OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. «Zamonamiz qahramonlari» (hikoya)

 Eshqobil ferma mamnun holda qo‘lidagi qalam bilan bir maromda stolni taqillatarkan, yana derazaga qaradi. Xotini hamon darvozaning oldida o‘tirgancha, baqirib-chaqirib qarg‘anardi.
   Necha kunki, uyida tinchlik yo‘q.Xotini Samarqanddan avtobusda qaytayotib, “Eshqobil ferma sigir sog‘uvchisi O’rozgul bilan don olishib yuradi”, degan gapni eshitib qolibdi. Eshqobil u desa ham, bu desa ham sira gapga ko‘nmayapti.
   - Eh, landovur! – dedi Eshqobil oxiri tutaqib. – Meni ko‘rolmaydiganlarning gapi bu. Ular necha marta oyog‘imdan olishdi, turmaga tiqishga urinishdi. Niyozmatning qilg‘iliklarni esingdan chiqdimi?.. – Eshqobil gapi qanday ta’sir qilayotganini bilish maqsadida  tin oldi. Xotini “turma” so‘zini eshitgan zahoti seskandi. – Sa-al qoluvdi-ku! Yurarding yig‘la-ab... sakkiz bolang  sakkiz tarafingdan osili-ib...
   - Aybingiz bo‘lmasa ham qamayveradimi?
   - O’rmonga o‘t ketsa ho‘lu-quruq baravar yonadi. Manaman deb ko‘kragiga urganlarning nechtasi turmada yotipti-ku, “o‘zbeklar ishi”ga chalkashib. Ularning qay birida ayb bor deysan?
   - Ularning aybi bordir-ki, qamashgan.
   - O’l, jinni! Aybi yo‘q ularning. Moskvaga kerak bo‘ldi – qamaldi. Men ham ehtiyot bo‘lmasam – holim shu bo‘lishiga zarra shubha yo‘q..  Kecha o‘zing ham televizorda ko‘rding-ku, qamalib yotgan raykom sekretarini! Ularning oldida men kimman? Bular yomonlikka olamiz deyishsa, hech gap emas. Bitta o‘lgan molning narxi bular uchun odamdan qimmat.
   - Tuf, tuf-e! Og‘zingizdan yel uchirsin! Xo‘jayin, unaqa demang.
   - Deyman-da. Bular hozircha ferma tomondan menga ayb qo‘yisholmadi. Shuning uchun oilamni buzishmoqchi.
   - Bari bir O’rozgulni fermadan haydashingiz kerak!
   - Qiziqmisan? Men fermada uch yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, O’rozgul o‘n uch yildan beri ishlaydi. Nomdor, ilg‘or, deputat, delegat.
   - Bari bir o‘shani haydamas ekansiz, gap chiqaveradi. Hech bo‘lmasa bolalaringizni o‘ylang. Nimasiga uchasiz o‘sha o‘lgurni!
   - Obbo! – Eshqobil zarda qildi. – Tushunasanmi, u – deputat! Hatto meni haydattirishi mumkin, ammo men uni hayday olmayman. Kuchim yetmaydi. Nima qilasan aqling yetmagan ishga aralashib?. O’yla, O’rozgulning ham uchta bolasi bor, boqishi kerak, nima qilsin, bechora...
   - He, qirilib ketsin bechora bo‘lmay! Boshingizni aylantirib qo‘yipti. Jo-on xo‘jayin, - xotini oshkora yig‘lab yubordi. – Sakkiz bolangiz haqqi-hurmati, shu yurishlaringizni qo‘ying.
   - Bo‘pti, bo‘pti, - dedi Eshqobil bepisand joyidan qo‘zg‘alib, gap tamom deganday.
   Katta-kichik sakkiz bola televizor  tomosha qilib o‘tirishardi. Biri Eshqobilning u yoniga, ikkinchisi bu yoniga, biri orqasiga osildi. Biri biridan shirin. Bir daqiqa shunday shirin bolalarini qo‘yib, qandaydir O’rozgulga osilib yurgani o‘ziga ta’sir qildi. O’zi uncha chiroyli emas, ammo qurg‘urning zap istarasi bor-da. Mana bu bilan o‘n sakkiz  yildan beri turmush qiladi, ammo biron marta O’rozgulday erkalanmagan. Erkalanish nimaligini bilmaydi. Mol-da bu, mol!
   O’rozgul sigir sog‘ishdan tashqari har to‘rtinchi oqshom molxonada navbatchilik qiladi. Odatda bu tunlari Eshqobilning ham fermada ishi chiqib qoladi.
   O’rozgul bu oqshom ham navbatchi.
   Televizordan berilayotgan qochdi-quvdi filmni bolalar zo‘r qiziqish bilan tomosha qilishardi. Xotini osh  suzib keldi. Shu payt eshikdan kimdir kelib chaqirdiyu, xotini shipillab chiqib, bir muddatda qaytib kirdi.
   - Nima gap, tinchlikmi? – so‘radi kimnidir bezovta kutib o‘tirgan Eshqobil, mumkin qadar o‘zini beparvo tutishga urinib.
   - Tojiboy akaning ayoli. Pichoq so‘rab kelipti. Sho‘rliklar, bitta pichoqqinaga yolchimay umrlari o‘tib boryapti.
   - Muomalani bilmagan molfahm! – dedi Eshqobil achchiqlanib. – Bunaqalarga achinish kerak emas.
   - Nega unday deysiz? O’z kunlarini o‘zlari ko‘rishyapti. Sizga og‘irligi tushgani yo‘q.
   - Tushganda qanday! Hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi-ku, reviziya chaqirtirib. Bitta revizorga ikkita qo‘y so‘ydim. Uchinchisini mashinasiga ortib jo‘natdim. Tojiboyning kasofati shu! Battar bo‘lsin!
   - Bugun majlisda ham Tojiboy akani rosa so‘kishiptimi?
   - So‘kish ham gapmi? Barlosdan badarg‘a bo‘ladi u hali.
   - Xidir akayam juda noinsoflik qilayotgan emish-ku!
   - Kim aytdi senga shu gapni? – so‘radi Eshqobil kalakaomuz.
   - Revizor kelgandan beri Barlosda shu gap-ku.
   - Aqling yetmagan ishga burningni tiqma, deb necha marta aytganman senga! – Eshqobil achchiq bilan xontaxtani mushtladi. – Ishing bo‘lmasin! Boshqalar gapirsa ham sen og‘zingni yum.
   - Men eshitganimni aytayapman.
   - He... eshitmay o‘l! – Eshqobil zarda bilan qo‘lini sochiqqa artarkan, o‘rnidan turib, eshikka yo‘naldi. “Gunoh” qilib qo‘ygan xotini nafasini yutib, ortidan ergashdi. Bolalar bamaylixotir osh yeb, kino ko‘rishardi.
   - Tojiboyning xati tufayli fermada ham tinim yo‘q. Xalatni opchiq! – Eshqobil o‘dag‘ayladi.
   Xotini zipillab borib xalatni keltirib, eriga kiygizarkan, so‘radi:
   - Qayoqqa borasiz?
   - Qayoqqa bo‘lardi, fermaga-da. Tojiboy yana xat yozgan emish. Eshqobil fermaning yarmini Xidir Sobirovich bilan bo‘lishtirib yeb yotipti, degan emish. Hozir naryadda Xidir aka “erta-indin fermangni taftishchilar bosadi, borib, oqshomi bilan tayyorgarligingni ko‘rib qo‘y”, dedi. Bu yoqqa ol! – Eshqobil xotinining qo‘lidagi do‘ppisini silkib oldi-da, jo‘nadi. – Tojiboyning og‘irligi ana shu! O’lib-tirilib kechayu-kunduz go‘ngga botib ishlaysanu, bitta molchalik qadring yo‘q. Odam  o‘lsa akt qilishadi, mol o‘lsa, bo‘yningga qo‘yishadi.
   Eshqobil ko‘chaga chiqqandan keyingina achchig‘i bosilib, kulimsiradi. “Yaxshi bahona topildi” Asli Xidir aka ham noinsoflikni oshirib yubordi. Qayta quramiz deb hamma rahbarni yangiladi. Yangilari “besh” bukilib, “to‘rt”  bukilib, salomga kirib, amal oldi. Kerak bo‘lsa, hozir fermadan kelayotgan foydaning chinoqchasi ham Eshqobilga tegmayapti. Agar topgan-tutganini Xidirga eltmasa, o‘sha kuni u fermani ham “qayta quradi”. Eshqobilning joyiga ko‘z tikkan son mingta.Eshqobil og‘zidagi oshini birovga beradiganlar xilidan emas. Xidir asli zootexnikdan chiqqan emasmi, molxonani miridan sirigacha biladi, uni aldab bo‘lmaydi. Xidir uning O’rozgul bilan aloqasidan ham xabar topibdi. Bir-ikki marta kinoya qilgan joyi bor. Lekin Eshqobil past ketmagan. “Avval o‘zingga boq” degan ma’noda qochirim qilgan. O’sha-o‘sha Xidir “men senga tegmayman, sen menga” qabilida ish tutadi.
   Buyam endi bir davr-da! Oldingda ko‘zini suzib, dilpanglab tursa, boshi ochiq bo‘lsa... Bunaqa xotinlarning ko‘ngliga qarash kerak. Savob bo‘ladi. Jilovni sal bo‘sh qo‘ysa, O’rozgul jilpanglab, Xidir tomon o‘tib ketishi mumkin edi. Ammo Eshqobil uzangida mahkam turdi. Bo‘sh kelmadi. Oxir-oqibat O’rozgul yo‘rig‘iga yurdi. Bo‘lmasa, avvallari Xidir O’rozgulni kunda, kunora ilg‘or deb, deputat deb, turli bahonalar bilan idoraga chaqirtiraverib, joniga tekkan edi. O’rozgulni-ku, xudo urgan. Haliyam Eshqobildan qo‘rqib, o‘zini tiyib yuripti. Kerak bo‘lsa, Eshqobil turgani uchun O’rozgul ilg‘or. Ungacha o‘n yil ishlab, biri ikki bo‘lmagan. Aslida boshqa sog‘uvchilardan ortiq bir karomat ko‘rsatib qo‘ygan joyi yo‘q.
   O’rozgul molxonada o‘zining sigirlariga yemish solib yurga ekan. Darvozadan uni ko‘rdi, Eshqobilning ko‘zlari yashnab ketdi.
   Qiliqlari tog‘da sakrab yurgan ohunikiday. – Havasingni keltiradi.
   Eshqobil O’rozguldan hol-ahvol so‘ragan, sog‘in sigirlarning taglarini tekshirgan, so‘ng tanalar, buzoqlar turgan bo‘lmalarni ko‘zdan kechirgan kishi bo‘ldi-da, o‘z kabinetiga o‘tdi.
Kabinetning ichidan yana bitta alohida xonaga eshik bo‘lib, uni uncha-muncha mehmonlarga shaylab qo‘ygandi. Saldan keyin tashqi eshik qiya ochilib, ostonada tog‘ ohusi ko‘rindi...
    Umuman, har qancha ehtiyot chorasini ko‘rishmasin, ikkovining yurish-turishini elu-xalq biladi. “Bilsa falon-falon...” deb yurgan edi, yo‘q yerdan xotini janjal chiqardi. Asli shu xotinlar ham noshukr-da! Axir Eshqobil ba’zi puldorlarga o‘xshab, topgan-tutganini ko‘chaga, Samarqandning mehmonxonalariga tashiyotgani yo‘q-ku. O’rozgulga pul ham, hatto qonuniy er ham kerak emas. Har  zamonda ko‘nglini olib tursa kifoya. Bechoraning ko‘ngli yarim. Xotini buni tushunishni istamaydi. Kecha hatto  “shu manjalaqi bilan yana yursangiz o‘zimga o‘t qo‘yaman”, deb po‘pisa qildi. Har qalay Eshqobilning xotini o‘ta shaddod, behayo emas, uni hurmat qiladi. Shuning uchun hozir ichkariga kirmay, darvozaning oldida qarg‘anib o‘tiripti. Hali zamon kattalar kelib qolishi bor, xotinini bu yerdan jo‘natish kerak. Eshqobil ishchilardan birini “yangasi”ni chaqirib kelishga jo‘natdi.
   - Tag‘in nima hunar bu? – so‘radi Eshqobil qovog‘ini uyishga harakat qilib, miyig‘ida kularkan.
   - Mening javobimni bering! – dediyu, xotini yig‘lab yubordi.
   - Bu yer idora. Javob-pavobni uyda gaplashamiz. Diydiyoingni yig‘ishtir-da, uyga bor, Hozir orqangdan yetaman.
   - Bu yer idora emas, - islovotxona! Isliqixona bu yer! – dediyu, xotini ko‘z yoshlarini artib, javray ketdi. – Oqshom meni aldab, yana shu jalabning oldiga kelibsiz-da.
   - Kim aytdi?
   - Hech kim aytgani yo‘q, o‘zim ko‘rdim. Oqshom kelib to‘g‘ri uning oldiga bordingiz, keyin o‘zingizning xonangizga o‘tdingiz. Orqangizdan u keldi.
   - Bekor aytibsan! – Eshqobil sapchib tushdiyu, shu zahoti o‘zini o‘ngladi. – Ha, yaxshi, ko‘rgan bo‘lsang, molxonaning hamma tomonini birma-bir aylandimmi axir? 
   - Aylandingiz, keyin…
   - Shoshma, keyin xonamga o‘tdimmi?
   - Ha.
   - Ha. Orqamdan O’rozgul keldi. U ferma bo‘yicha xalq nazorati guruhi raisi. U bilan bug‘alteriya hujjatlarini tekshirdik.
   - Bekor aytibsiz. Darrov svetlaringiz  o‘chdi...
   - To‘g‘ri, - Eshqobilning yuragi shuvillab ketdi. – Keyin ikkovimiz tovuq fermaga komissiya bo‘lib bordik.
   - Hech yoqqa borganingiz yo‘q.
   - Sen qayoqdan bilasan.
   - Bilaman-da. Shu yerda edim.
   - Ha mayli. Sen aytgancha bo‘la qolsin: men hech yoqqa bormay shu yerda O’rozgul bilan buzuqchilik qildim deylik. Sen kelibsan, ko‘ribsan, bilibsan, nega dod solib odamlarni chaqirmading? Sen nega o‘zi  mening qadamimni poylagich bo‘lib qolding? – Eshqobil tutaqdi. – Sen nega mening ish joyimga kelasan? Qayta qurish degan narsani bilasanmi o‘zing?
   Qarshi hujumdan ang-tang qolgan xotini og‘zi-burniga ro‘molchasini bosdi. Katta ochilgan ko‘zlaridan shashqator yosh quyildi:
   - Sizni sharmanda qilib... keyin men... bolalaringiz... axir sakkiz bolangiz...
   - Men ham senga shuni aytyapman-da. Har kimning gapiga kirib shataloq otaverma!
   - Jo-on xo‘jayin! – Xotini Eshqobilning oyog‘ini o‘par darajada yalinishga o‘tdi. – Bariga chidab kelayotgandim, kecha O’rozgulning o‘g‘li maktabda qizimiz bilan urishib qolipti. Ancha gaplar bo‘lgan. Muallimlari aralashib, zo‘rg‘a ajratipti.
   - E, yosh bola nimani biladi?! Gapiraveradi-da.
   - Muallimlari-chi?
   - Qo‘ysang-chi! Muallim ham odammi? Har kuni bittasi kelib, somon tilanib, yarim qop yem tilanib, ko‘z yoshi qilibi o‘tiradi. Se-en jo‘na, mayda-chuyda gaplaringni qo‘y-da, uyga borib, tushlikka o‘xshatib kulchatoy qil, - Eshqobil murosaga o‘tdi. – Bilasan, men kommunistman. Kommunist bo‘la turib, bitta xotinini eplay olmapti, degan malomatga qoldirma meni.
   - Jo-on xo‘jayinjon! – Xotini boyadan beri aytmoqchi bo‘layotgan gapini nihoyat qiynala-qiynala tiliga chiqarishga urindi. – Oilamda tinchlik bo‘lsin desangiz, O’rozgulni fermadan ketkizing...
   - Obbo! Bor endi, gapni kalta qil! Uyda gaplashamiz, boraqol, hozir komissiya kelib qoladi, ularning ko‘ziga ham yaxshi emas.
   Xotini uning yetovida eshik tomon yurayotgandi ostonada gul-gul yonib, yayrab-yashnab, “komissiya” – O’rozgul paydo bo‘ldi U go‘yo hech narsa bilmagan kishiday Eshqobilning xotini bilan achomlashib ko‘rishdi. Keyin ataylab qildimi, aqli yetmaganning ishi bo‘ldimi, - Eshqobil buni ajratolmadi, - “ro‘molim qolib ketibdi” degancha ichkari xonaga kirib chiqdiyu, tryumo qarshisida o‘ziga oro bera boshladi. Xotin eriga qaradi, er – yerga.
   - Yanga, bola-chaqalaringiz eson-omonmi? – so‘radi O’rozgul. Uning yuz ifodasidan asabiylashayotgani sezilib turardi. Aftidan eshik ortida turib, hamma gapni eshitgan. – Bu deyman... darvozaning oldida o‘tirib, mening go‘rimga rosa g‘isht qalapsizmi?
   Nimadir yuz berishiga fahmi yetgan Eshqobil xotinini eshikka yetaklamoqchi edi, O’rozgul bir parda ko‘tarildi:
   - Yanga, sa-al tilingizni tiyib yuring, bo‘lmasa maishiy buzuq eringizning masalasini partbyuroga qo‘ydiraman!
   Hoynahoy, O’rozgul ham “yanga”sining o‘ta yuvoshligini bilar, shuning uchun fursatdan foydalanib, po‘pisa qilayotgan edi.
   Eshqobil payqamay qoldi. Xotini uchib borib, O’rozgulning mayda o‘rilgan qirq kokil sochlariga tarmashdi.
   - O’zing buzuq! Gijinglamay o‘l! 
   Ikki ayol qiyqirib, ayqirib olisha ketdilar. Ferma mudirining kabineti shovqin-suronga  to‘ldi. Tomoshabin ko‘paydi. Nihoyat ikkovi birovlarning ko‘magi bilan ust-boshlarini tuzata-tuzata bir-birlarini bisotlarida bor qarg‘ishlarga ko‘mishdi, ellik yillik ayblarini ochishdi. Birining aytishicha, Eshqobilning xotini yoshligidayq o‘lguday latta, hech bir ishning uddasidan chiqolmaydigan, chiqadiganlarni ko‘rolmaydigan, ichi qora bo‘lgan ekan. Ikkinchisining aytishicha, O’rozgul maktabda o‘qib yurgandayoq har kimga ko‘z suzib yurgan, so‘ng allaqanday raisning o‘g‘liga nomusini topshirib qo‘ygan, keyin bir kambag‘alning sho‘rini quritib tegib olgan. Zug‘um qilaverib, jazmanlarining gapi bilan erining joniga qasd qilgan ekan. Shundan beri har kim bilan yurarmish.
   - Alam qildimi? Yuraman! Qo‘lingdan kelganini qil! O’zimga o‘zim xo‘jayinman!
   - O’l! Bu kuningdan badtar bo‘l! Sen yaxshi bo‘lsang eringni o‘ldirib yuborarmiding!?
   Ko‘zlarida yosh qalqqan O’rozgul jon-poni chiqib, qichqirib tashlanmoqchi edi, xotinlar tutib qolishdi. O’rozgulning ikki o‘rim sochi yulingan, beti qontalash, ko‘z ostlari ko‘karib ketgan, ko‘ylagi, xalati yirtilgan, Eshqobilning xotini ham undan yaxshi ahvolda emasdi.
   - Tur, uyga jo‘na, shallaqi! – deb Eshqobil xotinini urishgan kishi bo‘ldi. U xursand edi xotinidan: ko‘ra-bila turib yonini olyapti. O’ynash – bari bir o‘ynash ekan-da! Partbyuroga qo‘ydiraman, dedi. Lekin ikkovigayam, ayniqsa, xotiniga sir boy bermaslik kerak.
   Eshqobil xotinining birdan dong qotgan, savollarga, alamlarga, ranjga, o‘kinchga to‘la ko‘zlariga nigohi tushdiyu, o‘ng‘aysizlandi: “Shuncha gapdan keyin shuncha odamning oldida mening o‘rnimga manjalaqining yonini olyapsizmi?” degan savol bor edi xotinining bir lahzalik qarashlarida. Keyingi lahzada xotinning ich-ichidan titroq turib, o‘kirib yig‘lagancha, tashqariga otildi. 
   -Hamma ish joyiga borsin, - dedi Eshqobil astagina. Birdan uning yuzi so‘nikib ketdi. Hamma, hatto O’rozgul ham indamay jo‘nadi. Eshqobil bir og‘iz gapi bilan tuzatib bo‘lmaydigan xatolikka yo‘l qo‘yganini tushunib turardi. 
   Bir oz muddatdan keyin Eshqobil chiqib, fermani ko‘zdan kechirgan kishi bo‘ldi, ammo yuragiga qil ham sig‘may, qishloqqa jo‘nadi. “Tag‘in o‘ziga bir kor-hol qilib qo‘ymasin” degan fikr miyasiga urganda o‘zi ham dahshatga tushib, “Volga”siga gaz berdi. Bir mahal qishloqdan bir kishi, aniqrog‘i Boyqul molboqar mashinaning yo‘liga chiqaverdi. “Aniq bir narsa bo‘lgan”, deb Eshqobilning rangi o‘chib, “Volga”ni to‘xtatdi. Eshikni ochgancha, yuragi hovliqib, “Tinchlikmi?” deya so‘radi.
   - E, so‘ramang xo‘jayin, ishlar chatoq! Rasvo bo‘ldingiz, haydayvering tez! – Boyqul undan badtar hovliqib, mashinaga o‘tirdi.
   Eshqobil titrab ketdi, vujudi darmonsizlanib, behol o‘rindiqqa suyandi.

* * *

   Yaqinda Barlosga borib, to‘y ustidan chiqdim: Eshqobil ferma uylanayotgan ekan. Aytishlariga qaraganda xotini rahmatlining o‘limida uning zarracha aybi yo‘q. O’sha xotini aslida sal qadam olishi undayro-oq, esi ham kirdi-chiqdiro-oq bo‘lgan ekan. Hatto bu to‘g‘rida jinnixonadan ma’lumotnomasi ham bo‘lgan emish Eshqobilnin qo‘lida. Faqat Eshqobil sakkiz bolasini o‘ylab, u bilan turmushini buzmay yurgan ekan.
   To‘yda rayon gazetasi qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Gazetadagi suratda Eshqobil aka fermaning ilg‘or sut sog‘uvchisi, deputat, delegat, sovxoz xalq nazorati qo‘mitasining a’zosi O’rozgul Turg‘unto‘raeva bilan birgalikda zotdor sigitlar ratsionini tekshirayotgan payt tasvirganlan, suratning tepasiga  katta harflar bilan: “Zamonamiz qahramonlari” deb yozib qo‘yilgan edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.