OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Bahrom. Shukrulloh (hikoya)

Rixsiloy momo sandalning bir burchagida kuygan kundaday turardi. Boshiga shohi ro‘moli tashlangan. Bir ro‘molni tomog‘i tagidan o‘ragan, ikki chakkasiga qurigan rayhonni osib olgan, tez-tez derazadan tashqari mo‘ralaydi. Momodan mador ketganiga ancha bo‘lgan. U suv sepilgan yer bilan soya tushgan yerni farqlolmaydi.
–    Ayni peshinda chinorning tagiga kim suv sepganikin. Biror tadorik borga o‘xshaydi.
Momo har gal quyosh tik ko‘tarilganda tushadigan soyani ko‘rib, shunday fahmlaydi. Saksonni qoralab qo‘ygan o‘g‘liga yuzlanadi:
– Karimboy, biror to‘y-po‘ying bormi, a?
– Ne deysiz, ena?
– A-a?
Ona-bolaning eng uzoq suhbati ana shu bo‘ladi. Ular bir-biriga aytgan gapni eshitmaydi. Shu payt Rixsiloy momo tashqaridan chopib o‘tib qolgan bir gala bolakayga ovoz beradi. Ulardan biri ostonada qo‘qqayadi.
– Ha, momo, keldim.
– Bugun uyda to‘y-po‘y bormi?
– Yo‘q, shunchaki, amaki bovamning nabiralari kelgan.
– Ha-a, sen Tursunboymisan?
– Ha, momo.
Asli bu bolaning ismi Tursunboy emas. O‘rganib qolgan, momo qariyb o‘n yillardan buyon qorasi ko‘ringan bolani Tursunboy, deb o‘ylaydi. Bolalari nevarali yo evarali bo‘lganini eshitsa, beshik belarga borib, “Endi, buni Tursunboy deb ataymiz”, deydi. Bu, tabiiyki, etagi bola bilan to‘la kelinlarga, qizlarga yoqmaydi.
Bir gal Karimboyning nabirasi Go‘zal yigirmaga kirmay qo‘chqorday o‘g‘il tug‘di. Kayvoni bilib momoni olib borishdi. Irim-sirimini joyiga qo‘yib, beshikka belashdi. Belar paytda “ismi nima ekan bu toychog‘imni”, deb qoldi momo.
– Tursunboy emas, – baland ovozda to‘ng‘illadi Go‘zal. – Ha, momo, Tursunboy emas. Bizning uruqqa o‘lat tekkanmi, tug‘ilgan bolaga Tursunboy deb ism qo‘yaverasiz. Bilsangiz, nabiralaringiz orasida bironta ham Tursunboy yo‘q.
Momo bu gapni eshitib bir og‘izgina “Bu ham yaxshi niyat-da, bolam”, deya shivirlab qo‘ygandi. Oradan uch yil o‘tdi. Momo u gaplarni unutib yuborgan. Ammo Tursunboy nomini emas. U urushga yem bo‘lgan erining siyrati, suvratini uning avlodlarida ko‘rmoqchi bo‘lgan-da. Biroq birortasi suyak surmadi. Polvon bo‘lib davra aylanmadi. Faqat shu Karimboyining serjun qo‘llaridan zig‘ir moyini oqizib, osh yeyishlari otasi Tursunboyga tortgan. Boshqa xislati yo‘q.
Eri urushga ketayotib:
– Rixsi, men qaytmasam, erga teg. Bolalar bilan qiynalib qolma, – degandi.
– Yo‘q, o‘lmaysiz. Men tirik ekanman, siz o‘lmaysiz, – yig‘i aralash aytardi Rixsi. – Boshqa bu haqida so‘z ochmang.
Rixsiloy momo dasturxon ustidan qaltiragan qo‘llarini aylantirib, bir hovuch shirinlikni ostonaga qarab otadi.
– Ukalaring bilan yersan, Tursunboy.
Bola hovliqqancha shirinliklarni terib, cho‘ntakka uradi-yu, juftakni rostlaydi. Momo yana derazadan termuladi. Chinor ostida ikki sharpani ilg‘aydi. Tanishga chog‘lanadi-yu, foyda bo‘lmaydi. Ichi qizib sekin o‘rnidan qo‘zg‘aladi. O‘sha tomonga yo‘l oladi. Momoning to‘xtab-to‘xtab, qaltirab-qaltirab borishi yengil shabadada uchib ketayotgan qovjiroq yaproqni yodga soladi.
Manzilga yaqinlashgan sari Rixsiloy momoning qulog‘iga yig‘iga qorilgan so‘zlar eshitila boshladi. Munday yaqiniga borib qarasa, Karimining kichkinasi uch bolasini yetovlab turibdi. Momo supaga og‘ir cho‘kdi. Nevarasi va kelinning gaplariga quloq tutdi.
– Ajralaman, ena, ajralaman. Qachongacha shunday yashayman. Bir emas, besh ukasi bor. Ularning ovqatini pishirish, kirini yuvishning o‘zi bo‘ladimi?! Yana sassiq choliga ham men qarayman. Odam qarisa ham surovini yo‘qotmasa.
Bu gaplarni eshitgan ona qiziga momoni ko‘rsatib imo qildi:
– Xafa bo‘ladilar-a!
– Eshitmaydi-ku, ena, tirik-o‘ligini ham bilmay qolgan bu kampir.
– Nega unday deysan, shunday tarbiya berganmidik senga. Arzimas bahonalarni deb, arazlab kelaverasanmi? Sabr qil, bolam, sabr qil. Qiz bola chirik muammolarni deb, eri bilan otasining uyi o‘rtasida bo‘zchining mokisiday qatnamaydi. Odamlar kuladi-ya. Uyat, uyat! Sening taqdiring o‘sha. Undan kechganing, Xudodan kechganingday gap. Bolalaringni o‘yla. Momongdan ibrat olsang bo‘lmaydimi?!

* * *

...Urush yillari. Rixsiloyning eridan qoraxat kelgan. U to‘rt bolasi bilan yolg‘iz qolgandi. Jigar baribir jigar-da, ocharchilik payti bo‘lishiga qaramay, akalari Rixsini uyiga olib ketishdi. Ammo uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Akalar bir kech dasturxon ustida maslahat soldi. Gapni katta akasi Mamasharif boshladi:
– Singlim, bir emas, to‘rtta eting bor. Hali xom. Pishmagan. Hayot beshafqat. Biz bugun bormiz, ertaga yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin, akalaringdan ham ajrab qolsang, kim kuningga yaraydi. Sen yangi turmushga tayyorlan. Ibodullaboy og‘iz solyapti.
Rixsi yuzini ro‘mol bilan to‘sdi. Sandalga orqa berdi. Xuddi eshikdan Tursunboy kirib kelayotganday, uni bu muammolardan olib ketadiganday tuyuldi. Dastlab yelkalari uchdi. Tizzasini mahkam quchoqlab yig‘lab yubordi.
– Kuyovingiz kafansiz ko‘milganining o‘zi yetadi. Chirqiragan ruhini yana chirqiratmoqchimasman. Qo‘limda hunarim bor. Shu yetimchalarimning nonini topib berarman.
Qolgan akalar lom-mim deyolmadi. Mamasharif xotiniga o‘zing gaplash, degan ma’noda imo qildi-da, ukalarini yetaklab tashqariladi.
– Aylanay, Rixsijon, akangizning gapida jon bor. Keyin er ko‘rgan xotinsiz. Nomus masalasi ham bor. Akalaringizning yuzi...
– Yanga, etimni it timdalasayam, birovga etagimni ochadigan suyuqi emasman. O‘ylab gapiring. Isnodni sizdan yaxshiroq bilaman.
– Ha, endi, Tursunboyning har sahar muzyorarga ketayotganini ko‘p eshitganmiz-da. O‘rgangan ko‘ngil...
O‘rtaga yurakni yorgudek vahimali sokinlik cho‘kdi. Rixsi baqirib-baqirib yig‘lagisi keldi. Ro‘molini yechib, o‘ziga havo bergan bo‘ldi. Og‘iz juftlab, nimadir demoqqa chog‘landi-yu sirtiga chiqarmadi. Faqat ko‘zidagi yosh sizib lablarining ikki chetidan oqib, xuddi hayotday sho‘rxok ta’m uning hushini ushlab turdi. Sopol choynakdan sipqorib, ho‘rillatib sovuq choy simirdi. Yangasiga o‘qrayib qaradi, yeguday bo‘lib qaradi. O‘rnidan shart turdi-yu, arabi naqsh tushirilgan taxta eshikni shahd bilan ochib, ichkari uyga kirib ketdi. O‘zini joyga otdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Deraza yonida, tashqarida akalarining g‘o‘ldir-g‘o‘ldir suhbati eshitilib turdi.
– Aka, Sulton oshnamning xotini bor edi-ku, Zumrad. Kecha Izzat echkini uning ko‘rpasi ostidan topishibdi, – Safaralining vahimali ovozi pichirlaganda yanayam vahimali tuyulardi. – Abdusalom g‘ururli yigit-da. U yerda, frontda “sallot”lar nima uchun jon olib, jon berganini yaxshi biladi. Zumrad yon qo‘shnisi. Sulton bilan qadrdon edi. Avval ham Izzatning egri qadam ekanini sezganmi, ishqilib, ushlab olibdi.
– Eh, nimasini aytasan, uka. Bu urush odamlarni iymondan ayirdi. Er zoti itday o‘ldi, xotin-xalaj yer bo‘ldi. Endi tanda harorat bormi, shayton ham vasvasaga so­la­veradi-da.
– Rixsining orqasidan ham shundaychig‘in gaplar eshitmaylik, deb uyga olib keldik. Boshida eri bo‘lsa, yaxshi-da. U tushunmaydi hali. Endi yigirma to‘rtga kirdi. Yoshda-yosh!
– Balki, shuning uchun o‘jarligi bordir, – suhbatga qo‘­shildi Razzoqboy. – Ibodullaboy bama’ni odam. Yurish-turishida fayz bor. O‘ylab ko‘rsa, yaxshi bo‘­lardi.
– Ey, o‘z holiga qo‘yaylik, shu Rixsini, – akalariga tanbeh bergan bo‘ldi Kenjaboy. – To‘g‘ri-da! Qo‘lida hunari bo‘lsa, kam bo‘larmidi.
– Yo‘q, uni erga berish kerak. Bolalar tarbiyasida ham ota asqotadi. Biz ko‘ngli yarim desak, u erkalanib ketadi. Qa­chongacha ko‘ngliga qaraymiz. Zamon notinch. Rixsi bizning yuzimiz. Bir qalpoq kepak uchun beva ayollar har narsaga tayyor.
– Ja unchalikmasdir, Mamasharif aka, – dedi Kenjaboy. – Erga bersagam, yoshrog‘i chiqar. Yo sizlarga og‘irligi tushayotgan bo‘lsa, o‘zim qarayman.
– Bu nima deganing, xunasa. Ertaga bir yomon gap chiqsa, kimga el bo‘lamiz. Odamlar orasida qanday bosh ko‘tarib yuramiz. Sen ham yoshsan hali. Qo‘yning ayol bilan to‘lmagan-da, hayotning makrlaridan bexabarsan.
Bu gaplardan Rixsiloyning yuragi uvushdi. Dunyo ko‘ziga tor ko‘rindi. Ruhi siqildi. Bosh olib olislarga ketgisi keldi. Keyin o‘zini chalg‘itish uchun qo‘shni ayolning buyurtmasini tikishga unnadi. Xayoli chalg‘ib, qo‘liga igna sanchib oldi. Yana yig‘ladi. Ammo dunyoda shunday dardlar borki, ularni na ko‘z yosh va na qon yuva oladi. Rixsiloy ham ana shunday qarama-qarshiliklar qarshisida soniya sayin qarib borardi. O‘zini qo‘yishga joy topolmasdi.
Shu tun tush ko‘rdi. Tursunboyni ko‘rdi. Ularning to‘yi bo‘layotganmish. Xesh-aqrabolar jamuljam. Bolalar hovlini boshiga ko‘tarib o‘ynaydi. Yosh qizaloqlar kelin ko‘rarga oshiqadi. Bir payt kuyov keldi. Tursunboy keldi. Urf-odatini qilishdi. Oyoqbosar payti oyoq bosay desa, kuyovining oyog‘i yo‘q emish. Qo‘liga suv qo‘yay desa qo‘li yo‘q. Eshon roziligini so‘rasa gapirolmasmish. Tili uzib olinganmish. Bosh silkitay desa, Tursunboyning boshi yo‘qolib qolibdi. “Yo‘q” deya baqirib uyg‘onib ketdi Rixsiloy. Tong otguncha to‘lg‘onib chiqdi. Yostiqni mushtlab-mushtlab yig‘ladi. Tushining ta’biridan xavotirlandi.
Erta tongdan akalari yana eski gapni qo‘zg‘ashdi. Ibodullaboyning toleidan gapirishdi. Ikki bevani nikohiga olib, ularning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lganini aytishdi. Bu gaplar Rixsiloyning bag‘rini nimta etdi. Ko‘ksiga bigiz botganday bo‘ldi. Etini yulib olganday vujudi achishdi. Ruhi qaqshadi. Sekin turdiyu, og‘ilxonaga kirib, kalimasini qaytardi. Boshidan ro‘molini yechib otdi va taqdirini sirtmoqqa topshirmoqqa ahd qildi. Mamasharif ustaxonasi­ga yo‘l olayotganida xirillagan ovozni eshitib, og‘il­xonaga yugurib kirdi. Rang-quti uchib, arqonni kesishga chog‘landi.
– Kechir, bizni kechir, singiljon! – U shunday deb tinimsiz yig‘lardi. Yosh ikki yuzini yuvar, mo‘ylovi mo‘ylaridan sirg‘alib tushardi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, qaytib akalari Rixsini erga bo‘lishini o‘ylamay qo‘yishdi.

* * *

– Abdusalom buva sasigan cholmas, – dedi Karimboyning zavjasi qiziga qarata. – Vaqtida qishloqning mana-man degan yigitlari oldidan o‘tolmagan. U oriyatli, g‘ururli odam bo‘lgan-da. Senlar yengil hayotga o‘rganib qolding. Qara, jiyaning Go‘zalni. Bolasi xas­talanib o‘lsa ham tushgan yerida toshday qotdi. Erta-indin ikkinchisini tug‘adi. U ham senday edi. Shukr qilishni o‘rgandi. Xudo insof berdi.
Rixsiloy momo boshini quyi eggancha, chinor tanasiga suyanib, ro‘molining uchini o‘ynab o‘tirardi. Og‘ir xo‘rsinar, evarasining beandisha gaplaridan uyalar, uning shu holga kelganida o‘zini ham aybdor sanardi. Ona-bola chinor ostidan uzoqlasha boshladi. Momo ularning ortidan qimtinibgina termulib qoldi. Chinor shoxlariday qaltirab qarab qoldi.     
Birov ilg‘ar-ilg‘amas ovozda shivirladi:
To‘qlik nadir, edirmaydi,
Ochlik nadir, yedirmaydi.
Oradan yetti kun o‘tdi.
– Momo, momo, Go‘zal opam o‘g‘il tug‘ibdi, suyunchi bering, – dedi Rixsiloy momo chaqirsa, doim ostonada beminnat qorasini ko‘rsatadigan nevarasi.
Rixsiloy momo sevinib ketdi.
– Voy, og‘zingga payg‘ambar tupurgur, bola tush­magur-ey, zo‘r yangilik aytding-ku.
Momoning qaltiragan qo‘llari dasturxon ustidagi qandli likopchaga qo‘ndi. Ostonaga qarata bir hovuch shirinlikni uloqtira turib: – Sen Tursunboymisan, – deya so‘radi.
–    Yo‘q, momo, – dedi qandlarni shosha-pisha terayotgan bola. – Men Ismatman, Ismat. Go‘zal opam o‘g‘liga Tursunboy deb ism qo‘yibdi.
Bu gapdan momoning ko‘ngli tog‘ qadar o‘sdi. Boshini tik ko‘tarishga harchand urinmasin, madori yetmadi.
Rixsiloy momoning kaftlariga to‘rt tomchi yosh sirg‘alib tushdi.
– Shukr, O‘zingga shukr!

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.