OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Tip-tiniq vujud (hikoya)

U o‘zbekchani bilmasdi, “O‘tkan kunlar”ni o‘qimagan edi. Shu bois, miltiqni o‘qlayotganida ham, nishonga to‘g‘rilayotganida ham qo‘li qaltiramadi.
Olamdagi biron-bir millatga na o‘chli, na mehrli bo‘lgan muzasab beshotar tirik nishonga hissiz baqraydi. Tirik nishon: “Senga ginam yo‘q, ishingni bajaraver”, degandek unga begidir boqib turardi.
Qoramoydek quyuq tunni o‘tkir nurlari bilan eritayotgan projektor zindonsimon xonada o‘tirgan tergovchining stolidagi ajdarko‘z chiroqni eslatar edi. Sovuq yorug‘lik ortidan odamsifat maxluqning xirilloq ovozi takror yangragandek tuyuldi.
— Qaytadan so‘rayapman, aybingga iqrormisan?
— Tushunarsiz hol... Qalinsoch kimsaga “men tug‘ma kalman” deb ayttirishdan ne naf?
— O‘zingni bekorga qiynayapsan. Vaqtida tavba qil. Aslida-ku, aybingni tan olish-olmasliging uncha muhimmas. Seni istagan paytimizda otib tashlashimiz mumkin.
— Qaysi gunohim uchun?
— O‘zingni ovsarlikka solma. Hammasini balodek tushunib turibsan. Gunohing shuki, o‘zbekligingga ortiqcha baho berasan, o‘zgalardan shunga yarasha izzat-ikrom talab qilasan.
— Shu gunohmi?
— Agar bu talabni bitta o‘zingga nisbatan qo‘yganingda edi, balki unchalar shakkoklik hisoblanmasdi. Harqalay, zodagonroqsan. Ammo sen g‘irt chuvrindi xalqingga ham o‘shanday munosabatda bo‘lishimizni, uning ko‘ngliga qarashimizni xohlaysan. Shundan kelib chiqib aytganda, o‘zini ozgina bo‘lsayam hurmat qiluvchi birorta imperiya... hm-m, ko‘pmillatli saltanat sendaylarni tirik qoldirmaydi...
Quldek itoatgo‘y miltiq, egasi tepkini qachon bosishini sabr bilan kutgan ko‘yi, tirik nishonga hanuz baqrayib turardi. Shu mahal, bir qarashda tirik nishonga egizakdek o‘xshab ketuvchi, faqat kiyimi ibtidoiyroq, tanasi tutunsimon va oynakdek tip-tiniq vujud paydo bo‘ldi. U miltiq tomonga hadiksirab tikilgan asno tisarilib borib, tirik nishonning vujudiga asta singib ketdi. Buni miltiqdan bo‘lak hech kim ko‘rmadi.
Tirik nishon o‘zicha so‘zlanishga tutindi:
— Qo‘rqma, jigarim, qo‘rqma. Qachondir shundoq bo‘lmog‘i aniq edi — men, ertami-kech, baribir, ketmog‘im kerak edi. Lekin, orzularimda yanglishmagan bo‘lsam, sen dunyo turguncha yashashing mumkin. Tinchlan, Otabek, tinchlan. Men senman, sen mensan. Biz alohidalikda ham bir butunmiz. Meni ardoqlaganlar seni-da ardoqlashadi, seni sevganlar meni-da sevishadi. Endi nari tur. Iltimos, ket!
Quvg‘indi Otabek tirik nishonning tanasidan qaytib chiqdi. Ammo, ketmadi. Tiniq vujudi bilan ortidagi og‘ajonisining jussasini to‘sganicha, qalqonlanib ko‘krak kerdi. Ko‘ylagining ko‘ksi negadir qonyuqi edi. Juda eski qon.
— Otsang, meni ot! — deya miltiqqa nigohini nayzaladi tiniq vujud. — Men bunga ko‘nikib ketganman. Kitobni o‘qib tugatishaveradi — Avliyootadagi jangda o‘q yeb o‘laveraman. O‘qishni boshlashaveradi — boshqatdan yashayveraman.
Bu so‘zlarni miltiqdan boshqa hech kim eshitmadi.
Miltiq ham shivirlagandek bo‘ldi:
— Ortingdagi kim o‘zi?
— Sen o‘zingcha bir ish qilolmaysan, chunki mustaqil fikring yo‘q. Shunday ekan, uning kimligini tushuntirib o‘tirishimdan ne foyda?
— Uni nega o‘ldirishmoqchi?
— Mustaqil fikri borligi uchun.
— Buning nimasi faxrli? Hademay o‘sha fikrlari ham o‘zi bilan birga o‘ladi.
— Adashyapsan. Aytib ulgurilmagan fikrlargina o‘lishi mumkin. U o‘z yuragidagini imkoni yetganicha qog‘ozlarga to‘kib bo‘lgan. Ezgu fikr — yuqumchil, o‘zgalar ongiga ko‘chib yashayveradi, bolalayveradi, ko‘payaveradi. Ularni yo‘q qilish uchun miltiqlar ham, o‘qlar ham yetmay qoladi.
Mustaqil fikr... Mustaqil ong...
Tergovchining zindonsimon xonasi burchagida og‘ajonisiga ezg‘in termilib o‘tirgan Otabek asabkemirar bir suhbatning guvohi bo‘lgandi.
— Tushunsang-chi, xumbosh! Biz jamoa manfaatini yoqlovchi, jamoaviy fikrga asoslangan baynalmilal davlatni quryapmiz. Bunaqa mamlakatda mustaqil fikringni boshimizga uramizmi?
— Axir, jamoaviy fikr mustaqil fikrlar bahsidan tug‘ilmaydimi?
— Mustaqil fikrlar o‘z bahsini allaqachon tugatib, xulosasini chiqargan-qo‘ygan. Proletariat dohiysi ko‘rsatgan yo‘ldan boramiz, degan shior qat’iy jamoaviy fikrga aylanib bo‘ldi. Shunday tep-tekis trassa turganida, sen mustaqil fikring bilan xalqni qaysi jinko‘chaga boshlamoqchisan?
— Men, hartugur, birovlarni zo‘rlab boshlamoqchi emasman. Birovning trassasi qulaymi, o‘zining jinko‘chasimi, buni har bir yo‘lovchi o‘zi hal qilsin demoqchiman, xolos.
— Tag‘in eski gapga qaytyapsan. Ke, erkakchasiga gaplashaylik, o‘zi xalqingda mustaqil fikr bormi? Agar bor bo‘lsa, to biz qutqarmagunimizcha, nega shuncha vaqt chorizmga malay bo‘lib keldi?
— Shunday salobatli Rusiya ham bir zamonlar kichik bir xonlikka tobe’ edi. Milliy ong pishib yetilishini asrlab kutdi. Yurtimga ham fursat bering, millatni tarbiyalamoqqa o‘ng‘ay muhit bering.
— Qanaqa o‘ng‘ay muhit?
— O‘z istiqbolini o‘z bilgisi bilan izlaydigan muhit. Sizlar bu o‘lkani istibdoddan xalos etdik, xalqni qullikdan qutqardik, deysiz. Millat o‘zida bor narsalarning qay birisini qadrlab, qay birisidan voz kechmoqni o‘zining fikri bilan hal eta olish, chetdan oqib keladurgan g‘oyalar, falsafalar, madaniyatlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib, turmushiga, tutumiga zarurlarini to‘g‘ri tanlay bilish darajasiga yetgandagina o‘zligiga ega bo‘ladi. Har bir fuqaro: “Fikrim mustaqil — men mustaqil! Men mustaqil — yurt mustaqil!” — degan tushunchani dil-diliga jo qilgandagina, mamlakat qaramlik isnodidan abadiy xalos bo‘ladi. Qanday to‘siqlardan o‘tish lozim bo‘lmasin, qancha muddat talab etilmasin, bu tabiiy jarayon muqarrardir!
— Qizishib ketding... Nihoyat, basharangni ochding-qo‘yding. 
O‘zining quloqyirtar ovozidan miltiqning o‘zi ham cho‘chib tushgandek bo‘ldi. 
Otabek barini ko‘rib turardi. Miltiqning og‘zida yallig‘langan yalin ichidan qo‘rg‘oshin o‘q uchib chiqdi, juda sust, o‘ta imillab parvoz qilganicha, buralib-buralib yaqinlashaverdi...
Shiroq sahroda xumordan chiqib qah-qah otaverdi... To‘maris og‘zi karrakdek ochilib qolgan Kirning boshini qon to‘ldirilgan meshga botiraverdi... Spitamen: “Iskanda-a-r! Zo‘r bo‘lsang, bittaga bitta chiq!” — deb hayqiraverdi... Muqanna ko‘chkidek gulduros solib, tog‘dan devlanib tushaverdi... Manguberdi Amudaryoning u yuzida turib, Chingizxonga musht do‘layaverdi... Qorni yorilgan Alimqul chap qo‘lida ichaklarini tutamlab, o‘ng qo‘lida qilich o‘ynatib, tulporida yelib kelaverdi... Hech biri bo‘yin sunushni istamasdi...
Qo‘rg‘oshin qalamchasi eshilib-eshilib uchishda davom etardi. Tavba! O‘q deganiyam shunchalik sekin uchadimi? Qachon yetib keladi-yu...
Otabek yon-veriga chaqaloqlanib jovdiradi. Bu yurtning xo‘jayinlari qani? Namuncha uyquchi bo‘lmasa odamlar? Qachon uyg‘onishadi?!
O‘q, nihoyat, yetib keldi, tiniq vujudning ko‘ylagi ko‘ksidagi qonyuqi teshikchadan sekingina sirg‘alib o‘ta boshladi. Otabek miq etmadi. Biroq ortda turgan og‘ajonisining jussasi nogahonda qattiq silkinib ketdi.
Abdulla Qodiriy oxirgi daqiqada ham tiz cho‘kmaslikka tirishayotgandek, qaddini bukmasdan, bor basti bilan tuproqqa quladi. Otabek esa, qonyuqi ko‘ylakda tippa-tik qolaverdi. Buni faqat miltiq ko‘rdi.
Ajinani ham hurkitadigan quyuq tun edi. Otabek: “Otishdi! O‘ldirishdi!” — deb qichqirganicha, kimsasiz ko‘chalarda o‘zini u yoqdan bu yoqqa urib yugurar, goh u eshikni, goh bu derazani qoqib: “Og‘ajonimiz endi yo‘q! Og‘ajonimizni o‘ldirib qo‘yishdi! Eshityapsizlarmi?!” — deya yum-yum ko‘zyosh to‘kar, vo darig‘kim, uning tovushi doimgidek ichida qolib ketar, oynalarga urilayotgan mushtidan ham ovoz taralmasdi.
Otabek charchash hissidan mahrum esa-da, tushkunlikdan so‘niqib, oyoq sudragan ko‘yi Bo‘zsuvning yoqasiga bordi, sohildagi qovjiroq maysalar ustiga yengilgina cho‘kdi.
Eh, odamlar, odamlar... Og‘ajonim sizlarni qanchalar sevardi-ya! Sevgandayam, bor-boringizcha sevardi, bu chandiqbadan o‘lkaning Xorazmiylari, Ulug‘beklari, Farg‘oniylari, Navoiylaridan bemisl faxr tuysa, Toshpo‘latlaridan ham olam-olam zavq-shavq ola bilardi. Ba’zilaridek, “yo‘g‘onsuyaklar tepaligi”ga chiqib olib: “Ey, pastdagi nodonlar! Qachon menga loyiq bo‘lasanlar” — deb na’ralanishni sha’niga munosib ko‘rmasdi. Tepalik emas, tog‘ cho‘qqisiga ham yarashgulik bu zot sizlarni deb sizlarning sayxonliklaringizda yashadi. “Avomning didiga qarab yozadigan bo‘lsak, avom avomligicha qolaveradi”, deydigan tezgirlarga: “Har kim o‘z burchini o‘zicha idroklaydi. Mayli, siz ming-minglab fozillarning ko‘nglini qovushtirishga intiling, men davrangizga milliy o‘nlarni yetaklab bormoq ishtiyoqida yashab, ularning ichidan chiqib keladurman”, deb javob qilguchi edi. Vaholanki, jahon adabiyotining suvini ichgan og‘ajonimning “tepa tabaqa”larni hayratlantirguchi asarlar bitishga ham chog‘i kelardi. Ammo u sizning tabaqangizni tanladi. Sizga o‘zidan oldin ijodini qurbon qilib bo‘lgan edi. 
Otabek Bo‘zsuvga uzoq tikilib qoldi. U bir narsaga hayron edi — suvlar nega uxlamaydi? Balki uxlagudek bo‘lsa...
Yo‘q, suvlar uxlamaydi. Uxlagudek bo‘lsa, qadimiy o‘zanini yo‘qotishi hech gapmas. 
... Kimlardir yuqori tabaqa ichida tezroq shuhrat qozonib, dunyoga tanilmoq umidida bo‘ldi. Og‘ajonim esa, shon-shuhratli hayotga butun bir xalqini yetaklashni, bu bilan jahonda g‘ururlanib yurishni orzuladi. Ha, uning orzulari ham fikri singari o‘ziga xos edi. Aynan shu xislati bilan boshqalarga o‘xshamasdi, aynan shu qirrasi bilan yangicha bir maktab edi. 
Yangicha maktab! Bu maktabning darsligi quyidagidek so‘zlar bilan boshlansa ajabmas: “Yurting — oilang, xalqing — oilangdagi jigarbandlaring. Oilangdan ilg‘or chiqsa, unga ergash, u bilan mag‘rurlan. Oilangda ilg‘or bo‘lsang, o‘zingga bino qo‘yma, o‘zingdan soddaroqlarning fe’liga toqat qil. O‘zingga loyiqdek ko‘rinmaganlardan ijirg‘anma, o‘zgalarni o‘zing turgan tepalikka chiqarish uchun ularning yoniga tush. Ulardagi sustkashlikdan jahllanma, ular bilan yarim manzilda qolib ketish xavfidan cho‘chima, tepada yashamoqlik saodatini ularbop tilda yoniqib-yoniqib ta’riflayver, yo‘l-yo‘lakay ko‘zlarini ochaver, yelkama-elka yetaklayver, pog‘onama-pog‘ona ko‘tarishga urinaver. Mabodo, quyi tushmoqni o‘zingga ep ko‘rmasang, unda, ostingdagi tepalik pastdagi qavmning zaminida turganligini aslo unutma. Tepada bo‘lganga yarasha, qavmning aslida kimligini dunyoga qoyilmaqom tarzda bildirib qo‘ymoqni uddala. Buni uddalay olmasang, loaqal pastdagilarni tinch qo‘y. Zero, baribir ulardansan...” 
Atrof tobora yorug‘lashib borardi. Bo‘zsuvdan besamar oqib o‘tayotgan vaqtlarni jim va endi hech bir achinishsiz kuzatib o‘tirgan Otabek boshini astagina ko‘tardi. Vo ajab! Tevarak yop-yorug‘dek, biroq ko‘kda quyosh yo‘q.
... Kunlardan bir kuni yarq etib quyosh chaqnadi. Otabek lol turib qoldi. Quyoshni uzoq vaqt ko‘rmagan edi, shu bois, uni birdaniga taniy olmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.