OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bayram Ali. Dardli qush (hikoya)

Uyim sening uyingdir,
Ayvonimda yashaysan.
Qarab tursam sen ham bir,
Dardli qushga o‘xshaysan…
Muhammad  Yusuf.

Mahkam bobo boshini sarak-sarak qildi:
-Ey-y, hali shuytdi deng…
-Shuytdi-da, hamsiya bova… Bu, to‘qqiz yildan beri o‘zimizning duxtirlarga ko‘rsataverib-ku, charchagan edik. Bir umid Tashkin duxtirdan deb borsaq, shuytdi, — dedi ota.
-Yashamagurlar, bunday otasini chetga chaqirib aytmaydimi? O‘zining oldida ham aytadimi, qarang, duxtir og‘irini olgurlarning ishini.., — kuyinib arzi-hol qildi ona.
Ota chuqur xo‘rsindi:
-Bo‘ldi-da enasi… Aslida u duxtirlardayam ayb yo‘q. Buninnig o‘zi shipoxonaga borganimizdan tekshirayotgan prapessirni savolga tutsa bo‘ladimi. “Duxtir, menga to‘g‘risini aytavering, o‘zim hamma narsani tushingan bolaman”, deydi. Keyin, duxtiram shu… o‘yog‘i oz qolgan dedi, qo‘ydi-da… Og‘riq qoldiruvchi dorilar yozib beramiz devdi, sug‘in, bu ham ko‘nmadi. Ota, bo‘lmasa bo‘ldi, qaytaveraylik, sarson bo‘lmayliq, deydi, go‘dak…
-Baribir-da! – bug‘ziga kelgan ohdan titranib ketdi ayol. – Bu hali bir go‘dak bo‘lsa. O‘zi tortayotgan og‘riqlari, azoblari kammidi bolamning?! Umid bilan borgan odamga qanday bu gapni aytishadi?!
Shu choq uy to‘ridan bolaning ingroqqa tortarli, hazin ovozi eshitildi:
-Bo‘ldi, ena!.. Men… Men hech narsadan tushkunlika tushganim yo‘q-ku…
— Baraka topgin bolam, — Mahkam boboning adyolga o‘ranib, bir siqim bo‘lib yotgan bolaga tikilib ko‘zlari yoshlandi, — Xudo o‘zi sabir bersin senga. Ovchining kechikkanidan umid diyishadi. Kasalini bergan Tangri, shiposiniyam berar…
Chol bir muddat jimib qoldi. Lablarini keksalarga xos qimtib turarkan:
— Qay bir zamon shunday rivoyat eshitgan edim, — dedi, so‘ng o‘ychan. – Go‘yoki Alloh kimga dard bermoqchi bo‘lsa uchta farishtasini huzuriga chorlar emish. Ular yetib kelganda birinchi farishtasiga buyirar emish: “Bor, falon yerdagi bandamning falon yeriga og‘riq solgin, harakatini susaytirib, dardman qil!”. Ikkinchi farishtasiga buyirar emish: “Bor, sen bu bandamning og‘zidan ma’zasini olgin, oromini-halovatini ol!”. Uchinchi farishtasiga bo‘lsa: “Sen esa bor, ushbu bandamning bor gunohlarini gardaninga ortib, doimo oldida hozir bo‘l!” deb, amir etar, keyin, belgilagan muddati besh yil bo‘ladimi, o‘n yilmi, farishtalariga shu fursatda qaytib kelishini tayinlab, yerga tushirib yuborar ekan. Yerga tushgan farishtalar o‘z vazifalarini bajo keltirib belgilangan vaqtda Alloh dargohiga qaytib borar ekanlar. Ulardan Xudo so‘rar ekan: “Bandam dardmanlikda o‘zini qanday tutdi?”. Agar dardman banda o‘zini munosib tutgan bo‘lsa, “Sabrli bo‘ldi, bergan rizqinga shukur, dedi, parvardigor!“ – javob berisharkan farishtalar. Farishtalarining gapini eshitgan Xudo birinchi farishtasiga aytar ekan: “Bandam sinovimdan o‘tibdi. Unda bor, sen uning ta’nasidan og‘riqlarini olib, jismining harakatini qaytadan ravon qilgin!”. Ikkinchisiga aytar ekan: “Sen ham bor, og‘zining ma’zasini qaytib bergin, orom-halovatini ber! ”. “Rabbim, menga bir paytlar bandangning gunohlarini ko‘tarib yurishimni buyirgan eding, endi men nima qilay?” – tangridan so‘rar ekan uchinchi farishtasi. Shunda qodiri mutlaq uchinchi farishtasiga javoban: “Endi sen to Qiyomat kuniga qadar ushbu bandamning qilgan gunohlarini gardaningda ko‘tarib yurgin, Qiyomatda o‘tga tashlaysan…”, — der ekan…
Xonani sukunat cho‘lg‘adi. Aytilmish rivoyat umid gullari so‘ligan ota-onaga ham, bolaga ham o‘z tasirini yetarlicha ko‘rsatgan, tashna bir xayollar girdobiga tortib ketgan edi. Ammo shu asno Mahkam boboning kutilmaganda, ta’bir joiz bo‘lsa o‘rinsizroq bergan savoli ularni esankiratib qo‘ydi:
-Oldin kelganlarimda ko‘rmagandayman, bu qachon paydo bo‘ldi?
Ota va ona avvaliga cholni tushunolmay yuziga boqdilar. Keyin uning shiftidagi qaldirg‘och uyasiga tikilib turganini payqagan ota:
-Doim bor edi.., — dedi, ensasi qotibroq.
-Hmm, payqamagan ekanman-da.., — suhbat mavzusini qovushmagan tarafga o‘zgartirganidan xijolatga tushgan chol kalovlandi. – Avval birda hech tuzalmayotgan bemorlarni qaldirg‘ochning uyasi bilan cho‘miltirsa davo topadi deb eshitgan edim, ko‘rib esimga tushib ketdi…
Mahkam bobo ayni dam ahamiyatlik bir gap aytmagandek indamay dasturxonning bir chetiga tikilib o‘tirar, ota bilan ona esa uning gapini davom ettirishini kutib mahtal edi. Nihoyat sabri chidamagan ona:
— Gapddirda hamsiya bova… O‘zi bir parcha loy bo‘lsa…- gapirindi, shiftdagi uyaga tikilgan kuyi.
— To‘g‘ri aytasiz kelin, — ortiqcha tortishib o‘tirmadi Mahkam bobo. – Bu ham bir afsona chiqar… Ochig‘i, shu davoni qo‘llab biror tuzalgan kasalniyam bilmayman-ku, lekin, ilgarittan shu gap yuradi. Emishki, qaldirg‘och Qur’onni xatm qilgan qush bo‘larmish. Gazanda-mazanda aylanmasin uchun doimo uyasiga duo o‘qib, dam solib o‘tirarmish. Endi-i, qaldirg‘och bor xonadonga baraka enishiyam bejiz emasdir-da. E’tibor qilgan bo‘lsangizlar qaldirg‘och uchib yurganida boshqacha, uyasida o‘tirganida bir boshqacha sayraydi. Uyasida sayragan nolishi rostdan ham Qur’on suralariga ohang berib ketadi, jonivorning…
Yana bir pas ul-bul nasihat gaplardan gapirib o‘tirgan Mahkam bobo uyiga chiqib ketdi. Biroq ota va onaning xayolidan hamon uning qaldirg‘och haqidagi gapi ketmas, o‘zlari sezmagan holatda tez-tez shiftdagi uyaga tikilar edilar. Bu orada bolaning akasi, ularning shu qishloqning chekkarog‘idan uy tikkan katta o‘g‘li kelib qoldi. Aka oilasidagilar bilan nomiga so‘rashdi-yu, kurpachaga o‘tirayotib:
-Ha, ota, nimaga buncha tez qaytdingizlar? — so‘radi hovliqqannamo. -Nima dedi Tashkin duxtir, ukamni ko‘rdimi?
Akaning savoli onaning alamlarini battar alangalatdi:
-Nima derdi bolam, ukangning taqdir amallarini kuygan debdi, ena-otangning manglaylari sho‘r, debdi… Yana o‘z-o‘zginasiga aytibdi hammasini uying kuygurlar…
Yuziga panjalarini bosib “Uh!” deb yubordi aka. Aslida bu yerga kelayotib bir hamqishlog‘idan otalarining uyga mo‘ljaldan ertaroq qaytganini eshitganidayoq hammasini tushungan bo‘lsada, onasining zorlanishidan butun vujudi qaqshab ketdi. Ko‘zidan sitilib tushayotgan yoshlarni uchakishganday tet-tez sidirib tashlarkan, tutoqib so‘kindi:
-Ey enasini emsin shular! Xudomidi, og‘ziga kelganini gapiraberadi-da, ena! Shunga endi ukamniyam bunday ezib, mustar qilib o‘tiribsizlarmi?!
O‘g‘lining so‘zlari onaning qulog‘iga kirmasdi.
— Bilmadim gunoh mendan o‘tdimikan, otasidanmi?!.. Yo o‘zining murg‘ak boshidanmi?!.. – yig‘lar edi ayol. — Xudo shu dardni berganda maktabga endi borayotgan go‘dak edi. Mana, o‘n oltidan oshib yigit bo‘layapdi, Xudoyimning rahmi kelmadi! Bo‘lmasa duxtirdan oyoq uzganimiz yo‘q, o‘zbekchilik dedik, qancha yugurdik…
Shu vaqtgacha jim turgan bola ingrab o‘zini tushakning u yonidan-bu yoniga tashladi:
-Bo‘ldi diyman, ena-yov! Bo‘ldi enajon! Bo‘ldi!…
Bolaning ovozida inson bardosh berolmaydigan iztirob, tortayotgan og‘riq azoblaridan ko‘karmish yuzlarida ayanch bir manzara mujassam edi. U boshiga qiynalib adyolini tortdi. Xonaga pashsha uchsa eshitilar darajada sukunat cho‘mdi. Yuzlarni yuvayotgan sassiz ko‘zyoshlar esa kipriklardan sitilib-sitilib dumalardi…

* * *

Bahorning qisqa kuni pardalanib navbatdagi tun chukdi. Necha kundan beri jon talashayotgan bola isitma otashidan goh ingrab, goh ma’nosiz so‘zlarni gapirinib yotar, ota-onasi va akasi mijja qoqmay boshida edilar.
-Yana Rayim duxtirni topib kelsammikin..? – so‘radi, bu holga bardosh berolmayotgan aka.
— Bilmasam… Yo tong otsa biror mulla-pulla topib kelsang, o‘qitib ko‘rsak yaxshimidi… – javob berdi otasi.
— Shuytish kerak, — zorlandi ayol. –Rayim nima deydi, bitta ukol ham urmaydi u. O‘zini opqochadi. Aslida Tashkin duxtirga boshqarib yuborishi ham bejizga bo‘lmagan, ilgarittan bilgan umid yo‘qligini…
Ilojsizlik tag‘in hammaga mo‘m tishlatdi. Birozdan keyin ota xuddi kuchli hayajonga tushmish kishidek, keskin:
-Maripa..? –so‘z qotdi ayoliga.- Davo deb bosh suqmagan eshigimiz-ku qolmadi. Lekin shu kundan beri anov gapni eslab-eslab qo‘yaman-da. Mahkam bovaning aytgani-chi, esingdami ?
Tabiati qaysarroq bo‘lganligidan nasihatguy cholni uncha xushlamaydigan aka otasining gapidan g‘ashlandi.
-Ha, nima devdi shu Mahkam bova?! – dedi, onasidan oldin zarda aralash.
-Anovi… Mahkam bova ajab bir gap aytuvdi-da, – hamon allatavir hayajonda turgan ota chuk tushgan joyida qalpog‘ini uch-to‘rt tuzatib kiydi. – Sen yo‘g‘ingda, hey kelganida,- dedi o‘g‘liga. — Hech tuzalmagan kassallarni qaldirg‘ochning uyasi bilan cho‘miltirsa sog‘ayib ketishi mumkin devdi…
-Gapda, — g‘udrandi aka. – Mahkam chol ijodi kelgan bo‘lsa aytgan-qo‘ygan!
-Har narsa diyaverasanmi! — ota bu gal achchiqlandi. Bu amaldan ish chiqishiga azboroyi umidvor bo‘lganidanmi, yolg‘on gapirayotganini o‘zi sezmadi:
– Men o‘zi shu gapni Mahkam bovadan boshqa bitta-ikkitadan ham eshitganday bo‘laman…
— Bo‘lmasa qishloqdan biror qaldirg‘ochi tashlab ketgan uyani so‘rashtirib ko‘rsakmikan?! – gapga aralashdi ona. Keyin og‘ir-og‘ir nafas olib yotgan o‘g‘liga boqib, – o‘zimizdagi tuxum qo‘ygan chiqar, bittasi uyasidan ko‘p uchmayotuvdi, buzsak ham gunay.., — dedi.
Ota o‘ylanib qoldi.
-Leki-i-in, gunaylikka gunay-ku, davoligi bo‘lsa qaldirg‘och yashab turgan uyaning davoligi bo‘ladi, qaldirg‘ochi bo‘lmasa davo bo‘lmas deymanov…

…Xira chiroq yoritib turgan uyda ota bilan aka oyoqqa qalqqan, ona o‘tirgan joyida boshi xam edi. Ukasining ingrashlaridan ichi yonib ketayotgan aka o‘z manglayiga asabiy-asabiy urib qo‘yardi. Bir vaqt u bir juft qaldirg‘och yotgan uyaga yaqin borib tikildi. Ich-ichidan titranib ho‘rsindi.
-Bo‘lmasa buzayliq shuni, bu ham bir gapi! Shundan bir umid bo‘ladigan bo‘lsa gunayi mening bo‘ynimda, ota! – dedi, so‘ng ovozi tovlanib.
-A?!- otaning qulog‘iga o‘g‘lining kiyingi so‘zlari chalinmadi ham. U huddi shu birgina hamfikrga mahtal turgan kabi oshiqdi.
-Narvonni keltiraymi bo‘lmasa, a?!!!
-To‘xtangizlar, — qo‘yib bersa hoziroq uyani buzishga shaylanayotgan erini to‘xtatib qoldi ayol. – Agar chin buzsaq ertalabgacha kutish kerak. Tong sahar qaldirg‘ochlarni haydab chiqaramizda, o‘zlariga ko‘rsatmay buzamiz. Tuxum-puximi bo‘lsayam sharoyit qilib joylashtirib qo‘ysaq, yana uya qurib olisharmidi..?
Bu gap hammaga ma’qul bo‘ldi. Endi ular tong otishini sabirsizlik bilan kutishardi. Misli bu tong ko‘plab o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigandek hayajonga tushishardi.
Tong oqarib kela boshladi. Ushbu tongning otmog‘i jon talvasasida yotgan bola uchun ham har kungidan mashaqqatli kechdi. U yarim ochiq ko‘zlarini atrofidagilarga tikib nimalarnidir iltijo qilar, afsuski, so‘zlaridagi ma’noni anglab bo‘lmasdi. Hatto oila a’zolarini taniyotganligi ham mavhum edi uning.
-Bo‘ldi enajon, men narvonni opkelaman!–aka shaht bilan eshikka chiqib ketdi. Ko‘p utmay esa yog‘ochdan yasalgan kichikroq narvonchani ko‘tarib kirdi.
-Menga ber, o‘zim, — ota o‘g‘lining qo‘lidan narvonchani olib, uya tagidan o‘rnatib chiqa boshladi. Qalpog‘ini siltab-siltab inida qunishibgina yotgan qushlarni qo‘zg‘atdi. Hali tong uncha yorishib ulgurmagani sababli uyadan ko‘tarilgan qaldirg‘ochlar xona bo‘ylab uchishar, tashqariga chiqishni istashmasdi. Ular picha shunday qushlarni quvib halak bo‘ldilar. Qushlar xonani tark etgach eshik derazalarni berkitishib, ota katta pichoq yordamida uyani buzishga kirishdi. Nihoyat barmoqlari qalt-qalt titragancha uyani bus-butun ko‘chirib pastga tushdi.
-Hayriyat, tuxumi yo‘q ekan, — dedi, tin olib.
-Endi cho‘miltirishni qaytamiz?- so‘radi aka. – Uyning ichiga cho‘miltirmasaq, boshqa iloji yo‘qdir deyman.
-Men hozir, — ayol uydan chiqib, oshxonadanmi, allaqaerdan noyaramroq stulcha topib keldi.
-Sen ukangni shunga yiqitmay o‘tqazib tursang, men suv quyardim, so‘g‘in otang ishqalab cho‘miltiraverardi…
-Yaxshi! – dedi aka. Ular xonaning bir burchagi gilamini qayirib, stulchani qo‘yishdi. Bamisoli hushsiz yotgan bolani ust kiyimlarini yichib, o‘tqazishdi. Oyog‘ining tagiga tog‘ara qo‘yib, suv qo‘yib yuvintira boshlashdi.
Otaning qo‘lidagi loy parchasi bola badanidan xuddi sovundek kupirib-loyqalanib oqar-u, hech ado bo‘lmasdi. Ular esa nihoyatda shoshilishar, bundan bir ish chiqishiga negadir hamma qattiq ishonayotgan edi. Shu payt.., shu payt ular xayolida rostdan ham mo‘jiza ro‘y berganday bo‘ldi.
-Ena… – dedi, badaniga suv tegayotganidanmi, yoki qaldirg‘och uyasining karomatidanmi, isitmasi picha tushib o‘ziga kela boshlagan bola. – …Baribir buzibsizlarda..? – keyin xafa bo‘lgandek “qult” yutinib, ko‘zlarini yumib oldi.
Hamma bir muddatga harakatdan to‘xtashdi. Ha, bolaning bu gapi alaxsirash emas, ongli ravishda uya haqida gapirayotgan edi u.
-Bo‘ldi! – pichirladi ota. Qo‘lidagi loyning qolgan qismini tog‘araga tashladi. — Endi toza suvdan quyaver. Sovuqotmasin, tezroq o‘rantirib yotqizish kerak!
Bolani kiyintirib o‘rniga yotqizishganda, u ancha tetik edi. Bundan butun oila terisiga sig‘mas, ajab bir talvasada edilar. Eshik ochilib-yopilganida ichkarigi kirib uyasini topmasa ham, negadir, shovqin ko‘tarmasdan pardaning qoshiga jimgina qo‘ngan qaldirg‘ochlarga esa hech kim e’tibor ham bermasdi. Sal o‘tib bola onasining qistovi bilan bir-necha qoshiq qaynatilgan sut ichdi. Yuzlari terlab, qizillik yugurdi. Endi uning nafaslari yengil edi.
-Ey-y, aytdim-ku Mahkam bova chin aytadi deb, qari bilganni pari bilmaydi-da! – dedi, ota yig‘lamsiq jilmayib.
-To‘g‘ri, to‘yida to‘nlar kiysin bovasi, — erining so‘zlarini maqulladi, yingi uchi bilan ko‘z yoshlarini sidirib ona. So‘ng katta o‘g‘lining yelkasiga qoqdi. – Bolam, sen bor, og‘asining yaxshiligini borib chechasigayam yetkaz. Yoki o‘zini ergashtirib kelaver buyoqqa. Bechora kechadan beri yurak hovichlab kutib o‘tirgandir ul ham.
G‘ayrati ichiga sig‘mayotgan aka sapchib turdi o‘rnidan.
–Mayli, bo‘lmasam, men borib birrov mol-hollarga qarayman-u, keliningiz bilan nevarangizni olib kelaman.
Aka ukasiga ham egilib nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, to‘lqinlanganidan gapira olmadi. Salom berayotgan kishi taqlid boshini qimirlatib qo‘yib, junab ketdi.
Biroz utib bolani uyqu elita boshladi.
-Uxlayapdi, — ona otaga qarab sekin pichirladi. – Yuring bo‘lmasa bizlar ham sigirni sog‘ib kelaylik…
Ular bolani xoli qo‘yib ro‘zg‘or yumushlariga unnab ketishdi. Oradan yarim soatdan oshiqroq vaqt o‘tdi. Bir vaqt ota va ona buzoqni hovlidan haydab o‘tayotganlarida uyning berk derazasiga o‘zini urib shovqin kutarayotgan qaldirg‘ochlar ovozini eshitishdi. Ular qarab ham ulgurmay esa derazaning darz ketgan oynasi “charsillab” sindi.
-Yo xudoyim!!! Derazami?! – seskanib ketdi ona. Qo‘lidagi sut sog‘ilgan chelagi yerga tushib, to‘kildi.
-To‘xta-chi, — ota yetaklab kelayotgan buzog‘ining arqonini qo‘yib yuborib, uyi tomon yurdi. Avval sekin yurdi, keyin yugurgancha uyiga oshiqdi. Yuragi yomon nimadir ro‘y berganini sezayotgan ona ham ortidan ergashdi. U yitib kelmasdan esa, ichkaridan erining alamli fig‘oni eshitildi:
-Bol-a-a-m! Otang o‘lsin bol-a-a-m..!
Ota shart iziga qaytib, ostonada ayolining yo‘lini to‘sdi:
-Maripa kirma! Kirma Maripa!!!
Lolu-hayron ayol mutlaqo telbaga aylangan edi.
-A..?! A, nimaga..?! Nimaga o‘nday bo‘ladi..?! – anglagan voqeasiga ishonib-ishonmay devonavash pichirlar edi u. Keyin erining yonidan yulqinib o‘tib, o‘zini tushakda yotgan o‘g‘lining ustiga otdi. Bola esa… tepaga qarab uxlayotgan misoli jim yotar, badani soviy boshlagan edi.
-Qaldirg‘ochning uyalarini kutib yotibmiding, bol-a-a-a-m!!! – o‘krab yubordi ona. Eshik ostonasida muvozanatini saqlayolmay tebralib-tebralib qolgan ota ham qayrilib, o‘zini juvonmarg bolasining ustiga tashladi:
-Bol-a-m-o-o-ov…!
Bu vaqtda kechikib kelayotgan aka va yanga ham ular faryodini eshitib, ko‘cha tarafdan dod solib kela boshlashdi:
-Og‘am-o-o-v..! Jigarim-o-o-v..! Aldablar ketgan jigar-i-im!..
…Zum utmay xonadon ahllarinng faryodidan nima hodisa ro‘y berganini tushungan el-ulus motam liboslarida do‘nib kelishdi. Hovlida, ichkariga kirib ketgan ota-onasining ortidan qo‘rqibgina javdirab turgan naberaga ham qo‘shnilardan kimdir egalik qildi.
Tushga dovur bolani yuvish uchun kirganlardan biri Mahkam bobo, hayratdan dong qotdi. Bolaning aniq-tiniq sezilarli darajada nur yog‘ilib turgan jasadigi kamoli taajjub bilan tikilarkan, pichirladi:
-Xudo haqqi… Xudo haqqi bola farishtalarga qo‘shilib ketganga o‘xshaydi…
Bolani chiqarishayotganida qo‘lma-qo‘l lapanglab borayotgan tobut ortidan tumonat odam faryod kutarib “og‘amlab” borishardi. Ular orasida esa ovozini hech kim eshitmayotgan bir juft qaldirg‘ochning ham nolasi bor edi. Huddi Mahkam bobo aytganiday Qur’ondagi qaysidir oyatlarga ohangdor edi ularning nolishi:
-Vi-j-i-r, v-i-i-jjj-i-i-irrr, vij-vij…

* * *

Kunlar o‘tib xonadonga taziyaga kelguvchilar qadami ham siyraklashdi. Bu paytda qaldirg‘ochlarning buzilgan uya o‘rnidan tiklayotgan yangi ini ham bitgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.