Eski darvozaning g‘ijirlashi ayvondagi so‘rida kitob o‘qib yotgan yigitning diqqatini bo‘ldi. Yo‘lakda kalta xonatlas ko‘ylakli, timqora sochlari yelkasiga yoyilgan, ko‘hlikkina qiz turar edi. U mehmon hurmati uchun o‘rnidan qo‘zg‘algan yigitning xushqomat jussasiga bir zum tikilib qoldi.
— Salom!
— Vaalaykum assalom. — Yigit ayvondan tushib, notanish qizni so‘riga taklif etdi. — Qani...
Qiz mezbonning ko‘ziga tik boqib:
— Rahmat, — dedi. — Men... haligi... folklor ekspeditsiyasidanman. Xabaringiz bordir?
Tog‘ bag‘ridagi bu kichik qishloqqa Toshkentdan filolog studentlar ekspeditsiyasi kelgan edi. Yigit bosh irg‘adi.
— Shunga... eskicha qo‘shiqmi, ertakmi biladigan kishi bo‘lsa...
Yigit qizning saraton oftobida bo‘g‘riqqan yuziga afsuslanib qaradi.
— Onamlar yo‘q edilar-ku...
Qiz birdan bo‘shashdi. «Mayli, bo‘lmasa», degandek parishon jilmaygan kuyi bosh silkib, darvoza tomon yo‘naldi.
— Shoshmay turing, — dedi yigit. — Anavi dovon orqasida, ko‘l bo‘yida enamlar yashaydilar. U kishi eski termayu afsonaning koni. Xohlasangiz — o‘sha yoqqa olib chiqaman?..
Ertasiga qiz bir dugonasi bilan keldi. Uchovlon qishloq tepasida xo‘mraygan qoyalar ortidagi Oydinko‘lga jo‘nadilar. Qiz o‘zini Gulya — Gulnora; o‘rta bo‘y, sochlari ikkita o‘rilgan, shirmon yuzli dugonasini esa Aziza, deb tanishtirdi.
Ko‘p o‘tmay yo‘l torayib, tog‘ bag‘riga o‘rladi. Yigit yo‘l-yo‘lakay enasini ta’riflab bordi.
Bobosi yoshligida Qo‘qon madrasalarida o‘qigan, Yassaviyga ixlos qo‘yib, o‘zi ham g‘azallar bitgan ekan. ld yillar ilgari mulla dunyodan etak siltaydi-da, xotinini olib, toqqa, kimsasiz ko‘l bo‘yiga ko‘chib chiqadi. Eru xotin shu yerda boshpana quradi, xurjunda tuproq tashib, tosh ustida bog‘ qiladi. O’tar bobo tog‘ yon bag‘ridan yulib olgan bir parcha yeriga bug‘doy ekadi, qishda kaklik tutib sotadi, mol-hol orttiradi.
Shu tariqa uzoq yillar tanho umr kechirib kelayotgan ekanlar. Bola-chaqalari ulg‘ayib qishloqqa tushib ketishgan, u yerda nevara-chevaralari serob. Amir — kenja nevara.
Chol-kampir esa hamon ko‘l bo‘yida yashaydi.
— Qiziq... Nega bunday... Robinzonga o‘xshab? — deb so‘radi Gulnora.
— Kim bilsin, — deb yelka qisdi yigit. — Bobomiz enamizni rashk qilganidan toqqa olib chiqib ketgan, deb chala-yarim eshitganman. Odamlarning gapi...
Enam yoshligida shu qishloqlik bir yigitga ko‘ngil qo‘ygan ekanmi-ey... Xullas, shunaqa gaplar... Ilon izi so‘qmoq tobora yuqorilar edi.
— Charchadilaringiz shekilli, — dedi Amir yuzlarini reza ter bosgan qizlarga. — Asli eshakda kelsak bo‘larkan.
— Fu! — Gulnora labini burdi.
— Shoshmanglar, ko‘lga yetaylik. Bobomning qo‘ydek yuvosh oti bor, minib rosa sayr qilasizlar.
Qizlar bir zum o‘zlarini ko‘l atrofida ot choptirib yurgandek tasavvur etib, entikib qo‘ydilar.
So‘qmoq yon-veridagi bir turtkiga mahtal zalvorli xarsanglar go‘yo hozir qulab tushadigandek omonat tuyuladi.
Dovonga ko‘tarilguncha qizlar qora terga botib, hansirab qoldilar. Biroq tepadan Oydinko‘lga qarashlari bilan charchaganlari ham shu zahoti esdan chiqib ketdi.
Atrofini o‘shshaygan qoyalar qurshagan kaftdek vodiy o‘rtasida ko‘z yoshidek tiniq ko‘l sokin mavjlanib yotar edi.
Tosh devorli qo‘rg‘on darvozasi yonida kigiz qalpoqni qoshiga qadar bostirib kiygan, nihoyatda keksa, lekin qisiq ko‘zlarining dadil boqishi, cho‘yandan Quyilgandek og‘ir gavdasini yengil ko‘tarib yurishidan ellik-oltmish yoshlar chamasida ko‘ringan alp kelbat chol qarshi oldi. Qo‘rg‘on o‘rtasida oldi quyoshga qaragan uch xonali pastak uy. Uy devorlari ham toshddts faqat nari-beri loysuvoq qilingan.
Ichkaridan ikki yuzi qip-qizil, jikkak, sochigd so‘lkovoy tangalar taqilgan kampir pildirab chiqdi.
— Ena, — dedi Amir qizlarni bag‘riga bosib ko‘rishayotgan kampirga,— atay shahardan kelishgan ekan, yaxshilab siylaysizda endi, ham qo‘shiq bilan, ham.
— Voy, aylanay chiroqlarim, xudo bir yorlaqabdi-da...
Gulnoraga kampirning gaplari, yoqasiga, yenglari uchiga jiyak tutilgan qopdek ko‘ylagi, tumshug‘i qayrilgan kavushi g‘aroyib tuyuldi. Mehmonlarni o‘tqazgani joy topolmay shoshib qolgan kampirga ham bu qizlar g‘oyat antiqa ko‘rinar edi.
— Hoy, menga qara, — deb shipshidi u ayvonda ayron simirayotgan Amirga. — Kim o‘zi bularing? Anavinisi muncha dumi yulingan hakkaga o‘xshamasa?
Amir miyig‘ida kulimsiradi.
— Qo‘yavering, ena... bor narsani yashirishning hojati yo‘qdir-da...
Tokchadan u-bu narsa olayotgan kampir uning gapini eshitmadi.
— Qani, ilohi omin, — dedi u poygakka tiz cho‘kib, fotihaga qo‘l ocharkan. Gulnora avval go‘layib turdi, biroq Aziza bilan Amir kampirga ergashgach, barmoqlarini o‘quvsiz birlashtirib, yuziga yaqinlashtirdi. — Tinchlik-xotirjamlik bo‘lsin, Ollohu akbar!..
Xonadan pichan hidi anqir edi. Shiftga oq-ko‘k xalta-xultalar, makkajo‘xori so‘talari osilgan.
Gulnora devorga qoqilgan qo‘y po‘stagiga irganibgina qaradi-da, dasturxon yoniga bahuzur oyog‘ini uzatdi. Enasi oldida qizning oppoq boldirlariga qarab o‘tirish o‘ng‘aysiz edi, Amir tashqariga yo‘naldi. Eshikdan chiqayotib, Azizaning yalt etgan hurkak nigohini sezdi. Bir ozdan so‘ng ichkaridan kampirning xiyol xirqiroq, zaif va ana shu zaif-hazinligi bilan yurakka allanechuk hasrat soladigan ovozi eshitila boshladi:
Ket desang Qashqar ketay,
Yo‘llarda yolg‘izlik yomon.
Yolg‘izlikdan kim o‘libdi,
Hammadan xo‘rlik yomon...
Amir ayvonda jimgina yer chizib o‘tirar edi.
Anov turgan olmamikan, normikan, normikan,
Soyasida yotgan bizning yormikan-ey, yormikan?
Soyasinda yotgan bizning yor bo‘lsa, yor bo‘lsa
Ikkimizni ko‘shar kunlar bormikan-ey, bormikan?
U xonaga qaytib kirganida, kampir ro‘moli yelkasiga sirg‘alib tushganini ham sezmasdan, ko‘zlari yumilib kuylardi.
— Ena, — dedi Amir tomoq qirib. — Qizlarga ozgina dam bering, charchab qolishmasin. Ko‘l bo‘ylarini bunday bir aylanib kelishsin.
Kampir birdan to‘xtab, gunohkorona jilmaydi, shosha-pisha ro‘molini qo‘liga olib, sekin g‘ijimladi.
Gulnora dik etib o‘rnidan turdi-da, Azizaning qo‘lidan tortdi:
— Aziza, ketdik, ot minamiz, yur!
Aziza allanechuk ma’yus tortib qolgan kampirga termulib o‘tirarkan, unamadi.
Amir darvoza yonidagi boshini solintirib turgan, egari ustidan ko‘rpacha tang‘ilgan biyani ko‘lga olib tushadigan xivichday so‘qmoqdan yetakladi. Gulnora ergashdi.
— Hech ot minganmisiz?
— Yo‘q, sektsiyasiga qatnashmoqchi edim, ayam ko‘nmadi. O’zingnikidan qolma, yiqilib mayib bo‘lasan, deb qo‘rqdi.
— O’zingizniki qaysi?
— Badiiy gimnastika. Birinchi razryadim bor! Musobaqalarda sovrinlar olganman, bilsangiz...
Amir kalta atlas ko‘ylakdagi durkun, sarvqomatni o‘g‘rincha ko‘zdan kechirib, uning gapi rostligiga ishonch hosil qildi.
Gulnora suhbatni yana ulashga tirishdi:
— Ashula aytishni bilasizmi, Amir?
— Ha... — So‘qmoq asta pastlab borar, tevarak-atrof suv quygandek jimjit edi...
Amir ko‘p tixirlik qildi, lekin qiz yalinavergach tuyqusdan bo‘g‘iq ovoz bilan sekingina kuylay boshladi:
Kecha kelgu...mdir debo... on... ul
sarvi gu...lro‘ kelmadi... a
Yigitning boshda horg‘in, erinchoq tuyulgan tovush asta tiniqlasha, so‘ngra kuchaya bordi. Nihoyat, u baland, o‘ktam bir ohang kasb etib yangradi.
Qovog‘i soliq qoyalar qo‘shiqqa mahliyo bo‘lib qotib qolgandek edi. Pastda jimir-jimir mavjlanayotgan ko‘l ham, issiqdan bir-birining soyasiga qochmoqchidek qo‘shnilari pinjiga tiqilgan archalar ham, ashula ohangiga mos lo‘killayotgan biya ham qo‘shiqqa some.
Gulnora yuzini chetga o‘girib, bilinar-bilinmas uf tortdi. Yigit o‘z qo‘shig‘iga o‘zi erib, ko‘zlarini yumib xonish qilardi.
Lahza-lahza chiqtimu chekdim yo‘lida intizor,
Keldi jon og‘zimg‘avu ul sho‘xi badxo‘ kelmadi...
Amirning ko‘z oldida qiyrixon o‘ragan durrasining bir uchini g‘oyat nazokat bilan chehrasiga pana etgan, surma tortilgan ko‘zlarida hayo balqigan, uzun atlas ko‘ilagini sekin shitirlatib, bitta-bitta qadam bosib kelayotgan pari namoyon bo‘ldi. Mana, pari beqasam to‘ni etaklarini juftlashtirib unsizgina tiz cho‘kdi... Jonon piyolaga may qo‘ydi-da, bitta... yana bitta chertib unga uzatdi...
Ko‘zlaringdan nega suv kelgay, deb o‘lturmang meni
Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha suv kelmadi...
— Voy-bo‘! Maqomchilar ansamblidan emasmisiz?
Amir ko‘zini ochib, qarshisida porlab turgan narsaga qaradi-da:
— Kelmadi... — dedi.
— Voy! Ko‘lga yetib keldik! — deb Gulnora jimirlab yotgan suvga chopib tuptdiyu shu zahoti oyog‘ini tortdi.
— Vuy, sovuhligini qarang-a! Muz-a, muz!
— Qor suvi-da! Otda bir chopaylik, sovuqligi xam xush yoqib qoladi. Qani, minmaysizmi?
— Qo‘rqaman...
— Be! Asovmidi bu opqochsa?!
Gulnor bir amallab egarga mindi-da, boshi ko‘kka yetgudek bo‘lib:
—Qani, chu, tulporim, chu, — deya qichqirdi.
Qovurg‘alari sanalib turgan «tulpor» lo‘killab chopdi. Omonat o‘tirgan Gulnora chap tomonga og‘ib ketdi.
— Voy-voy! Yiqilaman! — Amir epchillik qilib suyab qolmaganda u toshga qulab tushar edi... Maslahat bilan Gulnora o‘ng qo‘liga yuganni tutdi, chap qo‘lini Amirga berdi.
Sayr boshlandi. Ot tuyoqlari qirg‘oqdagi taram-taram qum yuzida xol-xol iz qoldirar edi. Ko‘l tarafdan salqin shabada turdi.
— Bu yoqqa qarang-a, — dedi Amir bir vaqt narigi sohilga ishora qilib. Qayoqdandir paydo bo‘lgan sur bulutlar hozirgina charaqlab turgan quyosh yuzini to‘sgan, ko‘l bo‘yiga soya tushib, tevarak xiralashgan edi. Bulut pardasini yorib taralayotgan nur daraning u tomonida qaqqaygan qoyalar uzra quyilar, atrof qizg‘ish-naparmon tusda jilvalanar edi.
— «Makkenining oltini» filmini ko‘rganmisiz? — dedi Gulnora. — O’shanda oltin tog‘lar shunday tovlanadi.
Quyosh dara ortiga cho‘kib, g‘oyib bo‘ldi. Vodiyga salqin oqshom yoyildi.
— Qaytaylik... — dedi Gulnora.
O’chokdagi olov hijronzada qizning qizil ro‘molidek qaltirar, qozon atrofida kuymanib yurgan kampirning soyasi ham lip-lip tebranar edi. Gulnora otdan sirg‘alib tushgach, bir-ikki depsinib darvozaga qarab borarkan, to‘satdan cho‘chib, orqaga tislandi.
Darvoza yonidagi supada O’tar bobo toshdek qotib o‘tirar, vajohatida kishi vujudini jimirlatadigan sovuq bir ifoda muhrlangan edi.
Chol yonidan o‘tayotgan nevarasini ham, qizni ham payqamadi.
Uydan patnisda masalliq ko‘tarib, Aziza chiqdi.
Amir ekspeditsiya rahbariga qizlarning yana bir-ikki kun Oydinko‘lda qolajaklarini xabar qilit uchun qishloqqa qaytdi.
Tog‘ ortidan to‘lin oy ohista suzib chiqib, asta yuqoriga ko‘tarila boshladi. Oydinko‘l tepasiga kelganda taqqa to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Oydin kecha g‘oyat tarovatli edi. O’shshaygan qoyalar qamalidagi Oydinko‘d oynadek yaltirar, go‘yo yerda ham yana bitta oy tovlanib yotganga o‘xshar edi.
— Bekorga Oydinko‘l deyishmagan ekan-da, — deb xayolan pichirladi Gulnora ko‘zi ilinayotib.
...«Amir!» deb qichqirardi u tinmay o‘ziga chorlayotgan oy sari tikka uchib borayotgan yigitga. Bir sovuq shamol izg‘ir ekan oy yo‘lida, bir sovuq...
Gulnora dildirab uyg‘ondi. O’rnidan turib, qoziqdagi choponni oldida, o‘ralib tashqariga chiqdi. Hovlida kampir g‘ivirsib yurar edi. To‘satdan lop etib O’tar bobo paydo bo‘ldi. Kampiri yonida to‘xtab, Gulnoraga qaradiyu qisiq ko‘zlari katta ochilib ketdi. Cholning avzoyini ko‘rib kampir qizga alanglab nazar tashladi va shu zahoti rangi o‘zgardi. Erining g‘azabnok nigohidan bukilib ketayotgan kabi egilib:
— Hoy, qizim, — dedi qaltiragan ovoz bilan shosha-pisha. — Egningizdagi to‘nni yechib qo‘ying, bobongiz unda namoz o‘qiydi.
— Nima bo‘libdi? Men iflos qilmayman-ku.
O’tar bobo shart orqasiga qayrildi.
— Voy, baraka topkur-ey, yecha qoling, sizga boshqa narsa beray. Chol o‘lgurning jahli belbog‘ida...
Gulnora bu eski choponning shu qadar arzandaligiga ajablandi-da, yechib kampirga uzatdi.
Irmoq tarafdan Aziza chelak ko‘tarib kelardi.
— Jonim qoqindiq, juda urinchoq ekansiz-da! - deb zorlandi kampir. — O’zim olib kelardimu...
Aziza lo‘ppi yuzlari qizarib, hansirab tura edi.
Nonushtadan so‘ng kampir bilan Aziza qo‘y-echkilarni o‘tloqqa haydab ketishdi. Gulnora sumkasidan Uitmenning mo‘‘jaz to‘plamini olib o‘qishga tutindi.
U dovon tepasida Amirning qorasi paydo bo‘lganini ham, darvozadan kirib kelganini ham sezmadi.
— Xormang, Gulnoraxon...
Qiz ro‘parasidagi navqiron yigitni, uning qora qoshlari, qirra burun, tiyrak ko‘zlarini ko‘rib bilinar-bilinmas qizardi...
Hol-ahvol so‘rashgach, Amir qizning qo‘lidagi kitobga qiziqdi. Gulnora Uitmenni o‘qimagan gumroh hamsuhbatiga afsuslanib tikilgancha bu «jahonning sakkizinchi mo‘‘jizasi» haqida vijir-vijir tushuntira ketdi. Amir uning sabog‘ini sabr bilan tinglab, nihoyat:
— Lutfiy darajasidagi shoir ekan-da, — deya xulosa chiqardi.
— Lutfiy? Kim u?
Yigit Gulnoraning ingliz filologiyasi bo‘limida tahsil ko‘rishini esladi...
— Navoiyni ham mutolaa qilmagandirsiz?
— Maktabda o‘qiganman... bir oz, — dedi qiz taraddudlanib. — Endi kirishmoqchiman. Bilasizmi, haligi... Sharq poeziyasi bilan uncha tanish bo‘lmaganim uchunmi...
Oraga sukut cho‘kdi.
«Mening bechora she’riyatim!», deb xayolidan o‘tkaz-di Amir qorli cho‘qqilarga hasratli nazar tashlab.
— Kursdoshlarim studentlar qurilish otryadida. Shimolga ketishuvdi, — dedi Gulnora jimlikni buzib. — Men ahmoq ulardan ajrab, bu yoqqa chiqqan edim. Ochig‘i, tog‘larda jindek dam olib kelaman, deb o‘ylovdim. Endi esa zerikib o‘lyapman. Cholu kampirlarning siyqalashgan xotiralaridan eski-tuskilarni qirtishlayverish ham jonga tegdi... To‘g‘risi, men ularni yaxshi tushunmayman... Shu ming yillik eski gaplarning nima keragi bor-a?..
Xarsanglar ortida munkayib kelayotgan qora ko‘ylakli kampir, uning yonida esa o‘rik gulidek oppoq ko‘ylagi yanada oqroq ko‘ringan Aziza paydo bo‘ldi. Ko‘rishar ekanlar, Amir Azizaning qimtinibgina qo‘l uzatganini, so‘ng darhol ko‘zini yerga olganini sezdi. To‘rtovlon yassi xarsang supa ustiga cho‘ka qolishdi. Aziza kampirni yana ishga soldi.
...Marg‘ilonning yo‘lida
Yakka terak o‘sibdi.
Yorim kelar yo‘llarni
Tikan o‘tlar to‘sibdi...
Kampir shunchaki xirgoyi qilayotgandek past ovoz bilan boshlar, so‘ng avjiga chiqar, shu paytda zaif titroq tovush benihoya hazinlashar, qo‘shiq ohangida teran bir mung to‘kilar edi...
Samarqand soyiga solma imorat-o, solma imorat,
O’z yurtingga qilma xiyonat-o, qilma xiyonat,
O’z yurtingga qilsang xiyonat-o, qilsang xiyonat.
O’zganing yurti ham senga omonat-o, senga omonat...
Oradan zum o‘tmay zerikkan Gulnora Amirga qarab sekin imo qildi. Ular ko‘zlarini chirt yumib olgan kampir va ruchkasi daftar varaqlari uzra tinimsiz yo‘rg‘alayotgan Azizaning yonidan ohista sirg‘alib, ko‘l tomon jo‘nadilar.
— Qizingiz bormi? — deb so‘radi Gulnora daf’atan.
— Hali uylanganim yo‘q, — javob qaytardi Amir Gulnoraning qanday «qiz» xususida surishtirayotganini sezsa-da.
— Yo‘q, sevgan qizingiz?..
Oydinko‘l ohista shivirlar, suv sathi yum-yum yig‘layotgan go‘zal yuzidagi moviy pardadek titrar edi. Irmoq sohilidagi yolg‘iz terak undov belgisidek tanho qaqqayib turardi.
— Men o‘shaman! — dedi Amir terakni ko‘rsatib.
Qiz yigitning keng yelkalariga, marmarday tiniq yuziga ilinj yashiringan sinchkov nigoh tashladi.
— O’zingizda-chi?
— Bor edi, — dedi Gulnora bamaylixotir. — U...
— Ikkita edi ular, — deya uning so‘zini kesdi Amir, — biri sakkizinchi sinfdan buyon. Lekin u boshqa institutga kirdi — ajrashdik. Ikkinchisi fakultetda topgandim, chiroyli edi, yurish-turish ham yomonmas. Faqat tergayverib jonimga tegdi: falonchi bilan nega birga ketding, pistonchi bilan nega hiringlashding... Xullas, shu qadar qoloq, XIX asrdan qolgan tirik mo‘miyoning o‘zi! Bahridan o‘tdim-qo‘ydim!
— Qayoqdan bildingiz?! — deb qichqirib yubordi Gulnora.
— Gapimni bo‘lmang! — deb sovuq shiddat bilan davom etdi yigit. — Otangiz ziyoli odam. Onangiz ilgari ishlagan. Keyinchalik semirib ketgach, «uy beksasi»ga aylangan, «serdtsa»si chatoq. Yiliga ikki marta Yalta havosidan simirmasa «pristup» bo‘ladi.
— Aziza aytgan! — Qiz hangu mang, tamoman mahv etilgan edi.
— Aziza bilan gaplashdimmi?
— Unda... Qaydan?
Amir lablari qiyshayib, asabiy kuldi. Ko‘zlagan niyatining chippakka chiqishini avvaldan bilgan odamgina shunday zo‘rma-zo‘raki iljaya olar edi.
«Xuddi o‘zi-ya!», deb o‘yladi Amir. Yuragi siqildi.
Xuddi shunday tim qora sochlar, xuddi shunday fusunkor yuzlar, xuddi shunday yurakka o‘t soluvchi ishvakor tabassum... Umrining eng beg‘ubor damlarini Amir o‘sha sirli jilmayishlarga baxsh etgan edi...
So‘ng: u suyib o‘pgan nozik qo‘lchalarni kimlardir beibo ushlagani... O’sha aziz, qadrdon vujudning hech tortinmay o‘zgalar og‘ushida qiyshanglagani... Birdan bularning hammasi yirik plandagi kadr kabi jonla-nib, uni titratib yubordi: «Siz eng nodon qishloqisiz! Men bari bir siz aytgandek bo‘lolmayman. Bo‘lolmayman! Bo‘lolmayman!..»
«Eh, bari bir!»
Quyosh tikkada o‘t purkaydi. Osmonning bir chetida siyrak bulutlar erinibgina suzadi. Darada o‘tkir archa hidi kezadi. Oyoq ostida shag‘al g‘ijirlaydi. Bir o‘rim sochdek chulg‘angan irmoq ko‘lga tomon eshilib ket-gan.
— Hur qizlar-u-u! — deb qichqirdi birdan Amir
va to‘xtab quloq soldi.
Qoyalar qa’ridan javob qaytdi:
— Huv... v... v...
U anqayib turgan Gulnoraga tushuntirdi: qadim zamonlarda darada hur qizlar yashaganlar. Xuddi amazonkalardek. Bir kuni yov bosgan. Hur qizlar yov bilan olisha-olisha huv baland cho‘qqiga chekinadilar. Yev har tarafdan o‘rab kela boshlabdi. Shunda qizlar malikasi tiz cho‘kib, tog‘u toshlarga yolvoribdi. Ulkan qoya birdan yorilibdi-da, ularni o‘z bag‘riga olibdi. Iffatni jondan yuksak bilgan hur qizlar hamon bag‘rida emish.
— G’alati afsona ekan... Amazonkalar... — Aytishlaricha, hur qizlardek sof, boshdan-oyoq pokiza bir qiz kelib: «Hur qizlar-u-u! Chiqinglar desa qoya yana tars yorilib ular ozod bo‘lar emish. Mana shu Oydinko‘l ham o‘sha qizlarning ko‘z yoshlaridan paydo bo‘lgan, deyishadi.
Quyosh qoyalar ortiga botib ketdi. Cho‘qqilar gungurt-zangori tusda tovlanar, ko‘l sokin mavjlana edi...
— Ollo-hu... ak-bar-r-r!... Ollohu... u... ak-bar-r.
Butun dara seskanib tushgandek bo‘ldi. Qo‘rg‘on tarafdan asr namoziga chorlab azon tovushi kelar edi.
— Hay...ya alas...salo...ot! Hay... ya alas... salo... ot.
— Bobom, — dedi Amir hayratdan quruqlikdagi baliqday og‘zini ochib qolgan Gulnoraga. — Kecha eshitmaganmidingiz ?
— Yo‘q. Qiziq, namozga toshlarni chaqiradimi?
— Bobomning nazarida, azon tovushini eshitgan yeru suv poklanadi, — deb Amir atrofga ishora qildi. — Oydinko‘lning suvini ichayotganlar ham shu tariqa ozmi-ko‘pmi savobga doxil bo‘lar emish. Uning bu kimsasiz joyda yashashiga sabab ham shu.
— O’h-ho‘... — dedi Gulnora ko‘zlarini o‘ynatib. - Juda... nima desam ekan... fidoyi, yo‘g‘-e... zamonaviy utopist ekan-ku, bobongiz...
Amirning rangi o‘zgardi.
— Utopistmi, yo‘qmi, siz bilan biz uni tushunmaymiz. Tushunmagan narsasi haqida yengil-elpi hukm chiqarishga esa hech kimning haqqi yo‘q!
— Kechirasiz... men... — dedi qiz yelka qisib.
Ular hovliga qaytib kirisharkan, o‘choq oldida Azizaga nimanidir uqtirayottan kampirning gapi chala-yarim quloqlariga chalindi:
— ...Amirim ham Toshkentda o‘qiydi, jonim qoqindiq! Bilvoldingiz-a, endi shaharda xabar olib turasizda nevaramdan, tuzukmi?
Aziza boshini ko‘tarib, Amirga ko‘zi tushdiyu olov taftida qizargan yuzlari yana lovillab ketgandek tuyuldi. So‘ng allanarsani bahona qilib uy tomon shoshildi. Amir yonida Gulnoraning bor-yo‘qligini ham unutgan kabi beixtiyor bir-ikki odim tashladi. Ro‘parasidagi pastak uy favqulodda charog‘on, nur sochib, kulib turgandek edi!
Kechqurun Aziza kampirni asta gapga soldi. Suhbat aravasi o‘tmishga qarab g‘ildiradi.
— E...e, nimasini aytay, — deya xo‘rsinib so‘z boshladi kampir. — Mening ham sizlardek ayni o‘n yettiga to‘lib, ko‘chada ot kishnasa yuragim o‘ynaydigan paytlar. Mahallaning bo‘z yigitlari darvozamiz tagidan yalla qilib o‘ttani-o‘tgan. Ha... — Kampir hasratomuz bosh chayqadi. — O’sha yallalari hali-hali esimda:
Men bu yerga kelmas edim, yor keltirdi meni,
O’tga tushsam kuymas edim, yor kuydirdi meni.
Kichkina chorbog‘ ichinda aylanar boshim mening,
Yor yurgan ko‘chalarda to‘kilar yoshim mening...
Buni eshitgach, kechalari uyqu qayda deysiz! Bizdan bir mahalla narida Qoravoy tog‘a degan etikdo‘z bo‘lardi. Shuning Shahobiddin degan o‘g‘li ana o‘tadi ko‘chamizdan, mana o‘tadi. Har o‘tganda yangi yalla. Bora-bora ovozini eshitsam, yuzimga isitma tepadigan bo‘ddi. Bir kuni o‘tayotganida devordan mo‘raladim. Ozoda yaktak kiygan, belida shohi qiyiq, oyog‘ida o‘sha vaqtda yangi rasm bo‘lgan ag‘darma etik. Kosibcha oppoq yuz, qosh-ko‘zi qora. Yuragim shuv etdi. Shahobiddin gap qotdi: «Otasi sotarmikan bu hurliqoni, yo sandiqqa qamab, narxini oshirib o‘tiraverarmikan?»
Eh, chiroqlarim, yigitlar u paytlar shunaqa dangalchi edi! Men shaddod qiz edim, lekin ming shaddod bo‘lsam ham o‘sha tobda tilim tanglayimga yopishib qoldi. Indamay uyga kirib ketdim. Ana endi ko‘ring. Ko‘zimni yumsam, surati ko‘rinaveradi, jim o‘tirsam, qulog‘imda gapi jaranglayveradi. Ko‘ngil ishi yemon ekan! Bir kuni sal imo qiluvdim, kechasi chorbog‘imizga keldi. Buvimni uxlatib men ham chiqdim. Nimasini aytay, rahmatlik naq qarchig‘aydek yigit edi...
O’sha kunlari O’tar buvangizdan biznikiga sovchi lar shira talashgan pashshadek uchib-qo‘nib qolishdi-ku... Bu kishi qishloqning oldi boyvachchasi. Buvish turtkilab qo‘ymaydi:
— Ko‘z yoshing boshingni yesin, nega qon qilasan odamni! Shiru sharvatning ichida bo‘lasan, yog‘ yeb, yog‘lama tashlaysan! Hu, juvon o‘lgur!..
Xullas, uzatishdi. Qo‘qon aravada liqirlatib olib ketishyapti, deng! Oy xuddi mana shunaqa charaqlab turibdi. Xotinlarning yor-yori bir yuragimni tirnaydts, hiq-hiq yig‘layman...
Oq miltiq, qora miltiq,
Otgan otam, yor-yor.
O’z qizini yot qilib,
Sotgan otam, yor-yor.
O’z qizining yo‘liga
Bodom eksin, yor-yor.
Bodom shoxi qayrilsa,
Bolam desin, yor-yor...
Bir vaqt uzoqdan birov yalla qildi. Shahobiddin. Yuraklarim o‘rtanib ketdi-ey! Go‘shangada ham ko‘z yoshim tinmadi. Hay, dedim, qiz bolaning peshanasida shu bor ekan, nima bo‘lsa, yo razzoq! Dardimni zahar ichgandek, ichimga yutdim.
Boyaqish Shahobiddin giyohvand bo‘lib ko‘chalarda sargardon yuradigan ko‘yga tushdi. Manavi qo‘shiq uning sha’niga chiquvdi-da:
Hay, hay, usta Shahobiddin,
Ko‘lda tanovaring qani?
Suydim, suydim deb yurgan,
Hurliqo yoring qani?
Keyin orada hurriyat zamonlar bo‘lib ketdi. O’tar buvangiz qochqinda yurgan kezlari Shahobiddin ko‘p odam qo‘ydi. Bir yuragim hapriqdiyu so‘g‘in o‘ylab, yo‘q, dedim: «Menga it tegishga tegdi, endi sening yostig‘ingni o‘zingday pok bir qiz obod qilsin!», deb javob berdim.
— Sevsangiz ham-a? — deb hayratlanishdi qizlar.
— Voy qizlarim-ey, suyganimdan-da! Jonimdan ortiq ko‘rmaganimda tegardim-ketardim! Suyganim uchun... Axir, o‘zganing qo‘li harom qilgan sochimni suyganimga silatamanmi-ya? Bundan ko‘ra murdasho‘yning qo‘li silasin, dedim.
Oxiri xotin oldi sho‘rlik. Keyin biz bu yoqqa ko‘chib chikdik. Shahobiddin ov bahona, Oydinko‘lga kelib turardi. Yirokdan lip etgan «ovi» — meni ko‘radi-da, qaytadi. Xayriyat, sog‘-omon ekan, deyman men ham. Avvallari hafta, oyda yo‘qlardi, so‘g‘in kamnamoroq bo‘p qoldi. Hech esimdan chiqmaydi: kelmay yurib-yurib, o‘tar bobongiz yo‘q payti kelsa!
Yoz payti edi. Dovon tepasida to‘riq mingan Shahobiddin ko‘rindi. Otini yo‘rttirib, ko‘lga tushdi. Qarasam, ko‘l yoqalab biz tomon kelyapti!
Shoshib so‘qmoqqa chiqdimu qo‘limni silkitib, «Qayting, qayting!», deb baqirdim. O’zimning jonim bo‘lsa bir og‘riydi, bir og‘riydi!
Bir-birimizga termulib turibmiz. Ozib-to‘zib ketibdi, rang-ro‘yi bir holatda. To‘satdan ot boshini shart orqaga burdiyu qamchi bosdi. Ketdi! Taxtaday qotib qolaverdim joyimda. Olapar itimiz g‘inshib etagimdan tishlab tortadi. Shundagina hushimni yig‘dim.
Shahobiddin shu-shu dom-daraksiz ketdi. Biz qishloqqa tushmaymiz, qishloqdagilar ham bizdan xabar olmaydi. Bir yilcha o‘tgach, ravoch tergani chiqqan bolalardan surishtirib bildim: kasalmish! O’vda giyohvand bo‘lib yurgan kezlarida o‘pkasini urdirib qo‘ygan ekan. Oh, juvonmarg, dedim o‘zimga, bir yigitning uvoli bo‘yningda-ya!
Kun-uzun kun ko‘zim dovon tepasida, hadeb qovog‘im uchadi.
Bir xudo qarg‘agan kun dovonda qora otliq ko‘rin-di-yu! O’sha kuni qora qarg‘a bir qag‘illovdi, bir qag‘illovdi... «Voy, jonim-ov, chavandozim, xudo senga ming yil umr ato qilsin, iloyo baxtli-taxtli bo‘lgin, ti-lingdan shum emas, xushxabarlar tomchilab tursin!», deb duo qilyapman tinmay. Chavandoz ko‘l yoqalab biz tomon ot qo‘ydi... Kelyapti... Dukur-dukur... Ot tuyog‘i yuragimni bosib-bosib kelaverdi... Ana!.. Voy, xudoyim, Shahobiddinning jiyani-ku!..
Yetib keldiyu «Mingashing otga!», dedi...— Kampir bir zum to‘xtab, yutindi.— Shahobiddinning ayoli jo‘na-tibdi. Eri uch kundirki, jon berolmay ilhaq ekan...
Qishloqqa qanday yetib borganimni bilmayman. Kirsam eshikka termulib yotibdi, bir bo‘zlaydi, bir bo‘zlaydi ko‘zi bilan...
Xotini yugurib chiqdiyu meni quchoqlab yig‘lab yubordi.
— Opa! — dedi. — Jonim opam! Keling, shu sho‘rlikning dunyodan armoni ushalib ketsin!
Ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt qiladi Shahobiddinning. Ikkimizni xoli qoldirdilar. Ro‘molim bilan yuzimni bekitdim. Ikki qavat shol ro‘mol ostidagi betimni labiga bosdim! «Oh!», dediyu bir tamshandi... boyaqish... uzildi...
O’sha kech qaytdimu shunday aytdim, shunday aytdim! Nazarimda, bo‘zlashimga Oydinko‘l chiday olmay o‘zini qirg‘oqqa uraverdi, uraverdi...
Yoronlar, endi qaytayin, Dardimni kimga aytayin. Shahobiddindan ayrilib, Men qandoq toqat etayin? Senga jonimni bermay, Yoring bo‘lmay ketayin... Shunqor begim, voy-voy-y! Sardor begim, voy-voy-y!
O’sha kechasi bir yomg‘ir qo‘ydi-ey... Men bo‘lsa lahcha cho‘g‘dek yonib yotibman, o‘chirish yomg‘irga yo‘l bo‘lsin...
Senday yigit yo‘q bo‘lsa, Menday yoring o‘lmasmi? Endi sening hasrating Meni ado qilmasmi?
...Yig‘layverib shishib ketgan Aziza qo‘llarini bazo‘r siltadi. So‘ng o‘zini kampirning quchog‘iga otdi.
«Qiziq kampir ekan...»
Gulnora kampirning g‘alati muhabbati, g‘aroyib qismati haqida o‘ylab-o‘ylab, ko‘zi ilinganini sezmay qoldi. Osmoni falakda qanot qoqib yurgan hur qizlar tushiga kirdi... Ajab lojuvard samo bag‘rida kampir bilan Aziza ham suzib borayotganmish... Gulnora ularga qichqiray desa ovozi chiqmas emish...
U azon tovushidan uyg‘onib ketdi. O’tar bobo Oydinko‘lni, tilsiz qoyalaru tog‘ ortida mudrab yotgan ; quyoshni — jumla-jahonni poklanishga da’vat etib azon chaqirardi. Bu nolasimon tovush asta havolanar, butun dara bo‘ylab parvoz etar, so‘ng bu makondan o‘ziga manzil topolmay ko‘kka, azim osmon qa’riga intilar edi. Osmon esa cheksiz-cheksiz...
— Hay...ya alas... salo...ot! Hay... ya alas... salo...ot!
Gulnora yoniga o‘girildi. Aziza yengil nafas olib uxlab yotardi.
«Qiziq ekan bu chol, — deb o‘yladi Gulnora. — Axir, xudo yo‘q-ku! Birdan bari behudaligini tushunib qolsa bormi?! Yuragi yorilib ketar-ey... Hur qizlar-chi?.. Bu ham g‘alati...»
Daf’atan kechadan buyon yuragini kemirayotgan niya-ti esiga tushdi: u hur qizlarni chaqirmoqchi edi! Apil-tapil kiyinib, ko‘l bo‘yiga tushib bordi.
Havo shunday salqin, toza ediki, Gulnora o‘zini uchib borayotgan pardek yengil his qildi.
Ko‘l ham uxlab yotgandek qilt etmasdi.
— Hur qizlar-u-u-u! — deb qichqirdi Gulnora
zaif ovoz bilan atrofiga alanglab. Javob qaytmadi.
— Hur qizlar-u-u-u!..
«Nahot, loaqal javob ham qaytarmasa?! Yo‘q... Hur qizlar meni hech qachon eshitmaydilar, tushunmaydilar... Xuddi men ularni eshitmaganim, tushunmaganimdek...»
Yana alangladi. Hech kim yo‘q edi.
— Hur qizlar-u-u-u!..