OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Kambag‘albop Gulmatiy (hajviya)

yoki olimlikka ishqiboz, ashaddiy Gulmatshunos 
Burundor Tusmoliyning hali tasdiqlanmagan
ilmiy ishi

Hammomda lungisiz yurgan so‘takni ko‘rganmisiz? Kam bo‘lmasinlar! Chindanam ko‘rgan bo‘lsangiz, demak mushkulimiz ancha osonlashibdi, ya’ni odamizod ibtidoiy davrda qo‘shnilar yonidan qay ahvolda o‘tib borganligini izohlab o‘tirishga hojat qolmabdi.
Xo‘sh, odam bolasi o‘shanday behayo shaklu shamoyildan qutulish uchun beldan pastroq joyni barg bilan to‘smoqlik kifoyaligiga qat’iy ishongan paytda, dastavval, gaplashishga intilganmi yoki xatlashishga? Bilaman, siz yer yuzidagi manaman degan olimlarning tap-tayyor fikrlariga tayanib, og‘zaki munosabatlar yozma aloqalardan bir necha yuz yillar oldin paydo bo‘lgan demoqlikdan nariga o‘tolmaysiz. Men esam, dunyoda birinchi bo‘lib, bu fikrning aksini aytmoqchiman. Talvasaga tushmang, dalil-isbotlarim yetarli.
Masalan, hali so‘zlashish uyoqda tursin, hatto «mo‘» deyishni ham bilmagan ibtidoiy odam tirikchilik taqozosi bilan chakalakzorlarda izg‘ishga, shox-shabbalarni sindirib, o‘t-o‘lanlarni tepalab o‘tishga majbur bo‘lgani aniq. Payhon qilingan joylar esa o‘z navbatida boshqa bir nafs bandasi uchun: «To‘xta! Bu yer o‘zga go‘shtxo‘rning tomorqasi!» – degan ogohlantiruvchi shior vazifasini o‘tagan. Bu – gaplashuvmi? Yo‘q, xatlashuv! Ishoraviy, nopo‘chtaviy xatlashuv!
Yoki boshqa bir misolni olaylik: maymunlarcha xudbinlikdan xalos bo‘la borib*, odamiylikka xos kengbag‘irlilik xislatlarini o‘zida ancha mujassamlashtirishga ulgurgan bir ovchi notanish darada kiyiklar to‘dasiga duch kelib qoladi. Maymunsimonlar bu to‘g‘rida boshqalarga gullab o‘tirmay, katta miqdordagi ana shu asrang‘ilardan uzoq muddatga mo‘ljallangan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalangan bo‘lardi. Ammo, hali o‘ziga ko‘p jafolar keltirguvchi odamiylik va vijdonlilik jarayonini boshdan kechirayotgan ovchimiz jonivorlardan birini apil-tapil xomtalash qilib bo‘lgach, kutilmaganda o‘zgalarning qorni masalasini ham o‘yladi: qimmatli vaqtini ayab o‘tirmay, bahaybat toshlardan biriga kiyikning suratini o‘yib chiza boshladi. Ovchidan bir necha kun keyin bu daraga inqillab-sinqillab kirib kelgan sang‘ilar galasi esa, kiyikning toshdagi tasqara suratiga boqib estetik zavq olmadilar, balki: «Och-yalang‘och qondoshlarim, shu atrofda miriqib kiyikxo‘rlik qiling!» – degan mazmundadagi tilsimlangan maktubni o‘qib, quvonchdan bir-birining tishini sindirishga tushdilar.
Ayni chog‘da, shu damgacha ibtidoiy san’at asari sifatida noto‘g‘ri talqin etib kelingan o‘sha sirli maktubni:

Shu atrofda kiyik bordur,
Intilganga tole yordur!.. 

shaklidagi she’rga aylantirib idrok etishimiz va uning ahamiyatini oddiy xabardan nafis badiiy ifoda darajasiga ko‘tarishimiz ham mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, «og‘zaki nutq yozuvdan ilgariroq paydo bo‘lgan», deb ko‘krak kerishga hech kimning haqi yo‘q. Buni dunyoda birinchi bo‘lib men aytyapman!
Toshga chizilgan kiyik rasmi oddiy yozuvgina emas, balki ma’lum darajada badiiy to‘qima ham ekan, uning qaysi janrga taalluqli ekanini bilsak bo‘ladimi, deya yovvoyilarcha luqma tashlanishi ehtimoldan holi emas. Marhamat, istasangiz, janriniyam belgilab beraqolamiz.
Esingizda bo‘lsa, kiyikning shakli tasqara ko‘rinishda chizilganini yuqorida pisanda qilib o‘tgandik. Kiyikdek xushbichim hayvonni tasqaralashtirishga moyillik sezilgan ekan, shak-shubha yo‘qki, bu satiraning o‘zginasidir. Demakkim, bugungi kunda nazarimizga kirmay, chaproqdagi burchakka qisib qo‘yganimiz satira – aslida badiiy adabiyotimizning jabrdiyda bobokaloni ekan…

Mana endi asosiy mavzuda yo‘rg‘alash, ya’ni satira haqidagi suhbatimizni boshlash uchun qulay vaziyat yuzaga keldi.
Eramizdan ilgariroq bandalik qilgan yunon qalamkashi Aristofan o‘zining achitqiroq asarlarini «satirik dramalar» deb ataganidan so‘ng ushbu atama olam bo‘ylab tarqalgan bo‘lsa-da, ammo bundan o‘zbeklar kulishni yunonlardan o‘rganibdi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Chunonchi, o‘zbekona askiya gulxan atrofida davra qurib, mamont go‘shtining jizg‘anak bo‘lishini kutganlaricha qiy-chuvlashib o‘tiruvchi ibtidoiy odamlar marosimiga juda mos tushadi. Askiyalar latifalarga, latifalar ertaklarga, ertaklar dostonlarga aylana borgani sari og‘zaki ijodning inqirozi tobora kuchayib, yana ibtidoiy davrning boshlang‘ich nuqtasiga qaytish – yozuvga murojaat etish ehtiyoji tug‘ila boshladi…
Yozuvdagi sof o‘zbek satirasining ildizi juda chuqur. Biz uni ortiqcha kavlashtirib o‘tirmaylik…

* * *

Gulmat kim o‘zi?
Garchi u ijod gashtidan is olib, nazm bo‘stonida o‘ralasha boshlaganidan keyin o‘rtamiyona ismining ortiga Shoshiy degan dabdabali taxallusni tirkab qo‘ygan bo‘lsa-da, ammo uning Farg‘ona vodiysidan kelib, Toshkentda turg‘unlashib qolgan kimsa ekanini endilikda biz yaxshi bilamiz. Bu fikrni aytish uchun shoirning raqam 1 va raqam 49 g‘azallaridagi «Oltiariq», «Farg‘ona»* degan so‘zlariga tayanish bilangina chegaralanib qolsak, da’vomiz puchroq chiqqan bo‘lardi. Javonimizda Gulmatga ancha yil qondoshlik qilgan bir shaxsning esdaliklari saqlanmoqdaki, ana buni dalil deydilar.
«Beparhez Gulmat turup pullamoq ishtiyoqinda vodiydan Toshkanga kelib, poygakdagi hujramizni ijaraga olib erdi, - deb yozadi shoirning sobiq qayinog‘asi mulla Akobir o‘z esdaliklarida. – Bul orada to‘ng‘ich opam oning ko‘ziga issiq ko‘rinibdurmi, bozorchi ulfatlari vositasinda sovchi qo‘yurg‘a botinibdur. Adamizning adasi asli qishloqroqdin bo‘lg‘oni bois sho‘rlik musofirg‘a yon bosub, oni ichkuyov qilib oladurg‘on bo‘ldilar».
Mulla Akobirning yozuvlariga asoslanib, yana shularni aytish mumkinki, ota kasbiga ko‘ra Beshyog‘ochda sartaroshlik qilib kun kechira boshlagan Gulmat ora-sira yerlik dehqonlarga turup urug‘ini pullash bilan ham shug‘ullanib turgan (toshkentlik tomorqachilar o‘z turuplarini hanuz oltiariqniki deb sotishlari shundan qolgan bo‘lsa kerak). Hamyoni og‘irlashib, alohida hovli sotib olgandan so‘ng, uning eski dardi qaytovlanib, yana qalambozlikka ruju qo‘yadi.
«Gulmat xumboshning dimog‘i qo‘lyozmalar qappayishig‘a monand shishib borurdi, – deb yozadi mulla Akobir. – 1881 yilga kelib manmanligi on qadar gazakladikim, nazm nafosatlarini ilg‘ay bilmaslikda ayblab, pokdamon opamizni quqqus taloq qildi».
Ammo, ayolparvar shoirimiz uchun bu bor-yo‘g‘i birinchi «ayriliq» edi xolos. Keyinchalik u yana uch bor nikoh marosimlarida bosh qahramon bo‘lishdek azobni tortdi, chidadi.

* * *

Usta Gulmat tirikchilik tashvishlari, xotin-xalajlar ishtirokidagi oilaviy mashmashalardan xoli paytlaridagina ijod qilgani tufayli undan bizga ko‘p narsa qolgani yo‘q: mana, panjamizda uning ixchamgina to‘plami turibdi – «Bezgakshamol!»
Garchi shoir bu majmuaning ilk sahifasiga «devon» deya bag‘baqali nom qo‘ygan bo‘lsa-da, biz uni baribir «to‘plam» deyaveramiz. Chunki, uning devonligini isbotlash uchun bizda na ma’naviy asos bor, na mantiqiy dalil. Birinchidan, to‘plamdagi g‘azallar arab imlolarining lug‘atdagi tartibi bo‘yicha joylashtirilmagan. Ikkinchidan, mabodo, tartib berishni zimmaga olgan taqdirimizda ham, lug‘atdagi barcha harflar bilan tugallanuvchi g‘azallarning o‘zi yo‘q. Masalan, satrining oxiri «a», «r», «i» harflari bilan yakunlangan g‘azallar bir uyumligiga qaramay, «d», «p», «j» singari sho‘rpeshana harflarga birontayam she’r bag‘ishlanmagan.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, usta Gulmat aruzning nozik qonun-qoidalarini yaxshi bilmagan, faqat tashqi ko‘r-ko‘rona taqlidchilik, ichki yovvoyi sezgi ohanglariga tayanib, maddohlarcha so‘zamollik bilan yozavergan. Hatto, uning o‘zi ham bir g‘azalida aruzda durustgina savodsiz ekanini mardona tan olib, bizning bu masalada janjalli bahslarga sho‘ng‘ib ketmaganligimizni ta’minlagan:

Bu nechuk shoir demang, asli man nosog‘roq,
Yozg‘onim shaklan g‘azal, lek o‘zi barmog‘roq…

Ha, shildir-shoshqaloq Gulmatning ash’ori shaklan g‘azal xolos. U, hattoki, Bobur, Mashrab, Furqat, Muqimiy singari dongdor ustozlarga bitgan naziralarida ham na «ramal bahri»ga amal qilgan, na «hazaj bahri»ga. Ya’ni «fo-i-lo-to‘n fo-i-lo-to‘n fo-i-lo-to‘n fo-i-lon» yoki «ma-fo-i-lo‘n ma-fo-i-lo‘n fa-u-lo‘n» kabi musiqador vaznlar mavjudligini tasavvur ham qila olmagan holda, xalq og‘zaki ijodidan meros bo‘lib qolgan «alyor-astak-gustak-pistak» qabilidagi chapani aytishuvlar ohangida osongina yozavergan.
Qo‘lyozmaning ahvoliga kelsak, juda tashvishli: soqol sovuni bilan xamir qorishmasidan tayyorlangan yelimlar ko‘chib, sahifalar juda chalkashib ketgan. Ko‘pgina varaqlarga musallas yoki qimiz to‘kilgan bo‘lsa kerakkim, harflar suvashib yotibdi. Ayrim so‘zlarni o‘qib tushunishning butkul imkoni bo‘lmadi. Bunday hollarda hozircha sirli ko‘p nuqtalardan foydalanmoqni lozim topdik.

* * *

Gulmat Shoshiyning bir qadar savodsizligiga panja orasida qaragan holda to‘plamini shunchaki qiziquvimiz hurmati tuzukroq kuzatib chiqaylik.
Shoirning ishqiy she’rlari anchagina. Ular ko‘p hollarda bachkana iztirob, soxta firoq, mayda-chuyda ko‘ngilxushliklarga tashnalik hissi bilan qorishib ketgan. Ayniqsa, tashqi qiyofasidagi badshakllik uning ishqiy rejalariga katta putur yetkazganini shoir aslo hazm qilolmaydi:

Xudo urg‘on esa bizni ki yoshlikdin bujur aylab,
Bu ikkovni yasab silliq egam ham qo‘llag‘on erdi…

deydi u, «ulkan shoir»ga parvo qilmay ketib borayotgan ikki suluv ortidan armonli boqib.
Lekin, devonavash Gulmat, ayni paytda, sal narsaga butkul ruhi tushib ketadigan anoyilardan ham emas. Zero, u hushini yig‘ib olgach, «Buyuk ishdir magar charxda mani shoir topilg‘onim» yanglig‘ misralar hovuridan qaddi g‘ozlanib, endi hayotga umid va ishonch bilan qaray boshlaydi:

Faqat oz-moz cho‘tirdirman, shol emasman, bukirmasman,
Saqol oppoq, kangul yoshdir, visoldin yuz o‘girmasman…

Qiziq, shu topda u qay visolni nazarda tutyapti ekan? Aniqrog‘i, nechanchi xotinga sovchi qo‘yish arafasida turgan ekan?
Yo‘q, biz bu savolga hech qachon javob ololmaymiz. Shoir ham ataylab bu to‘g‘rida bizga ma’lumot bermagan. Agar u ochig‘ini aytib qo‘ysa, unda ushbu misralar faqat birgina ayolga taalluqli bo‘lib, o‘zga she’rxon ojizalarga zarracha qizig‘i qolmasdi.
«Nikohxo‘r Gulmat har to‘kisda «o‘ldim-kuydim» deb ayyuhannos solsa-da, bul dil izhori oning birlamchi xotinig‘a, ya’ni pokdamon opamizg‘a tegishlimidur yoyinki keyingi uch ojizasidin birovig‘a atalg‘onmi – bul haqda lom-mim demaydir, – deb zardalanadi mulla Akobir. – Chamasi, ul tullak bir o‘q ila to‘rt quyonni baravar urmoqni pilonlaydur».
Gulmat Shoshiyning o‘qi aslida to‘rt ham emas, o‘n ham emas, yuzlab quyonlarga qaratilganini soddadil mulla Akobir qayoqdan bilsin!
Usta Gulmatning falsafada dumbulligi, pand-nasihat bobida galdirligi haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaylik, bu uning ko‘pgina she’rlarida «ahmoqqa to‘qmoq»dek yaqqol ko‘rinib turadi. Bu xususda tamoman boshqa narsani aytib o‘tmoqchiman: Gulmatning ovsarligi shu darajada bo‘lganki, biz bugun hajv va hazil-mutoyiba deb qabul qilayotgan bu she’rlarni aslida u olamshumul dardlariga davo izlab, o‘ta jiddiy kayfiyatda, yonib-kuyib yozgan. Agar ularni hozir biz shunchaki ermak sifatida o‘qiyotganimizni ko‘rganida edi, bir qaynovi kam muallif bundan yuragi yorilib o‘lgan bo‘lardi.

* * *

Usta Gulmat ijodidagi ba’zi muhim yo‘nalishlarga alohida zukkolik bilan nazar tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Eng zaruri, shoirning pozitsiyasini – uning kimlarga jon tortishib yashaganini uzil-kesil belgilab olishimiz shart. Aks holda, nazmchi sartaroshimizning eski muxoliflari bo‘lgan G‘ishmat, Makriddin Mastavo kabilarning g‘ayrli shogirdlari pistirmadan pispislab chiqib kelsa, uning ayrim satrlariga bir yoqlama qarash yo‘lidan borib, mendek bik odamning ilmiy ishini chippakka chiqarishi hech gap emas. Chapaqay-chapani Gulmatning oshnolari har bir zamonda bisyor, g‘animlari ham hamisha tappa tayyordir.
Shoirning egovlaridan biri uni xotin-xalajni xush ko‘rmaslikda, biri mayparastlik yoki bangiroqlikda, boshqasi e’tiqodi sustroqlikda ayblashga tirishadi. Ochig‘i, kallam nihoyatda zo‘r ishlashiga qaramay, bu borada o‘zimda ham ayrim ikkilanishlar mavjud edi. Ammo, aqlni ahmoqdan o‘rgan, deganlaridek, Gulmatning ba’zi g‘azallarini o‘zicha laparga aylantirib, mayda-chuyda chalpakbazmlarda mushukmiyovlash tarzida xirgoyilab yurguvchi Bag‘amsho g‘ijjakchi uchirmalagan bir gapdan so‘ng, to‘satdan ko‘zim yarqirab, fikrimga qoziq qoqdim.
- Pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa – birovga, deb qo‘yibdi o‘zbek,- deganicha g‘ijjagini sozlay boshlagandi o‘shanda Bag‘amsho.- Gulmat bo‘lsa, oldin o‘zingni ermakla, chiday olsang – birovni, deydigan jo‘mardlar toifasidan.
Tuzukroq odam qurib ketgandek, kelib-kelib, shu topda Bag‘amsho g‘ijjakchiga hasadim qo‘zidi, qayoqdagi kigizqalpoq yallachi bilgan gap nechun mendek baxmaldo‘ppining esiga kelmabdi, deb g‘ijindim. Bilamiz, ko‘rib yurganmiz – tug‘ma bosiqfe’l kimsalar bor, davrada o‘tirgan biron-bir kishining kamchiligini aytib qo‘yish zarur bo‘lsa, menda anamundoq-manamundoq ayblar mavjud, ulardan tezroq qutulay deyman-u, yana chatoq ish qilib qo‘yganimni bilmay qolaveraman, deb qusurlarni o‘ziniki qilib gapiradi. Birovning ko‘nglini og‘ritmasdan tarbiyalash deydilar buni. Gulmat ham aynan shu usulni tanlab, kimlarnidir shapatilashga qo‘li bormasa, o‘zini do‘pposlayverganmikan? Darvoqe, mundoq qaraganda, “Tunim o‘tg‘ay ezib yostiq, toshar ikki ko‘zimdin yosh, biri – Anhor, biri – Bo‘zsuv, keling, qizlar, cho‘milmakka” deya baboqlangan shoirning ayollarga bepisandligiga G‘ishmatvachchalardan bo‘lak kim ishonsin? Yoki “Ich yana, Gulmat, tugal odam safindin o‘chgali” deb bezanglagan banda mayxo‘rlik qilishdan o‘zini hurkitmoqchimi, biznimi? Gulmatning chindan ham shundoq yo‘ldan borishga esi yetgan bo‘lsa, otangga balli, deb qo‘yishga majburmiz.
Mulla Akobirning esdaliklarida qayd etilishicha, ahli donishmandga mavhum tuyuluvchi bir so‘zni Gulmat ko‘p qaytariqlab yurguchi ekan – yaxshi odam yaxshi musulmondir, deb. Bu e’tiqodni taroziga solmoq vazifasi hozircha zimmangizda tursin. Fikr bahsdan bo‘g‘ozlanib, haqiqat tug‘iladi.
Yozganlarini o‘qib, Gulmatni to‘pori va dalliroqqa yo‘yishimiz tabiiy. Biroq, insof yuzasidan aytish lozimki, uni g‘irt ahmoq deyishga-da til bormaydi. Atrofda yuz berayotgan voqealar mohiyatini shoir baholi qudrat idrok eta olgan, ularga qo‘ldan kelganicha munosabat bildirib, yozarmonlik burchini oqlab kelgan.
Bu o‘rinda, eng avvalo, oddiy turupfurush dehqon va ko‘chmanchi sartarosh, keyinchalik mayda savdogar va hardamxayol noskash bir kimsaning ezuvchi kim-u, eziluvchi kimligini ilg‘ab olib, ularni sinflarga bo‘lishda yanglishmaganiga qoyil qolmoq kerak. Qolaversa, bu badiiy merosni bugungi kunda bizga istarali qilgan omil shuki, usta Gulmat doimo eziluvchi mehnat ahli tarafda turib so‘z aytadi. «Azimboyning uyi, hay-hay, qasri sultonni eslatg‘ay», deb boshlanuvchi g‘azalining oxirgi baytini olaylik:

Yig‘ib qimmat matohlarni davr surging kelur, Gulmat,
Vale kissangdagi ahvol sanga arzonni eslatg‘ay.

Ko‘rinib turibdiki, topganini ro‘zg‘orga uchma-uch yetkazib, nochorgina kun kechirayotgan o‘n minglab oddiy mehnatchilarga shoirimiz darddosh va fikrdosh. Chunki, uning o‘zi asli shular orasidan kelib chiqqan, endilikda uning haqiqiy she’rxonlari ham o‘shalar.
Mulla Akobir bu holni shunday izohlagan edi: «Bizlarga ma’lum va mashhur shoiri kalonlar ko‘proq gul ila bulbul haqinda rohatlanib yozar erdilar. Gulmat bachchag‘arni ko‘ringki, u bedavo har ikki gapning birisida noskashlikni pesh qiladir. Ushbu holat oning past tabaqa orosidin chiqqan andi ekonini tasdiqlamaydurmi?»
Bizga ma’lum sabablarga ko‘ra, andak g‘arazgo‘ylik bilan aytilgan bo‘lsa-da, mulla Akobirning bu so‘zlariga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q. Gulmat Shoshiy ona qornidan yo‘qsilparvar bo‘lib tug‘ilgan. Ushbu omil uni jaydarfe’l qildi, chapanilar galasiga qo‘shdi, ochiqyuzlarning davradoshiga, adolattalablarning qayroqso‘z baxshisiga aylantirdi.

* * *

Gulmat Shoshiy ijodining avj pardasi el-yurtda ikki yoqlama zulm tobora kuchayib borayotgan davrlarga to‘g‘ri keldi. Vaziyatni bexato baholagan shoir o‘z g‘azallaridan birida deydi:

Qo‘sh yelkada qo‘sh xoqon, mani jonim bittadur,
Qay birig‘a beray non, mani jonim bittadur.

Qarang, ham milliy burjuaziya, ham chorizm xalqni ikki yoqlama talayotganini birgina «qo‘sh xoqon» so‘zini ishlatish orqali qanday qisqa va ravshan ta’riflab bergan. So‘ng, zo‘rlovni sharhlashda davom qilib aytadi:

Serob har xil amaldor: mirshabu shayx, pristav,
Tanobchiyu soliqbon… mani jonim bittadur.

Chamasi, mahalliy amaldorlar, chor hukumati ayg‘oqchilari bir hangomachi shoir bilan o‘chakishishni o‘zlariga ep ko‘rmay, uning oldi-qochdi xarxashalariga tamoman befarq qaraganlar. Bundan foydalangan Gulmat payt poylab turib, hatto, oqposhshoga ham gap otishga jur’at etgan. U, ayniqsa, Birinchi jahon urushida front ortini mustahkamlash uchun Turkistondan mardikor olish haqidagi farmondan qattiq norizo edi:

Maqtag‘on oqposhshosi lol qildi mani,
Farmoni ul qaddimni dol qildi mani…

Nega endi norizo bo‘lmasin? Axir, mardikorlikka faqat nochor kambag‘allargina safarbar etilib, amaldor boylar va ularning arzanda farzandlari hanuz aysh-ishrat bilan mashg‘ul ekani kishiga alam qilmaydimi?
Bunday tengsizlikdan jiddiy ranjigan shoir yana bir g‘azalida o‘z qahru g‘azabini shunday izhor etadi:

Chimildiqdin turib boylar sani haydar yumushlarg‘a,
Bu zo‘rlashning tuzuk nomi gahi ishdir, gahi xizmat…

Endi savol tug‘iladi: xo‘sh, Gulmat o‘zi mardikorlikka borganmi? Gapni cho‘zib o‘tirmay, yana mulla Akobirning esdaliklariga murojaat etaylik: «Ho‘kiz shoxida amonat turg‘on buxudud zaminning to‘rt nafar buzruk hukmdorlaridan birisi, beshak-beshubha, Nikolay poshshodir. Oningdek hazratning mardikorlik borasindagi farmoni takabburlari uyondin e’lon qilinibdurki, pixi qayrilg‘on Gulmat buyondin safar hozirligini ko‘rib, bir necha qanor turshakni poyuzg‘a bosqoncha musulmoniyadin g‘oyib bo‘libdur. Lokigin, safarg‘a ayvondor shapka ostinda jo‘nag‘on ul betavfiq Toshkan, Jizzax ham Marg‘ilon muzofotlarindag‘i qirg‘inbarot janjallar tiyilg‘och, emdi boshga po‘latshoyi salla chandib yana Beshyog‘ochga kirib keldi».
Bundan shuni sezish mumkinki, oddiy sartaroshni emas, balki «katta zo‘r shoir»ni kelajak avlod uchun asrab qolishga qat’iy ahd qilgan Gulmat yurtda to mardikorlik g‘alvalari sepsilgunga qadar chetroqda chakana savdo ishlari bilan shug‘ullanib turishga majbur bo‘lgan.

Garchi shoir bu olatasir davrda «faqir kishi – panada» shioriga ko‘proq amal qilgan esa-da, lekin yurtdagi ulkan voqeliklardan butunlay uzilib, befarqlikka g‘arq bo‘lgan, deyishga haqqimiz yo‘q. Masalan, taxtapullik Qoravoy podachining Rossiyaga mardikorlikka borgandagi ishqiy hangomasi, bozor qimmatchiligidan ozor chekayotgan avom turmushi ifodalangan muxammas, bir qator g‘azal, ruboiy, fard kabilardagi kesdi-chopdi misralar orasiga yashirilgan g‘alayonchalarni iskab topish uchun kaminaniki darajasidagi esga ega bo‘lmoqlik kifoyadir. Bir qarashda, barchasi shunchaki ermak uchun yozilgandek ko‘rinadi. Ammo, o‘sha qaltis davrlar ruhidan kelib chiqib, sezgirlik, bilimdonlik, halollik ila yondoshadigan bo‘lsak, ko‘p hazillar zamirida katta dovyuraklik yotganini zippa payqab qolamiz. Gulmat millatlar chambaragi o‘rtasida zo‘ravonsizlikka, gurungdoshlarcha mehrga asoslangan ko‘prik qurilishiga aslo qarshi bo‘lmagan, biroq doshqozonning boshida turib olganlarning sadaqasini mehr deb bilishni, ularning yo‘rig‘i ila gurungdosh tanlashni o‘z insoniy obro‘siga yarashiqli ko‘rmagan. Bu bilan mug‘ambir zo‘ravonlar-u, g‘irromchi siyosatdonlar basharasiga nos aralash tupurishga, sal bo‘lsa-da, harakat qilgan.
Ko‘p hollarda goh qandaydir sirli ramzga ega bo‘lgan sayoq to‘ng‘iz polizdagi qovunlarni pachoqlab, palaklarni payhon qilib ketgani, goh qaysidir kissavur undan yo‘l so‘ragan bo‘lib, hamyonini o‘marib qochgani kabi ahamiyatsiz ko‘ringuchi dardlarni aytishdan nariga o‘ta olmagan Gulmat, ayrim vaqtlarda, XIX asr chor ekspluatatorlari hamda ularning tayanchi bo‘lgan mahalliy arbob-ulamolarning nayranglarini, el-yurt tashvishidan paqqos begonaligini, soxta xudojo‘yligini, do‘zaxilarcha ikkiyuzlamachiligini fosh etish, ular bilan gap talashish, XX asr boshidagi yangicha mo‘ltoniliklarni pismiqona mazaxlash darajasiga borib yetganligi kishini hayratga soladi. Bunday paytda kambag‘albop shoirning yelkasiga do‘stona qoqib, «obbo, Gulmat xumpar-ey», deging keladi. Shoir esa: «Ha, akang qarag‘ay Gulmat ana shunaqa ajabtovur kimarsa edi», deya olis-olis yillar qa’ridan po‘mpayib javob qilayotgandek tuyuladi.

* * *

Keyinchalik tirkalgan kichik bir qo‘shimcha: uzunquloq gaplarga qaraganda, hozirga kelib, Gulmatning yozargon nevarasi ham paydo bo‘lgan emish. Kulkul afandi taxallusi ila g‘azalsimon narsalar bitib yurganini eshitdik. Bo‘lsa bordir.
Kaminaga Gulmatdan kelgan zahmatning o‘zi yetib ortadi. O‘rigini totib, ta’mini ta’riflash bizga nasib etdi, danagini chaqib ko‘rish boshqalarga buyursin.

Ushbu ilmiy ish 1986 yilda adog‘langan.

___________ 
* Bu bilan men Darvin ukamizning odam maymundan tarqagan degan gapiga qo‘shilmoqchi emasman.
* Qaralsin: Gulmat. “Bezgakshamol” devoni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.