OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Jaqqi (hikoya)

Shunaqasiyam bo‘lib turadi – kimdir O‘g‘iloyning jig‘iga tegib qo‘yadi. Achchig‘i chiqdimi – birdan qovog‘i solinadi, sochlari kirpitikonning ignalaridek tikkayadi, ko‘zlaridan uchqun chaqnab, jajji lablari giloschaga o‘xshab cho‘chchayadi. “Ha, nima bo‘ldi?” – desangiz, toshdek qotib, indamay turaveradi.
Boshqa paytlarda undan xushchaqchaq, undan shirin qiz yo‘q. Bir so‘zamolligi qo‘zisa, uydagilarni gapga tutib charchatadi. O‘zgalardan ko‘ra enasining qo‘li bo‘shroq, shu bois ko‘proq unga mahmadanachilik qiladi:
– Ena! Bir topishmoq aytsam, topasizmi?
– Topishmoqni To‘maris opangga aytib tur, men choyimni ichib olay, – deya oldidagi issiq choynakni qaqildoq nevarasidan nariroqqa suradi enasi. – Burushta menga yopishasan-a, bolam.
Enasining yana bir g‘alati gapini ilib olgan O‘g‘iloy: “Iy! “Burushta” degani nima?” – deb kampirga battardan suykanadi.
– “Burushta” degani – “doim”, “hadeb” degani-da, – choy ho‘playotib tushuntiradi enasi.- Shuniyam bilmaysanmi, jaqqi?
– Iy! “Jaqqi” nima? – deya tag‘in gapni kavlaydi O‘g‘iloy.
Enasi burushqoq qo‘lida nevarasining sochini to‘zg‘ilatib erkalatadi:
– Sendaqangi tinmay gapiradiganlarni “jaqqi” deyishadi. Uqdingmi?
Uydagilar-ku – uydagilar, hatto mehmonga kelgan odam ham O‘g‘iloyning qopqoniga bir tushdimi, osonlikcha qutulolmaydi. Mehmonni o‘ziga sal eliktirib olsa bas, “Bitta topishmog‘im bor. Aytsam, maylimi?” – deya xishava qilaveradi. Mehmon: “Qani, eshitaylik-chi”, deb qo‘ysa – tamom, topishmoq deganni yog‘dirib tashlaydi.
– O‘zi zindonda, dumi osmonda. Nima?
– Sholg‘om! – deydi mehmon.
Topishmoqning javobi tezdayoq topilganidan jahllangan O‘g‘iloy peshanasini tirishtiradi. Tumtayib turib, ikkinchi topishmoqni aytadi:
– Kichkina mehmon – nafsi yomon. Nima?
Mehmonning: “Menimcha-a, bu pashsha bo‘lsa kerak”, deganini eshitib, ko‘ngli yana g‘ashlanadi. Endi uchinchi topishmoqqa gal keladi:
– Akasi achchiq, ukasi sassiq. Nima?
Mehmon bu safar o‘ylanganicha turib qoladi. Uning o‘ylanishi qancha uzoqqa cho‘zilsa, O‘g‘iloyning bahri-dili shuncha ochilib boraveradi. Birpas o‘tib: “Iy! Topolmadingizmi? Topolmasangiz, shahar bering. Qaysi shaharni berasiz?” – deb qiqirlaydi. Mehmon: “Ha, bo‘pti, Marg‘ilonni berdim”, degach, yayrab jaqillashga tushadi:
– Siz ketaverdingiz, ketaverdingiz, yo‘lda chuqur uchrab “shalop” etib balchiqqa yiqildingiz. Men ketaverdim, ketaverdim, yo‘lda chuqur uchrab, “jarang” etib oltinlarga yiqildim. O‘sha oltinlarga Marg‘ilonni sotib oldim. Marg‘ilonning taxtida o‘tirib, “Akasi achchiq, ukasi sassiq” nimaligini aytsam, u – piyoz bilan sarimsoqpiyoz. Xi-xi-xi, xi-xi-xi.
O‘g‘iloyga qo‘shilib mehmon, mehmonga qo‘shilib boshqalar ham kulishadi. Bundan O‘g‘iloyning yanayam chuchchasi ko‘tarilib, mehmonning chap biqinidan o‘ng biqiniga o‘tib ishqalanadi:
– Odamlar to‘g‘risidayam ancha topishmoq bilaman. Aytsam maylimi?
So‘raydi-yu, mehmonning roziligini kutib o‘tirmasdan, darrov ishga kirishadi. Nozima degan qarindoshlari bor, ukasiga sira kun bermaydi. Uning bo‘lmag‘ur qiliqlaridan birini ko‘z oldiga keltirib: “Ukasining so‘rg‘ichini so‘rib qo‘yadi. Kim?” – deb so‘raydi. Mehmon javob topolmagani sayin ichi tobora yorishib, topishmoqlarni ustma-ust taxlayveradi:
– Dadasi pul bermasa, maktabga bormaydi. Kim?
– Bog‘chada uxlamay, ko‘rpasidan mo‘ralab yotadi. Kim?
– Emaklab borib, kallasini xontaxtaga urvoladi. Kim?
Bularning birinchisi – katta amakisining o‘g‘li Abdulaziz, ikkinchisi – Tohir tog‘asining nevarasi Farida, uchinchisi – kichik amakisining o‘g‘li Furqat ekanini bilib turgan O‘g‘iloy shunday oson topishmoqlarni topolmay qiynalayotgan mehmonga hayronlanib qaraydi.
Narsalar to‘g‘risidagi topishmoqlarni O‘g‘iloyga ko‘pincha dadasi o‘rgatadi. Lekin, tevarakdagi tanish odamlar haqidagilarni, xoh ishoning, xoh ishonmang, O‘g‘iloy o‘zi to‘qib tashlayveradi. Qarang-a, odam o‘yinqaroqlikka berilmay, aqlini jo‘yali ishlatishga astoydil qunt qilsa, hatto bog‘cha yoshidayam zo‘r-zo‘r narsalarni o‘ylab topishi mumkin ekan.
Ba’zi bolalar bor – biri televizorning oldiga yonboshlavolib, oldi-qochdi ko‘rsatuvlarniyam tomosha qilaveradi, biri bog‘cha opasi o‘rgatgan harflarni yozib mashq qilish o‘rniga, ko‘chadan beri kelmaydi, yana biri oyisi rangqalam olib bergan bo‘lsa-da, “O‘zing bo‘ya” kitobidagi tayyor rasmlarni bo‘yashga erinadi. O‘g‘iloyga kelsak, u tugalay boshqacha – qiziquvchan, izlanuvchan, g‘ayratli. Bunaqa esi ko‘p bolaga qoyil qolish kerak.
Yo... O‘g‘iloyni ortiqcha maqtab yubordimmikin? Balki, qaysidir mahallalarda undan ham tirishqoqroq, undan ham topqirroq bolalar bordir-u, men bilmay yurgandirman. Agar shunaqalar bor bo‘lsa, ertami-kech ular ham kimlardandir albatta maqtov eshitishadi. Nima bo‘lgandayam, maqtovga arzigulik ishlar qachonlardir munosib bahosini olmasdan qolmasligiga qattiq ishonib yashagan yaxshi.

2006 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.