OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Ming o‘limdan qolib (hikoya)

Tvda “O‘zlik” ko‘rsatuvi tilga tushib, odamlar berilib ko‘radigan vaqtlar edi. Kabinetimga bir yoshi ulug‘ kishi kirib keldi. Sakson ikki yoshda ekan, lekin keksa ko‘rinmaydi. O‘rta bo‘yli, yumaloqdan kelgan, gavdasi pishiq, peshanasi dumaloq bo‘rtib turardi. O‘zining qadrini biladigan, lekin kibri yo‘q, odamoxun, shu odam­oxunligida ham hamsuhbatini o‘ziga bo‘ysundiradigan nimadir kamtarligi bor edi. Ahmadjon, o‘g‘lim, avval ikkovimiz bitta choy ichib olaylik, choy qo‘yib yuboring, deb beliga bog‘langan qiyiqchani yechib, undan bitta qo‘qon patiri, bir siqim yong‘oq mag‘zi, bir hovuch parvarda, bir hovuch mayiz chiqarib terdi. Qiyiqcha ustida juda tartibli dasturxon bo‘ldi... Men ul-bul narsadan totinib o‘tirdim, u kishi bemalol choyini ichib oldi, ungacha aytarli gap aytmadi, kuttirdi. Men ham indamadim. Keyin sekin boshladi. "O‘zlik"ni qoldirmay ko‘rib borar ekan, shuncha odam dard chekkan, lekin gapiga ozgina yolg‘on aralashtirganlar ham chiqib turar ekan. O‘zini jahannamga tushgan qilib ko‘rsatadi, lekin tushmagan, men bilaman, u konning eshigi oldidagi budka – uychada tunuka bo‘yab o‘tirgan, dedi. Tunuka bo‘yagani nima desam, rasm solgan, plakatlarni bo‘yagan, rassom, qiyinchilik ko‘rmagan, azobni, mana bizlar ko‘rganmiz, dedi. Shoshmang, amaki, gapirmay turing, kameraga aytasiz, dedim. Kamera buyurtma qildim, bor ekan, kela qoldi. "Zapis"ni boshladik. Otlari Obidmidi, Oqilmidi, esimda qolmagan. Qo‘lyozma arxivim yonib ketgan, keling, mayli, Obid aka, deylik. Xullas, Obid akaning otasi mulla ekan, o‘zi mulla dedi, dindor degan ayb bilanmi yo boshqa sabab qamalib ketib, oila patarot bo‘lib, o‘n sakkiz yashar o‘spirin ko‘chada qolibdi. Andijonda. Afg‘onistonni eshitganmi yo o‘sha yoqda biron tomiri bo‘lganmi, o‘zi ham bilmaydi, ishqilib o‘sha yoqqa borsam, kun ko‘rib ketaman degan xayolda Toshkent vokzaliga yetib kelib, afg‘on tomonga yuradigan poezdni poylab, o‘rindiqda uxlab qolgan, kimdir birov qattiq tepgan, bu yigitcha uyqusirab sakrab turib, nimaga tepasan, deb tepgan odamni bir solgan, u odam chappa ag‘darilib tushgan, paltosi ochilib ketib, tagidagi charm kurtkasi bilan nagani ko‘rinib qolgan – organning odami ekan. Bu baxti qaro organning odamiga qo‘l ko‘tarib qo‘ygan ekan! NKVDmi, OGPUmi, ishqilib, organ xodimiga hujum qilingan!
Shu bilan Obidjonni tutib, qamab, o‘n yilga kesib, etap qilib yuborishibdi. O‘ttiz to‘qqizinchi yili. "Skotniy" vagonda ketyapmiz, ochlikdan o‘layotganlar bor, ikkita retsidivist qo‘shilib qolgan ekan bizga, nonimizni tortib oladi. Hech kim g‘ing deya olmaydi. Ochlikdan o‘lib-o‘lib o‘ttiz oltita qoldik. Qarasam, o‘zim ham o‘laman. Bir chora topishim kerak o‘lmaslikka. Piyma (valenka)ni suvga shimdirdim-da, vagon tuynugidan chiqarib osib qo‘ydim. Toshday og‘ir bo‘lib muzladi. Payt poylab, bor-e, nima bo‘lsam bo‘ldim, deb orqasidan borib birovining miyasidan soldim. Shilq etib tushib o‘ldi. Ikkinchisi tashlangan edi, uni ham urib yiqitdim, o‘lmadi, boshqa mahbuslar yordamga kelib, tepkilab o‘ldirishdi. Endi o‘zimni otib tashlashsa kerak, deb kutgan edim, yo‘q, qo‘riqchilarning o‘zi bu retsidivistlardan bezor ekan, o‘liklarini vagondan uloqtirib tashlab, hech narsa bo‘lmaganday ketaverdik. Yana meni shu vagonga boshliq qilib qo‘yishdi. Vagonda tartib qilib, nonni rasamadi bilan taqsimlab, Vladivostokkacha bironta odamimni o‘ldirmay yetkazib bordim. Boshqa vagonlarda odamlar qirilib ketdi. Vladivostokdan Naxodka degan joyga ketdik, undan tilla koniga. Kavlab tog‘ tagiga kirib ketganmiz, zax, qorin to‘ymaydi, kasallik ko‘p, ish esa nihoyatda og‘ir. Bu yerda ham, bular juftlashib yuradimi, ikkita retsidivist bor ekan. Bular ham nonimizni tortib oladi, ochdan o‘layotganning nonini ham olib qo‘yadi, bermaydi, shunaqa noinsof. O‘zlari yeydi, biz och, o‘lyapmiz. Non ham haligi cho‘rniy, rjanoymi, shunaqa, bir burda beradi bir kunga, shunday kaftda siqsangiz, vijillab suvi chiqadi, loyga o‘xshaydi. Shuni, bizdan tortib olgan ulushlarni retsidivistlar yumaloq burjuy pechkada chirsillatib quritib yeb o‘tiradi, atrofidagi qirq ellik odam nondan ko‘z uzolmay mo‘ltirab turaveramiz. Bir-ikkitasiga aytib ko‘rdim, bularga gapiraylik deb, qo‘shilay demaydi. O‘laveradi. Bu insofi yo‘qlar o‘layotganga ham bir tishlam bermaydi. O‘zim oyoqda zo‘rg‘a yuraman, majolim qurib ketyapti ochlikdan. Nima qilsam deyman, nimani qurol qilsam, deb kechayu kunduz o‘ylayman. Pechkaning baquvvat temir kosovi bor edi, kocherga deyishadi-ku. Haligi ikkovi pechkada non quritib o‘tirganda, e-e, baribir, o‘laman, o‘chimni olib o‘lay-da bu noinsoflardan deb, jonim boricha birovining boshiga urdim kocherga bilan, zarbimdan o‘zim ham yiqilib tushdim. Bunisi meni o‘ldirsa kerak, deb tursam, yo‘q, xudo boshqa aristonlarga yurak berib, hammasi o‘sha tirik qolganiga yopishdi, turib yana kocherga bilan urdim, o‘ldi, ishqilib. Shu bilan tinchidik. (Men indamay eshitaverdim, sizni jazolashmadimi, qo‘shimcha berishmadimi, deb so‘ramadim ham). Uka, hayron bo‘lmang, bu bir tog‘da, yer tagidagi kon, oborib tashladimi, tamom, u yerda sovet hukumati yo‘q, soqchilarga ham lagerning ichi tinch bo‘lsa, odamlar ishlab tursa bo‘ldi, kim o‘lgani bilan kimning ishi bor. Ana shunday retsidivistlardan qutulib, yana yashab boshlagan edik, bu yoqda urush boshlanib qoldi. Hamma urush bilan ovora, bizlar bilan aloqa yo‘q, ta’minot kelmay qoldi, ovqat otiga ham yo‘q. Soqchiyu qo‘riqchilar ham urushga chaqirib olindimi, bir-bir yo‘qoldi. O‘z boshimizcha beega qoldik. Qochishga joy yo‘q, tashqariga chiqsak, sovuqda, baribir, o‘lib ketamiz. Ana, endi qirilishni ko‘ring! O‘g‘lim, ishonasizmi, uch ming aristondan o‘lib-o‘lib ikki kishi qolibmiz: men bilan bir juhud. Ikkovimiz yotibmiz qachon uzilamiz deb, atrofimizda biron tirik jon qolmagan. Shu vaqti deng, komissiya kelib qolsa, nimaga bu kondan otdacha yo‘q deb tekshirgani kelgan-da. Komissiyaning oyog‘idan quchoqlab oldik, bizni bunday tashlab ketmang, bo‘lmasa, otib tashlang deb, yig‘ladik. Yo‘q, insoflilar ekan, choy berishdi, atala ichirishdi. O‘zlari bilan olib ketib, boshqa lagerga topshirishdi. Bu yoqda ham o‘lib ketar edim, lekin xudo degan ekanman, lager boshlig‘i oldin Toshkentda xizmat qilib, o‘zimizning osh, sho‘rva, mantiga o‘xshagan ovqatlarni yaxshi ko‘rib qolgan ekan, qilishni bilasanmi, dedi, ha, dedim, meni o‘ziga oshpaz qilib oldi. Shu bilan qolgan besh yil uning xizmatida bo‘lib, qamalganimdan o‘n yil o‘tib, ya’ni "ot zvonka – do zvonka" to‘liq o‘tirib qirq to‘qqizinchi yili yurtga qaytdim.
 Bu kishi bilan suhbatlarimiz "O‘zlik"ning ikkita sonida berilgan, lekin ko‘p gap sig‘magan. Odam o‘ldirganini bermaganman. Shuncha azob tortgan odamni yana qotil qilib ko‘rsatishga ko‘nglim bormadi. Lekin... lekin mardonavorlik, bardosh, chidam va inson ko‘nglining kengliklari deganda shu otaxon ham ko‘z oldimga kelaveradi. Bu asli hikoya ham emas, roman bo‘ladigan taqdir, lekin men u davrda yashab ko‘rmaganman-ku, to‘qib yozishga qo‘lim bormadi. Buni yozish ham shart emas, shu misolda o‘ylash kerak.
Ha, darvoqe, Andijonga, bir yuzu to‘rtga kirgan bir otaxonning suhbatini olishga ketayotib, Qo‘qonda, Obid akaning uyida to‘xtab o‘tdik. (U kishi keyin Qo‘qonga kelgan, sobiq Lenin ko‘chasi, adashmasam, 101-uy edi). Borasiz, albatta, deb va’damni olgan edilar. Shinam, bahavo, otaxonning o‘ziga o‘xshagan batartib, ozoda hovli. Kirgan odamning ko‘ngli yorishadi, otam ham peshvoz chiqdilar hamma yoqni yorishtirib...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.