tekshirish borasida men shunday holning guvohi bo‘ldim. Bu odam... Abdulla o‘rtoq, endi butun boshli poda nomidan kechirim so‘rayapti. Bu juda katta olijanoblik, o‘rtoqlar! – qandaydir daqiqa orasida taftishchining muvozanati buzilib, tebranib ketdi. Ko‘zlari suzildi. «Majlisgayam ichib keladimi?» - piching qildi kimdir.
   Xullas, u bo‘ldi-bu bo‘ldi, majlis: “Shikoyatdagi faktlar tasdiqlanmadi” , - degan qarorga keldi. Yangi mashina olganlarning hammasi direktorga pora bermaganligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozgani inobatga olindi. Avval-boshda Tojiboyni havolatganlar pisib ketdi, Tojiboyni go‘yo urishdi, tepishdi, yiqitishdi, o‘lasi qilib kaltaklashdi, keyin yana qo‘lidan tortib turg‘izib, orqasini supurgi bilan tozalab, “ko‘zingizga qarab yursangiz bo‘lmaydimi, aka!?”, - deya ogohlantirishdi. Majlis qaroriga “tuhmat uyushtirgani uchun Tojiboy Toshboevga qattiq hayfsan e’lon qilinsin va yana o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, kollektivdan haydalsin”, degan gaplarni tirkab qo‘yishdi.
   Tojiboyga alam o‘tib borardi. Ammo iloj yo‘q. Birda-ikkida birovlar bilan urishib yurgan odam bo‘lsaki, rosa mushtlashib, xumordan chiqsa. Anavi nomardlarning jillaqursa dalda uchun ko‘z urishtirishga qurbi yetmadi. Tojiboyning bir o‘zi ikkilanib,  talmovsirab qoldi. Majlis tugagandan keyin Tojiboy kechgacha birovga bir nima demadi. Birovning ko‘ziga tik qaramadi. Kechgacha kalitlarini ko‘tarib, shaltoq mashinasining ta’miri bilan band bo‘ldi.
   - Kambag‘alga qiyin bo‘ldi, tezlagan birovlar, bu malomatga qoldi, - dedi Qurbon traktorchi. 
   - Badtar bo‘lsin! Malomati gapmi! Men uni sudga beraman, - dedi Safar naynov gezanib. – Men unga tuhmat qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman.
   - E, o‘pkangni bos! Bir yarimtani qog‘ozga o‘rab, mana shu dispetcherskiyda ko‘pchilikning ko‘z  o‘ngida berganingni hamma biladi-ku! – dedi Qurbon traktorchi qizishib.
   - Bilganda-chi!? Kim ko‘ripti? Kim qo‘limdan ushlapti? – Safar naynov balanddan keldi.  – Qaysing shu gapni isbotlay olasan? Baloga qolib ketma baring. Safarga osilganning beli chiqadi.
   - Ha, noshukr banda-ya! Shu bechora yigirma yilda bir janjal qilgani sabab sen yangi mashinali bo‘lib qolding. Ikki mingni qo‘ltiqlab ham o‘tgan yili  Abdulladan qolgan “ZIL”ga yetolmagan eding-ku.
   - Bari bir men qo‘ymayman. Menga isbot kerak! – Naynov xezlandi.
   Tojiboy bu gaplarning barini eshitdi. Qolaversa, naynov ataylab eshittirib gapirdi. Mendan hayiqsin, yana yozadigan bo‘lsa, xatiga meni chalkashtirmasin, degan o‘yda zamzama qildi. Tojiboy o‘shanda bir og‘iz direktorning jiyaniga gap qaytargandan keyin najotsiz, najotkorlarsiz qolganini anglab, qayta og‘iz ochmagan, bosh ko‘tarib, birovga tikilmagan edi. – Ichida nima borligini bilib bo‘lmaydi Tojiboyning. Qachon qarasang xo‘mraygancha ko‘zlarini  lo‘q qilib, o‘z dardida yurgani yurgan. Yigirma yildan beri mashinaga yolchimaydi. Uch kun ishga chiqsa, uch oy ta’mirdan  chiqmaydi. Uning shu yurishiga qishloqda hamma, hatto xotini, bola-chaqasi ham ko‘nikib ketishgan. Kechga tomon kabinadagi o‘rindiqqa qo‘yilgan ko‘rpachani tekislay turib, Tojiboyning ko‘zi oyoq ostida yotgan oshpichoqqa tushdi. Charxlatib keling deb xotini qo‘liga tutqazganiga ikki hafta bo‘ldi-yov. Shuncha kundan beri hatto shugina ishning uddasidan chiqolmaydi. Charxchi boshqalarning belo‘roqlarigacha, boltayu-teshalarigacha bir og‘iz iltimosga charxlab  beraveradi. Tojiboy pichoq ko‘tarib borsa, yo elektr toki kelmay qoladi, yo charx buziladi. Charxchining Tojiboyga  qolganda “ertaga, ertaga”si ko‘p. Tag‘in “bexosiyat odam ekansiz, qachon siz yaqinlashsangiz bir balo bo‘ladi”, deb dag‘dag‘a ham qilib qo‘yadi. So‘nggi hafta shikoyat bahona bo‘ldiyu, Tojiboydan hamma qochishga tushdi. Gaplashayotganimni direktorning oshna-og‘aynilari ko‘rib qolsa – yetkazadi, deb cho‘chishdi. Uyda xotini har kuni “charxlatmasangiz ordona qolsin, keltiring, o‘zim toshqayroq bilan o‘tkirlab olaman”, deb g‘iringlaydi. O’sha kuni bir falokat bosib, mashinasi yurib qolgani tufayli tushlikka uyga minib borgan edi, Pichoqni o‘shanda olgan. Qaytishda dalaga yetmay mashina to‘xtadi. U qildi-bu qildi, mashina yurmadi. Shatakkka olib, garajga keltirib tashlashdi. O’shandan beri mashina yana ta’mirda. O’shandan beri oshpichoq ham yotipti. Keyingi kunlari janjal bilan alahsib, unutgan ekan. Tojiboy charxchiga qaradi. U nimanidir qayrayapti. Juda yaxshi bo‘ldi. TOjiboy pichoqni olib, o‘sha tomon yurdi. Charxchi buni ilg‘ab qoldi shekilli. Shosha-pisha charxni o‘chirib, g‘ilofini kiygizdi. Tojiboy yetganda u charxning atrofini supurib-sidirayotgan edi.
   - Ish vaqti tugadi, Tojiboy aka. Ertalab vaqtli kelsangiz charxlab beraman pichog‘ingizni, - dedi u shosha-pisha yo‘lga chiqarkan.
   Nima? Tojiboy yuqumli kasallikmi? Nega hamma undan qochadi? Buncha qo‘rqishmasa bu odamlar Xidirdan? Yeb qo‘yarmidi u?  To‘g‘ri, avvalgi omon-omon zamonlarda Tojiboyga o‘xshagan yozuvchilarni quritib, yo‘q qilib, izini ham  o‘chirib yuborish Xidirga, Xidirning ustoziga cho‘t emasdi. Mana, endi Tojiboyning ikki enli xati tufayli obro‘li joydan taftishchi kelib, bir hafta hamma yoqning tit-pitini chiqardi. Shuning o‘ziyam katta gap. “Ko‘kragini kerib yuradigan Xidir bo‘ynini qisib qoldi”, degan edi tekshirish boshlangan kunlari o‘sha homiylaridan biri. Kecha oqshom bittasi: “Tulkining terisini kiygan Xidir bachchag‘ar bu taftishchining ham qo‘yniga bir nima tiqdi-yov, muomalasi birdan o‘zgarib qoldi”, degandi hovliqib kelib. Rostdan ham tekshirishni butunlay boshqacha o‘tkizgan odam bugun majlisda mutlaqo teskarisini aytib, o‘zi kalaka bo‘ldi. “Hammasi mayli, nega anavilar?..”  -  Tojiboyning indamay yurib-yurib birdan jahli chiqadigan odati bor edi. Hozir shunday bo‘ldi. Jahl bilan pichoqni qarshisidagi daraxtga otdi. Pichoq to‘g‘ri borib sanchildiyu, dastasi dirillab turaverdi. Keyin pichoqni sug‘urib olib, mashinasining yoniga qaytdi. Kabinaga uloqtirdi. “Ertalab deyapti-ku! Shuncha kutgan xotin yana bir kun kutsa, iyagi uzilib qolmaydi” – Tojiboy shaloq mashinasiga suyangancha, dispetcher xonasi qarshisiga kechagina keltirilgan yangi “GAZ-53”ni qandaydir orziqish bilan: “Shuni menga berib qolarmikan”, degan o‘yda kuzatdi. “Bermasa-chi”, degan iztirob bir necha soniyada  zardaga aylandiyu, tura solib, idoraga jo‘nadi. Hozir direktor bilan  gaplashadi. Endi ortga qaytgan nomard. Bermasa yana yozadi. Qoyillatib o‘rgatadiganlar yetarli. Yozib ham berishadi. Direktor uni majlis boshlanmasdan masxara qildi-ya! Demak, o‘shandayoq  ish ularning  foydasiga hal bo‘lgan, majlisni esa jo‘rttaga o‘tkazishgan. Bu Xidirdan chiqqan fikr. O, u juda tashabbuskor. Uning qo‘lidan har balo keladi-yu, zamonida direktorlikni ololmadi-da!
   - Xo‘-o‘sh, eshitaman!? – so‘radi direktor u kirgandan so‘ng kresloga yastangancha, miyig‘ida haqoratomuz kulimsirab. – Gaping bo‘lsa tez ayt! Men naryadga kirishim kerak.
   - Yangi “GAZ-53”ni menga berasiz! – dedi Tojiboy o‘shshayib, cho‘qiqishga hozirlanayotgan xo‘rozday.
   - Uning egasi bor.
   - Kim?
   - Xo‘p, o‘sha mashinani senga bermasam nima qilasan?
   - Ustingizdan yana yozaman.
   - Yozib, qo‘lingdan nima keldi? Biron karomat ko‘rsatdingmi?.. – Direktor g‘azab bilan gapirsa-da, o‘z muomalasidan o‘zi huzur qilayotgani yaqqol sezilar, buni yashirishga ham urinmasdi.
   - Mening qo‘limda sizni yo‘q qilib yuboradigan hujjatlar bor. Shikoyat ham tayyor! Bir necha nusxada! – dedi Tojiboy avzoyini o‘zgartirmay, lo‘q ko‘zlarini direktorga tikarkan.
   Xidir Sobirovich sakrab o‘rnidan turib ketdi. Qanday qilib Tojiboyning yoniga yetganini o‘zi ham sezmay qoldi. Keyin sal bosili-ib, xonani aylanib, oyog‘ining chigilini yozgan kishi bo‘lib, xayolchan gapga tushdi:
   - Ta-ak, ta-a-ak, hammasi ayon. Hujjatlarni kim bergani, xatni kim yozgani ma’lum.
   - O’zim, hammasini faqat o‘zim qilyapman.
   - E, eski ashulangni qo‘y. Gazetani zo‘rg‘a hijjalab o‘qiysan-ku, shikoyat yoza olarmiding! Kim yozganini ayt, demayapman-ku senga. Aytmasang ham bilaman. Faqat... qo‘rqmaysanmi?
   - Nimadan?
   - Kim biladi, omonat jon. Texnikani bilib bo‘ladimi, tormoz shlangi uzilib qolishi mumkin, bizning past-baland yo‘llarda... Bola-chaqangni o‘ylamaysanmi? Nima qilasan birovlarning nog‘orasiga o‘ynab? O’zing shohid bo‘lding, pusib ketdi-ku hammasi, seni bozorga chiqarib. Menga – ku bari bir... taftishchilarni bir amallayman. Ishqilib, jon omon bo‘lsin... Bu yog‘i mana – demokratiya! Xalqning o‘zi meni quvvatladi... Qo‘l uchida kun ko‘rayotgan odamsan. “Yozuvchi” degan tavqi-la’nat bo‘yningga osildi. Bo‘ldi-da endi, qo‘y! Yo to Barlosdan haydab chiqishguncha qilig‘ingni davom ettiraverasanmi?
   Tojiboy ko‘z oldiga avariyani keltirdi. Xidirning qo‘lidan keladi avariya uyushtirish. Buning qo‘lidan har balo keladi. Tojiboy bir dam “otam”lab turgan o‘n bitta bolasini ko‘z oldiga  keltirdi. Ko‘ngli buzildi. Buni o‘zicha tushungan direktorning ham dili qayishdi shekilli, davom etdi:
   - Mayli, men sendan o‘pkalamayman. Bilaman, jo‘jabirday jonsan. Haqiqatan ham biz keyingi paytlarda inson omili degan narsani unutib qo‘ygan ekanmiz. Mayli, sen qo‘ymasang ham men ginani qo‘yib, senga bir yordam beray. E, o‘zi latta desa latta emassan, muomalani bilmaysan! – Direktor bosh qa ko‘rsatkich barmoqlarini bir-biriga ishqaladi. – O’tgan ketganda kirib turadi odam degan rahbarning oldiga. Hol-ahvol so‘raydi. “Assalomu alaykum” deb qo‘l uzatadi. Nima, bizlarga oson tutasanmi? Qani, men ikki kun qo‘limni burnimga tiqib yuray, uchinchi kuni “bu qayta qurishni hali anglab yetmapti”, deb ishdan bo‘shatib tashlashadi...
   - Mashina berasizmi menga? – so‘radi Tojiboy hamon o‘sha alfozda.
   - E... – Xidir Sobirovich so‘kinishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib qoldi. – G’alcha! – Keyin bir pas o‘ylandi-da, yanayam tushunar degan xayolda umidvor qildi. – Ertalab garajga borchi, maslahatlashib ko‘rarmizyu 
   Har doimgiday, Tojiboy to‘rsaygancha uyiga qaytayotganda akasining  o‘g‘li velosipedini yo‘liga ko‘ndalang qildi: “Otam sizni uyga chaqiryapti”. Yo‘l-yo‘lakay Tojiboy avval Niyozmatga duch keldi:
   - Nima bo‘ldi o‘zi? – so‘radi u achinib.
   - Ay-y!
    - Har qalay yaxshi ish bo‘lmapti-da. Men-ku, bir vaqtlar Yo‘ldosh bilan Bahrining tuhmatiga qolgandim. Sizniki chatoq bo‘pti. E, bular yomon. Darrov birikib ketishadi.
   Tojiboy sudralib yo‘lida davom etdi. Do‘konning qarshisida bir to‘da odamlar turgan ekan. Ularning orasidan Yo‘ldosh yugurib yetdi. Og‘zi qulog‘ida edi:
   - Endi nima qilmoqchisiz, shovvoz?
   Tojiboy indamadi.
   - Bo‘sh kelmang! Boshlangan ishni oxiriga yetkazish kerak. Barlosdan o‘zingiz chiqdingiz-da otilib!
   Yo‘ldoshning gapi o‘zi shunaqa. Qachon hazillashyapti, qachon jiddiy gapiryapti, qachon chin dildan kuyinyapti – bilib bo‘lmaydi. Mamat akasi uyida bolishga yonboshlab yotgan ekan. Zo‘rg‘a qo‘zg‘alib, o‘tirdi. Ko‘rishishga qo‘lini ham cho‘zmadi. Qovog‘i soliq..
   - O’tir.
   Tojiboy o‘tirdi.
   - Yangi mashinani oldingmi?
   Tojiboy indamadi.
   - Ha? Nega jimsan?  Keyingi kunlarda tiling uzayib ketgan edi-ku!
   - E, nima bo‘lsa bo‘ldi-da, aka, hadeb ijikilayverasizmi? Nima foydasi bor?
   - Nima, aka bo‘lib jim o‘tirishim kerakmi? Tayoqning bir chekkasi bizgayam tegadi. Xidirning avzoyi buzuq. Bir kun qo‘qqisdan melisa chaqirtiraman-da, ikkovingniyam uyingni tintuv qildiraman. Yo‘q deganda bir paqir yem chiqadi-ku. Ana undan keyin dodingni xudoga ayt, dedi. Ukam-ov, o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan! Seni kasringga qolib ketmaylik. Sakkizta bolamning qarg‘ishidan qo‘rq.
   - E, muncha voy-voylaysiz, aka! – dedi  ensasi qotgan  Tojiboy jerkinib. – Mendayam o‘n bitta bola bor. Birontangiz: “qani uka, ahvoling qanday?” deb so‘radingizmi. Nichoq suyakdan o‘tib  ketdi-da. Yo mening yangi mashina minishga haqqim yo‘qmi?
   - Bermasa nima qilasan? Urib, tortib  olasanmi? Safarlarga o‘xshab puling ko‘p bo‘lsa ekan...
   - Akangman, akangman, deysiz, jag‘ urasiz, o‘sha mashina kelganda  besh yuz qarz so‘radim, yangamdan o‘tolmay yerga qaradingiz. Qarz so‘ragandim, yeb ketarga emas. Jonim omon bo‘lsa, yangi mashinada daromad qilib, qaytarardim.
   - Yo‘g‘idi-da o‘shanda pul.
   - E, bu ertagingizni ko‘p eshitganman, aka!  Davlatning katta bedazori qo‘lingizda, necha yillardan beri...
   Aka-uka sukutga cho‘mdi. Bir pas xonada noqulay jimlik hukm surdi. Nihoyat Mamat boshini ko‘tardi:
   - Uka-a, bu o‘pka-ginangni qo‘y. Hadeb da’vo qilavergancha, o‘zing o‘zingni epla. Birovni aka de, birovni  uka de, kuningni ko‘r. Singlimiz uch bolasi bilan mening qo‘limga qarab o‘tiripti. Kattasi Shoniyoz bo‘lsa, shaharda yurib o‘rgangan, topar-tutarga uquvi yo‘q. Ko‘chirib keldim, direktorga iltimos qilib, uy so‘rab olib berdim, pul hisobiga bo‘lsa ham joylashtirdim Bir tiyin qo‘shish u yoqda tursin, tuzukroq qarashganing yo‘q-ku. Yomon odam emas direktor. Bugun yuzimga soldi, yaxshilikka yomonlikmi dedi. Bu yog‘i nima bo‘lsa bo‘ldi. Men direktordan sen uchun ham o‘tindim. Bilmay bu ishga qo‘l urgan, falonchilardan gumonim bor, o‘shalar o‘rgatgan bo‘lsa kerak, mengayam bu to‘g‘rida sira og‘iz ochmagan, deb seni orqavarotdan yomonlagan kishi bo‘ldim. Aytaman, kelib o‘zi sizdan kechirim so‘raydi, dedim. Har qalay o‘shaning gapi gap. O’-o‘, Xidir bilan o‘ynashma. Majlisda o‘zi chekkada muk tushib o‘tirib, qayrab qo‘ygan odamlari gapirgan emish-ku. Shundan rang olaver... U xatni senga kim yozib beruvdi o‘zi?
   - Nima, direktor sizdan shuni bilib berishingizni so‘radimi?
   - E, padariga ming la’nat o‘sha!.. Nima, hali mendan ham sir yashiradigan bo‘lib qoldingmi? O’-o‘vv uka, bilasanmi...
   Endi nima qilish kerak? Akasidan yana besh yuz so‘rasamikan? Direktorga hech bo‘lmasa ming so‘m bermasa bu mashina ham boshqa birovga o‘tib ketadi. Akasidan pul chiqishi qiyin. O’rtada yanga bor... Direktorning ustidan yozib, qo‘rqitib bo‘lmas ekan. Ikki o‘rtada... Anavilar o‘rgatgan gapni aytib to‘g‘ri qildimi, yo‘qmi? “Mening qo‘limda sizni yo‘q qilib yuboradigan hujjatlar bor. Xat tayyor”. Oldiniga shoshilib qoldi, keyin darrov o‘zini bosib oldi-da, qo‘rqitishga o‘tdi. – Tojiboy qo‘rqib-qo‘rqib yetgan joyi shu. Endi ortga yo‘l yo‘q. Bari bir yozuvchi degan nomni oldi. – Tojiboyning  barmoqlari musht bo‘lib tugildi. Qachongacha indamay yuradi? Jonidan o‘tib ketdi-ku!
   - ... bo‘lmasa shu gap, uka. Ertalab idoraga bor-da, qulluq qil. Axmoq ekanman, de. Zora ko‘ngli erib – odamku uyam, ahvolingni biladi, o‘ldimi, pul so‘ramas – “ol qulim”, deb yuborsa, ajabmas, sen ham mashinali bo‘lib qolasan. Ja-a, pul so‘rasa, aytasan-da: “Bir-ikki oy ishlay, chiqarib beraman,,,”. Bordir o‘zingdayam, sandiqning tubiga...
   Qo‘shni xonada qiy-chuv ko‘tarildi. Yangasi ovozini qo‘yib qarg‘andi. Kimlarnidir shapillatib urdi, bolachalar chirillab yig‘ladi.
   - Hov-v xotin! Tinchit ularingni! Mehmonning oldiga dasturxon yozsangchi!
   “Akajon, o‘zi ataylab urib yig‘latdi-ku!”
   - He o‘l, amakingga o‘xshamay, pismiq! – Yanga avjlandi. Mamat o‘sal bo‘ldi. Tomoq qirib  u yoq-bu yoqqa alangladi:
   - Ho‘y, senga aytyapman, choy keltir!
   - Gaz tamom bo‘lgan! –shang‘illadi yanga, aka-uka o‘tirgan xonaga kirarkan. – Men sizga uch kundan beri ballonlarni almashtirib keling, deb xudoning zorini qilaman. Nima, endi qorakuyaga botib, o‘choq titaymi? – Yanga Tojiboyning tepasiga kelib, taxmondagi bo‘g‘jomani tortib oldi. Shu payt bo‘g‘jomaning tagida turgan olacha sirilib, Tojiboyning yelkasiga tushdi. Yanga bo‘g‘jomani silkib, bir chetga otdi-da, olachani ko‘tarib, joyiga tashladi. Buyumlarni olgancha-qo‘ygancha Tojiboy yangasiga yo‘l berib, egilib-bukilib turdi. Yanganing turqi sovuq. Qovoqlari uchib borar, “ha” deguday bo‘lsa, yulishadigan vajohatda edi. Yanga Tojiboyni bormisan-yo‘qmisan, demadi, betiga qaramadi.
   -O’-o‘, yanga, men qarz so‘ragani kelganim yo‘q”
   - Nega uncha shovqin solasan? – dedi Mamat xotiniga, yuragi betlamayroq.
   - Ana, devday arzandangizni qarang, ertaga maktabga boradigan bo‘lib turibdiyu, haligacha ishtoniga siyadi. Ishton ilayapman. Hu, urug‘-purug‘ing bilan qurib ketgur! Izlaganda topilmaydi!
   - E, jin ursin ishtoningni! Chiq, bor! – Mamat ham orlanib, joyidan qo‘zg‘aldi.
   - Menga do‘q urgancha oldin o‘g‘lingizga egalik qiling, - dedi yanga bo‘g‘jomani ko‘tarib jo‘narkan. – Birontasining yangi kiyimi yo‘q. Olib bering. Davlatning bedasini sotib, pu to‘plab yotibsiz-ku!
   “Yangam gapimizni poylab turgan ekan-da!”
   - Ma ol, kiy savilingga! – Yanganing ovozi narigi xonadan eshitildi. – Kalning kasri urib, otang qamalib ketsa, Shu ham yo‘q ertaga. Keyin ko‘chaga chiqib,      tilanchilik qilamiz.
   Akasini bilmadi-ku (akasi har qalay bunday muomalaga ko‘nikib ketgan), Tojiboy yer bilan bitta bo‘ldi. Ammo nima desin? Jigari-da! U-bu desa, oilamni buzmoqchimisan, deb yana tarmashadi. Umuman, birini jigar deb, ikkinchisini jiyan deb, boshqasini hamqishloq deb, andisha qila-qila Tojiboy yetadigan joyiga yetib bo‘ldi. Ammo, bari bir...
   - Aka, mayli, men endi boray.
   - O’ti-ir, choy ichardik, -dedi akasi jur’atsiz.
   - Yo‘-o‘q, mayli, kech bo‘lib qoldi. – Tojiboy qo‘zg‘aldi.
   - Kallasida hushi yo‘q, og‘zida bir tishi yo‘q, ne bo‘rilar bilan olishmoqchi. Topgani bitta ishton,uning ham keti yirtiq... Tez kiyib ol, qirilgur!  - Yangasining ovozi hovliga chiqqanlarida ham eshitilib turdi. – Kal bo‘lsak ham ko‘nglimiz nozik!.. Kiyaver, seni ketingga kim zaril?..
    “Men ketmasam endi yangam avjlanaveradi. Keyin akam mushtlaydi. So‘ng yangam bir haftagacha peshanasini tang‘ib,  meni qarg‘aydi: “Bexosiyat, qachon shu kelsa, uyimizdan baraka ariydi!”
   Yo‘l-yo‘lakay anavilarning birinikiga kirdi. Baxtiga uchovi ham shu yerda yig‘ilib o‘tirgan ekan. Kattasi ham, kichigi ham: “Tojiboy aka, keling-keling”lab, to‘rga o‘tqazishdi.
   - Boplabsiz, Tojiboy aka, - dedi kichigi. – mashinani sizga bermasdan iloji yo‘q.
   - Hay bilmadim-da, - ikkilandi Kattasi, - bermaydi-yov. Gapini qarang uni: “Ustingdan yangi xat tayyor!” deb qo‘rqitishga urindi emish . Shu gapni naryadda aytib o‘tiripti. Qo‘rqqanini bildirmaydi. Bir nimani boshlaydi u hali.
   - Bari bir oyog‘i qaltirab qoldi. Katta aka. Ikkinchi xat borsa – yiqiladi. Mana ko‘rasiz.
   - Unchalik emas, Xidirning yelka tiragichlari hali mustahkam: “Kim yozganini, kim o‘rgatganini juda yaxshi bilaman”, dedi menga o‘qrayib. 
   - Ishqilib, Tojiboy akamizga  xudo kuch-quvvat bersin-da, - dedi  o‘rtancha. – Ming gumon qilsin, tojiboy aka mahkam bo‘lsa... Xidir oyoqlari tushovlangan qo‘yday tipirchilayapti. Erta-indin bo‘g‘izlanishini ham biladi, ammo ilojsiz. Qayralayotgan pichoqqa mo‘ltayi-ib qarab yotipti.
   - O’zi, siz  sa-al shoshib qoldingiz-da, Tojiboy aka! – dedi kichik o‘pkalab. – Shofyorlarga hujum qilib adashdingiz. Keyin hammasi shu gapga tarmashib oldiyu, direktorning ustidan yozilgan boshqa gaplar, buxgalteriya hujjatlarini “unutishdi”. Shuning uchun bizlar hech narsa deya olmadik.
   - Asli “Safarga mashina sotdi”, degan jumlani olib tashlasak bo‘larmidi? – fikr bildirdi o‘rtancha. 
  - Ha, bu safar Xidir bizlarga nisbatan puxtalik bilan ishladi, - dedi Katta aka. – Tojiboyni  chalkashtirish  uchun Abdullani tayyorlagan. O’zi doim majlislarda gapirib yuradigan odam, hech kim undan shubhalanmasligi tayin. Abdulla esa ko‘pchilikning fikrini o‘zgartirib, chalg‘itib yubordi. Hechqisi yo‘q, - Katta aka shop mo‘ylovini silarkan, allaqayoqlarga umidvor tikildi. – Endi biz ham puxta bo‘lamiz.
   - Ikkinchi taftishchini ham tiqib yuborsakchi. Bitta punkt tasdiqlanmaganidan foydalanib, pora evaziga shikoyatni yo‘qqa chiqardi, deb, a? – O’rtancha yana fikr bildirdi. – O’sha xat bo‘yicha boshqa taftishchi so‘rasak.
   - Juda ma’qul. Yozishni boshlaymizmi? – Kichikning ko‘zlari ilhom bilan porlab, ruchkasini chiqardi.
   - Shoshilmanglar, shoshilmanlra! Shoshqaloqlik ishning beliga tepadi, - dedi Katta aka vazmin. – Ko‘rdilaring-ku o‘zlaring. Bu yog‘i puxta bo‘lishi kerak. Ikkinchi xat hal bo‘lsin, qolganini keyin gaplashamiz.
   - Ikkinchi xatni beringlar, men bir ko‘ray, - dedi boshi qotib qolgan Tojiboy.
   - Ko‘rgansiz-ku, - hayron bo‘ldi kichik. – Nima, qo‘rqayapsizmi?
   - Nimagadir shu ishlar menga yoqmayapti, - dedi Tojiboyning asabi taranglashib. – Qo‘yinglar, shu mashmashalarga meni aralashtirmanglar.
   - Xat ketdi, - dedi Katta aka bamaylixotir.
   - Qayoqqa ketadi?
   - Taftishchini viloyatga o‘zim tashlab keldim-ku! Bu ishni ham Xidir jo‘rttaga qildi... Xatni o‘sha yerdan pochta qutisiga tashladim.
   - Uhh! – Tojiboy peshanasiga qo‘l tiradi. Akasi, yangasini o‘yladi. Bir nima bo‘lsa dushmanku dushman, yangasidan tiriklay qutulmaydi.
   - Siz  tap tortmang, - dedi Katta aka nasihatomuz. – bilamiz, Xidir Mamat akangizga do‘q urdi. Bir og‘iz gap bilan qamab yuboraveradigan zamonlar o‘tib ketgan. Boshqa davr hozir. Tojiboy aka, qo‘zingizni oching! Shunaqa sotilish niyatngiz bor ekan, ertaroq aytmaysizmi?  Nomingizni o‘chirib, mana bularnikini qo‘yardim.
   - Nega endi faqat  bizlarnikini?
   - Mening nomimni qo‘yish mumkin emas. Direktorlikka da’vo qilib yuruvdi. Xidir tayinlangandan keyin alamzadalikdan yozyapti, deb janjal ko‘tarishadi, - dedi Kattta aka tushuntirish berib va Yana Tojiboyga  yuzlandi. – Bizga ham sizni aralashtirish  juda zaril emasdi. Shu kambag‘alning hovlisigayam imkon borida quyosh tegib qolsin, degan ezgu niyatda aytgan edik. Siz  rozi bo‘ldingiz. Biz axir sizni majbur qilganimiz yo‘q-ku! Shundaymi? Endi aravani ko‘chaning oxirigacha torting. Yo‘lda yiqilib qolsangiz  oyoqosti bo‘lasiz. Shuni unutmang. Xidir -  ilon. Oldin avrab chaqiradi, keyin yutadi. Yutolmasa – chaqadi. Yaxshi gapirdi, deb bizga taysallamang. U yaxshi gap bilan ishingizni to‘g‘rilab qo‘yadi, o‘zingiz ham bilmay qolasiz. Ertalab yangi mashina olaman, deb o‘yladingizmi? Olib bo‘psiz! Ikki ming hisobiga mashina Abdullaga ketdi.
   - Birinchi xatni yozmaganingizdayam mayliydi, - deya kichik Katta akaning gapini ma’qulladi. – Nomim yozuvchiga chiqdi,  deb o‘ylayapsizmi? Siz yozuvchi emas, o‘z haqqingizni talab qilayotgan jabrdiyda insonsiz! Barlosdagilarning ko‘pi sizdan xursand. Keyingi bir haftada Xidirning o‘zi ham xiyla tiyilib qoldi-ku!..
   - Ha-da, - o‘rtancha chukkaladi. – Xidir ham, undan oldingi direktorlar ham sizga “odammisan” demagan, xatdan keyin esa Xidir siz bilan  hisoblashishga majbur bo‘ldi.
   - Xidir hali-beri hisoblashmaydi. – Katta aka otalarcha bosh  chayqadi. – U o‘yin ko‘rsatyapti... Endi podpoledan chiqishimiz kerakka o‘xshaydi. Yana tekshirish kelsa, ishongan Tojiboy akamiz og‘zidagi oshini oldirib o‘tirsa... Bizga natija kerak! – Katta aka xontaxtani mushtladi, deraza zirillab ketdi.
   - Xatni bular yozgandi desangiz o‘zingizga qiyin  bo‘ladi, Tojiboy aka, - dedi kichikning vajohati o‘zgarib. – Xatdayam, konvertdayam sizning yozuvingiz. Tuhmatchiga chiqib qolasiz. Tuhmatchi esa Jinoyat Kodeksi bo‘yicha bir yildan uch yilgacha qamaladi...
    Tojiboy mum tishladi. Barmoqlarini yuziga bosdi. Butun badani, yuz-ko‘zi, sochlarini ham sovuq ter bosdi.
   - Nima kerak shunaqa gaplar!? – Katta aka suhbat oqimidan mamnunligini bildirib qo‘ymaslik uchun o‘z oyoqlariga tikilib, pastki labini qimtib-qimtib, davom etdi. – Yo‘q desangiz – ixtiyoringiz... Ammo aytib qo‘yay: Xidirga bari bir, lekin ikki mingsiz yangi mashina ololmaysiz. Xidir narxni ko‘tarib yuborgan. Agar toat-ibodatlarimiz ko‘kka yetib, o‘rniga men bo‘lib qolsam, to men turguncha mendan ham yaxshilik umid  qilmang. Mayli, boring. Sizga ruxsat.
   Xonaga og‘ir jimlik cho‘kdi. Tojiboy chiqib ketarini ham, o‘tirarini ham bilmasdi.
   - Xo‘sh, nima qarorga keldingiz? – jiqilladi kichik. – Ayting-da, ketavering.
   - Bo‘pti, - dedi Tojiboy afsus-nadomatga to‘la nigohini uyning  burchagiga tikib. – Ikkinchi xat ham meniki, ammo keyin men o‘yindan chiqaman.
   - Ha, bu erkakcha gap, - dedi o‘rtancha erkinsinib.
   Katta aka qovog‘ini uyib, arazladi.
   - Bo‘pti, men ketdim. Shu gap – gap! – Tojiboy horg‘in qo‘zg‘aldi.
   O’rtancha Tojiboydan oldin ko‘chaga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi, poyloqchi yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan keyingina Tojiboyni darvozadan chiqara solib, eshikni ichkaridan zanjirladi.  Tojiboy o‘z ko‘chasiga yetganda yo‘lini ikkita devday-devday yigit to‘sdi. Biri direktorning mashinasiz qolgan jinnisifat jiyani, ikkinchisi notanish.
   - Xo‘sh akam, qo‘lingizdan nima keldi? – Jiyan xunuk ishshaydi, yuzini Tojiboyning yuziga tirab. – Yana yozasizmi?
   Tojiboy indamadi. Qaradi, qaradi, uncha-muncha hadiksiradi, lekin kech tushgandan beri  turli-tuman do‘qlarni eshitaverib, diydasi  qotib ketgani uchunmi, “e qo‘y, bir kamim sen qolganmiding!”, deganday Jiyanni aylanib o‘tayotgandi, sherigi qulog‘ining tagida qo‘lini ko‘tardi. Allanarsa yaraqladi, sharaqladiyu, tomog‘i tagiga o‘tkir tig‘li bir narsa qadaldi. Tojiboy esankiradi. Ko‘zlaridan o‘t chiqib ketdi. Quruq do‘q boshqayu, bunaqa qilib ko‘z o‘ngingga o‘limni  naqd qilib qo‘ysa butunlay boshqacha bo‘larkan. Oyoqlari qaltiradi. Ichi to‘kildi.
   - Ol, pichog‘ingni ol! – dedi Jiyan sherigiga. Sherik pichoqni oldi. – Bilib qo‘ying, - dedi yana Jiyan tahdid bilan, - bolalaringiz hurmati bu safar omon qolyapsiz. Bundan keyin qadamingizni bilib bosing. Hech kimga “meni so‘ymoqchi bo‘ldi” deya ayta ko‘rmang. Mabodo aytsangiz, men qamalsam, umuman yana xat yozsangiz mana shu sherigim sheriklari bilan bir oqshom keladi-da, bola-chaqangizni chavaqlab, uyingizga o‘t qo‘yib ketadi, inson aqli yetmaydigan ish bo‘ladi.
   Tojiboyning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi. Qirq besh yil umr ko‘rib, bugungichalik ko‘p do‘q eshitmagan, o‘limni bu qadar  bo‘yniga olmagan edi. Biridan qutulib ikkinchisiga, ikkinchisidan qutulib, uchinchisiga tutilyapti. Shuncha yashab, biron kishi bilan qattiqroq gaplashgan, gap talashgan odam emasdi. Tinchgina, amal-taqal ro‘zg‘orini tebratib kelayotgandi. Anavilarning gapiga laqqa tushdiyu... O’sha mashinani tayin menga berishadi, deb ishonch bilan kutayotgandi-da. Hech narsani bekorga berishmas ekan. Kutish emas, oyoqni qo‘lga olib yugurib kerak ekan... Alam o‘tib turgandi. “Qarab qolaverasanmi, sen ham odam bo‘lib, bi-ir yoz!”, dedi biri. Ikkinchisi  qalam tutqizdi. Uchinchisi aytib turdi, alamzada Tojiboy yozdi. Yozgan bilan ham, mana, hech ish chiqmadi. Qaytaga hamma yuz o‘girdi, Yo‘ldosh mazaxladi, akasi so‘kdi, yangasi qarg‘adi, anavilar qo‘rqitdi, Jiyan pichoq tiradi. Bu nima ko‘rgulik? – Tojiboy o‘ziga kelganda yolg‘iz edi. Jiyan sherigi bilan qanday paydo bo‘lganini ham, yo‘qolganini ham payqamay qolibdi. Rostdan ular pichoq tiradimi yo tush ko‘ryaptimi?  Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Tojiboyning gunohi nima? Haqini talab qilganimi? Anavilar o‘rgatmaganda ham axir... odam-ku Tojiboy ham... Bozordagi mol emas, o‘tgan ham,qaytgan ham turtkilayveradigan! Jiyan nimaga zug‘um qildi? Mashinasini unga emas, safarga berib yuborishdi-ku. Ehh! Axir... Hali direktor zarracha parvo qilgani yo‘q.. Katta akaning gapi to‘g‘ri.. Yanayam ertalab aniq bo‘ladi. Jiyan “tog‘a o‘zimniki!” deb hech bo‘lmasa irimiga qo‘l uzatmay, yangi mashinani minib yuravergan, Safar pul tiqishtirsa ham yetolmayotgandi. Tojiboyning  xati direktorga dastak bo‘lganu, Jiyanini avragan... O’, Xidir!!! Seni tulki deganlaricha bor ekan. Hali menga ham rosa ezg‘ilab tushuntirding! Opkelib beradi deb o‘yladingmi? Mana buni olasan! Shoshmay tur!.. Ammo... pichoq tiraganlari jon-jonigacha qaqshatib boryapti. Endi nima bo‘ladi? Nahotki shunday zamonda ham katta bir oilani oppa-oson bo‘g‘izlab ketaverishsa?!
   Tojiboy hovlisiga o‘tib, tolchiviqdan yasalgan darvozasini naridan-beri mahkamlagan bo‘ldi. Bari bir darvozaning ikki tomoni ochiq qoldi. Xohish bo‘lsa darvozaning har qanday burchidan bemalol oshib o‘tsa bo‘laveradi. Umuman, darvozaning o‘zini yaxshilab bir tepsa ham ag‘anab tushadi. Lekin harna, ko‘ngilga mador-da. Darvozaning tabaqalarini bir-biriga sim bilan o‘radiyu, uyiga jo‘nadi. Go‘yo hovlining nimqorong‘i burchaklaridan kimlardir pichog‘ini yalang‘ochlab, yo‘lini poylab turganday, kimdir hozir orqasidan sharpasiz yetib keladiyu, yelkasiga pichoq sanchadiganday bo‘laverdi. Supa ham jimjit. Derazalarda chiroq yog‘dusi ko‘rinmaydi. Go‘yo boyagilar allaqachonlar kirishganu, bolalarini xotini bilan qo‘shib... – Tojiboy dodlab yuboray dedi. O’yi shu yerga yetganda o‘zining ko‘rguliklarini ham unutib, qora ter ichida eshikni tortdi.
   Eshik ichkaridan qulf edi.
   - Onasi! Ho onasi! Eshikni och! – Tojiboy jon achchig‘ida talpinib, eshikni silkilayverdi.
    Xotini hali uxlamagan shekilli, boshiga ro‘molini yelvagay tashlagancha, tezda yetib kelib eshikni ochdi. Tojiboy o‘pkasini qo‘ltiqlagancha o‘zini ichkariga urdi. Nimalardir demoqchi edi, tili og‘ziga tiqildi. Ko‘zlari kosasidan chiqquday bo‘lib, atrofga olazarak tikildi.
   - Tinchlikmi? – so‘radi xotini xavotirlanib, eshikning zulfinini yana solarkan. – Muncha hayallab ketdingiz?
   Tojiboy indamay ichkariga o‘tdi. Xonalarga nazar tashladi: bolalari o‘rinlarida yotishardi!
   - Nima bo‘ldi? Nega indamaysiz? – Xotinining ham yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. – Qaerlarda yuribsiz? Boya direktorning jiyani sizni izlab keldi. Urug‘-aymog‘i bilan umrida ostonamizga qadam bosmagan odam!
   - Hech gap yo‘q, akamnikiga borgandim... Kerak bo‘lsam topib oladi-da, - dedi Tojiboy. Dediyu, vujudini qaltiroq bosdi. Ahvolini bildirib qo‘ymaslik uchun chinni kosani paqirdagi suvga to‘ldirish bahonasida egildi. Keyin kosani ko‘tarib ichdi.
   - Ovqat yeysizmi?
   “Shu vaqti tomoqdan ovqat o‘tarmidi?”
   - Yo‘q, yangam osh pishirgan ekan. Qorin to‘q, - dedi Tojiboy, o‘z xonasiga burilib.
   - Qala-ay? – dedi xotini kulimsirab. – Qaynisiga eripti-da bir...
   - Kim biladi, ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin. – Tojiboy o‘ziga solingan to‘shakka borib, hali  taxlami bilan yotgan yoping‘ich ko‘rpasiga cho‘kdi.
   - Mashina nima bo‘ldi? – so‘radi xotini eshikka suyanib.
   Tojiboy: “bular menga  mashina berarmidi?” deganday qo‘l silkidi. Ichidagi titroq suv ichganda kamayganday bo‘lgandi, endi yana avjlandi. Ishqilib, ertalabgacha jinni bo‘lib qolmasaydi.
   - Qo‘ying, otasi, eski mashina minsangiz ham kunimiz o‘tyapti-ku. Yozmang  ham, olishmang ham bular bilan. Ochdan o‘lmasmiz. Jiyanning turqi yomon. Ko‘zlariga qaradimu, ichimga bit oraladi.
   “O’-o‘, xotin! Ana shunday deb, andisha qili. Umrimiz o‘tib ketdi. Bilmayman, ertangi kunimiz  qanday kechadi. Jongayam ishonch qolmadi. Meni o‘ldirib qo‘yishsa... – Tojiboyning ichi muzlab ketdi. – Ishqilib, bolalarga tegishmasin!”  - Tojiboyning ich-ichidan xo‘rligi keldi. Ko‘zlariga yosh qadaldi. Yuziga sizib chiqayotgan yoshlarni ko‘rsatmaslik uchun ko‘ylagini yechayotgan kishi bo‘lib, qo‘llarini ko‘tarib, ko‘ylagi bilan yuzini to‘sdi. Shu bahona yosh  tomchilarini artdi. O’kirib yig‘lab yubormasa bo‘ldi. Bunchalar hokisor bo‘lmasa xotini! O’zi-chi? Undan badtar! Shuning uchun hech kim hurmat qilmaydi. Shuning uchun akaginasi bilan yangaginasi har  safar duch kelganda qop-qop nasihatlarni qo‘ltiqlatib jo‘natadi. Tojiboy – ukam, bu –ukamning xotini, deyishdan, kerak bo‘lsa, orlanishadi. Ana shunday bo‘lib turgandan keyin boshqalardan o‘pkalamasa ham bo‘laveradi. Duch kelgan  odam aql o‘rgatadi. O’zining aqli o‘ziga yetar, kuni o‘tayapti-ku shuniyam, demaydi...  Jiyanning po‘pisasi baridan oshib tushdi. Boshqa odamga bunday qilolmasdi.  – Qachongacha? Qachongacha bularning zamzamasiga chidashi kerak? Yetar axir?! Yorug‘likka chiqar kun bormi? – Tojiboy to‘shagiga o‘tib, ko‘rpani ustiga tortdi. O’zi sezmagan holda qattiq uf tortdi. Yuragi kuyib borardi.
   - Onasi, qatiq-patig‘ing bormi?
   Xotini shipillab borib qatiq keltirdi. Shu payt ikki yoshli kenjasi uyqusirab, g‘ingshidi,  nimalarnidir pichirlab, ag‘darildi. Xotini qatiq to‘la kosani Tojiboyga tutqaza solib, o‘g‘lini ko‘targancha tashqariga chiqib ketdi. Tojiboyning tomog‘i yana g‘ippa bo‘g‘ildi. Eshikning oldida poylab turishgan bo‘lsa. Xotini chiqishi bilan orqasidan... Keyin o‘g‘lini big‘illatib... Tojiboy ich kiyimda qanday qilib tashqariga otilganini o‘zi ham bilmay qoldi.
   - Qani, “a-a” qil-chi, o‘g‘lim. Keyin yaxshi uxlaysan, shiringinam! Ishtonini ho‘llamaydi-da bu! – Xotini olmaning tagida bamay    lixotir kenjatoyni avrab, to‘sib o‘tirardi.
   Tojiboy bir pas termulib turdi-da, ichkariga qaytdi. Hapriqib borayotgan yuragini bosish uchun kosadagi qatiqni bir ko‘tarishda oxirigacha simirdi. Sal o‘ziga kelganday bo‘ldi. Har qalay, jinnilikka bir bahya borga o‘xshaydi. Keyin o‘zi borib, kosani yana qatiqqa to‘ldirib keldi-da, xotini qo‘ygan dasturxonni ochib, non oldi. Qorni qattiq ochganini endi sezayotgandi.
   Ertalab ishga otlanayotganda xotini: “Bugun pichoqni opkelaqoling, o‘zim toshqayroqda o‘tkirlab olarman”, deya tayinladi. Yo‘q, ta’na qilmadi, janjallashmadi. Shunchaki aytgani uchun ham jizzakilashib ketgan Tojiboyga qattiq ta’sir qildi. Qaniydi xotin degani ham gapingga gap qaytarib, talashib, janjallashib tursa... Ba’zan yurakning chigili uncha-muncha yozilarmidi. Shunchalikka borishganki, oilada faqat bitta pichoq bor. Yetishmovchilik-da. Xotini aytmasa ham Tojiboy sezib yuripti. Bir u qo‘shnining, bir bu qo‘shnining pichog‘igi opkelib, ro‘zg‘orga ishlatishyapti. Bitta pichoqqa pul orttirolmagandan keyin Tojiboy nima qilib  yuripti, erkakman deb?! – Yo‘l-yo‘lakay duch kelgan bir-ikkita hamqishloqlar qo‘l berib ko‘rishishdi. Xushhol, xushmuomala. Tojiboy hayratlandi. Sira bunaqa bo‘lmasdi. Ilgarilari salom bersa, og‘rinib alik oladigan odamlar. 
   Tojiboy garajga kirgandan charxchining o‘zi chaqirdi:
   - Pichog‘ingizni opkeling, Tojiboy aka! Yaxshilab o‘tkirlab beraman, uch so‘m cho‘zasiz.
   Hazillashdimi, chinimi, Tojiboy mashinadan pichoqni opkeldi hamki, tushunib yetmadi. Axir uch so‘mga bunaqa pichoqdan to‘rtta sotib olish mumkin. Uch so‘m ortiqcha puli bo‘lganda o‘n besh kundan beri yalinib yurarmidi.
   - Mayli, Tojiboy aka, pul bermasangiz ham, sog‘ligingiz kerak. Xudo yo‘liga o‘tkirlab beray. Ba’zan savob ish ham qilib qo‘yishimiz kerak-ku, to‘g‘rimi?
   Shu payt direktorning “Volga”si garajga kirib keldi. Dispetcher xonasi yaqinidagi yangi mashina atrofida odam uymalashdi. Direktor ichkariga kirib ketdi. Tojiboyning ko‘zlari to‘rt bo‘lib kuzatarkan, betoqatlandi. Charxchi bemalol o‘z ishini davom ettirardi. Tezroq bo‘la qolmaydimi? Tag‘in Tojiboyni izlab qolishsa? Tojiboy topilmasa. Keyin “Tojiboy yo‘q ekan”, deb yangi mashinani boshqa birovga berib yuborishsa-ya?
   - Bolta bo‘lib ketibdi-ku buningiz, - dedi charxchi bamaylixotir. – Umrida charx ko‘rganmi, yo‘qmi?
   Tojiboy indamadi. “Bo‘lasanmi, yo‘qmi?” deganday sabrsizlanib charxchiga qarab qo‘ydiyu, yana direktorning yo‘liga umidvor ko‘z tikdi. Agar yangi mashinani bersa, uning to‘g‘riligiga ishonadi.
   - Shoshib qoldingiz-da kecha, Tojiboy aka, - dedi charxchi  semiz gavdasini og‘ir qimirlatib, pichoqni paqirdagi suvga botirib olarkan. – Bu ablaxlarning adabini berish kerak ediyu... “Tojiboy akaning yozganlari yuz foiz to‘g‘ri” deb o‘rnimdan turib ketay dedimu, sal qoldi-da, tag‘in shaytonga hay berdim. Yo‘q janjalni nima qilaman o‘zimga sotib olib? Men-ku mayli, nuqul orqavarotdan direktorni so‘kib  yuradigan, undan qilib yo‘qotish kerak, bunday qilib quritish kerak, deganlarga kecha bir fursat kelib qolgandi, hammasi dimiqib ketdi. E, bu odamlar!.. Siz sag‘a-al tajribasizlik qildingiz. Ha-a, hali hammasi izga tushib ketadi. – Charxchi charxni to‘xtatdi-da, pichoqning tig‘ini silab ko‘rdi. Keyin toshqayroq bilan tig‘ning  qirovini ketkiza boshladi. – Tojiboy aka: shuni bilib qo‘ying, qishloqda ko‘plar siz taraf. Bu oqshom Barlosda hech kim uxlamagan. Ellikdan ortiq kishi birlashib, yuqoriga xat tayyorlashipti. “Mana, Tojiboyni hech narsa qilolmadi-ku, -  deyishyapti odamlar. – Qachongacha pisib yuramiz?” Pichog‘ingiz tayyor, aka. Tig‘i yetsa bo‘ldi, o‘zi kesib ketaveradi. Men roziman. Yaxshi kunlaringizga buyursin. To‘ylarda ishlating...
   Toqati toq bo‘lib ketgan Tojiboy charxchiga evini keltirib minnatdorchilik bildirishga ham sabri chidamay, o‘ng kaftida pichoqning sopini tutgancha, chap kaftida tig‘ning o‘tkirligini bilish maqsadida paypaslab, odamlar yig‘ilgan tarafga yurdi. Yarim yo‘lga yetmasdanoq ichkaridan otilib chiqqan Abdulla yangi mashinaning eshigiga kalit soldi. – Tojiboyning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Bir dam angraygancha, yo‘lning o‘rtasida turib qoldi. Demak, Katta aka to‘g‘ri aytgan ekan. Demak... avval xo‘rligi keldi. Keyin alam qildi. Alam esa g‘azabga aylandi-da, odamlarga yaqin bordi. Ichkaridan Xidir Sobirovich ham chiqib kela berdi.
   - Bu mashinaniyam endi... bermaysizmi menga? – so‘radi Tojiboy mahzun, ichki bir alangadan hansirab-qovrilib.
   - Senga yangi mashina nima kerak? Qalaming bor, qog‘zing bor, yozaver! Mashinani Katta akangdan olasan. – Direktor masxaraomuz ishshayarkan, madad tilab yig‘ilganlarga tikildi. Lekin odamlarning birontasi direktorga qo‘shilib kulmadi. Hamma sukut saqlardi.
   - Bering shu mashinani menga! –  Tojiboyning ovozi sekin, ammo tahdidli yangradi.
   - E bor, do‘q urgancha oldin o‘zingni eplab ol! – Direktor yon tarafga o‘girilib, kimlarnidir qidira boshladi. – Senga yangi mashinani ishonib bo‘ladimi? “GAZ-53” haydab ko‘rmagansan. Buzing qo‘ysang nima bo‘ladi? Davlatning moli, qimmatbaho narsa. Otamniki emas. Har bir mashina uchun kattalar oldida javob beraman.
   - Xidir aka, shu ishingiz adolatdan bo‘lmayapti lekin, - dedi odamlar orasidan Qurbon traktorchi. – Hech bo‘lmasa, Abdulla akaning eski mashinasini bering bu kishiga. Haqqi bor!
   - Haqqi bo‘lsa hisoblab olsin. Sen o‘rtada advokatlik qil. Abdullaning eski mashinasi ham eskimas hali. Endi ikki yil bo‘ldi. Qo‘lidan ish kelmaydi tarafini olayotgan odamlaringning. Ana, bitta bolti yo‘q deb otday mashinani bir oydan beri qantarib o‘tiripti. Asli tagidagini ham tortib olish kerak! – direktor ovozini balandlatib, ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qildi. – Boshqa shofyor bo‘lganda bu mashinani allaqachon odam qilib olardi.
   - Bermaysizmi? – Tojiboyning ovozi juda bo‘g‘iq,, yig‘loqi, hatto qo‘rqinchli va yana ayanchli edi.
   - E, menga yozuvchilar kerak emas! Bor! Qayoqqa arz qilsang qilaver! Menga desa YuNYeSKOga bor. Qishloqdan butunlay chiqib ket! – Direktor ters o‘girildi.
   - Xidir aka, menga qarang! – dedi Tojiboy. U hamon asabiy titrayotgan kaftida pichoqning tig‘ini siypar, ko‘zlaridan shashqator yosh oqib borardi.
   - Nima deysan, urasanmi?.. – direktor achchiq bilan o‘girildi va ko‘zlari dahshat ichra tepaga bitib, qo‘llari osildi. Papkasi yerga tushib, ochilib ketdi.
   Tojiboy oshpichoqni yarmigacha direktorning biqiniga tiqib yuborgan edi... Bir zum hamma qotib qoldi. Keyin ichikkan, hayiqqan, izillagan tovushlar, nidolar eshitildi. – Papkadagi qog‘ozlar sochilib ketgan, qog‘ozlarning ustiga direktor yuztuban tushgan, yonida qog‘ozlarga aralash-quralash ikki bog‘lam   o‘n so‘mlik pul ko‘rinib turar, biqinidan buloqday to‘kilayotgan qop-qora qon bog‘lam pullarning ustidan sizib o‘tib, yerga yoyilardi.
   Shalvirab qolgan Tojiboy bir dam loqayd odamlar bu manzaraga tikilib turdiyu, ingrab yubordi. Qo‘lidagi uzun oshpichoq sirg‘alib, yerga tushdi. U qonli qo‘llarini (o‘zi ham bundan bexabar) yuziga bosdi. Osmonga qaradi. G’ayritabiiy bir ovozda xo-xolab kulgancha egri tayoqday avval osmonga otilib, keyin yerga gupillab tushdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.