OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Mirzaqand naynovning hasratlari (hajviya)

1. GO‘LAXLIKDA

Xotinga yolchimadim, oshna. Bilasan, ustimga sholcha yopinsam, beqasamdek yarashadigan suqsurpo‘rma yigitlardan edim. Pandavoqiligimni qaraki, kelib-kelib, ana shu puchdanakka ilashibman. U bilan o‘nta ko‘rpa yirtib, bittayam bola ko‘rmadim. Hech bo‘lmasa, qiz-piz tug‘ib bergandayam, sen g‘ariblarga atab kattakon bir osh damlardimki, uni tovoqqa bossak, ustidan it sakrab o‘tolmasdi.
Bunisi yetmagandek, u padari qusurning jahli o‘ttiz qopu, nozi qirq lagan degin. O‘tgan payshanbada itfe’lligi nihoyat boshiga yetib, erim desa og‘zi to‘ladigan mendek shovvozidan ayrilib qoldi. Endi dardini dutorga aytib o‘tirgandir.
Hamma g‘alva Eson-echkining to‘yidan boshlandi. Araq-vinoni shampanning ustidan aralash tortib, pivani gazak qilgan ekanman, bir payt tovonimdan isitma boshlanib, boshimdan hovur ko‘tarildi. Gandiraklab borib, kallani birinchi uchragan paqirga suqibman. Unga ortib qolgan qovurmaning suvini ag‘darishgan ekan, burnimga yog‘ tiqilib, mo‘ylovim quloqqa yopishib qoldi. Paqirdan boshni sug‘urganimni bilaman, atrofdagi bolalar dodlaganlaricha to‘rt tarafga tirqirab ketishdi. Shunda mahallaning oqsoqoli yonimga kelib, «mahalliy hukumat nomidan buyuraman, to‘ydan darrov qorangni o‘chir», dedi. To‘yda hukumat nima qiladi, deb yoqasidan olgandim, bir-ikkita bo‘yni yo‘g‘on hay-haylab oraga suqildi. Bo‘lmasa, o‘ttiz ikki tishini ro‘molchasiga tugib berardim.
Uyga azontalash yetib boribman. Ravotga suyanvolib, xotinni bo‘ralab chaqiraman degin, qani endi u xumparvachcha tovush bersa. Shaytonim qo‘zib, oyoqdagi kirzavoy bilan darvozani futbol qilvordim. Agar go‘rni shunaqa tepalasang, ming yillik o‘lik mozorni tashlab qochadi.
Xotinim shang‘illaganicha kelib darvozani ochdi-yu, afti-angorimni ko‘rib, o‘sma chaplangan qoshi valasapedning ro‘liga o‘xshab qoldi. Tovushimdan tanib, o‘ziga kelgandan keyin, achitib bir gap aytgan edi, men sasitib so‘kishga tushdim. Shunda u alamiga chidolmay, yetti pushtimni bezovta qiladigan shiltaroq bir qochiriq qistirdi. Ana endi akkash yeng shimarayin-u, sen tomosha qil. Objuvozning sholi yanchishini ko‘rganmisan?
O‘sha to‘palondayoq xotinni to‘qqiz taloq qilib, shartta uyni tashlab ketdim. Shu-shu, yarimxalasto‘yman. Baxtimizga ota-buvamizdan qolgan choyxonalar borakan, nomardga muhtoj bo‘lmay, buqadek lorsillab yuribmiz.
Qani, menga ayt-chi, boshlig‘ingdan yuqoriroqdagi xo‘jayinlargayam buyruq bervoradigan kattakoning bir kunda nechchi mahal palov yeydi? Pichog‘im garovdaki, o‘shaning ham kuniga ikki mahaldan oshirolmaydi. Choyxonada qaynagan qozon borki, undan bir kosa cho‘tal olamiz. Menga o‘xshagan ekstraklas kachigarlar magazinda yelkalig-u, bozorda talamon.
Yashash degani manavinaqa bo‘pti, oshna. Senam yuribsan-da xotinga kalish axtarib. Ho‘, ko‘zingni och, galvars, besh kunlik dunyoda oylikka ishlab nima qilasan? Sen notavongayam tumanda birorta choyxona topilib qolar. Qo‘yvorsang-chi o‘sha bedavo xotinni.

2. HAP, SENIMI, SICHQON

Ilonpadar xotin bilan orani ochiq qilganimdan keyin Mo‘saqo‘zining choyxonasida go‘laxlikka o‘rnashvolib, tuppa-tuzuk yashab yuruvdim. Sanstansiya degan nojins idoraning inspekturi ishning beliga tepdi. Durustroq yuvinmagansan deb, meni bexos ishdan urib tashladi-ya.
Ta’bimga to‘g‘ri keladiganroq joylardan ish surishtirib ko‘rdim. Sabzavot bazasiga borsam, oshqovoq omborining qorovulligi bor, deyishdi. Unaqa joyda ishlash itimga or, mushugimga nomus.
Oxiri tuman ijroqo‘midagi bir tanishimning oldiga borib, ahvolni tushuntirdim... Tanishing kim deysanmi? O‘rtoq Hojimatov degan odam bor ijroqo‘mda... Ie, uni bilasanmi hali? Gaping to‘g‘ri, hozircha qorovullik qilyapti.
Xullas, borib ahvolni tushuntirdim. U desang, xitoycha piyoladagi choyni xo‘rillatib, tumandagi har xil idoralarga birma-bir telepo‘n qilishga tushdi. Bu yoqda men unga qarab, «oliftachiligingdan o‘rgildim, gapingni ikki pulga oladigan ahmoq ham bormikin», deb ichimdan tuginib o‘tiribman. Bir mahal u turupkani «shaq» etkizib joyiga qo‘ydi-yu, «qo‘l ostimizdagilardan bittasi seni ishga oladigan bo‘ldi», deb qoldi.
– Eski o‘zbek hammomining bir bo‘lagida sichqonlarga qarshi kurashadigan idora ochilgan, – dedi u. – To‘g‘ri o‘sha joyga borib, boshlig‘iga uchrashasan.
Hammomga borib, sichqon o‘ldiradiganlarning boshlig‘ini surishtirdim. Tepasiga «Xotinlar uchun» deb yozib qo‘yilgan eshikni ko‘rsatishdi. Oyog‘im tortib-tortmay ichkariga kirsam, bashang kiyingan istarasiz odam tamakini buruqsatganicha televizo‘r ko‘rib o‘tiribdi. Salom bergan edi, u xuddi o‘rtamizda bojachilik bordek, menga o‘qrayib turib: «Mirzaqandmisan?» – deb so‘radi. «Ha, Mirzaqandman», dedim. «Sen ariza yoz, men qo‘l qo‘yaman», deb qog‘oz-qalam uzatdi.
Otamizning duosini olganakanmiz, mana, bir yumalanib, mas’ul xodim bo‘lib qoldik... Bunaqa iljayma, davlatning ishiga aralashgan odam borki, hammasi mas’ul.
Yangi kasbning sirlariniyam allaqachon lippaga qistirdik. Qiladigan ishim – u idoraga borib, polning teshigidan dori yumalataman, bu omborga borib, kandiklarni margumushga to‘ldiraman. Ishqilib, qo‘limdagi qog‘ozga muhr urib berishsa bo‘ldi.
Bundan tashqari, ba’zan tumandagi gazeta yoki radio orqali tashviqot yurgizib, odamlarni sichqonlarga qarshi qayrab turamiz. Bayramdan oldin «Xalq mulkini tekin yeb yotgan kemiruvchilarga yoppa qiron keltiraylik!» degan shior yozdirib, markaziy ko‘chaga ilib qo‘ygandik, xo‘jayinlar uni darrov oldirib tashlashibdi.
Uni qo‘y, buni qo‘y, qaysi omborda nechta kandik borligini hisob-kitob qilib chiqadigan taftishchining yo‘qligiga suyunaman. To‘qqizta teshikka dori urib, qog‘ozga to‘qsonta deb yozganingdayam, sen haqsan. Har kuni bir-ikki o‘ram margumushni orttirib qolaman. Ikkita xonadonga kirib, to‘rtta kavakka dori yumalatib qo‘ysam, eng paskashi qo‘limga beshtakilikni tutqazadi.
Uyingda sichqon-pichqon yo‘qmi, ishqilib? Hay-hay-hay, kapgirdan boshqasini g‘ajib bo‘lishdi degin? Tilingga kuydirgi chiqqanmi, xumbosh, shuni menga oldinroq aytsang, o‘larmiding? Agar hamyoningda shamol o‘ynamayotgan bo‘lsa, magazindan darrov bitta «Zubrovka» opchiq-chi. Keyin sichqonlarni menga qo‘yib berasan!

3. ISTE’FO

Ahvol so‘rab nima qilasan? Ko‘rib turibsan-ku ahvolni. Ikki haftadan beri aravani quruqqa choptirib yuribman. Sichqon o‘ldirish obro‘yimga to‘g‘ri kelmasligini tushunib, o‘zim iste’fo berdim.
Gapimga ishonmayapsan shekilli? Sababi bo‘lmasa, tentak terakdan tushmaydi, demoqchisan-da? Rostini aytsam, bir narsadan mashmasha chiqib qoldi-yu, shuni bahona qilib, shartta ishni yig‘ishtirdim.
Bilsang kerak, pillaxonaning orqasidagi kungirador uyda go‘ring gullagur Parpi partizoning bevasi turadi. Saddi xonim deyishadi uni. O‘g‘li ilmliroq xotinga ilakishib, shaharda qopketgan.
Sichqonqirar idoraga ishga kirganimdan ikki haftacha keyin ana o‘sha beva meni tuyqus ko‘chada to‘sib, ichkariga imladi. U yoq-bu yoqqa qarab qo‘yib, orqasidan hovliga kirdim. Dardini surishtirsam, bechoraning yerto‘lasini sichqonlar chayqovbozor qilvorishibdi, degin. Ayamay, besh-o‘n so‘mlik margumushni urib tashladim.
Shu-shu, bir oyog‘im o‘sha xonadondan uzilmay qoldi. Men margumush yog‘dirib charchamayman, mitti o‘g‘rivachchalar javon g‘ajishdan tiyilmaydi. Qandingni ur, deb qo‘yaman sichqonlarga. Saddi xonimdan beli sinmagan chervonlar oqib turgandan keyin, ish topilganiga shukur qilasan-da.
Shunaqa ekan, o‘sha xoniming bitta mushuk boqsa, Asakasi ketadimi, deyishing mumkin. Ishonmasang, ishib o‘larsan, bevaning, hafsalasi kelsa, qo‘chqorni oladigan mushugi bor. Lekin, bo‘yniga lentir tasma boylab, kumush likopchadan sut ichadigan o‘sha baroq, sichqon tutish u yoqda tursin, sen bilan menga o‘xshaganlarni oyog‘ida ko‘rsatadi.
Bir kuni ishdan kelayotsam, Saddi xonimning ravoti yonida do‘xtirmoshina turibdi. Xavotir olib, ichkariga kirdim. Kirsam, xonzodadan taragan haligi mushuk karavotda sulayib yotibdi. Anavi oqtepalik do‘xtiring motamda-yu, Saddi xonim xun-biyron. Kiprigimga tuprik yopishtirib, ularga sekin biqin soldim.
– Mushuk margumushdan o‘lgan sichqonni yeb zaharlanibdi, – dedi do‘xtir.
Saddi xonim menga yovqarash qilgan vaqtda gapning paynavi loyqalanishdan qo‘rqib, rostakamiga yig‘lab yubordim. Bevaning ko‘ngli yumshadi.
Do‘xtir ketgandan keyin, kayf ustida mullachasiga cho‘kka urib, mushukka kinna yoyishga tushdim. Men kinnani tugatdim-u, baroqvachchayam asfalasopilinga jo‘nadi. O‘zing o‘ylab ko‘rgin-a, o‘lik mushukka purjinali karavotda yotishni kim qo‘yibdi? U haromining dumidan ushlab turib, derazadan parrak qildim. Shunda Saddi xonim «margumushdan o‘ldirganing yetmay, sho‘rlikni endi axlatga irg‘itasanmi», deb akangni bo‘g‘izlagudek bo‘ldi. Men shildirbosh desang, bevaga taskin bermoqchi bo‘pman-u, «yolg‘iz qoldim deb kuyinmasinlar, Saddi bonu, mana, bizam so‘qqaboshmiz» deb yuboribman. Ana endi surnaybozlikni ko‘r. «Sen sayoqvachcha nimaga shama qilyapsan», deb naq basharamga sachraydi degin. Xayriyatki, bilagidan ushlaganim yo‘q. Bunaqalar birpasda bo‘yningga istatiya ilib tashlaydi.
Ertasi ishga borsam, xo‘jayinning turqi tuman. Saddi xonim unga qo‘ng‘iroq qilib, erinmay astar-avramni ag‘daribdi. Izzatning borida arizani yozib, to‘nni yelkaga tashladim. Endi o‘t o‘chiradiganlarga ishga kirsammi deb yuribman. Uxlaganingga qarab moyana to‘lashadi azamatlar.
Aytganday, o‘zing qalaysan? Cho‘lga ketgan gektarchi o‘g‘lingdan mo‘mayroq pul kelgandirki, burunni bir qarich ko‘taribsan. Bunaqa narsani yuvmagan nomard. Manavi tangaga bir so‘lkavoy qo‘shsang, «Portveyn»ning onasi o‘pmaganidan berishadi. Surlik qilmay boraqol endi. O‘zim kiray desam, magazinchidan uch litr qarzim bor.

4. RO‘ZG‘ORNI QO‘MSASH

E, bormisan, oshna? Paqqos guzarga chiqmay qo‘yding-ku. Bilsam-bilmasam, yo uyda ichishga o‘rgangansan, yo chapaki daromading kasod.
«Hosilot»ga tobing qalay? Oliftachilikni qo‘yib tur, vajohatingdan sezyapmanki, yuz ellikta bosging bor. Ma, ich! Tekinniki teshib chiqarmidi? Yonboshlavolib, bir dardimizni do‘mbira qilaylik endi.
Ishdan gapirmasang-chi. Bosh omon bo‘lsa, ish topish do‘ppi almashtirishga o‘xshagan bir narsa. Amerikadamidikki, ish so‘rab o‘n yil ochiridda yotsang.
Hamma gap didingga to‘g‘ri keladigan ishni topishda. Tunov kuni desang, bir ishni ko‘ndalang qilishdi. Molbozorning yonidagi omborni bilarsan? O‘shanga yukchi kerak bo‘pqolibdi. Narsa kelsa, moshinadan tushirasan, ketadiganni moshinaga yuklaysan. Eshitiboq, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Bunaqa ishlar uchun, ana, eshak degan alohida maxluq yaratib qo‘yilibdi.
Kechaning o‘zida birdaniga ikkita ish ro‘para keldi. Avvaliga Ubay qassob yo‘limni to‘sib, «menga o‘rinbosar bo‘lmaysanmi», deb qoldi. Unamadim. Bilasan, u xumparvachcha o‘ziyam ichmaydi, birovgayam quymaydi. Keyin To‘xta novvoy uchrab, «menga ko‘mir-po‘mir tashib tursang-chi», deydi. Unga mo‘r-malax bo‘lgandan ko‘ra, eshakaravada hushtak churillatib, bolachoqlardan shisha to‘plaganim durustmasmi?
Aytganday, birorta arava topsang-chi, valaki salang. Rahmatli qaynatangniki bekorga ag‘darmashoti bo‘lib yotgandir, qaynanangga o‘xshab... Xo‘p desang, o‘shani epaqaga keltiramiz. Mana, xo‘tik bizdan, daromad arra. Madiyor mazang ana shu shishalarning orqasidan ot so‘yib to‘y qildi-ya.
Azbaroyi ishlaganingga yarasha, kundalik nospuling chiqib tursa... Labbay? Masalan, sichqon o‘ldirib yurgan davrimda kaftim qichishmay turib, qo‘limga pul qistirishardi. Shunaqa joyda besh-o‘n yil bosib ishlasang, pul bilan odamning og‘zini yoradigan bo‘lasan.
Belim endi qo‘shbelbog‘ ko‘rganda, Saddi xoniming paytavamga qurt tushirib o‘tiribdi-ku. Ojiza xalqi yoppasiga insofsiz bo‘lishini bilardim, ammo bunaqangi jodugar yetti uxlab tushimga kirmagandi.
Mundoq o‘ylab qaralsa, qaytam o‘zimizning marjalar kirchimol ekan. Qo‘yvorgan xotinim desang, kaltaklagan sarim semirardi. Tilidan ketmasa, o‘shanday narsani taloq qilarmidim? Mo‘ylovga oq oralaganda, mo‘rchada yaktak yuvish menga havas bo‘ptimi?
...Ho‘, xumparvachcha, shuncha og‘zingni poyladimki, xotining bilan yarashtirib qo‘yay ham demaysan. Ko‘ngil uchun bir o‘rtaga tushsang, qisilib o‘larmiding? «Hosilot»ni maydalasam, liqqa-liqqa yutishga ustasan-u, jonimga kuyganingni ko‘rmadim. He, o‘sha sendaqangi praxadno‘y oshnadan o‘rgilib qo‘ydim.

5. MUHOKAMADA – SHO‘RVA MASALASI

Hay, ha-a-y... Soqolni qirdirib, it yalagan mistovoqdek yarqirab ketibsan-ku. Bo‘yningni bo‘yinturuqdek qilib, haliyam xotindan nosga pul so‘rab yurgandirsan? Qani, mundoq biqinga kelib, eshitganlaringni ko‘rganga o‘xshatib lofla-chi.
Muncha ko‘zing g‘ildiraydi? Yelkaga parpasha beqasam tashlab, oyoqqa kiyikteridan ag‘darma kiyganimga xavfsirama. O‘g‘irlagan bo‘lsam, non ursin. Telvaning ishini xudo o‘nglabdi, deganlar. Biznikiyam shunaqa bo‘ldi.
O‘zing bilasan, bir tomondan qish, bir tomondan yotoqning tayini yo‘q – qo‘lni qo‘yinda isitib, burunni bulduruqqa toblab yuruvdik. Bir kuni bolalardan kalxo‘zga bepul kino kelganini eshitib, klubga qarab borayotsam, idoraning oldida rais uchrab qoldi. Hol-ahvol surishtirib, tovuqxonada poyloqchilik qilmaysanmi, deb so‘radi. Mayli, dedim. Rais tog‘ang gapi yerda qolmaganidan xursand bo‘pketib, «kechqurun biznikiga kir, saruponi sal kuyovpochchalashtirib qo‘yaylik», dedi. Mana, yasan-tusanni ko‘rib turibsan.
Xullas, tovuqxonadaman. Men qorovul, Zaynab kampir tovuqboqar, Sattor bujur ikkalamizga boshliq.
Ko‘p joyda ishladim-u, bunaqangi xira xo‘jayinni birinchi uchratishim. O‘zimiz bor-yo‘g‘i uch kishimiz. Shunga qaramay, kunora majlis chaqiradi.
Dushanba kuni yig‘ilish qilib, tovuqxonada «Hurmat taxtasi» tashkil etsak, deb qoldi. Biz ma’qulladik. Sattor bujur desang o‘sha kuniyoq devorga sarlavhador taxta qoqib, unga o‘zining portreytini kashaklab qo‘ydi. Xo‘sh degan savol tug‘iladi – hamma ishni u kishi qiptilar-u, Zaynab kampir ikkalamiz to‘yimizga ro‘molcha to‘qibmiz-da?
Kecha yana majlis bo‘ldi. Zaynab kampir tumov bo‘lib ishga kelmagani uchun, pastda bitta o‘zim o‘tirdim. «O‘rtoqlar! – deb gap boshladi Sattor bujur. So‘p-payganimcha uning ko‘ziga tikildim. – Bugungi yig‘ilishda ortiqcha shtatlarni qisqartirish masalasini ko‘ramiz», dedi u. Buni eshitib, po‘kanimga po‘killoq kirdi. Bilamanki, Zaynab kampirni ishdan olishmaydi, kuyovi kalxo‘zda bosh molqochirar. O‘zi insof bilan ishdan ketgan boshliqni hali hech kim ko‘rmagan. «Uying kuyibdi-ku, Mirzaqand!» – deb qo‘ydim o‘zimcha. Keyin bilsam, xayriyat, gap boshqa yoqda ekan.
– Hisob-kitob qilib ko‘rsak, besh yuzta tovug‘imizga besh yuz to‘qson bitta xo‘roz to‘g‘ri kelyapti, – deb gapning paynavini ochdi Sattor bujur. – Don-dunlarni isrof qilmaslik uchun xo‘rozlarning shtatini ayamay qisqartirish kerak, degan taklifim bor.
Men almak-jalmak chapak urgancha: «Oramizda tekinxo‘rlarga o‘rin yo‘q!» – deb baqirdim.
O‘zing aytgin-a, shu arzimagan narsa uchun majlis chaqirib, odamni ishdan qoldirish yaxshimi? Gapni aylantirib o‘tirmay, bekorchilikda sho‘rva-po‘rva ichib turaylik deb qo‘yaversa, bizda jig‘ildon yo‘qmidiki, damini qayirsak.
Mana, bugunam bitta baboqning oyog‘ini osmondan qilib qozonga cho‘ktirdik. Shunaqayam ezilib pishibdi jonivor, suyagini itga bergani qizg‘anasan.
Qo‘ling bo‘shaganda, sho‘rvaxo‘rlikka borib tursang-chi, xumparvachcha. Senga aytib qo‘yayin, Sattor bujur surunkasiga oqidan uradi. Tag‘in pastliging qo‘zib, vino ko‘tarib bormagin, xo‘jayinning oldida meni xijolatga qo‘yasan-a. Hozirgi odamlar kimligingni ulfatingga qarab baholaydigan bo‘pketishgan.

6. TO‘RT SO‘MLIK TUZOQ

Ie, tirikmisan, oshna? Tez-tez guzarga chiqib tursang, moliya soliq solarmidi senga?
Kecha «Chashma»ni maydalab o‘tirib, seni o‘ylovdim – shu topda yonimda bo‘lsa, vinodan otvolib, yetti pushtimni avliyoga yo‘yardi deb. Rizqing qo‘shilmagan ekan, o‘zim poklab qo‘ydim.
Haliyam tontig‘liging qolmabdi-da, avval salomatlikni so‘rasang-chi. Duch keldi deguncha, uchastkavoyga o‘xshab ishni surishtirasan-a.
Senga aytuvdim shekilli, uch kishi to‘planvolib, kalxo‘zning tovuqxonasini gullatib yuruvdik – men poyloqchi, Zaynab kampir tovuqboqar, Sattor bujur ikkalamizga boshliq...
Qaraki, xudoyim shu amalniyam ko‘p ko‘rdi menga. Bozor kuni tovuqxonada bitta o‘zim qolib, xo‘jahordiq qilib yotsam, bir so‘tak tuxum so‘rab kepqoldi. Tuxum ammangning katagida bo‘ladi, demoqchi bo‘luvdimki, u tullakvachcha bir so‘mlikka uchtalikni mingashtirib, sekin qo‘limga qistirdi. Himmatingdan akang dedim-u, xaltasini tuxumga to‘latib berdim. Payti kelsa, paqirlab pullaganmiz, shundayam kalxo‘zning poydevori sho‘rlamagan.
Tuxumxo‘rlar desang biri yarimtaga uzatadi, boshqasi ko‘proqqa. Bozor ko‘rganlari bizni ovora qilib o‘tirmay, o‘sha narsani biryo‘la o‘zlari opkelishib, ishni silliqqina bitirib ketishadi.
Hay, endi avvalgi gapga qaytaylik. Boyagi qilig‘i sovuq qo‘limdan xaltani olib, «oxiri tuzoqqa ilinding-ku, haromxo‘r», desa bo‘ladimi. Xo‘sh, o‘zing kimsan, palagi so‘ligan, desam, xalq kantro‘lining qizil daftarchasini ko‘rsatdi. Ko‘rdimki, ish pachava. «Tuxumni qaerdan o‘g‘irlading, xunasa», deb shartta yoqasini g‘ijimladim. Shunda u «muttahamlikni yig‘ishtir, guvoh tepada turibdi», dedi. Bu xumparvachcha parvardigorga shama qildi-yov deb yuqoriga mundoq qarasam, darvoza yonidagi qayrag‘ochning ustida bir chalatug‘ma hurpayib o‘tiribdi. Qo‘lidagi durbinli asbob bilan akangni shaqira-shuqur rasmga olyapti.
Ertasi kuni Sattor bujur majlis chaqirib, ishimni olatasir muhokama qildi. «Mirzaqand ishdan ketsin deguchilar menga qo‘shilsin», deb qo‘lini ko‘tardi. Zaynab kampir betarap turdi. Men qarshi chiqdim. Uchalamiz janjallashib ketdik. Oxiri Sattor bujurning quloq tubiga qaratib tortishga to‘g‘ri kepqoldi. Uyam meni bir-ikki yumdalagan bo‘ldi.
O‘zing o‘ylab ko‘r-chi, xo‘jayinning qashqasini chiqarib qo‘yib, yana qanaqasiga u bilan birga ishlaysan? Baribir yo‘q narsadan bahona topib, uchirma qilvoradi. Bir juft jo‘jaxo‘rozni qo‘ynimga urdim-u, ishdan ketvordim.
Yaratganga shukur, eson-omon bahorga chiqvoldik. Bundan buyog‘iga, bitta to‘ning bo‘lsa, ariqning bo‘yi musofirxona, tolning tagi karvonsaroy.
O‘zing durustmisan? Ko‘zing to‘g‘nab qolganidan bilsak bo‘ladiki, boshing sharobga qorong‘i bo‘pturibdi. G‘iz etib Nishon buqoqnikiga kirib chiqmaysanmi, oshna? Eshitishimcha, kuyovi tog‘dan qimiz opkelganmish. To‘g‘ri kirib borib, Karimberdining to‘yida Mirzaqand senga o‘zining oldidagi vinodan quyib uzatganakan, o‘shaning haqiga jichcha qimiz berarkansan, degin. Bermasa, o‘zini bu yoqqa boshlab chiq. Qornidan naq o‘sha vinoni sug‘urvolaman-a.

7. HOTAMTOYLIK

Ko‘zingga ignauchuq chiqqanmi deyman, kuppa-kunduzi menday oshnangni ko‘rmay o‘tib ketyapsan? Yo kartmoningga pul tushib, bosar-tusaringni bilmay qoldingmi?
Yana bir-ikki haftadan keyin Mirzaqandga salom beradigan bo‘pqolasan hammang. To‘lan go‘rkov qarib, metin urishga yaramay qolganmish. Mahalla shu lavozimga meni ko‘taradiganga o‘xshab turibdi. Go‘rkovlikni bo‘yinga olsam, manaman deganing ham bir kunmas bir kun mung‘ayganicha qo‘limdan o‘tasan. Kimga keng go‘r kerak bo‘lsa, pajaliska, hozirdan ko‘nglimni ovlasin.
Anavi Sotti satang meni ko‘rsa, burnini jiyirib o‘tadi degin. Biqiniga bitta qoziqmixlash qilsang, o‘n kun shopirma atala ichib yotadigan holi bor. Shapkasiga quvonadi-da. Ana o‘shalaring, qazosi yetib, qo‘limga tushib qolsa, oxirati kuydi deyaver. Oyog‘i andakkina qiblaga moyilon qilinsa, qiyomatgacha jahannamdan chiqmaydi.
Rasamati bilan gapirganda, bu odamlaring, go‘rkov u yoqda tursin, tangridanam qo‘rqmaydigan bo‘pketishdi. Bizga o‘xshaganlarga xayr-sadaqa qipturish o‘rniga, o‘zi-mizni shilyapti. Hatto, qarzini to‘lamaydi-ya bu xumparvachchalar.
Masalan, Jamil tungonini olaylik, bir oydan beri qarzini uzmay, meni xunob qiladi. Har kuni turumini tepalayman, u padari qusur uyida yo‘q-da.
Bir kuni u bilan shahardan birga keluvdik. Moshinakiraga maydam yo‘q deb, akangni qirq tiyinga tushirdi. Umrida butun pulni ko‘rganmikin o‘zi? O‘g‘limdan bervoraman deganicha, o‘sha-o‘sha qorasini ko‘rsatmaydi. Nima, pul zavo‘tim bormidiki, uchragan tungoniga patta olib beraversam.
Hoziram o‘shanikidan kelyapman. Uyiga yetguncha o‘ylab bordim – qirq tiyinning bir qismini pivaga xarjlab, bir qismiga qurut shimiyman deb. Darvozani mushtlasam, yettinchi kalishni sudrab yana xotini chiqdi. O‘zing bilasan, xotin zotidan pul so‘rashdan ko‘ra, ko‘ppakdan suyak tilagan yaxshi. Mo‘ylovni shalviratib, sekin orqaga qaytdim.
Biz-ku hotamtoylik qilib hammaga qarz berib yuribmiz. Xo‘sh, bizga kim odamgarchilik qipti?
Kecha guzarga chiqsam, Shodi bilan Mo‘sa bitta obdastavinoni tanovvorga o‘ynatishyapti. Assalomu alaykum, birodarlar, desam, o‘zlarini karlikka solishdi. So‘rashmay o‘tsam xafa bo‘lishmasin deb, ularga qarab yurdim. Burilganimni ko‘rib, Shodi nokas shishaning tagidagini shartta piyolaga ag‘dardi-yu, bir ko‘tarishda ilonyutdi qildi. Hali senlardan ahvol so‘ramoqchi bo‘ldimmi deb, ikkalasiniyam o‘sal qilganimcha izimga qaytvordim. Qalay, tuzlabmanmi?
Ie, namuncha tomog‘ing g‘ijirlaydi? Yog‘lanmagan zambarg‘altakka o‘xshaysan-a. Davosini aytaymi? Sarimsoqni qo‘y yog‘iga qovurib turib, oqidan ikki piyola tortvolsang, tozalangan mo‘riday bo‘pqolasan.
Uyingda dumba yog‘i bordir? Unday bo‘lsa, ziqnalik qilmasdan, tezda magazinga kirib chiq. Sarimsoq, mayli, bizdan bo‘lsin. Eng oldin salomatlikni o‘ylagin, oshna.

8. YARASHISH OSHI

Yonimda hemiri yo‘q degin? Xotinga zarbing bo‘lmagandan keyin, ahvol shu-da. U qarg‘adan tarqaganlar tez-tez talqontuydi qipturilsa, azboroyi kaltakdan qutulish uchun eriga pivapuli berib, guzarga quvadigan bo‘lishadi. Yo‘li bor-da, oshna.
Turmush qurib, erkakchilikning davrini mana biz surdik. Burnimizga pashsha qo‘nsa, xotinga buyurardik, hayda buni, deb.
Sen-ku bir chuvrindi narsasan. Armaniska kanyakni oltin tishning orasidan suzadigan to‘ravachchalaringam, payti kelsa, xo‘jaykasiga o‘sma siqishadi.
Xachirga arava tirkab, kirasinfurushlik qilgan davrimda bir boshlig‘imiz bo‘lardi. Savlatiga qarasang, yo‘talishi yetmish so‘m turadi deysan. Shuyam xonzodasini ko‘rdi deguncha, surnayga o‘ynaydigan ilondek eshilishga tushardi. Davlat odamgarchilik qilib, tagingga lo‘kkavoy berib qo‘yganidan keyin, yog‘i yetgan joygacha qochmaysanmi bunaqa xotindan, deb bo‘g‘ilardim o‘zimcha.
Hamma aybni erkakka ag‘daramiz-u, mundoq qaralsa, hozirgi yigitlargayam qiyin bo‘pketdi. Bu maktab ko‘rgan qizlaring astarlikka yarasa, o‘lay agar.
Tunov kun avtobo‘sda bir qashqarbaldoq taqqanning yoniga o‘tirib qoldim. Qulog‘idagi o‘sha tillo hisobga olinmasa, o‘zini chalpakka o‘rab bersang, it yemaydi. Shuyam bozorvoshiga yetguncha erining go‘riga g‘isht tashidi. «Bu zolimning dastidan ado bo‘ldim – o‘zim kir yuvib, o‘zim non yopaman», deydi. Bularga qo‘yib bersang, bir kunmas bir kun... Qulog‘ingni yaqinroq tutsang-chi... Ha deyaver. Shunaqayam qilishadi, xex-xex-xe...
Mana, hozirgi boshlig‘imni olaylik. O‘zi xotin kishi-yu, o‘nta erkakni to‘qim solmay minadi.
Qaerda ishlayapsan deysanmi? Aytganim yo‘qmidi senga? Eshitgandirsan, tuman markazida qizlarni hamshira qilib chiqaradigan maktabxona ochilgan. Ana o‘sha joyda bog‘bon bo‘pqoldim. Hayit parang rahmatlining to‘ng‘ich qizi bizga direktir. Bir zamonlar otasi bilan qoshiq olishganman. Shuniyam yuz qilmay, kecha akangni ko‘pchilikning ichida dimlamaga bosdi.
Gullarga suv quyib yurib, och qoringa bitta «Yumaloq»ni urib qo‘yibman. Oyoqdan oldi xumparvachcha. Kirpidek g‘ujanak bo‘lib, ajriqqa yumalab qoldim. Bog‘ning etagidan bir hujra berishgan menga. Shunga qarab emaklashgayam hafsalam kelmadi.
Bir payt, yigitlar ko‘rsa: «Otasi qancha so‘rarkin?» deb qoladigan ikkita oqqanddek hamshira zambil ko‘targanicha men tarafga kelaverdi. Bu qanaqa o‘yin, tovuqchalarim, deb so‘ragan edim, lat yeganlarni kasalxonaga tashishni o‘rganyapmiz, deyishdi. Tuzukroq qarasam, zambilda sigirday bir qiz yonboshlab boryapti. Holi xaroblar bu yoqda qolib, zambilni bekorchilar band qipti-ku, dedim. Xullas, bir quchoqdan gul uzvolarsizlar deb, ularni hujragacha kira qildim.
Hujrada bitta uyqini urib, boshning tormizini sal bo‘shatib turuvdimki, direktir chaqiryapti deb qolishdi. Borsam, «maktabning guli nega talon-taroj bo‘larkan», deb po‘pisani paxsa bo‘yi qildi. Bitta «hayfsan» bilan zo‘rg‘a qutulib chiqdim.
Mashoyixlarning gapi to‘g‘ri, xotin zotidan yaxshilik chiqmaydi. O‘zimnikini vaqtida taloq qo‘yib, zap donishmandlik qilganman-da.
Aytganday, ertalab Madal bangi uchrab, «xotining bilan gaplashsam, ko‘ngli borga o‘xshaydi, bitta yarashuv oshi qilgin-u, Hafiz qorini opkelib, nikohlatib qo‘yayin», deb qoldi. Avrab-avrab, oxiri yo‘lga soldi-da meni. Ko‘ramiz, yarashsa yarashdi, nozini oshirsa, unga patxalimchilik qiladigan go‘sxo‘r yo‘q...
E, tavba, o‘zi-ku meni deb o‘lib yuribdi, yana shart qo‘yganiga kuyaymi. Yarashadigan bo‘lsa, avval ichishni tashlasin, deganmish.
Shu desang, oshna, boshim bo‘sh istakonga o‘xshab qoldi. Bir yoqda xotin poshsho, bir yoqda shisha xonim. Biri-biridan tortimli. Nima deysan, unisiga suykansammikin, bunisigami?
Ikkalasining ham xumoriga voydod!

1978 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.