OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akbar Rustamov. Kelishuv (hikoya)

Qobil gai xunob bo‘ldi. Mana, soat o‘n birga qarab boryaptiki, birorta haydovchi qoida buzgani yo‘q. Aksiga olib, bugun institutda o‘qiydigan o‘g‘lining imtihoni bor. Peshinga komissiya uchun “obed puli”ni olib ketishga kelishishgandi. Qani endi biror haydovchi palakat bosib tezlikni oshirsa yoki “peregruz” qilsa-yu, shofyor: “Kechirasiz, akajon”, deb texpasportning ichiga ...
Och qoringa ovqat haqida o‘ylash yoqimli bo‘lganidek, Qobilvoy ham shu o‘ylar ta’sirida tamshanib qo‘ydi. Keyin esa diqqatlikdan u yoq-bu yoqqa yurdi, chekdi, yo‘lga orqasini o‘girib, kishi sezmaydigan qilib bir qultum “anavin”dan yutdi...
Nihoyat, uzoqdan mashina qorasi ko‘rindi. Qobilvoy qo‘lini soyabon qilib ulovning markasini aniq ko‘rdi-da, xotini o‘g‘il tuqqandek, quvonib ketdi: “Yest, “Zaparojets”. Mashina yaqinlashgach, hushtak chalib, tayog‘i bilan yo‘l chetini ko‘rsatdi. 
Nazoratchi ko‘p yillik tajribasidan yaxshi biladi: ko‘rimli mashinadan foyda yo‘q. Unaqalarning yo o‘zi katta bo‘ladi, yoki kattalardan tanishi bor. Agar bilib-bilmay shulardan birortasini to‘xtatib qo‘ysa, kuni boshliqning xonasida hisob berish bilan o‘tadi. 
– Obl gaidan Qobil gai, – nazoratchi haydovchiga ehtirom ko‘rsatdi. – Hujjatlaringiz!
G’aladondan olib berilgan qog‘ozlarni sinchiklab varaqlagan nazoratchi, o‘zi “axtargan” narsani topolmadi shekilli, xo‘mrayib so‘z qotdi: 
– Qoida buzdingiz, aka, bayonnoma tuzamiz. Tezlikni oshirdingiz. 
– E-e, boshliq, axir, ming uringanda ham bu mashina oltmishdan oshmaydi-yu, – dedi haydovchi hayron bo‘lib. 
– Boshni qotirmang, baribir qoida buzgansiz. Hech bo‘lmasa... Ha, darvoqe, mashinangiz eski “Zaparojets” ekan. Bunaqalarning ekolo‘giyani qanchalik zaharlashini bilasizmi o‘zi? 
Qobil gai bilimdonlik qilgani sayin, suhbatdoshining shamani tezda ilg‘amasligi-yu, befarosatligidan siqilib borardi. 
“He, o‘l-a, – dedi ichida. – Odamni shuncha gapirtirgandan ko‘ra, kissaga to‘rt-besh so‘m tiqib ket. Nima qilasan, meni ham, o‘zingni ham ovora qilib?”. 
Shunda haydovchi barmoqlari bilan cho‘ntagidan nimanidir izlayotganini ko‘rib, quvonib ketdi. Ammo cho‘ntakdan kutgani emas, ro‘molcha chiqqanini ko‘rgach, hafsalasi pir bo‘ldi. 
“Yo‘q, endi rostdan ham protokol tuzishga to‘g‘ri keladi, – o‘zicha ahd qildi nazoratchi, – loaqal boshliqlarga halol xodim ekanligini shu orqali ko‘rsatadi...”
Shu ahd bilan Qobil gai qog‘ozni qoralay ketdi va qovog‘ini solgan ko‘yi varaqni mashina egasi tomon surdi: 
– O’qib, qo‘l qo‘ying!
– I-e, boshliq, savoddan ham bor ekan-ku! Familiyam Zamburov emas, Zokirov!..
Haydovchi pichingidan seskanib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, vaziyatdan chiqishga urinib, do‘q aralash so‘z qotdi: 
– Savodim bilan nima ishingiz bor? Shoshganda bo‘ladi-da. Bering, tuzatay.
Nazoratchi haydovchi familiyasini tuzatgandek bo‘ldi. 
– E-e, yashang! – Bayonnomani qo‘liga olarkan “Zaporojets” egasi o‘zini to‘xtatolmay kulib yubordi. – Bir so‘zning ichidagi harflarni joyiga qo‘yolmaysiz-u, ko‘chada tartibni qanday eplaysiz. Nazoratchilik guvohnomasini qanday olgansiz? Bayonnomani siz menga emas, men sizga to‘ldirishim kerak ekan. Ha, mayli. Mana, aynan imzongiz turibdi. Shu ham yetar. Boshlig‘ingiz oldida yaxshigina dalil bo‘ladi. So‘raylik-chi, savodsiz kishilarni mas’ul vazifaga qo‘yish to‘g‘rimikan?!
Suhbatdoshi so‘zlarini hazilga yo‘yib turgan Qobil gai ahvol jiddiyligini tushundi. Qog‘ozni qaytarib olish uchun avvaliga siyosat qilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Iltimosga o‘tdi. Foydasi yo‘q. Oxiri yalinishga o‘tdi. 
– Iltimos, akajon. Boshliqqa bormang! Bola-chaqamning rizqi qiyiladi-ya. O’zi yaqinda bir ho‘kizimni sotib, ishga qayta tiklangandim. Iltimos...
Nihoyat, uzoq muzokaralardan so‘ng kelishib olishdi. Unga ko‘ra, akt qog‘ozi haydovchida turadigan, nazoratchi esa bundan buyon uni yo‘lda qay holda ko‘rsa ham, ko‘rmaganga oladigan va ... imloni yaxshilab o‘rganadigan bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.