OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ali Niyoz. Taqdir qo‘ng‘irog‘i (qissa)

G‘OYIBDAGI ODAM

I qism

Telefon yana jiringladi. Go‘shakni ko‘tarib, "Al­lo", dedim – jimlik... Men gapira boshladim. Telefon qilgan odam mening gapimni eshitib turardi.
Har kuni xuddi kelishilganday aynan soat uchlarda qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Men ham qadrdon do‘stimga gapirganday, tinmay javrayveraman. Miyamga qanday fikr kelsa, gapiraveraman, gapiraveraman. U jim tinglaydi. Sas chiqarmaydi. Men bu holatga o‘rganib qolgan edim. U go‘shakni qo‘yib qo‘yishidan qo‘rqaman. Shuning uchunmi, qiziq-qiziq voqealarni gapiraman. Beixtiyor go‘shakni qo‘yib qo‘ymasin deb, kuldiradigan hangomalardan ham aytaman. U nima uchundir kulmaydi ham. Gapirib-gapirib charchaganimdan so‘ng, endi bo‘ldi, buguncha yetar deyman. Unga sog‘lik tilayman. U go‘shakni qo‘yadi, qisqa «dud-dud-dud» degan ovoz keladi.
Xonamda qolib, o‘zimga taalluqli ishlarni ba­jaraman-da, asosan, ertangi kunga tayyorgarlik ko‘­raman. Ertaga nima desam bo‘ladi. Reja tuza boshlayman. Yangi-yangi hangomalarni topishga harakat qi­laman, chunki u go‘shakni to‘satdan qo‘yib qo‘yishi mumkin.
Ertasiga yana yangi ish kuni boshlanadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Xodimlar bilan salomla­shish, boshliqning xonasiga kirib topshiriq olish, qo­g‘ozlar ichiga kirib raqamlarni axtarish – kasbim shunday. Bu kasbni Xudo rahmat qilgur opam tanlab bergan.
Ish bilan ovora bo‘lib soat uch bo‘lganini sezmay qolibman. Birdan telefon jiringladi, go‘shakni oldim. Yana jimlik...
Salomlashib, ahvolini so‘radim. Iloji bo‘lsa bir og‘izgina gapirishini, bu holat uzoq davom etmasligini, faqat mening gapirishim bilan ish bitmasligini tushuntirib, uni ham gapirishga undadim. "Men juda charchadim", – dedim, ovozimni balandlatib. U chuqur nafas oldi. Aniq his qildim, miyamga hadeganda qiziq fikr kelavermadi. O‘ylay boshladim: "Uzundan-uzoq hangomalarim unga nima uchun kerak? Nega o‘zini tanishtirmaydi? Kim o‘zi telefon qilayotgan? Ayolmi? Erkakmi? Nega endi hadeb unga yoqadigan yolg‘on-yashiq voqealarni to‘qib, uning ko‘nglini ovlashim ke­rak? Nima uchun? Axir uni tanimasam?" – degan sa­vol boshimda tinimsiz aylanadi. Go‘shakni stolim ustiga qo‘yib qo‘ydim-da, unga qarab gapirmasdan o‘tiraverdim...
Endi telefon soat uchda jiringlasa ham, go‘shakni olmayman, xonamdan chiqib ketaman. Soat to‘rtdan ke­yin go‘shakni qo‘limga oldim, uzun "dud-dud" degan ovozni eshitgach joyiga qo‘ydim.
Ishni yakunlab uyga ketar ekanman, soat uchda bo‘ladigan qo‘ng‘iroqning jarangi miyamni tark etmasdi. Meni eshitib jim o‘tiradigan odam turli qiyofada gavdalanib, ba’zan u kelishgan yigit, zum o‘tmay chiroyli qiz yoki go‘zal ayol qiyofasida ko‘rinsa, gohida qandaydir mening ustimdan kulayotgan telbasifat odam, darvesh bo‘lib, goho badbashara, isqirt maxluq ustimga bostirib kelayotganday tuyulardi. Xullas, adog‘i yo‘q bu o‘ylardan qochishning ilojini topolmadim. Uyga xayolim parishon bo‘lib kirar ekanman, o‘zimni chalg‘itish uchun qo‘limga duch kelgan kitobni oldim. Mashhur yozuvchining maymun yetaklagan odam haqidagi hikoyasini o‘qiy boshladim. Bu voqealar xayolimni jamlashga yordam bermadi. Balki teskari ta’sir qildi. Qandaydir qo‘rqinchli maxluqning hamlasini qaytarishga shaylangan odamday o‘zimni himoya qilish uchun ko‘chaga chiqdim.
Shaharga tun cho‘kkan. Havo toza, osmon to‘la yulduzlar, biri-biridan chiroyli. Ana u yulduz Hulkar, Zuhro, Katta ayiq, bunisi Temirqoziq, Tarozi, Besh og‘ayni, unisi Yetti og‘ayni. Qarang, uch og‘ayni yulduzlar ham bor ekan, osmonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, bezab turgan bu yulduzlar to‘g‘risida bir vaqtlari momomdan eshitganman.
Yulduzlar birin-ketin yarqirab osmon gumbazida tartibsiz va tartibli joylashtirilgan nimalarnidir eslatar, nazarimda ular zimdan yerni kuzatayotganday tuyulardi. Qaysidir jurnalda o‘qigan edim, osmon ochiq bo‘lganda avgust oylari kechasi besh mingtacha yulduzni sanash mumkinligi, keyin odam adashib ketishi haqida yozishgan edi. Erinmay sanay boshladim. Bir, ikki, uch, to‘rt, besh... minglarga borganimda chalg‘ib ketdim.
Somon yo‘lini tomosha qila boshladim. Tangrining bu qudratiga, tabiatning hech yerda takrorlanmas mo‘‘jizasiga qoyil qolmay ilojing yo‘q. Osmon xuddi katta bir dengiz, unga yulduzlar shunday joylashtirilganki, koinotdagi bu ajoyib manzarani tomosha qilib, insonning aqli bu hukm oldida naqadar ojiz ekanligiga beixtiyor ishonasan. Yaratganga shukronalar aytasan...
Yana ish. Korxonaning barcha asosiy hisob-ki­tob­lari mening zimmamda. Qo‘l ostimdagi xodimlarga kerakli topshiriqlarni berdim-da, xonamga qamalib oldim. Vaqt shunday tez o‘tardiki... Zum o‘tmay soat uch bo‘lib qoldi. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim, jimlik, asta gap boshladim: "Hangomalar tugadi, menga boshqa telefon qilmang, iltimos. Agar ish shunday davom etaversa, jinni bo‘lib qolaman". U jim tinglardi. «Go‘shakni qo‘yaman», dedim. «Endi xayr. Oxirgi marta xayrlashaylik. Haqiqatan, sizga juda o‘rganib qolgan ekanman. Gapirmasangiz ham, nafas olishingizni eshitdim-ku. Omon bo‘ling. Mendan xafa bo‘lmang», deb go‘shakni qo‘ydim. Daqiqa o‘tmay telefon yana jiringladi. Xayolimda telefon jahl bilan jiringlaganday bo‘ldi. Ko‘zimni uzmay go‘shakka qarab turdim. Bu safar undan ham qattiq jiringladi nazarimda. Go‘shakni oldim. Jimlik.
– Nima ishingiz bor? Ayting, axir mendan nima istaysiz?! – dedim toqatim toq bo‘lib.
Jimlik hamon davom etar edi. Men ham jim turaverdim. Uzoq kutdim. To‘g‘risi, charchab ketdim. Go‘shakni stolim ustiga qo‘ydim-da, ishlarimni qila boshladim. Soatga qa­rasam, to‘rt. Go‘shakni joyiga qo‘yib qo‘ydim.
Menga har doim soat uch bilan to‘rtgacha qo‘ng‘iroq qilinar edi. Soat uchdan to‘rtgacha telefonni o‘chirib qo‘ysam-chi? Kashfiyotimdan o‘zim sevinib ketdim. Ha­qiqatan ham, nega oldin shu fikr miyamga kelmadi ekan-a? Balki men telefon bilan gaplashishga juda o‘rganib qolgandirman?
Ertasi kuni soat uchdan to‘rtgacha xonamdagi telefonni o‘chirib qo‘ydim.
Qo‘l telefonimga xabar keldi. "Iltimos, soat uchda telefoningizni o‘chirmang. Siz uchun bir soat gaplashish shunchalik qiyinmi? Agar so‘zlashishni xoh­lamasangiz, go‘shakni ko‘tarib stolingiz ustiga qo‘yib qo‘ying. Bu o‘yiningiz yaxshilikka olib kelmaydi".
Hayron qoldim. Qo‘l telefonim raqamini qayoqdan biladi? Nima uchun xabar jo‘natuvchining telefon raqami yo‘q? Nahotki mening gaplarim unga shunchalik qiziq bo‘lsa?! O‘zi nimalar bo‘layapti? Agar biron kimsaga shu to‘g‘rida aytsam, hecham ishonmaydi. Meni telbaga chiqarishi aniq. Yana qo‘rqitishi ortiqcha. Meni qayoqqa boshlayapti bu?..
Men, xayolim parishon bo‘lib, ba’zan o‘zim bilan o‘zim gaplashadigan odat chiqardim. Ishxonadagilar, oila a’zolarim ham hayron.
Obdon o‘ylab ko‘rib, yakuniy qarorga keldim. Xonamni soat uchlarda ichidan bekitdim-da qo‘ng‘iroqni kuta boshladim. Maqsadim, to go‘shakni qo‘yguncha gapirish, u bilan dardlashish. Unga o‘zim haqimda ko‘proq so‘zlashni ma’qul ko‘rdim. Soatga qarab turibman, roppa-rosa uch bo‘ldi. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim. Salomlashib, qo‘l telefonimga yuborgan xabari uchun rahmat aytdim. Undan ozroq gina ham qildim. U haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligimni bildirdim. «Agar men bilan suhbatlashish niyatingiz bo‘lsa, o‘zingiz haqingizda biron-bir ishora bilan bildirsangiz yaxshi bo‘lardi», dedim.
– Sizni biron kimsa menga qarshi yollamaganmi? Shunga ishontiring, – dedim.
Yana jimlik.
Kasbim iqtisodchi. O‘ttiz besh yildirki hisobchi bo‘lib ishlayman. Qilayotgan ishimdan mamnunman. Tashkilotning iqtisodiy tiklanishiga ancha-muncha his­sam qo‘shilgan. Shuning uchun ham o‘zimga yarasha ob­ro‘-e’tiborga egaman. To‘rt nafar farzandim bor. Ik­kita qiz, ikkita o‘g‘il. Hammasi oliy ma’lumotli. Rafiqam oliy toifali shifokor. Ko‘rinishim ixcham. Bo‘yim bir metru yetmish sakkiz santimetr. Boshimning sig‘imi ellik olti, og‘irligim yetmish sakkiz kilogramm. Ko‘ylagimning yoqasi qirq ikki, oyoq kiyimim ham qirq ikkinchi o‘lchamli. Bug‘doy rangman. Sochim qirq yoshimdan oqara boshlagan. Hozir oppoq. Ko‘zlarim katta-katta, yuzimning chap tomonida bilinar-bilinmas xol bor. Qoshlarim qop-qora. Yurganda dadil qadam tashlayman. Ko‘proq oq kiyim kiyaman... Hayotimdan mam­nunman. Qiziqadigan soham – qadimiy, o‘rta asr tarixiy voqealari haqidagi asarlarni ko‘p o‘qiyman. Bu haqida ancha-muncha ma’lumotlar to‘plaganman. Har qanday qoloq, iqtisodiy nochor tashkilotning moliyaviy salohiyatini yaxshilash uchun, ozgina bo‘lsa-da foydam tegadi, xo‘jalik rahbari va bosh hisobchisi sog‘lom, halol fikrlaydigan va unga amal qiladigan shaxs bo‘lsa, korxonaning nufuzi yaxshilanishiga ishonaman. Agar rahbar yo bosh hisobchi o‘z manfaatini o‘ylab ish yuritar ekan, bu xo‘jalikning ish jarayoni uzoqqa bormaydi.
Shunday qilib, men uchun hayot – sinov maydoni. Bu maydonda o‘zimni sinayman, kimligimni, nimalarga qodir ekanligimni, nima uchun yashayotganimni anglashim kerak.
Atrofimdagi odamlar faqat o‘zlarini o‘ylashadi. Tashkilotning rivojlanishi, iqtisodiy samaradorlik ular uchun yot narsa. Keldingmi, kelding. Nima maqsadda kelding? Bugun xo‘jalikka qanday nafing tegdi? Kelgusida xo‘jalikni kengaytirish, ishlab chi­qarishni rivojlantirish, tannarxni pasaytirish eva­ziga olinadigan daromadlardan unumli foydalanish, shu korxonada kelajakda farzandlari ishlashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Oy oxirlasa: "Ish haqi nega kechikdi? Nega maosh oshmayapti? Nega falonchining oyligi ko‘p? Meniki oz?" – degan savollarni qo‘­yishadi. Bu chalasavod, o‘z haq-huquqini bilmaydigan odamlar bilan qanday qilib xo‘jalikni rivojlangan, chet ellardagi millioner kompaniyalar darajasiga olib chiqish mumkin? Qolaversa, bizning mulkdorlarga ham xuddi shunday, qayoqqa boshlasa ergashadigan olomon kerak. Avvalambor bu odamlarni, (ishchi deb bo‘lmaydi) va mulkdorlarni yaxshilab tarbiyalash kerak. Qanday qilib?! Shular haqida ko‘p o‘ylayman, o‘zimcha ancha-muncha rejalar tuzganman. Yevropadagi taraqqiy etgan mamlakatlardek bizning yurtda ham odamlarning hayot, yashash darajasi yuqori bo‘lsa, deyman. Orzularimning amalga oshishiga ishonaman...
Shu mavzuda ko‘p gaplarni gapirdim. Soatga qarab qo‘yaman. Soat millari to‘rtga yaqinlasha boshladi. Go‘­shakdan "dud-dud"degan ovoz eshitildi.
Sezdimki, notanish kimsa bir soat erinmasdan mening gaplarimni eshitdi. Hayron qoladigan jo­yi shuki, go‘shakni qo‘yayotganda chuqur nafas oldi. Go‘yo gaplarimni nafas olmay eshitganday taassurot qol­dir­di menda.
Yana o‘z ishlarim, o‘z yumushlarim bilan bo‘lib kun botdi, tong otdi. Ertalab ishga, bankka borish, hisob raqamdagi pul mablag‘larini taqsimlash, ishlab chi­qarishga zarur bo‘lgan uskunalar sotib olish va shunga o‘xshash har doimgidek bir xil ish jarayoni qurshovida tushlik bo‘lganini sezmay qoldim. Xonaga kelib soat uch bo‘lishini kuta boshladim. Endi bu yog‘i menga ham qiziq edi. Xo‘sh, buning oxiri nima bilan tugaydi?! Baribir, bir kuni u o‘zini tanishtiradi. Muloqotga chiqadi. Har narsaning ham avvali va so‘nggi bor-ku?! Xonamga nazar tashlar ekanman, ro‘paramda turgan kompyuterga sinchiklab qaradim. Bu moslamadan har baloni kutsa bo‘ladi. Xona to‘ridagi hujjatlar qo‘yish uchun arg‘uvondan yasalgan oldi yopiq javonlar ham sehrli ko‘rinardi menga. O‘ng tomonimdagi xodimlar o‘tirishi uchun mo‘ljallangan olti dona kursi xuddi ustimdan kulayotganday edi. Xona to‘ridagi ish stolining o‘ng yonidagi temirdan ishlangan o‘n ikki kishi amallab siljita oladigan seyf xo‘jalikning bor sirlarini yutadigan qafasga o‘xshab qaqqayib turardi. Chap tomonida esa gazeta va jurnallarga mo‘l­jallangan ixcham stol, uning ustida yaqindagina nashrdan chiqqan yangi she’riy kitoblar turardi. Soat uch bo‘ldi. Telefon jiringlay boshladi. Go‘shakni oldim. Jimlik...
– Qo‘shnilarim haqida gapirib beraman,– dedim salomlashgandan so‘ng. – Ajoyib qo‘shnilarim bor. Chap tomondagi qo‘shnimning yoshi mendan uch yosh kichik. Juda ziyrak, hamma bilan ham chiqishib ketavermaydi. O‘ta jiddiy. Tabiati shundaymi, bilish qiyin. Harbiy. So‘zlashganda dona-dona, aniq va lo‘nda qilib gapiradi. U bilan ertalablari ko‘rishib turaman. Ertalab ba’zan yarim soat, gohida ko‘proq turli mavzularda suhbatlashamiz. Biznesga haddan ziyod qiziqadi. Men iqtisod sohasida ishlaganim uchunmi banklardagi o‘zgarishlar, soliq tizimidagi yangiliklar, tashkilotlarning moliyaviy holatiga to‘sqinlik qiluvchi omillar to‘g‘risida savollar beradi. Men gazetalardan o‘qigan yangiliklarni so‘zlab beraman. Keyin quyuq xayrlashamiz. Agar biron kun subhidamda ko‘rinmay qolsam, bir bahona topib chaqirib oladi. Darvoza ol­dida ixchamgina qilib taxtadan yasalgan o‘rindiqqa joy­lashib:
– Xo‘sh, bugun biznes olamida nima yangiliklar?! – deb gap boshlaydi.
O‘z sohasi haqida lom-mim demaydi. Sohasi ha­qida savol bersam, gapni boshqa tomonga burib, oxiri biznesga taqaydi. Ha, mana shunday ajoyib qo‘shnim bor.
– Siz, darvoqe gapirmaysiz, yo soqovsiz, yoki umuman, tilingiz yo‘q, – deyman go‘shakka. – Nima bo‘lganda ham nafas olishingizni eshitib turibman-ku. O‘ng to­monimdagi qo‘shnimni tanishtiradigan bo‘lsam, u – quruvchi. Nihoyatda odamoxun. Menga juda hurmat bilan qaraydi. Har doim mendan oldin salom beradi. Ko‘proq dam olish kunlari to‘qnash kelamiz. Hovlisi mening hovlimga o‘xshab chala. Yaqinda sotib olgan. O‘zining aytishi bo‘yicha qandaydir katta qurilishda ishlaydi. Har xil qurilish materiallarini olib kelib bitmagan uyini tiklash bilan ovora.
– Hormang, – deyman uni ko‘rganda. – Xo‘sh, pishiq g‘ishtni qanchaga oldingiz?
– O‘zimizda "dehqonchilik", – deydi soddalik bilan.
"Yo tavba, g‘isht ham dehqonchilik bo‘ladimi", – deb o‘ylayman. Ajablanib yelkamni qisaman. Qo‘shnim mendagi hayronlikni tushunganday:
– Bilasiz-ku, qurilishda ishlayman. O‘n moshin g‘isht olsak, bir moshini bo‘yoqqa jo‘natiladi. Xudoning kuni ko‘p. Hovli ham bitay deb qoldi, nasib bo‘lsa uy to‘yini o‘tkazamiz, – deydi.
– Ha, shu kunlarga yetkazsin, deyman. Hali bitmagan, oynalar qo‘yilmagan, usti shifer bilan yopilgan uyimga qarab, darvozamning ko‘rimsizligi ichimni tirnaydi. Bu kayfiyatdan chiqish uchun qo‘shnim bilan xayrlashaman. Qo‘shnilar haqida so‘zlayverib, soat to‘rt bo‘lganini ham sezmay qolibman. Go‘shakdan "dud-dud" degan tovush eshitildi.
Ancha yengil tortdim. Kayfiyatim o‘zim sezmagan holda ko‘tarildi. Osmonda uchib yurganday his qila boshladim o‘zimni. Bo‘layotgan voqealar haqida hech kimga aytganim yo‘q. Kimgadir aytishim kerak-ku, derdim.
Yo harbiy qo‘shnimdan maslahat so‘rasammi, yoki rafiqamga aytsammikan? Telefon sohasida ishlaydigan bir tanishim bor. Shundan so‘rasam-chi? U menga qo‘ng‘iroq qilayotgan odamni aniqlab beradi. Nega shu haqida oldinroq o‘ylamadim-a. Ertaga soat uchgacha tanishimni topaman, uskunalari bilan kelib bu ishga oydinlik kiritadi.
Hovlidagi temir chorpoya ustida bolishni qu­choq­lab, xayol og‘ushida osmonga qarab yotganimda qo‘l telefonimga xabar keldi: "Siz bu suhbatimiz haqida hech kimga aytmasligingiz shart. Mabodo, aytsangiz o‘zingizga yomon bo‘ladi..."
Ol-a, nima demoqchi bu notanish kimsa? Endi ochiq­­chasiga qo‘rqitishga o‘tdimi? Menda kechayotgan o‘y­larni qayoqdan angladi, yo telepatmikan? Haqiqatan ham, oqi­bati yomon bo‘lsa-chi? To‘rtta farzandim bor, ular hali yosh. Ularni oyoqqa qo‘yishim, uyli-joyli qi­lishim kerak.
Bu o‘yin yana qachongacha davom etadi?!
Ey Xudo, o‘zing yordam ber. Yoki meni o‘z sinovingdan o‘tkazayapsanmi? Voqealar shunday davom etaversa, jinni bo‘laman-ku! Menga nimalar bo‘layapti? Buning qandaydir chorasi bo‘lishi kerak. Ruhshunosga ko‘rinsammikan? Ehtimol, oddiy gallyutsinatsiya bo‘­layotgandir. Boshi-oxiri yo‘q, lekin odamni umidsizlik botqog‘iga yetaklovchi telba-teskari bu o‘ylar tinchimni shu qadar buzdiki, oromim yo‘qolib, boshimda g‘ujg‘on o‘ynayotgan havoyi hislarni jilovlashga kuch topa olmasdim. Fol ko‘rsatsam-chi? Ey qo‘y-e, Erqor, bu g‘irt shaytonning ishi-ku. Qanday kunlarga qoldim? Kutish, xuddi go‘shakdagi odamday sabr bilan chidash kerak. Oxirgi daqiqagacha nima bo‘lishini, bu voqealarning yechimi kun kelib ochilishini bardosh bilan kutishdan o‘zga choram yo‘q.
Ertalab barvaqt turdim. Kayfiyatim yaxshi. Har­biy qo‘shnim bilan biroz suhbat qurdim. Amerika siyosati haqida gap ochgan edim, xushlamadi. U nima uchundir kutilmaganda ayollar haqida gapirib ketdi. "Bilasizmi qo‘shni, ayol erini og‘zimdagi luqmam deb o‘ylaydi. Chaynalgan bu luqmaga boshqa ayol qaramaydi. Uni xohlagan vaqti yutaman, degan bema’ni xayol bilan yashaydi". "Hammasi ham shunaqa bo‘lmasa kerak", dedim shoshib. Chunki mening rafiqam bunday o‘ylamasligiga ishonardim. Miyamdagi o‘yni oshkor ayta olmadim. Biror asosi bordirki, shu fikrga kelgan, deb o‘yladim.
Qo‘shnim soatiga qarab suhbatni qisqa qildi. Xayrlashib, xizmatdagi "Neksiya" mashinasiga o‘tirib ishga ketdi.
Ishxonaga yetib kelganimda, deyarli barcha xodimlar o‘z o‘rnida edi. Xonamning eshigini ocharkanman, kotibaga: "Meni soat uchdan to‘rtgacha hech kim bezovta qilmasin, boshliq so‘rasa muhim ishlar bilan band ekanligimni ayting", – deb iltimos qildim. Kotiba chiroyli tabassum bilan qoshlarini chimirib:
– Hali ertalab-ku, Erqor aka, – dedi.
– Bugun hisobotlarni qayta nazoratdan o‘tkaz­moq­chiman,– deb xonamga kirdim.
Xonam ko‘zimga fayzsiz ko‘rindi. Jihozlarning rangi qochganday, to‘shalgan gilam oyoq ostida toptalaverib titilmagan bo‘lsa ham, o‘z xizmatini o‘tab bo‘lganini eslatar edi.
Ombor mudirini chaqirtirdim. Unga bu gilamlarni almashtirishni, hozir esa kichikroq radio keltirishini buyurdim. Yuragimga o‘zim bilmagan holda vahima tushdi. Go‘yo jihozlarni almashtirsam taskin topadiganday, xonamni sinchiklab ko‘zdan kechirar edim. Xayolimda birdan telefondagi odam go‘shakdan chiqib: "Xo‘sh, o‘zing qilgan gunohlaring to‘g‘risida lom-mim demayapsan-ku. Shunchalar farishtamisan? Ko‘rib-ko‘rmaganga, bilib-bilmaslikka olgan qancha-qancha no­pok ishlarning guvohi bo‘lganligingni tan olmaysanmi?"– deya savolga tutayotgandek edi.
Eshik ochildi. Ombor mudiri radioni o‘rnatib chiqib ketdi. Taralayotgan kuy qulog‘imga yoqdi, berilib eshita boshladim. Qancha urinmay qo‘lim ishga bormadi. Kun bo‘yi ko‘chaga chiqmay goh parishon, xayol og‘ushida tushlikni ham unutib, xonamda qamalib o‘tirdim. Ruhiyatimda kechayotgan bu o‘zgarishlarni o‘zim ham to‘­liq idrok eta olmasdim. Mening toqatimni sinaydigan soat uchni yomon ko‘rib qoldim. Endi allaqachon kuy va ohanglar yo‘qolib, har xil axborotlar, ma’nosiz qo‘shiqlar, tuturiqsiz hangomalar jig‘imga tega boshladi. Radioni o‘chirib qo‘ydim. Xayolimda telefon ji­ringlaganday bo‘ldi. O‘zimni o‘nglab go‘shakni ko‘­tar­dim. Jimlik...
Bu gal salom bermadim. Birdan maqsadga o‘tdim. "Nima uchun men sizga hisobot berishim, bir soat vaysashim, o‘zimga-o‘zim gapirib, meni qiynaydigan muammolar to‘g‘risida uzundan-uzoq so‘zlashim kerak. Menga bo‘lmag‘ur xabarlar yuborib bardoshimni sinash sizga yoqayaptimi? Qaysi qilgan gunohim uchun jazolanishim yoki qo‘rqishim kerak? Nega shanba-yakshanba kunlari bezovta qilmaysiz? Demak, boshqa ish kunlari ham bu o‘yinlarni to‘xtatsa bo‘ladi-ku!"– dedim.
"To‘g‘risi, charchadim bu mojarolardan. Mehnat ta’tiliga chiqaman. Endi sizga aytadigan gaplarim tugadi. O‘zim, qo‘shnilarim, ishxonam to‘g‘risida bilganlarimni aytdim. Keling, bugun oxirgi kun deymiz-da, senlashib gaplashamiz. «Sen» Xudoga yaqin so‘z. Agar qarshilik qilmasangiz, sizni endi sen deyman. Nazarimda siz qandaydir farishtasiz. Odam zotidan emassiz, chunki farishtalar oldindan ko‘ra oladi. Siz ham meni nimani o‘ylashimgacha bilasiz. Mening vujudimga g‘ulg‘ula soladigan, obdon o‘ylashga undaydigan bu holat meni qo‘rqitib turadi. Demak, odam emas ekansiz, Allohga yaqin mavjudotsiz. Bizga Xudo insonning yuragida deb o‘rgatishgan. Xudoni siz degan bormi? Hali eshitmaganman. Masalan, "Ey Xudo, O‘zingiz kechiring", – degan gapni eshitganmisiz? Xudoning har bir bandasi, boshiga kulfat tushganda "Ey Xudo, O‘zing kechir",– deydi.
Ba’zi kimsalar "yolg‘izman" yoki "men yolg‘izlikni xohlayman" deb o‘zlarini-o‘zlari aldashadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, chunki har qanday yolg‘iz odam bilan Tangri birga. Alloh uning yuragida. Shunday qilib, men hozir sizni sen demoqchiman. Rozimisan?!
– Jimlik...
Endi ochiqchasiga o‘taylik. Sen qanday qiyofada­san? Go‘zal qizmisan? Yoki... Aslini olganda menga farqi yo‘q, qanaqa ko‘rinishda bo‘lishingning. Bu jim turishlaring, qo‘l telefonimga xabar yuborishlaring bilan nima qilmoqchisan? Sabrimni sinayapsanmi? Yoki mening qo‘rqoqligimdan foydalanib o‘zingga yoqadigan o‘yin topganingdan quvonayapsanmi? Shuni bilamanki, sening chekingga tushib qolishim mening fojeam. Bu­ning oldini olishning yagona chorasi – muloqotlarimizni to‘xtatish. Yoshim ellikdan oshgan bo‘lsa ham, boshqa mamlakatga ishga ketishim mumkin. Hozir bundaylar oz emas. Rossiya shaharlarida, Koreyada, Qozog‘istonda, Yevropaning turli mamlakatlarida, ota-onasini, oilasini, bolalarini, yurtini tashlab, rizq izlab yurgan kimsalar ozmi... Shuni ham bilamanki, ayrimlari kaltak yeb, mayib-majruh bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, ba’zilari o‘zga yurtlarda dom-daraksiz, dengizga cho‘kkan toshday yo‘q bo‘lib ketmoqda. Kuni kecha dam olish kuni Miroqi qishlog‘iga bordik. Ana manzara, havoning tozaligini aytmaysizmi. Kishini hayratga soladigan bunday joylar boshqa o‘lkalarda kamdan-kam topiladi. Tog‘ bag‘irlarida xuddi qo‘l bi­lan ekilganday, tizilib turgan yashil archalar. Ko‘rsa ko‘z quvonadigan yong‘oq daraxtlari. Yuqoriroqqa chiqilsa, gullab, o‘zini oppoq-sariq choyshabga o‘ragan do‘lana daraxtlari, pis­ta-bodomlarning endigina bahor nafasiga to‘yayotgan shivirini eshitib, ko‘zingiz quvonadi. Meni o‘yga toldirgan joyi shu yerdagi qishloq ko‘chalarida yigitlar ko‘rinmaydi. Ko‘cha bo‘ylab ekilgan uzun teraklar ostida keksayib qolgan momolar, ahyon-ahyonda oldiga surpacha qilib, ustiga sharbat, sigaret, har xil saqichlar, mineral suvlar, qurt, turshaklarini yoyib o‘tirgan chollarga ham duch kelamiz.
Shu go‘zal go‘shada ish o‘rinlari tashkil qilib, pis­tazorlar, bodomzorlarni, umuman, tog‘ havosiga mos keladigan bog‘dorchilik, chorvachilik sohasini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi-ku.
Aslida biz nimani kutyapmiz? Noyob mevali daraxtlarni ko‘paytirish, yurtimizning bozorlarini to‘ldirib, qolaversa, yanada ko‘proq yetishtirib chet ellarga chi­qarish, jahon bozorida o‘z o‘rnini egallash fursati allaqachon kelgan-ku? Bir vaqtlar Varganza anorlari, olmalari, Qarshining Lag‘mon uzumlari, anjirlari nomi jahonga taralgan. Qani u dehqonlar?..
Gapiraversam gap ko‘p.
Keksalardan eshitishimcha, qurg‘oqchilik yo qish qat­tiq kelganda, ocharchilik bo‘lganda, yurt boylari o‘zaro kelishib, kunlarni bo‘lib olishgan. Hatto ba’zi boylar qirq kunlab to‘y bergan. To‘g‘ri, ularning bu bazmida maqtanish, bir-biridan o‘zish, topgan sarmoyasini ko‘z-ko‘z qilish ta’malari ham yotgan.
Asosiysi yurt ahlining qorni har kuni to‘ygan. Ochlik balosidan omon qolgan. Hadisi sharifda yozilishicha, boylar to‘rt xil bo‘ladi:
"Haromdan topib haromga sarflaydiganlar, ular do‘zaxiydir.
Haloldan topib, haromga sarflaydiganlar, ular ham do‘zaxiydir.
Haromdan topib, halolga sarflaydiganlar, bular ham do‘zaxiydir.
Haloldan topib, halolga sarflaydiganlar jannatiydir".
Xo‘sh, bizning boylar qaysi toifaga kiradi?!
Bu savol, jumboqlarning oxiri bormi?! Buning yechimi qaysi avlodga nasib qiladi?
Darding ichingda to‘lib ketgan ekan-ku, deyapsan. Ha, ichim to‘la dard! Bu illatdan million yillardan beri qutula olmayapman. Farishta bo‘lsang, savollarimga javob ber! Nega jimsan? So‘zlarim yoqmadimi? Men ham jimman.
Telefon go‘shagidan "dud-dud" degan ovoz eshitildi. Soat to‘rt bo‘ldi
Yo alhazar!!! Men nimalar deyapman o‘zi?! U farishtami, parivashmi, nega undan alamimni olayapman?! Uning nima aybi bor? Meni tekshirish uchun maxsus "quloq" bo‘lsa-chi? O‘zingni qo‘lga ol, Erqor. Hali yashashing, o‘g‘illaringni uylantirishing, kenja qizingni uzatishing kerak, shu kungacha orttirgan obro‘-e’tiboringga bolta urma. Shuncha yil jim yashadingmi, bu yog‘iga ham jim bo‘l.
Go‘shakni uzoq ushlab turdim. Keraksiz, ortiqcha yuk­ni yelkamdan tushirgan odamday o‘zimni yengil his qildim.
Kotibaga soliq inspektsiyasiga borishimni aytib, uyga jo‘nadim. Ruhim tetik bo‘lsa-da, bironta odam bilan suhbatlashishdan qochardim. Chunki shu kecha-kunduzda hayotimda kechayotgan bu g‘aroyib voqealarni aytib qo‘yishdan qo‘rqar edim.
Eng yaqin sirdoshlarimdan bo‘lgan shoir bilan ham uchrashmadim. Men bilan hamsuhbat bo‘ladigan do‘stlarimga qo‘ng‘iroq qilib, ishlarim nihoyatda ko‘­payib ketganini, hozirda bezovta qilmasliklarini iltimos qildim. Uyda ham nihoyatda kamgap bo‘lib qol­ganimdan rafiqam hayron.
 – Tinchlikmi? – deb so‘raydi.
 – Tinchlik, Xudoga shukur,– deyman.
Dam olish kunlari kitob o‘qish bahonasida uyga qamalib olaman. Miyamda takrorlanayotgan mantiqsiz o‘ylarni qancha haydamay, ustimga bostirib, o‘zim o‘ylamagan havoyi gaplar kelaveradi. Telefon go‘­shagini olsam, kallamga kelgan so‘zlarni tinmay gapiraveraman. Bu gaplarni hech kim mendan so‘rayotgani yo‘q-ku?! Ixtiyorim o‘zimdan ketganini sezmay, xuddi tush ko‘rayotgandek xayolimda gavdalangan voqealar ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Keyin so‘zlayveraman, so‘z­layveraman, hech gapim tugamaydi. Qulog‘imga kimdir pichirlab mana bu gapni ayt, endi u gaplarni ayt, deb boshqarayotganday tuyuladi. Oldinlari reja tuzib, tayyorgarlik ko‘rib, hangomalarni eslab, uni zeriktirib qo‘ymaslik uchun gapirgan bo‘lsam, endi tayyorgarliksiz gapirib, ba’zan soat to‘rt bo‘lganini sezmay qolaman. Gapiraveraman, gapiraveraman, hech so‘zim tugamaydi. Menga bu so‘zamollik qaerdan ilashdi? Hayronman. O‘zimni-o‘zim tushuna olmayapman. Go‘yo meni qandaydir g‘ayritabiiy kuch boshqarayotganday edi. Ertalab yana ish. Xonamga keldim. Kerakli huj­jatlarni taxlab boshliqqa imzo qo‘ydirishga kirar ekanman, kotibaga zimdan qaradim. Uning negadir kayfiyati yo‘q. Ko‘zlari qizargan, qovoqlari shishgan, chiroyli tabassumidan asar ham ko‘rinmaydi. Har doim kulib turadigan yanoqlari so‘lg‘in. E’tiborsiz salomlashdim-da, boshliqning xonasiga kirdim. Boshliq to‘rda yastanib o‘tirardi, u meni muloyimlik bilan qarshi oldi. Hujjatlarga qo‘l qo‘yar ekan:
– Erqor aka, sizdan bir iltimosim bor, kotiba qizimiz Mohiraning nojo‘ya harakatini sezib qoldim. Unga ozroq nasihat qilsangiz,– dedi.
Men bu izohni javobsiz qoldirdim. Chunki Mo­hira bilan Karim Suyarovich o‘rtasidagi "oshiq-ma’­shuq"likdan ozroq xabarim bor edi.
Yaqinda mehnat ta’tiliga chiqishimni bildirib, xonamga qaytdim. Telefonni ko‘zimdan yashirib, o‘zim­ni chalg‘itish maqsadida xirgoyi qila boshladim:
– Yigit omon bo‘lsa xavfu xatar yo‘q.
Bir ozdan keyin telefon jiringladi. Go‘shakni olarkanman, g‘alati bo‘lib ketdim. Soat hali o‘n bo‘l­gani yo‘q. "Allo" degan ovoz keldi.
Ovozidan tanidim, yozuvchi do‘stim Mahmud Oqbosh.
– Assalomu alaykum, do‘stim.
– Vaalaykum assalom.
– Nega gurungga kelmay qo‘ydingiz, Erqorjon? Ish hech qachon tugamagan va tugamaydi ham. Kelsangiz, shaxmat o‘ynar edik. Biron yoqqa chiqmasangiz hozir oldingizga o‘tmoqchi edim. Maslahatli ish bor.
– Keling, soat uchgacha keling, uchdan keyin meni topolmaysiz, – dedim.
– Xo‘p, hozir boraman,– deya go‘shakni qo‘ydi Mahmud Oqbosh.
Ajoyib, iste’dodli yozuvchi, borgan joyida davrani to‘ldirib hammani kuldirib o‘tiradi. Hikoyalari, qissalari rus, qozoq, tojik tillariga tarjima bo‘lgan. Hajviyalarini aytmaysizmi. Havas qilsa arziydigan iste’dod egasi.
Mahmud Oqbosh haqida o‘ylarkanman, uning qiyo­fasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. To‘ladan kelgan, yelkalari keng. Xumkalla, gavdasi mendan ikkita keladi. Qo‘l panjalari polvonlarning panjalariday go‘shtdor, bo‘liq. Shaxmat o‘ynashga ishqiboz bu do‘stimning hangomalarini eshitish juda maroqli.
Soatga qaradim. Uchgacha besh soat vaqt bor. Radioni qo‘ydim, yoqimli kuy tarala boshladi.
Ko‘p o‘tmay Mahmud Oqbosh yetib keldi. Ichkariga kirib, qulochini keng yozib, meni osongina bag‘riga oldi. Quyuq so‘rashdi. O‘tirdik.
– Xo‘sh, do‘stim Bakachcho (menga nima uchundir shu­naqa laqab qo‘ygan edi. Go‘yo men grekga o‘xshar ekanman), hangomaning yangisidan aytaymi?
Javob kutmasdan boshladi:
– Desangiz, bir podsho mulozimlari bilan boshqa bir mamlakatga boribdi. U mamlakat podshosi borgan mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olib, yurtining (tinch-totuv, boy ekanligini ko‘z-ko‘z qilibdi) baland-baland imoratlarini, o‘zi yashaydigan hashamdor saroyni ko‘rsatib maqtanibdi.
Mehmonlarni tushlikka taklif qilibdi. Shu­na­qangi lazzatli, antiqa taom tayyorlashgan ekanki, juda mazza qilishibdi. Ovqatdan keyin mehmon podsho o‘z maslahatchisini chaqirib:
– Bilgin-chi, ovqatni nimadan tayyorladi ekan. Yur­timizga borganda biz ham ularni siylashimiz kerak, – deb topshiriq beribdi.
Maslahatchi taomning tarkibini tezda aniqlab, Oliy Hazratlariga hisobot beribdi:
– Janobi Oliylari, bi­lasizmi tamaddi qilgan ovqatimiz... – deb qulog‘iga nimalarnidir shivirlabdi...
O‘z navbatida dong‘i olamga ketgan shoh hali u darajada taraqqiy etmagan, o‘zi yaqinda mehmon qilgan podshoning mamlakatiga tashrif buyuribdi. Ulug‘ shoh yurt bilan tanishib, mamlakatning salohiyatini yanada oshirish uchun podshoga maslahatlar beribdi.
Ulug‘ shohni podsho o‘z arkiga mehmondorchilikka aytibdi. Dasturxon atrofida o‘tirgan mehmonlar har xil ichimliklardan iste’mol qilib ovqatni kuta boshlabdi. Toqati toq bo‘lgan podsho, ulug‘ shohning oldida izza bo‘lib, o‘rnidan turib, eshik yoniga borib, maslahatchiga qichqiribdi:
– Yana qancha kutish mumkin, taomni suzmaysizlarmi?
Maslahatchi asta kelib, podshoning qulog‘iga, ov­qat bo‘lmaydi, saroydagi mulozimlardan yigirmatasining kallasini olib ko‘rdik, ularda miya yo‘q, – deb qaltirabdi.
Ikkimiz ham xoxolab kulib yubordik.
– Bizga xizmat, – dedim o‘zimni zo‘rg‘a kulgidan to‘xtatib.
– Issiqxona qurmoqchi edim. Shunga ozroq pishiq g‘isht kerak. Narxini arzonroq qilib bersangiz,– dedi xijolatomuz.
– Sizdek odamga, bepul bersa ham bo‘ladi. Axir prokuror, soliqchi akalarga bitta qo‘ng‘iroq bilan berilayapti-ku. Albatta, bu hojatingizni chiqaraman, – dedim. U sevinchi ichiga sig‘may meni qayta-qayta quchoqlab xonamdan chiqib ketdi.
Hisobotlarni topshirish uchun soliq idorasiga yo‘l oldim. Bu o‘ta salobatli bino temir panjaralar bilan o‘rab olingan. Kiradigan yo‘lakka to‘siq o‘rnatilgan bo‘lib, o‘zingizning kim ekanligingizni tas­diqlovchi hujjat ko‘rsatmasangiz ichkariga qo‘­yish­maydi.
Panjara atrofida odam ko‘p. Tanish hisobchidan ichkariga nega qo‘yishmayapti, deb so‘radim.
– Majlis deyapti. Bir soatdan beri o‘tiribman. Hisobotlarning esa muddati kelib qoldi. Vaqtida top­shirmasangiz jarimaga tortishadi, – dedi to‘plan­gan odamlarga ishora qilib.
Kutishga toqatim yo‘q. Tushdan keyin muovinimni yuboraman, degan o‘y bilan idoraga ketdim.
Avgust quyoshi ayovsiz qizdiradi. Yaxshiyam odamlar sovutgichlarni o‘ylab topishgan. Xonamdagi sovutgich me’yorida ishlashi uchun o‘rtacha issiqlikni 25 darajaga moslab qo‘yaman.
Telefonga ko‘zim tushdi. "Kim bo‘lsa bo‘laversin. Farishtami? Shaytonmi? Farqi yo‘q. Xayolimga nima kelsa aytaveraman. Tez kunda mehnat ta’tiliga ketaman. Keyin Xudo poshsho" deb o‘zimni-o‘zim ovuntirar edim.
Soat uch. Qo‘ng‘iroq ovozidan halovatim yo‘qolib, osoyishtalikdan asar qolmadi. Xayolimga nimalar kel­madi deysiz. Go‘yo kimgadir aytib yuragimni bo‘­sha­tib olishim kerakday go‘shakni oldim.
Jimlik.
"Bugun Senga aytadiganlarim, boshlig‘im haqida bo‘ladi. U mendan uch yoshlar kichik, oldin uning otasi bilan ishlaganman. Biroz qitmirlik va qattiqligini e’tiborga olmasam, meni tushunadigan odam. O‘zini nihoyatda avaylab-asraydi, oliy sifat matolardan kiyim tiktirib, did bilan kiyinadi. Aytishicha, yigirma besh yoshidan boshlab rahbarlik lavozimida ishlab kelayapti. Ish boshqarish sohasida tajribasi katta. Ishlab chiqarish sohasida biron ish qilmoqchi bo‘lsa, o‘n o‘lchab, bir kesadi. Otasining so‘zini doim yodida saqlaydi. "O‘g‘lim, bu mansablik kursisida mix bor. Unga chidagan odam o‘tiradi", degan o‘gitini menga ham bir necha bor aytgan. O‘zining ta’kidlashicha, ko‘proq mendan maslahat so‘raydi. Nima bo‘lganda ham men bilan o‘ta muloyim, ehtiyotkorona gaplashadi. Ayrim hollarda, ayniqsa soliqqa pul to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomalarini imzo qo‘ydirishga olib kirganimda, menga soliqchiga qaraganday qaraydi. Shu sohada ozmi-ko‘pmi tortishamiz.
Tushlikni ko‘pincha birga qilamiz. Ovqatlanish vaqtida uning gapi ko‘proq ish emas, ayollar haqida bo‘ladi. U go‘zal, dunyoqarashi keng ayollarni yoqtiradi. Qaysi korxonada rahbar bo‘lib ishlagan bo‘lsa, kotibasi o‘ta chiroyli, did bilan kiyinadigan, boshi ochiq ayol bo‘lgan. Buning o‘zgacha zavqi bor, deydi viqor bilan. Kelishgan, xushro‘y ayol yoningda tursa, hamisha o‘zingga oro berishga majbursan. Yaxshi kiyinasan. O‘zingni madaniyatli tutishga o‘rganasan. Mast-alast yurmaysan. Og‘zingdan yomon so‘zlar chiqmaydi. Indallosini aytganda, ziyoli janobga aylanasan. Bu o‘gitlarni marhum ustozim Beknazar Bek aka o‘rgatgan. U kishining aytishicha, yosh, go‘zal ayolga keksa odam uylansa, yosharib, umriga umr qo‘shilar ekan. Bu holatni o‘zim ham hayotda kuzatganman. Beknazar Bek aka, xotini o‘lgach, sakson to‘rt yoshida yosh juvonga uylanib yana o‘n yil umr ko‘rganlar. Saksonboy, To‘qsonboy degan farzandlar ko‘rdilar.
Suhbatni boshqa tomonga buraman. Soliq soha­sida islohotlar bo‘layotganini, tashkilotlar uchun so­liq yukining kamayishi evaziga iqtisod qilin­gan mablag‘lardan korxonaning ishlab chiqarish sa­lo­hiyatini oshirish, ishchi-xizmatchilarning mehnat ha­­qini ko‘paytirish, iqtisodiy holatni tiklashda qo‘­­shimcha manba sifatida katta ishlar qilish mum­kinli­gini tushuntiraman.
– Qo‘ying shu solig‘ingizni! Soliq desangiz qon bosimim oshadi: hammasi qog‘ozda yozilgan, amalda esa eski hammom, eski tegirmon. Guldir gup...
Bilmadim, hali-beri korxonaning foydasini ko‘rmasam kerak. Ana shu, tashkilotni qaritadi. Oyoq­lantirmaydi. Bilganimda boshqacha ishlagan bo‘­lar edim. Xuddi chet ellardagiday.
Endi boshliq umuman boshqa odamga aylangan, hozirgina go‘zal ayollar haqida shirin-shakar so‘zlar aytib o‘tirgan odamga umuman o‘xshamas edi.
– O‘rtoq iqtisodchi, bu gaplardan chalg‘ib dam olishni ham bilish kerak. Yashash kerak, demoqchiman. Bugunga yetadi, tushligimiz tugadi, – deb o‘z xonasiga ketdi.
Ha, soat ham chiqillab yurib turibdi. Har kim o‘z bilganini o‘qiydi. Mening bilganlarim ishga kelish, uyga borish, oila degan aravani yurgizish, ro‘zg‘orning g‘orini to‘ldirish... yana nima ham qo‘limdan keladi. Menda sarmoya yo‘q. Iqtidorim shunaqa, mayda tashvishlar bilan chegaralangan.
Xuddi boshqa qiladigan ishim yo‘qday soat uchni poylab kunim o‘tayapti, ming afsus. Bu holat yana qancha davom etar ekan-a, deyman o‘zimcha.
Xonamda kun bo‘yi qamalib olib, xuddi berilib ishlaydigan jonkuyar odamday o‘zimni o‘zim aldab yashaganimni o‘ylasam, qanchalar nochor ekanligimni anglab ezilaman. Xo‘sh, dodingni kimga aytasan? Eshitadigan, seni tushunadigan, xom g‘oyalaringga quloq soladigan jonzot bormi?
Ana, jim tinglaydigan go‘shak bor, soat uch...
Sarmoya...
"Xususiy mulki bo‘lmagan fuqaro bevatandir", deganda haq ekan bir faylasuf. Bizning sarmoyadorlar qanday odamlar? Ularda o‘zlari ham sez­ma­gan­ga olib turadigan illat bor. Bu illat sar­moyadorlarning bir-birini tan olmasligi. Korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ish faoliyatini qadrlamasligi. Arzimagan ish haqi belgilab, boqimanda soliqlardan qochish, sababi – ish haqini oshirsa, soliq to‘lovlari ham oshar emish.
Uzoqni ko‘rmaydigan, kun o‘tishi hisobiga yashayotgan kichik-kichik mulk egalari yildan-yilga tugab, ishsizlar soni oshsa-oshdiki, kamaymadi. Natijada kichik korxonalar o‘rtasida moliyaviy tanazzul vujudga keldi.
Bu illat nafaqat sarmoyadorlarda, balki barchamizning qo­nimizda bor. U olimmi, faylasufmi, shoirmi, yozuvchimi yoki rahbarmi, oddiy ishchi-xodimmi – bir-birini tan olmaydi, hamma o‘zicha zo‘r. Taraqqiyot esa oldinga qarab ketayapti. Boshliq yaponlardan qaerimiz kam, degan bilan o‘zining so‘ziga amal qil­maydi. Unda Vatan, xalq uchun qayg‘urish tuyg‘usi so‘ngan, bu illat farzandlariga ham o‘tib bo‘lgan. U o‘zi chiq­qan tepani o‘ylaydi. Davlatga iloji boricha soliq to‘lamaslik yo‘llarini axtaradi.
"Nega bizning mulkdorlar yaponlarning boylariday emas?!" – deb o‘ylayman hamisha. O‘z tashkilotining iqtisodiy taraqqiyot darajasini ko‘tarish uchun yapon mulkdorlari o‘zida mavjud sarmoyani sarflab soliqqa tushadigan daromadni yashirmay davlat xazinasini boyitadi. Bizda-chi, mana, o‘ttiz besh yildirki, iqtisod sohasida ishlayman. Tajribamdan kelib chi­qib aytamanki, men bilan ishlagan rahbarlar iloji boricha soliq to‘lovidan qochish yo‘llarini axtargan. Bu davosi topilmaydigan dard xo‘jaliklarni in­qirozga yetaklovchi omillardan biridir.
Bir-birini aldash, g‘ayirlik, dimog‘dorlik. Men sendan kammi qabilida ish yuritib, o‘zaro nizo­lar­ni avj oldirishadi, rivojlanish o‘rniga ichki zid­diyatlar oqibatida korxonalar tugatiladi.
Men go‘shakka to‘xtovsiz so‘zlardim. Bu mantiqsiz harakatim o‘zimga juda yoqardi. Kimdir eshitayotibdi-ku, xuddi dardini quduqqa aytayotganday, go‘yo aytmasam yorilib ketaman chog‘i, to‘xtovsiz so‘zlardim. Keyin vahimaga tushib, quduqdan qamish o‘sib chiqsa-chi, deb o‘ylardim. Nima bo‘pti?! Kimdir qamishdan nay yasab chalsa – chalar. O‘zi Iskandarning haqiqatan ham shoxi bo‘lganmi?!...
Kul, hech bo‘lmasa kulgingni eshitay. Yo menga rah­ming kelib yig‘layapsanmi?!
Yig‘la, to‘yib-to‘yib yig‘la, yig‘ingni eshitay!
Qanday bo‘lsa ham ovoz ber, shovvoz!
Dud-dud, dud...
Soat to‘rt. To‘rt bo‘lmay ket, soatga nafrat bilan qarayman. Hammasiga to‘xtovsiz «chiq, chiq, chiq...» etayotgan soat aybdor.
Yana, «chiq, chiq, chiq...» Qayoqqa chiqay?! Qayoqqa boray?! Boshimni qaysi devorga uray? Go‘shakdagi sukunatdan ko‘ra soatning bir me’yorda erinmay o‘z tilida kishilarni ogohlantirishi, vaqt g‘animat ekanligini eslatib turishi real voqea-ku. Hayotimda kechayotgan bir xillik, osoyishtalik, har narsaga ko‘nikish meni o‘z domiga olayotgan edi.
Odam ham shunchalik mute’ bo‘ladimi? O‘z haq-huquqini talab qilish shunchalik qiyinmi? Nega bunchalik manqurt, mijg‘ovsan! Qaerdan yuqtirding bu g‘a­royib fe’lni. Kunim o‘tsa bo‘ldi qabilida yashashdan charchadingmi?! Bola-chaqaning tinchi deb yana qancha yillar shu turmushning shu botqog‘ida yashaysan! Yonginangda noningni tuya qilayotgan, qo‘sha-qo‘sha mashina, koshona hovlilar, yetti pushtiga yetadigan boylikni ko‘z-ko‘z qilayotgan, nomiga bo‘lsa ham, qolgan suyakni xayriya deb nogironlarga tarqatayotgan boyvachchalarning te­girmoniga yana necha yil suv quyasan? O‘lguningcha quyasan. Ular sendan ustalik bilan foydalanishadi. To‘kin yashashni orzu qilmaganmiding?! Yillar o‘tishi bilan qora ishchiga aylanding.
Nahotki boy-badavlat yashash uchun odamzot insof, diyonat, ishonch, muhabbat, e’tiqod degan tuyg‘ulardan kechib, so‘ng davlatga erishsa?! Yo bu insonlarga xos qismatmi?! Balkim men orzu qilgan boylik hech vaqoga arzimas. Arzimasa nega bu nokas boylar har doim uyning to‘rida, oshig‘i olchi, mansabi, martabasi yuqori?!
Shoirning she’ri yodimga tushdi:

Qandayin gunohim bor edi, Xudo,
Rozi edim bandi bo‘lsam zindonga.
Rozi edim jondin bo‘lsamda judo,
Muhtoj qilib qo‘yding meni nodonga!

Qandayin gunohim bor edi, Alloh,
Lozimmidi yovga yo bosh egishim?!
Kurash maydonida pand berdi, evoh,
Xoin bo‘lib chiqdi ishongan kishim!

Qayoqqadir ketishim kerak. O‘zim bu hisni to‘liq anglab yetmagan bo‘lsam-da, vujudimda hukm surayotgan tushkunlik, ishlarimdan qoniqmasligim meni noma’lum tomonlarga ketishga undardi.
Ishxonaga kelib mehnat ta’tiliga chiqish uchun ariza yozdim. Hali imzo qo‘ydirishga ulgurmagan ham edimki, xonamga ikki kishi kirib keldi. Hujjatlarini ko‘rsatib, o‘zlarini tanishtirishdi.
– Sizlarning tashkilotingiz rejali tekshiruv­ga tushgan. Mana buyruq, bu ish rejamiz, – deb qog‘ozlarini ko‘rsatdi. Ular soliq idorasidan bo‘lib, korxonaning ikki yillik moliyaviy faoliyatini va ishlab chiqarish samaradorligini taftish qilishga kelganini aytishdi.
– Boshliq hozir yo‘q ekan. Biz hujjatlar bo‘yicha asosan siz bilan ishlaymiz. Shuning uchun ishni sizdan boshlaganimiz ma’qul, – dedi gavdali, formasi o‘ziga yarashib turgan soliq xodimi.
– Yaxshi, lekin korxona rahbarini ogohlantirib ish boshlashingiz kerak, – dedim xotirjam.
– Mayli, kutamiz, – deyishdi. – Biz ungacha g‘azna, omborxona va boshqa moddiy boyliklar saqlanadigan joylarga sizning ishtirokingizda nazorat belgisi qo‘yib chiqamiz.
Men endi gapirishga og‘iz juftlayotgan edim, bosh­liq shoshib xonamga kirib keldi.
Ular bilan xuddi qadrdonlarday salomlashib, o‘z xonasiga olib kirib ketdi.
Bir soatdan ko‘p vaqt o‘tdi. Ular nimani so‘zla­shishdi, menga qorong‘u. Nihoyat kotiba boshliq chaqi­rayotganini aytdi.
Soliqchilar rejali tekshiruvni hujjatlar asosida boshlashni aytishdi. Ularga alohida xona ajratib, tashkilotga aloqador ikki yillik hisobot huj­jatlarini olib borib berdim.
Xonamda yolg‘izman. Bunaqa tekshiruvlarni ish tajribamda ko‘p ko‘rganman. Ularning qanday tekshiruv olib borishini yaxshi bilaman. Nomiga hujjatlarni oldiga yig‘ib olib, aslida omborxonadan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tannarxidan xatolar axtaradi. O‘zlariga tegishli ulushni "halollab" olishga urinishadi. Korxonamizning yigirma besh foiz ulushi davlatga tegishli. Aktsiyalarning harakati, dvidendlarning taqsimlanishini nazorat qilish bo‘yicha davlat mulkini nazorat qilish organidan ham tekshiruvchi keldi.
Mehnat ta’tilim kechikadigan bo‘ldi. Xizmat vazifalarini bajarish bilan ovora bo‘lib soat uch bo‘l­ganini sezmay qolibman. Nazoratchilardan menga bir soat xalaqit qilmasliklarini iltimos qilib xonamga kirdim. Eshikni ichidan qulflab qo‘ng‘iroqni kuta boshladim.
Mening ichki vaziyatimda qanchalik bezovtalik bo‘l­­masin tashqi ko‘rinishimda vazminlik, ishonch, qat­’­iyat hukmron edi. O‘zimga o‘zim dalda berib, hayot­ning bu g‘aroyib o‘yini har kimga ham nasib etavermasligi haqida o‘ylar, bu sinov Xudoning menga yuborgan karomati deb ishonardim. Bu g‘ayritabiiy jarayonning nima bilan tugashini Xudodan sabr tilab kutardim. Telefon qo‘ng‘irog‘i qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday to‘satdan yo‘qoladi, deb o‘zimni o‘zim ishontirar edim. Yana shuni o‘ylardimki, agar qo‘ng‘iroq to‘satdan yo‘qolib qolsa nima qilaman, qancha kunlar­dan beri sas chiqarmay tinglayotgan bu quloqning ma’lum vaqtdagina meni suhbatga chorlashiga o‘rganib qol­gan edim. Nazarimda soat uchda bo‘ladigan qo‘ng‘iroq uchun yashayapmanu hayotimning shu bir soati asrlarga tatigulik davrni eslatardi.
– Allo...
– ...
– Assalomu alaykum, – deya salom berdim mulo­yim ohangda.
"Ta’tilga chiqish kechiktirildi. Rejali tekshiruv tugagandan keyin, nasib bo‘lsa, dam olishga ketaman. Ungacha, ehtimol, biror mo‘‘jiza ro‘y berib sen bilan biron joyda uchrashib qolarmiz.
Hayotda nimalar bo‘lmaydi? Bu sir-asrorga to‘­la olamda qiziq-qiziq voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Ko‘rinmas odamlar, uchar tarelkalar, boshqa sayyoraliklar, ruhlar, ajinalar kimlarningdir ko‘ziga ko‘ringan-ku?! Bu haqiqatdan hech bir kimsa ko‘z yumolmaydi. Sen ham shular shajarasiga mansub g‘oyibdan ko‘ruvchi, oldindan shu qisqa hayotimiz haqida bashoratlar aytuvchi Allohning mo‘‘jizasi bo‘lsang, ajab emas. Nima bo‘lganda ham, men senga juda o‘rganib qoldim. Shu yoshgacha o‘zimga bir dardkash axtardim. Endi adashmasam, topdim. To‘g‘ri, do‘stlarim orasida shoir Elyor alohida mavqega ega. Unga ishonib dilimdagi bor gaplarimni ayta olaman. Nima uchundir sen juda boshqacha chiqding, xuddi ilhom manbaidaysan.
Senga ko‘nglimda gazak olib yotgan, tuzatib bo‘l­maydigan, xom-xatala, pishmagan o‘ylarimni ham aytaveraman. Yurakning tub-tubida, hali biron kimsaga aytmagan ancha-muncha so‘zlarim bor. Yaxshiyamki, Xudo­yim menga sendek noyob hamrozni ato etdi.
Mening atrofimda yashayotgan odamlarga e’tirozim nihoyatda katta. Qalbimning eng to‘rida yotgan, qancha davrlardan beri tinchlik bermayotgan, meni azob girdobiga tortayotgan, to‘g‘risi, erkinligimga rahna solayotgan bu og‘ir ko‘tarib bo‘lmaydigan tosh men tengi katta-kichik zamondoshlarimning ham yelkasida yuk bo‘lib yotibdi. Bunaqa hayot yukini sezmaganlari esa, bir-birini aldash, hasad qilish, qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da, yuqori martabaga ko‘tarilish, boylik orttirish, boyligini ko‘z-ko‘z qilish uchun xayriyalar tarqatish, nogironlar qornini to‘yg‘azish evaziga oxiratlarining obod bo‘lishiga erishish niqobida yashayapti. Asl basharalarini ko‘rsatishmaydi. Qadimiy rivoyatlarda aytilishicha, diniy ta’limotlarni mukammal o‘rgangan bir shayx, ulamolar va odamlarni to‘plab:
– Xo‘sh, nima uchun Xudoga ibodat qilasizlar? – deb savol beribdi. Gunohkor bandalar:
– Alloh bizning gunohlarimizni afv qi­lishini so‘rab iltijo qilamiz, – deyishsa, gunoh qil­maganlari:
– Oxiratlarimizni obod qilish uchun, – deyishgan ekan.
Shunda Shayx yana so‘rabdi:
– Sizlar Xudoga ro‘para bo‘lishni xohlaysiz­larmi?.
– Qanday qilib? – deyishibdi ular.
– Allohga yuz tutish uchun ikki qadam qo‘yish kerak... Birinchi qadam dunyodan (mol-boylikdan) voz kechish, ikkinchi qadam oxiratdan voz kechish, – deganida boshqa, Shayxu ulamolar g‘azablanib dunyodan voz kechishni tushunsa bo‘ladi. Lekin oxiratdan nega voz kechish kerak, deb uni o‘rtaga olishibdi. Shayx ularga tik qarab:
– Ko‘rdinglarmi, gunohkor olomon bu himmatni anglamadi. Siz ahli islom ulamolari Xudoga yuz tutadigan odam emassizlar. Sizlar oxiratlaringizni o‘ylab bu dunyoni tark etgandan keyin jannatdan joy olish uchun toat-ibodat qilgansizlar. Yuraklaring to‘rida u dunyoning manfaati yotibdi. Xudo uchun, Xudo yo‘liga deb xalqni aldaysizlar. Bu qilayotgan ibodatlaring yolg‘ondir, – degan.
Shayxu ulamolar ulug‘ Shayxni shakkoklikda ayb­lab, uning o‘limiga fatvo bergan. Ko‘pgina kishilar ko‘ng­lini yolg‘on taskinlarga to‘ldirib, o‘zlarini-o‘zlari aldab yashayaptilar. Bu azaldan bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi, deyishadi jo‘r bo‘lishib.
Dunyoga keldingmi, iymon-e’tiqodingni butun qi­lish uchun tavba qil! Tavbangni Tangri qabul qiladi. Gunohlaringni (to‘xtovsiz gunoh qilaver-da) kechiradi.
Komil insonni yetishtirishga ko‘p urinishdi, lekin chiqmadi. Nega komil inson chiqmayapti, deb bong urishadi. Qaerda xatoga yo‘l qo‘yayapmiz, deyishadi. Bandasi takror-takror xatoga yo‘l qo‘yaveradi.
Davralarda ulamolarni eslashib qani endi ulug‘ shaxslarimiz yana ko‘proq bo‘lsa edi deyishadi, kuyunishadi.
Lekin ularning ta’limotlariga zarracha ham amal qilishmaydi.
Allohga yuz tutish uchun ikki qadam u yoqda tursin, yarim qadam ham tashlamaydilar.
Bo‘rttirib-bo‘rttirib ular haqida rivoyatlarni bichib-to‘qishadi. Go‘yo ular shunga muhtojday. Yana komil inson haqida o‘ylay boshlashadi.
Ko‘p va uzoq o‘ylayman... Shu oqimga kirib cho‘kib ketaymi bo‘lmasa?! Millionlab odamlar tuppa-tuzuk cho‘kib-botib, ko‘rinib-ko‘rinmay yuribdi-ku. Sen ham shularning birisan-da. Zamondan chiqib qayoqqa borasan. Bu holatdan faqat tarki dunyo qilib qutulish mumkin. O‘zingni o‘zing ko‘p qiynama. Shunchalar ham noshud bo‘lasanmi, jon shunchalar shirinmi?! Shayton butun vujudingni egallab olibdi-ku! Undan qu­tulish yo‘llarini bobokalonlarimiz takror-takror aytishgan-ku. Shunga ham bardoshing yetmaydimi?! O‘zi bardosh bormi?! Qaerdan keluvding, qaerga ketayapsan?! Dunyoni rasvo qilib ketayapsan-ku!
Aybim shu jamiyatda yashashimmi?! Nega endi bu dunyoga kelganim uchun aybdor bo‘lishim kerak. Qancha-qan­cha ulug‘ ishlar bo‘layapti. Shaharlar ko‘rkamlashti­ril­­moq­­da, yangi shaharlar bunyod etilmoqda. Alloma­larning maq­baralarini qayta tiklash, taraqqiyot, tex­­­nika, sa­molyot­lar, koinotni o‘rganish, o‘zga sayyoralarni topish – bularning hammasini mening zamon­doshim qi­layap­­ti-ku! Nega ko‘z yumishim kerak bu ta­raq­qiyotdan. Bo­bola­rim bu mo‘‘jizalarni ko‘rganda al­­batta:
"Barakalla, bolam, omadlaringni Xudo beribdi. Xudoning sevgan bandalarisiz", – degan bo‘lar edi. Insonning ichki qiyofasi-chi, o‘zgardimi? Xudbinlikdan chekindimi? Million yil oldin yashagan odam bilan hozir yashayotgan odam orasidagi ichki o‘xshashlik qay darajada? O‘zgarganmi?
"Yaxshilik qancha targ‘ib qilingani bilan, yomonlik uning aksiday kengroq quloch kermoqda. Shu nafs balosi bor ekan, bu illatdan odam bolasi qutula olmaydi. Insonning qiziqishini yaxshi tomonga yo‘­naltirish uchun nima qilish kerak? Jamiyatni nima boshqarayapti? Izla, bularning javobi bor. Har doim bo‘lgan. Faqat sening hissiz yuraging, kar qulog‘ing, ko‘r ko‘zing ko‘rmayapti buni..."
Dud, dud, dud...
Soat to‘rt.
Behol bo‘lib qancha o‘tirganimni bilmayman. Shu o‘tirishda oromkursida qotib uxlab qolibman.
Uyg‘onganimda vaqt allamahal bo‘lgan chog‘i, tash­qari qorong‘u edi. Xonamdan chiqdim. Idorada qoro­vuldan boshqa hech kim yo‘q. Soat kech to‘qqizlar chamasi.
Korxonamiz shaharning janubiy chekkasida joylashgan, katta yo‘l yoqalab asta uyga jo‘nadim. Atrofimdan g‘iz-g‘iz o‘tayotgan turli markadagi yengil mashinalarning chiroqlari ko‘zni qamashtiradi.
Xayol bilan bo‘lib, shahar markaziga yetganimni sezmay ham qoldim.
Tungi shahar. Xuddi bayramlardagidek o‘chib-yonuv­chi yoritgichlar bilan bezatilgan. Yo‘l bo‘ylab tizilib ketgan qator chiroqlar o‘zining chiroyini ko‘z-ko‘z qilib, shaharga yanada salobat, fayz berishi bilan birga, ko‘chani xuddi kunduzgiday charog‘on qilib ko‘rsatadi.
Shu kunlarda shahar tanib bo‘lmas darajada o‘z­gargan edi. Shaharning qoq o‘rtasidan o‘tadigan keng ko‘cha bo‘ylab eski shaharga borar ekanman, bundan besh-olti soat avval go‘shakka aytgan so‘zlarimni batamom unutgan edim.
Osmondagi yulduzlar yonib-o‘chayotgan chiroqlar bilan ko‘z qisishayotganday goh xira, goh charog‘on nurlarini taratar edi.
Yo‘lkada piyodalar siyrak ko‘rinadi. Bu tun­gi sayrning rohatbaxsh ozuqasidan to‘yib-to‘yib hu­zur­lanaman. Shaharning tungi manzarasiga mahliyo bo‘lib, Odina masjidiga yetib keldim. Bobolarimiz mehnatiga qancha tahsinlar aytsak oz. Odina masjidi yoritqichlar qurshovida moviy osmonga uchayotgan g‘aroyib yarim sharni eslatadi.
Masjid ustida to‘lin oy, bor yog‘dusini to‘kib, uni qayoqlargadir olib ketayotgan yo‘ldoshday fazoga chorlardi.
Qadim Nasaf. Bu shahar X-XII asrlarda jahonning eng yirik shaharlari qatorida turgan.
Madinai munavvara, Bag‘dod, Isfahon, Nishopur, Marv, Buxoro, Samarqand, Nasaf...
Nasafning bu qutlug‘ shaharlar safiga qo‘shi­li­shi, dovrug‘ining olamga yoyilishida shu sha­harda tug‘ilgan, islom madaniyatining shuhratiga shuh­rat qo‘shgan olimu ulamolarning hissasi katta.
Uzoq o‘tmishni yodga soluvchi bu ziyoratgoh shahar, ne-ne bo‘hronlar, qancha-qancha urushlar, qirg‘inlar, vay­ronagarchiliklar, zilzilalarning shohidi bo‘ldi. Buzildi, qayta tiklandi, yana buzildi... Sobiq Sho‘­ro­lar davrida Odina masjidi jinoyatchilar uchun hibsxonaga aylantirildi...

* * *
Ertalab, ishga kelgach, turli o‘ylar girdobida parishon o‘tirar ekanman, telefon jiringladi. Soatga qaradim. Soat o‘n bir.
Go‘shakni oldim.
– Allo?!
– Assalomu alaykum, Erqor aka, – degan ovoz eshitildi go‘shakdan.
– Ha, shoirim, bormisiz? Nega uzoq jim bo‘lib ketdingiz?
– Poytaxtdaman. Bir olam yangilik, yaqinda boraman, gaplashamiz. Yangamga, jiyanlarga, do‘stlarga salom ayting.
– Xo‘p, o‘zingiz ham sog‘ bo‘ling, Elyorjon! – dedim-da, go‘shakni qo‘ydim.
Yana ish. Taftishchilarga arzimagan kamchiliklarni tushuntirish, ularni tushlikka olib chiqib, mehmon qilish, shunga o‘xshash kunlik tashvishlar mening zimmamda. Soat uchga yaqinlashgan sayin o‘zimni noqulay his eta boshlayman. Mehmonlardan uzr so‘rab, xonamga kirdim. Eshikni bekitib, qo‘ng‘iroqni kutdim. Telefon jiringladi. Go‘shakni oldim.
– Omonmilar, mening farishtaginam!
Bugun nima uchun men boy emasligim va bo‘la olmasligim to‘g‘risida gapirmoqchiman. Bilaman, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga sarmoyam yo‘q. Yollanib ishlayman. Hali kosam oqarmadi, sochim oqardi. Xudoyim yana qancha umr bergani O‘ziga ayon. Yomon yashamayman. Yaxshi ham emas, o‘rtacha, odamlar orasida bir gap bor-ku: "Qoziqning boshi ham, uchi ham bo‘lma. Boshi bo‘lsang gurzi yeysan, uchi bo‘lsang, yerga kirasan. O‘rtasi bo‘l". Qoziqning o‘rtasi, qoziqning boshi yerga kirguncha, to biron bolta kelib endi kerak emassan, deb yorib tashlaguncha yashayveradi...
Ehtimol, mening peshonamga qoziqning o‘rtasi bo‘lish yozilgandir. Boy bo‘lish ayb emas. Men o‘ttiz besh yildan beri ter to‘kaman. Boy bo‘la olmayman. Boy bo‘lishning o‘z sirlari bo‘lsa kerak. Boylar bu haqda lom-mim deyishmaydi. Bir tanishim bor, yaxshisi shu odam haqida so‘zlab beray. Ismi Mardon. Biron bir davlat idorasida ishlamaydi. Dang‘illama hovlilaridan o‘n­tasini bilaman. Ukasining, jiyanining, bolalarining nomiga qurib tashlagan. Mashinasini har oy almashtiradi. Aytishicha, "biznes" bilan shug‘ullanadi. Do‘konlarga har xil spirtli ichimliklar tarqatadi. Iqtisodiy ahvoli taranglashganda, oldimga maslahat olgani keladi. Albata quruq qo‘l bilan emas, to‘lib-toshib, bir oyga yetadigan oziq-ovqatni ustalik bilan yo‘lini qilib ro‘zg‘orimga tashlab ketadi. Rafiqam, ro‘zg‘orda kamchilik ko‘payaversa, anavi "biznesmen" jo‘rangiz ko‘rinmay qoldi, ishlari yaxshimi deyman, deb menga shama qiladi.
Bir kuni shu "jo‘ram" dardini to‘kib soldi. Anchagina kayfi bor. Menga juda ishonishini, agar ruxsat bersam, chala turgan hovlini tez kunda bitkazishini, unga juda yoqishimni, mening maslahatlarim bois ko‘p yutuqlarga erishayotganini aytib, balandparvoz gaplar qildi. Keyin sekin qulog‘imga shivirlab: «Yana bitta aroq tsexi ochdim, mana besh yildirki, dala hovlim yerto‘lasida o‘g‘illarim bilan aroq tayyorlaymiz. Kechasi ishlaymiz. Men bilaman bu boyliklar qaerdan kelayotganini. To‘g‘risi, yomon yashamaysanu boy bo‘lish qiyin. Mahallaga katta machit qurib berdim. Davlatimga davlat qo‘shilishini so‘rab, haqqimga duo qilishayapti. Har oy ularni chaqirib xudoyi qilib beraman. Chiqim ham qilish kerak-da. Kecha mehribonlik uyiga ikkita rangli televizor, ikkita sovutgich hadya qildim. Nasib bo‘lsa yilning oxirida bitta «Damas» mashinasi olib beraman. Bu ishni hozir amalga oshirishga kuchim yetadi. Ba’zi odamlar ko‘rolmaydimi, ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib yoki yumaloq xat yozib, jig‘imga tegishadi. "Borni ko‘rolmaydi, yo‘qqa berolmaydi". Bunaqalar ham anchagina. U kuni ustingizdan shikoyat tushgan deb rosa titkilashdi. Aroq ishlab chiqaradigan tsexla­rim shahardan tashqarida. Uni o‘zim, o‘g‘illarim biladi. Baribir, mehmon qilib, sovg‘a-salom bilan jo‘­natdim..."
– O‘chirasanmi, yo‘qmi ovozingni?! – baqirdim fi­g‘onim oshib. Yo‘qol! Ablah! Ikkinchi qorangni ko‘r­may! Ahmoq. Lo‘ttiboz!!!
Ovozim baland chiqayotganini eshitib o‘g‘lim chopib keldi.
– Olib chiqib tashla bu itni,– dedim hansirab.
O‘g‘lim Mardonni qo‘lidan ushlab olib chiqib ketdi.
Bu men bilgan manzaralarning ena kichkinasi. Boylik izidan quvib, ne-ne rasvo ishlar bilan shu­g‘ullanib yurgan kaslar ozmi?! Qaysi shaharga borma – tiqilib yotibdi. Ularning qarmog‘iga ilinayotgan yosh-yosh qizlar kammi... Taqinchog‘u sovg‘alarga o‘ch bo‘lgan qiz-juvonlar maishat botqog‘iga botmoqdalar.
Ey, go‘shak, senga aytayapman. Bu behayo kinolar yosh­larni qayoqqa boshlayapti? Hammaning ham bardoshi bir xil emas-ku. O‘zini tiya biladiganlari ham bor. Lekin bu illat bolalagandan bolalab, muhitni buzayapti. Uning oldini olish yo‘lini qancha izlama, to‘xtatishning hech iloji yo‘q. Mamlakatga yashirin yo‘l­lar bilan kirib kelayotgan yalang‘och, behayo rasmlar va kasetalar oqimini kim to‘xtata oladi?! De Sadning rasvolarcha yozilgan kitobini o‘qiyotgan odamlar hayot to‘g‘risida nimalarni o‘ylayapti? Yoki bu o‘tish davrimi? Inson zotiga to‘g‘ri kelmaydigan bu johillikni insoniyat boshidan kechirishi kerakmi?!
Bir paytlar buyuk hind yozuvchisi: "Ey Alloh, hech qachon Hindistonga Mopassan kelmasin", deb iltijo qilgan ekan.
"O‘g‘il bolani ko‘p pul, qiz bolani kam pul izdan chiqaradi", degani rost. Tarbiya qachon buzilgan? Boy bo‘lgin-da, muhitni istaganingcha buzaver, degani emas-ku?! Bu kasalliklarni davolashning iloji bormi?! Iloji bo‘lsa nimani kutayapmiz?!"
Dud, dud, dud...
...
Sukunat. Boshim qizib ketdi. Soat millari to‘rt­ni ko‘rsatmoqda. Hech kim bilan xayrlashmay uyga jo‘­nadim.
Nega men go‘shakni olganda faqat qora dog‘larni ko‘rayapman? Xayolimda oldingiday mavj uruvchi sof, toza fikrlar o‘rniga hayot oqimi nuqul illatlardan iboratday tuyulayapti. O‘zi kimman? Bu dunyoga nimaga keldim? Yorug‘ dunyoga kelishim mening ixtiyorimda edimi? Vujudimni qamrab olayotgan, menga tahdid solayotgan vahimalar qayoqdan kelayapti? Endi nimalarnidir anglab yeta boshlaganimda yorug‘ olamdan nechun ko‘z yumishim kerak? Nima uchun had-hududsiz koinot tizimida, hech qanday qadriyatlarga ega bo‘lmay, tasodiflarga to‘la hayotning oddiy o‘yinchog‘iga aylanib qolishim, umrimning samarasiz o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yib berishim kerak?!
Nega?!...
Shuncha yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan mendek odam ham bu savollarga javob topishga qiynalar edim. Yuk juda-juda og‘ir, uni ko‘tarishga ilm yetishmasdi. Ilm bo‘lganda ham botiniy ilm yuq . Yer yuzida hozirgi kun ma’lumotlariga ko‘ra yetti milliard odam yashashini inobatga olsak, shu odamlar yana yuz yildan keyin nom-nishonsiz tuproqqa qorishib yo‘q bo‘lib ketishini, ulardan sanoqligina nomlar, ya’ni taraqqiyotga hissa qo‘shgan (olimlar, ixtirochilar, shoirlar, yozuvchilar, rassomlar va h.) larning nomlari qolishini eslasam, o‘shalarning biri-da men ham, nom-nishonsizlar safida yo‘q bo‘lib ketaman derdim. O‘rnimizga xuddi bizlarga o‘xshagan yana to‘qqiz milliard odam qaytadan dunyoga kelib, borliqda bu holat necha bor takrorlanishi ajablanarli. Bundan dunyoga nima foyda?!
Ey, tinchgina o‘z oilang bag‘rida, oynai jahonda har xil seriallarni ko‘rib, halol-pokiza yashayotgan eding-ku. Qayt shu hayotga...
Eh, tezroq taftishchilar ishini tugatsalar edi. Biroz dam olgan bo‘lardim. Butun tanam, asablarim zo‘riqqandan zo‘riqayapti...

* * *

Ishga barvaqt keldim, hamishagidek uzundan-uzoq ish, tushuntirishlar, qog‘ozbozlik.
Ishxonamda o‘zimga o‘zim hisob berib, radioning ovozini ko‘tarib qo‘ydim. Radiodan mayin mumtoz kuy yangradi. Ohangi shu qadar yoqimli, xuddi bu kuy menga orom berish uchun taralayotganday edi, yomon xayollardan o‘zimni chalg‘itishga urindim. Musiqa qalbimdagi vahimani siqib chiqardi go‘yo...
Xonamga taftishchi kirib keldi. U radioning ovozini biroz pasaytirdi-da:
– Mumtoz kuylarni yoqtirar ekansiz-da, – dedi ro‘paramdagi stulga o‘tirib: – Tekshiruvni yakunlash arafasidamiz. Hisobotlar bo‘yicha e’tirozim yo‘q. Qaniydi, hamma hisobchilar sizday ishlashsa. Ko‘p tashkilotlarni tekshirganman. Hech qaysisidan qo­niq­maganman. O‘chirib yozishlar, boshlang‘ich hujjat­lar­dagi chalkashliklar, hujjatlarni to‘liq taqdim etmaslik tekshiruvni orqaga suradi va murakkablashtiradi. Sizda hammasi oddiy, joy-joyiga qo‘yilgan. Andoza sifatida ko‘rgazmaga qo‘ysa arziydi.
– Rahmat, – dedim fikrlarimni bir joyga to‘plab qarshimda turgan, mendan o‘n besh yoshlarcha kichik yigitning yuziga boqarkanman. U juda xotirjam. Egnidagi formasi o‘ziga yarashgan. Yengi kalta ko‘ylagidan baquvvat muskullari uning kuchga to‘lganligini ko‘r­satib turardi. Unga bir oz qarab turdim-da: "Savol bersam bo‘ladimi?" – deb so‘radim.
– Marhamat, qo‘limdan kelsa javob beraman,– de­di u muloyimlik bilan.
– Oyligingiz qancha?
– Shartmi javob berishim, – dedi u ajablanib. Quyuq qoshlari chimirildi.
– Javob bermasangiz ham mayli, shunchaki so‘­radim-qo‘ydim, – dedim.
– Siz mening yangi mashinada yurganimni ko‘rib shu savolni berayapsiz chog‘i? – dedi.
U bezovtalana boshladi. Noqulay holatdan chiqish uchun bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi-da, o‘zini xotirjam tutishga urindi.
– Uzr, noo‘rin savolim uchun. Kechiring meni, bekorga kirmagandirsiz? Xizmat? – dedim.
– Menga sizning ish uslubingiz yoqqani uchun ayrim o‘zimga bog‘liq narsalarni so‘ragani kirgan edim. Malol kelmasa, tushuntirsangiz, pishiq g‘isht ishlab chiqarish bo‘yicha tejamli, arzon loyihalarni siz yaratgan ekansiz. Bu borada ajoyib natijalarga erishibsiz.
Siz haqingizda ko‘p odamlardan eshitdim, qaysi g‘isht zavodiga bormay, bu Erqor akaning loyihasi bo‘yicha qurilgan deyishadi. Haqiqatan ham, shu kecha-kunduzda ular juda yaxshi natija berayotganiga o‘zim guvohman. Men ham pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan korxona ochmoqchiman. O‘zingiz bosh-qosh bo‘lsangiz, xarajatlari mening hisobimdan, – dedi u past ovozda.
Men ikkilanmay uning yuziga qarab: "Yo‘q", – dedim.
– Nima uchun o‘ylab ko‘rmasdan rad javobini berayapsiz?
– Sababi shuki, siz yoshsiz, qolaversa, nozik joyda (soliq idorasida demadim) ishlaysiz. Ishlab chiqarishning mohiyatini bilsangiz-da, uning manbalarini bilmaysiz. Bilganingizdan keyin esa, jinoyat yo‘liga kira boshlaysiz. Keyin qaytish qiyin. Shuning uchun tinchgina o‘z ishingizni davom ettirganingiz ma’qul.
– Siz bu yerda ishlab jinoyat qilayapsizmi? – dedi uning vajohati o‘zgarib.
– Yo‘q, jinoyat qilmayapman, jinoyatchilarning orasida ishlayapman, – dedim ko‘zimni lo‘q qilib.
– Qanday jinoyatchilar? Nega biz ko‘rmadik? Kim ular? Bizga ayting, chora ko‘raylik? Men sizni tushunmadim. Shuncha yildan beri birga ishlagan odamlarni qanday qo‘rqmasdan jinoyatchilar deysiz!
– Hazillashdim, – dedim xotirjam. – Sizni sina­moqchi edim. Juda hushyor ekansiz. Yoshlar shunday bo‘lishi kerak. Doim sergak, har qanday xavfga zarba berishga tayyor turishi shart. – O‘rnimdan turib, qo‘lini mahkam siqib qo‘ydim. U nima qilishini bilmay, kalovlanib o‘rnidan turdi. "Qiziq, juda qiziq", – dedi-da, xayrlashmasdan chiqib ketdi.
Ha, soliqchi ukam, juda qiziq. Eng qizig‘i shu yerdaki, hamma baloni bilib turibsan. Pishiq g‘isht ishlab chiqarishni obdon o‘rganib, mening oldimga kirding. Avval bu sodda loyihalarni kim yaratganini, quyosh nurida tekinga quriyotgan xom g‘ishtlarning hisob-kitobini qilib xumdonlarga joylading. Pishiq g‘ishtlar jaraq-jaraq pul bo‘lib tinchingni buzdi. Kelayotgan foyda hisobsiz ekanligini anglab yetding. Keyin mening oldimga kelib, aka, korxonani quraylik, o‘zingiz boshqaruvchi bo‘lasiz, deding.
Soatga qaradim, soat millari uchni ko‘rsatmoqda. Telefon jiringlashi bilan, go‘shakni oldim. Vuju­dimni junbushga keltiruvchi, o‘zimni g‘oyibona qo‘l­lovchi, qo‘rg‘onim desammikan? Nima desam ham, meni toqat bilan eshituvchi, so‘zlarimni bo‘lmay, barcha has­ratlarimni birga tinglovchi, ey ovozsiz, tilsiz, quloqsiz, ko‘zsiz, jarangsiz, jonsiz hamrohim. Sening bir soatlik tashrifing, mening yigirma uch soatlik umrimdan buyuk.
"Xayollarim payhon-payhon, o‘ylarim sarson, ko‘ng­­lim-chi vayron-vayron. Ichimda yashar bir odam, tashimda yashar bir odam. Ikkisi ham menman-ku. Yayragan ham men bo‘ldim, yayramagan ham men bo‘ldim. Qaqshagan ham men bo‘ldim, qaqshatgan ham men bo‘ldim. O‘zligini unutib yashamagan ham men bo‘ldim. O‘zgalarga o‘z bo‘lgan, tuzlig‘iga tuz bo‘lgan, sho‘r peshona men bo‘ldim. Hay, aytayin nelardan, so‘zidan qaytgan men bo‘ldim. Yuragim pora-pora, tanam qaltirar, qara. Bu ahvolda kunim o‘tar, ne chora? Yana qancha yashayman, Xudo bilar. Borligimga shubham bor, gumonlarim ming pora... Ey parilar-parilar, so‘zlang, jim turish yetar..."
Negadir jim bo‘lib qoldim. Tilimga quyilib ke­layotgan so‘zlardan o‘zim ham taajjublanib soatga qaradim. Soat o‘n besh daqiqa kam to‘rt.
Burnimdan qon kela boshladi. Chap qo‘lim bilan stol tortmasidan paxta olib burnimga tiqdim. Qon to‘xtaganday bo‘ldi. Go‘shakni stol ustiga qo‘yib, eshikni qulfladim. Meni bu holatda ko‘rishlarini xohlamas edim.
Ancha vaqt osmonga qarab turdim. Burnimni, yuzimni sovuq suv bilan yuvdim. Qon to‘xtadi. Kelib go‘shakni oldim.
"Hammasini sezib turibsan-a?
Meni qanday ahvolga solding. Yoki sha’ningga nojo‘ya so‘zlar aytdimmi?
Ustingdan kuldimmi?"
Dud-dud...
Jimlik. Soat to‘rt.
O‘zimga kelishim ancha qiyin bo‘ldi. Kimlardir xonamning eshigini tortib ko‘rdi, taqillatdi. Sassiz o‘tiraverdim.
Soat oltilarda uyga qaytdim.
Rafiqam meni ko‘rib:
– Rangingiz oqarib ketibdi, nima bo‘ldi? Mazangiz yo‘qmi? – deb savolga ko‘mib tashladi.
– Ha, negadir mazam yo‘q, – dedim javob berishdan qochib.
Yumshoq ko‘rpaga o‘ralib, uxlab qolibman...
Ertasi kuni tongda ishga borishim bilan, meni Karim Suyarovich so‘rayotganini aytishdi.
Xonada tekshiruvchilar ham bor edi, boshliq chaq-chaqlashib nimalarnidir muhokama qilayotgan ekan. Xodimlar bilan salomlashib bo‘sh stulga o‘tirdim.
Karim Suyarovich menga sinchiklab qaradi-da:
– Mana, tekshiruv dalolatnomasi, tanishib, imzo qo‘yib bering, – deb bir nusxani qo‘limga tutqazdi.
Dalolatnoma hayron qolarli darajada yozilgan edi.
Go‘yo hujjatlar asosida tekshirilganda ishchi-xodimlardan ushlanadigan daromad solig‘i kam miq­­dorda ushlangan. Ayrim oylarda, ushlangan so­liq yig‘imi o‘z vaqtida soliq idorasi hisobiga ko‘­chi­ril­maganligi sababli har kechikkan kun uchun jarima solingan edi. Mahsulot sotishdan olinadigan yagona soliq bo‘yicha ham soliqqa tortiladigan summa kamaytirib ko‘rsatilgan hollar mavjud. O‘qidim: "Tashkilot hisobidan soliqqa undiriladigan jami summa qo‘llanilgan jarimasi bilan 1240000 (bir million ikki yuz qirq ming) so‘m undirilsin. Tashkilot rahbari, bosh hisobchisi yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, besh minimal ish haqi hisobida jarima undirib olinsin".
Ajablanib soliq inspektoriga qaradim. Boshliq nimadir deyishimni bildi-da:
– Erqor Oripovich, yuring xonangizga, sizga ba’zi narsalarni tushuntirib beraman, – deb meni xonamga boshladi.
– Bilasizmi, – deya gap boshladi u. – Agar hozir shu dalolatnomaga imzo qo‘ymasak, ahvol chatoq. Sotilgan mahsulotlarning ba’zilari kirim qilin­ma­ganligini aniqlagan. Bundan tashqari, om­bor­­xo­nadagi kamchiliklarni ham dalolatnomaga yozish­sa, soliqdan katta miqdorda qarz bo‘lib chi­qa­miz. Biz o‘zaro kelishdik.
Hujjatlar bo‘yicha dalolatnomada qayd etilgan kamchiliklar yo‘q bo‘lsa ham, o‘zim ruxsat berdim. Oppoq deb yozib keta olmaydi-ku. Siz ikkilanmay imzo qo‘yavering, bu yog‘iga o‘zim ko‘ndalang, – dedi boshliq asabiylashib.
– Men tushuna olmayapman, Karim Suyarovich. Agar men bilan maslahat qilganingizda, dalolatnomani boshqacharoq qilib yozishiga ko‘ndirardim. Hoynahoy, ancha-muncha xarajat qilgandirsiz, – dedim o‘zimni xotirjam tutib.
– Siz imzo qo‘yib bering. Vassalom, – buyruq ohan­gida dedi Karim Suyarovich.
– Yo‘q,– dedim shartta. Qandaydir ichki kuch shu so‘zlarni aytishga undadi meni.
– Men, hujjatlarda aks etmagan, yolg‘on dalolat-nomaga qo‘l qo‘ymayman, – dedim. Karim Suyarovich xuddi aybini tezgina bo‘yniga olgan odamday:
– Shuncha yil birga ishladik, aka-ukachilik hur­ma­ti meni sharmanda qilmang. Endi barcha mahsulotlarni to‘liq kirim qil­diraman. Bunaqa cho‘ntagimdan pul to‘lab ishlash o‘zim­ning ham hiqildog‘imga keldi. Ishoning menga, – dedi yalingan ohangda.
– Meni ozroq yolg‘iz qoldiring, o‘ylab ko‘ray, – dedim. Karim Suyarovich chiqib ketdi.
Xo‘sh, qo‘l qo‘ymasam nima bo‘ladi? Demak, ishdan ketaman. Keyin-chi? Qaerga ish qidirib boraman?! Bu eski nay ko‘p vaqtdan beri bir xil kuyini chalayotgan bo‘lsa...
 Boshingni ko‘p qotirma, dalolatnomaga imzo qo‘y. Mendagi oxirgi o‘y o‘z hukmini o‘tkazdi. Haqiqatdan qo‘r­qoqning qo‘rqog‘i ekanman, dalolatnomaga imzo qo‘y­dim. Kotibani chaqirib, qog‘ozlarni boshliqqa olib borishini aytdim.
Butun tanam zirqirab, shu qadar nochor, hech kimi yo‘q, suyanchiqsiz kimsaday notavon ekanligimdan uyalib ketdim. Men ichimdagi bu o‘ylarimni o‘zgartira olamanmi? Ularning girdobida parcha-parcha bo‘lib yo‘qolib ketmaymanmi? Hozir bormanmi o‘zi? Yashashim yolg‘on, so‘zim aldovlardan qurilgan. Yo‘q hisobiman. Bu tushkunliklar xayolimga qayoqdan kelayapti? Oxiri bormi? Miyamga bostirib kelayotgan qora quyundan qutulishning chorasini izlardim.
Chalg‘ishim uchun shoirning telefon raqamini terdim.
– Assalomu alaykum, muhtaram shoiri olam. Sog‘­liklar yaxshimi? Sizni juda sog‘indim. Hozir qaer­dasiz?
– Vaalaykum assalom, Erqor aka. Ishlaringiz yaxshimi? Yangamlar, bolalar omonmi? Hozir poytaxtdaman. Yaqinda boraman, albatta uchrashamiz. O‘zingizni ehtiyot qiling. Tez kunda uchrashguncha, xayr.
Go‘shakni qo‘ydim. Shoirning ovozini eshitib tetiklashdim. Kuchimga kuch qo‘shilib, kayfiyatim ko‘ta­ril­ganini seza boshladim.
Ichki telefon jiringladi.
– Erqor Oripovich, mehmonlar bilan tushlik qil­sak devdim. Ovloq bir oshxonaga ovqat buyurganman. Birga borsak. Nima bo‘lganda ham xayrlashuv kuni, – dedi Karim Suyarovich.
– Rahmat, men o‘zimda bo‘laman. Sizlar bemalol tushlik qilaveringlar, uzrim bor. Xafachilik yo‘q, – dedim.
Yana yolg‘izlik. Endi Karim Suyarovich haqida o‘ylay ketdim. Karim Suyarovich yosh bo‘lsa-da, hamma sohaga qiziquvchi, hayotning past-balandini o‘zicha talqin qi­ladigan, rahbarlik unga ota kasb ekanligidan mag‘­rurlanib yuradigan zotlar sirasiga kiradi.
U ishlab chiqarishni oyoqqa qo‘yish maqsadida kattagina sarmoya sarfladi. Endigi niyati korxonani to‘­liq xususiylashtirib olish.
– 25 foizi davlat ulushi bo‘lsa, 10 foizi ishchi– xodimlarniki, qolgan 65 foizi Karim Suyarovichning mulki axir. Uning menga yoqmaydigan jihati, xotinlarga o‘chligi. Ayollar ham puli ko‘pligini bilib, ortidan yugurishadi.
Hatto ba’zilari adashib mening xonamga ham kirib qolishadi. Suqsurday yoshgina juvonlar tarad­dudlanib meni boshliq deb o‘ylaydi shekilli, cha­qirgan ekansiz, deb gap boshlaydi. Shundan bilamanki ko‘p­chiligi Karim Suyarovichni ko‘rmagan, tanishish maqsadida kelgan bo‘ladi. Bular uchun hayot lazzatdan iborat. Karim Suyarovichning nazarida sevgi qo­rin to‘yg‘izmaydi. Hirs-havasga qorishgan tuyg‘ular qo‘shilganda shunga o‘xshash, odamning qorni ochganini anglatuvchi shirin ishtiyoq paydo qiladi. Qorning to‘ydimi, unutasan, lekin bilasanki, qorning yana ochadi. Qorinni doim to‘q saqlash tanga zarar, shuning uchun och qolib, ovqat yeyish ajoyib "lazzat" bag‘ishlaydi. "Muhabbat oh-vohlar bilan boshlanib, esnash bilan tugaydi", degan aqidaga juda o‘xshash.
Hozircha kotibasini besh marta almashtirdi. Bil­­­madim, yana necha bor almashtirarkin.
Mohira negadir ko‘proq ishlab qoldi. Uning kelishgan qomati, ko‘rki menman degan erkakni o‘ziga jalb qiladi.
Karim Suyarovich nozikta’b Mohirani ochiq­chasiga hammadan qizg‘anadi. O‘zicha uning qaerga borganini, dam olish kunlari nimalar bilan shu­g‘ullanishini odam yollab bo‘lsa ham, kuzatib yuradi. Xullas, Karim Suyarovich birovlarga o‘zini xafa qildirmaydiganlar toifasidan.
Bu fikrlarimning go‘shakka qizig‘i yo‘q. Men ham shunchaki o‘yladim, xolos.
Ta’tilga chiqish haqidagi arizamni olib, Karim Suyarovichning qabuliga bordim. Tushlik allaqachon tugagan. Kotibadan so‘radim:
– O‘zlaridami?
– Ha, – dedi Mohira menga jilmayib. Yuzining ti­niqligi, yunon ma’budalarini eslatuvchi chehrasi, ko‘z­laridagi beg‘uborlik. «Yo alhazar, Mohirani Karim Suyarovichga bog‘lagan rishta nima ekan? O‘yladim. Albatta go‘zalligi», deb o‘zimcha pichirladim. Ichkariga kirdim.
Karim Suyarovichning kayfiyati joyida. Meh­mon­­lar bilan yaxshi bazm bo‘lgan shekilli, yuziga qizillik yugurgan edi. U televizordan Moskvaning sport kanalida berilayotgan tennis o‘yinini tomosha qilardi.
Men tik turgan holatda arizamni Karim Suyarovichga uzatdim.
U arizamni qo‘liga olib o‘qidi-da:
– Hozir ta’tilga chiqishning mavridi emas, – dedi. – Bankdan shu kecha-kunduzda qarz olamiz. Bank boshlig‘i bilan kelishganman, imtiyozli qarz berishga rozi bo‘ldi. Qarz olishga taalluqli hujjatlarni tayyorlab bankka boring. Xohlasangiz, ishni ertaga ertalabdan boshlang. Keyin arizani ko‘rib chiqaman. Ma’qulmi! – dedi dumaloq, ayni vaqtda qizg‘ish tus olgan yuzini menga qaratib.
– Meni to‘g‘ri tushuning, Karim Suyarovich, ko‘pdan beri o‘zimni juda noqulay his qilayapman. Biron yaxshiroq klinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerak. Gap sog‘ligim to‘g‘risida ketayapti. Hujjatlarni muovinim risoladagidek tayyorlab oladi.
– Yo‘q. Men muoviningizga ishonmayman. Uning og‘zida gap turmaydi. Mohirani ham menga qarshi qayrayotgan sizning muoviningiz. Hujjatlarni o‘zingiz taxlang. Pulni hisob raqamga tushiring-da, bemalol dam olishga boravering. Moddiy yordam puli yozib beraman. Axir davolanishga pul kerak-ku?!
Xonadan chiqdim. Bankka taalluqli hujjatlarni taxlashga kirishdim. Soat to‘rtdan keyin bankga boraman, hujjatlarni bemalol shu bugun topshiraman. Bank haqidagi fikrim nihoyatda noxush. Bank bilan bog‘liq ishlar ko‘pincha janjal bilan bitar, ba’zan boshliqning o‘zi aralashib ishni tinchitar, ko‘pincha kelishmovchilik yuzaga kelardi. Ishchi-xodimlarga maosh olganimizda naqd pul yo‘q desa, biron tashkilotga mahsulot olish uchun o‘tkaziladigan pulni vaqtida o‘tkazmay hafsalani pir qilar edi. Bu mojarolar har kuni bo‘lmasa-da, oyi­ga uch-to‘rt marotaba bo‘lib turardi.
Soatga qarashga yuragim betlamasdi. Nazarimda telefondagi noma’lum shaxs, men haqimda ko‘p ma’lumotlarni biladiganday, qandaydir noxush voqea bo‘lishini ich-ichimdan seza boshladim. Qanchalik o‘zimni xotirjam tutmay ichimdagi toshqin, katta tashvish yuzaga kelishidan xabar berardi.
Telefon jiringladi. Soat uch. Go‘shakni oldim.
...Jimlik. Negadir unga dardlarimni to‘kkim kelmay qolgan edi. Nima bo‘lganda ham bir soat gapirishim, uning menga bo‘lgan toqatini hurmat qilishim kerak, deb o‘ylayman.
Olis bolaligim haqida gap boshladim.
"Men Erqor 1950 yilda qish oyida Toshguzar qish­log‘ida tug‘ildim. Otam Orif o‘g‘li Eldor 1918 yilda, onam Ahmad qizi Xursand 1926 yilda shu qishloqda chorvador oilasida dunyoga kelgan.
Ular urush tugashi arafasida oila qurishgan. Opam Oymehr 1948 yilda, singlim Mashar 1956 yilda, kichik singlim Gulnor 1958 yilda – ayni yurt qash­shoqlashib, odamlarning qorni nonga to‘ymagan davrda tug‘ilishgan.
Otamning ot aravasi bo‘lib, bizning oilamiz, qolaversa, butun qishloqning og‘ir kunlarida madad-kor bo‘lganini, turmushning achchiq qiyinchiliklarini yengishda katta xizmat ko‘rsatganini, hali-hali odamlar og‘zilaridan qo‘ymay gapirib yurishadi.
Esim kirib maktabga borganimda, otam menga yangi kiyim olib bergan. Tushdan so‘ng uyga kelsam, itimiz meni tanimay uyga kirgizmagan. Shularni eslarkan-man, bolaligimning eng baxtiyor damlari bahor bulutiday shamollarga o‘yin bo‘lib o‘tib ketganini his qilaman, xolos.
Sinfdan sinfga a’lo baholar bilan o‘tib, yoshimga yosh qo‘shilgan sari, turmushimiz ham farovonlashib borardi.To‘yib ovqat yerdik. Miriqib bolalar bilan har xil o‘yinlarni o‘ynar edik: chillak, oshiq, zuv-zuv, bekinmachoq, urush-urush, lanka, oq terakmi-ko‘k terak, podsho-vazir, soqqa, mak-mak, poyga...
Sakkizinchi sinfga o‘tgach, ta’til vaqtida qo‘shni qishloqda yashovchi Fotima xolamnikiga mehmonga ketdim. Ikki oyki bolalar bilan o‘yin gashtini surib chopqillab yurganimda, xolam kelib: "Erqor, tez bo‘l, uyingga ketamiz, – deb qoldi. – Uying kuydi, bolam", – dedi-yu, uvvos solib yubordi. O‘n to‘rt yoshdagi o‘spirin nima bo‘layotganini tushunmay, vujudim titrab ketdi. "Nega uyim kuyadi? Kim o‘t qo‘ydi, xolajon", deganimcha uyimizga yetib keldik. Hovlimizda butun qishloq yig‘ilgan, xotin-qizlar "uv-uvlab" yig‘lashadi. Devorga to‘rtta tobut suyalgan. Ikkita kichik, ikkita kattaroq yog‘ochdan yasalgan bu xunuk taxtalarni hali-hali naf­rat bilan eslayman.
Nahotki o‘t tushgan bo‘lsa, nega yong‘in ko‘rinmaydi. Yuragim shuvillab, joyimda o‘tirib qoldim. Katta momom (mening kindigimni kesgan) Beg‘am momo boshimni uqalab: "Erqorjon, sen omon bo‘l, Xudoyim ularning umrini senga bersin. O‘zingni tut, gavdangni ko‘tar, sen yigit kishisan, sen ersan, yigitlar, erlar yig‘lamaydi, bolam. Bevaqt o‘chgan uyning chirog‘ini endi sen yoqasan. Otang ham yo‘q, onang ham yo‘q, singillaring ham yo‘q. Opang majruh, kasalxonada. O‘zingni ushla, bolajonim", – deb uvvos solib yig‘laydi.
Ko‘zlarimga bir qatra ham yosh kelmasdi. Go‘yo yosh ko‘zimda muzlab qolgandek edi. Momomning diydiyolari, erkag-u ayollarning faryodi ham bu muzni erita olmadi. Qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Meni uyga olib kirishdi. Uyning to‘rida otam chiroyli, qora soqoli o‘ziga yarashgan, uyquga ketgan odamday yotardi.
– Otang bilan xayrlash, – dedi yelkamdan tutib amakim.
Men tosh haykalday qotib qolgandim.
Meni boshqa xonaga kiritishdi. Onaginam guldor matoga o‘ralgan, faqat yuzi ochiq, xuddi menga qarayotganday edi. Yonlarida ikkala singlim ham matoga o‘ralgan, yuzi ochiq, tepaga qarab yotishardi. Tamoman o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Mozor tepasidagina o‘zimga keldim. Xudoyshukur amakim qo‘limdan tutib, oldin otamning qabriga, keyin onam va singillarimning qabriga bir siqim tuproq tashlatdi. Xayolimda yashin tezligida "Opam qani? degan mudhish sado yangraganday bo‘ldi. Amakim sezdi shekilli:
– Opang kasalxonada. Xudoga shukur, hozircha yax­shi, – dedi boshimni silab. Yuragimni bir umrga maj­ruh qilgan bu manzara umrbod ko‘z o‘ngimda, to qiyo­matgacha unutmayman...
Shu bilan mening o‘smirligim yakuniga yetdi. Birdaniga katta odamlarday, tashvishlarga ko‘milgan qiyofada ulg‘aygan edim. Momom bekorga uvvos solib yig‘lamagan ekan, er bo‘lding deb. Men yigitlikni sak­rab o‘tib, o‘zimni kap-katta erkakday tutardim.
Opam ancha o‘ziga kelib uyga qaytdi. Undan nima voqea yuz berganini so‘rashga qo‘rqardim.
Amakimning aytishicha, otam bozordan sara bug‘­­­doy doni olib, uni tegirmonda un qildirgan. Men bo‘lmagan ikki oy ichida onam tegirmon unidan non qilib yopganlar, hammalari yeyishgan. Ba’zi ham­soyalarga ham ulashganlar. Un zaharlangan ekan. Ular oz iste’mol qilganligi sababli kasalxonada davolanib sog‘ayib ketishgan. Shifokorlar opamning tirik qolganiga hayron. Yosh bo‘lgani uchun zaharga qarshi kurasha olgan, deyishadi.
Amakim otni va aravani sotib, bizning kam-ko‘stimizga ishlatdilar. Xolam kelib opamni o‘z uyiga olib ketdi. Amakim mening hovlida qolishimni, agar ketsam, uy buzilib ketishini tushuntirdilar. Yolg‘iz o‘zim katta, huvillagan uyda yasharkanman, taqdirimda o‘smirligimdan yolg‘iz yashash bitilganini u vaqtlar tushunmas edim.
Opamni o‘n yetti yoshida qo‘shni qishloqqa turmushga berishdi. Menga pochcham bo‘lguvchi odam umuman yoqmasdi. Shu sababli opamnikiga bormas edim.
1967 yilda maktabni bitirdim. Men uchun qish­loqda yashash nihoyatda og‘ir kechardi. Otam, onam, singillarimning hayotdan bevaqt ko‘z yumgani ko‘z o‘ngimda takror-takror namoyon bo‘laverardi. Tunlari tush-larimga kirib, allaqanday mudhish voqealar ichida yashardim. Tengdoshlarimga qo‘shilmasdim. Yolg‘iz o‘zim g‘amgin o‘ylarga botib, go‘yo yuz bergan hamma voqealarga o‘zimni aybdor hisoblardim. Yolg‘izlik meni o‘z qa’riga tortib, rangimni somon rangiday xazon qilib ko‘rsatardi. Bundan tashvishlangan opam qaynonasi bilan kelib, meni uyga olib ketishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Ko‘nmadim. Shaharga o‘qishga ketaman, deb oyoq tirab turib oldim. Saraton oyining oxirlarida bor-budimni to‘plab men uchun notanish bo‘lgan shaharga jo‘nadim. Opamning qistovi bilan o‘zim istamagan, umuman qiziqmagan iqtisodchilik bo‘limiga hujjatlarimni topshirdim. Imtihonlardan o‘tdim. Nihoyat, talaba bo‘ldim. Mening o‘qishga kirishim kelgusi hayotimni o‘zgartirib yuborishini, murg‘ak tasavvurimga sig‘magan turmushning achchiq haqiqatlarini anglasam-da, bu men uchun qiziqarli hayotning boshlanishi ekanligini bilmasdim.
Opam o‘qishni bitirishim arafasida olamdan o‘tdi. Ortidan chirqillab, ikki qiz, bir o‘g‘li qoldi. Mening notavon yoshligim shunday yakun topdi. Men en­di shaharlik edim.
Mening murakkab va fojeali o‘tgan yoshligim hi­moyaga nihoyatda muhtoj bo‘lsa-da, atrofdan suyanchiq topa olmasdim. Qarindosh-urug‘lar o‘z yo‘liga, ular hol so‘­ra­shadi, nasihat qilishadi, o‘zlaricha yo‘l ko‘r­satishadi.
Nachora, 1970 yil dekabr oylarida gaz ta’minoti boshqarmasiga oddiy hisobchi bo‘lib ishga joylashdim. Mening shahardagi ish faoliyatim ayanchli yolg‘izlik girdobiga botgan holda boshlandi. Bolaligimdan prokuror bo‘lishni orzu qilardim. Hechqisi yo‘q, iqtisodchi bo‘ldim...
Ayni bahorning qizg‘in pallasi, hamal oyi. Qir­lar ko‘m-ko‘k bilan lolaqizg‘aldoqlarning chandon ochilgan davrda harbiy xizmatga chaqirildim. Moskvaday katta shaharda o‘tgan ikki yillik hayotim, odamlarga bo‘lgan mehr-muhabbatim tubdan o‘zgarishi, mustaqil yashash va dadil ishga kirishish uchun hayot maktabi vazifasini o‘tadi desam, yanglishmayman. Harbiy qismda olti oylik kursga qatnab, yog‘ochsozlik bo‘yicha o‘qib, hu­nar o‘rgandim.
Men hali o‘z yo‘lini izlayotgan, yoshlikda ota-ona mehriga to‘ymagan o‘spirin bo‘lsam-da, qat’iyatli, o‘ta vazmin, bir ishga kirishishdan oldin obdon o‘ylab oladigan kap-katta odamga aylandim.
Xizmat tugagandan so‘ng Moskvada qolsam hayo­timda qanday o‘zgarishlar yuz berishini sezar, bu katta shaharda qolish uchun albatta shu shaharda yashaydigan qizga uylanishim, uylanadigan qizim o‘zimga mos, meni tushunadigan, oqila, har jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi hamfikr do‘st bo‘lsa, g‘oyat ajoyib bo‘lardi, derdim.
Aslida hayotning bu uzun-qisqa yo‘llarida meni nimalar kutayotganini bilmasdim. Men ko‘proq kitobiy o‘ylardim. Shu qisqa davr ichida juda ko‘p badiiy asarlar o‘qidim. Xuddi kitobdagi qahramonlar kabi, orzularim og‘ushida suzib, goh O‘zbekistonning beg‘ubor osmonida, goh Rossiyaning bulutga burkangan quyuq o‘r­monlarining tepasida parvoz qilardim.
Nihoyat men kutgan, bir qarorga kelishim kerak bo‘lgan kun ham keldi.
1973 yil may oyida askarlik xizmatimni tugatdim. Moskvada, xizmatdosh do‘stlarimnikida nav­batma-navbat qolib bir oy yashadim. Butunittifoq qurilishlariga ishga ketayotgan tengdoshlarim bilan tanishdim. Ularning mamlakat ravnaqi yo‘lida huzur-halovatidan kechib, BAMga, Uralga, O‘zbekistonga yo‘l­lanmalar asosida jasorat bilan safarga otlanishi meni aniq fikrlashga undadi.
Moskvada qolsam qanday ish bilan shug‘ullanaman, qurilishlarda ishlaymanmi? Keyin-chi?
Bu olis o‘lkada qolib ketsam, oldimga qo‘ygan maqsadlarim nima bo‘ladi? Otamn, onam, sin­gil­larim, bobolarimning qabrlari Vatanimda bo‘l­sa-yu, men bu yerlarda rizqimni izlab yursam... Erqor, yaxshilab o‘ylab ko‘r. Sening joying tug‘ilgan yurtingda. Vatanga qayt. Hammasini boshidan boshla, degan nido ich-ichimdan quyilib kelaverardi.
Iyun oyining oxirlarida Moskva-Toshkent samolyotiga o‘tirib, Vatanimga qaytdim.
"Mana senga mening murakkab va fojeali hayotim. Nega meni tanlading, go‘shakdagi odam. Hamma qatori Xudoning bir ojiz bandasi bo‘lsam. Odamlar bir-birlarini aldamasa, iymonni arzimagan chaqaga sotmasa, deyman. Mullalarni, eshonlarni ko‘rdim. O‘z manfaati yo‘lida hamma narsaga tayyor. Og‘izlaridan diyonat, insof, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, oxirat haqidagi va’z tushmaydi. Amalda esa teskarisi. Buni hamma ko‘rib turibdi. Men ham jim, boshqalar ham jim. Hamma jim, sen ham jim".
Dud-dud... go‘shakni qo‘yib qo‘ydim... soat to‘rt.
Hujjatlarni oldim-da, bankka jo‘nadim. Bank bi­nosi shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shuvchi hashamdor ko‘p qa­vatli imorat bo‘lib, korxonamizdan uch-to‘rt chaqirim narida, shahar ichkarisida joylashgan. Konus shaklidagi bu inshoot hammaning diqqatini tortadi. Ichkariga kiraverishda posbonga ruxsatnomani ko‘rsatdim. Se­miz yuzli, ish formasi o‘ziga yarashmagan xodim hujjatimni bir oz ushlab turdi-da:
– Soat to‘rtdan o‘tdi, aka, – dedi ro‘parada osilgan katta soatni ko‘rsatib. – Endi ertaga soat to‘qqizda kelasiz.
Men shu bankning doimiy mijozi ekanligimni tushuntirdim.
Uchinchi qavatga tez-tez chiqib bank boshqaruvchisi-ning xonasiga yetib keldim. Kotibadan ichkariga kirishga ruxsat so‘radim.
Qaddi-qomati kelishgan, did bilan kiyingan, yi­­­girma yoshlar atrofidagi qiz: "Hozir", – dedi-da, bosh­qaruvchining xonasiga kirib ketdi. Fursat o‘tmay qay­tib chiqdi-da:
– Kiring, – dedi.
Oldin ham ish yuzasidan bank rahbari bilan ko‘p bor uchrashganman. Hurmatimni joyiga qo‘yib, qarshi oldi.
Qarz olish bo‘yicha Karim Suyarovich yuborganini, hujjatlarni olib kelganimni aytdim. Uning xabari bor shekilli, qog‘ozlar ichidan arizani oldi-da, imtiyozli qarz ajratilsin, deb imzo qo‘ydi.
– Kredit bo‘limiga boring, – dedi muloyim ohangda.
Rahmat aytib, mijozlarga qarz berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qiladigan bo‘limga o‘tdim. Bo‘­lim boshlig‘i salomimga javoban istar-istamas boshini qi­mirlatib qo‘ydi. Go‘yo soat to‘rtdan keyin nega ishlashga xalaqit berayapti deganday menga e’tibor bermadi. Qog‘ozlarni oldiga qo‘ydim. U arizaga bir zum qarab turdi-da:
– Imtiyozli?! – Nihoyatda ajablanib, xuddi birinchi bor bunaqa so‘zni o‘qiyotganday, – imtiyozli kredit, shunaqa kredit bor ekanmi? – dedi, ayollarnikiga o‘xshagan ingichka ovozda, qoshlarini chimirib.
– Yo tavba, boshqaruvchining esi og‘ib qolganmi deyman. Yuqoridagilar bunga ruxsat bermaydi-ku! – U o‘zi bilan o‘zi gaplashardi.
Bo‘lim boshlig‘i xuddi bom­bani ushlab turganday ehtiyotkorlik bilan huj­jat­larni oldimga qo‘ydi.
– Bunaqa kredit yo‘q! – dedi buyruq ohangida.
– Buni boshliqqa ayting, – dedim telefonga ishora qilib.
– Kerak bo‘lsa o‘zi chaqiradi. Oldin men bilan maslahatlashib ish qilish kerak. Bu bo‘limga boshim bilan javob beraman. Qabul qilmadi deb ayting, – dedi, keyin kal boshini silab qo‘ydi.
Men boshqaruvchi yoniga kirib, bo‘lgan voqeani unga tushuntirdim.
Bank boshlig‘i asabiylashib, tugmani bosdi. Kotiba kirdi.
– Badalboevni chaqiring,– dedi. Badalboev kelguncha xonaga uzoq jimlik cho‘kdi. U keldi-da, bosh­qa­ruvchining yoniga o‘tirdi.
– Xo‘sh, Umarboy. – U "boy" so‘zini urg‘u bilan aytardi. Qulog‘imga "O‘mmor" deganday eshitildi.
– Bitta akaxonimiz bor viloyatda. U kishini siz ham yaxshi bilasiz, Karim Suyarovich. Agar u kishining hojatini chiqarmasak xafa bo‘ladilar. Hujjatlarni oling-da, komissiyaga taxlang. Ko‘rib chiqishadi, bu yog‘i bir gap bo‘lar, – dedi u bosiqlik bilan.
– Jahongir Mamatovich, men-ku hujjatlarni olaman, lekin markaz imtiyozli qarzga ruxsat bermaydi.
– Bu yog‘ini menga qo‘yib bering, siz tezlik bilan o‘zingizga taalluqli ishlarni bajaring, vassalom,– dedi boshqaruvchi buyruq ohangida.
Umarboy bo‘ynini egib xonadan chiqdi. Izidan borarkanman, hujjatlarni mendan olib, diqqat bilan yuzimga tikildi:
– Qanchaga kelishildi? – dedi yaqinroq kelib.
Men bundan xabarim yo‘qligini aytdim.
– Ha, hammangning tiling bir. Axir siz bosh hi­sobchisiz, Karim Suyarovich sizsiz bu ishlarni qila olmaydi.
Men yelkamni qisib qo‘ydim.
– Mayli, hujjatlar qolsin, bir haftadan keyin xabar oling, natijasini bilasiz, – dedi u. Shu yerda xayrlashdik. Uyga ketdim.
Kayfiyatimni xushlash niyatida badantarbiya mashq­­­larini bajarishga kirishdim.
Boqqa chiqib daraxtlarni tomosha qilar ekanman, imkoni boricha bo‘lgan voqealarni eslamaslikka harakat qilardim.
Menga eng qadrdon kunlar – shanba va yakshanba bo‘lib qoldi. Bu ikki kunda bir oz bo‘lsa-da, tashvishlardan, asabiylashishlardan, o‘zimni-o‘zim so‘roq qilishlardan chalg‘ib, orom olish, hordiq chiqarish gashtini sezayotganimni anglab borardim. Telefonda bo‘layotgan suhbatlardan tez qutulishim kerak. Ta’tilga chiqaman, shoirga telefon qilib aytaman, poytaxtdan kelmay tursin. Tez kunda o‘zim yetib borishimni bildiraman, deb o‘zimni tinchlantirdim.
Ertalab ishxonaga kelib shoirga qo‘ng‘iroq qildim:
– Allo! Elyorjon! Assalomu alaykum, yaxshimisiz?! Men Erqor akangizman.
– Erqor aka, zo‘rmisiz? Nasib bo‘lsa ertadan ke­yin yetib boraman, – dedi sevinib shoir.
– Elyorjon, do‘stginam, iloji bo‘lsa kelmay turing. Mening o‘zim juma kuni bormoqchiman. Uchrashsak, sizga sabablarini tushuntiraman.
– Mayli, kutaman sizni, – dedi-yu, aloqa uzildi.
Bugun haftaning ikkinchi kuni, yana uch kun bor yo‘lga chiqishimga. Bardam bo‘l, Erqor! O‘zingni tut. Ha­li hammasi oldinda. Ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Bu ko‘pkariga o‘xshagan talato‘p o‘yinlardan qutulasan. O‘zimga tasalli berib boshliqning xonasiga kirdim.
Karim Suyarovichning kayfiyati yaxshi, men bilan quyuq so‘rashdi. O‘zim gap ochmasdan:
– Ketishingiz aniqmi? Bilsak bo‘ladimi, qaerga, qaysi mamlakatga bormoqchisiz? – deya hazil aralash so‘­radi.
– Nasib bo‘lsa, poytaxtdagi bir oromgohda hor­diq chiqarmoqchiman, – dedim mamnun bo‘lib.
– Yaxshi, biz ajratgan yordamlarni oling-da, tayyorgarligingizni ko‘ring.
– Aytganday, bank bo‘yicha hujjatlarni topshir­dingiz-a?
– Ha, topshirdim.
– Qachon yo‘lga chiqasiz? – dedi, ketishimdan noroziligini unutish maqsadida.
– Nasib bo‘lsa, juma kuni, – dedim o‘zimni er­kinroq his qilib.
– Sizga oq yo‘l! Sog‘likni asrang, – dedi qo‘limni qattiq qisib.
Xonamga qaytishim bilan cho‘ntak telefonimga xabar keldi. Unda shunday so‘zlar bor edi: "Safaring xayrli bo‘lsin. Xonadagi telefon raqamini cho‘ntak telefoning raqamiga almashtir! O‘zingga yaxshi bo‘ladi!"
Yo tavba! Bu nimasi? Aslida shu telefondan qochib ketayapman-ku?! Ey Xudo, nima qilay? O‘zing madad ber. Boshqa chiday olmayman. Sabrim tugadi. O‘zing qo‘lla, qudratingni ko‘rsat. Mendek beozor odamga ko‘rsatgan karomatingga ishondim. Sen men bilan bolalikdan, esimni taniganimdan beri birgasan. Yo, qodir Xudo! Qilgan gunohlarimni o‘zing kechir. Agar jonim kerak bo‘lsa, bu tarzda olma, tavba qildim. To‘qson to‘qqizta nomingni yod olib aytamanki, o‘zing kechir ey, Egam!
Uzoq o‘yladim. Oxirgi qarorim shu bo‘ldiki, te­lefon kompaniyasiga borib, xonamdagi telefon raqamini yonimda olib yuradigan telefonga qo‘y­dirdim. Haqiqatan ham, biron kor-hol bo‘lishidan qo‘rqardim. Korxona hisobidan yon telefonimga ko‘proq pul o‘tkazdim. Bu mojarolardan hali-veri qutulishim qiyin ekanligini yuragim sezib turardi.
Uyga borib, qotib uxlab qolibman. Qo‘qqisdan uy­g‘onib ketdim. Xonada yolg‘iz yotganim, o‘z uyimda ekan­ligimga ishonch hosil qilib, devorda osilgan soat millariga qaradim. Bir daqiqasi kam uch. Qotib ux­labman, hatto ovqat ham yemabman. Yon telefonimni oldim, soat uch. Telefonim yoqimli kuy chalib, ovoz berdi.
– Allo!
– ...
Qo‘ng‘iroq qiluvchining raqamiga qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ish xonamdagi telefon raqami turar edi. Bu qanday mo‘‘jiza? Menga telefon qilayotgan odam ishxonamdagi raqamdan chiqayotgandi. Aqlimga sig‘dirolmasdim. Nahotki u mening xonamdan telefon qi­layotgan bo‘lsa?
Jimlik. "Ha, qadrdonim, senmisan? Bu endi or­tiqcha. Axir bu telefonda bir soat gaplashish qancha turadi? Nima qilmoqchisan o‘zi?" – ovozim balandlasha boshladi. Borib eshikni ichkaridan qulfladim. "Hoy, shovvoz, yalinaman, hech bo‘lmasa ta’til vaqtida tinch qo‘ygin. Qaytib kelganimdan keyin yana gaplashavera-miz.
Nahotki sen ham menga shunchalar bog‘lanib qolgan bo‘lsang.
Umuman aqlga sig‘maydigan, qancha o‘ylamay, oxiri ko‘­rinmaydigan samarasiz tashvishlarim senga nima uchun kerak?"
Biroz jim turdim. Men kashf qilgan odam farishtaning o‘zginasi. Nafas olishi, xo‘rsinishi.
– Endi men bilan birga yashamoqchisan, shekilli. Yaxshi, lekin bilib qo‘y, telefonga ketadigan xarajatlar sening hisobingdan, – dedim kulimsirab.
Yana aljirashlar boshlandi. Diqqatimni bir yer­ga jamladim-da: "Yaxshisi, senga shoir do‘stim Elyor haqida gapirib beray", – dedim.
Elyor mendan o‘n yoshlar kichik. U bilan tanishgan davrim ...80-yillarga to‘g‘ri keladi. U shu vaqtlarda ham sara shoirlar qatorida turardi. Matbuotda kam ko‘rinsa-da, she’rlari yoshlar orasida keng tarqalgan. Uning g‘azallarini mashhur hofizlar qo‘shiq qilib kuylashadi.
Biz bir viloyatdan bo‘lsak-da, u asosan poytaxtda yashardi, ijodining eng gullagan navqiron fasli markazda o‘tdi. U doim: "Shoir qishloqda tug‘iladi, shaharda o‘ladi, – der edi. – Mening yuragimga hamisha yorug‘lik nurini solgan tug‘ilgan maskanim, yurtimdagi odamlarning soddaligi, bolaligimdan qalbimga muhrlangan bo‘lib qolgan qishlog‘imning sodda odam­lari. Shu kuch, shu ishonch hamisha meni qo‘llab-quv­vatlaydi",– der edi.
Esimda, 85-yillar xizmat yuzasidan poytaxt­ga bordim. Shoirni juda iztirobda ko‘rdim. U o‘ziga sig‘mas, bo‘layotgan voqealarni telba-teskari baho­lar­di. O‘zbek tili haqida, millatning taqdiri to‘g‘ri­sida kuyinib, bu olchoqlar nima qilmoqchi o‘zi, O‘z­be­kistonda yashasang-u, o‘zbek tilida biron-bir mu­as­sasaga murojaat qila olmasang? Nimalardir qi­li­shimiz kerak. Voqealar ko‘r-ko‘rona faqat ko‘r­satmalar asosida davom etishi mumkin emas. Xo‘sh, Erqor aka, ayting, korxonamizda qancha o‘zbek ishlaydi? Mingtami, ikki mingtami – buning ahamiyati yo‘q. Hujjatlarning to‘l­dirilishi, yig‘ilishlar rus tilida bo‘ladi. Nega? Odamlar tushunsa, tushunmasa, boshini tebratishib ma’­qullashadi. Rahbarlarga buning qizig‘i yo‘q. Ular mansabdan ketmasa bo‘ldi. Shu ham adolatdanmi? Qa­chongacha chidash mumkin? Bu yurtning olimlari jim, shoiru yozuvchi, ziyolilari jim...
Yana qancha jim yashaymiz! – derdi ko‘zlari chaqnab. Mamlakatda shu yillari yildan-yilga juda qaltis voqealar yuz ochmoqda edi.
Paxta ishi, qama-qamalar, rahbarlarning qa­moq­larga tashlanishi, qandaydir tozalashday ko‘­rin­gani bilan bu mash’um voqealar, 37-yillarni eslatuvchi qatag‘on kunlarining davomi, yurt ziyolilarini, meh­natkash ommani boshi berk ko‘chaga boshlab kirdi. Hamma nimanidir kutardi.
Shoir bilan poytaxt xiyobonida aylanib tushlik qildik.
U soat to‘rtda atoqli shoirlardan birining xotira kuniga bag‘ishlangan anjumanga birga borishimni iltimos qildi.
Do‘stim aytgan shoir men uchun ham qadrli. Maktabda she’rlarini yod olganmiz, ko‘m-ko‘k diyorimiz manzarasini chizib bergan, bizni baxtlar vodiysiga yetaklovchi ajoyib iste’dod sohibi edi. Birdan qo‘l telefonimda uzilish bo‘ldi, shunda angladimki, har yigirma daqiqada aloqa uzilib o‘chib, qayta qo‘shilar, meni suhbatga chorlar edi.
Soat to‘rtdan o‘tgach, madaniyat institutiga yetib bordik. Yig‘ilish boshlangan. Atoqli professorlar, shoirlar, shoirning qizi gullar bilan bezatilgan sahnada qator bo‘lib stullarda o‘tirishibdi. To‘rda shoirning katta qilib ishlangan surati osilgan.
Men birinchi qatordan joy oldim.
Minbarda gapirayotgan odam, shoirning bolaligi haqida so‘zini davom ettirdi. Keyin shoirning ijodi to‘g‘risida gapirdilar. Bu so‘zlarning hammasi bizga maktabdayoq tanish bo‘lgan, ko‘p bora eshitaverib yod bo‘lib ketgan jumlalar edi. Uchinchi bo‘lib shoirga so‘z berildi.
Shoir minbarga yaqinlashib, mikrofonni o‘ziga qu­lay joylashtirdi. Katta, keng xona talabalar bilan to‘la.
U ohista so‘zlarkan, gapni uzoqdan boshladi.
– Hurmatli talabalar, aziz o‘quvchilar, muhtaram ustozlar, – bir oz jim turib sahnaga qarab oldi va yana so‘zida davom etdi. – Men ham o‘quvchilik davrlarimdayoq yuragimda tug‘yon urgan Vatanga muhab­batimni, shu ona yurtga sadoqatimni qir-dalalarda mavjlangan, har mavsumga xos takrorlanmas go‘zal­ligini qalbimizga singdirgan she’riyatni o‘qib katta bo‘lganman.
O‘zim ko‘rmagan bo‘lsam ham, qo‘limga ijod qa­la­mini olishimga turtki bo‘lgan ustozimni hurmat qi­laman, qadrlayman.
Lekin, hurmatli yoshlar, sizlar bor haqiqatni bilib qo‘yishlaringiz kerak. Mash’um 30-37 yillarda, o‘zbek xalqining asl ziyolilari turmalarda saqlanib, xalq dushmani degan tamg‘ani bosib, rus o‘rmonlarini kesishga badarg‘a qilinganini, asosan, Baykal-Amur lagerlarida, Volga-Moskva kanali qurilishlarida, Vladivostok, Novosibirsk lagerlariga olib borib, ishlatib-ishlatib otib tashlanganligini aytadigan vaqt keldi.
Eng katta lager Dmitlogda juda ko‘p mahbuslar saqlangan.
Shunday qatag‘on yillarida shoir yaratgan she’r­larni o‘qisangiz, quvnoq, zavq-shavqqa hamohang, hamma yoq ko‘m-ko‘k, baxtlar vodiysiga aylangan bu o‘lkada hamma baxtiyor yashayotganini his qilasiz. Biz bu ohangni bolalikdan qalbimizga singdirganmiz.
Aslida-chi? Hayot shoir aytganday, she’rlarida tasvirlanganday edimi? Odamlar baxtiyormidi?!
Bu yerda savlat to‘kib o‘tirgan ustozlar mendan ham ko‘ra yaxshi bilishadi. – Sahnaga yana bir qarab oldi. Adabiyotimizning asoschilari – Abdulla Qodiriy, Fit­rat, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Avloniy va qancha olimu fozillar qatag‘on qurbonlari bo‘lishdi, ularning nomlarini bir soat o‘qisangiz ham tugata olmaysiz.
Afsuski, ularning fojeali hayoti, bugungi kunda hammaga to‘liq ma’lum qilinmagan. Matbuotda sukunat, televidenieda jimlik...
Xo‘sh, bu ulug‘ ziyolilarning o‘limiga kimlar sababchi bo‘lgan?..
Uning ovozi jaranglab chiqardi. Zalda jimjitlik hukmron edi. Talabalar nafas olmay eshitayotganday, ularning ko‘zlari shoirga qadalgan, shoirning ovozi esa aks-sado berardi. O‘tirganlarni o‘z izmiga solib, ko‘rinmas, qandaydir da’vat etuvchi so‘z kuchi bilan ularni boshqarardi. Mening etim jimirlab ketdi. Sezayapmanki, o‘tirganlarning qalbida, so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan tuyg‘u o‘zligini oshkor qilganday hammani o‘z sehriga olgan edi.
Quloqlar ding, vujudlar taranglashgandan-ta­rang­lashib borardi.
Ellik yillar orasida bunaqa manzarani hech kim eshitmagan. U davrlarda bunaqa so‘zlarni aytish, boshini kundaga qo‘yish bilan barobar edi.
Shoir so‘zini davom ettirdi: – Biz kelajakka tik boqishni o‘rganishimiz kerak. O‘zimizni-o‘zimiz maqtab, ota-bobolarimiz ulug‘ kishilar bo‘lgan deb ko‘krakka urishimiz yaxshi, lekin bu bilan biz ham yaxshi bo‘lib qolmaymiz-ku.
Ular biz aytolmagan haq so‘zlarni aytib, qurbon bo‘lishdi. Qachongacha o‘zimizning tinchligimizni ko‘z­lab, hayotning ma’qul tomonlarini yoritishda davom etamiz? Ustozlar meni kechirishsinu, turmushning ham­ma qirralarini baland-pastigacha ochib berish, madaniyat yuksalishiga odilona xizmat qilib, odamlarni ma’rifatga yetaklash biz adiblarning vazifalarimiz emasmi?
Ustoz shoirning tantanali tug‘ilgan kunida, yashagan davridan kelib chiqib, ilohiylashtirmay, uning insonga xos bo‘lgan sifatlari ochib berilsa, o‘tirgan yoshlarga katta saboq bo‘ladi-ku, nega qo‘rqamiz?..
Shoir she’r o‘qiy boshladi:

O‘lgin deding – yerga ko‘mding –
Ildiz bo‘ldim.
Ko‘kka otding – yo‘q bo‘l deding –
Yulduz bo‘ldim.
Tilim kesding – dilim aytdi
Rost kalima...
Qiyin bo‘ldi senga sho‘rlik
Dushmanim-a!
Dushmanim-a, toshlar otib
To‘ymaydirsan –
Tuproq bo‘lay desam, nega
Qo‘ymaydirsan?..*

Talabalar shoirning she’ri tugashi bilan o‘r­ni­laridan turib qarsak chalishdi.
Shoir o‘rniga borib o‘tirmadi. To‘g‘ri eshikka qarab yo‘l oldi. Zal uni qarsak bilan kuzatib qoldi. Izidan men ham ko‘chaga otildim.
Mana senga olis yoshlikning bir bo‘lagi".
Qo‘l telefonim o‘chdi.
Tushunarli.
Kiyinib ko‘chaga chiqdim. Havo ancha salqinlab qol­­gan. Yengil shamol daraxtlar bargini shitirlatib kishiga orom bag‘ishlaydi. Mezon oyining boshlari. Qaer­lardandir uchib kelayotgan uzun, ipak tolasini es­latuvchi oppoq tolalariga ilashib, sunbula oyi bilan xayrlashayotganday hilpirashadi.
Kuzning shashti yo‘qligi shunchaki tabiat uchun o‘yin. Daraxtlardagi barglar chang-g‘uborlarga ko‘milgan. Oylab yomg‘ir ko‘rmagan barglar tabiiy rangini yo‘qotgan. Teraklarning pastki shoxlarida yaproqlar sarg‘aya bosh­lagan. Keksalarning aytishicha, daraxtlarning barg­lari pastdan sarg‘aysa qish sovuq, sarg‘ayish tepa­dan boshlansa qish issiq kelar ekan. Bu hikmatni bilishga hali erta. Kuz endigina boshlandi.
Katta yo‘l chetida sekin qadam tashlab borar ekanman, go‘yo erkinlikka qarab borayotganday edim. Qa­fasdan chiqqan qushday yengil uchardim.
Yulduzlarni sog‘ingandim. Har zamonda osmonga qarab-qarab qo‘yardim.
Kech tushsa, bezovta qilayotgan o‘y-xayollarim tun qo‘yniga sho‘ng‘ib uyquga ketadiganday osmonni kuzatardim.
Yo‘lda qatnov siyraklashib qolgandi. Ahyon-ahyon­da yengil mashinalar yonimdan o‘tib fikrimni jamlashga, ehtiyot bo‘lishga undardi. Ko‘cha bo‘ylab bolalar, kattalar, asosan xotin-qizlar sayrga chiqqan, qa­­tor­lashib qo‘llarida turli rangdagi yelim xaltalari­ni ko‘targanicha goh u yonimdan, goh bu yonimdan o‘tib ketishardi. Yayov aylanish qanchalar mazza. Tabiblar bekorga aytishmagan: ellik yoshdan keyin har kuni to‘rt-besh kilometr piyoda yurgan kishi qarishning oldini oladi, salomatlikni mustahkamlaydi.
Ish-ish deb, bu muhim mashqlarni bajarmay, or­qada qolganimdan afsuslanardim.
Uyga qaytdim. Xotinimga juma kuni poytaxtga borishim kerakligi uchun yo‘l anjomlarini hozirlab qo‘yishini tayinladim.
Aslida telefondan qochayotgan edim. Endi buning iloji yo‘q. "Farishta" cho‘ntagimga joylashib oldi. Shoir bilan maslahatlashib yaxshiroq oromgohda dam olaman. Qolaversa, o‘zimni malakali shifokorlarga ko‘r­sataman. Telefonni ko‘p ham o‘ylayvermay, uyda bir kun bo‘lsa ham dam olay.
Ertalab... tushlik... uyqu. Yana xuddi kechagiday qo‘q­qisdan uyg‘ondim. Soat uch. Telefonim ajoyib ohang­ni taratdi.
"Ha, qadrdonim, mana endi har doim cho‘nta­gim­dasan. Iloji bo‘lsa suhbatlashishni kech to‘q­qiz­larga ko‘chirsak. Menga qulay bo‘lar edi. Ta’til tugagach, yana o‘z holiga qaytaramiz.
Birodar bo‘lganidan keyin bir-biri bilan kelishishi, maslahatlashishi, o‘zaro yordam berishi ularni yaxshilikka yetaklaydi. Men aytganlaringni qildim-ku.
Bir-biriga ziyon yetkazayotgan og‘a-inilar, qarin­dosh­lik rishtalarini uzayotganlar kammi, deb o‘y­layapsan.
To‘g‘ri, ayrim aka-ukalar, opa-singillar, yaqin ji­gargo‘shalar arzimagan bir qarich yer uchun yoki xotinlarining so‘ziga kirib, gohida otasining mulkini bo‘lisholmay qirpichoq bo‘lishayapti. Menda esa na aka, na uka, na opa, na singil bor. Farzandlarim, oilam borligiga shukur qilaman. Allohim ularni hamisha o‘z panohida asrasin.
Poytaxtga borishimga sen sababchisan.
To‘g‘risi, oldin men vahimaga tushdim. O‘zing ham telefonimga xabar jo‘natib qo‘rqitding. Mening o‘ylagan o‘ylarimni, fikrlarimni qanday qilib bilib olayapsan? Bu juda dahshatli-ku! Asta-sekin hammasiga ko‘nikdim. Boshqa ilojim yo‘q. Endi abadiy do‘st bo‘laylik. Men ham odamman, adashib fig‘onim chiqib seni so‘ksam achchig‘ing kelmasin. Menga yomonlikni ravo ko‘rma. Endigina oyoqqa turgan farzandlarim haqqi. Agar bolalarim, oilam bo‘lmaganida, mening hayotim tamom boshqacha kechgan bo‘lardi. Yuragimda yonayotgan isyon alangasida allaqachon qovrilib, boshqa olamga ketgan bo‘lardim.
Hozir esa bu sirli olam bilan murosa qilishga, ayrim odamlarning aqldan ozdiruvchi jihatlarini ko‘rsam-da, ko‘rmaganga olib jim yashashga majburman.
Bu mening ojizligim. Bir faylasuf aytgan ekan: "Xalq bu million nollardan iborat" deb. Oldiga bir raqami qo‘yilsa u harakatga keladi. Men bir raqami bo‘lolmayman. Shu million nollarning ichida bitta nol bo‘lib yashayapman. Mehnat odamni ulug‘laydi, deyishadi. Mehnat me’yoridan oshsa-chi? Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Hamma ishlarning o‘z me’yorida bo‘­lishi hayot mezoni sanaladi.
Har qanday voqea unga qanday nuqtai nazar bilan qarashga bog‘liq. Xayrixoh ko‘z bilan qaralsa yaxshi. Agar qora ko‘zoynak ostidan qaralsa, uning oddiy ko‘zga ko‘rinmagan dog‘larini ko‘rib istagancha qoralasa bo‘ladi. Xuddi shunday hayot so‘qmoqlaridan teran nigoh, o‘ta ziyraklik bilan og‘ishmay yurish ham muhim. Uning bot­qoqlariga botib yotgan chuvalchangu ilonlarga: "Sizlarning haqqingiz yo‘q", – deb ularga qarshi ochiqdan-ochiq jangga kirish, shu yo‘lda qurbon bo‘lish aqlsizlikdan boshqa narsa emas.
O‘zimning hayot tajribamdan kelib chiqqan xulosam shuki, Alloh, Vatan va Muhabbat – abadiydir. Bu buyuk uchlikda hayot mujassamlashgan. Qaysi odamning ko‘nglida Alloh, Vatan, Muhabbat bor ekan, u yashayapti. Shu uchta ilohiy qudratdan mahrum mavjudotlar (odamlar deyishga tilim bormaydi) botqoqlarda botib yotibdi.
Necha kundirki, sen bilan suhbatimizda aytilayotgan alamli, iztirobli gaplarga kelsak, bu mening dardlarim. Bularsiz inson – inson bo‘la olmaydi.
Sen ham Xudoning ojiz qulidirsan, senga buyurilgandirki, meni tanlabsan.
Ellik yildan oshiq yashadim. Bunaqa siru sinoatga duch kelgan odamni eshitmaganman.
Xudodan iltijom shuki, sening kimligingni bilsam, keyin armonim yo‘q edi".
Telefon o‘chdi.
Soat to‘rt.
Nazarimda fikrlarim teranlashib, yuksalgan­dan-yuksalib borardim. O‘tgan sanoqli kunlar hayo­timda tub burilish yasayotganday, qalbimda erkinlikni sog‘inish hislari qo‘zg‘alayotganini anglay boshladim. Men uyg‘onayotgan edim. Uzoq uyquda yotgan o‘lik tomirlarimga jon kirib meni boshqacha yashashga undar edi. Nima uchun shoirga intilishimni, nega shoirni qo‘msashimni bilmayman, bizni bog‘lab turgan rishta do‘stlikmi? Yoki yana men anglab yetmagan, endi eshigini ochayotgan u yerdan qalbimga kirayotgan toza shamolning beg‘uborligi meni boshqacha yashashga undardi. Shoirni ichki mehr bilan sog‘inardim. Shoir xalqining mardligi, dorning tagida bo‘lsa ham haq gapdan tonmasligi, o‘z e’tiqodi yo‘lida sobit turishi ulargagina ato etilganday edi. Havasim kelardi. Nega men ularday bo‘la olmayman? Oldin ham ko‘p bor o‘zimga shu savolni berganman. Haqiqat yo‘lida kurashish istagi bo‘lgan, uddalay olmaganman. Xayolimdan shunga o‘xshash o‘ylar o‘tar ekan, nega yon telefonimda aynan ishxonamdagi telefon raqami ko‘rinayapti, degan qiziqish meni ishxonaga yetakladi. Ertalab ishxonaga bordim, telefonim ishlayapti. Ba’zi joylarga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdim. U yoq-bu yoqni tartibga keltirgan bo‘ldim. Ertaga sakkizlarda yo‘lga chiqsam, ertalab poytaxtda bo‘laman, deb o‘yladim. Safarda qilishim kerak bo‘lgan ayrim ishlarni rejamdan o‘tkazdim. Albatta ruhshunosga uchrashaman. Shoirga bu g‘aroyib voqealar to‘g‘risida aytsammikin, deb o‘ylardim.
Xonamning eshigi ochilib, kotiba ichkariga mo‘­raladi.
– Ey, Erqor aka, siz shu yerdamisiz? Assalomu alaykum, – tabassum bilan salom berdi Mohira.
– Vaalaykum assalom, Mohiraxon. Mumkin bo‘lsa, choy damlab bersangiz. Ozroq ishlamoqchiman,– dedim. Kotiba eshikni sekingina yopib qo‘ydi. Qiz to‘g‘risida o‘ylay boshladim.
Tuppa-tuzuk, es-hushi joyida, bir ro‘zg‘orni gullatadi. Agar o‘zi ro‘yxushlik bersa, manaman degan yigit uylanadi. Biroq Karim Suyarovichning bu qiz haqidagi fikri boshqacharoq: "Uni faqat sayillarda, bayramlarda ko‘z-ko‘z qilib olib yursa bo‘ladi. Undan yaxshi xotin chiqmaydi", – deydi.
Kotiba chiroyli, ixcham paxta gulli choynakda choy va piyola olib keldi.
– O‘tiring, Mohiraxon, – dedim muloyimlik bilan. U mendan bu iltifotni kutmagani uchunmi, ajab­lanib, tortinib chap tomonimdagi kursiga cho‘kdi va choyni hafsala bilan qaytara boshladi. Unga diqqat bilan razm soldim. Oppoq yuziga tushkunlik soya solgan. Ko‘zlari katta-katta, charos. Har qanday yigitning aqlini oladigan darajada go‘zal. Bu qiz tashqi jihatdan bekamu ko‘st. Joziba ato etgan tabiatga tasanno aytsa arziydi.
Mohira zimdan kuzatganimni sezsa ham noqulay ahvolga tushmadi. Piyolaga choy quyib uzatar ekan, o‘ta nazokat bilan qarab qo‘ydiki, to‘g‘risi, badanim jimirlab ketdi. Karim Suyarovichning didiga qoyil qoldim.
– Xo‘sh, Mohiraxon, ishlar qalay? Boshliq shu yerdami?
– Karim Suyarovich qandaydir ish bilan ketdi. Bugun bo‘lmasalar kerak. Ishlarim esa o‘ziga yarasha, – dedi siniq jilmayib.
– Men mehnat ta’tiliga chiqdim, safarda bo‘­laman. To‘y qachon, yana qolib ketmay. – Mohiraga tasalli berish niyatida hazillashdim.
– To‘y hali bo‘lmaydi, Erqor Oripovich. Chunki yaxshi ko‘rgan yigitim Rossiyada ishlayapti. Uning kelishini kutaman, – dedi ma’yus tortib.
– Mayli, sizga rahmat choyingiz uchun. Ko‘p o‘kin­mang. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Albatta to‘yni zo‘r o‘t­kazamiz, – dedim ko‘nglini ko‘tarib. U jilmayganicha chiqib ketdi.
Ha, sho‘rlik qizga qiyin. Yashashni qayta boshlashi uchun ancha ter to‘kishi kerak. Hali yosh. Yaxshi kiyingisi, yayragisi keladi. Buning uchun pul kerak. Pulni topishning o‘zi bo‘ladimi... Xonada ozroq vaqt bo‘ldim-da, uyga qaytdim. Xayollarimni chalg‘itish maqsadida bir shoirning oxirgi chiqqan kitobini javondan olib varaqlay boshladim:

Gar o‘lsam beshigimning
Yopinchig‘in topinglar.
Yirtiq, yamoq bo‘lsa-da,
Tobutimga yopinglar,

Ko‘rsinlar yig‘ilganlar,
Umrim bari xatodir.
Bu olamda topganim,
Shu bir parcha matodir...

She’rning mag‘zini chaqish uchun faylasuf bo‘lish shart emas. Faqat odam bo‘lish kerak edi, xolos. Nima uchundir o‘zimga-o‘zim alanimalarnidir valdirab uyga sig‘masdim. Boshliqning haydovchisini soat uchlarga yaqin chaqirib idoraga qaytib keldim. Xonamga kirdim.
Xayolimda meni qandaydir sharpa kuzatayotganday tuyula boshladi. Xoh uyda, xoh ishxonamda bo‘lmay, meni ta’qib qilayotgan ko‘zga ko‘rinmas bu ko‘lankadan qutulish yo‘lini izlay boshladim.
Soat uch. Dabdurustdan qo‘l telefonim jiringlab qoldi. Yashil tugmachani bosdim:
Jimlik...
– Hoy, nega qo‘l telefonimga chiqayapsan?
Axir men ataylab sen bilan suhbat qilish uchun bu yerga keldim. Kel, xonamdagi telefonda suhbat-lashaylik, – deb go‘shakni ko‘tardim. Qisqa-qisqa dud-dud-dud ovozini eshitdim. U dil so‘zlarimni qo‘l telefonimda eshitishni istardi.
"Markazga ketayotganligim sababli hayotimdagi unutilmas bu voqeani senga aytmoqchiman.
1986 yillarda mamlakatda Muborak Navro‘z bay­­ramini o‘tkazish, mayyitning janozasini o‘qish, mo­­zorga borish, diniy marosimlar, machitlarga qat­nash umuman taqiqlangan edi. Odamlar hayron. Ni­ma bo‘layapti? Nega qadriyatlarimizni oyoq osti qi­­­­lishayapti? Qancha ming yillik tarixga ega urf-odat­­larni to‘xtatib qo‘­yish mumkin ekan-da, degan gap­lar choyxonalarda, osh­xonalarda, mayda gurunglarda ay­­tilsa-da, biron kimsa yurak yutib ochiqchasiga minbardan ayta olmaydi. Haddi sig‘maydi. Ziyolilar bu jarayon yaxshilikka olib bormasligini bilsalar-da, jim...
Bu dahshatli jimlikning zamirida kuchli to‘fon borligini ko‘pchilik anglasa ham, uning qachon boshlanishini bilmaydi. Bunga bosh-qosh bo‘lib turgan yuqori mansabdorlar o‘zlari bosh­­­qarayotgan mexanizmning biron vinti sinib buzilishidan qo‘rqadi.
Radio, televidenieda Navro‘z saylining diniy marosimligini uqtirayotgan, gazeta, jurnallarda yoritilayotgan oldi-qochdi maqolalarni yozayotgan jurnalistlar shu yurtning farzandi ekanini unutib qo‘yganday vaysagani-vaysagan...
Hozirgi yoshlar allaqachon o‘tmish bo‘lib qolgan bu ko‘ngilsiz voqealarni eshitishsa ajablanmaydi. Oldingi rah­barlar siyosat qurbonlari bo‘lgan deb qo‘­yishadi, xolos.
Xalqning urf-odatini yo‘qqa chiqarish, qad­riyat­larini yerga urish, yasama tarixiy iboralarni to‘qib, ulusni parchalash, uning bir tan, bir jon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyasi davlat tepasida turgan bir si­qim amaldorlarning bayrog‘i bo‘lib boshqaruv tizimini osonlashtirish yo‘li edi.
To‘qson olti urug‘ga birlashgan qudratli bu ulusni faqat bir-biriga qarshi qo‘yib, g‘ururini toptash orqali jilovlash mumkinligini tarix sahnasiga olib kirishdi. Qarliq, o‘g‘uz, nayman, qiyot, qo‘ng‘irot, kenagas, barlos, do‘rmon, burqut, qurlaut, mang‘it, do‘ldoy, chimboy, chig‘atoy, tuboy, o‘qtoy, teymas, echki, shunqorli, shodboqli, jaloyir, qirq, yuz, ming, laqay, qatag‘on, mojor, turk, qaroy, elbek, qurama, qang‘li, uz, nukuz, tangut, uyg‘ur, arg‘in, aymoq, uyshun, g‘onchi, qushchi, iyjon, sug‘d, ig‘roq, chingil, yag‘mo, arg‘u, tuxsh, basmil, qipchoq, subrin, tatar, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, qovchin, keyikchi...
Ko‘p urug‘larning nomlari yo‘q bo‘lib ketdi. 70 yil mobaynida ular orasiga adovat solib, o‘z g‘oyalarining kuchliligini isbotlab ham berishdi. Ular bundan ustalik bilan foydalanib, katta urug‘larni millatlarga bo‘lib, shu millat vakillarining qo‘li bilan bajarishdi. Bajarishmasa siyosiy o‘yinlar topib, qatag‘on qilishdi. Bu fitna mashinasi qancha-qancha ulug‘ insonlarning boshini yedi. Ne-ne allomalarining yostig‘ini quritdi.
Bu tanish sahnada ko‘p o‘yinlar bo‘ldi, bo‘layapti...
Shunday alg‘ov-dalg‘ov paytlarda poytaxtga bordim. Katta shaharda osoyishtalik hukm sursa-da, ziyolilar davrasida, talabalar shaharchasida hayot bosh­qacha edi.
Shoir meni uyushmaga boshlab bordi. Uyushma oldida anchagina odam to‘plangan, ularning ko‘pchiligi shoir, yozuvchilar, olimu fozillar, viloyatdagi ijodkorlarni tashkil qilardi. To‘planganlar Navro‘z say­lining noto‘g‘ri qoralanganini, uni xalqqa qaytarish kerakligini yoqlab hukumat rahbarlariga murojaatnoma yuborganini, hozir javobini kutishayotganini ay­tishdi.
Men odamlarning bu darajada ahil bo‘lib yi­g‘ilganlarini hech ko‘rmagan edim. Ular to‘da-to‘da bo‘­lishib, Navro‘zning qadimiy xalq sayli ekanligini, uning islom diniga aloqasi yo‘qligini jon kuydirib tushuntirishardi. Do‘stim ham shoirlar davrasiga borib qo‘shildi. Bahs-munozara avjida, bu to‘lqin dengizdan toshib chiqqanu, adashib shaharning qoq o‘rtasiga kelib qolgan. Endi yana dengizga qo‘­shilish yo‘lini izlardi...
«Soyuz» binosi yoniga chiroyli nikellangan qora rangli yengil mashina kelib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, qora ko‘zoynak taqqan, moviy rangli bejirim kofta-yubka kiygan, yoshi 40-45 larga borgan qomati tik ayol tushib keldi. Yig‘ilgan odamlarning ko‘pligini kutmagan shekilli, taraddudlanib atrofga qaradi. Uyushma raisi yugurib opaning oldiga bordi.
Opa to‘planganlarga qarab: "Nima bo‘layapti bu yerda?" – dedi.
– Ozroq anjumanimiz ham bor edi. Shunga kelishgan, ruxsat bersangiz, ichkariga kirishsa, Hurriyat Ayozovna, – dedi rais pichirlab.
– Ular ko‘pchilikmi? – ajablanib so‘radi Hurriyat Ayozovna. – Ichkariga kirishsin. Nega ko‘chada turishibdi?! – dedi opa zarda bilan. Uning ko‘z qarashlaridan buncha ko‘p odamlar to‘planganidan noroziligi shun­doq­qina ko‘rinib turardi.
– Qani, o‘rtoqlar, ichkariga kiringlar, – dedi rais. Rais deganlari oltmishlardan oshgan, barvasta, soch­larining oq-qoraligi o‘ziga yarashgan, qomati tik, chet ellarda ishlab kelgan diplomat odam edi.
Opa shoshilmay bino ichkarisiga yo‘l oldi. Odamlar uning orqasidan ergashdilar.
Katta binoning yig‘ilish zaliga hamma yig‘ildi. Opa yuqoriga o‘tib, stulga o‘tirdi. Yoniga raisni cha­qirdi. Ular nimanidir pichirlab gaplashib olishdi. Sahnada ixchamgina stol, uning atrofida to‘rtta stul. O‘ng tomonda mamlakat gerbi chizilgan minbar.
Rais o‘rnidan turib, yig‘ilganlarga biroz qarab turdi-da, salmoqlab gap boshladi:
– Hurmatli ijod ahli. Bugun bizning majlisimizda birinchi bor hukumatimizning taniqli arbobi madaniyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha SK kompartiyaning sekretari, hurmatli va muhtarama Hurriyat Ayozovna qat­na­shayaptilar.
O‘zlaringizga ma’lumki, Navro‘z sayli haqida turlicha fikrlar mavjud. Bizning maqsadimiz har xil qarashlarga chek qo‘yish. Yagona maqsad yo‘lida, ya’ni sovet davlatining ravnaqi haqida ko‘proq bosh qotirish, shu yo‘lda ahil, bir tan, bir jon bo‘lib kurashmog‘imiz lozim. Bu bizning burchimiz, – dedi.
Hukumatimizning Navro‘z saylini Navbahor bayramiga aylantirish to‘g‘risidagi oqilona qarorini xalqqa tushuntirish, siz va bizning asosiy maqsadimiz ekanligini unutmasligimiz kerak. Do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘raylik-chi, biz uchun sayilning nomi Navro‘z bo‘ldi nimayu, Navbahor bo‘ldi nima? Eng asosiysi, Navbahor bu bahor faslidan nishona, u kelgusida ulug‘ kunlarning biriga aylanishiga ishonaman.
Hukumatimiz qarorini bir ovozdan qo‘llab-quv­vatlaylik, davlatimizning biz ijodkorlarga ko‘r­satayotgan g‘amxo‘rligi, yaratayotgan shart-sharoitiga tasannolar aytib, Hurriyat Ayozovnadek jonkuyar rahbar yig‘ilishimizda ishtirok etayotganidan faxr­lanib, biz­ning, ya’ni ijod ahlining fikri rah­namolarimiz ko‘rsatgan odilona yo‘lda mushtarak ekanligini yuqori rahbarlarga yetkazishiga ishonaman. Avvaldan minnatdorchilik bildirib, Hurriyat Ayozovnani bu xizmatlari uchun olqishlab qo‘yganimiz ma’qul deb o‘ylayman, – deya qarsak chaldi. O‘tirganlarning ozchilik qismi qarsakka qo‘shildi.
Rais zalga sinchkovlik bilan qaradi-da: "So‘z aytuvchilar bormi?" – deb so‘radi. Rais iloji boricha yig‘ilishni tezgina tugatish taraddudida edi. Hamma jim. Hozirgina ko‘chada Navro‘z haqida bir-biri bilan tortishayotgan odamlar yelkalarini qisib, mum tishlab o‘tirishardi.
Kutilmaganda shoir minbar tomon yura boshladi. Ne-ne professorlar, ustoz shoirlar, yozuvchilar o‘tir­gan joyda shoirning sahna tomon borishi raisning ensasini qotirdi.
– Nima, shu boladan oldin so‘zlaydigan odam yo‘q­mi?! – ajablanib zalga qaradi rais. U o‘zining gapini ma’qullaydigan keksaroq shoir yoki yozuvchining chiqishini kutayotgan edi.
O‘tirganlar jim. Hammaning ko‘zi minbarga yaqin­lashayotgan shoirga qaratilgan. U minbarga chiqib, avval raisdan uzr so‘radi. Nega uzr so‘radi, bu menga qorong‘u. Keyin juda bosiqlik bilan gap boshladi.
– Hurmatli ustozlar, avvalambor sizlardan ham uzr so‘rab shuni aytmoqchimanki, biz bugun xalq say­­lining nomini nega o‘zgartirishganini muhokama qilishga yig‘ilmadik. Qadim-qadimdan ota-bobolari­miz ardoqlab kelgan Navro‘z sayli bugungi kunda xalqdan nega tortib olinayotganini bilishga yig‘ildik. O‘tmishimizni qadrlovchi bu ulug‘ sayil nega bizning hayot turmushimizdan chiqarib tashlanishi kerak?
Sayilning islom diniga aloqasi yo‘qligini yaxshi bilamiz. To‘rt ming yillik, balki undan ham ko‘pdir, tarixga ega bo‘lgan Navro‘z bugunga kelib nega diniy bayram bo‘lib qoldi? Buni siz ustozlar, qalam ahli, juda yaxshi bilasizlar-ku!
Nahotki, yuqorida o‘tirgan hukumat rahbarlari bilmaydi, deb o‘ylaysizlar? Bu kimningdir topshirig‘i bilan o‘ylab topilgan, chalasavod, tarixni o‘qimagan, ateistik ta’limotga tish-tarnog‘i bilan yopishgan dindan xabarsiz kimsaning navbatdagi xuruji. Qa­dimiy pokiza qadriyatlarimizga tosh otish ko‘p yillardan beri davom etib kelayapti. Alam qiladigan joyi shuki, toshni o‘z qo‘llarimiz bilan ottirayaptilar.
Shu yerga kelganda rais mikrofonni urib: "Qisqa qiling", – dedi. Zalda bir ovozdan, oldindan kelishilgandek: "Gapirsin", – degan gurillagan ovozlar yang­radi. Bundan ruhlangan shoir so‘zlarini chertib-chertib gapirardi:
– Mening kimlargadir ta’na, malomatlar qilish niyatim yo‘q. Bugun yurtning ziyoli qatlami yig‘ilgan ekanmiz, har birimiz yuragimizga quloq solaylik. Ko‘hna tarixning qa’ridan kelayotgan nidolarga quloq solaylik. Doro, Aleksandr Makedonskiy, mo‘­g‘ul­­larning shafqatsiz qirg‘inlarini, arablarning bos­qinlarini olasizmi, ana shu taloto‘plardan o‘tib Nav­ro‘z ayyomi eson-omon bizgacha yetib keldi. Xalq o‘zi­ning otashparastlik davrida bu sayilni qanday izzat-ikromda o‘tkazgan bo‘lsa, hozirgacha yangi kunni yangilanish, uyg‘onish fasli deb nishonlab kelmoqda. Nishonlaydi ham!
Nutqini tugatgan shoir minbardan tushib, o‘z jo­yiga borib o‘tirdi.
Rais so‘z berishga ulgurmay minbarda yana bir yosh ijodkor paydo bo‘ldi.
– O‘rtoqlar, – dedi u tantanavor ohangda. – Men shoir do‘stim Elyorning taklifini ma’qullash va qo‘l­lab-quvvatlash bilan shuni aytmoqchimanki, hu­ku­­matimizning vakili hurmatli Hurriyat Ayozovna, ochig‘i, biz yoshlarning quyidagi talablarimizni mamlakat rahbarlariga yetkazing.
1. Davlatimiz BMT ga a’zo bo‘lsin.
2. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilsin.
3.O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta, qazib olinayotgan oltinlar, neft mahsulotlari, yer osti boyliklari mamlakatning o‘zida qayta ishlansin...
Hurriyat Ayozovna chiday olmadi, o‘rnidan sapchib turib ketdi va vajohat bilan:
– Bu qanaqa g‘alayon! Hammang javob berasanlar! Nonko‘rlar! – deya baqira ketdi. Va shitob bilan eshik tomon yura boshladi, yerning ostidan chiqdimi yo boshqa yoqdan tushdimi, militsiya xodimlari paydo bo‘ldi. Opaga yo‘l ajratib uning chiqib ketishiga sharoit yaratishdi. Opa dadil qadamlar bilan yo‘lakdan yurib borar ekan, ro‘parasida bir yosh yigit ko‘ndalang bo‘lib turib oldi.
– Hurriyat Ayozovna, so‘zimizni oxirigacha eshitasiz, dardimizni sizga aytishga kelganmiz. Siz esa rahbarlarga yetkazasiz. Ma’qul kelmasa, hammamizni tutib qamoqqa tashlaysiz. 37-yilning sharpasi kezib yuribdi. Sizlarning qo‘lingizdan qamash, otish, yo‘q qilish keladi.
Militsiya xodimlari kelib, yigitning qo‘lini qa­yira boshladilar. Opa qo‘riqchilarga ishora qilib, qo‘yib yuboringlar, deya buyruq berdi. Shu shasht bilan opa iziga qaytdi va minbar tomon yurdi. So‘zi chala qolgan shoir raisga qarab: "Men so‘zimni tugatishim kerak", – dedi.
Opa minbarga chiqdi. Yigitga qarab: "Fikringizni yozma ravishda topshiring", – dedi.
Yigit ilojsiz joyiga borib o‘tirdi. Opa biroz tin olib, rus tilida gapira boshladi.
– Tovariщi!
Zaldan qiyqiriqlar eshitildi:
– O‘zbek tilida gapiring! O‘zbek tilida gapiring!– degan xitoblar eshitila boshladi. Opa ilojsiz o‘zbek tilida gapirdi.
– O‘rtoqlar! Bu nima shovqin! Men bizning ziyoli yoshlar shunchalar madaniyatsiz ekanligiga ishon­mayapman. Ustozlar nega jim o‘tiribdilar? Bu o‘z­­­boshimchalik ertaga sizlarga juda qimmatga tushadi-ku. Qudratli mamlakatimiz koinotni zabt etib turgan bir paytda, butun yer yuzining tinchligini ko‘zlab, qudratini jahonga ko‘z-ko‘z qilayotgan bir paytda, sizlar qandaydir eskilik sarqiti bo‘lgan Navro‘z haqida og‘iz ko‘pirtirayapsizlar, o‘zlaringizning ichki hayajonlaringizni bosolmay tuturiqsiz, mantiqsiz talabnoma qo‘yishdan qo‘rqmaysizlarmi?!
– BMT ga a’zo bo‘lgin emish, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi ber emish – bu nima? Isyonmi bu? – so‘ng raisga qarab murojaat qildi:
– Kim edi familiyangiz?
Hamma jim o‘tirardi.
– Azizov, – dedi rais asta.
– Azizov! – Opaning ovozi mikrofonda gurillab chiqdi. – Hoziroq markazga borasiz. Bu o‘zboshimchalik uchun avval siz javob berasiz. Keyin so‘zga chiq­qan­larning ism-familiyasini yozib bering!
Opa shiddat bilan minbardan tushib, zalni tark etdi..."
Telefon ovozi o‘chdi. Soat to‘rt. Xayolimga bundan 24-25 yillar avvalgi voqealar o‘zining tarixiy o‘zanidan toshib, pishqirib kelardi. Afsuski, yon telefonim endi eshitmayotgan edi.
Yo‘lga chiqishim kerak. Shoir kutayapti. Xonamga obdon nazar solib, o‘rnimdan turdim. Stol ustida to‘zg‘ib yotgan gazetalarni tartibga solayotganimda eshik ochildi. Qarashga ulgurmadim. Boshimga og‘ir narsaning tekkanidan yiqildim...

KASALXONADAGI KO‘RGULIKLAR

Ko‘zimga qaerdandir shu’la tushganday bo‘ldi. Go‘yo mayin shabada yonoqlarimni ohista silayotganday. O‘zimni o‘nglashga harakat qilardim. Xiralashgan yorug‘lik og‘ushida xotiramni jamlay boshladim. Asta ko‘zimni ochdim. Nazarimda tong yorishayotgan edi. Derazadan sizib kirayotgan yorug‘lik tongning otishidan darak berardi.
Fikrimni jamlab, ro‘paramda mudrab o‘tirgan xotinimni ko‘rdim. Atrofni asta kuzata boshladim. Qandaydir ixchamgina xonada boshim biroz ko‘tarib qo‘yilgan holda, yumshoq divanda yotardim. Qarshimdagi oromkursida xotinim ko‘zini goh ochib, goh yumib, boshini uning suyanchig‘iga qo‘ygancha qimirlamay, harakatsiz o‘tirar edi (yoki mening nazarimda shunday tuyuldimikan?)
Uning uxlayotgani yoki uyg‘oqligini aniqlay ol­madim. Ko‘zlarimni bir nuqtaga qadab, ozgina qi­mir­lamoqchi bo‘ldim. Uddalay olmadim. Tanamdagi og‘­riq zo‘rayib, miyamga urdi. Baqirib yuborishdan qo‘r­qib nafasimni ichimga yutdim.
Og‘zimning qurib qolganini his qildim. Cho‘lda qolgan odamday tomog‘im qaqrab, suv izlagan yo‘lovchi kabi atrofga ko‘z yugurtirdim.
«Suv» dedim pichirlab. Ovozimni xotinim eshitmadi. Yo ovozim chiqmadimi... Ehtimol, xayolimda aytdim shu so‘zni. Nima bo‘lganda ham o‘ylayapman, demak, tirikman. Ko‘zimni ochib-yuma boshladim. Hozircha shu mashqni bajarishga qurbim yetardi. Bu holat, bilmayman, qancha daqiqa davom etdi. Xona derazasidan tushgan yorug‘lik uni to‘liq yorita boshladi.
Ko‘zlarimni asta yumdim. Xotinim o‘rnidan turib, yuzimga sinchiklab qaradi. Kipriklarim orasidan uni kuzatar ekanman, nega bu ahvolda yotganimni o‘ylay boshladim. Axir men poytaxtda bo‘lishim kerak edi-ku. Menga nima bo‘ldi? Xotinim nam lattani labimga bosdi. Labim qovjirab qolgan chog‘i, butun vujudim bilan chanqoqni his qilardim.
Ko‘zimni ochdim.
– Erqor aka!!!
Quloqlarimga ayanchli chinqiriq eshitildi.
– Erqor aka, qo‘rqitib yubordingiz-ku! Mana, yetti kundan beri o‘zingizga kelmaysiz. Kim sizni bu ko‘yga soldi? Xudoning g‘azabiga uchrasin! Sizday odamni azobga qo‘ygan olchoq kimsalarni yer yutsin...
U tinmay yig‘lardi. Ko‘zlaridan to‘xtovsiz oqayot­gan yoshlarini tiyolmasdi. Yuragim ezilib ketdi.
"O‘zingizni tuting, azizam" deganday bo‘ldim. Negadir o‘zimning ovozimni o‘zim eshitmadim. Shu gapni aytganimni idrok qilaman. Labim ham aynan shu so‘zni aytib qimirladi. Ayolim menga termulib qoldi. Ko‘zimdan shashqator yosh oqardi.
Xotinim o‘zini tutib, yumshoq oq mato bilan ko‘z yoshlarimni arta boshladi. Menga tinmay tasalli berar edi.
– Bardam bo‘ling, qancha azoblarni boshingizdan kechirdingiz. Siz irodali, kuchli odamsiz, bir o‘lim­­ning og‘zidan qaytdingiz. Umringiz uzoq bo‘ladi. Bax­timiz­ga omon bo‘ling, – endi ayolim yig‘lamas, o‘zi­ning qat’iyatli va dadilligini ko‘rsatishga harakat qi­lardi. Nazarimda, u ancha keksayib qol­gan­day tuyuldi.
Xonaga kimdir kirib keldi. Navbatchi shifokor bo‘lsa kerak. Hushimga kelganimni ko‘rib, bosh to­monimga stulni qo‘ydi-da, yaqinroq o‘tirdi. Boshimni paypaslab ko‘ra boshladi. Boshimning doka bilan o‘ral­ganini his qildim.
– Ahvollar yaxshimi? Og‘riq sezmayapsizmi? – deb peshonamga qo‘lini qo‘ydi.
Negadir ovozim chiqmas edi. Yo madorim yo‘q, yoki tildan qolganman. Fikrimni nazorat qilish dara­jasida bo‘lsam-da, tanam o‘zimga bo‘yin egmasdi. Qo‘l­larimni qimirlatishga harakat qildim, befoyda, diq­­qatimni jamlab oyoq panjalarimni o‘ynatmoqchi bo‘ldim. Bu ham samarasiz. Jon faqat ko‘zlarimda, quloqlarimda mavjudu, qolgan a’zolarim o‘lik edi.
Doktor xotinimga tasalli berdi:
– Asosiysi, miya joyida, bu yaxshilikka. Markaz­dan kuchli mutaxassislar kelishgan. Turmush o‘r­to­g‘ingizning o‘ziga kelgani yaxshi bo‘ldi. Mutaxassis­lar aniq tashxis qo‘yishadi. Bardam bo‘ling, – deb xo­­nadan chiqib ketdi.
Xotinim labimni suv shimdirilgan dokada nam­lab, ko‘zlarimga ma’yus bo­qarkan, nimadir demoqchi ekanimni angladi. Qu­log‘ini labimga yaqinlashtirdi.
– Suv,– dedim. Ovozim o‘zimga juda uzoqlardan eshitildi. Go‘yo men emas, kimdir shu so‘zni asta pichirlaganday bo‘ldi. Xotinim qoshiq bilan og‘zimga suv quya boshladi.
So‘zimni eshitdi. Demak, men gapirdim. Tomchi suv­lar qizilo‘ngachimdan o‘tib, tanamga yoyilayotganini sezdim. Tanam go‘yo qaqshab yotgan suvsiz tuproqday o‘lik holda yotganu, besh-olti tomchi suv bilan jon kirganday bo‘ldi.
Qadimiy rivoyatlarda o‘qigandim, badiiy kinolarda ko‘rganman, jon tanadan chiqayotganda buralib, juda qiynalib, ming bir azoblar bilan tanani tark etarkan. Keyin o‘z tanasini kuzatishini, atrofda kechayotgan voqealarni ko‘rishini, tanadan umidini uzgandan keyin, samoga qarab ketishini ishonarli qilib tasvirlashgan.
Bu holatni o‘lib-tirilgan (ya’ni klinik o‘limni boshidan kechirgan) kimsalar ham tasdiqlashadi. Jon tanamdan chiqib ketsa, tamom. Keyin men yo‘qman. Jon faqat og‘izdan chiqib ketadimi? Nega tanamda og‘riq sezmayapman?
Xotinimning harakatlarini aniq ko‘rib turibman. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay sevinib, hayajonda holatimni kuzatar, nima qilayotganini to‘liq anglamasdi. Takror-takror labimni namlab, ko‘z yoshlarimni artar edi.
Quyosh ko‘tarila boshladi. Buni parda orasidan tushayotgan zarrin nurlardan ham sezish mumkin edi.
Xonaga o‘g‘illarim, qizlarim kirib kelishdi. Ular ko‘zimning ochiqligini ko‘rib, hayrat to‘la nigohlarini onasiga tikishdi va quchog‘imga otilishdi. Ovoz chi­qarmay yig‘lashdi.
Xotinim bolalarga:
– Otang sog‘-salomatlar, endi bemalol ishlaringga boringlar. Hovlini supirib-sidirib, tartibga solinglar. Nasib bo‘lsa uyga qaytamiz, – dedi.
Katta qizim kelib meni o‘pib qo‘ydi. Keyin kichik qizim, o‘g‘illarim qo‘limdan ushlashdi. Ularning qo‘limdan ushlaganini ko‘rdim, lekin sezmadim.
Tanam jonsizga o‘xshardi. Xotinim bolalarga har xil topshiriqlar berib, ularni xonadan chiqarib yubordi. So‘ngra ro‘paramga kelib, kresloga o‘tirdi.
– Yetti kun deganda ko‘zingizni ochdingiz. Bilmadim, bu ishni kim qildi? Ukangiz Elyorjon (shoirni nazarda tutayapti) ham shu yerda. Hammani oyoqqa qo‘ydi. Poytaxtdan zo‘r-zo‘r professor mutaxassislarni olib keldi. Siz bilan qo‘shilib jon berib, jon olishdi. Umridan baraka topsin, – dedi xo‘rsinib.
"Ahvolim juda jiddiy. Nega hech joyim og‘­ri­mayapti? Tanamda jon bo‘lmasa miyamda jon tu­ribdi-ku. Jon bor joyda og‘riq bo‘lishi tabiiy-ku? Boshim ham og‘rimayapti? Jarohatni boshimdan olganman. Kim bo‘lsa ham boshimga urdi. Kim bo‘lishi mumkin? Meni yo‘qotish ularga nega kerak bo‘lib qoldi?" degan savollar xayolimdan o‘tar ekan, birdan telefon esimga tushib qoldi. Yo telefon bir tuzoqmikan-a? Hozir qo‘l telefonim qaerda ekan?
Xotinimga umid bilan qaradim, "telefonim" dedim ichimda. Ovozim xuddi "suv" deganimdek olislardan keldi.
– Telefonim, – bu safar nazarimda gapirganday bo‘ldim. Xotinim ko‘zlarimga jovdirab qararkan, nimanidir anglaganday o‘rnidan turdi. Qo‘liga ruchka oldi-da, qog‘ozga nimalarnidir yozib, menga ko‘rsatdi.
"Sizni uncha tushunmadim. Ozroq sabr qiling, hammasi yaxshi bo‘ladi. Bardam bo‘ling. Har narsani o‘ylayvermang, o‘tinib so‘rayman".
Kapalagim uchib ketdi. Nahotki ovozim chiqmayotgan bo‘lsa?! Axir men gapirdim-ku. «Telefonim», dedim. Quloqlarim eshitdi bu so‘zni. Ey jon, tanamga tar­qal­sang-chi, mayli, og‘riqlar bo‘lsin. Azoblanay, kundaga o‘xshab yotgandan ko‘ra, jonimni junbushga keltiruvchi azoblarni ber. Dodlayin, qichqirayin, odamga o‘xshab o‘lay-da, o‘ladigan bo‘lsam. Nega tanamga qarab yurmaysan, jon? Hozirgina ichaklarim suv tomchilarini sezdi-ku.
Xonaga Shoir kirib keldi.
– Assalomu alaykum, yanga! Biron o‘zgarish bormi? – dedi-yu, menga ko‘zi tushishi bilan shoshib qoldi.
– Erqor aka, omonmisiz? Odamni qo‘rqitib yubordingiz.
Kelib yuzimga yuzini qo‘ydi. Hech nimani his qil­madim. Shoir qarshimda o‘tirib yuzimga boqar ekan, uning ancha to‘lishganini, yuz ko‘rinishi o‘ta jiddiyligini angladim. Boqishlarida qandaydir ma’sumlik hukmron edi.
Unga xuddi najotkorga qaragan odamday qarardim. Xaloskorimga minnatdorchiligimni bildirolmay, ko‘z­­larim bilan jovdirab unga termulardim.
Elyor ko‘zlarimga qarab, xayolimdan o‘tayotgan gap­larni anglab yetdi.
U tasalli berish uchun emas, xuddi soppa-sog‘ odam­­ga muomala qilganday qo‘limni kaftiga olib she’r o‘qirdi.

Hayqirdim, o‘rnidan qo‘zg‘alib tog‘lar,
Qarshimda saf tortdi bamisli ro‘yo.
Hayqirdim, uyg‘ondi ko‘kda chaqmoqlar,
Ammo uyg‘onmadi g‘aflati dunyo.

Hayqirdim, o‘liklar qabridan chiqib,
"Ne gap?" deb isyonni kutganday go‘yo
Kafanlarin bayroq qildilar tikib,
Ammo uyg‘onmadi g‘aflati dunyo.

Hayqirdim, bo‘g‘zimga qonlar sachratib,
Quyoshday otilib chiqdi yuragim.
Ammo, Dunyo hanuz turibdi qotib,
Uni uyg‘otmasam bormi keragim?!
 
Ha, bu she’rni eshitdim. Tanamga tarqamadi. To­­­­­mirlarimda jo‘sh urmadi. Vujudim bo‘m-bo‘sh edi. Fa­­qat uning ko‘zlaridan angladimki, hayrat darajadagi hayqiriq, quyoshday yaraqlab chiqqan yuragi dunyoni uy­g‘otishga qodir edi.
Qani endi, yurtimiz, millatimiz sha’nini yuksaltiruvchi, fidoyi azamatlar sen kabi ko‘p bo‘lsa. Shu holatda yuz yil yotishga rozi bo‘lardim.
Shoir xotinimga tasalli berib, hozir markazdan kelgan mutaxassislar yana ko‘rikdan o‘tkazishini, lozim bo‘lsa, yana boshqa shifokorlar chaqirtirishni uqtirib, xonadan chiqib ketdi.
Shiftga termulib yotar ekanman, boshimda kuchli og‘riq sezdim. Ko‘z o‘ngim qorong‘ulashib, zim-ziyo bo‘shliqqa aylandi. Endi yorug‘ olam qo‘ynida emas, quvurga o‘xshagan, hamma tomonini zulmat qoplagan uzun yer osti yo‘lida jonim shiddat bilan ketayotganini his qildim. Ko‘zim yumilib, hushimni yo‘qotdim...
Qora quyun. Ovozsiz tanamga azob bilan buralib kirdi. Hamma yoq qop-qorong‘i, jimlik. O‘ng qo‘limni asta qimirlatdim. Harakatlandi. Aniq bildimki, o‘ng qo‘limga jon kirdi. Ko‘zlarim hech narsani ko‘rmasdi, ajablanadigan joyi, qo‘lim qimirlayapti, o‘ynayapti. Bu qandayin sir-sinoat. Uvishib yotgan o‘ng qo‘lim harakatga keldi. Paypaslab, nozik bir qo‘lni ushla­dim. Bu qo‘l menga o‘ttiz besh yildan beri tanish. Boshimni mehr bilan silagan, kezi kelganda, sehrli barmoqlari bilan umr daftarimda iz qoldirgan ra­fiqamning qo‘li edi.
Uzoq ushlab turdim. Qo‘yib yuborgim kelmasdi. Qanchalar sog‘ingandim, muhabbatimning nozik qo‘lini, mayin harakatlarini... O, naqadar mehribon qo‘llar.
Nega bu qo‘llar har doim ham mehribon bo‘­la­­vermagan? Qahri kelganda, shappatga aylangan. O‘rin­siz qo‘pol qiliqlar qilgan. Hozir esa bu qo‘l o‘ta aqlli, o‘ta yumshoq, uzoq kutgan sog‘inchiga yetishganday shivir-shivir gaplashayapti.
Keyin qo‘limni boshqa tanish, notanish qo‘llar ushlay boshladi. Biri kichkina, jajjigina, semiz, katta qo‘llar, xullas, xona qo‘llarga to‘lib ketdi. Ko‘pchiligi qo‘lim bilan go‘yo oxirgi marta ko‘rishayotganday, o‘z qo‘llarini qo‘limdan olguncha, uzoq siypalashardi. Ba’zilari qattiq qisib qo‘yar, ayrimlari shunchaki omonatgina qo‘limni ushlashardi. Qo‘llarning suhbati aralash-quralash bo‘lib tushunarsiz tarzda bir qancha vaqtgacha davom etdi. Keyin yana men istagan qo‘l kaftlarim ustida paydo bo‘ldi. Uni qo‘limning quchog‘iga olib erkalay boshladim. Bu sog‘inchni uzoq kutgan edim. Barmoqlarimni ochib, barmoqlari orasiga tiq­dim. Panjalarim chirmashib shunday maza qildiki, bu rohatni birinchi bor tanishganimizda, ilk bor shu qo‘lni ushlaganimda his qilgan yuragimning hansirashi qo‘limda aks eta boshladi. Qo‘lim xuddi yuragimday hapqirib o‘zini tutolmay shu qadar harakatlanar ediki, panjalarim orasidan o‘zini olib qochishga urinayotgan xotinimning barmoqlari uyalgandan-uyalib, qo‘lim orasidan chiqishga harakat qilardi. Panjalarim esa uning barmoqlarini mahkam ushlab olgan, hozir qo‘y­vorsa, qaytib boshqa ko‘rmaydiganday, u meniki, bir umrga meniki derdi. Ehtimol, boshqa qo‘llar qarab turgandir, o‘ylardi qo‘­lim. Uni quchog‘ingdan hozircha ozod qil. Uyga borganda sog‘inchlaring hissasini olasan...
Asta panjalarimni bo‘shatdim. Xotinimning bar­moqlari barmoqlarimni silay boshladi. Demak, xonada boshqa qo‘llar yo‘q. Yana qorong‘ulik.
Tubsiz jarlikka ketayotgan jon qo‘lni tark etdi...
Jon oppoq yorug‘lik tomondan keldi. Og‘zimdan kirib, yuragimga joylashdi. G‘aroyibligi shunda ediki, jon kirguncha ham, chiqquncha ham xotira bilan yurardi. Faqat qorong‘ulikka sho‘ng‘iganda tushunarsiz quyun bilan olishib azoblanar, bu ming xil tikan simlardagi ignalarga urilib-urilib jarohatlangan holda yorug‘likka yetardi. Keyin u erkin harakatlanib atrofdagi voqealarni aniq ko‘rardi. Jon mening jonim, xotira esa mening xotiram edi.
Ko‘zlarimni ochdim. Tepamda oq xalat kiygan odamlar menga ajablanib, tashvish to‘la ko‘zlari bilan qarab turishardi...
Men tanamdagi og‘riqdan dodlab chinqirardim...
Vo ajabo! Bu qanday mo‘‘jiza? Kuppa-kunduzi havoda uchib yuribman. Avval ham shunga o‘xshash ho­latlar bo‘lgan, unda tush ko‘rgandim. Tushimda fazoga qo‘llarimni yozib sayr qilganim, ko‘m-ko‘k manzaralarga mahliyo bo‘lib, tanamning shu darajada oson havoga ko‘tarilganidan hayratga tushganman. Ikkala qo‘limni oldinga cho‘zsam kifoya, xuddi ertaklardagidek, yerdan ko‘tarilaman, keyin to‘g‘ri tekislik bo‘ylab, o‘ngimda ko‘rgan, bir-birini takrorlamaydigan g‘aroyib, notanish o‘lkalarga sayr qilib ucha boshlayman. O‘ngga burilmoqchi bo‘lsam, o‘ng yelkamni, chapga burilmoqchi bo‘lsam chap yelkamni buraman. Tepaga ko‘tarilmoqchi bo‘lsam, o‘zimni tik ushlab qo‘llarimni tepaga ko‘­taraman. Pastga tushmoqchi bo‘lsam ikkala qo‘limni tushiraman, boshimni pastga egaman. Xuddi katta okeanda suzayotgan mohir dengizchiday shu darajada o‘zimni hushyor boshqaramanki, bunaqasi ertaklarda ham bo‘lmagan. Go‘yo hammasi oldindan rejalashtirilganday oson va sodda kechardi.
Hayotim davomida bu mo‘‘jizakor holat bir necha bor takrorlangan...
Uyg‘onganimdan so‘ng, kishini o‘ylantiradigan, his-tuyg‘ulariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadigan, ko‘ngilning huzur-halovatini ostun-ustun qilib yuboruvchi bu ajabtovur voqealar xayolimda uzoq muddat saqlanib qolardi.
Vaqt o‘tishi bilan hayotimda ham shu tushdan keyin ayrim o‘zgarishlar yuz berardi. Mansabim oshardi yoki ilmiy ishlarimning ishlab chiqarishga tadbiq etilishi jadallashardi.
Qizig‘i shundaki, tushimda ko‘rganlarim o‘ngimda mavjud bo‘lgan hayotdagi ko‘rganlarimdan tubdan farq qilardi. Ya’ni tog‘lardagi yam-yashillik, yaylovlar, dar­yolar qirg‘og‘idagi o‘ziga xos go‘zalliklarni hayotim davomida ko‘p bor ko‘rgan bo‘lsam-da, tushimda ko‘rgan betakror kengliklarni, yashil vodiylarni, tag-tubi ko‘rinmaydigan jarliklarni, bahaybat osmonga tutashib ketgan tog‘larni ellik yoshdan oshibmanki, hali hayotda ko‘rgan emasman. Ehtimol, men bormagan mamlakatlarda bunaqa, ta’rifini so‘z bilan keltirib bo‘l­maydigan go‘shalar bordir. Bor bo‘lsa kinolarda ko‘­rardim, yo‘q deb o‘y­layman...
Hozir esa aynan ish joyimning hovlisida ish qizg‘in. Ko‘tarma kranlar mashinalarga har xil qu­rilish materiallarini yuklayapti. Ish bilan band odamlar shoshilib o‘ziga yuklatilgan topshiriqlarni bajarish bilan ovora. Maydonning eng to‘rida joylashgan pishiq g‘isht ishlab chiqarish bo‘limida ishchilar quyoshda qurigan xom g‘ishtlarni pishirish uchun xumdonlarga teryapti, ayrimlari esa tayyor bo‘lgan pishiq g‘ishtlarni avtoulovlarga yuklayapti. Keng maydonni sinchiklab kuzataman. Taxta, yog‘och, temirbeton buyumlari, shiferlar, oynalar har biri alohida-alohida tartib bilan, usti yopilgan, to‘rt tomoni ochiq ayvonlar ostiga joylashtirilgan. Shohbekat tomondan kirib kelayotgan, yuk ortilgan vagonlar temir yo‘l bo‘ylab temir panjaradan qilingan darvozadan ichkariga harakatlanib ko‘tarma kran ostidagi maydonga kelmoqda. Chamamda, tushlik vaqti bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak, ayrim ishchilar o‘z ish o‘rinlarida dasturxon yozishib, tamaddi qilishmoqda.
Kunbotar tomondagi ikki qavatli hashamdor binoga boqdim. Bu inshoat men ishlaydigan idora bo‘lib, uning ikkinchi qavatida joylashgan xonam ro‘parasiga kelib derazadan qaradim. Oynaga qo‘limni tekkizi­shim bilan ichkariga kirdim. Hamma anjomlar joy-joyida tartibli taxlangan. Stol ustidagi kitoblarga qaradim: she’riy to‘plamlar, badiiy asarlar, ikkinchi qatorda esa "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" hamda "Soliq va bojxona" gazetalarining yil boshidan beri chop etilgan sonlari xonamga salobat berib turardi. Bu gazeta va asarlarning hammasini o‘qiganman. Mening hayot yo‘llarimda hal qiluvchi tarbiyaviy rol o‘ynagan badiiy asarlar ko‘zimga mo‘‘jiza bo‘lib ko‘rinadi. Olib ko‘rmoqchi bo‘ldim, qo‘limga ololmadim... Hamma holat o‘ngimdagiday, faqat oyog‘im yerda emas. Tush ko‘rayapmanmi? O‘ylayman, nima uchun eshikni qo‘yib, oynadan kirdim? Borib eshikni itardim. Osongina yo‘lakka chiqdim. Eshik ochilmasa ham, meni ichkariga o‘tkazdi. Qabulxonada hech kim yo‘q. Demak, tushlikka chiqishgan. Boshliqning xonasiga o‘t­dim. Uyning to‘rida eman yog‘ochidan yasalgan, ish anjomlariga mo‘ljallangan, uzunligi o‘n metrlar keladigan qimmatbaho jigar rang mebel, sariq jigar rang stol, charm qoplangan oromkursi va ikki tomonga qator qilib stullar qo‘yilgan. Polda mebel rangiga mos eron gilami yozilgan. Chap tomondagi devor yuzida surat, o‘ng tomondagi devorga shiftdan polgacha oq rangdagi ipakdan to‘qilgan parda derazalarni to‘sib turibdi. Tepadagi uchta katta-katta qandil kunduz kuni bo‘lsa-da, yoqib qo‘yilgan. O‘ng qo‘l tomonda qo‘ldan bezak berib yasalgan chiroyli stol, ustida kattakon televizor. Mebelning kiyim ilishga mo‘ljallangan qismidan eshik orqali ichkari xonaga yo‘l borligini bilar edim. Qo‘limni tekkizib, boshliq dam oladigan xonaga kirdim.
Karim Suyarovich qip-qizil divanda yarim yalang‘och bo‘lib yotibdi. Mohira uning yelkasini hafsala bilan uqalayapti. Bemavrid kirib qolganimni sezdim-da, izim­ga qaytdim. Biroz vaqt o‘tib, xonaga yana kirdim.
Nega bular meni ko‘rmayapti, eshitmayapti...
"Hayf senlarga", – deb izimga qaytdim...
Og‘riq butun vujudimni, tanamni azoblay boshladi. Nima bo‘layapti? Men qaerdaman? Nega bu qadar dahshatli og‘riq miyamni yorib yuboray deyapti?
Hansirab, dodlab ko‘zimni ochdim. Ko‘zlari yoshga to‘la rafiqam tepamda egilib, oq mato bilan terga botgan badanimni artardi. Boshimdan to oyog‘imgacha go‘yo erib bitayotganday suv bo‘lib ketgan edim. Tanam chidab bo‘lmas darajada azoblanar, nima deb ba­qi­rayotganimni o‘zim ham bilmasdim...

* * *
Bolaligim o‘tgan, o‘z bag‘riga meni xuddi onamdek chorlovchi qishlog‘im tepasida parvoz qilib yuribman. Ovulimning u chetidan-bu chetiga osongina borib kelaman. Qishlog‘imni osmondan kuzatar ekanman, shimoli-sharq tomoniga qarab tepaliklar kattalashib ulkan tog‘larga ulanib ketgani, janubi-sharq qismida qiyalik kichrayib ayrim joylarida katta jarlik hosil bo‘lib, keyin g‘arbga qarab keng tekisliklarga ulanib Nishon cho‘li yayloviga qo‘shilib ketishi, jarlik hosil bo‘lgan joydan o‘tadigan ariq sharqqa qarab borilsa, G‘uzor daryosidan boshlanishini, g‘arbga qarab yurilsa, Qashqadaryoga quyilishini kuzatish mumkin edi.
Toshguzar. Bejizga bu qishloqni shunday atashmagan. Qadimda karvonlar qaysi yurtdan kelishsa ham, shu qishloq ustidan yoki yaqin atrofidan o‘tishgan. Bu qishloqning mozorida bobolarim, momolarim, otam, onam, opam, singillarim, menga yaqin bo‘lgan qa­rin­dosh-urug‘larim yotibdi...
Men qishlog‘im ustida ozod qushdek parvoz qi­lardim. Negadir yerga tushmasdim, yo tushgim kelmasdi. Ochiq havoda yayrab uchar ekanman, bolalikdan tanish bo‘lgan, men uchun qadrdon paxsa uylarning har biriga, hovlilarga, ko‘chaga, yo‘lakka, yo‘lga, yoriqqa, kemtiklarga, daraxtlarga, hayvonlarga, qushlarga, hasharotlarga alohida sog‘inch mehri bilan qarardim. Nima uchundir qishloqdoshlarim ko‘­rinmasdi. Ular qayoqqa ketishgan? Tun emaski, uxlayotgan bo‘lsa? Kunduz kuni. Quyosh charaqlab turibdi. Dalalarda ham ko‘rinishmaydi. Yo uylarida dam olishayaptimi? Qo‘y-qo‘zilar, sigir-bu­zoqlar, itu mushuklar, hatto ahyon-ahyonda kalamushlar ko‘zga tashlanadi. Odamlar ko‘rinmaydi. Ayniqsa, qishlog‘imizning chumchuqlari men bilan basma-basiga parvoz qilishdi. Musichalar esa daraxt shoxlariga qo‘nishib «ku-ku, ku-ku»larini maromiga yetkazib, bolalikda qanday eshitgan bo‘lsam, xuddi shunday kuylayotganini eshitaman.
Bu o‘ngimmi, tushimmi?! Men hayotni tark etdimmi? Xudoyim menga tug‘ilgan joyingdagilar bilan xayrlash, deb imkoniyat berayaptimi?
Osmonning bu qadar kengligini, yerning naqadar beadoqligini nahotki oldin bilmagan bo‘lsam. Shunday ajoyib qadrdon qishlog‘imni, kindik qonim to‘kil­gan go‘shamni, bolalarimni, oilamni, do‘st­la­rimni, qarindosh-urug‘larimni tashlab, sababsiz ketavera­manmi? Hali ularga ma’qul bo‘ladigan biron ish qilmadim-ku. Nahotki o‘lish shunchalar oson bo‘lsa. Jon chiqdi, yo‘qsan. Hech qachon qaytib kelmaysan....
Mana, ellik yoshdan oshibman-ku, biron elga madad beruvchi, odamlarning og‘irini yengil qiluvchi jo‘yali ish qilmabman. To‘rtta "biznesmen"ga ko‘rsatgan yo‘l-yo‘rig‘ing bilan maqtana olmaysan. Ularning hamyonini qappaytirding, xolos. Bu yog‘iga.... hali tirikmisan? Bu senga so‘nggi imkoniyat. Tangri taolo senga shuni ravo ko‘ribdimi, shunisiga ham shukur qil.
Qishlog‘imni sog‘inib keldim-ku. Ana, men tug‘ilgan uy huvillab, bukchayib, qiyshayib yotibdi. Uyning yog‘och­lari chirigan, tomi teshilgan, ko‘rimsiz, nochor ah­volda. Qirq yildirki, bu uyda hech kim yashamaydi. Uyni ota-onamning hurmati uchun ham qayta tiklash kerak...
Ko‘zimni ochdim, og‘riq badanimni o‘yib oladigan darajada chimillatar, men chidolmay baqirardim....
Rafiqam nigohini mendan uzmay jovdirab qarab turardi. Nazarimda mendan ko‘zlarini olsa, xayr-xo‘shlashmay dunyoni tark etgudek ayanchli holatda edim.
Xonani boshimga ko‘tarib dodlashimdan hamshira yugurib keldi. U menga yana tinchlantiruvchi, og‘riqni qoldiruvchi ukollar qilib, osoyishta holatga qay­tardi...
Yana parvoz qilaman. Endi o‘zim yotgan kasalxona ichida uchib yuribman.
Shifoxona ko‘zimga xunuk, befayz ko‘rindi. Hamma odamlar kasal, ularni davolashni shifokorlar ataylab cho‘zishayotganday, shunchaki o‘lib qolmasin deb nomigagina muolaja qilib qo‘yishadi. Har bir kasal tepasiga kelib sinchiklab qarayman. Oyog‘i chiqqan, kallasi yorilgan, umurtqasi singan, qo‘li osilgan bemorlar joy yo‘qligidan yo‘laklarga joylashtirilgan. Kimdir ingraydi, qichqiradi. Kimlarningdir onasini so‘kadi. Go‘yo mamlakatda urush ketayapti-yu, yaradorlar xonalarga sig‘maydi...
Hamshira qizlar girdikapalak:
– Qani endi hech bo‘lmasa og‘riqni qoldiradigan dori bo‘lsa, – deyishadi zorlanib...
Demak, og‘riqning oldini oladigan dori yo tanqis, yo topilmaydi. Topilsa ham, puli borlarga ravo ko‘­rishadi.
Shifokorlar xonasiga o‘taman. Bosh shifokor bo‘l­sa kerak, o‘ta jiddiy holatda, yuzida ozgina bo‘lsa ham xushfe’llik sezilmaydi. Oq xalatining tugmalari yechilgan, qo‘llarini havoga yoyib xodimlariga gap uqtirmoqda:
– Shifoxonada o‘lim bo‘lishi mumkin emas! Tushundinglarmi?! Agar kimning bo‘limidan o‘lik chiqsa, men bilan ishlamaydi!
Aynan shunday buyruqni bolalar shifoxonasiga qatnab yurganimda, nabiram zaharli virusdan tuzalmay, bu olam bilan vidolashganda eshitganman va tavba deb yoqa ushlaganman...
O‘rtada o‘tirgan ayol kishining ovozi eshitildi:
– Issiq jon. Qo‘limizdan kelganini qilayapmiz. Dori-darmon yetishmaydi. Allohning irodasi. Biz ban­dalar o‘lim oldida nima ham qila olardik. Ojizmiz.
– Jim! – qattiq gapirdi boyagi kishi. – Sizning va­zifangiz davolash! Iloji bo‘lmasa, uyiga javob bering! Uyida... kasalxonadan jo‘nating! Tamom-vassalom!
Erkak shifokorlar uning gapiga parvo qil­ma­dilar. Aftidan, bunaqa so‘zlarni eshitaverib pishib ketganlar. Gapirgan xotin shasht bilan o‘rnidan turdi.
– O‘rtoq Xolbozorov! Axir insof bilan o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. O‘lim to‘shagida jon talashayotgan bemorning odamlariga qanday qilib, "mening qo‘limdan kelmaydi davolash", deymiz. Bu bizning qasamyodimizga zid narsa-ku?! Baxtsiz hodisaga yo‘liqqan bemorlarning aybi nima?! Kimnidir mashina urib ketgan, kimdir tomdan tushib jarohatlangan. Ularning orasida qaysi qachon o‘lishini biz bilmaymiz-ku?! Undan ko‘ra dori-darmon topib, bizga yordam bering. Ularni oyoqqa qo‘yish choralarini izlash biz, shifokorlarning burchi emasmi?
Ayolning chimirilgan qoshlari yoy shakliga keldi, ko‘zlaridagi nafrat o‘ti bosh shifokorga qadaldi. Agar iloji bo‘lsa bosh shifokorga achitib gapirishdan ham tap tortmas edi.
Xolbozorov deganlari taraddudlanib, ovozini pasaytirdi, xushmuomalalik bilan:
– Komila Avazova, siz meni noto‘g‘ri tushundingiz. Marhamat, davolang. Dori-darmonga kelsak, imkoni boricha berayapmiz. Topilmaganini kasalning yaqin­la­riga aytib keltirtiring. Hozir nima ko‘p, dorixona ko‘p, istagan dorini topsa bo‘ladi. O‘lim bo‘lmasin deyapman. Tushundingizmi?!
Bu mojarodan charchab, kasalxonadan ochiq havoga chiqdim. Havo issiq. Shaharni shovqiniga ko‘mib qat­nayotgan avtoulovlarning son-sanog‘i yo‘q. Shahar tutun ichida qolgan. Bu qora quyun uylar ustida erkin suzib yurardi. Istab-istamay parvoz qilarkanman, havosi tiniq joyni izlay boshladim. Uzoqda, shahar chekkasida, xayolimda go‘yo nur taratayotgan g‘aroyib joyni ko‘rdim. Shu tomonga qarab burqsigan havo ichida suzar ekanman, havosi yomon joylarda ishlayotgan odamlarga achinib ketdim.
Shaharning qishloq bilan tutashib ketgan qismiga uchib bordim. Bu toza maskan, o‘zim his qilganimday, qabriston edi.
Pishiq g‘ishtdan baland qilib qurilgan darvoza ustidan uchib o‘tarkanman, sokinlik chulg‘ab oldi meni, osuda, shovqin-suronsiz bu hayot, o‘zga bir olamday, aba­diyatni eslatadi.
Toza havo, ko‘m-ko‘k daraxtlar, yam-yashil archalar, oq, qizil, sariq, qirmizi, binafsha rangdagi gullar, marhumlar yodi uchun yodgorlikmiz deganday boshlarini egib salom berishadi. Keyin qabrlar boshlanadi. Hayotning haqiqat, qadriyat degan qonunlari shu yerda amal qiladi. Hech kim hech kimdan kam emas. To‘g‘ri, ayrim insonlar bahaybat toshlar qo‘yib qabrlarni tabaqalarga ajratib yuborishgan. Uning ostida yotganlar – u rahbarmi, olimmi, ziyolimi, oddiy meh­nat­kashmi, barchasining yotgan joyi bir.
Bu yerga o‘z yaqinlarini qo‘ygani kelgan odamlar bir muddat bo‘lsa-da, o‘zligiga qaytadi. Qilgan gunohlarini ko‘z oldidan o‘tkazadi. U dunyoda beriladigan azoblar to‘g‘risida xayolga cho‘madi. Kim ekanligini, shu maskanga bir kuni baribir kelishini anglaydi. O‘zini o‘zi koyiydi. Bu muqaddas joyga hamma tirikligida kam keladi. Kimdir momosini, onasini, opasini, singlisini, bobosini, otasini, akasini, ukasini, nabirasini, hamshaharlarini, mahalladoshlarini, hamsoyasini tirik odamlar qurshovida, yelkalarda olib kelib tuproqqa qo‘ygan.
Supurilgan yo‘laklardan borar ekanman, marmar toshga ishlangan suratli qabrlar, har biriga alohida tug‘ilgan yili, vafot etgan sanasi, ismi-sharifi o‘yib yozilgan. Ular Alloh ixtiyoriga topshirilgan.
Katta-kichik qabrlar ustidan o‘tarkanman, yonma-yon qo‘yilgan, hatto bir-birining ustiga tushib qolgan, ilma-teshik, qarovsiz qabrlarga ko‘zim tushdi. Ha, inson tuproqdan paydo bo‘lib, shu tuproqqa qaytishi barchamizga ma’lum.
Nabiramning mittigina qabrchasi oldida turib­man. Sakkiz oy, sakkiz kun, sakkiz soat, sakkiz da­qi­qagina nafas olgan jajji go‘dakka, Xudoyim ne­ga shunchagina kunni ravo ko‘rdi ekan? O‘ziga kerak bo‘­libdi, o‘zi olibdi. Bu begunoh, norasida chaqaloqda nima ayb bor ediki, Tangrim uning ota-onasiga shu jazoni ravo ko‘rdi? Yoki ularning bilib-bilmay qilgan gunohlari evaziga shu nabiramni qurbonlik qilishga undadimi? Ey Xudo, bu jumboqlarning siru asrori O‘zingga ayon! Kechir biz gunohkor, osiy bandalaringni!..
Mozoristondagi sokinlik, osoyishtalik tirik-likka rahna soluvchi ajalday ko‘rinadi ko‘zimga.
Quyosh o‘z nurini ayamay tikka tushirib turardi, u qabr ustidagi bahorda o‘sgan maysa o‘tlarni o‘z taf­ti bilan qovjiratib, sap-sariq rangga bo‘yagan. Qab­ristonning boshlanishidagi manzara bilan o‘r­tasidagi ko‘rimsiz holat yer bilan osmonchalik masofada edi. Aslida esa bor-yo‘g‘i besh yuz-olti yuz metr uzoqlikda bo‘lgan bu ikki holat dunyoning tabaqaga bo‘linganini eslatardi. Bir tomchi suvni, bir tola ko‘k giyohni ko‘rmadim...
Nabiramning qabrchasi ustida turar ekanman, o‘zimni-o‘zim koyiy boshladim.
– Qo‘lidan hech bir ish kelmagan bobongni kechir! Seni omon saqlab qololmadim. Besh qo‘lini og‘­ziga tiqqan, egniga oq xalat kiyib yurgan ayrim ol­g‘irlarning kasofati bilan sen va senga o‘xshagan go‘daklar umri zavol bo‘lmoqda. Tug‘ruqxonalarda tir­­noqlarini o‘stirib, duch kelgan chet el bo‘yoqlarini chaplab yurgan satanglarning oldini qaytarib bo‘l­madi. Bo‘yinlariga taqilgan tillo, brilliant ta­qin­choqlarda botmon-botmon zaharli viruslar borligini aytib ishontira olmadim. Ularni endigina dunyoga kelayotgan chaqaloqlarning, ota-onalar, momo-bobolar qarshisiga "o‘g‘il tug‘ildi, qiz tug‘ildi" deb, «suyunchi bering»lab yugurishi, olam sevinchlariga sherik bo‘lishi gunohlarini oqlay olmaydi...
– Nabiraginam, sen yashashing mumkin edi. Agar doya "opang" kindigingni kesayotganda yoki shamollab qolganingda ukol qilayotganda qo‘lidagi asbobiga yuqumli viruslarni yuqtirmay, ozoda ishlaganda, ajal komiga tushmasding. Sen yasharding. Albatta, yasharding. Gung, ko‘r, kar bobongni qancha ayblasang ham oz. Endi sen qaytib kelmaysan. Mening gunohlarim esa kattalashib bormoqda...
Ko‘zimni ochdim. Tepamda shoir turardi.
– Xo‘sh, Erqor aka! Ahvollar joyidami? Men bilan muloqot qilishga tayyormisiz?! Gap bunday, men tergovchi Qodir Allayorov bilan suhbatlashdim. U kishi sizning sog‘ayishingizni kutayapti. Bu ish uzoq cho‘zilsa kerak. Yetuk shifokor olimlarning xulosasiga ko‘ra, o‘zingizni avaylasangiz, asablaringizni tarang­lashtiradigan o‘y-xayollardan yiroq bo‘lsangiz, miyaning asl holatiga qaytishi tezlashar ekan. Jinoyatchi albatta topiladi. Bunga ishonchim komil. Sizni bir oz vaqtdan keyin Namangan viloyatiga olib ketaman. U yerda dam oladigan joylar ko‘p. Bir oy o‘zingizga qaraysiz. Bu haqda bosh shifokor, tergovchi bilan kelishib olishim kerak. Oilangiz ruxsat berdi.
Shoir mening roziligimni kutmay chiqib ketdi. Xotinim tashvishlanib ichkariga kirdi. Uning yuzidagi horg‘inlik charchoqdan emas, u negadir tashvishli ko‘rinar edi.
– Elyorjonning gapiga nima deysiz? Borasizmi vodiyga?! U meni ishontirdi. Siz sog‘-omon bo‘lsangiz bo‘lgani, – dedi horg‘in jilmayib.
– Boshlig‘ingiz Karim Suyarovich kelgan. Siz bilan gaplashmoqchi. Kirsinmi yo boshqa kunga qoldirasizmi? Ayolimning bu xonaga Karim Suyarovichni kiritgisi kelmayotgani ko‘zlaridan bilinib turardi.
– Mayli, kirsin, – dedim. Xotinim Karim Suyarovichni boshlab kelib, chiqib ketdi. Karim Suyarovich men bilan quyuq salomlashdi. Gapni cho‘zmay maqsadga o‘tdi.
– Erqor aka, sizni akam deganman, bor gapni aytsam ishonmaysiz. Tergovchi Qodir Allayorov bu ishni o‘zing uyushtirgansan, vaziyatga qanday yondashmay kalavaning uchi senga taqaladi, dedi. Hayronman, siz bilan, mana, qancha yillardan beri birga ishlaymiz, hamisha og‘a-inidek hamfikr, hamjihat bo‘lganmiz. O‘zimga-o‘zim tinmay savol beraman. Bu qabih ishni kim qilishi mumkin? Tepasida turgan odam kim? Idoraga notanish odam kirgan bo‘lsa, nega qorovul ko‘rmagan? Kotibam Mohira-chi, u qaerda bo‘lgan? Uni hech kim ko‘rmagan. G‘oyibdagi bu odamning asl maqsadi nima? Erqor aka, bu javobsiz savollar meni tamom qildi. Tergovchining ikkilanmay mendan gumon qilishi ortiqcha. Mohirani, o‘sha kuni navbatda turgan qorovulni ishdan haydayman. Ular aynan siz jabr ko‘rgan soniyada yo‘q edik deyishayapti. Nima uchun ish joylarida o‘tirishmaydi? Nazarimda Mohira nimanidir biladi, lekin aytmayapti. Tergovchi Mohirani, qo­rovulni tinmay so‘roq qilayapti. Men bilan Mohira o‘rtasidagi yaqinlik qisman sizga ham ayon. Agar Mohira shu haqda tergovchiga gullasa, bularni o‘zingiz bilasiz, meni "shiladilar", bor-budimni talab, keyin tinchiydilar. Umuman, mana bir oydirki, na yeyishimda, na ichishimda halovat bor. Qayoqqa bosh urishimni bilmay oldingizga keldim.
Tanamda kechayotgan sim-sim og‘riq bir oz yo‘­qol­ganday bo‘ldi. Karim Suyarovichning so‘zlariga chal­g‘iganim uchunmi, o‘zimni ancha yengil his qila boshladim.
"Tergovchiga bahona kerak, yaxshigina "semiz baliq" qarmog‘iga ilindi. Endi uni qanday yeyishini o‘ylayapti. Uning ishtahasi baland. Ha, sizga juda qiyin bo‘ldi, Karim Suyarovich", o‘ylardim o‘zimcha.
– Karim Suyarovich! Siz bezovta bo‘lmang, axir bu ishga sizning zarracha ham aloqangiz yo‘qligini juda yaxshi bilaman. Bir chorasini topamiz. Siz tashvishlanmang, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Qani endi aytganingizdek bo‘lsa, Erqor aka!
Uning yuzi so‘lg‘inlashib, ko‘zlarida esa bostirib kelayotgan tashvishli falokatdan darak beruvchi qo‘rquv aks etgan edi. Juda ezilgan, g‘amgin qiyofada xonadan chiqib ketdi. Xotinimga dori-darmonga deb, anchagina pulni, olmayman desa ham, qoldirib ketibdi.
Oylar o‘tishi bilan sog‘ligim tiklana boshladi. Boshimdagi dokalarni olib tashlashdi. Xonada u yoq­dan-bu yoqqa bemalol yura boshladim. Har zamonda boshim zirqirab, ko‘zlarimning tinishini hisobga olmasa, ahvolim ancha tetik edi. Xotinim, farzandlarim xursand, uyga olib ketish taraddudida yurardilar.
Xonaga qizim kirib keldi. Uning ko‘zlaridagi hazinlik hali ketmagan. Bundan uch oy oldin sakkiz oylik o‘g‘ilchasidan ayrilganini o‘ylasam, bu og‘riqlar holva ekanligini tushunardim. Ayniqsa, ona uchun bu fojeaning og‘irligini, kechayu kunduz allalab, yeru ko‘kka ishonmagan go‘dagini tuproqqa qo‘yib, dodini kimga aytishini bilmay, telbalarcha o‘zi bilan o‘zi gap­lashib taqdirga tan berishning o‘zi bo‘ladimi. Guvohi bo‘ldim-ku, farzandini bolalar shifoxonasida davolatish uchun bor-budini berib ham olib qololmadi. "Stafilakok" degan balo go‘dakni o‘z domiga tortib ketdi. Eh, qizginam, senga qiyin, juda qiyin. Nima qila olarding, taqdirda shu ko‘rgulik bor ekan, degan o‘y xayolimdan o‘tar ekan, uni yupatishga so‘z axtardim. Ko‘zlarim jiqqa yosh, unga bu holatimni ko‘rsatmaslik niyatida, uni bag‘rimga oldim. O‘zimni tutib olguncha quchog‘imdan bo‘shatmay, nihoyat tilga kirdim:
– Mana, men ham soppa-sog‘man, nasib bo‘lsa uyga ketamiz. Shirin-shirin ovqatlar qilib berasan, – dedim uni ham, o‘zimni ham yupatib.
Qizim yum-yum yig‘lardi. Uning vujudida bir umrga o‘chmas iz qoldirgan dardining davosiz ekanligini bilardim. Faqat, oz bo‘lsa-da, bu azobni vaqt davolaydi. Taqdirga tan berib yashash, yana farzandli bo‘lishi, yillarning o‘tishi jarayonida bu kulfatlarni unutish mumkin bo‘lar. Lekin u qaro kunni hech qachon butkul unutib bo‘lmaydi....
Qizimning birinchi bolasi edi. Uning kulishlari, jajji qo‘llarini boshi uzra harakatlantirib osmonga talpinishi, ko‘zingizga ma’noli qarashlari, assalom deb qo‘l cho‘zsangiz, qo‘lchalari bilan salom berishi.... Musiqa qo‘yganda, ohangiga mahliyo bo‘lib orom olib uxlashi, kuyni pasaytirganda, ko‘zlarini ochib qaytadan qo‘yinglar, deganday qo‘llarini havoda o‘ynatib tipirchilashlari – bu daqiqalarni yoddan chi­qarib bo‘larmikin?!
– Qizim, bilaman, seni yaxshi tushunaman, irodali bo‘l. Senga ota sifatida aytadigan so‘zim shu.
– Men yaxshiman, otajon! Siz eson-omon ekansiz, yana ham yaxshi bo‘laman.
– Rahmat, ona qizim!
Xonaga rafiqam, kuyovim, o‘g‘illarim, kichik qi­zim kirib kelishdi. Biz oilaviy jamuljam edik. Ham­maning yuzida sevinch alomatlari barq urardi...

* * *
Bu ko‘ngilsiz voqealar qanday sodir bo‘l­ganiga aqlim yetmasdi. Oilam, oshna-og‘aynilar, qa­rindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar – barcha-barcha hay­ron. Men katta biznesmen bo‘lmasam yoki biror kalon­dimog‘ boyvachchaning g‘ashiga tekkanim yo‘q.
Men kasalxonada ikki oy deganda ozgina bo‘lsa ham o‘zimga keldim. Bilib turibman. Shoir bo‘l­ma­ganda, (avvalo Xudo) azbaroyi shu oliyhimmat shifokorlar sababchi bo‘lib jonimga aro kirmaganda, bu dunyo bilan manguga xayrlashgan bo‘lar edim. Hali taqdirimda yashash bor ekan, hayot-mamot olishuvidan omon chiqdim. Boshimga yog‘ilgan bu balo-qazo chekinganday bo‘lsa-da, o‘zimni u darajada sog‘lom his qilolmasdim. Har qalay shu ikki oydan oshiq davom etgan ana ketdi – mana ketdilardan so‘ng xavfdan yiroqlashganimni seza boshladim. Tanamdagi kuchli azob haddan tashqari meni qiynamoqda. Xotinim oldimga kelgan qarindosh-urug‘larni kiritmas, faqat farzandlarim kuniga bir mahal kelib ko‘rishishlariga ruxsat berib, shifokor bo‘lgani uchunmi, nazoratni qo‘lga olib, o‘zi o‘rnatgan tartib-qoidaning buzilishiga yo‘l qo‘ymasdi.
Shunday kunlarning birida, cha­­mamda yoshi qirq­lardan oshgan, baland bo‘yli, ba­quv­vat, formasi o‘ziga yarashgan kishi xizmatdagi mayor Qo­dir Allayorov bo‘­laman deb xonaga kirib keldi. U o‘ta muhim ishlar bo‘yicha bosh tergovchi ekanini, men bilan bog‘liq jinoyat ishi uning zimmasidaligini tushuntirdi. U mendan shu ishga aloqador ayrim muhim jihatlarni bilishi, bu jinoiy ishning tezroq ochilishida mening ko‘rsatmam katta ahamiyatga ega ekanligini tushuntirdi-da:
– Yashirmay, o‘zingiz gumon qilgan odamlar haqida bilganlaringizni, ularning ism-familiyalarini, qa­er­da yashashini, ishlashini aytishingiz kerak, – dedi.
 Men bu tergov bo‘yicha hech qanday ma’lumot bera olmasligimni, o‘zim tanigan kishilardan shubham yo‘q­ligini soddagina qilib tushuntirdim.
U ajablanib:
– O‘zingiz o‘ylang, bu falokat qayta ro‘y bermaydimi? – dedi kinoya bilan. Uning ko‘ziga tikildim. Ishxonamda oxirgi kuni sodir bo‘lgan voqeani so‘zlab berdim. U har bir harakatimni sinchiklab kuzatayotganini, so‘zlarimdan o‘ziga kerakli bo‘lgan tafsilotlarni izlayotganini sezdim.
Qodir Allayorov so‘zimni bo‘lib:
– Boshlig‘ingiz haqida qanday fikrdasiz? Ish yuzasidan tortishib qolganlaringda sizga nisbatan adovatini sezmaganmisiz? – deb so‘radi.
– Yo‘q, u odam haqida bunday bema’ni xayolga bormayman. Siz ham Karim Suyarovich to‘g‘risidagi gumonlaringizdan voz kechsangiz yaxshi bo‘lar edi, – dedim bir oz asabiylashib:
– Bizning vazifamiz, shubha-gumonlar qur­sho­vi­dan jinoyatchini sug‘urib olish. Jinoyatchi hech qachon, bu jinoyatni men uyushtirganman yoki men qilganman, deb aytmaydi. Sizni qiynayotgan, sizga tinchlik bermayotgan o‘y-fikrlaringizni yashirmay menga aytishin­giz kerak. Axir, farishta emassiz. Sizning ham ra­qiblaringiz bor, olim odam ekansiz. Bu jinoyatning ochilishi asosan o‘zingizga bog‘liqligini unutmang.
– Buguncha yetadi, – deb u o‘rnidan turdi.
– Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, mana mening tashrif qog‘ozim. Xohlagan vaqtingizda qo‘ng‘iroq qiling. Mening vazifam jinoyatchini topish. Topaman ham. Omon bo‘ling, – deb chiqib ketdi.
Uzoq o‘yladim. Bu voqea nega sodir bo‘ldi? Uyushtirishdimi? Nima uchun? Kim tomonidan?
Bosib o‘tgan hayot yo‘limni o‘zimcha taftish qilar ekanman, biron kimsaga yomonlikni ravo ko‘rmaganimni, qo‘limdan keladigan darajada, imkonim boricha yaxshilik qilganimni, o‘zimga yaqin tutgan odamlarni hamma sohada, hamma joyda qo‘llab-quvvatlaganimni bir-bir eslab chiqdim. O‘shalar orasida raqiblarim ham bor edimi? Raqib deb bo‘lmaydi-yu, ish yuzasidan bo‘lgan ayrim kelishmovchiliklarni nazarda tutmasa, jiqqa musht bo‘lib qilgan kurashlar hayotimda bo‘lmagan. Doim kamtarona yashaganman. Boylikka, ayolga, shon-shuhratga, mansabga o‘ch bo‘lmaganman.
Yaxshi yashashni, to‘kin hayot kechirishni bolaligim-dan to hozirgacha orzu qilaman. Bu orzular mening ichimda kurtak ochganu, ulg‘aymagan, o‘rniga sabr, bardosh, ko‘nikish hissiyotlari bilan almashgan. Kechirgan umr yo‘llarimni diqqat bilan kuzatar ekanman, esimni taniganimdan beri vujudimda kechayotgan jarayonlarni (g‘alayon desa bo‘lmaydi) dardlashadigan sirdoshim Shoirdan boshqa kimsaga aytmaganman. Endi telefonga kelsak, uning paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Agar hukumat odamlari bu tuzoqni qo‘ygan bo‘lishganda, chaqirib olib, «Sen bizlarga kerak ekansan, yurtni o‘g‘rilar bosib ketishdi, birga ishlaylik», degan bo‘lar edi.
Menga qilingan bu suiqasdning tagida nima yotibdi?!
Mansab ilinjida talashganlar, bir-birlarini yo‘qotish niyatida turli o‘yinlarni o‘ylab topishgan, masalan, mehmondorchilikda ovqatiga yoki ichadigan arog‘iga, choyiga zahar qo‘shib, o‘ldirib ba’zan chiroyli ayol yollab, obro‘yini (o‘zi yo‘q) tushirib qutulishgan. Men-chi, mansabdor bo‘lmasam, bosh hisobchilik bir vaqtlar mansab hisoblansa-da, hozirgi kunda martaba hisoblanmaydi, oddiy xizmatchi vazifasini o‘tayapman xolos.
Zimdan o‘zgalarga choh qazuvchilar har zamonlarda bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Bu endi umuman boshqa olam. Bu olam mening g‘arib va beg‘ubor olamimga to‘g‘ri kelmaydi...
Telefon qaerda ekan? Telefonim to‘g‘risida o‘y­lay boshladim. Xayolimga cho‘ntak telefonimda uzun­­dan-uzoq vaysagan kezlarim keldi. Eh­timol, te­le­fondagi do‘stim men bilan o‘tkazgan g‘o­yibona suh­bat­larimning hosilini hadya qilgandir...
Xonaga katta qizim Dilbar kirib keldi. Meni o‘pib qo‘yar ekan, kayfiyati ancha yaxshi edi.
– Onam bugun ishga chiqdilar. Sizga endi men qarayman, – u o‘ng qo‘li bilan boshimni mehribonlarcha siladi.
– Yaxshi, qizim. Mening cho‘ntak telefonimni ko‘r­madingmi?– deb so‘radim.
– Yo‘q. Onam biron joyga yashirib qo‘ygan bo‘­lish­lari mumkin.
– Unday bo‘lsa, onangning oldiga bor, qo‘l telefonimni topgin-da, menga olib kel.
– Onam tushlikda oldingizga keladilar. Shunda so‘raymiz. Onam menga otangning oldidan jilmagin, deb tayinladilar.
– Sen boraver, hozir sog‘ligim yaxshi. Bir soatda borib kelasan. Menga telefon juda ham zarur, qizim.
– Mana, mening telefonimdan foydalaning, – deb o‘zining qo‘l telefonini uzatdi qizim.
– Yo‘q, qizim. Sen aytganimni qil-da, telefonimni topib kel. Telefonda men qo‘ng‘iroq qiladigan raqamlar yozilgan, – deb qizimni xonadan chiqarib yubordim.
Xayolimni telefonda har kuni bir soatlab qi­lingan suhbatlar egalladi. Nega men dabdurustdan dardlarimni telefonga to‘kib soldim?
Kimdir o‘ylarimni o‘yinchoq qilish maqsadida ataylab uyushtirgani aniq. Shuncha ham sodda bo‘­la­manmi? Nahotki shu oddiy haqiqatga farosatim yetmadi, a? O‘zi qo‘rqoq odam bo‘lsam. "Devorning qulog‘i bor", degan naqlga ishonar edim. Eh, galvars Erqor! Qanday jin urdi seni? Hech bo‘lmaganda o‘zing bilan o‘zing hasratlashib yashasang bo‘ladi-ku. Seni qiynayotgan, har kuni tumshug‘ingning ostidan "labbay" deb chiqayotgan muammolarni, javobsiz savollarni qog‘ozga to‘kib, shu jonsiz qog‘oz bilan dardlashganingda boshingga bunday balolar tushmasmidi? Telefonda ovozimni yozib olishgan bo‘lsa, nima bo‘ladi? Bildimki, men katta xatoga yo‘l qo‘ygandim.
Qani endi, yurakda yig‘ilib yotgan qat-qat alamu iztiroblarni to‘kkaning bilan muhit o‘zgarib qolsa. Afsuslar bo‘lsinki bu dardu alamlaring senga qarshi bosh ko‘taradi. Kurashib ko‘r-chi. Kim bilan kurashasan? Ichingdagi yovvoyi odam seni shunday tuzlaydiki, tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan. Uni yo‘qotishning iloji yo‘q. Bekorga aytmagan: "O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir1", deb. Tashqarida esa senga qarab turgan bir o‘ldirsa-o‘ldiradiki, dardingni tushunmaydi. O‘lib ketasanmi, parvoyiga ham kelmaydi. "Palonchining boshiga urib ishxonasida o‘ldirishibdi", "Pis­tonchini mehmondorchilikda zaharlashibdi", "Anavi bor-ku, yo‘lda mashinasida halokatga uchrabdi"... Bir balosi bordirki, ular kasofatga uchrayapti, degan uzundan-uzoq mish-mishlarni to‘qishib, bo‘lmag‘ur illatlarni yopishtirib go‘riga g‘isht qalashadi. O‘z ajali bilan qarib o‘lganlarga esa "yoshini yashab, oshini oshadi", "bechoraning armoni qolmadi", "Palonchining to‘yi bu"... (to‘y ham bo‘ladimi) degan iboralar bilan qo‘lini qovushtirib, saf-saf bo‘lib janozaga kelishadi. Duoyi fotiha qilishadi.
O‘lim... Kishi to‘rt harfdan iborat shu so‘zni eslasa, badani jimirlab seskanib ketadi. Cho‘chib tushadi.
O‘lim shunchalik qo‘rqinchlimi?!
Miyamda aylanayotgan tuturuqsiz savollar girdobidan zo‘rg‘a qutuldim. "Qiziq, odamni nima bosh­qaradi?" deb o‘yladim. Insonni g‘ayriqonuniy bir kuch boshqarishi aniq.
Ongmi?
Ong insonni chalg‘itadi. Ong toifaga bo‘linadi. Oliy ong (komil), o‘rta ong, keyin ongsizlik ham mavjud. O‘rta ongli bo‘lish, odamga yaxshilik olib kelish bilan birga yomonlik ham olib keladi. Yaxshilik keltirgani, kishi o‘zini anglaydi, yashashdan maqsad nimaligini tushunadi. O‘z oldidagi burch, qadriyatlarning faqat insonga xos ekanligini e’tirof etadi. Yomonligi: bilib turib, ongli ravishda gunohlarni ko‘pay­tiradi...
Oliy ong insonni ezgulikka undaydi, bunga erishish juda mashaqqat.
Vijdonmi?
Vijdon boshqarganda, turmush boshqacha bo‘lar edi.
Kuchmi?
Kuch ham boshqarmaydi.
Yovuzlikmi?
Yovuzlik yovuzlikdan tug‘iladigan illat xolos.
Bu haqda odamzot million yildan beri o‘ylaydi.
Go‘zallikmi?
"Go‘zallik dunyoni qutqaradi" deyishadi. Xo‘sh, nimadan qutqaradi? Yovuzlikdanmi? Qutqarsa, shu vaqt­gacha qutqarar edi-da.
Qonunlarmi?
O‘zimiz o‘ylab topgan qonunlarning qo‘li kalta, u inson zotining botiniga kira olmaydi.
Ilmmi?
U ongning mahsuli, insonni boshqarishga ojiz.
Nafsmi?
Nafs odamni tubanlikka yetaklaydi.
Bunaqa savollar uzluksiz, oldinma-keyin, zinama-zina goh pastga, goh tepaga ko‘tarilib, o‘ylasa tubiga yetib bo‘lmaydigan o‘pqonday domiga tortaveradi.
Odamning ruhiyati, ichki olami shu qadar murakkab jarayonki, uni anglash, his qilish, tubiga yetishning imkoni yo‘q...
Imkonning bir qirrasida o‘zini-o‘zi taftish qi­lish, o‘zini-o‘zi anglash, qilgan gunohlaridan azoblanish, undan aziyat chekish oxir-oqibat qo‘rquvga olib keladi.
Odamni qo‘rquv boshqaradi.
Qo‘rquv yoshlikda pardalangan, ko‘rinmas iplar bilan bog‘langan, har yoqda o‘zini namoyon etmaydigan darajada jilovlangan bo‘ladi. Odam ulg‘aygani sari, qo‘rquv ham kattalashib, iplarini asta-sekin uza boshlaydi, keyin vujudni egallab oladi.
Qo‘rquv inson ruhiyatiga o‘tib, uni aql tasavvur qilmaydigan darajada risoladagidek boshqaradi. Odamlar qo‘rquvni goh tan olib, goh tan olmay, qilgan gunohlarini poklash uchun tavba-tazarru qilishadi. Gunoh qilishdan qo‘rqishib – gunoh qilishadi.
Qo‘rquvning turi ming xil bo‘lmasin uning rangi, ta’mi bir xil. U insonni boshqaradi. Oqibat bitta manzilga yetaklaydi. Bu manzil Xudoga yuzlanishdir...
Boshimda qattiq og‘riq turdi. Miyamdagi sim-sim azobning hali-veri to‘xtamasligini sezar ekanman, go‘yo bir to‘da ignalarni boshimga kimdir sekin-sekin suqib olayotganday, keyin esa tezlashib, katta juvoldiz, bigizlarni ayamasdan oldinma-keyin sanchayotganday og‘riq zo‘raygandan zo‘rayib borardi... Ovozimning boricha dodladim. Hamshira qiz yugurib keldi.
– Tog‘ajon, nima bo‘ldi?
Ko‘zlarim olayib, uning savoliga javob berolmadim. Hansirab, og‘riqni to‘xtatuvchi ukoldan qilishini so‘radim...

* * *
Nihoyat, uyga qaytdim. Ko‘ngil so‘rashga kelayotgan qarindosh-urug‘lar, oshna-og‘aynilar men bilan bog‘liq mojaroni bilishni istashardi, men esam ularga o‘zim bilgancha (albatta telefon haqida lom-mim demasdan) bo‘lgan voqeani tushuntiraverib charchadim. Qo‘l telefonim esa g‘oyib bo‘ldi.
Karim Suyarovich kunora, kechki paytda kelar edi. O‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni bir boshidan so‘zlab berar edi. Bir gal juda kech keldi. Salomlashib, tergovchining oldidan kelayotganini aytdi:
– Erqor aka! Ish shu darajaga bordiki, Mohirani agar menga qarshi ko‘rsatma bermasang, hibsga olaman, deb qo‘rqitibdi. U hali yosh, qayoqqa qayirsa, buriladi, o‘ta nozik va qo‘rqoq. Unga: "Vahimaga tushma, axir sening hech narsadan xabaring yo‘q-ku? Yo shu voqea haqida biron narsani bilasanmi?" – dedim, u bo‘lsa:
– Tergovchi agar shu voqeada Karim Suyarovichning qo‘li bor demasang, sening bo‘yningga qo‘yaman, seni o‘ynash qilib yurganini ham bilaman. Men aytganimday ko‘rsatma ber-da, o‘zingni chetga ol. Senga uch kun muhlat. Agar aytganimni qilmasang, sen ham qamalasan, Karim Suyarovich ham qamaladi, – debdi.
– Mohira yolg‘on aytayotgandir. Sizdan biron narsa undirish niyatida to‘qiyotgandir?! – deyman unga qan­day tasalli berishni bilmay.
– Yo‘q, Erqor aka! Tergovchining menga qilayotgan ortiqcha harakatlari, soatlab tun yarmigacha olib o‘ti­rishi Mohiraning so‘zlarini tasdiqlaydi. Allayorov: «Sizning boshingizni kotibangiz "ey­di", deb sha’ma qiladi.
– Tergovchi sizni shunchaki qo‘rqitayotgan bo‘lishi mumkin. Kalavaning uchini topolmayotganidan gumon qilib, shu yo‘lga o‘tgan. U menga ham shunga o‘xshash allanarsalarni aytdi, sizning bu voqeaga aloqangiz borligini isbotlashga urindi. Ko‘rasiz, jinoyatchi topiladi. Hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi. Chidamli bo‘ling, – dedim.
– Qani endi, tezroq topilsa, judayam charchab ketdim. O‘zimniyam ayblarim ko‘p, qaerdanam shu Mohiraga ilashdim. Afsus qilganim bilan foydasi yo‘q. Tergovchiga katta pul va’da qildim. U battar tutaqib, bir gap borki pul va’da qilayapsiz, buning tagiga albatta yetaman. Tashkilotingizning besh yillik faoliyatini qayta tekshirib, soliqdan yashirgan qing‘ir ishlaringizni ochaman. Chuchvarani xom sanabsiz, mendan osonlikcha qutulmaysiz, mulkingizni davlat foydasiga musodara qilib, o‘zingizni panjara orqasiga o‘tqazaman, deb po‘pisa qildi.
– Bekor qilibsiz. Xatongiz shuki, hamma narsani pul bilan hal qilsa bo‘ladi, deb o‘ylaysiz. Unday yo‘l tutmasligingiz kerak edi. O‘zingiz ishni chuvalash-ti­ribsiz-da!
– Nima qilay, Erqor aka! Axir mening oilam bor, bolalarim katta-katta bo‘lib qolishgan. Bu sharmandalikdan qutulish uchun hamma narsaga tayyorman. Tergovchi esa Mohiradan ustalik bilan foydalanayapti. Menga qarshi ko‘rsatma olishga albatta erishadi, ke­yin ko‘ring o‘yinni. Bu sharmandalikka qanday chidayman? Bolalarim oldida nima degan odam bo‘laman! Hatto, bu gaplarni otamga ham ayta olmayman. Boshim qotdi. Miyam vahimali o‘ylarga to‘lib, o‘zimni-o‘zim boshqarolmay qoldim.
– Bo‘lari bo‘ldi. Ertaga tergovchiga borib, bilganingni qil, bu voqealarga mening aloqam yo‘q deb ayting. So‘zingizda turib oling. Bu ishlarga aloqangiz yo‘qligiga uni ishontiring. Boshqa yo‘l yo‘q. Bo‘lmasa pulingizni ham oladi, sharmanda ham qiladi, – dedim unga tasalli berishning boshqa chorasini topolmay.
Karim Suyarovich boshini egganicha chiqib ketdi.

* * *
O‘zi shifokor bo‘lgani uchunmi, rafiqam meni parvarish qilishga o‘ta mas’uliyat bilan yondashardi. Shifoxonadan kelgan kunimdan, mehnat ta’tiliga chiqib oldi. Har kuni boshimdagi dokalarni yechib muolaja qilar, o‘z vaqtida ovqat yedirar, dam olishimni, ochiq havoda sayr qilishimni, xullas, kasalxonadagidek rejimga o‘ta amal qilgan holda meni avaylab, asrardi. Bu mehribonliklar menga kerakligini u juda yaxshi bilardi.
Haqiqatan ham, u mana o‘ttiz besh yildirki, mendan o‘z saxovatini ayamay, ro‘zg‘orimni but qilib, farzandlarimni tarbiyalashga, oilamning farovonligini ta’minlashga mendan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shgan oqila ayoldir. Rafiqam bilan qanday tanishganimni esladim:
1973 yilning ayni yoz pallasi. Endigina askarlik xizmatidan qaytganman. "Qarshistroy" birlashmasiga qarashli "Sanoat korxonalari boshqarmasi"ga hisobchi bo‘lib ishga joylashgan kezlarim. Bu o‘zim haqimdagi voqealarni Halimaning kundalik daftaridan tasodifan o‘qib qolganman:
"Toshkent tibbiyot institutida 5-kurs talabasi edim. Yozgi ta’tilga chiqish arafasida, Toshkent Irrigatsiya instituti talabalari Qashqadaryoga, ya’ni "Shayx Ali" qishlog‘ida joylashgan "Sanoat korxonalari boshqarmasi"ga ishga kelishdi. Biz to‘rt nafar dugonalar talabalarga shifokor bo‘lib birga keldik.
Qarshi shahriga birinchi marta kelishim. Sha­hardan o‘n ikki kilometrlar uzoqda, Buxoro yo‘­lining o‘ng qo‘lida joylashgan "Shayx Ali" qishlog‘i mening hayot yo‘limni belgilab bergan muqaddas makon ekanligini alohida qadrlayman.
Talabalarga yotoqxona sifatida, ikki qavatli binodan joy ajratishdi. Binoning uzunligi ellik metrlar bo‘lib, eniga o‘n besh metrlar qilib qurilgan. Kirib-chiqadigan eshigi pastki qavatda. Kursdoshim Qumri bilan menga ikkinchi qavatdan alohida xona berishdi. Momoxol va Bibinor esa Qarshi shahrida boshqa talabalar bilan qolishdi.
Binoning old tomoni bog‘ bo‘lib, turli xildagi mevalar endigina pisha boshlagan. Bog‘ning chekka qismida ovqat tayyorlanadigan ixchamgina vaqtinchalik oshxona barpo etishdi. Yotoqxonada talabalar ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, pastki qavatda tashkilotning ishchi-xodimlari, haydovchilar ham oldindan yashashar ekan.
Surxondaryoning Hazorbog‘idek ko‘rkam va so‘lim, anhoridan tiniq zilol suvlar oqib yotadigan go‘zal manzarali qishloqda tug‘ilgan bir qizning, Qarshining oddiygina, ko‘rimsiz qishlog‘ida bir umrga qolib ketishi, taqdir bo‘lsa kerak deb o‘ylayman...
Talabalar sardori, irrigatsiya institutining to‘r­­­tinchi kurs talabasi Baxtiyor yoshlarni ikki qismga bo‘lib, kunduzi va kechasi ishlaydigan tartibda tashkil qildi. Qumri va mening vazifam talabalarni ishga ketishdan oldin ko‘rikdan o‘tkazib, ularning sog‘ligini nazorat qilishdan iborat edi.
Iyul oyining oxirlari bo‘lsa kerak, kuchli chang-to‘zon turdi. To‘polon shu darajada kuchli bo‘ldiki, eshik-derazalarning tirqishidan kirgan chang, yashaydigan xonalarni gardlarga to‘ldirdi. To‘zon tuni bilan davom etdi. "Mana senga Qashqadaryo,– dedim o‘zimga. – Vodiyga borsam bo‘lmasmidi?"– deb afsuslandim. Ertasiga kechga borib shamol to‘xtadi. Derazalarni ochib xonani (o‘zimizcha ambulatoriya sharoitini yaratib olgan maxsus xona) tozalayotgan edim. Eshikdan bir yigit mumkinmi, deb kirib keldi. U men bilan shunchaki salomlashdi.
– Kechirasiz. Siz shifokorsiz-a? – dedi.
– Ha, – dedim men ham bo‘sh kelmay, hali shifokorlik diplomini olishimga ikki yil bo‘lsa ham.
– Unda mening boshimni ko‘rib qo‘ysangiz! G‘u­vul­lagani-g‘uvillagan. Kechasi uyqu bermayapti, – dedi jid­diy qiyofada.
Uni stulga o‘tqazib obdon tekshirdim. U esa faqat, shu joy, deb boshining chap tomonidagi, peshonasiga yaqin bo‘lgan bitta nuqtani ko‘rsatar edi. Unga kerakli dori-darmonlar berdim, olmadi. "Yozib bering, dorixonadan o‘zim olaman", – dedi.
Shu uchrashuvdan keyin har kuni ertalab salomlashadigan bo‘ldik. Qisqa muddat bir-birimizga qa­raymiz-da, salomlashib, tezda xayrlashamiz. Uning shu bir daqiqalik boqishida tushunib bo‘lmaydigan, kishini o‘yga toldiradigan allanimalar mening diqqatimni torta boshladi. U jimgina ishga ketadi. Ishdan kelganini ba’zan bilmay ham qolaman. Xonasiga kiradi-da ertalabgacha qaytib chiqmaydi. Hech kim bilan ishi yo‘q. Shofyorlarga, o‘zi bilan ishlaydigan ishchilarga ham qo‘shilmaydi. Tuni bilan xonasi yorug‘. Parda orasidan nimalarnidir yozib yoki o‘qib o‘tirganiga ko‘zim tushadi. Umuman, u boshqalarga o‘xshamaydi, allaqanday tushunarsiz xulq-atvori ko‘pchilikni qiziqtirsa ham, uning oldiga kirishga hech kimning haddi sig‘maydi. Biron yerga qarasa, bir nuqtaga tikilib uzoq termulib qoladi. Go‘yo oldidan o‘tayotgan odamni ko‘rmayotganday tutadi o‘zini. Xonaga beparvo kirib ketadi.
Uni zimdan kuzatar ekanman, kundan-kunga bu yigitga qiziqishim orta boshladi. U haqida Baxtiyordan surishtirdim.
Yaqinda askarlik xizmatidan qaytgan. Biz ishlayotgan tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlar ekan. Uning yurishi ham qiziq. Poyafzalining poshnasiga nag‘al qoqib olgan, yurganda, taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq... qilib, dona-dona qadam tashlaydi. Uning ishga ketishini ham, ishdan kelishini ham qadam tovushlaridan ajratib olsa bo‘ladi.
Aynan talabalarni ertalab ishga chiqishdan oldin qabul qiladigan xonam, shu yigit turadigan xonaning oldida. O‘zim istasam-istamasam (albatta istayman) yigitning ishga kelib-ketishi xufyona nazoratim ostida bo‘ladi.
Ertalab soat o‘n daqiqa kam sakkizda. Taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq...
Kech payti soat beshdan o‘nta o‘tganda yana, taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq eshitiladi...
O‘sha payti ko‘rib qolaman uni, qaddi-bastini tik tutadi, orqasiga burilib qaramaydi. Yigit yashaydigan xona shundaygina binoga kirish eshigining yonida. Dam olish kunlari hech yoqqa ketmaydi. Xonasiga qamalib olib ba’zan rubobda ezib yuboradigan darajada kuy chalishlari uni mohir sozanda deyishga asos bo‘la oladi. Bu holat haftada bir marta, ayrim hollarda ikki marta takrorlanadi. Beixtiyor uning rubobda biron kuyni chalishini kutaman. Ohang taraladigan kunni bilib olganman, shu kuni xonamda o‘tirib bor vujudim bilan uni eshitaman. O‘ziyam bir soatdan oshiq chaladi. Tanovar, Munojot, Ushshoq, Dilxiroj, Dugoh, Segoh, Qarshi qizlari...
Qaysi birini aytay, o‘ziyam sel qilib yuboradi. Qiziq, mening shu kuylarni miriqib tinglayotganimni bilarmikin?..
Yakshanba kuni soat o‘nlarda yotoqxona eshigidan chiqaversam, shu yigit ro‘paramdan kelayapti. Negadir, seskanib ketdim. Kimdir yuragimga buyruq berganday "mehmonga taklif qil", dedi. Salomlashdim.
– Boshingizning g‘uvillashi qoldimi? – deb so‘­ra­dim. U "ha" deganday boshini qimirlatdi. Keta boshladi. – To‘xtang-da, – dedim o‘zimda kuch bilan jur’at to‘plab.
U to‘xtadi.
– Sizni kechga choyga taklif qilsam, kelasizmi?– dedim. Xayolimda esa "hozir yo‘q deydi" degan shubhali ovoz eshitildi.
– Ko‘pchilikmisizlar? – dedi past ovozda.
– Kursdoshlarim, yana talabalarning ish bosh­qa­ruvchisi Baxtiyor. Siz uni taniysiz.
– Mayli, o‘taman, – dedi.
– Rubobingizni ham olib kelsangiz yaxshi bo‘lardi. Bizga kuy chalib berardingiz, – dedim unga termulib.
U negadir javob bermadi. Tez-tez yurib, taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq... qilganicha xonasiga kirib ketdi.
Oqshomni sabrsizlik bilan kuta boshladim. Men bu yovvoyi yigitni sevib... desam yolg‘on bo‘ladi, unga juda qiziqib qolgan edim. U nihoyatda ehtiyotkor, har bir gapini obdon o‘ylab, keyin so‘zlaydigan, xayolparast, nazarimda faqat savol bersangiz, javob beradigan kamgap, sodda yigit edi. Uning ma’yus qarab turgan ko‘zlarida men tushunib yetmaydigan, hayotim mobaynida uchramagan, badiiy kitoblarda, kinolarda ko‘rgan odamlarnikiga o‘xshamaydigan allanimalar bor. Bu holatni so‘z bilan tushuntirib bera olmayman. Uning qarashlarini ko‘z oldimga keltirsam, yuragim shirin orziqib, shu beg‘ubor ko‘zlarning ichi-ichiga kirgim keladi. Uni anglagim keladi...
Mana yigirma ikki yoshga kiribmanu hali bironta yigitga tuzukroq e’tibor berib qaramaganman. Fikru zikrim o‘qish, faqat o‘qish bo‘lgan. Hayot yo‘limda menga to‘g‘ri keladigan, meni tushunadigan, taqdirimga yozilgan yigit to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
Bu yigitga nega e’tibor berayotganimni hali o‘zim ham to‘liq anglamasdim. Tabiatim xushchaqchaqlikni, go‘zallikdan zavq olishni, chiroyli manzaralarni yoq­ti­radi. Jiddiylikka uncha hushim yo‘q edi. Orzular qanotida uchardim. Katta shifokor bo‘laman, odamlarni davolayman, otajonimning, onajonimning kasal bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Ularning hurmatini joyiga qo‘yaman. Qishloqdoshlarimning, qarindosh-urug‘larning dardiga darmon bo‘laman, deb besh yil shu niyatda o‘qidim...
Beixtiyor xayolim yana shu yigitga ketdi. Uni o‘ylay boshladim. U ko‘zimga farishtaday ko‘rindi. Uning tashqi qiyofasi ham o‘ziga yarashgan, ko‘zlari katta-katta, yuzi bug‘doyrang, dumaloq. Bo‘ylari uzun. Qadamlarini katta tashlaydi. Sochiga oralagan oq-ko‘kimtir tolalar unga shunchalar yarashganki, agar rassom bo‘lganimda suratini chizardim. Shunchaki ko‘rish uchun emas, san’at darajasiga yetkazib chizardim.
Yurganda doim oldinga qarab yuradi, atrofga alang-jalang qaramaydi. Qomatini tik tutib, o‘ziga yarashgan salobat bilan qadam tashlaydi. Kiygan ki­yi­mi ozoda, doim dazmollangan, ko‘proq oq shim, oq ko‘ylakda ko‘raman...
Kursdoshim (sinfdoshim ham edi) Qumrini top­dim-da, rubob chaladigan yigitni kechga choyga taklif qildim, dedim.
Qumri menga ajablanib qaradi, qoshlarini chimirib:
– Yoqtirib qoldingmi? Yuragingdan urgan shekilli, hali ismini ham bilmay turib choyga taklif qilish, qanday bo‘larkan? Yana sen-a? Shu vaqtgacha biron yigitga qaramagan qiz... Bu mo‘‘jiza-ku!
Shu kuni shahardan Momoxol va Bibinor dugonalarim ham ko‘rgani kelishdi. Halima, endi tanishtirish bo‘lar ekan-da, deb jig‘imga tegdi Qumri.
Shaharga tushib bozordan har xil mevalar, konfetlar, nonu pishiriqlar olib keldim.
Kursdoshlar birgalikda did bilan dasturxon tu­zadik. Intizorlik bilan kutilgan oqshom, o‘z jozibasini namoyish qilib, asta-sekin kela boshladi. Uning yurishini poylab, qulog‘imni ding qilib, o‘zimcha o‘ylayman: "Nega endi mendan bu tashabbus chiqdi. U noto‘g‘ri tushungan bo‘lsa-chi?" ToshMIning qizlari degan nomimiz bor. To‘g‘ri qilmadim. Bu taklif mendan chiqmasligi kerak edi. Qumri haq. Hali ismini bilmay turib, qanday jur’at qildim, dugonalarim nima deb o‘ylaydi. Bu yigitni choyga taklif qilishga menda ozgina bo‘lsa ham asos bor edimi? Hali bir yil to‘liq o‘qishim kerak, keyin internatura (o‘qish bitgandan so‘ng bir yil majburiy ishlab berish), nimalarni o‘ylayapman o‘zi. Taklif qildim, vassalom, keladi, o‘tiradi, bir-ikkita kuy eshitamiz, ketadi. Bu noma’qulchilikni boshqa qilmayman.
Baxtiyor keldi-da: "Mehmon hali kelmadimi?" – dedi. – Uni hozir olib kelaman, – dedi-yu pastga tushib ketdi.
Baxtiyor deganimiz xorazmlik bo‘lib, dugonam Qumrini yoqtirib qolgan edi. Biz to‘rttala dugona surxondaryolikmiz: Qumri, Momoxol, men Denov tumanining Hazorbog‘ sovxozidan, sinfdosh edik. Bibinor esa Denov shahridan.
Ozroq muddat o‘tgach, Baxtiyor men kutgan yigitni boshlab, xonamizga keldi. U salomlashib, o‘ziga ma’qul bo‘lgan qulayroq joyga o‘tirish uchun taraddudlanar ekan, Baxtiyor uni qo‘lidan ushlab xonaning to‘rida turgan stulga o‘tirg‘izdi. Meni qancha qistashsa ham uning yonida o‘tirishga iymandim.
Baxtiyor yigitni bizga tanishtirdi.
– Erqor Oripovich! Yaqinda Moskvada harbiy xizmatni o‘tab kelgan. Hozirgi kunda boshqarmada hisobchi bo‘lib ishlaydi. Kelgusida bosh hisobchi, – dedi ovozini jaranglatib.
Bu tantanali tanishtirish yigitga yoqmagani shun­doqqina yuzidan bilinib turardi. U bu gaplarga e’tibor bermaganday, hamma bilan bosh silkitib salomlashib chiqdi. Keyin choy ichib o‘tirdi. Biz tayyorlagan taomga qo‘lini uzatmadi. Juda kam gapirdi. Baxtiyorning savollariga "ha", "yo‘q" yoki bosh silkib javob berib turdi. Dugonalarimning gaplashishga yo haddilari sig‘­madi, yoki ularning tanishgisi kelmadi.
Qumri qulog‘imga: "Bu bilan yashasang, iching tars yorilib o‘lasan", – dedi. Men uni yaxshilab sonidan o‘yib oldim. O‘zimni qo‘lga olib o‘rnimdan turdim-da, unga choy quyib uzatdim. Dasturxondagi ovqatlardan yeyishiga taklif qilib, idishdan bir bo‘lak go‘sht olib uning taqsimchasiga solib qo‘ydim.
– Ortiqcha ovora bo‘lmang, – dedi u sekingina. – Men ovqatlanib chiqqanman, to‘g‘rirog‘i, talabalarning haqini yemayman, – dedi dabdurustdan. Bu so‘z ustimdan bir chelak muzdek suvni quyib yuborgandan battar ahvolga tushirdi meni. Dugonalarim qaysisi og‘ziga ovqat solgan bo‘lsa, shu holatda, qoshiq ushlaganlar ushlagan holatda dong qotdi. Hamma jim, juda noqulay, ko‘ngilsiz vaziyat vujudga kelgandi. Yigit o‘z gapidan xijolat bo‘ldi, shekilli:
– Kechirasizlar, men unday demoqchi emasdim. To‘g‘ri tushuninglar. O‘rinsiz aytgan so‘zimni, – deb g‘o‘l­diradi.
Yana allanimalar dedi. Qulog‘imga hech qanday gap kirmadi. Qulog‘im bitgan, tilim lol edi.
"O‘zi kim bu yigit?! O‘zini osmonlarga qo‘yib, nima demoqchi? Biz talabalarning haqini yeyapmizmi? Yo tavba, "odamning olasi ichida" degani rost ekan-da. Stependiyadan yiqqan pullarimni sarflab unga das­turxon yozsamu, u talabalarning haqini yeyapsan, desa. Nahotki men orzu qilgan yigit shu bo‘lsa?"
Baxtiyor vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib, do‘stiga tushuntira boshladi.
– Erqorjon, bizlar ham talabalar qatori har oyda, ovqat uchun o‘z ulushimizni qo‘shamiz. Shu jumladan, bu qizlar ham. Siz noto‘g‘ri tushunmang, bugungi dasturxondagi ne’matlar Halimaxonning hisobidan sizning sharafingizga qilingan.
U xijolatdanmi, yo boshqa sabab bo‘ldimi, o‘ti­rishni boshqa davom ettirish ortiqcha ekanligini sezib, qayta-qayta uzr so‘rab xonadan chiqib ketdi.
Uni bir hafta ko‘rmadim. Derazasining pardasi yopiq. O‘zim ham u darajada qiziqmay qo‘ydim.
Ishlarimiz oxirlasha boshladi. Yana uch kundan keyin talabalar o‘qish joyiga, biz to‘rt dugona uyga, ota-onamiz bag‘riga qaytish taraddudida yurdik. Yigitni qaytib ko‘rmadim. Hafsalam pir bo‘ldi. Yigitning aytgan gapi uchun emas, qandaydir kamchiliklarga to‘la bu dunyoning ishlaridan ko‘nglim g‘ash edi. Osmonni o‘yadigan darajada xunuk voqea yuz bermagan bo‘lsa-da, orzu qilgan kishingdan seni izza qiladigan tanbehni eshitish, menga alam qilardi.
Qancha yil Toshkenti azimda o‘qib, aslida yigitlarning menga yoqmagan ayrim qiliqlari uchun ham ularga qiziqmaganimni sezdim. Ularning sababsiz so‘­kinib gapirishlari, maqtanchog‘ligi, sigaret chekishi (u yigitning sigaret chekkanini ko‘rmadim), aroq ichganlari, chiroyli qizlarni ko‘rganda tamshanib qa­rashlari meni ulardan uzoqlashtirgan.
Xayolimda kitoblarda yozilgan adabiy qahramon­ni ko‘proq izlaganman.
Uyga qaytishimga bir kun qoldi. Qumri, Momoxol va men shaharni aylanishga chiqdik. Axir ikki oy yashagan maskanning e’tiborga loyiq joylarini ko‘rib qo‘yish ham kerak-da. Aslida Qarshi ota shahrim. Ota­jonimning yurti – Qashqadaryo.
Shaharni tomosha qilib yurganimizda, rastalar oldida haligi yigitni ko‘rib qoldim. U biz bilan salomlashib, muzqaymoq yeyishga taklif qildi. Mendan qachon qaytishimni so‘radi. Uning savollariga ko‘proq Qumri javob berdi. U sergaplik qilmasa ham, qaytishimiz haqida ba’zi gaplarni surishtirdi.
– Xohlasangizlar "Shayx Ali"ga birga qaytamiz,– dedi. Bizlar bekatga kelganimizda oqshom tushib, salqin shamol yuzimizga yoqimli urilar, havo tiniq edi. Kech bo‘lgani uchun odamlar u darajada ko‘p emas, onda-sonda kechikkan yo‘lovchilar taksi yoki biron ulovni to‘xtatib, manziliga shoshilishar edi.
U menga yaqinlashib: "Mumkin bo‘lsa sizda gaplarim bor, dugonalaringizga ayting, o‘zlari ketaversin",– dedi.
Yuz ko‘rinishidan shuni angladimki, menga jiddiy bir nima demoqchi. Men qizlarni jo‘natib yubordim. Bekatda ikkalamiz qoldik.
U taraddudlanib:
– "Shayx Ali" tomon yayov yuramiz, yo‘l-yo‘lakay sizga aytadigan muhim gaplarim bor, – dedi.
Yo‘lga tushdik. U bir qancha vaqt jim bordi. So‘ng qo‘qqisdan: "Mening bolaligim ayanchli o‘tgan, menda na ota, na ona, na opa, na singil, na aka, na uka bor. Yolg‘izman. Askarlik xizmatidan qaytganimga ik­ki oydan oshdi. Bu joylarga sig‘mayapman. Moskvaga qaytsammikan?" – deya savol bilan menga qaradi.
– Nazarimda, siz meni tushunadigan qizga o‘x­shaysiz. Kishi qachonki yonidagi insonni tushunsa, unga bor dardini aytgisi kelaveradi. Vaqtingiz bor, sizga yuragimda cho‘kib yotgan, hali hech kim bilmaydigan sirlarimni aytgim kelayapti. G‘oyibona bo‘lsa-da, shuni sezayapmanki, yuragimda mavj urayotgan tug‘yonlarim sizga qiziqarli, men haqimda hali to‘liq tasavvurga ega bo‘lmasangiz-da, go‘yo men sizni oldin ko‘rgandayman, suhbatlashgandayman. Mening tabiatimda o‘zim anglab yetmaydigan g‘aroyib injiqliklar borki, bu tushunmovchilik meni odamovi qilib qo‘ygan.
To‘g‘risini aytsam, qizlarni yoqtirmayman. Nima uchun? Nega? Bunga jo‘yali javob ham topolmayman. Nazarimda, qizlar ko‘proq manfaatini oldingi o‘ringa qo‘yadilar. Ko‘p narsalarni oldindan rejalashtiradilar. Menga o‘xshagan hech vaqosi yo‘q yolg‘iz yigitga qaysi qiz ham turmushga chiqardi? Siz ko‘rgan xonadan boshqa uyim ham yo‘q (qishloqdagi hovlim vayron bo‘lib yotibdi). – Xo‘sh, ayting-chi, shunday holda ham siz menga turmushga chiqarmidingiz?!
Qo‘qqisdan berilgan bu savoldan o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Unga qaradim, oy yorug‘ida uning ma’yuslashgan xira yuzini aniq ko‘rmasam-da, rangi za’faronday ko‘rindi. U menga qarab javob kutardi. Bu so‘zni ichki hissiyot bilan chin yurakdan aytayotganini angladim.
Birdaniga xayolimdan turli-tuman, tushunarli-tushunarsiz, men anglagan va anglamagan, hali poyoniga yetmagan g‘o‘r qarashlarim, oila qurishga tayyor emasligim o‘tdi. Bu savolga javob berishga hali fursat borligini tushundim.
– Men o‘qishni bitirishim kerak, – deya oldim zo‘rg‘a.
– Men kutaman, – dedi u ikkilanmay.
– Ota-onamning roziligini olishim kerak, – dedim. Nima uchundir, bu yigitga yo‘q degan javobni yuragimdan topa olmadim. O‘zim ham hayronman, allaqanday g‘ayriqonuniy kuch meni unga qarab itardi.
– Xo‘sh, o‘zingiz rozimisiz? Sizning aniq javobingiz kerak?
– Roziman,– dedim. Bu so‘zni shunchalar sekin aytdimki, u eshitdimi, yo‘qmi, bilmadim. Butun tanam qizib ketdi, yuragim sevinchdan hapriqardi.
U bu javobni eshitdi. Shoshib qoldi.
– Rostdanmi? Nahotki? Hazillashmayapsizmi?– degan savollarga ko‘mib tashladi. Uning hayrati men o‘ylagandan kuchliroq, yuragidagi bezovtalik me­ni­kidan-da dahshatliroq portladi.
– Yo siz hazillashdingizmi? – dedi o‘zini tutib, savoliga savol bilan.
– Haq so‘zim.
– Men to‘lib ketganman, qalbimda necha yillardan beri kechayotgan anduhlarimni tinglovchi odamga muhtojman. O‘zimni ovutish uchun emas. Menga haqiqiy yelkadosh, tushunadigan, hayotning sevinchlariyu, zah­matlariga bardosh beradigan, bu qo‘sh aravani birga tortadigan yo‘ldosh kerak.
Men yolg‘izman. Siz yolg‘izlikning qanday ayanchli azob ekanligini, uning tubsiz chohlarini tasavvur qila olmaysiz. O‘n yildirki yolg‘izlik azobidan qutula olmayapman. Yolg‘izlik meni o‘z komiga tortib ketayapti. Undan shu darajada qo‘rqamanki, o‘limdan bunday qo‘rqmayman...
U shoirlar kabi gapirardi. Uning so‘zlari tanamga qandaydir og‘ir kuyni singdirayotganday, ohang­lari turmushni anglashga undar, men tushunmagan hayotimning mo­hiyatini ko‘z o‘ngimda gavdalantirib, unga qarshi turish yo‘llarini ko‘rsatayotganday edi.
Biz qaytganimizda, kech soat o‘nlar edi. Ikkalamiz ham savollarga javob izlash zarurligini tushungan holda, xayrlashib xonalarimizga kirib ketdik.
Erta tongdan uyga ketish taraddudiga tushdik.
Dugonalarim bilan temir yo‘l shohbekatiga kelganimizda soat ertalabki to‘qqiz edi. Denovga poezd soat kunduz «ikki»da bo‘lishini bilganimizda, Erqor kuzatish uchun yetib keldi. U ancha dadil, so‘zlarida qat’iyat mujassam esa-da, bezovtaligi bilinib turardi.
Suhbatlashish uchun ovloqroq o‘rindiqlarning biriga borib o‘tirdik. U anchagacha jim o‘tirdi. Uning yonginamda nafas olayotganini, ichki hayajonini his etib turarkanman, ota-onamni o‘ylardim.
Qanday qilib uydagilarga tushuntirsam ekan-a? Akamga-chi? Yaxshi ko‘rib qoldim deymanmi? Olti yil o‘qib, topganing ota-onasi yo‘q, bechora yigit bo‘ldimi? Shunday deyishsa, nima deb javob beraman? O‘zimni ruhan tayyorlashim kerak. Orqaga chekinish yo‘q. Turmush degani boylik, mansab, dang‘illama hovli, faqat o‘yin-kulgu emas-ku. Ota-onam meni albatta tushunadi.Bunga ishonchim komil, deya o‘ylardim sukutga botib.
U sekin tilga kirdi: "Bu yerdagi ishlaringiz tugadi. Ketayapsiz. Endi yana qachon ko‘rishamiz? Nazarimda go‘yo men chegarada turgandekman. Bir qadam qo‘ysam, ichkariga kiraman. Aslida chegaradan o‘tish uchun ruxsat so‘raladi. Mumkinmi chegaradan o‘tsam?!" Men uning tagdor gaplariga tushunmadim. Ajablanib unga qaradim. U ko‘zlarimga shunday samimiyat bilan boqdiki, vujudim jimirlab ketdi. Uning nigohlaridan, sinovchan qarashidan nimaga sha’ma qilayotganini angladim.
– Yo‘q, mumkin emas! – dedim.
– Nega? – savol aralash men tomonga yanayam yaqin­lashdi. Ortiqcha harakat qilishga haddi sig‘madi. Xayrlashuv kuni mendan esdalik bo‘lib qoluvchi nimanidir kutayotganini anglab tursam-da:
– Chegara minalashtirilgan, portlab ketishingiz mumkin. Kirishdan oldin portlovchi moddalarni olib, yaxshilab tozalash kerak, – dedim. Oqilona bu javobimni u boshqacha tushundi.
– Yigitingiz bormi?
– Yo‘q.
– Minalarni tozalashim uchun oldin ularni zararsizlantirishim kerak. Ishni nimadan boshlasam ekan. Ha, topdim, sovchi qo‘yaman, – dedi qat’iy. – Uyga yetib borishingiz bilan, sovchilarim ham yetib boradi.
– Men uyda bir hafta bo‘laman, shu hafta ichida yuborishingiz kerak, – dedim. Bu so‘zim, chegaraga kirish uchun bergan ruxsatim edi...
Soat ikki bo‘lganini sezmay qoldik, ahdlashib, diydor ko‘rishish nasib qilishini Allohdan so‘rab, bir-birimizdan ayrilish qanchalar qiyin bo‘lsa ham nihoyat, xayrlashdik...

* * *
Vaqtning shiddatiga bardosh beradigan kuchning o‘zi yo‘q. Vaqt yaratadi va yo‘q qiladi. Uning zarbiga chidaydigan ulkan tarixiy imoratlar ham kezi kelganda dosh bera olmaydi. Vaqt – hakam. Vaqt – do‘st. Vaqt – dushman...
Odam-chi? Uning umri o‘zi yaratgan imoratchalik emas. Mustahkam qilib qurilgan inshoot ko‘p yillar yashaydi. Qurdirgan bandasi esa shu inshoot vayron bo‘lguncha yashamaydi...
Keyin yana vaqt o‘z yo‘lida abadiylikka tomon bir me’yorda ketaveradi. Inshoot ham unutiladi, odam ham...
Lekin shunday shaxslar borki zamonlar osha xalq dilida yashaydi. Muhammad alayhissalom, shayxu ulamolar... hazrat Navoiyni olaylik. U asrlar osha vaqt bilan yashab kelayapti. Ulug‘ shoir, Husayn Boyqaro zamonida uning yonida yashadi. Navoiy hayotdan ko‘z yumgandan keyin esa, mana olti yuz yildirki, ulug‘ Navoiyning yonida Husayn Boyqaro yashayapti. Chunki Navoiy bobomizni eslaganda, Husayn Boyqaroni ham yodga olamiz.
Vaqt bilan birga yashab qolish hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Qadimgi faylasuflar, olimlar, tarixiy shaxslar, shoirlar, umuman, ilm ahli yaratgan hayratomuz asarlar vaqt bilan yonma-yon, zamonlar osha yashayveradi...
Odam yolg‘iz qolganda ko‘proq "men o‘zi yashayapmanmi?" deb o‘ziga-o‘zi savol beradi. Sog‘ayganim sari, yolg‘iz qoladigan kunlarim ko‘paya boshladi. Yoshi ellikdan oshgan odam yolg‘iz qolganda, o‘zini anglashga qarab intiladi. Bu dunyoga nimaga keldi? Nimaga quruq qo‘l bilan bo‘lib ketayapti? Hayoti mobaynida bir marta bo‘lsa ham chin so‘zlamagan odamlar (bolalik davridan tashqari) hayotning mazmun-mohiyatini anglaydimi? Ular ham vaqtning zarbidan chang bo‘lib yo‘qoladi-ketadi...
Abadiylikka faqat Allohning o‘zi daxldor. Bizga ko‘rinmagan u dunyoda abadiylik qay tariqa kechadi? Bu ham Tangriga ayon. Shayxu ulamolar yaratgan, bizni ezgulikka undagan insof, diyonat, matonat insoniyatning ma’naviyatini boy etadigan bitiklar yer yuzini ravshan qila oladimi?
O‘zimni o‘zim qancha so‘kmayin, qilgan gunohlarimga tavba-tazarru qilmayin, atrofimdagi tuturuqsiz ol­di-qochdi voqealar ichidan chiqa olmasligimni ang­lab ezilar edim...
Bu ruhiyat, shon, boylik, mansab, mashhur bo‘lish nimaga kerak? Odamlar bir-birlariga havas qilishi uchunmi? Yoki dunyo ustidan hukmronlik o‘tkazish uchun yashaydilarmi?
Insonning yashashdan maqsadi o‘zi to‘q, bolalari to‘q, qayg‘usi yo‘q muhitni yaratib, o‘zim chiqqan tepa omon bo‘lsa bas, deguvchi orzu-havaslaridan iborat emas-ku!
Azoblanishni yana qanday baxtli insonlarga nasib etgan Alloh?
Shiftga qarab, o‘y-xayolimni jilovlay olmay, o‘zimga-o‘zim tazarru aytayotganimda, eshik ochilib Qo­dir Allayorov kirib keldi. U samimiy salomlashib, ahvolimni so‘radi.
– Ancha vaqtdan beri ko‘rishmadik, endi menga aytadigan gaplaringiz bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, – dedi-da, boshidan hoshiyasiga mamlakat gerbi yopishtirilgan kepkasini olib xontaxta ustiga qo‘ydi. Yonimga o‘tirdi.
Unga diqqat bilan qarar ekanman, aytadigan gapim yo‘qligini qanday tushuntirishni bilmay taraddudlanardim.
U sinchkov emasmi, meni tez angladi. So‘z aytishimni poylamay, maqsadga o‘tib qo‘ya qoldi.
– Karim Suyarovichni hibsga olaman. Buning uchun to‘liq asoslarim bor. Jinoyatchini topdim. Sizni "u dunyoga" ravona qilish uchun o‘n ming ko‘kidan va’da qilingan. Yarmi oldindan to‘langan. Dalil– ashyolar yetarli. Ertaga mahkamaga borasiz, siz bilan...
Men nima deyishimni bilmay, angrayganimcha tergovchining yuziga tikilib, tilim kalimaga kelmay qoldi.
Allayorov shunday ishonch bilan gapirardiki, bu uyushgan jinoyatchilikning boshida Karim Suyarovich turganini, jinoyatchini Mohira topganini, buning evaziga Mohiraga yangi uy, mashina, o‘qishga kiritib qo‘yish va’da qilinib, umrbod Karim Suyarovichning ma’shuqasi bo‘lib qolishligini qistirib o‘tdi.
Uzoq yillardan beri shu tashkilotda ishlaganligim sababli xo‘jalikning barcha sirlarini, ya’ni ishlab chiqarishda bo‘layotgan nopokliklar, mollarni kirim qilmay qog‘ozlarda qayd etmasdan, soliqlardan yashirib sotish, gaz ta’minoti, elektr energiya manbalarini yashirish evaziga olingan foydani hisoblarda ko‘rsatmay ta’minotchilarga pora berib ko‘p yillardan beri davom etayotgan noma’qulchiliklardan mening xabardor ekanligimni, mabodo, ularga qarshi chiqsam tegishli joyga xabar berishimdan qo‘rqib, shu yo‘lni tanlaganini aytdi tergovchi.
Mendan ko‘rsatma berishimni so‘radi.
"Men jabrlanuvchi Erqor Oripovich Alixonov 1950 yilda G‘uzor tumanining Toshguzar qishlog‘ida tu­g‘ilganman. Ma’lumotim oliy, fan nomzodiman. 4 na­far farzandim bor. Xotinim oliy toifali shifokor.
1973 yildan beri "Sanoat korxonalari bosh­qarmasi"da ishlayman. Mehnat ta’tiliga chiqib, o‘z ishim yuzasidan korxonaga bordim. Xonamda bir oz o‘tirib, soat kunduzi to‘rtdan o‘tganda uyga qaytishga tayyorlanib, stol ustidagi gazeta-jurnallarni tartibga keltirayotganimda, orqamdan qattiq narsa bilan kimdir urdi. Uning yuzini ko‘ra olmadim. Keyin hushimdan ketdim. Boshqa qo‘shimcha qiladigan gapim yo‘q. Ko‘rsatmani o‘z qo‘lim bilan yozdim deb, Erqor Alixonov".
– Sabr qiling, imzo qo‘ymay turing, – dedi ter­govchi.
Savol:
– Siz rahbaringiz Karim Suyarovich bilan necha yildan beri ishlaysiz?
Javob:
– Yigirma yildan beri.
Savol:
– O‘rtalaringda shu yigirma yil ichida o‘zaro nizo, ish yuzasidan kelishmovchilik bo‘lganmi?
 Javob:
– Yo‘q.
Savol:
– Yigirma yil oldin korxonaga kim rahbar bo‘l­gan?
Javob:
– Suyar Ibrohimov rahbar bo‘lgan.
Savol:
– Suyar Ibrohimov Karim Suyarovichga kim bo‘ladi?
Javob:
– Otasi.
Savol:
– Hozirgi kunda Suyar Ibrohimov qaerda?
Javob:
– Nafaqada.
– Endi ko‘rsatmangizga imzo qo‘ying.
Imzo qo‘ydim.
Qodir Allayorov ko‘rsatmani yana bir bor sinchik­lab ko‘zdan kechirdi. So‘ng sumkasiga solib qo‘ydi.
– Endi bu ikkalamizning oramizda qoladigan gap. Istamasangiz javob bermang. Bir oyda qancha ish haqi olasiz?
– 135 ming so‘m.
– Bu oylik ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi-ku.
– Yana boshqa korxonalarda ham o‘rindoshlik bo‘­yicha ishlayman.
– Shunday katta mablag‘ aylanadigan joyda 135 ming so‘mga ko‘ndingizmi?
– Boshliq maoshni shunday belgilagan,– dedim.
– Yo qo‘shimcha haq to‘lab turadimi?
 – . . .
– Sizga suiqasd qilgan odam O‘zbekiston fuqarosi emas. Ertaga jinoyatchini hibsxonadan olib kelaman. Ko‘rasiz,– dedi ishonch bilan.
U menga sog‘lik tilab, viqor bilan uydan chiqib ketdi.
"Karim Suyarovichning ezilganicha bor ekan. Tergovchi keltirgan dalillar nahotki to‘g‘ri bo‘lsa", deya o‘yladim bu suhbatdan o‘zimga kelolmay.
Kimdan maslahat olsa bo‘ladi?
Karim Suyarovich oqlovchi topdimikin?
U kishini topish kerak, balki o‘zi kelib qolar.
Kenja qizim Nilufar keldi. Uning qo‘l telefonidan Karim Suyarovichga telefon qildim.
– Karim Suyarovich, ilojini topib, bir kelsangiz. Advokat topdingizmi?
– Hali topganim yo‘q.
– Advokat bilan keling. Kutaman.
Nima qilish kerak? Bu odamga yordam berishning qanday yo‘li bor. Da’vomdan voz kechsam-chi? Ish to‘x­taydi. Hamma narsa oldingiday joy-joyiga tushadi.
Tortgan azoblarim, oilamning, og‘aynilarimning yugurganlari, Shoirning poytaxtdan qatnab, sog‘ligimni tiklash uchun qilgan xarajatlari, shu kecha-kunduzda nogiron holga kelib qolganim. Bularning hammasidan qanday qilib ko‘z yumib bo‘ladi? Pardaning orqasida kim turibdi? Nahotki yopiqligicha qolib ketsa? Qancha o‘ylaganim bilan, o‘yimning tagiga yeta olmadim. Shu vaqt osmondan tushganday eshikdan Shoir kirib keldi. Meni mehr bilan bag‘riga bosib:
– Xudoga ming qatla shukurlar bo‘lsinki, shu kun­larga yetkazdi. Iloyo omon bo‘ling, umringiz uzoq bo‘l­sin, – deya yuzida sevinch, ko‘zida quvonch bilan qu­choq­lab, o‘pardi.
– Zap vaqtida keldingiz, Elyorjon. Siz bilan qanday bog‘lanishni o‘ylayotgan edim. Muhim bir masalada boshim qotib turgandi,– dedim quvonchimni yashirolmay.
O‘tirib hol-ahvol so‘rashdik.
– Boshingizni qotirayotgan muammo nima ekan? Bu boshni ehtiyot qiling. O‘zingizni qiynamang. Sog‘lik kerak,– dedi qat’iy.
– Elyorjon, o‘zingiz bilasiz, men bir korxonada o‘ttiz besh yil ishladim. Yomonlik ko‘rganim yo‘q. Tergovchi bu ishlarning boshida Karim Suyarovich turibdi, deyapti. Boshim qotdi. Nahotki shuncha yil birga ishlab, shu odamni bilmasam. Bunaqa qabihlik uning qo‘lidan kelmaydi. Nazarimda, tergovchi boshqa ishlarni rejalashtirayapti. Uning jinoyatchini topish maqsadi yo‘q. Jinoyatchi bir niqob. Shu bahonada tashkilotni badnom qilish, kattagina pul undirish maqsadida ishonarli dalillar to‘plab, o‘zi o‘ylab topgan qopqonga o‘lja izlayapti.
– Karim Suyarovich nima deyapti?– dedi chuqur nafas olib Shoir.
– U nima ham derdi. Suvga tushgan bulka nonday nima qilishini bilmay qolgan. Qattiqroq do‘q ursa, titilib ketadi. Mulkdor bo‘lish ham qiyin ekan. Barcha puldorni poylaydi.
– Chorasi shuki, tergovchini pora bilan ushlatamiz. Nima ish qilayotganini bilsin, – dedi Shoir.
– Hozir Karim Suyarovich keladi. Birgalashib maslahatlashamiz, – dedim.
– Erqor aka, siz Karim Suyarovichning bunaqa nopok ishlarni qilmasligiga astoydil ishonasizmi?
– O‘zimga ishonganday ishonaman, Elyorjon! To‘g‘­ri, u boy-badavlat, o‘z manfaati yo‘lida ayrim qo­nunbuzarliklarga borishi mumkin. Lekin bunaqa rasvo, qabih ishni hech qachon qilmaydi.
Suhbatimiz tugamasdan Karim Suyarovich kirib keldi. Salomlashib ko‘rpachaga o‘tirdi. Uning horigan yuzida ajinlar, sochlarida esa oq tolalarning ancha ko‘payganini sezdim.
– Bu yigit shoir ukam Elyor. Bu ishlardan xabari bor. Bemalol tortinmay maslahatlashib olaylik. Advokat topdingizmi?
– Ha, ertadan order olib, ishga kirishadi. Siz ham taniysiz, Ozod Jo‘raev, – dedi Karim Suyarovich.
 – Uch soatlar oldin tergovchi Qodir Allayorov keldi. Mendan ko‘rsatma olib, jinoyatchining topilganini aytdi, shulardan xabaringiz bormi, Karim Suyarovich? – dedim unga sinchkovlik bilan qarab.
U hayron qoldi-da: "Jinoyatchi topilgan bo‘lsa, qutulibmiz bu mojarodan, – dedi soddalik bilan. – Kim ekan u nomard, Erqor aka?! – Ovozi ham biroz ba­landroq chiqdi.
– Hali ko‘rganim yo‘q. Menga shunday deb aytdi. Ertaga yuzlashtiraman, – dedi. Bu xabarni eshitib Karim Suyarovich o‘zini ancha bosib oldi. Elyor esa, be­zovtalanib, to‘g‘risini ayting deganday menga qaradi.
– Karim Suyarovich, – dedim bosiqlik bilan. Unga tergovchi aytgan gaplarni me’yoriga yetkazib tushuntirdim.
Karim Suyarovichning rangi oqarib, o‘zini qaerga qo‘yarini bilmay, hushidan ketib ko‘rpacha ustiga yi­qildi. Shoshib qoldik.
– Suv! – deb qichqirdim.
Elyor Karim Suyarovichni suyab yuziga shapatiladi. Choynakdan choy olib, yuziga sepdi. Choy issiqmidi, sovuqmidi – bilmayman. Karim Suyarovich ko‘zini ochdi.
– Tamom qilishdi meni, – dedi.
Bu so‘zni kimga aytdi, bilmadim. Bir ozdan ke­yin o‘ziga kelib, noxush vaziyatdan chiqa boshladi. Ko‘z­larini katta-katta ochdi-da, uyqudan uyg‘ongan odamday:
– Tamom bo‘ldim endi,– deya ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
– Nega unday deysiz, – dedi Elyor. – Agar haq bo‘l­sangiz oxirigacha kurashing. Tamom bo‘lish – bu so‘nggi chora. Ularning nog‘orasiga o‘ynamay, chorasini toping. Bu ishni faqat bitta tergovchi amalga oshiradi deb o‘ylamang. Sud bor, matbuot bor, jamoatchilik bor, davlat bor, haqiqat uchun kurashish kerak.
Karim Suyarovich o‘zining aybini bilmagan yosh boladay jovdirab goh menga, goh shoirga, najot kutib, ojiz va notavon mo‘ltirab qarardi....

* * *
Kunduz kuni soat o‘nlarda, tergovchi meni gumondor bilan yuzlashtirish maqsadida, o‘z qabulxonasiga kelishimni tayinladi.
Hamma ayblarni o‘z bo‘yniga olayotgan bu bangi devonani ko‘rish menga ham juda qiziq edi. Soat o‘n yarimlarda tergovchining xonasiga yetib keldim.
Qodir Allayorov kompyuterda nimalarnidir yozayotgan ekan. Men bilan qadrdonlardek quyuq so‘rashdi. Keyin maqsadga o‘tib, ro‘parasidagi stulga o‘tirishga taklif etdi. Xona ixcham bo‘lsa-da, juda tartibli. Shkaflarda har xil jinoyat kodeksiga oid kitoblar qator terilgan, bu holat kelgan har qanday odamning diqqatini tortadi. Kitoblar javonga hafsala bilan terilgani, kitob hoshiyalarining ko‘rkamligi, ularning turli tillarda (rus, turk, ingliz, o‘zbek) ekanligi kishi e’tiborini jalb etadi.
Tergovchining stoli ustida tartib bilan raqam­langan, jinoyat ishiga aloqador qog‘ozlar qator turibdi. Shular ichidan anchagina qalinlashib qolgan bir papkani olib, uzoq varaqladi, ichidan varaqning ikki tomoni to‘ldirilgan qog‘ozni olib menga uzatdi.
– Mana o‘qing, keyin o‘zini ham chaqiraman, – dedi. Matn rus tilida yozilgan ekan, uning o‘zbek tilidagi tarjimasini to‘liq keltiraman:
"Men Sari o‘g‘li Ayoz 19... yilda Qozog‘istonning Shevchenko shahrida tug‘ilganman. Millatim qozoq. 19... yildan buyon O‘zbekistonda yashayman, O‘zbekiston fuqarosiman. Hozirgi kunda hech yerda ishlamayman. Oldin ham sudlanganman. Mening bu jinoyatga qo‘l urishimning asosiy sababi, pul topish edi. Shu vajdan ushbu jinoyatni sodir etdim.
Erqor Oripovichni tanimayman. U kishiga nisbatan dushmanligim, g‘arazligim, o‘zaro kelishmovchiligim bo‘lmagan. Menga bir qiz kelib, ish bor, bajarsangiz kattagina pul olasiz dedi. Qilinadigan topshiriqni pul to‘lovchi aytadi. Sizni u kishi bilan uchrashtirib qo‘yaman, dedi. Qiz o‘z ismini ham aytmadi. Ko‘rsam taniyman.
O‘sha qiz meni aytgan odamiga uchrashtirdi. U ham o‘zini tanishtirmadi. Qiladigan ishingni keyin aytaman, deb ancha vaqt meni sinovdan o‘tkazdi.
Mening Qozog‘istonga ketishim aniq bo‘lgandan ke­yin, u menga maqsadini tushuntirdi. Bir odamni yo‘q qilishim kerak ekan, evaziga o‘n ming dollar beraman, oldindan mana uch ming dollar, dedi. Men ko‘nmadim. Yarmini berasiz, qolganini ishni tugatganimdan keyin olaman, deb kelishdik.
Yo‘q qilishim kerak bo‘lgan odamni ikki marta ko‘rsatdi.
Men juda ko‘p poyladim, u odamni yolg‘iz uchrata olmadim. Shofyori bilan ertalab ishga keladi, kech uyiga qaytadi. Ba’zan xonasida tunab qoladi. Ancha vaqt ilojini topolmay yurdim. Keyin uning mehnat ta’tiliga chiqqanini, Toshkentga ketishini aniqladim. Izidan Toshkentga borsam ish cho‘zilib ketadi, shuning uchun uning ketishiga yo‘l qo‘ymayman deb, ishxonaga kelganida yo‘lini qilib (devordan oshib) tashkilot hovlisiga tushdim, keyin hech kimga sezdirmay, xonasiga kirib bordim. Orqasidan kelib armatura bilan boshiga urdim...
Qandaydir ovozlar eshitilganday bo‘ldi. Qo‘rq­qanimdan qochdim. Bor-yo‘g‘i bir marta urdim.
Boshqa hozircha qo‘shimcha qiladigan so‘zlarim yo‘q. Ko‘rsatmani o‘z qo‘lim bilan rus tilida yozdim.
19... yil 20.XI. Sari o‘g‘li Ayoz, imzo."
Kallamga turli shubha-gumonlarni olib kirgan bu ko‘rsatma, haqiqatdan ham meni jiddiy o‘ylashga undadi.
Ko‘rsatmada bayon qilingan ma’lumotlar, mening qilishim kerak bo‘ladigan ish rejalarimga ancha hamohang edi. Poytaxtga borishimni, mehnat ta’tiliga chiqishimni, qisman bo‘lsa-da, Karim Suyarovichga va shoirga aytganman, xolos. Qozoq bu so‘zlarni qaerdan topib yozdi ekan.
Nahotki adashayotgan bo‘lsam...
Mening chuqur o‘yga tolganimni sezgan tergovchi menga uzoq qarab turdi-da, so‘ng gapira boshladi:
– Erqor Oripovich! Siz beozor, birovning haqiga ko‘z tikmaydigan, dono, olim odamsiz. O‘zingiz obdon o‘ylab ko‘ring-chi, uzoq yillar bir idorada ishlayapsiz. Oldin otasi bilan, keyin o‘g‘li bilan. Shu korxonada qariyb qirq yillik tirik arxivsiz. Xo‘sh, qog‘ozlar, boshlang‘ich hujjatlar har uch yilda, ayrimlari bir yilda yo‘q qilinadi. Ishchi-xizmatchilarning ish haqlariga taalluqlilari esa umrbod arxivlarda saqlanadi. Bu hujjatlarning yo‘qotilishi, ularning nafaqaga chiqishiga bog‘liq tomonlari bor. Shu sababli uzoq saqlanadi. Siz esa hali-veri o‘lmaydiganlardan-siz.
Sizga yana qanday dalil kerak? Shularning barchasi, sizning endi keraksiz ekanligingizni ko‘rsatmay-dimi?
Hali nafaqaga chiqishingizga ancha bor. Xo‘sh, do‘p­pini boshdan olib qo‘yib, bir o‘ylang-chi. Nima uchun sizning o‘limingiz Karim Suyarovichga kerak bo‘lganini anglaysiz. Men ehtiyot chorasini o‘zgartirib, Karim Suyarovichni qamoqqa oldim. Mana Mohiraning ko‘r­satmasini o‘qib ko‘ring.
"Men, Mohira Inoyat qizi 19...yilda Qarshi shah­rida tug‘ildim. 19... yildan beri shu korxonada kotibalik vazifasida ishlayman. Karim Suyarovich bir kuni meni xonasiga chaqirib:
– Mohira, sening chet elda ishlaydigan yigiting bor. Bilaman, telefon orqali gaplashib turasan. Shu tanishingni chaqir, yo‘l xarajatlari bilan qo‘shimcha yaxshigina haq ham beraman. Topshiriqni bajaradi-yu, iziga qaytadi. Shu ishni (qilinadigan ishning mo­hiyatini menga aytgani yo‘q) tezlik bilan bajarsa, sening ham xohlagan istagingni bajaraman, dedi. Qanday topshiriq ekanligini menga aytgan emas. Men topgan qozoq basharali yigitga Karim Suyarovichning nima ish buyurganidan xabarim yo‘q. Yigitning ismini ham, familiyasini ham bilmayman. Qilgan ishim – yigitni Karim Suyarovichga uchrashtirib qo‘ydim, xolos. Boshqa qo‘shadigan qo‘shimchalarim yo‘q. Yuqorida aytgan so‘zlarni o‘z qo‘lim bilan yozdim. Imzo".
 Voqealarning bu ko‘lami meni jiddiy o‘ylashga majbur qildi.
 – Nahotki... – degan so‘z miyamda charx urar edi.

BU HAYOT...

Uch kundirki sud davom etmoqda. Barcha ko‘r­sat­malar Karim Suyarovichni ayblashga qaratilgan.
Dastlabki tergov davomida yig‘ilgan hujjatlar bu ishning buyurtmachisi shaxsan Karim Suyarovich ekanligini ko‘rsatib tursa-da, jabrlanuvchi sifatida o‘z qarashlarimni sudga ochiq, lo‘nda qilib quyidagicha bayon qildim:
– Bu ishning tepasida hech qachon Karim Suyarovich turmaganligini, u kishining qo‘lidan bunday qabihlik kelmasligini, bunga umuman asos yo‘qligini, tergovchi Qodir Allayorovning to‘qigan uydirmalari, qilingan jinoiy ishni yopish maqsadida ishga guvoh va dalil sifatida kiritilgan ayblovlarning barchasi soxtalashtirilganligini, Karim Suyarovichda da’vom yo‘qligini bildirib, sud a’zolariga ro‘y-rost aytdim.
Vaqtincha hibsda saqlanayotgan Sari o‘g‘li Ayoz sud majlisida hatto ashyoviy dalil sifatida olingan besh ming dollarni Karim Suyarovichdan olganini, qol­gan besh mingini ishni tugatgandan ke­yin beraman, deb va’da qilganini, ammo hali ololmaganligini aytib, Karim Suyarovichning buyurtmachi ekanini tasdiqladi.
To‘g‘risi, bu uzundan-uzoq mojarolarni to‘xtatishga kuchim yetmasdi. Uni jilovlashga qodir kuchning o‘zi yo‘q edi. Juda ko‘p yillardan beri shu sohada ishlagan, qonunni suv qilib ichib yuboradigan himoyachi ham bu ishning uddasidan chiqa olmadi. Hamma dalilu ashyolar Karim Suyarovichning to‘liq aybdor ekanligini tas­­diqlardi.
Sud hay’ati o‘z ishini yakunlash arafasida aybdorlardan oxirgi so‘zni eshitmay, kutilmaganda uch kunga tanaffus e’lon qildi.
Aqrab oyining 25 kunlari, osmonning qovog‘i soliq, bulutlar pag‘a-pag‘a suzib yuribdi. Daraxtlar sarg‘aygan barglarini allaqachon o‘z poylariga to‘­shaganidan shoxlari yalang bo‘lib qolgan. Ba’zi butalarga bog‘bon ishlov bermagan chog‘i, novdalari bo‘r­tib qing‘ir-qiyshiq holda o‘sib yotibdi. Bu manzara yoqimsiz edi. Ayrim daraxtlar esa did bilan kuzalgan, qomatini ko‘z-ko‘z qilib, kishining havasini keltiradigan darajada qad rostlab turibdi.
Ko‘cha bo‘ylab bu ikki xil manzarani kuzatar ekanman, xayolimga oldi-oxiri ko‘rinmaydigan fikrlar yog‘ilib kelaverdi. Ko‘z oldimdan sud mahkamasidagi voqealar birin-sirin o‘ta boshladi.
«Nahotki.., – deyman qayta-qayta. – Bo‘lishi mumkin emas. Karim Suyarovich bunday qabih ish qilishga qanday jur’at etdi ekan-a...»
"Tergovchi Qodir Allayorov chindan ham haq bo‘lsa-chi. Pul, dunyo, mansab shunchalar yuqori ekanki, mening qancha yillik halol mehnatimdan ham baland tursa. Men o‘zi nima uchun yashadim? Bir to‘da "boyvachchalarni" yanada boy qilish uchunmi?! Dunyodan topganim shumi?
Boshimdan kaltak yeb, hali nafaqa yoshiga yetmay, nogironlik azobini qolgan umrim uchun mukofot qilib olish joizmidi?!"
Xayolimdan o‘tayotgan mantiqli va mantiqsiz o‘y­larimga javob izlayman. Nima bo‘lganda ham yomon bo‘ldi. U endi qamalib ketadi. Da’vo qilmayman de­sam-da, qamalib ketadi.
Uyga yaqinlashganimda, darvoza oldida notanish bir yigit turganini ko‘rdim. U men bilan xuddi aybdorday iymanib ko‘rishdi.
– Xo‘sh, mulla yigit, xizmat? – dedim.
– Sizga bir muhim gapni aytmoqchiman, – dedi u jiddiy tusda. Menga qo‘lidagi telefonini uzatdi-da:
– Bu telefon sizniki, – dedi. – Ishxonangizdan olib ketganman. Uni egasiga o‘z vaqtida qaytara olmaganimdan juda ko‘p azob chekdim. Bu azoblar menga kam.– U yuzimga qarolmas edi.
Haqiqatan ham, telefon meniki edi, bundan to‘rt oy oldin yo‘qolgan matohim.
Xo‘sh, bu telefon uning qo‘liga qanday tushib qol­di? U kim? Mendan nima istaydi? Shu tashvishli holatimga chang soladigan qanday o‘yin boshlanayapti. Butun o‘y-xayolim ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
Uyga taklif qildim. O‘z xonamga uni boshlab kirarkanman, zimdan kuzatardim. Bo‘yi bo‘yimga teng, xushbichim, kelishgan gavdasi hali uning navqironligidan dalolat berardi. Sochi qop-qora, yuzi oppoq. Xuddi mening yuzimga o‘xshagan dumaloq. Ko‘zlari katta-katta, o‘ta xushro‘y yigit edi. U ham meni jimgina kuzatardi. Taklifim bilan oromkursiga o‘tirdi.
– Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? – dedi nihoyat.
– Xo‘sh, sizni bu yerga nima boshlab keldi? Mening telefonim sizning qo‘lingizga qanday tushib qoldi? Siz o‘zi kimsiz? – deya ketma-ket savollar bera boshladim.
– Hozir hammasini aytib beraman, – uning ovozi yo jaranglardi, yo nazarimda shunday tuyuldi.
– Kechirim so‘rashga kelganim yo‘q. Mendan xuningizni oling, deb keldim. Sizning joningizga qasd qilgan menman. Mana, qarshingizda turibman. Shu o‘tgan to‘rt oyni it azobida o‘tkazdim. Bu ko‘rgiliklarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Iztirob meni baribir o‘ldiradi. Undan ko‘ra, sizning oyoqlaringiz ostida o‘lganim ma’qul. Meni ta’qib qilayotgan vijdon azobidan qutulaman.
O‘rnidan turib o‘zini oyoqlarim ostiga tashladi.
– Bu nima o‘yin? Tushuntiribroq gapirsangiz-chi? Kimsiz? Nima gap? – uni savollarga ko‘mib tashladim. U esa boshini ko‘tarmay oyog‘imni quchoqlab:
– Men ahmoqni, nomardni, ablahni, manqurtni o‘ldiring! – derdi tinmay. – Hammasiga men sababchiman. Bu voqealarning barchasini men qildim. Yaxshi ham tirik ekansiz. Bo‘lmasa armon bilan o‘lib ketardim, akajon!!! Sizdan kechirim so‘ramayman. Xuningizni oling! Mana, men qarshingizdaman.
U o‘rnidan turdi. Ko‘zlari to‘la yosh, boyagi chiroyli ko‘rinishdan asar ham qolmagandi. Yo qudratingdan, odam zoti bir daqiqada shunchalar tez o‘zgaradimi?! Yuzi so‘lgan, qo‘llari shalviragan, gavdasi keksa cholnikiday egilgan, sochlari to‘zigan, qarshimda mendan ham keksa odam turganday edi.
Yelkasidan ushlab joyiga o‘tqazdim, qo‘lim bilan sochlarini tekislab, uning yoniga o‘tirdim. Choynakdan piyolaga sovigan choy quyib uzatdim. U choyni simirib oxirigacha ichdi, keyin gazak axtarganday stol ustiga qaradi, bir dona konfetni olib og‘ziga soldi. Uni kuzata boshladim. U yana asta-sekin oldingi holatiga kela boshladi. Chiroyi ochildi, gavdasini tutib oldi, ko‘zlarida umid uchqunlari uyg‘ondi. O‘zini erkin his etib, yuzimga qaradi.
Uning ko‘zlari shu darajada tiniq, jozibali ediki, nafasimni yutib unga hayrat bilan termulardim. Qarshimda gunohkor, ruhiy azoblar girdobida qolgan mag‘rur yoshligim turardi.
Vo ajabo, bu yigit bunchalar menga o‘xshamasa. Uning tashqi sifatlari, sochining qoraligini e’tiborga olmasak, quyib qo‘yganday meni eslatar edi. Go‘yo biz bir ota-onadan tug‘ilgan aka-ukalar kabi (yoshimiz orasida tafovut bo‘lmaganida aynan Hasan-Husanlar edik) bir-birimizga o‘xshardik.
Vujudimda alanga bo‘lib yonayotgan jumboqlar qurshovidan chiqolmay, turli o‘y-xayollarga cho‘maman. Hali o‘zim tushunib yetmagan mohiyati sirli voqe­alarni, xotiramda bir muddat jonlantirsam-da, uning oqimida oqib, girdobida cho‘­kib ketayapman.
Boshimda shunday savollar aylandi:
"Bu yigit kim? Nega u mening oyog‘imga bosh urib, xuningizni oling, deyapti? Nahotki shu yigit mening qotilim bo‘lsa? Uning maqsadi nima? Mendan nima istaydi?!" degan odamni quyushqonidan chiqarib yuboradigan savollar ich-ichimda ingraydi. Negadir hech qanday so‘z tilimga kelmaydi.
Men ham, u ham uzoq jim o‘tirdik. Uning yuzida ajablanish (chamamda u o‘xshashligimizdan shu holatga tushdi), keyin quvonch paydo bo‘ldi. Go‘yo uzoq vaqtlardan beri sog‘inib yurgan jigarini topganday hayajonini yashirolmadi.
Nihoyat o‘zim tilga kirdim.
– Mening ismim Erqor, familiyam Alixonov.
– Men, – dedi u o‘ta hayajonlanib,– Qalandarman.
– Mana, tanishib ham oldik, bir oz tamaddi qilib, keyin suhbatimizni davom ettirsak bo‘ladi. Chamamda menga aytadigan gaplaringiz (muhim demoqchi bo‘ldimu, o‘zimni tiydim) ko‘p bo‘lsa kerak?
– Ha. Mehmon qilishga shoshilmang. Meni xonadoningizga sudrab kelgan kuch, bor-budimni parchalab shu yerga olib keldi.
To‘rt oy o‘zim bilan o‘zim kurashdim. Men amalga oshirgan qabih, mudhish xunrezlikni (boshqa so‘z topolmayapman) hech ham kechirishning iloji yo‘q. Buni pul yoki qasd olish uchun qilmadim, biron kishi buyurt­ma ham bermagan. Rashk o‘tida, tushunmasdan qildim. Siz bilan ishlaydigan Mohirani bilasiz. U mening yagonam, suyukligim. Men faqat shu qiz uchungina bu dunyoda mavjud ekanimni tasavvur qilaman. Unga bergan va’dalarim, uning bilan qilgan ahdu-paymonlarim vaqt o‘tishi bilan sarobga aylandi, to‘g‘rirog‘i, biz kutgan, nikoh kechasida simirishimiz kerak bo‘ladigan chinni kosadagi shirin suvga zahar solindi. To‘y qilishga ota-onamning kuchi yetmaganligi sababli, men Mohiraga yetish maqsadida, Rossiyaga ishga ketdim. Nima ish bo‘lsa qildim. Kecha-kunduz tinmay ko‘cha supirdim, axlat tozaladim, qurilishlarda ishladim. Kezi kelganda o‘lasi qilib hech sababsiz kaltaklashdi. Bir rus ayoli qutqarib qoldi meni. Musofir yurtda o‘lib ketardim. Qabrim ham bo‘lmasdi. Qancha-qancha men tengi yigitlar arzimagan ish haqi uchun qul bo‘lib ishlamoqda... To o‘z yo‘limni topgunimcha bor azobni ko‘rdim.
Men ham o‘z yurtimda tinchgina, boriga qanoat qilib ishlab yursam bo‘lardi-ku. Otam-onam, ukalarim, singillarim qancha yalinishdi ketmasligimni so‘rab. Men o‘jar bola, pul topish niyatida, sevgilimga qop-qop va’dalar berib, tug‘ilgan shahrimni – ona Vatanimni tark etdim.
Pul ham topdim, mol-davlat orttirdim. Evaziga nima oldim? Taqdir ko‘zimni ko‘r, qulog‘imni kar qildi. Mehr-muhabbatdan ayirdi. Badjahl qotilga aylantirdi. Orzu-umidlarim chil-chil sindi. O‘zimni boshqara olmadim.
Ukam telefonda Mohiraning qandaydir tashkilotda ishlayotganini, har kuni uyiga yengil mashina olib borib, olib ketayotganini aytib ichimga o‘t yoqdi. Ukamga tez kunda unga telefon, magnitofon olib berishni va’da qilib, Mohiraning har bir qadamini tekshirib, qaysi uyga boradi, qanday rusumli avtomashinada yuradi, shular haqida batafsil ma’lumot berib turishini so‘radim.
Mohira ba’zi kunlari ishga bormay ko‘p qavatli uylarning birida kun bo‘yi qolib ketishini, ishxonada esa, ikkinchi qavatda o‘tiradigan, kelishgan oq soch odamning xonasiga ko‘p kirishini, xullas, qo‘lidan kelgancha menga ma’lumot berib turdi.
Oxir-oqibat chiday olmadim. Chipta oldim-da, ertalab shaharga uchib keldim. Shu kuni uyga ham bormay mashina yollab, ukamning aytganlari rostmi-yolg‘onmi, bilish maqsadida Mohirani kuzatdim.
Haqiqatan ham, Mohirani ertalab oq "Lasetti" kelib ishga olib ketdi. Haydovchini poyladim. U bilan gaplashishning iloji bo‘lmadi. Keyin mashinaga did bilan kiyingan sochlari oq, kelishgan odam mindi. Nazarimda bu siz edingiz. Sizning kelishingizni uzoq poyladim. Shu kuni siz ishga kelmadingiz. Lekin mashina qaytib keldi. Bir ozdan keyin Mohira mashinaga minib, ishxonadan chiqib ketdi.
Mening ko‘rganlarimni tasavvuringizga keltiring, ukamning Mohiraga nisbatan aytgan hamma gap­lari mening shubha-gumonlarimga olov yoqdi. Men lovullab emas, jizg‘anak bo‘lib yondim. Bu olovni o‘chiradigan kuchni o‘zimda topa olmadim. To‘g‘risi, o‘y­lab ham ko‘rmadim. O‘ylashga vaqtim yo‘q edi. Shu kunning qanday o‘tganini bilmayman.
Aviakassaga borib ertalab uchadigan samolyotga chipta oldim. Keyin Mohira ishlaydigan ishxonaga borib uni uzoq poyladim.
Tushdan keyin bir "Neksiya" kelib, darvoza oldida to‘xtadi. Undan ertalab men ko‘rgan oq soch odam tushdi, ichkariga kirib ketdi. Hovliga kiradigan kichik eshik oldida nazoratchi kiruvchilarning ruxsatnomasini ko‘rib ichkariga qo‘yishini angladim. Uning biron yoqqa chiqishini sabrim chidamay kutdim. Olam ko‘zimga tor bo‘lib ko‘rinardi. Hech qanday to‘siqdan tap tortmasdim. Nazoratchi bir soatdan keyin hovli ichkarisiga kirib ketdi. Biron reja o‘ylamay darvoza tomon yurdim. Dadil ichkariga kirdim. Yo‘lakda menga hech kim ro‘para bo‘lmadi. Qo‘qqisdan kallamga qo‘limga nimadir olishim kerak, degan fikr keldi. Yo‘lakning chetlariga qaradim, uzunligi bir metrlar keladigan temir armaturaga ko‘zim tushdi, o‘shani olib, qo‘ynimga tiqdim. Qadamimni tezlatib, ikkinchi qavatga ko‘­tarildim. Ichimdagi nido "shu eshikni och", deb buyurdi. Eshikni ochdim. Ichkarida stol ustidagi kitoblarga termulib, eshikka teskari turgan oq soch odamni ko‘rdim. Boshiga qo‘limdagi buyum bilan urdim. U "g‘iq" etdi-yu, qulab tushdi. Stol ustidagi telefonga ko‘zim tushdi. Telefonni oldimu izimga qaytdim. Ertalab samolyotda Moskvaga uchib ketdim.
Bo‘lib o‘tgan voqealarni u shu qadar shoshib aytardiki, xuddi orqasidan allaqanday kuch shiddat bilan ta’qib qilayotganday edi. Go‘yo aytishga ulgurmay qolsa, hammasi tugaydigandek.
Uni o‘ziga keltirish uchun yana choy quyib berdim. U piyolani uzoq ushlab turdi, choydan ho‘plamadi. Keyin fikrini jamlab, piyolani stol ustiga qo‘ydi-da:
– Meni jazolang, – dedi.
Men unga bu ish bo‘yicha sud bo‘layotganini, u yerga borib bor gapni aytib berishini taklif qildim.
U:
– Xabarim bor, – dedi xotirjam. – Menga Mohira telefon qildi. Uni ham qamashmoqchi ekan. Hammasini borib aytaman. Men uchun eng to‘g‘ri yo‘l shu.
Afsuski, sizdan qarzimni uzolmasam kerak. O‘ylasam, tomirlarimda oqayotgan qonim to‘xtab qol­ganday bo‘ladi. Nafas olishim qiyinlashib, o‘zimni o‘lganlar orasiga qo‘shaman. O‘zi men kimman, deyman qayta-qayta.
O‘zimni-o‘zim savolga tutganim sari, tag-tugi ko‘­rinmaydigan chohga qarab sho‘ng‘iyotganimni, endi hech qachon baxtiyor hayot qo‘yniga qayta olmasligimni ang­layman.
Nadomatlar bo‘lsinki, sevgi deganlari shu qa­dar qasoskor bo‘lsa. Ayamay o‘ch olsa, seni o‘z qaynoq quchog‘idan olib, uloqtirsa. Ko‘rayotgan ko‘zlaringni ko‘r qilib, quloqlaringni kar qilsa. Xo‘sh, bu jazo menga nima uchun berildi? Hayotni teran anglamay, o‘zimga-o‘zim bino qo‘yganim uchunmi? Men ham sevishga, sevilishga loyiq edim-ku. Orzu-istaklarimning cheki yo‘q edi. Shu yorug‘ olamni hamma qatori sevadigan, xokisor odamlar safida edim. O‘z mehnatim evaziga o‘zimga, yaqinlarimga yetadigan darajada mol-dunyo to‘pladim. O‘zimni, o‘zligimni yo‘qotdim. Qani endi hayotga kelmaganimda, men uchun qanchalar yaxshi bo‘lar edi...
U bir nuqtaga tikilib uzoq jim qoldi. Nazarimda u ketishga taraddud ko‘rayotganday edi.
Unga qanday tasalli berishni o‘ylab, o‘yimga yetolmasdim.
Bu qanday holat?! Taqdir o‘yinimi? Yoki sinov maydonimi? Hali mening teng yarmimcha yashamagan bu yigitning oldida qancha-qancha sinovlar turibdi.
U albatta qilmishiga yarasha jazo oladi. Men da’vogar bo‘lamanmi, yo‘qmi, qonun oldida javob beradi. Lekin u o‘z fikrlarini o‘zgartirishi kerak. Oldiga qo‘ygan maqsadlari sarob emasligiga ishonishi, u azob chekadimi-chekmaydimi, hayot oqimi o‘z o‘zanida oqaverishini teran ko‘z bilan yurakdan anglashi shart.
Uning qo‘lini mehribonlik bilan kaftimga oldim.
– Qalandar! Men senga o‘g‘lim sifatida yondoshay. Endi sen ikki o‘g‘lim qatori o‘g‘lim bo‘lasan. Sen o‘zingni mendan qarzdor hisoblama. Mening kechirishim seni hayotga qaytarsa, ming-million marta kechirdim. Faqat sen o‘ksingan yuragingga shamol yubor. Avvalambor o‘zingni sev, shundagina boshqalarni seva olasan. O‘zingga ishon. Qalbingga his-tuyg‘ular yana qaytadan kiradi. Mening ko‘zlarimga boq. Teran hayotni ko‘rasan. Sen chekayotgan afsuslar insonni tarbiyalasa-da, uni ulg‘aytirmaydi. Sen o‘sishing, ulg‘ayishing, odamlarga kerak ekaningni anglashing, yolg‘onlarga ko‘milgan bu olamning ustidan kulishing, kulgiga qolmasliging, bir kam dunyoning kamini kengaytirish emas, kamaytirishing kerak.
U ma’yus, lekin chehrasi ochiq edi. Xuddi mehribon, sog‘ingan kishisini bag‘riga olgisi kelganday, menga tikilib turardi. U so‘zimni butun vujidi bilan tinglardi.
– Sen o‘zingning kelajagingni yaratishing kerak. Mana shu yuksak ishonchni qalbingga bayroq qilib qada. To‘g‘ri, bu hayot yo‘lida to‘siqlar istagancha topiladi. Bu to‘siqlarning paydo bo‘lishida mening ham, sening ham aybimiz yo‘q.

"Ming yillik yo‘l bor sendan
Musulmonlikka dovur.
Yana ming yillik yo‘l bor
To insonlikka dovur."

deganlarida, Hazrat Rumiy janoblari haq edi. Sakkiz yuz yil avval Rumiyni qiynagan savollar bizni ham qiyin ahvolga solib, javob izlatadi. Afsus­ki, javob topilmaydi...
Bu bilan hayotdan qo‘l siltash kerak degan ma’no kelib chiqmaydi. Ming yillar mobaynida "Insonni qachon komil inson desa bo‘ladi?" degan savolga javob topilmadimi, bundan keyin ham topilmasa kerak...
Nima bo‘pti? Bir qizni deb butun borliqdan voz kechish, bu – telbalik. Men aminmanki, sening vujudingda hayotga ishonch, yolg‘onga qarshi isyon gupirmoqda. Bu xislat har kimga ham nasib bo‘lavermaydi. Moskvadek shahardan kelib "Mendan o‘z xuningizni oling" deb turibsan. Shuning o‘zi sening kim ekanligingni, qanday insonligingni ko‘rsatib turibdi. Otangga rahmat, o‘g‘­lim Qalandar!
Men uning chehrasidan o‘zimcha o‘zgarish izlardim. Qalandarning menga aytadigan gapi borligini angladim. U menga beozorgina qaradi-da:
– Erqor aka, maylimi, sizdan bir narsa so‘rasam? Albatta, sizning xohishingizga, irodangizga qarshi borishga haqqim yo‘q. Agar iloji bo‘lsa, shu telefoningizni menga sovg‘a qilsangiz. Vaqtincha emas, bir umrga.
Men taraddudlanib, esankirab qoldim. Nima balo, bu yigit hamma voqealardan xabardormi? Nega telefonni shuncha uzoq yo‘ldan qaytarib olib kelib, endi o‘ziniki qilish uchun so‘rayapti?
Bu yigit nega qo‘qqisdan paydo bo‘ldi? Kelmasligi ham mumkin edi-ku. Haqiqatan, Mohirani sevishini isbotlash uchun keldimi? U o‘zini jazoga tashladi. To‘rt oyga chidagan odam, yana azob cheksa ham, tinchini o‘ylab, sir boy bermay yashayversa bo‘lar edi-ku.
– Yo‘q, Qalandar. Men senga bu telefonni bera olmayman. Xohlasang shunga o‘xshash boshqa telefon olib beraman.
– Yo‘q demang? Erqor aka, men sizdan iloji yo‘q narsani so‘rayotganim yo‘q-ku. Haqiqatan, otalik qilish niyatingiz rost bo‘lsa, telefoningizni ayamaysiz. Meni hayotga qaytarishga qo‘shgan hissangiz bo‘ladi.
Uning jovdirab turgan iltijoli ko‘zlari yuragimni o‘rtab yubordi.
– Bolam, bolajonim, ming afsuslar bo‘lsinki, hozircha biz nima yaxshi-yu, nima yomonligini bilmay yashayapmiz. Inson zoti tug‘ilganidan beri shu ikki qutb orasida sarson-sargardon. Ayrimlar, hojatini beminnat bajargan odamni yaxshilik qilayapti, deb o‘ylaydi. Yoki aksincha, uning ishlariga qasddanmi, qasddan emasmi to‘sqinlik qilayotganlarni, yomonlikka yo‘yadi. Bir o‘ylab ko‘r-chi, aslida ham haqiqatan shundaymi?
Ishi osongina bitayotgan odamning hayot yo‘li bekamu ko‘st, hamma narsalar oldindan shunday bo‘lganday tuyuladi. Yashash jarayonida u shunga ko‘nikadi, azal-oqibat o‘zini yengilmas kuch-qudrat egasidek tutadi. O‘zi bilmagan holda (ba’zan bilib) erinchoq tabiatiga xos bo‘lmagan yo‘ldan ketadi. To‘siqlarga ro‘baru kelganida-chi, u kurashlarda chiniqadi, turmushning baland-pastini ko‘radi. Aqlini peshlaydi. Yashash ishtiyoqida har qanday iflos ishlardan nafratlanishni o‘rganadi. Unga qarshi kurashadi.
Bir donishmand aytgan ekan: "Do‘sting baliq yegisi kelsa, sen unga baliq olib berma. Unga baliq tutishni o‘rgat". Xo‘sh, endi bu ikki holatning qaysi biri yaxshi-yu, qay biri yomon?!
Men senga nasihat qilishdan yiroqman. Sen musofirlikni ko‘rgan, hayot yo‘llarida chiniqqan, o‘zini anglashga intilayotgan yigitsan. Hozir men shu telefonni senga bersam yaxshilik qilgan bo‘lamanmi, yo yomonlik? O‘zingga savol berib ko‘r-chi. Nimaga shu oddiygina telefonni senday yigitdan qizg‘anayapman? Buning o‘ziga yarasha jiddiy sabablari borligini o‘yladingmi?
Senga bo‘lgan hurmatimni o‘zimcha mulohaza qilar ekanman:
– Sen, hayotdagi bor yaxshiliklarga loyiq odamsan, – deyman.
Telefonga kelsak, uning sir-sinoatlari hozircha menga noma’lumligicha qolmoqda.
Hayot tajribamdan kelib chiqib, o‘zimcha mulohaza qilamanki, bu taqdir... Ilohiy kuchning odamzot uchun ko‘rsatilayotgan sirli qudrati...
Qadimiy rivoyatlarda aytilganidek, odamlarning azal orzu-umidlariga yo‘ldosh bo‘lgan yoriltoshlar, uchar gilamlar, toshga aylangan hur qizlar, qanot chiqarib uchgan otlar, xullas, ota-bobolarimiz yaratib ketgan ertaknamo mo‘‘jizalarning bir ko‘rinishidar.
Bugungi kunda men bilan senga telefon sifatida namoyon bo‘layotgan: sehrli qog‘ozlar, o‘zining domiga oluvchi kompyuter (internet)lar... turli shakllarga kirib, hayotga endi qadam qo‘yayotgan avlodlarga sinov maydoni... yoki mayoq vazifasini o‘tayotgan bo‘lsa ne ajab!
Xullas, mening bu maydonda qolishga bardoshim yetmayapti...
Bu omadsizlik emas, fojea ham emas... Bu – mening va sening hayot yo‘llarida tutashgan taqdirimiz...
O‘zimcha o‘ylab qolaman, telefon mojarosi balkim xayolimda kechgandir, hech qanday telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lmagandir, o‘zim bilan o‘zim suhbat qilgandirman... Yoki o‘n sakkiz ming olamning biz bilmagan g‘oyib olamidan kelayotgan ogohlantirishdir. Ichki olamimni ostun-ustun qilib yuborgan, aslida telefon qo‘ng‘irog‘i emas, o‘zligimni tanishimdir. Men o‘zi qanday odam ekanligimni to‘la anglashga undovchi hayotning sinov qo‘ng‘irog‘idir... U hech qachon savollarga javob bermaydi, o‘zing bilan o‘zing ro‘para bo‘lib, jumboqlarga o‘zing javob izlaysan...
Atrofda shunday odamlar borki (bular hayotda juda ko‘pchilikni tashkil qiladi) bu dunyoga nega kelganini, nima uchun yashayotganini bilmay o‘tib ketadilar...
Aqalli, bir kun hisobidan, bir soatgina bo‘lsa ham, o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishni xayollariga keltirmaydi...
Eh, odamlar! Odamlar! Insoniyat o‘zligini teran anglashi uchun yer yuzining har bir xonadonida, har bir odamning qulog‘i ostida, vujudni (qalbni) tozalashga undovchi, ilohiy hayot qo‘ng‘irog‘i jaranglab tursa, dunyo qanday ajoyib bo‘lar edi...
– Qalandar! – deyman unga termulib.
– Ha, mening bu xonadonga kirib kelishim zamirida, aynan sizga o‘xshashligim, dunyoqarashimizdagi fikrlarning hamohangligi (oldindan bilmasam-da), taqdiri azalning yetaklovi bor, deb bilaman..
Siz telefonni Qalandarga bersam yaxshilik qilamanmi, yomonlik qilamanmi, deb sira ikkilanmang. Boya donolar zikridan dalil keltirganingizdek, el orasida shunday gap ham bor: "Mana bu olma senga – yesang otang o‘ladi, yemasang – onang". Ayting-chi, olmani yeyish afzalmi, yemaslik? Odamzot paydo bo‘lgandan beri shu haqda o‘ylaydi. Aslida olmani yesa ham, yemasa ham, ota-ona bizni tark etadi-ku.
Menga o‘z kelajagingni o‘zing yarat dedingiz. Demak, menga ishondingiz. Shu muqaddas so‘z hurmati, hech ikkilanmay telefoningizni bering.
O‘zim sezmagan holda uning so‘zlaridan ta’sirlanib, beixtiyor cho‘ntagimdan telefonni olib, qal­bimning bir parchasini uzatayotganday, uning qo‘­liga tutqazdim.
– Ehtiyot qil, – dedim.
– Ehtiyot qilaman...
Bu shivirlab aytilgan so‘zlardan o‘zimcha nelarnidir anglaganday bo‘ldim. Yelkamdan ko‘tarib bo‘lmas darajadagi og‘ir yuk qulaganday, o‘zimni yengil his etdim. Go‘yo bu sir-sinoatga to‘la telefonning qudratini bu yosh yigit qanday ko‘tara oladi degan xavfsirash bilan Qalandarni kuzatdim. U telefonni yon cho‘ntagiga solar ekan, unda hech qanday o‘zgarish sezmadim. U oddiygina qilib, kattadan-katta rahmat aytdi-da, o‘rnidan turib eshik tomon yo‘l oldi. Uni uyda olib qolishga undadim. Negadir u bezovtalanib soatiga qaradi. Haqiqatan ham, soat millari uchga yaqinlashayotgan edi.
– Xo‘p desangiz, ertaga ham kelsam, – dedi og‘ir xo‘rsinib.
– Marhamat, sen uchun hamisha darvozamiz ochiq. Bemalol tortinmay kelaver, – dedim uning shu da­qi­qada men bilan qolmasligiga ko‘zim yetib.
U mag‘rur, shaxdam qadamlar bilan ko‘chaga chiqdi. Xuddi tushimda farishtani kuzatayotgan baxtiyor odamday, ko‘cha yo‘lagida ko‘rinmay qolgunicha orqasidan termulib qoldim...
Eng qizig‘i, yana uch kundan keyin bo‘ladigan vo­qealar ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Tergovchi Allayorovning ahvoli nihoyatda ayanchli. Kelishgan, dimog‘dor yuzidagi o‘zgarishni aniq ko‘rdim. Uning basharasi qo­rayib, xuddi ko‘mir tusiga kirgan. Har doim burro-burro so‘zlaydigan tili kalimaga kelmay, allanimalar demoqchi bo‘ladi-yu, g‘o‘ldirashdan nariga o‘tol­maydi...
Karim Suyarovich esa, qilgan qilmishidan ko‘ngli vay­ron, ko‘zi to‘la yosh, Mohira o‘ta parishon. Boshini qu­yi egganicha, yaqinlarining yuziga qarolmay, o‘ziga-o‘zi la’nat toshi otib, qilmishidan bir umr pushaymon...
Sara o‘g‘li Ayoz. Dunyoga kelganidan hayron... uni o‘ylab topgan Allayorovning sho‘riga sho‘rva to‘kilishini biladi...
Qalandar-chi!
U mag‘rur, oq bulutlar ustida erkin parvoz qi­lar­kan, yuksak-yuksaklardan turib: "Men har qanday jazoga loyiqman!!!" – deb hayqiradi...
Men garangsib, divanda xayollar og‘ushida yotar ekanman, devorda osilgan soatning chiqillab uchga yaqinlashayotganidan yuragim bezovta bo‘lib, o‘zimga-o‘zim gapiraman.
– Ha, Qalandar!
Endi bu siru sinoat tashvishlarni o‘z yelkangga olding. Yo‘lingdan adashma! Izingga qaytma! Men bu o‘yindan chiqdim...
Ha, endi odamga o‘xshab yashayman!..

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.