OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Madaniy zo‘ravonlik (hajviya)

Hushyorxonaga tushmasligim ham mumkin edi, til
qurg‘ur pand berdi. Yo‘l chetida gaplashib turgan ikkita milisani ko‘rib, men uchun go‘yo vaqtning ahamiyati bordek, soat necha bo‘lganini so‘radim. O‘n ikki, deb beparvo javob qildi bittasi. «Tungi o‘n ikkimi, kunduzgimi?» – deganimdan keyin ular menga alohida e’tibor bilan tikilishdi. Bir payt qarabsizki, ikki tirkovuch bilan oyog‘im yerga tegmay ketib boryapman. Endi bu yog‘i – «Farg‘ona tong otguncha …»
Baxtimga hushyorxonadagi suv quvurlari ta’mirlanayotgan ekan, meni cho‘miltirib o‘tirmasdan, to‘g‘ri yotoqqa olib kirishdi. Navbatchi: «Anovi oltinchi karavotga ag‘daril», deb chetdagi bo‘sh joyni ko‘rsatdi.
– Mo‘may ishtaraf olishni bilasanlar, – deb navbatchiga zarda qildim men. – Alohida xona beringlar.
Navbatchi indamasdan tashqariga chiqib, eshikni sharaqlatib yopdi. To‘rtinchi o‘rindiqdagi meshqorining xurragidan quloq batang bo‘lganicha gandiraklab borib, o‘zimni karavotga tashladim. Shu vaqt biqinimdagi beshinchi karavotdan momaqaldiroqdek ovoz yangradi: «Hov, umringda ko‘rpa ko‘rganmisan? Oyog‘ni yostiqqa uzatding-ku, palid».
Chap ko‘zimni qiya ochib qarasam, rayonimizning eng obro‘li piyonistasi Yunus-gradus ro‘paramda yonboshlab yotibdi, kayfim yozilib ketdi. Gavdamni arang ko‘tarib, iljayganimcha unga qo‘l cho‘zdim. U kaftimni qattiq tutamlab, kutilmaganda meni o‘ziga tortdi.
– Kechadan beri boshog‘riqqa davo topolmay yotibman, – dedi u yoqamdan g‘ijimlab. – Qani og‘izni och, hidlab bir xumorbosdi qilaylik.
Yunus-gradus bulg‘or qalampirga o‘xshash burnini og‘zimga tiqqudek bo‘lib, usma-ust chuqur nafas oldi. Har nafas olganda chehrasi bir shamdan yorishib bordi. Nihoyat yoqamni qo‘yib yuborib, huzur qilganicha picha sarxushnamo tebranib turdi: «Oh, oh, oh! Svejiy ekansan!» – dedi. Oxirgi yuz elliktani otganimga yarim soat bo‘lgani yo‘q, deya faxrlanib javob qildim men. Yana nimadir demoqchi edim, to‘rtinchi karavotdagi xurrakboz uyqusirab, ersak-tersak aljirashga tushdi:
– Aldama! Bilaman, o‘ynashing bor! Yo bir so‘m ber, yo uch taloqsan !
Yunus-gradusning qo‘llari asabiy titrab, tishlari g‘ijirladi. Og‘ir gavdasini beso‘naqay yumalatib, narigi yoqqa o‘girildi-da, xurrakbozning kuragini mo‘ljallab musht tushirdi. Mana senga «uch taloq»! Xurrakboz qashqirnamo cho‘ziq g‘ingshib qo‘ydi-yu, uyg‘onmadi. Men fursatdan foydalanib, sekingina ko‘rpa orasiga kirdim, «balodan hazar», deya boshimni burkab oldim. Yunus-gradus bir zum o‘zicha g‘udranib yotdi, keyin qiroat bilan she’r o‘qishga tutindi:

Jannatda ham huru ham may bo‘larmish,
Hammasi mo‘l-ko‘lu mo‘may bo‘larmish.
Biz mayu ma’shuqni sevsak arziydi,
Chunki oqibat ham shunday bo‘larmish…

So‘ng u karavotimni qattiq tepib, dag‘dag‘a bilan so‘radi:
– Hov, palid! Buni kim yozganini bilasanmi?
Indamay yotganimdan jahllanib, karavotimni bu gal ag‘dargudek qilib tepdi:
– Bilmaysanmi? Shunday mashhur shoirni-ya?!
«Mashhur shoir» deganini eshitib, tezda o‘zimni o‘nglab oldim.
– Nega bilmas ekanman, – deya ko‘rpamdan dadil bosh chiqardim men. – Erkin Vohidov yozgan.
Shunday deya, «…ko‘ksi osmo-o-n o‘zbegi-i-i-m», deb xonish qila boshlagan edim, u uzalib turib gardanimga mushtladi.
– Mana senga o‘zbeging!
Keyin: «Umar Hayyomdek zotni bilmasang, ichib nima qilasan, palid», deb bo‘ralay ketdi.
Bekordan-bekor kaltak yeyish menga juda alam qildi. Hech bo‘lmaganda ellik grammni talashib yoqalashsang boshqa gap. O‘rgilim sendaqa olimdan! Hayyomovlar bilan nima ishim bor? Mendan rayondagi bufetlarni so‘ra…
– Sen-chi? – endi to‘rtinchi karavotdagi xurrakbozni turtib uyg‘otdi Yunus-gradus. – Umar Hayyomni bilasanmi?
Xurrakboz «hm-m, g‘m-m», deya picha alahsirab turgach, qat’iy bosh tebratdi:
– Yo‘q! Bu yerga ko‘p tushganman, ammo-lekin Umar degan bilan yotmaganman.
– Mana senga Umar!
Yunus-gradus xurrakbozni bir zarbdayoq karavotga mixladi.
– Chalasavodlar! Madaniyatsiz palidlar! – Yunus-gradusning fig‘oni falakka chiqib, o‘rnidan turib ketdi, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. – Umar Hayyomni bilmagan ko‘r bo‘ladi! Ko‘rsan ikkalang! Ko‘rsan! Yo yolg‘onmi?!
– Ko‘rman, – deya shumshayib boqdi xurrakboz.
– To‘g‘ri, ko‘rman, – dedim men ham chaqchayib turib.
– Mana hozir ko‘zingni ochaman! – deb qarshimga kelib yonboshladi Yunus-gradus. – Qani, Umar Hayyomning kimligini topmay ko‘r-chi? Seni baribir madaniyatli qilmasdan qo‘ymayman! 
– Yana zo‘ravonlikmi? Namuncha xo‘rlaysizlar? – deya tuyqus yig‘lab yubordim men. – Na tashqarida kun berishadi, na ichkarida. Qani haqiqat?
Yunus-gradus poldagi maymoq botinkasini olib, ayamasdan betimga urdi:
– Mana senga haqiqat!
Ko‘zim oldida o‘t chaqnab, uvillab yubordim. Peshanamning poshnadagi nag‘al tekkan joyidan shirillab qon oqa boshladi. Qichqiriqni eshitib, xonaga kirgan navbatchi nima bo‘lganini surishtirdi.
– Peshanam-ku o‘zi sho‘r edi, – dedim men. – Haqiqatni talab qilsam, battardan pachoqlashdi.
– Kim urdi o‘zi? Nima bilan urdi?
– Majburiy madaniyatning dastidan dod! – deb baqirdim men. – Maymoq haqiqatdan dod!
– Bas qiling, grajdanin! – deya po‘pisani boshladi navbatchi. – Nimalar deb valdirayapsiz? Qanaqa haqiqat?
To‘rtinchi karavotdagi xurrakboz tirjayib turib, mening o‘rnimga javob qildi:
– Ve-ha-ha… Maymoq haqiqat! Nag‘aliyam bor! 

1976 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.