Bor-yo‘g‘i qalbaki soqolu yasama soch, to‘shaknamo ustki kiyimlaru uch-to‘rt chaplam upa-bo‘yoqlar Urug‘alini qorboboga, Qurug‘alini qorqizga aylantirdi-qo‘ydi. Ilgari unisi ustaxona mudiri, bunisi chirmandachilar to‘garagining «g‘ildiratuvchi»si bo‘lib ishlaganligi hurmati maktab qorovulligidan hamon haydalmay kelayotgan piyonista amakivachchalar bugun sovg‘asevar bolalarning diqqat markazida, o‘qituvchilarning vaqtinchalik e’zozida bo‘lishdi.
Archa bayrami tugadi. Ular uyga shu yasan-tusanda kirib borish, orttirib qolgan sovg‘alarini bola-chaqalarga qiy-chuv bilan tarqatish rejasini tuzib, tashqariga chiqishdi. Amakivachchalar yashaydigan ko‘p qavatli uy maktabning shundoqqina biqinida edi.
Ikkovi, shuncha mehnatlari kuygani badaliga, loaqal achigan musallasga ham erimagan maktab direktorini ziqnalikda ayblaganlaricha qorli yo‘lakdan imillab borisharkan, uy oldiga kelib to‘xtagan hayhaybop yengil mashina ularning e’tiborini tortdi. Minbarga yarashiqli kiyingan buldoglunj kimsa guldor qog‘oz qutichaning bog‘ichidan tutamlab mashinadan tushgach, haydovchiga javob berib yuborishdan oldin, nimalarnidir chaqchayib uqtirdi. So‘ng, gerdaygan alfozda zinayo‘lak tomonga yurdi.
– Qovoqboev mana shu odam, – deya ma’nodor qiyshangladi, qorqiz kiyimida istaraliroq ko‘rinayotgan Qurug‘ali.–Machalka fabrikasida boshliq. Anavi uchinchi qavatdagi Hayoxon degan behayoning oldiga kepturadi.
Qorbobo libosidagi Urug‘ali birdan hushyor tortib, Buqrotdek o‘ylanib qoldi.
– Hm... Demak, o‘g‘rincha kepturarkan-da? Xo‘-o‘-sh... Qani, kallani sal ishlataylik-chi...
Qovoqboev ustki kiyimlarini yechib, qo‘l chayib kelgach, qiyomiga yetkazib tuzalgan dasturxonga yaqinlashib ulgurmay, eshikning qo‘ng‘irog‘i zirilladi. Bir seskanib tushib, Hayoxonga savol nazari bilan qosh qimirlatdi. Hayoxon oyoq uchida eshik sari yurarkan, hayron yelka qisib qo‘ydi.
Eshik ochilgan hamono, kutilmaganda, ichkariga Qorbobo bilan Qorqiz bostirib kirishdi.
– Bayramlar muborak bo‘lsin, xonim,– tantanavor g‘arilladi Qorbobo. – Ba’zi bir idoralarning topshirig‘iga ko‘ra, hammaga sovg‘a tarqatib yuribmiz. Manavini opqo‘ysinlar.
Qorbobo bekaning yengil-elpi rahmati evaziga qo‘ynidagi sovg‘alardan birini olib tutqazarkan, Qorqizning: «Ie, bu yoqda ilg‘or machalkachilarning boshlig‘i Qovoqboev o‘tiribdi-ku!» – degan xotinchalish xitobi yangradi. Qorbobo Qovoqboevga ehtiromli nigoh hadya etganidan keyin: «Unaqa bo‘lsa, shunday mashhur odamning sharafiga qadah so‘zi aytmasdan ketish uyat bo‘lar-ov», deya dasturxon tarafga qiyaladi. O‘zining dovruqdorligidan taltaygan Qovoqboev surbet mehmonlarga gezarib tikilayotgan Hayoxonning yanada g‘ashini keltirib, Qorboboni dasturxonga chorladi.
– Beriroq kelsinlar. Xullas... qanaqasidan ichadilar, oqsoqol?
Qorbobo salmoqli ovozda «mabodo, vino-pino topilsa...» deya gap boshlagan ediki, Qorqiz unga zimdan o‘qrayib qo‘yib, so‘zni ilashtirib ketdi:
– Mabodo, vino-pino topilsa, ovora bo‘lib ochib o‘tirmanglar, demoqchi bo‘lyapti bobom. Nima, biz qattagi qorovul-porovulmidikki, vino ichsak.
– Ha! – darhol es-hushini yig‘volib, iyagini kekirdakka qisdi Qorbobo. – Biz tagli-zotli odamlardan hisoblanamiz. Bizga kanyak uzatilsin!
Qovoqboev «konyak bo‘lsa, konyak-da», deya shishani ochib, mitti ryumkachalarga tomiziqlagandek quyib chiqdi. Toqatsizlanganicha hanuz gezarib turgan Hayoxonning «iltimos, mehmon, gapni kalta qilib, tezroq tarqalaylik», degan qochirig‘i Qorboboga qo‘l keldi:
– Eshitdingmi, Qorqiz? Dugonang to‘g‘ri aytyapti. Gapniyam, ishniyam maydalab o‘tirmaylik. Boshqaruvni shappa qo‘lga olib, ishni tezlashtir. Yiriklashtir.
Qorqiz kattakon fujerdan ikkitasiga shishadagi konyakni qatra qoldirmasdan taqsimladi-da, ryumkachadagilarni ham ularning ustiga ag‘dardi.
– Mana, yiriklashtirdim. Gapiravering, bobo.
Uzatilgan fujerni baqrayib qo‘lga olgan Qorbobo, bir yutinib qo‘ygach, dabdabali ohangda so‘z boshladi:
– Bu davraga baland oxurdan yem yeb yurgan zotlar to‘planib qolganakanmiz, ey, xonimlar va janoblar, bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, deyishga majburman.
– Yashang, Qorbobo, – jilpangladi Qorqiz. – Urdikmi?
– Urdik!
Ikkala fujer ham «vaholanki» so‘zini aytishga saflanadigan muddat ichida yana avvalgi top-toza holatiga qaytdi.
– Manavilardan gazak qilsinlar, – mehribon «nevara» kavshanib turib, «bobo»siga likobcha tutdi. – Qaziga alohida ahamiyat bersinlar.
– Xush ko‘rdik bo‘lmasa, – jahlini jag‘iga yashirib kesatdi Hayoxon. – Menimcha, boshqalarniyam tabriklashlaring kerak hali...
– Aylanay, dugonajon, keling bir cho‘pillatvolay, – fe’li suyuqlashgan Qorqiz ko‘zi yongudek bo‘lib Hayoxonni o‘pdi. – Hozir ketamiz-da. Avval bobom va’dasini bajarvolsin. Bobojon, Qovoqboevning sha’niga gap aytmoqchi bo‘luvdingiz shekilli?
Qorqizning qo‘li kobraning havasini keltiradigan tezlikda sapchilab, stoldagi bir litrlik araq shishasini domiga ilintirdi. Ikkala qorindor fujerga shishaning teng yarmini bo‘lishtirib, birini Qorboboga uzatdi.
– Baland martabali odamlarga oddiy araq ichish qanaqa bo‘larkin? – ularga bemavrid takalluf ko‘rsatganidan nihoyat pushaymon yeya boshlaganini sezdirib, shama qistirdi Qovoqboev.
– Martabam balandligi to‘g‘ri, – tili g‘o‘ldirabroq qolgan esa-da, o‘zini vazmin tutishga chirandi Qorbobo.– Ammo-lekin, ochig‘ini aytsam, ja unaqa kanyak ichadiganchalik balandmas. Araqqa mosroq darajam bor... Shunaqa gaplar, Qovoqboev...
Mehmonlarning kayfi oshayotganidan bezanglagan Hayoxon tag‘in kesatdi:
– Aytiladigan gapni tezroq aytaylik endi.
Qorbobo avval qo‘lidagi araqqa, so‘ng Hayoxonga yutoqib tikildi:
– Menga alohida hurmat bilan so‘z berilganakan, madaniyati g‘ovlagan odam sifatida shu xonadonning bekasi Hayyoxon salomat bo‘lsin, deyishga majburman.
Qorqiz «keling, cho‘pillatvolay», deya yana bekaga tirmashdi. Bo‘yin aralash o‘pgach, qo‘lidagi fujerni o‘ynatib, Qorboboga yuzlandi:
– Urdikmi?
– Urdik!
Mehmonlar xashak g‘aramiga duch kelgan bo‘rdoqilardek gazakbozlikka berilganlarida, Hayoxon qat’iy tarzda murojaat qildi:
– Yaxshilikcha xayrlashaylik endi!
Qovoqboevning ham zardasi qaynab: «Ha, shu yog‘iyam yetar, tabrik eshitmasam eshitmasman», deb g‘o‘dangladi. Qorqiz bu gapni ta’nadek tushunib, «Qovoqboevning sha’nigayam biror narsa devorsangiz, o‘lasizmi, Qorbobo», deya o‘pkalanib boqqan edi, bobosi «unaqa bo‘lsa, quygin-da, masov», deb jerkib berdi. Chaqqon nevara shishada qolganini ikkala fujerga qoqlab, ma’ruzachini nutq irod qilishga sozladi:
– Mana, oling. Chaproqqa cho‘zing qo‘lni. Gapiring endi Qovoqboevga.
– O‘-o‘! Qovoqboev! Darvoqe... qani o‘zi?
– Ana, to‘g‘ringizda turibdi.
Qorbobo Qovoqboevdan teparoqqa g‘ilaylandi:
– Janob Qovoqboevga oliy tabaqali mehmon sifatida gapirsam... hm... kiringni yuvib o‘tirgan xotining anaviyoqda qolib, manaviyoqda nima qilib yuribsan, qovoq, deyishga majburman.
– Zo‘r gap bo‘ldi... Urdikmi?
– Urdik!
Stoldagi shampan vinosi talato‘pdan omon chiqqan so‘nggi ichimlik o‘laroq alohida qadr-qimmat kasb eta boshlaganiga qaramay, Qovoqboev uni gurzidek do‘laygan kuyi Qorboboga yaqinlashdi:
– Kimni qovoq deyapsan, uvadasoqol?!
Qorqiz mastlarga xos bo‘lmagan epchillik namoyish etib, zuvillaganicha o‘zini oraga urdi. Qorboboning boshiga yo‘naltirilgan shishani jon-jahdi bilan changalladi. Shu qadar mahkam changalladiki, Qovoqboev Qorboboga qo‘shib uni ham tashqariga tepib uloqtirganida, shampan vinosi chayir panjalari ichra hanuz barqaror edi.
1998 yil.