Barchinoy tomorqada o‘ynab yurib, chap qulog‘idagi sirg‘achasini yo‘qotib qo‘ydi. Dadasi yaqindagina olib beruvdi. Juda chiroyli edi, yam-yashil bargga o‘xshab yasalgan edi. Balki, anavi ariqchaning bo‘yida yotgandir-u, Barchinoy uning tusini o‘t-o‘lanlardan ajratib ololmayotgandir. Balki, berkinmachoq o‘ynagisi kelib, shunchaki yashirinib turgandir.
Ayam bilib qolsa, rosa achchig‘i chiqadi, endi nima qilsam ekan, deb o‘yladi Barchinoy. Sabzi urug‘i sochilgan ang‘izda dikir-dikir sakrab, tinimsiz tuproq titkilayotgan chumchuqchani ko‘rib, unga yaqin bordi.
– Chumchuqcha, chumchuqcha, – dedi Barchinoy, – menga bozordan sirg‘acha opkelib ber.
Chumchuqcha esa: “Chiriq-chiriq-chiriq... Bozorga borsam, don-dun sotayotganlar menga tosh otishadi. Bozorga borishdan qo‘rqaman”, dedi-yu, pir-r etib uchib ketdi.
Barchinoy ona tovuqning yonida chiy-chiylab yurgan sap-sariq jo‘jalarni ko‘rib, ularni chorlashga tushdi:
– Jip-jip-jip, buyoqqa kelinglar. Menga bozordan sirg‘a opkelib bersalaring-chi, mallatoylarim.
– Jip-jip... Jajji jo‘ja bozorga borolmaydi, – deb juvillashdi jo‘jalar. – Onamizga jippa-jippa yopishib yurmasak, jichcha-jichcha kaltak yeymiz.
Keyin Barchinoy molxona tuynugining ustidagi kavakdan mo‘ralab qarayotgan musichaga yalindi:
– Musichaxon, musichaxon, menga bozordan sirg‘a opkelib ber.
– Quqqu-g‘uv, quqqu-g‘uv... Men bola ochaman deb tuxum bosib yotibman, bozorma-bozor sang‘ishga vaqtim yo‘q, – deya javob qildi musicha va iniga yanada biqinib oldi.
Shu payt tepadan: “Hey, qiz!” – degan ovoz keldi. Barchinoy qarasa, yong‘oqning baland shoxida semiz bir hakka ko‘zini chaqchaytirib turibdi. U mitir-mitir odimlab yong‘oqqa yaqinlasharkan, meni “hey, qiz” dema, otim Barchinoy, deb hakkaga tanbeh berdi.
– Men hakkavoyman, shaq-shaq-shaq, – dedi hakka. – Anavi musicha bilan nimani gaplashayotgan eding, Barchinoy?
– Sirg‘amdan bittasini yo‘qotib qo‘ydim, – deya yana arzini ayta boshladi Barchinoy. – Musichaxonga bozordan sirg‘a opkelib ber desam, hozir bola ochyapman, vaqtim yo‘q, deb unamadi.
Shunda hakka: “Bunaqa ishga, mana, biz vaqt topamiz. Sen menga yong‘oq chaqib tur, men senga oltin sirg‘a olib kelib beraman”, dedi-da, shoxdagi yong‘oqlarni cho‘qib-cho‘qib to‘ka boshladi.
Barchinoy yong‘oqlarni chaqib bo‘lguncha, hakka qayoqqadir borib, tumshug‘ida bir juft sirg‘a ko‘tarib keldi. Sariq-qizg‘ish bu sirg‘alar rostdan ham oltin bo‘lib, quyoshda yalt-yult tovlanib turardi. Barchinoy bu sirg‘alarni kimning qulog‘ida ko‘rganini darhol esladi.
– Yo‘-o‘-q, – dedi Barchinoy, – o‘g‘irlik judayam-judayam yomon narsa. Ertaklardagi o‘g‘rilar doim jazosini tortishadi. Qing‘irqo‘l bo‘lsang, sen ham oxiri bir baloga yo‘liqasan.
Barchinoy bu sirg‘alarni tanib, mitillaganicha qo‘shni hovliga kirib bordi, bo‘lgan voqeani aytib, kelinchak opasiga taqinchog‘ini qaytarib berdi. Uzumlar soyasida bosh yuvayotib, ho‘l bo‘lmasin deb yechib qo‘ygan sirg‘alari pismiq hakkaga o‘lja bo‘lganini yosh kelinchak shundagina anglab yetdi.
Bu voqeani eshitib, Barchinoyning kattadadasi nihoyatda sevinib ketdi, “balli, Barchinim, doim shunaqa aqlli bo‘lgin”, deb peshanasidan o‘pdi. Keyin: “Bozor kuni shaharga borib, o‘zim senga zo‘r sirg‘acha opkelib beraman”, dedi.
– Oygulga-chi? – deb so‘radi Barchinoy, amakisining kulog‘ich qizchasiga ham ilinib.
– Oygulgayam albatta opkelamiz, – dedi kattadadasi va Barchinoyni bag‘riga bosib, “halol qizim, saxiy qizim”, deya maqtay boshladi.
Qaerdadir yashirinib yotgan qaysar sirg‘achasini eslab, hanuz yuragi siqilayotgan Barchinoyning ko‘ngli, bu maqtov-alqovlardan so‘ng, birdan yorishib ketdi.
1995 yil