OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adham Damin. Bizda ham g‘urur bor (hajviya)

Kechasi uyga shirakayf kirib kelganimda uyqusiragan ko‘zlarini ishqalab, «Namuncha» deya xushlamay eshik ochgan xotinimni ko‘rgach, vaqt allamahal bo‘lib qolganini payqagandek bo‘ldim. «Ovqatni isitaymi?» degani qulog‘imga dag‘al eshitildi. «Yemayman!» dedim keskin. Qorin och bo‘lsa-da, bizda ham g‘urur bor.
Xotinim xo‘mrayganicha yotoqqa kirib ketdi. Men esa zalga o‘tib, divanga yonboshladim. Hadeganda uyqu kelavermadi. Stol ustida xotinimning sumkasi turardi. Shayton o‘lgur sumkani ochib yaxshilab titkila, ayol kishining sumkasi sir-sinoatga to‘liq hazina, deydi. O‘ng yelkamdagi rahmon farishtasi esa «uyat emasmi, kap-katta odam» deb bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi. Kayf — tarang, o‘ylardan boshim garang, fikrim chalg‘ib, qay biriga yon bosishni bilmayman. Oxiri, shayton vasvasasi g‘olib keldi. Shartta sumkani qo‘lga olib yaltiroq tugmachisini tordim — «chiq» etib ochildi. O‘piray, kichkinagina bo‘lsa-da, naq xazinaning o‘zi-ya: uzilgan tugmachalarmi-ey, parcha qog‘ozlarga yozilgan telefon raqamlarimi-ey, konduktordan qaytgan eski-tuski uch so‘mlik, besh so‘mliklarmi-ey... Xullas, sanab sanog‘iga yeta olmaymiz. Birdan ko‘zim yap-yangi, bejirimgina hujjatga tushib qoldi. Qiziq, bunisi nima ekan? Iya, yozuvlari inglizcha-ku! Orasida qo‘lda yozilgan o‘zbekchasi ham bor. Shoshib o‘qidim — xotinimning ism-familiyasi dona-dona qilib yozilgan. O‘nida esa qandaydir chet el mashinasi markasining nomi, sotilgan kuni va hatto harfli-raqamli nomerigacha qayd etilgan. Bunga ham bir oy bo‘lay deb qopti. Oxirida qandaydir firmaning muhri ham bor. Vo darig‘, bu qanday gap axir? Qayta qurish o‘tib, tijorat zamonlari boshlanib, erni uyga mixlab, o‘zga yurtlarga borib mol keltirib, oldi-sotti qilib ro‘zg‘or tebratayotgan ayollar borligini bilaman, lekin sira-sira bir uyda turib, eridan bemaslahat mashina olgan ayolni endi ko‘rishim. E dunyoi qo‘tir, bir tomoni cho‘tir, er deganning qadr-qiymati shunchalik bo‘ldimi? Bir og‘iz indamay, sen ham odammisan demay... Axir, bizda ham g‘urur bor-a!
Nima qilish kerak bunaqa o‘zboshimcha xotinni? Beso‘roq mashina olsa-yu, tag‘in bir oydan buyon o‘g‘ri mushukdek churq etmay, maza qilib minib yursa-ya! «Prava»ni ham to‘g‘rilagan hoynahoy. Axir, moshinga pul topgan odam «prava»ga topmaydimi? Qaerga qo‘ydi ekan? Bir-ikki umumiy garaj tomondan kelayotganini ko‘rgandek bo‘lovdim-a. Hoziroq uyg‘otib... He, o‘sha, erini sariq chaqaga olmay moshin minadigan oyimcha-satangni... Esi bor odam, o‘z qadrini bilgan odam bunday xotinning kovushini bir kundayoq to‘g‘rilab qo‘yadi. Zo‘r kelsa, choponini mardlarcha yelkaga tashlab, tog‘u toshlarga bosh olib chiqib ketadi. Axir, er deganning obro‘yi shumi?
O‘rnimdan shartta turdimu polni g‘ichirlatib bitta-bitta bosgancha yotoqqa kirib bordim.
— Tur! Tur o‘rningdan, — dedim baqirib xotinimni turtkilab, umrimda birinchi marta sanlagancha. — Sen bilan orani ochiq qilmoqchiman.
— Nima, — xotinim yoqimsiz do‘ng‘illadi. — Yarim tunda mast-alast kelganingiz yetmay... Ertaga gaplasharmiz.
— Tur deyapman, senga! — xunobim oshib battar o‘shqirdim. — Hozir gaplashamiz! Issig‘ida! Ayni payti! Ertaga kech bo‘ladi! Men ham erkakman. G‘ururim bor!
Zalga chiqib divanga og‘ir cho‘kdim. Ortimdan yuz-ko‘zlarida ming hadik bilan xotinim kirib keldi.
— Men senga kimman? — yana o‘shqirdim unga qarab. — Ayt!
— Bolalarimning otasi.
— Yana-chi?!
— Erimsiz.
— Xayriyat, unutmabsan, o‘zboshimcha...
— Voy, nima qippan?!
— Tag‘in so‘raydi-ya! Odam degan bir ish qilsa, avvalo, eri bilan maslahat qilishi kerakmi? Moshin olganingga bir oy bo‘libdi, gajavang qilib minib, yuribsanakan-da! Eringga bir og‘iz aytmabsan-a, nomard! Odam degan ham shunaqa bo‘ladimi?
Xotinim shundagina bir narsani tushungandek dam stol ustidagi ochiq-sochiq yotgan sumkasiga, dam uning yonidagi mashina hujjatiga qarab kulib yubordi.
— Voy o‘lmasam, xayol qursin, aytish esimdan chiqibdi. U-mi? Axir u — nemislarniki-ku: «Pfaff Zinger» — tikuv mashinasi...
Divanda qanday turgan bo‘lsam, shunday o‘tirib qoldim. Na kulishni bilaman, na yig‘lashni. Kechirim so‘ray desam, g‘urur qurg‘ur qo‘ymaydi.
So‘nggi gapni dona-dona qilib xotinim aytdi.
— O‘lganingiz yaxshi bu kuningizdan... Alkash! Xurmachaga siqqancha ichingda! G‘ururi bormish yana...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.