OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Qobul. Nafaqa (hikoya)

1

Qishloqda avval ko‘cha uyg‘onadi...
Kattasoydan boshlanib, qishloqni qoq ikkiga bo‘lib, naqd Kattatoqqa borib qadaladigan yo‘l aslida yog‘in-sochin ko‘p bo‘lganda chag‘atu-o‘ngir, hovliyu-hayotlardan yig‘iladigan selu selovani soyga quyadigan jar. Ham jar, ham ko‘cha. Shuning uchun Jarko‘cha deyishadi. Turkqishloqning yaxshi-yomoni shu ko‘chada. Rizqi shu ko‘chadan kirib, tobuti shu ko‘chadan chiqadi. Mehmoni ham shundan kirib, shundan chiqadi.
Jarko‘cha yozda magazinning uniday mayin bo‘lib ketgan tuproqdagi ilon izlari bilan uyg‘onsa, qishda navbatga chiqib, chakana boqadigan cho‘ponning ovozidan uyqusi qochadi.
Endigina uyg‘ongan qishloqni aytuvchi, tovachining do‘rillagan ovozi bosadi:
— Do‘mnikiga janozaga-a-a... Do‘mnikiga...
Davlatmurod cho‘chib tushdi. Butun vujudi qaltirab aytuvga quloq tutdi.
— Do‘mnikiga...
O‘tira solib xuddi o‘sha bolaligida Ilmisdan qo‘rqqanidagidek, tizzalab o‘tirib, kalima qaytardi. Shu asno xayollari ming bir joyga ketib, ich-ichdan xursand ham bo‘ldi. Xursandchilik nimaligini unutgan yuzlariga beo‘xshov tabassum yugurdi. Yuzidagi tomirlar birdan taranglashdi.
Bir ozdan so‘ng, “Bandangni o‘zing kechir” deya, yaktagining yoqasini ko‘tarib tuflagan bo‘ldi. Ketmonni yuvib joyiga qo‘ydi. Darcha hatlab Jarko‘chaning tuprog‘iga botgancha yo‘lga tushdi.

2

Yo‘l-yo‘lakay Elmurod do‘m bilan o‘tgan kunlarni esladi.
O‘shanda Turkqishloq bor-yo‘g‘i yigirma chog‘li ro‘zg‘ordan iborat edi. Keyin Barlos, Kaltatoy, Irg‘aychi, Kenagas, O‘ratepa, Qo‘rpa, Ravot to‘plar kelib qo‘shilgan deyishadi. Elmurodlarning uyi Sepkisoyning yuqori burilishida joylashgan. Davlatmurodlarniki esa pastroqda, Nazarboyning tegirmoni yoni, Sepkisoyning Kattasoyga quyilish joyi edi.
Ularning bolaligi urushdan oldingi katta ocharchilik yillariga to‘g‘ri kelgan. ”Qimmatchilik bo‘lsa bo‘lsin, qahatchilik bo‘lmasin” degan gaplar o‘sha vaqtlarniki. Qilar ishlari odamlarning suruvga yetolmaydigan to‘rt-besh oqsoq, yo‘tal tekkan, olao‘pka qo‘ylarini toqqa haydab boqish, mavridi kelsa, uyga bir bog‘-yarim bog‘ o‘tin terish bo‘lgan.
Onalarining aytishicha, Elmurod qovun palaklarida chumchuq soyalaydigan paytda, Davlatmurod esa qovunning oldi bozorga chiqqanda tug‘ilgan ekan. Otlarini atayin qovush qo‘yishgan.
Davlatmurod anchayin qaysar, nohaq bo‘lsa-da, aytganida turadiganlardan edi.
“Biroz qo‘rqoqligingni aytmasa, sendan jo‘ra chiqadi”, derdi Elmurod bolaliklarida qo‘y boqarda kunning kechiga qolib, eshakka Davlatmurodni mindirib, o‘zi piyoda qolgan paytlar.
O‘sha kun Elmurod zam-zama qilgancha Ko‘ktoshning yuqorirog‘ida, Davlatmurod sal pastroqda o‘tin terishayotgandi. Birdan zam-zama uzildi. Davlatmurod hushyor tortdi. Boshini ko‘tarib jo‘rasiga qaradi. Elmurod serraygancha turardi. Undan o‘n besh qadamcha narida oppoq, uzundan uzun etaklari shamolda hilpirab turgan Ilmis tovlanardi. Sochining yarmi qop-qora, yarmi sap-sariq bo‘lib uzunligidan ko‘ylakka qo‘shilib ketgan, ko‘ylakning uchi-keti ko‘rinmasdi. Yuzi bormidi-yo‘g‘midi, eslolmaydi. Lekin Ilmis juda chiroyli ekanligini bilishdi. Davlatmurod dovdiragancha avval pastga yugurdi, keyin yuqoriga chopdi. Bir balo qilib jo‘rasini izlab topdi va uning orqasiga yashirindi. Qaltiragancha nimalardir deb g‘o‘ldirardi.
Ulardan teparoqda — katta archaning ayri shoxlariga bamaylixotir joylashgan, o‘z-o‘zi bilan band Ilmis goh yosh qizaloq, goh yigit, goh kampir, goh chol, goh kelinchak tusiga kirardi. Ilmis yigirma daqiqalarcha tovlanib turgach, ko‘zdan yo‘qoldi. Osmonga uchdimi, yerga kirdimi — ikkisi ham anglamadi. Ilmis turgan joyda archaning shoxlari qarsillab qad roslagach, Elmurod o‘ziga keldi, duv qizarib yerga o‘tirdi. Qayta turishga kuch topolmadi. Davlatmurod bo‘lsa, tizzalab o‘tirgancha yerga qarab, tinmay kalima qaytarardi.
Davlatmurod o‘shandan buyon sinib tushgan daraxt shoxlari yoki shamolda qarsillab sinayotgan dov-daraxtlarni ko‘rsa, eshitsa, yuragi o‘z-o‘zidan shuvullaydigan, boshi o‘ylashdan to‘xtab qoladigan bo‘ldi.
Oradan sal o‘tmay, ikkalasi ham jon holatda pastga — qo‘ylar o‘tlab yurgan joyga qarab chopishdi. Qishloqqa qaytishgach, Davlatmurod onasini ko‘rib yig‘lab yubordi. Shunda Elmurod unga qo‘rqoq nomini qo‘ygan. Keyinchalik ham bir marta “qo‘rqoqsan” degan. Yaxshilab o‘shqirgan ham. Buning ustiga “Sendan nafratlanaman, ilojini topsam otaman, ko‘zimga ko‘rinmagin, mani jo‘ra demagin”, degan.

3

Davlatmurod otasidan o‘n to‘rt yoshida qolgan, onasining tuqqani ham, turgani ham bitta edi. Urush boshlanganida o‘n to‘qqizni bosgandi. Stalin stolbadagi radiodan gapirgan kunning ertasiga qo‘shni qishloqlik Sanam satang degan uch er ko‘rgan, o‘zidan o‘n ikki yosh katta xotinga uylandi. U bir qiz-ergashtirmasi bilan Davlatmurodnikiga kelin bo‘lib tushdi-yu shu yerda ravish topdi. Orqasidan keladigan jazmanlariga qaytib qaramadi. Davlatmurodni mahkam ushladi. Oradan besh-olti yil o‘tib, yana bir qiz ko‘rdi. Davlatmurodning ko‘z ochib ko‘rgan farzandi shu bo‘ldi. Yakkadan yakka bo‘ldi. Davlatmurod ko‘p kuyinmadi. Urug‘i o‘zi shunday, yakkaotar.
Qiz tengini topib ketganiga ancha bo‘lgan. Sanam ham yoshini yashadi. Satang oti Sanam otin bo‘ldi. Obro‘ topdi. Xotin-xalajlar o‘tkazadigan mavludlarga bosh bo‘ldi. Izzat bilan ko‘z yumdi. “Dunyo — bilgich emas, buzgich ekan” — xotinining jon chiqarda degani shu bo‘ldi. Beraman desa ham, olaman desa ham bir nafaslik ekan.
Yetti yildirki, chol yolg‘iz. Tog‘begi o‘rmon qorovulligini bekor qilganidan buyon esa ishsiz. Boqqan jonvorini so‘yib yeyishni tabiati ko‘tarmaydi. Shuning uchun chorva tutmadi. Yakkaqo‘l dehqonchilik qiladi. Xotini borida u-bu narsa orttirgandi, xotini ketgach, uydan baraka ham ko‘tarildi. Bir vaqtlar kafanlikka deb yiqqanlarini ham yeb-ichib bo‘ldi-yu, jon chiqay demaydi. Davlat nafaqasi unga nasib etmagan. O‘shanda tengqurlariga qo‘shilib hujjatlarini raysabezga olib borgandi, igna yutgan itdek oriq bir yigit “Boboy, yoshingiz yetmaydi, biroz kutasiz ...”, desa bo‘ladimi?
Chol angrayib qoldi.
— Tengqurlarimga berilyapti-ku...
Yigit yelka qisib so‘radi:
— Urushga borgan qog‘ozingiz bormi?
Javob beravermagach, tagdor qilib g‘o‘ldirab qo‘ydi:
— Yoshingizni to‘g‘rilab keling, o‘ylab ko‘ramiz. Yoshni qishloq soveti aytadi...
O‘rning betiga qon yurishdi. Jo‘rasi bilan bitadigan ish ekan-ku.
Yigitga, xuddi qishloq magazinidan biron narsa olib, puli yetmay uyatga qolgan odamdek, ertaga hujjatlarni tayyorlab kelaman, dedi-yu, ko‘chaga otildi. To‘g‘ri qishloq soveti idorasiga kirdi.
Do‘mning avzoyi buzuq edi. Davlatmurod bilmaganga oldi. Uch kundirki, Do‘mning sog‘lig‘i yomon, protez kiyadigan oyog‘i qaqshab og‘riydi. Havoga bulut chiqqan kunlar yanada og‘ir bo‘ladi. Biroq hech kimga bildirmaydi, dardni faqat tishlari orasidan sirg‘alib chiqayotgan gapining ohangidan bilsa bo‘lardi.
Do‘m jo‘rasini sovuq qarshi oldi.
— Kel, xizmat? Qaysi shamol uchirdi? O‘ziyam birinchi bor kelishing, tinchlikmi?
Davlatmurod Do‘mning “birinchi bor” deganini o‘zicha anglab, ancha tetiklandi.
— Isparapka kerak ekan.
— Nima haqda?
— Shu, halol yoshim haqida ...
Davomini ayta olmadi. Tili aylanmadi. Shu gapni aytishga ulgurganiga, kuch topganiga ham rozi bo‘la qoldi.
Do‘m indamadi. Og‘ir xo‘rsindi. Derazadan tashqariga qarab ancha tek qotdi. Chap qo‘lining orqasi bilan og‘zini yashirib chuqur damsar urdi. Keyin yorildi. Yuzlari qizarib, ko‘zlari qahr sochib, qo‘lini musht qilib dedi:
— Senda halol yosh bormi? Sen o‘zingni, yoshingni hali halol deb yuribsanmi? Sendan istagancha pastkashlikni kutardim-u, biroq bunisini kutganim yo‘q edi. Tengqurlaring urushga ketayotganda qanday qilib qatordan qolganingdan xabarim bor. O‘shanda yoshingni kichraytirish uchun ro‘zg‘ordagi bitta-yu bitta sigirni olib borib berganding. O‘rningga Oyjamolning yoshi yetmagan norasida sag‘irini jo‘natganding. Endi yoshingni kattartirgani kelibsan. Halol yosh haqida qog‘oz kerak bo‘lib qoldimi? Yo sigirni kimga olib borganingni hech kim bilmaydi deb o‘ylaysanmi? Bilganlar urushda o‘lib ketdi deysanmi? Adashasan, og‘ayni! Kattasoy bilan Kattatog‘ o‘rtasidagi odam tugul har bitta it bir biladi buni! Lekin senga aytishga or qilishadi. Sening halol yoshing yo‘q! Mening Davlatmurod jo‘ram qirq ikkinchi yili o‘lgan! Qadim jo‘rachilik haqqi, meni ortiq gapirtirmay, bu yerdan yo‘qol. Sendan nafratlanaman! Ilojini topsam, sen qo‘rqoqni, palidni peshonangdan otardim. Tirik ekanman, qo‘lim bilan elning nonini, oshu halolini og‘zingga solib qo‘ymayman. Rahm-shafqatni urushdan qaytmagan o‘ttiz bir nafar qishloqdosh tengqurlarim bilan ko‘mib kelganman!
Do‘m shunday dedi-yu, hassasini polga qarsillatib urdi. Hassa cho‘rt ikkiga bo‘lindi.
Davlatmurod sho‘rvasi qo‘yniga to‘kilib tashqariga chiqdi. Karaxt edi. Do‘mni bemehr deb sanasa-da, bu qadar deb o‘ylamagandi. Qirq yillik gapga shunchami. Ichida esa “Amal bitgan o‘zidan ketmasa-da”, deb qo‘ydi.
...Do‘m o‘lganda ham salobatli edi. Ko‘zlari yumilgan, lablari qimtilgan, xuddi ko‘zini yumgancha nima haqdadir o‘ylayotganga o‘xshar, hali zamon bir oyog‘iga hassasini himo qilib, o‘rnidan turib, ishga jo‘naydigandek. Bek yurish bor, bek o‘lish yo‘q, deganlar yolg‘on aytibdi. Do‘mning shu turishi ham bir bekcha bor edi. Oldiga kirib chiqayotganlardan ziyod edi.
Davlatmurod mayit yotgan uyga el qatori kirib chiqdi.

4

Do‘mning qirqi juda cho‘zildi. Davlatmurod kunlarning bunchalik uzundan uzun bo‘lishini o‘ylamagandi. Urushdan qochib yurgan to‘rt yili bir bo‘ldi-yu, Do‘mning qirqini kutish ham bir bo‘ldi. Ma’rakadan keyin bundan o‘n yil oldin to‘plagan hujjatlarini qo‘ltiqlab yo‘lga tushdi.
Qaytishda jo‘rasining qabrini ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. Biroq, qabriston darvozasidan hatlashga kuch topolmadi. Nazarida g‘ovdan o‘tsa, qaytib chiqolmaydigan, qolib ketadigandek bo‘ldi. Do‘mning qabrini panjara ortidan tusmollab, to‘g‘rayiga kelib cho‘kkaladi. Duoi fotiha qilib, o‘rnidan turdi. Vujudiga nimadir enganini his etdi. Shu narsa tirikligining barcha ko‘rguliklarini o‘z-o‘ziga aytmasa bo‘lmasligini, iqror bo‘lmasa boshqa ishlari kor etmasligi ta’na qilgandek bo‘ldi. Yengil torta boshladi. Ko‘zlariga nam keldi.
Ich-ichidan tavba dedi. Ko‘ziga yosh, qalbiga yig‘i berganidan, o‘zida bo‘layotgan holatlarini boshqara olmagancha, Jarko‘chaning tuprog‘iga belanib, uvvos solib yo‘lga tushdi.
— Qiynalib ketdim, Do‘m. Odam ham shunday sharmanda bo‘ladimi? Bir umr ketmon ko‘tarib, erishganim shu bo‘ldi. Fe’lim tagimga suv tarab bo‘lgan ekan. Bilmabman. Uy-joyingni sot deb kelishyapti. Bilasanmi, jo‘ra, uyimni mandan battarlar so‘rab kelishayapti. Shunaqasiyam bo‘ladimi? Tirik bo‘lganingda, hammasini aytib berardim. Otsang ham mayli edi. Yo‘q dedim. O‘ligim o‘z uyimdan chiqsin dedim. Olsa Oyjamolni nevaralariga qoldiraman, olmasa keyin davlat biladi, dedim. To‘g‘ri qipmanmi, jo‘ra? Olmazorimniyam, boshqasiniyam. Haliyam rahmat shu odamlarga, yoqamdan olsalar ham haqlari ketardi. Ayniqsa, Oyjamolning nevaralari. Tushlarimga Oyjamolning sag‘iri qabrimni topib ber deb kirgani kirgan. Charchab ketdim, jo‘ra? Jonimni qaysi toshning ostiga bekitishni bilmayman...
Jarko‘chaning marzalariga tizilishgan yosh-yalang, qari-qartang osmonga qarab o‘z-o‘ziga gapirib ketayotgan cholni ko‘rib, birovi Turkariq tegirmonining devi uribdi dedi, birov tavba dedi... Birovlar yosh bolalarining ko‘zlarini kaftlari bilan yashirdi... Ko‘zi O‘rning ko‘ziga tushganlarning mazasi qochib, o‘tirib qolishdi.
Galaxirmonjoy dalasidan ko‘tarilgan chang to‘zon o‘rama ustun, quyun bo‘lib yer bilan osmon o‘rtasini bir-biriga bog‘ladi. To‘rt o‘rama ustun avvaliga biydek dalaning u boshidan bu boshiga chopa boshladi. Odamlar jinlar raqs tushayapti deyishgancha, yuzlarini burdilar. Ko‘z ochib yumguncha o‘ramalar, xuddi kelishib olgandek, o‘zlarini baravariga Jarko‘chaga urishdi. Qizig‘i shunda bo‘ldi. Jarko‘cha bo‘ylab tizilgan uylarning tomi-yu, hovlidagi tog‘ora-yu, dordagi kirlarni o‘rab, osmonga olib ketdi. Ko‘chaning tit-pitonini chiqardi. Ko‘cha o‘rtasida turib qolgan egasiz eshakni ko‘tarib tos tevvasi bilan yerga urdi. Daraxtman deganni ko‘ziga ko‘rsatdi. Teragini tolga, yong‘og‘ini chinorga yopishtirdi. Osmonu falakka chirpirak qilib ko‘tardi. Qishloqda hech kim qachon ekilganligini bilmaydigan, balandligi bir qircha bor, eniga to‘rt kishining ham quchog‘i yetmaydigan Tojixol kampirning teraklarini qarsillatib, O‘rning oyog‘i ostiga tashladi. Lekin Davlatmurod pinagini ham buzmadi. Daraxtlarning qarsillashidan ham, shamolning uvullashidan ham qo‘rqmadi. Qaytaga o‘zini o‘sha Ilmis ko‘rgan kundan oldingi kunlardagi Davlatmuroddek his etdi. Qo‘rqadigan boshqa narsa ekanligini, umrini qo‘rquv bilan o‘tkazib, xotirasi tingan odamga dov-daraxtlarning qarsillashi, tomlarning uchishi qo‘rqishga arzigulik narsa emasdek tuyuldi. Bir muddat o‘zini bolaligiga, o‘sha kunga qaytgandek his etdi. O‘rama — quyun O‘rni joyidan qimirlata olmay, Jarko‘cha bo‘ylab toqqa o‘raladi.
— Men bolaligimga qaytdim, jo‘ra. Hozir tog‘dan keldim. O‘tin terib keldim. Mana, men endi daraxtlarning qarsillashidan qo‘rqmayapman, ko‘rayapsanmi, qo‘rqmayapman, jo‘ra. Sen to‘g‘ri aytgan ekansan. Qo‘rqoqlik ifloslikning boshi ekan. Nafas olishim juda yengil. Qo‘rqmasdan, g‘irromlik qilmasdan nafas olish bunchalik yengilligini bilganimda, men boshqacha yashagan bo‘lardim... San ketdingu qishloq huvullab qoldi. Mani uyim nima-yu, qishloq nima... sani bir o‘zing manga o‘xshaganning, mandan ortig‘ining mingidan ziyod ekanligingni endi bildim... Qishloq sen bilan, senga o‘xshaganlar bilan qishloq ekan... jon jo‘ra, meni kechir, kechirmasang jonim chiqmaydi...
...Mening kimligimni elga aytmading-a, jo‘ra. Qirq yil gaplashmasang ham elga kimligimni aytmading-a. O‘rtada nima gapligini birov bilmadi-ya. Lekin, men kimligimni bilaman... jo‘ra.
Ertadan kechgacha ishlayman. Egasi yo‘q sumangi itdek men qilmagan mehnat, kirmagan teshik qolmadi. Itda tinim bor, menda tinim yo‘q. Olgan hosilimga bir qishloqni boqsa bo‘ladi. Lekin, yuqmaydi, jo‘ra. Qayoqqa ketganini, nimaga ishlatganimni bilmayman. G‘irrom buyurmas ekan.
— Jo‘ra, eshityapsanmi, nafaqa beradigan bo‘lishdi. Qarichilik nafaqasi deyishdi. Rahmat, jo‘ra! Mani kechiribsan-da, a? Shu itniyam ko‘zi ochiq ketmasin debsan-da.
Eh, yana jo‘ra bo‘lamizmi, jo‘ra...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.