OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Atir (hikoya)

U idoraning eshigiga barvaqt kelib qolgan ekan. Hali qorovul ham tol soyasidagi chorpoyaga choponini tashlab, xurrak otib yotibdi. «Hoy, Madraim, nima qilib yuribsan saharmardonda?» deydigan odam yo‘q. Suvchiniki shu-da, hamma uxlaganda ishlaydi, hamma ishlaganda uxlaydi. Quyosh nayzaga kelganda shiyponning zahroq burchagini tanlab jindak mizg‘ib oladi-da,— tun o‘ziniki — oydinda suv tarab tong ottiradi.
Hozir ham daladan kelishi. Ketmonni zinapoyaga suyab, etigining loyini obdon qirib artgach, qabulxonaga kirib o‘tirdi. Nos otib, mulohazaga tushdi: bemavrit keldi-yov... javo.b berishi amrimahol. Ha, saratonda suvchining joyi xuddi shaharda, deya kesatib chiqarivorsa-chi? Tag‘in bilib bo‘lmaydi, qaysi tomoni bilan turganiga ham bog‘liq. Omad yurishib, yosh xotindan xursand bo‘lib, chehrasi ochilib kelib qolsa...
Raisning mashinasi charaqlagan quyoshni chaqnatib, soat sakkizlarda kelib to‘xtadi.
—    Suv qalay?
—    Suv serob.
—    Ko‘llatmanglar.
Rais shunday dediyu salomlashmasdanoq idorasiga kirib ketdi. Madraim qabulxonada esankirab, yaktagining etagi bilan peshonasini qayta-qayta sidirib artgancha, kirsammi-kirmasammi deganday depsinib turdi-da, tavakkal qildi shekilli, nosqovog‘ini qayta belbog‘iga qistirib, eshik qoqdi. Ichkaridan ovoz kelmasa ham ochib kiraverdi.
—    Frontchi o‘rtog‘im kasalxonaga tushib qolibdi, xo‘jayin. Xabar olmasam bo‘lmaydi. O’zingizdan qolar gap yo‘q, birga o‘lib, birga tirilgan qiyomatlik oshna... Shomgacha aylanib qaytaman, xo‘jayin,— dedi ilanib. Nima desa ham, jerkib tashlasa ham, chidab beraman, deganday yerga qaragancha kutdi. Rais uzoq indamadi.
—    Mayli...— dedi anchadan keyin. Tavba — astag‘firillo, ko‘z tegmasin bu yosh xotinning sharofati, albatta. Lekin aynimasdan turib, paytida jo‘nab qolish kerak.
—    Menga qarang,— dedi rais uni ostonada to‘xtatib. Madraimning yuragi shuv etdi: «Aytmadimmi, ana, aynidi!»
Rais bir parcha qog‘ozga nimadir yozib, ellik so‘m pul qo‘shib uzatdi.
—«Domdehqonga» tushasiz-ku? Usha yerga yaqin. Shuta Rustavillining muyushida oynavonlik magazin bor, «Teje» degan. Atir olasiz.
Madraimning ellik so‘mni ushlagancha hayron bo‘lib turganini ko‘rib, yuzi kengayib jilmaydi.
— ...Keliningizga. Otini mana bu qog‘ozga yozdim.
—    Xo‘p bo‘ladi, xo‘p bo‘ladi,— deya chiqib ketdi o‘zida yo‘q xursand Madraim. Osongina javob berganining boisi bu yoqda ekan-ku. «Selmag» ga bir asil mol kelsa avval shu kishining oldidan o‘tishadi: «Kelinoyimizga mabodo...?» Ellik so‘mni yana olib qarab qo‘ydi Madraim. O’zining kecha olgan ikki oylik «avansi» 43 so‘m, mana, belboqqa tugugliq... Nahotki bitta atir ellik so‘m bo‘lsa? Oti ham... oti ham qiyomat, begona so‘z bo‘lsa kerak, odamning tili kelishmaydi.
Shiyponga qaytib toza etik, oq ishton, yangi yaktak kiyib, barini belboqqa qistirdi-da, yo‘lga tushdi. Hayallab bo‘lmaydi, kechga qaytib kelishi kerak. Yaxshi bo‘ldi. Bo‘tavoy-serjantdan hol so‘rash qiyomat-qarz edi, raisga rahmat... jonon kelinga rahmat, ochig‘i. Madraim o‘zicha jilmayib qo‘ydi.
Shoshsang shaharga bor. Hamma yelib-yugurib yuradi. Ko‘pchilik qatori sen ham. Imillab ko‘r-chi, turtib o‘tadi. Eshitasan eshitmaganingni. Shoshganingdan, ishing bitganini o‘zing ham payqamay qolasan. Bozor, kasalxona, Bo‘tavoy bilan apoq-chapoq suhbat, yana «Domdehqon», Shuta... Rustavilli, chakana yo‘l bosmadi, o‘ylab qarasa. To‘g‘ri, Bo‘tavoy-serjant bilan uzoq o‘tirishga ruxsat berishgani yo‘q. Bu ham o‘z yo‘liga omad-da. Oynavandlik «Teje» yopilib qolsa nima bo‘lardi!
«Teje» degani nima degani — xudo biladi. Madraim raisning yozib berganini ichida takrorlab-takrorlab, yana o‘ziga ishonmay qog‘ozni ochib boqdi. «Poisoh»— eskicha harfda yozilgan ekan. Kapitalistlarda tutganini qo‘ymaydi, hali-hali o‘sha eski alifboda o‘qib-yozib yurishibdi.
Eshikni ochishi bilan — oh-oh-oh!— allaqanday xushbo‘ylar dimog‘iga urildi. Sotuvchi qizaloqlarni-chi? Osmondaya tushgan parizotlarmi deysiz, qo‘g‘irchoqday bejirim, uzun kipriklari yuziga soya solib, yanoqlari yal-yal yonib turibdi. Ayniqsa o‘rtada birovi — chilvirsoch, ko‘zlari teran chashmaday, qarashlari osuda... Xayrining yoshligiga o‘xshab ketadi. Xudo haqqi, sal yondan qarasang, Xayrining o‘zginasi-ya, iyagining chuqurchasigacha...
Madraimning esini yig‘ib olishiga ancha vaqt ketdi.
—    Atirni sho‘tta sotadimi?
—    Atir do‘konida turibsiz-ku, amaki!—deb chiroyli kuldi sotuvchi qiz.
Ovozi o‘xshamas zkan. Ayniqsa hozirgi Xayrinikiga. Madraimning qulog‘iga xotinining ovozi  eshitilib ketdi: «Hoy, qaysi qora go‘rda yuribsiz? Avans qani, bugun yigirmasi! Opkeling buyoqqa, suprani qoqib, qozonni qantarib qo‘yibman!»
Avans... Oylik, maosh degan gaplar bo‘lardi, bizda aunas degani chiqqan. Yalintirib beradi-da, yillik hisobda yalintirmay-netmay osongina chiyirib qoladi...
Madraimning xayoli ketib qolgan ekan, haligi pa-rizotning ovozi o‘ziga keltirdi.
—    Xizmat?
—    Payson degan atir kerak,— dedi Madraim qog‘ozdagi yozuvni zo‘rg‘a eslab.
Qiz yelkasini qisib, dugonasiga kulib qaradi.
—    Unaqasini eshitmaganmiz, amaki.
— Nega eshitmas zkansiz, mana,— deb Madraim raisning qog‘ozini uzatdi. Qizlar, o‘qib, kulib yubo-rishdi. Qeyin haliginisi sodda odamdan uzr so‘raganday, muloyim ovozda tushuntirdi:
—    «Puazong» deyiladi bu, amakijon,— atir nomidagi oxirgi «N» harfini dimog‘idan chiqarib aytdi,— Frantsuz atri bu, juda qimmat.
—    Bilaman, ellik so‘m,— dedi Madraim belbog‘idan pulni chiqarib.
Qizlar tushunishdiki, bu sodda odamga nozik xarid-ni bir boyvachcha buyurgan. Olib ko‘rsatishdi. Kichkinagina, tillarang xat bitilgan shishacha. Madraim uni avaylab oldi, shishacha dag‘al barmoqlari orasida naq yo‘qolib ketdi. Xaridor ishoninqiramay, qoshini chimi-rib uzoq boqdi. Ajabo, ellik tomchi ham kelmaydi-ku bu! Nahodki tomchisi bir so‘mdan oshiq bo‘lsa?
—    Boshqa hech narsa olmaysizmi, amak,— dedi haligi Xayrining yoshligiga o‘xshagan qiz bo‘yalgan uzun tirnoqli barmoqlarida qalamni o‘ynatib,— kelinoyimlarga ham oling, arzonrog‘i bor.
Xayriga atir? Madraim xoholab kulib yuborishiga sal qoldi. Xayriga-ya! Shishasi bilan urib boshingni yorar! Bugun yigirmasi, auansni kutib ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirgandir. Pul o‘rniga mana bu shishachani olib borsa, jazavasi tutib, doktor chaqirishga to‘g‘ri keladi. Bu parizotlar nimani biladi, nimani ko‘ribdi, na ro‘zg‘or bularda, na bola...
O’tgan yigirmanchi chisloni esladi. Auansni olib endi ko‘chaga chiqsa, do‘konga muzdek pivo tushgan ekan, to‘rtta ulfat uchrab ikki krujkani ichib qo‘ydi-da. Madraim o‘zi ichmaydi, hadeganda nafsga ham chalg‘imaydi, ammo ko‘ngil ekan, ha-ha ol bilan yana bir krujka ich-di. Pivopurush loterey ham sotayotgan ekan, jizmanlariga yo‘l-yo‘lakay to‘rtta-beshtasini tutqizib turibdi. Gapdan-gap chiqib, ola-g‘ovurda kimdir maqtanib qoldi: qo‘shni sovxozda bir oshnasi shu lotereyga mashina yutibdi emish. Yana birov kimdir gilam, kimdir mototsikl yutgan deb xabar qildi. Sal kayf qilgan Madraimni ham shayton chalg‘itdimi, yigit-yalang qatori uchta loterey olsa bo‘ladimi?!
—    Yutasiz, yutasiz, qatorasiga oling!—deb turishibdi tekin nasihatchi sheriklari...
Qisqasi, endi uyga kelgandagi ahvolni ko‘ring. «Auans»ni kutib o‘tirgan Xayri loterey biletlarini shundoq oldiyu shirakayf erining basharasiga urdi, biletlar sochilib, shabadada hovlining burchak-burchagiga, biri toklar orasiga, biri o‘choq boshiga kapalakday pirpirab uchdi.
—    Baloning o‘qini yutasiz! Tuyani dumi yerga tekkanda!—deb baqirdi Xayri,— ana boqing to‘rtta bolani o‘sha qog‘ozlaringiz bilan!—bo‘xchasini tugib onasinikiga ketib qoldi. Bunday paytda unga qarshi gapirib bo‘lmaydi, jazavasi tutib yiqilib qolishi ham bor. Madraimning kayfi yelday uchib, ostonada qaqqaygancha qoldi.
Bola boqish nimaligini ana o‘shanda bilgan Madraim. Yolg‘izlikning o‘n to‘rtinchi kuni kechasi bilan yig‘lab, xayolida xotinining yorilib ketgan chaqa barmoqlarini o‘pganini haligacha birovga ochilib gapirgani yo‘q. Xotini o‘n yetti kun deganda bolalariga tugunchada u-bu ko‘tarib qaytib keldi. Adabini yegan Madraim Xayrini hali ham yaxshi ko‘rishini ich-ichidan tan olgan edi o‘shanda.
—    Boshqalar oladiyu siz nega olmas ekansiz kelinoyimlarga!—dedi haligi qiz,— yozaman chek, o‘n to‘qqiz so‘m bo‘ladi, xo‘pmi, amakijon?
Uning ovozi eritvordi Madraimni. Atirni qo‘liga olganida o‘sha shirinzabonning qo‘lini olganday bo‘ldi: kichkina, chiroyli, xushbo‘y... Indamay o‘ylanib turganida qiz chekni yozib, u tomon surib qo‘ydi. Madraim tufugini zo‘rg‘a yutib, quruqshagan lablarini yaladi. Yuziga muloyim qaragan qizga bir nima deyolmay, pulni chiqardi, xayollari chuvalib, «men nega olmas ekanman, men... nega olmas ekanman...» deya ko‘nglida takrorlab do‘kondan chiqdi. Qizchaga rahmat, xayr deyoldimi-yo‘qmi — esida ham yo‘q.
Endi uning xayoli boshqa yoqda edi: uyga qanday kirib boradi, nima deydi, xodiniga atirni qanday beradi, undan keyin nima bo‘ladi? 19 so‘m! Auansni qariyb yarmi-ya!
Kechga yaqin eshikni g‘irchillatmasdan ochib, yozvosh kirib bordi. Xotini o‘choq boshida bolalar bilan chug‘ullashardi.
—    O’zingizmisiz?—dedi Xayri sharpani sezib, qayrilib qaramasdan.— Ulfatlar uchramadimi ishqilib? Bugun yigirmanchi chislo — ya...
«Boshlandi!»—dedi Madraim ichida: savollarga javoban, «Ha, keldim», deganday yo‘talib qo‘ydi. Lekin hamoni etigini yechmay, garangsibroq turardi.
—    Ha, qo‘lingiz cho‘ntagingizga yopishib qoldimi?
—    Yo‘g‘e, nega...— Madraim hali ham atirni mahkam ushlab turganini endi payqab, qo‘lini oldi. Jilmaygan bo‘ldi. Sun’iy chiqdi jilmayishi.
—    Bir nimani yashiryapsiz,— dedi xotini.
Madraim bolalarning ham kelib, «hozir janjal bo‘ladi» deganday baqrayib turishganini ko‘rdi.
—    Qiziqmisan... Nimani...
O’zi bo‘lsa o‘ylardi: avval sovg‘ani bersammikan, yo qolgan pulnimi? Ikkalasi ham xatarli, ikkala holatda ham o‘t olib ketishi mumkin...» Endi tavakkal, bo‘lar ish bo‘ldi. Madraim har narsaga tayyor edi. Atirni yaktak kissasidan shartta chiqardi-yu xotiniga uzatdi.
—    Mana!
Xayri beixtiyor ikki qo‘llab oldi-yu peshonasini tirishtirib bejirim qutichaga tikilib qoldi. Keyin uni asta ochib, jajjigina yumaloq atir shishasini xuddi uchib ketadigan qushchaday hovuchida ushlagancha yana uzoq tikilib turdi.
Nima bo‘ldi unga? Tezroq bir nima desa-chi?! YO g‘azabi tomog‘iga tiqildimi? Baqir, Xayri, so‘k, qarg‘a, faqat jim turma!
...Hozir jazavasi tutadi, idish-tovoqni ko‘tarib uradi, yiqiladi... Madraim juda ko‘rqib ketdi: Xayri tildan qolgan, yumuq ko‘zidan yosh sizib, ko‘ksi to‘lqinlanib, gavdasi chayqalib ketdi.
—    Oyi! Oyi! Nima bo‘ldi sizga?—deyishdi bolalari.
—    Xayri,— dedi uning yiqilib ketishidan qo‘rqqan Madraim. Haqiqatan ham yiqiladigan ekan, eriga suyalib qoldi va shu zumdayoq bo‘ynidan mahkam quchib osilib qoldi.
— Xayri...— dedi yana Madraim xavotirda.
—    Hidi yaxshi ekan,.. boshim aylandi. O’zingiz yaxshisizda,—dedi Xayri yana mahkamroq quchoqlab,—  esingizda turgan ekan... to‘yimiz bo‘lgan kun. Esingizda ekan...
—    Xayri, o‘zingni bos, bolalar qarab turibdi,— dedn baxtiyor Madraim iljayib. Allaqachon unutgansiz deb o‘ylovdim.
—    Xayri, esingni yig‘, kuppa-kunduzi...— deya shivirladi xotinining haroratini butun vujudi bilan sezgan Madraim.
—    Axir kechasi yana ketasiz... bugun ham oydin, suv taraysiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.