OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. U dunyo xaridori (hikoya)

Uzoqning ishi qiyin-da.
Hech bunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagandi. Otasining so‘nggi damlarida yonida turolmadi. Akasi bilan ukasi har qalay boshida bo‘lishdi. Issiq-sovug‘iga qarashdi. Oxirgi so‘zlarini, nasihatlarini eshitishdi. U bo‘lsa... hech kimmas, o‘ziga o‘zi shunday baho berardi: kimga kerak bunaqa obro‘... o‘ylagan sari yuragi eziladi.
-    Sizni otam uzoq kutdi. Oxirgi kunlari faqat eshikka termulib yotdi. Biron nima demoqchi bo‘ldi shekilli. Bizga aytolmadi, - dedi ukasi.
U indamadi. Nimayam desin. Shahardan turib harakat qilganini aytsinmi, yoki ulgurib kelolmaganinimi?.. O‘ylab o‘yining adog‘iga yetolmayapti.
-    Yarim soat, bir soat ilgariroq qimillasang bo‘lardi-yu, uka! Olis yo‘l bo‘lsa. Otamni senga aytar so‘zi boridiykan, - dedi akasiyam to‘ng‘illab.
Nima qilsin, shunday bo‘lib qoldi. Vaqtni ortga qaytarib bo‘lmasa. U bilan hech kimning ishi yo‘q. Shundog‘am ich-eti shalvirab bo‘ldi. Endi hammasi kech. O‘zi biladi o‘zidan o‘tayotganini. Hozir dashnomning paytimi?..
Holiroq joyga o‘tdi. Odamlarga ko‘ringisi kelmasdi. Nazarida hamma «Sadqai o‘g‘il ket-e!» deyayotgandek tuyulardi. Ularning nigohlariga bardosh berolmadi. Ukasi yoniga keldi.
-    Otamning uch o‘g‘li borligini hamma biladi. O‘zingizni opqochmang, aka. Qatorda turing, - dedi.
U ukasi aytganidek qildi. Elni og‘ziga elak tutib bo‘larkanmi. Shuniyam gapirishmasin tag‘in.

* * *

Janozada tumonat odam bo‘ldi. Fotihadan so‘ng barisi ketma-ket ko‘ngil so‘ray boshlashdi. Shu ko‘yi uchov shomgacha tik turishdi. Otasi fe’li keng odam edi. Katta-yu kichikning hurmatini qilardi. Adashmagan bo‘lsa yaqin atrofdagi yetti qishloqdan odam yopirilib keldi. Mayyitni qabristonga qo‘yib qaytgan payti e’tiborini oppoq, bahaybat it tortdi. Odamlar orasidan indamaygina darvozaxonaga termulib turardi. Har bir kishiga tikiladi. Hech kim unga parvo qilmasdi. U ham bir chetda kelgan-ketganga qarab ancha turdi. Keyin ko‘chaning narigi betidagi qo‘shnining devori tagiga borib, oyog‘ini uzatib yotib oldi.
-    O‘sha mashhur zotdanmi, deyman? – tog‘asining ovozi qulog‘iga chalindi.
-    Ha, shunaqaga o‘xshaydi! – dedi amakisi ham tasdiqlab.
-    Eshitardimu, hech ko‘rmagandim bunaqa itni. Ancha haybatli ekan.
- Ha-a... Qanchalik rost bilmadim-ku, mana shu Qoradaryo bo‘ylarida qadimda bir dev bo‘lgan deyishadi. U atrofdagi to‘qayzorda kun kechirgan ekan. Har tunda yemish izlab chiqib na’ra tortarkan. Unga hech kim bas kela olmagan ekan, - deb gap boshladi amakisi. Tog‘asi jimgina eshitib bosh qimirlatib o‘tirardi. - Qishloqda bir pahlavon cho‘pon bo‘lgan. Otini Qorayag‘ir deyishganakan. U odamlarning chorvasini ana shu devdan asrab boqarkan-u, hech kosasi oqarmaskan. Uning xuddi shunga o‘xshash Oqtoy ismli bahaybat iti bo‘lgan emish...
Amakisining gapi chala qoldi. Bir to‘pda odam fotihaga kelib qoldi. Tog‘asi bilan amakisi o‘rnilaridan turib ularni kutib olishdi. Tilovat boshlandi. Qiroat qandaydir odamga o‘tmishni eslatardi. Yodiga otasining ayvonda ertak aytib bergan kunlari tushdi.
...Bir kuni Yag‘ir cho‘pon odamlarga yolg‘izligidan nolibdi. Qishloq kattalari maslahatlashib uni sag‘ir bir qizga uylantirishibdi. Yag‘ir boy  qirq kun xotini bilan bo‘lib, cho‘ponlik tayog‘ini devorga suyab qo‘yibdi. Noshukurlikda. Bu vaqt ichida dev odamlardan har kuniga beshtadan qo‘y talab qilibdi. Bo‘lmasa qiron solishi aniq ekan. Qishloq keksalari kengashib Yag‘irning oldiga borishibdi. Bor gapni aytishibdi. Pahlavon yana cho‘ponlikka qaytibdi. Ammo dev quturgandan-quturganmish. Yag‘irboy u bilan kurashishga ahd qilibdi. Ammo xotini qarshilik ko‘rsatibdi. Shunda harchand ko‘nmasa ham Oqtoyni daraxtga bog‘lab yori bilan qoldiribdi va yoniga katta idishda suv qo‘yib:
-     Agar Oqtoy suvidishga qaramay qo‘ysa, undagi suv ayniy boshlasa bilginki, menga biron kor-hol bo‘lgan. Shunda itni qo‘yib yubor, - deb tayinlabdi.
Kunlar ketidan kunlar o‘tibdi. Yag‘ir cho‘pondan darak bo‘lmabdi. Oqtoy kechalari uvlab chiqarmish. Kelin suvidishdagi suvga qarasa ayniy boshlabdi. Itni yoniga borib, bo‘shatib yuborishga qo‘rqibdi. Shunda Oqtoyning o‘zi oldinga tashlanib, tuproq timdalabdi. Jon jahdi bilan zanjirni g‘ajib, nihoyat uzibdi. Yeldek uchib borib egasini topibdi. Qarasa dev cho‘ponni bandi qilganmish. Oqtoy mahluqqa tashlanib olishibdi. Devni yengib Yag‘ir cho‘ponni ozod qilibdi.
Itning vafodorligi haqida ko‘p o‘qigandi. Bolaligida otasidan eshitgan bu ertakni eslab itga qarab qo‘ydi. Zotdorligi rostga o‘xshaydi. Bu hikoyani otasiga bobosi aytib bergan bo‘lishi kerak, amakisi ham xuddi o‘zi eshitganidek hikoya qila boshlagandi.
Odam ko‘p edi. Keldi-ketdi tinmasdi. Ba’zilar itdan cho‘chigandek o‘zlarini chetga torta boshlashdi. U hatto pinagini buzmasdi. Old oyoqlari ustiga boshini qo‘yib, atrofga alang-jalang qarardi. Kimning iti ekan, xayolidan o‘tkazdi u. Hech kimga ergashmaydi ham. Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku. Uch kun deganda ham yana o‘sha oq it paydo bo‘ldi. Endi odamlarga yaqinlashmasdi-yu, uzoqdan – chekko‘cha boshida turib kuzatardi. U qo‘shnilardan so‘rashga iymandi. Unga ermak topilgandi. Ahyon-ahyon itga qarab chalg‘irdi. Hatto otasining birinchi payshanbasi, yakshanbasi, yettisi, yigirmasida ham jonivor keldi. Faqat bugun qirqida ko‘rinmadi. O‘rganib qolgan ekan. Zimdan u yoq-bu yoqni qidirdi. Ko‘rinmadi. Shomgacha kutdi. Kelmadi. Biron kor-hol bo‘ldimikin?.. Xayoliga kelgan o‘ydan allanechuk bo‘lib ketdi. Nega bunchalik qayg‘urmasa. Egasi bog‘lab qo‘ygandir-da. Qarovsiz bo‘lmasa kerak hoynahoy. Biroz tinchlandi. Jon kuydirishga arzimaydi. Axir bir jonivor bo‘lsa.
...Odam o‘tgandan keyin marosimlari juda ko‘p bo‘larkan. Oldinlari ahamiyat bermaganmidi, arang qirqigacha chidadi. Ertaga ketadi.
Bugun kechki yo‘lga chiqmoqchi edi:
-    Qirqiga chidading, qirq biriga ham chida! – deyishdi ammalari.
Yana ellik ikkisiyam yaqin. Bu marosimga bolalari bilan qaytib keladi. Ellik ikkinchi kun mayitning tovoni yorilarkan. Unga shunday deyishdi. Bu oson bo‘lishi uchun arvohga yo‘qlov kerak. Paxtadan pilik yasaladi. So‘ng moyga botirib olib, chiroq yoqishadi. Yoniga behi novdalaridan qo‘yiladi. Arvoh kelib unga o‘tiradi va pilik shu’lasida o‘ynoqlab, xursand bo‘ladi. Odamning ruhi shunday yo‘qlanadi. Har tugul shunaqa-da!.. Tirik vaqtlarida yo‘qlashga vaqt topolmaysan. Holidan xabar olishga erinasan. Dunyoning ishlari, bola-chaqa  deysan, yana oshna-og‘ayni... Lekin bu udumlarni o‘tkazish shart. Bir tarafdan to‘g‘ri. Shunday qilinmasa, esdan chiqarib yuborilishi aniq. O‘lding – o‘chding!

* * *

Og‘asiyam, inisiyam hamon dakki berishdan charchashmasdi. U bo‘lsa jonivorni qidirishdan. Qayoqda qoldiykin. Rostdanam ko‘nikib qopti shekilli. O‘tgan kunlar davomida buni sezmabdiyam. Mayli tirik bo‘lsa kelar...
Kechki ovqatga hammalari jam bo‘lishdi. Xuddi bolalik chog‘laridagidek. Akasi, ukasi, singlisi, o‘zi, onasi... Faqat qatorda otasi yo‘q, xolos. Shu hol unga ozor berardi. Yuragining bir chetini nimadir pastga qarab tortqilaydi. Bir kam dunyo-da. O‘zicha tasalli izlaydi. Yo‘q. Ichidagi kemtikni yopadigan hech narsa yo‘q, topolmaydi. O‘tgan o‘tib ketdi. Yig‘i-sig‘i foydasiz. Hech kimni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Xoh ko‘zyoshlar daryo bo‘lib oqsin. Baribir... Vallomatlarining ham bunga qurbi yetmaydi. Faqat Yaratgandan boshqa. Biroq Tangri taolo buni istamaydi. Hayot qonunlarini o‘zgartirmaydi. Bu toshga o‘yilgan bitik. Taqdiri azal deydi buni.
...Tomog‘idan taom zo‘rg‘a o‘tyapti. Ammo yeyish kerak. Ertalabdan beri tuz totmadi. Lekin qandoq?.. Majburlab, faqat majburlab yutardi har bir luqmani. Xuddi shunday. Buncha tansiq bo‘lmasa bu taom. Shu bo‘lsa kerak-da uning rizqi, tuz-nasibasi. Hali u uchun hayot oldinda. Bazo‘r bo‘lsa ham tomog‘idan osh-ovqat o‘tyaptimi, demak yeyish kerak. Ha-ha! Yashash uchun yeydi.
Unga nima bo‘ldi. Bugun hatto yig‘lamadiyam. Odamning bardoshi metin bo‘larkan. Chidarkan. Hamma narsaga ko‘nikarkan-da. Biroq barisini chegarasi bor.
Qahri qanchalik qattiq bo‘lmasin, otasining o‘rni bilina boshladi. O‘zini tanho sezyapti. Esida, chaylada kutib o‘tirishni so‘raganda qirga ketib qolgani. O‘shanda otasi yarim kun qidirgan. Qattiq shamol bo‘lgandi. Tulkilar inidan chiqib, izg‘iy boshlagan. To‘q qizil jonivorni shunda yaqindan ko‘rgandi. Yonginasidan chopib o‘tgan. Yuragi yorilayozgandi. Otasini uzoqdan tanigan. Yelkasiga pidjagini tashlab yurardi. Quchoq ochib, chopib boruvdi oldiga. Avvaliga qattiq urishdi. Yerga qarab milt-milt ko‘zyosh to‘kkandi. So‘ng ikkalovlari tuyani o‘rkachiga o‘xshash adirlikning ilonizi yo‘lidan anchagacha indamay yurib borishgan. Otasi chidayolmay, mahkam bag‘riga bosib erkalagandi. Boshidan chaqalarni aylantirib, yerga sochgandi.
-    Bundan keyin quloqsizlik qilmagin, - deb pichirlovdi.
Erkalashlarini sog‘inyapti. Mehrini qo‘msayapti. Nahot o‘zini dunyoga keltirgan zot yo‘q endi. U yolg‘iz... Jigarlarichi, og‘a-inilarichi?!.. Ularga bir-bir zimdan razm soldi. Ovqat yeyishyapti. Hammalari ochiqqan. Bilmadi. Unga shunday tuyulyapti.
Onasi:
-    Ol! – deb ovqatga undadi.
Uning bo‘lsa ishtahasi yo‘q. Bir qoshiq ovqatni u lunjidan bu lunjiga olib uzoq chaynab o‘tirardi. Yaqinlari qatori majbur yedi. Ko‘ngli xira tortgandi. Hech yorishmasdi. Qandayam yorishsin.
Hammalari ovqatlanib bo‘lib, qo‘llarini sochiqqa artishdi. Onasi duo qildi. Yaratgandan oilasiga xotirjamlik so‘radi. Keyin:
-    Endi uy-uylaringga boringlar! Qirq kun aza tutdinglar. Yetar. Eshik-elga ham qaranglar! – dedi vazmin ovozida, o‘zi istamasa ham.
Birozdan keyin qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirtirdi. Ulardan bitta-bitta hamroh qilib hammalarini kuzatdi. Taomil shunday-da. Onasi ham toliqqandi. Har kungi marosimlar charchatgan ko‘rinadi, turishga ham majol topolmadi. Hamma ketdi. Faqat u qoldi.

* * *

Uzoqning ishi qiyin-da.
Unga hech kim hamrohlik qilolmaydi. Erta bo‘lsa o‘zi ketadi. Yakka-yolg‘iz. Hamrohsiz. Dara, dovon oshib... Tong sahar yo‘lga chiqadi. Ishqilib shu tunni tinch o‘tkazib olsa bo‘lgani. Yuragi g‘ash.
Onasi bilan yolg‘iz qolishdi. Gaplashishga hollari yo‘q edi. Faqat bir-birlariga termulib o‘tirishardi. Anchadan keyin akasi bilan ukasi qaytib kelishdi.
-    Ukam ketmay gaplashvolsak degandim, - dedi onasiga akasi.
U hayron bo‘ldi. Dakkilardan quloqlari endi tingandi. Onasi ham «Nima bo‘ldi?» degandek kiprik qoqdi. U yelka qisib, indamay o‘tiraverdi.
-    Bog‘ni sotmoqchimiz, - dedi ukasi ham.
Onasi bir qalqib tushdi.     
U ham buni kutmagandi. Quloqlariga ishonmadi. To‘g‘ri eshitdimi o‘zi?!.. Quloqlari ostida ukasining gapi shang‘illay boshladi. Sotishmoqchimi?.. Ota bog‘ni-ya. Yetimqirda katta bog‘lari bor edi. Otasi parvarishlardi. Rostdanam qondoshlari shu ishni qilishadimi?!
-    Nima uchun? – qat’iy ovozda so‘radi onasi.
-    Kim qaraydi bo‘lmasam? – savolga savol bilan javob berdi akasi.
-    Ss... sizlar-chi?! Axir, otang...
U yog‘ini aytolmadi onasi. Qirq kun ezg‘ilangan yurakka bu gaplar og‘ir edi. «Nima bu, sinovmi yo cholining bu dunyoda chala qolgan ishlarimi?! Farzandlari oxiriga yetkazib qo‘ymoqchidir balki. Otalarining so‘nggi tilagi shudir-da», o‘ylardi mushtipar ona.
Hammasi qorong‘i va mavhum. Tushunmayaptimi yoki tushunishni xohlamayaptimi?.. Shunday bo‘lish kerakdir. Onasi rostdanam toliqqanga o‘xshaydi. Najot bilan unga termuldi. U hamon jim o‘tirardi. Nimayam derdi. Qaror aytildi-ku.
-    Bog‘ otamdan meros. Hammamizga asqotadi hali, - dedi anchadan so‘ng arang akasi bilan ukasiga qarab.
-    Ko‘chib kel unda! – keskin javob qildi akasi.
U yana jimib qoldi.
Gapga onasi aralashdi.
-    Katta boqqa otangni mehnati singgan. Hech bo‘lmasam yili o‘tsin, - dedi chorasiz alfozda.
-    Ungacha hamma daraxtlar qurib bitadi, - dedi ukasi keskin, gapni cho‘rt kesib. – Mening... qarashga vaqtim yo‘q.
-    Meniyam ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi, - qo‘shildi akasi. – Sen kelib qarolmasang kerak?
Bu aniq edi. Og‘a-inisining rejasi puxta. Qarshilik qilishning iloji yo‘q. Bir tomondan ular haq. Boqqa qarov kerak. Parvarish qilinmasa daraxtlar quriydi. Uvoli bor. Hech kimga kerakmas bu. Hozir bitta gap ham ortiqcha. So‘nggi so‘zni onasi aytadi. Lekin jim. Nimayam desin bechora onasi. Boshiga tushgan dardni endigina unuta boshlagan edi. Oradan hech qancha o‘tmay yana bu g‘avg‘o.
Onasi o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Sekin yurib, ichkari uyga kirib ketdi. Chiroqni yoqib deraza yoniga o‘tirib oldi. O‘g‘illari ortidan tikilib turardi. Onasi qo‘liga tasbeh olib, birma-bir o‘gira boshladi. Akasi bilan ukasi o‘rnidan dast turib, chiqib ketishdi. Sukutni rozilik alomati, deb bilishdi. O‘zi ham shunday edi. Na iloj. Ularni yo‘ldan qaytarishga hech kimda kuch ham, istak ham yo‘q edi. Shu asnoda o‘tirgan o‘rnida ko‘zi ilindi. Ancha mizg‘ibdi. Biroz dam olgandek bo‘ldi. Tashqaridagi g‘ala-g‘ovurdan cho‘chib uyg‘ondi. Vaqt ham allamahal. Tun yarim bo‘lishiga qaramay onasi hanuz tasbeh o‘girib, bir nimalarni pichirlab o‘tirardi. Ayvondan hovliga qaradi. Ishkom tagidagi so‘rida akasi bilan ukasi, yana allakimlardir bir-birlari bilan bahslashishardi. Hoynahoy bog‘ savdosiga o‘xshaydi. Uyqusiragan ko‘yi jim kuzatib turdi. Onasining nigohlari ham ikki deraza osha ularga qadalgandi. Borgan sari ko‘zlaridan reza-reza yosh sizardi. U onasining oldiga kirdi. Yoniga tiz cho‘kib mahkam quchdi. Qo‘llarini yuzlariga bosdi. Bolalarcha suykalib yolvorishga tushdi.
-    Xo‘p desangiz sizni o‘zim bilan olib ketaman, - dedi.
Onasi lom-mim demadi. Ko‘rpasining qatlarini timirskilab, qinli pichoqni olib unga uzatdi.
-    Shuni otangdan yodgorlik deb bil, doim yonida olib yurardi. Yigit kishining ko‘rki, hamisha hamroh, derdi!
Birozdan so‘ng:
- Senga boshqa hech nima berolmayman, - deb qo‘shimcha qilib qo‘ydi aybdordek yerga boqib.
Nima kerak yana. Shuning o‘zi kifoya-ku!..
-    Kulala-kulala! Meni o‘g‘lim kula-a-laa...a! - otasining ovozi eshitilgandek bo‘ldi quloqlari ostida. Ukasining to‘yi kuni ko‘rpaga shunday yotqizishgandi. Otasi chalg‘itishga ulgurmasdanoq usta ishini bajarib bo‘lgandi. Ukasi chinqirib yig‘lab yuboruvdi. Hammalari birin-ketin oldiga kirishgandi yupatishga. So‘ng amma-xolalari shirinliklar sochishuvdi. Ur – to‘polon qilib terib olishgan o‘rtoqlari bilan. Otasi bo‘lsa, ukasiga tuxum bilan mana shu pichog‘ini tutqazgandi. Odat shunaqa shekilli. Yigit bo‘lganiga ishora bo‘lsa kerak-da.
Pichoqni qinidan sug‘irib biroz tomosha qildi. Xuddi o‘zi. Otasining pichog‘i. Bezaklari ko‘zni qamashtiradi. Bolalik chog‘larida shunga havas qilardi. «Hay-hay, tig‘i o‘tkir-a. Qo‘lingni kesvolasan», degandi bir kun bog‘laridan katta bir olmani uzib, archimoqchi bo‘lib qo‘lga olganda otasi. Baxtiyor damlar edi... Pichoqni sopiga tikilib ancha turdi. So‘ng qiniga tiqib, cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Birozdan keyin:
-    Birga ketaqoling, iltimos. Nevaralaringiz ham xursand bo‘ladi, - dedi yana onasiga suykanib.
Onasi indamadi. Pinagini ham buzmadi. Nigohini tashqariga qadab, jim o‘tirardi.
-    Otangni chirog‘ini kim yoqadi men ketsam!? – dedi birpasdan keyin g‘amgin tovushda.
-    Akam, qolaversa ukam bor-u, – dedi u beixtiyor.
Onasi boshini sarak-sarak qildi. Tasbehning tez-tez shiqqillagan ovozi eshitila boshladi.
-    Yo‘q, - dedi onasi qat’iy. Yana nimalardir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi-yu, ammo aytolmadi. Bu payt tashqaridagi g‘ala-g‘ovur tindi.
-    Hammalaring ham meni bolalarimsan. O‘la o‘lgunimcha shunday bo‘lib qoladi. Baringizniyam yaxshi ko‘raman. Shundan boshqa narsa qo‘limdan kelmaydi, bolam.
Onasining ovozida titroq bor edi. Lunjlari pastga osilib, o‘zini tutolmay qoldi. Ko‘zyoshlari tomchilab, piqqillab yig‘lab yubordi. U g‘azabdan qo‘llarini musht qildi. Shu topda nima qilishini bilmasdi. Bu dunyoning barcha azoblaridan xalos bo‘lishni istadi. Ammo bunga jur’at qayoqda. Aqlu hushi o‘zida emasdi. Vajohat bilan tashqariga otildi. So‘rida hech kimsa ko‘rinmasdi. Qiyiqcha ustida bir dasta pul sochilib yotardi. Bu uning ulushi edi. Shu choqda odam zotining barchasidan nafratlanib ketdi. Kulishini ham, yig‘lashini ham bilmadi. Yana ichkariga qaradi. Onasi ko‘zlarida yosh tashqariga tikilib o‘tirardi. U ko‘chaga chiqdi. Garangsib ancha yurdi. Qayoqqa borarini bilmasdi. Yo‘l otasining bog‘i sari yetakladi.
Hammayoq zim-ziyo. Biron sharpa ko‘rinmasdi. Xayolida yolg‘iz qolgan onasi.
-    Oh onam-a. Meni mushtipar onajonim-a. Dunyoga keltirib, yuvib-tarab, voyaga yetkazgan mehribonim onam-a, – deyardi pichirlab.
Daraxtlarning shitir-shitiridan boqqa kelib qolganini angladi. Barglar shabadada shivirlardi. Qulog‘iga yoqimli eshitildi. U bog‘ o‘rtasidagi katta o‘rik daraxti tagiga borib cho‘kkaladi. Tanasini quchib, bir-ikki boshini urdi va:
-    O, Yetimqir! -dedi mahzun.
Shu zarb bilan tepadan besh oltita oq o‘riklar oyoqlari ostiga potirlab tushdi. Bittasini olib og‘ziga soldi. Toza yetilibdi. Otasiga rahmat aytdi. Yana birini olib yedi. Tanasiga quvvat kirganga o‘xshadi. Biroz dadillashdi. Taskin topgandek bo‘ldi. Shu payt oyoqlarning dupur-dupur tovushidan cho‘chib tushdi. Odamnikiga o‘xshamasdi. Ortiga qarasa tunov kungi it. O‘zi tomon chopib kelyapti. Quvonib ketdi. Tirik ekan. Dumini likillatib oldiga keldi. Bahaybat bu mahluq, xuddi qadrdonlardek oyoqlariga suykaldi. Shundagina tushundi uning begona emasligini. Ha-ha. U otasining hamrohi, bog‘ning qo‘ruvchisi... Bu aniq. U itni bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi. Shu taxlit ancha turdi. It qimir etmadi. Qarshilik ham qilmadi. U qorong‘u tunda o‘ziga hamroh topilganidan xursand bo‘ldi. Yunglaridan silab erkaladi. Ikkov bog‘ aylanishdi. So‘ng chaylaga bordi. Ustunda osig‘liq turgan xaltadan bir bo‘lak quritilgan go‘shtni olib itga tashladi. Anchadan beri ovqat yemagani ko‘rinib turardi. Ozib-to‘zib ketgandi. U ham bir yamlashda hammasini paqqos tushirib, yana umidvor qaradi. Xaltadagi bari go‘shtni itning yoniga otdi.
Shu payt chaylaga nuroniy, oppoq soqollari selkillab, o‘ziga yarashib turgan sakson yoshlar chamasidagi mo‘ysafid kirib keldi. It bilan bo‘lib sezmabdiyam.
-    Xush kelibsan o‘g‘lim, - dedi yoshiga xos vazminlik bilan.
-    Xushvaqt bo‘ling, - dedi u ham.
-    Qaytyapsanmi?.. – so‘radi yana xuddi eski tanishlardek.
-    ...
-    Men qo‘shni bog‘danman. Otang bilan qadrdon edik. Mana bu hujjatlarni olib qo‘y. Bog‘niki. Otang rahmatli qachonlardir bog‘ sotilsa xaridor bo‘lishni tayinlagandi. Kayvoni odam edi rahmatli. Avvaldan bilgan chog‘i. Men do‘stim aytganday qildim. Asli pullar ham otangniki. Bog‘dan bo‘lsa xavotir olma. Men kunda shu yerdaman. Qarovsiz qolmas.
U hijolat bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qo‘lidagi qog‘ozlarga uzoq termuldi. Yozuvlarga ko‘z yugurtirdi. Boshini ko‘targanda mo‘ysafid yo‘q edi. Nima bo‘lganiga tushunolmadi. Tushmasmikin deb yuzini chimchilab ko‘rdi. Kim edi bu?.. Xuddi hazrati Xizrbuvaga o‘xshaydi-ya. Bog‘ni sotib olib o‘zlariga qaytargani uchun otasiga yana rahmat aytdi. Otasining tadbiridan ko‘ngli quyoshdek yorishib ketdi.
Tong shamoli esa boshladi. Daraxtlar bir xilda chayqalardi. Uzoqdan shafaq ko‘rindi. U tashqariga chiqdi. Ketmoqchi bo‘ldi. It bilan xayrlashib yo‘lga tushdi. Jonivor jilg‘agacha ortidan ergashib bordi. Faqat adirlikka chiqa boshlaganda to‘xtab qoldi. Qayoqdandir kuchli shamol ko‘tarildi. Jilg‘adagi charxpalak g‘iyqillab harakatga keldi. Shundagina bildi boqqa suv chiqmayotganini. Birdaniga hammayoqni chang-to‘zon qopladi. It vovillab u yoqdan – bu yoqqa chopa boshladi. Go‘yoki jilg‘a u uchun chegaradek edi. Yetimqirda bog‘ yastanib yotardi. Bepoyon adirliklar allanechuk go‘zal bo‘lib ko‘rindi ko‘ziga. Tepalikka yetib pastga enib boshlaganda itning uzun-uzun ulishi eshitildi...
Uv-vv...
Hamma narsa ortda qolgandi. Uy, qishloq, qir-adir, it va yana deraza ortidan yolg‘iz mo‘ltillab termulib turgan onaizori, oppoq soqolli mo‘ysafid... bari barisi xotiralar tubiga cho‘kayotgandi.

2013 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.