OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Nishon buqoq va ritmik gimnastika (hajviya)

Televizo‘r yangi chiqqan davrlarda Habil ko‘knorining hujrasiga yig‘ilib, pul to‘lab tomosha ko‘rardik. Kamxarjlar bir hovuch mayiz yoki uch-to‘rt kalla novvot olib kirishardi. Oynai jahonning qulog‘i buralsa, do‘st-dushmanni ajratmay jilmayadigan bir juvon «assalomu alaykum»lab chiqib, ortiqcha jalanglamasdan gap boshlardi. Keyin qarabsizki, Ma’murjon og‘a likopchada yelpinib: «Bu kuygan yuraklarni yana yondirasanmi», deb turibdi-da.
Lazgincha etigimga besh-olti yamoq tushib ulgurmay, zamon ikki yumalanib, endi biz tugul Mirzaqand piyonning tomigayam antiyna qo‘ndi. Ammo, pashmak ko‘paysa, maza kamayar, deganlaridek, tomoshalarning tobora burdi ketib boryapti. Kinodagilarning tayyor lo‘ppi yuz turganda, og‘izdan o‘pib, ahmoqgarchilik qilishiyam, deputotlarning kimoshdiga maqtanishiyam, dunyo axborotchilarining servahimaligiyam bir nav. Eng yomoni – g‘adi-g‘udi kuy chalib, sahardan peshingacha peskultura (kulmang, sizning shevangizda balki feskulturadir) ko‘rsatadigan bo‘lishdi. Qaniydi, televizo‘r gugurt bahosida bo‘lsa-yu, har kuni bittasini pachoqlab, xumordan chiqsang. Raqsga tushging kelgan ekan, «shaltay-paltay»ga irg‘ishlaguncha, opoq otangdan qolgan «u yoningga tashlab o‘yna, bu yoningga tashlab o‘yna»ga yo‘rg‘alamaysanmi, lodon. Esizgina Mukarramaxonim!
El oldiga chalayalong‘och chiqibdiki, bu badantarbiyachi qizlarning shaytonga muridligi bor desam, gapimni mazax qilishardi. Oxiri folchiga aylanib turibman-ku: tunov kungi ko‘rsatuv mahali «bir» deganda xonada turgan o‘sha qizlar, «ikki» deganda – maysazorda, «uch» deganda– daryoning bo‘yida, «to‘rt» deganda – marmar saroyning tomida paydo bo‘lishdi. Shunaqada, yurakdan chiqarib «besh» devorsang, birontasi tizzangga kelib qo‘nishdan ham toymaydi. 
Taxmindan tayoq yasab aytganda, televizo‘rchilarning orasida hukumatning g‘animlari bormi deyman-da. Ayni tirsillab turgan qizlarga shunday dorulomonda bitta lozim topib berolmaslik xorij oldida yurtimizni beobro‘ qilmaydimi? Raykomning ko‘zi qayoqda o‘zi?
Ba’zan boshqa narsani o‘ylab qolaman – shularniyam uyida tergaydigani bormikan, deb. Ota-ku qizga yarim begona. Hamma ayb onada, bunaqa «repim-repim» qizni shartta uyga qamab, baldoqchasining tagiga ikki shapati tortib, namozga o‘rgatsin – kuniga besh mahal peskulturami!
Yana bularning orasida o‘spirinlar o‘ralashganiga o‘laymi. Baski chiqibsan, oyoqchalarning orasidan mo‘ralab yurmay, dakan-dakan bo‘lib oldinga o‘t, turmaksochlarni soyangga ko‘mvor. Turishing shu bo‘lsa, qaysi pichoq taqqan ota ertaga senga qizini berib qo‘yarkan?
Eng g‘alatisi – o‘yin tugashi bilanoq hammasi bilagini changallab, devordagi soatga tikilishadi. «Bir, ikki», deb turadigan o‘sha ko‘rinmas odam «yoshlarniki ko‘proq, qarilarniki kamroq uradi», deganga o‘xshash gaplarni aytib, allabalolarni hisob-kitob qilishga tushadi.
E, suf-e! Yaxshiyamki, Habil ko‘knori vaqtida o‘lib ketdi. Tirik bo‘lganda, televizo‘rdagi bugungi to‘polonlarni ko‘rib, kuniga o‘n marta shaytonlab yiqilardi.
Ishqilib bular, kuyuntirib-kuyuntirib, oxiri meniyam boshimga yetishmasa go‘rga edi... E, suf-e!

1989 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.