OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. “Osmon”dan tushgan osh (hikoya)

Yilning so‘nggi oyi edi. Kutilmaganda noma’lum bir kasallik qattiq xuruj qilib qoldi. Do‘xtirlarning aytishicha, bu dard allergiyaning bir turi emish. “Tez yordam” g‘irra borib olib keldiyu tashladi-ketdi. Bir kishilik palataga joylashtirishdi. Xotinim ham qattiq shamollagan, bechora xayhotday hovlida yolg‘iz o‘zi qoldi. Tuni bilan laylakqor shunday qalin yog‘diki!.. Endi, eshitgan taqdirdayam, qishloqdan biron odamning yo‘qlab kelishi dargumon. Uchinchi kundirki, ishtaha xuruj qiladi. Do‘konlarga chiqib ul-bul xarid qilay desam, “Tez yordam” tushmagur shoshiraverganidan pul olish ham esga kelmabdi. Kasalxonaga kimning ishi tushgan bo‘lsa, parhezni yaxshi tushunadi... Shunday qilib desangiz, Saltikov-Shchedrinning bir mujik boqqan generaliga o‘xshab o‘tiribman. Yana navbatdagi tun boshlandi. Dam olish xonasidagi televizordan tanish xonandaning shirali ovozi eshitilmoqda. Bir ko‘ngim, kirib o‘zimni ovuntirib o‘tirsammikin, deb o‘ylayman-da, darrov fikrimdan qaytaman: “Och qoringa qo‘shiq na xojat?..”
O‘ringa chalqancha yotib ko‘zlarimni yumdim: “Zora uxlab qolsam”. Bo‘lmadi. Baribir, dam olish xonasiga kirib bordim. Darrov bir oromkursini bo‘shatib berdilar. Xonandalar navbatma-navbat kuylashyapti, raqqosalar xirom aylashyapti. Davra zo‘r, yaxshi bir bayram ziyofati o‘tkazilayotgan ekan. Navbat xilma-xil noz-ne’matlar tortishga keldi. Ana kabobu somsalar, bug‘i ufurib turgan osh!.. “Ko‘rmoq bor-u, yemoq yo‘q”, degan gapning asl ma’nosiga endi tushundim. Toqatim tugab palataga qaytdim: “Ko‘zimni yumib yotaversam, uxlab qolarman”.
Eshikdan kirib hayron bo‘ldim. Chiqayotib chiroqni o‘chirgan edim, yonib turibdi. Stolda esa ixchamgina bir tugun, yonida ikkita yopgan non! “Yopiray, tushimmi yo o‘ngimmi?” Darrov tugunni yechdim. Paxta gulli kosada issiqqina osh, ustida salmoqli go‘sht bo‘lagi! “Buni kim olib keldiykin, nega egasi yo‘q?” Yo‘laklarni, kutish zallarini aylanib izladim. Tanish odam ko‘rinmaydi. “Ha, topdim, — o‘zimcha xulosa yasadim. — Xotinim qizimnikiga qo‘ng‘iroq qilib aytgan. Qizimning vaqti ziq bo‘lsa, kuyov mashinasida olib kelgan-da, xonada yo‘qligim uchun tashlab ketavergan. U shunaqa kamgap, tortinchoq. Qorin surnay chalib turganda osh keltirganni qidirishning o‘zi bema’nilik. “Ol, kosani bu yoqqa, Asadboy!”
Osh tushmagur yog‘liqqina ekan. Bir zumda pok-pokiza tushirdim. Elektr chovgumda choy qaynatib, maydalab xo‘plab, rohat qildim deng. Qorin to‘ydi, ochlik daf bo‘ldi. Endi qizimga qo‘ng‘iroq qilay, bemahalda bunaqa ovora bo‘lib yurishmasin.
— Gulnoz, qor qalin, yana qorong‘i bo‘lsa. Husanga ayt, bemahalda mashina haydamasin. Menda hamma narsa oshib-toshib yotibdi, kasalxonaning ovqatlariyam chakkimas, ayni bizbop ekan...
— Ada, nimalar deyapsiz, tinchlikmi o‘zi?
— Iya, oshni sizlar olib kelmadinglarmi? Men oying xabar bergandir deb o‘ylabman.
— Qanaqa osh? Qishloqning telefoni ishlamayotibdi. Nima? Kasalxonaga tushib qoldingizmi? Hoziroq yetib boraman! Kasalxona ovqatlarini menam juda yaxshi bilaman. O‘zingiz tuzukmisiz?
— Hay-hay, shoshma, qizim! Eh, negayam telefon qildim-a...
Xullas, qizimni arang qaytardim. Biroq ertaga azonda albatta yetib keladigan bo‘ldi. Men esa o‘yga toldim: “Bu tugunni qaysi mehribon tashlab ketdiykin? Nega kutib turmaydi? Buyog‘i qiziq-ku! E, kim bo‘lsayam idishiga kelar, muhimi, qorin qayg‘usidan qutuldim”.
Mazza qilib uxlabman, tumanu bulutlar tarqab, havo ochilib ketibdi. Bu yerdan Qoraqoya tog‘lari deraza osha baralla ko‘rinarkan. Qordan oppoq po‘stin kiygan qoyalar yaraqlaydi. Zig‘irchayam g‘ubor yo‘q. Kayfiyatim chog‘, dardim ham tuman-bulutlar bilan birga izsiz g‘oyib bo‘libdi. Yengilgina badantarbiya qilib, yuvinishga tutindim. Shifoxonaning chaqqonoy qizlari nonushta tashlab ketdilar. Choyni damlab, piyolani endi og‘zimga olib borgan edim, qarshimdagi qo‘shni palatadan ayol kishining zardali ovozi eshitila boshladi: “Anqayib o‘tirmay, uyoq-buyoqqa qarab yursangiz bo‘lmaydimi? O‘zingizga o‘xshab lallaygan o‘g‘lingizdan berib yuborasizmi osh deganni?”
— Ovozingni ko‘tarma, — ayoliga tanbeh berdi qo‘shni xonadagi norg‘ul yigit. — Ha, endi, shu odamga buyurganakan-da. Yoshi ulug‘, dardiyam ancha og‘ir shekilli. Qo‘yaver, savobi bizga tegadi.
— Savobidan o‘rgildim! Kecha ochdan-och yotibsiz-da? Jilla qursa, idishlarimni olib bering, obketay.
— E, qo‘ysang-chi, shu zamonda odam och qoladimi...
Men yotgan o‘n ikkinchi palata eshigi sekingina chertildi. O‘zimni hech narsa bilmaganga-eshitmaganga solib, “kiravering”, dedim-da, ko‘zlarimni yumgancha yotaverdim.
— Kechirasiz, amaki, kecha o‘g‘limiz bir idish qo‘yganakan, — norg‘ul yigit o‘ng‘aysizlana-o‘yg‘aysizlana voqeani tushuntirdi.
— Qarzdor bo‘b qolibmiz-ku, uka! Osmondan tushgan osh ekan, sovib qolmasin deb...
— E, nimalar deyapsiz, amaki! Osh bo‘lsin, mingdan ming rozimiz!
Kasalxonadayam, uyga chiqqanimdan keyin ham norg‘ul yigit bilan uchrashib qolganimda “osmondan tushgan osh” haqida eslashib, kulishib yurdik.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.