OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Jinoyatchining muhabbati (hikoya)

Bu voqeani menga bir shifokor gapirib bergandi...
— Reanimatsiya bo‘limida ishlayman. Navbatchiligimda bir yigitni olib kelishdi. Odatda yigitlarning husni maqtalmaydi, lekin tan olib aytishim kerak, bu alpqomat, jingalak sochlari quyuq, qosh-ko‘zi qop-qora yigit yo‘lida uchragan har qanday qizning aqlini olishi tayin. Uch-to‘rt joyidan pichoqlangan yigit hushsiz yotardi.
Bemorni olib kelganlar bilan gaplashishga ham ulgurmasimizdan ketib qolishdi. Tezda birinchi yordam berishga shoshildik. Pichoq yigitning o‘pkasiga, oshqozoniga va ikki marta yuragi atrofiga tekkandi.
Yigit zo‘rg‘a nafas olar, qon bosimi butunlay tushib ketgandi. Sal qimirlatsak ko‘kragidagi yaradan qon favvoradek otilib ketaverdi. Har soniya oltinga teng. Tezda qonga belangan ko‘ylagini yirtib, yo‘l-yo‘lakay narkoz berdik va katalkani shoshilinch operatsiya xonasiga yetakladik. Umid kam bo‘lsa-da, harakat qilishimiz kerak edi. Birinchi o‘rinda ko‘krak qafasini to‘ldirgan qonni olib tashlab, ishga kirishdik. Jarrohlik bo‘limidagi navbatchilarni ham yordamga chaqirdik…
Operatsiya naq besh soat davom etdi. Yuragidan tashqari o‘pka va oshqozoni ham yaralangandi. Jarohatlarning har biri o‘limga olib kelishi mumkin edi. Agar ikki brigada bo‘lib harakat qilmaganimizda, bilmadim nima bo‘lardi. Chunki bunaqa og‘ir operatsiyalar kamdan-kam holda muvaffaqiyatli chiqadi.
Besh soat deganda operatsiyani tugatib, bir-birimizni tabriklab, holdan toyib tashqariga chiqsak, yo‘lakda militsiya xodimlari kutib turishibdi. O‘zini Xolmurodov deb tanishtirgan mayor, bemorni kirib ko‘rmoqchiligini aytdi. Aslida yigitning yoniga hech kimni kiritish mumkin emas edi, lekin iloj qancha, rasmiyatchilik.
Jinoyat qidiruv bo‘limidagilarga o‘z vazifalarini bajarishga qo‘yib berib, xonamga kirdim. Ko‘p o‘tmay sanitarkamiz Habiba xola hovliqib kelib qoldi:
— Voy, Sultonjon, anu yigit-chi, o‘sha qotil emish…
— Qaysi yigit?.. — tushunmadim.
— Hozirgina operatsiya qilganingiz-chi… Astag‘furulloh, Yusuf payg‘ambardek barno yigit-a?! Odamning ishongisi kelmaydi…
Mening ham ishongim kelmay bemor yotgan palataga shoshildim.
— Ishonchingiz komilmi? — so‘radim xodimlari bilan allanimalarni muhokama qilayotgan mayordan.
— Aniq, — dedi u. — Bir-ikkita xonadonga o‘g‘irlikka tushib, qochib yurgandi. Ikki oydan beri qidiramiz, bugun o‘ziga o‘xshaganlar bilan janjallashib, kasalxonaga tushganini aytishdi… Bizning ruxsatimizsiz, yoniga hech kimni kiritmaysiz, hech kim bilan gaplashtirmaysiz ham. O‘ziga kelguncha yigitlarimiz qo‘riqlab turishadi, — dedi mayor.
Hayotim davomida turfa xil odamlarga duch kelganman. Odamlarni ancha-muncha farqlay oladigan yoshdaman. Lekin bu yigit hech jinoyatchiga o‘xshamasdi! O‘zimcha uni birovga o‘xshatishgan, hozir «uzr, biz adashibmiz» deyishadi deb o‘ylayman. Lekin, jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari ishga jiddiy kirishishdi. Mening navbatchiligimda bo‘lgani uchun men ham ancha-muncha savollarga javob berdim.
Hushsiz yotgan yigitga qarab rahmim qeldi. Ne azoblarda hayotini asrab qolgandik, endi umrini qamoqda o‘tkazarkan-da…
Og‘ir operatsiyani boshidan o‘tkazgan yigit bir yarim sutkadan keyin ko‘zini ochdi.
— Ahvolingiz qalay, og‘ayni? — so‘radim unga achinayotganimni sezdirmaslikka harakat qilib.
Javob o‘rniga jilmayib qo‘ydi. Keyin hansirab, to‘xtab-to‘xtab zo‘rg‘a gapira boshladi:
— Hamshiralar aytishdi… hayotimni saqlab qolish uchun rosa harakat qilibsiz. Rahmat…
— Vazifamiz, — kamtarlik qildim. U yana nimalardir demoqchi edi quymadim:
— Charchab qolasiz. Tuzalib ketsangiz, keyin bemalol gaplashamiz, — dedim va ketishga hozirlandim.
— Shoshmang, — dedi yigit shivirlab. — Iltimos, menga qo‘l telefoningizni berib turing, birov bilan gaplashishim kerak…
Ikkilanib qoldim. Chunki u bilan hech kimni gaplashtirmaslik topshirilgandi. Bu gapni unga aytgim kelmadi.
— Sizga hozir gaplashish mumkinmas, keyinroq… — dedim-u, shoshib chiqib ketdim. Lekin ko‘nglim xijil bo‘ldi. Faqat menmi desam, bo‘limdagilarning hammasi unga mehribonchilik qilishayotgan ekan. Habiba xolani gapirmasa ham bo‘ladi, har gal palataga kirib chiqqanida yig‘lab oladi.
— Hech bo‘lmasa, nolisa-chi, og‘riyapti desa-chi… — deb qo‘yadi o‘ziga o‘zi. Tushga yaqin hamshira meni shoshilinch bemorning yoniga chaqirdi. Yigitning issig‘i baland edi. Shuncha operatsiyadan keyin bu albatta, tabiiy hol. «Podklyuchichnik»ni tekshirayotgandim yigit qo‘limdan mahkam ushladi. Harakati holsiz bo‘lsa-da, qat’iyatli edi. Qarasam, ko‘zlarimga iltijoli boqib turibdi.
— Do‘xtir, sizga gapim bor, iltimos… — dedi u. O‘zi holsiz yigitni yana qiynagim kelmadi. Yoniga o‘tirdim.
— U og‘ir kasal, saratonga yo‘liqqan… Bir-ikki kunlik umri qolgan…
— Kimni aytyapsiz? — tushunmadim.
— Bahorani… — yigit qurib qolgan lablarini yalab olgach, davom etdi. — U mening qo‘ng‘irog‘imni kutib o‘tiribdi… Sizni ham tushunaman, mumkinmas, lekin o‘tinaman…
Negadir uning rost gapirayotganiga ishongim keldi. Balki umrining oxirgi daqiqalarini yashayotgan qizga rahmim kelgandir… Nima bo‘lsa, bo‘lar, deb telefonimni chiqarib «ayting» dedim. Yigitning ko‘zlari xuddi dor ostidan hayotga qaytarilgan odamnikidek chaqnab ketdi. U raqamlarni aytib turdi, men terdim. «Allo» degan ma’sum, shirali, shu bilan birga dardli ovoz eshitildi go‘shakdan. Qizning ovozi shuncha chiroyli bo‘lsa, o‘zi qanaqa ekan o‘yladim va go‘shakni yigitga tutqazdim.
— Allo, jonim… — dedi yigit yutoqib. Uning xuddi soppa-sog‘ odamdek dadil gapirishidan hayratda qoldim. Odobdan bo‘lmasada, o‘rnimdan jilmadim. Telefonni unga tashlab chiqib ketishim mumkin emas edi. Yigit ham meni tushungandek telefonni «ovozni balandlatish» tugmachasini bosib qo‘ydi.
— Nega qo‘ng‘iroq qilmadingiz?.. — so‘radi xasta tovush erkalanib. — Yoki meni sevmay qo‘ydingizmi?!
— Seni sevmay quygan kunim, o‘lgan kunim, jonim…
— Bo‘lmasa, yana o‘shalarga o‘ralashib qolgansiz… Ular bilan endi ishlamayman, deb va’da bergandingiz, esingizdami?
— Esimda…
— Siz yaxshi odam bo‘lishingiz kerak. Ikkalamiz uchun ham… Sizni yaxshi odamlar qatorida, o‘zingizga o‘xshagan chiroyli, aqlli qizga uylanishingizni ko‘rish nasib etarmikan menga…
— Men faqat senga uylanaman...
— Yo‘q, yana o‘sha gaplarni boshlayapsizmi? Siz menga o‘xshagan qizga emas, aqlli, odobli qizga uylanishingiz kerak… Kelishgandik-ku, gapingizda turing endi… — arazladi qiz
— Xo‘p… — dedi yigit itoatkorlik bilan.
— O‘shanda… ya’ni, yaxshi qizni topganingizda, men bilan uchrashish yo‘llarini qidirmaysiz… Agar men sog‘inib qo‘ng‘iroq qilsam ham, xatlar yozsam ham javob bermaysiz! Chunki men o‘zimni bilaman, sog‘insam, chidolmay telefon qilishim mumkin. Lekin siz irodalisiz… Mayli, telefon go‘shagini bir martagina ko‘tara qoling, lekin javob bermang… Xo‘pmi… Shunda men sizni bag‘ritosh deyman va birga o‘tkazgan shirin damlarimizni eslab, yig‘lab-yig‘lab uxlab qolaman…
— Xo‘p, jonim, sen nima desang shu… Sen uchun bag‘ritosh bo‘lishga ham tayyorman… Faqat qo‘ng‘iroqlaringga javob qaytarmaslikka kuchni qaerdan olaman?! Oyog‘im sen tomon sudrasa, qanday qaytaraman…
— … sevaman degan so‘zingizni yana eshitgim kelyapti, so‘nggi bora, desam ham javob bermang… Chunki muhabbatimizning o‘sha kuyi, o‘sha ohangi yo‘qoladi. Shirin xotiralarim o‘zgarishini xohlamayman… Sizni baxtli ko‘rishni istayman… Endi charchadim, biroz dam olay, keyin yana qo‘ng‘iroq qilasiz, xo‘pmi?!. Yana esingizdan chiqmasin…
— Esimdan chiqmaydi…
Men xuddi mixlangandek joyimda qotib turardim. Nima bu?! Bu yigit kim o‘zi, kimni sevadi? Tashqaridagilar uni ashaddiy jinoyatchi deb, poylab turishibdi. Lekin uning sevgilisiga mehribonligi buning aksini aytib turibdi… Boshim qotib qoldi.
Shu paytgacha odamlarni yaxshi bilaman deb o‘ylardim…
Ko‘z yoshlari ikki chakkasiga duv-duv oqayotgan yigit telefonni menga uzatdi.
— Rahmat, — dedi siniq ovozda. Uning boyagi quvvatidan asar ham qolmagandi.
— U seni qattiq sevarkan, og‘ayni, — dedim jilmayishga harakat qilib.
— Bilaman, — dedi xo‘rsinib.
Unga savollarim ko‘p edi, lekin jinoyat olamida nima qilib yuribsan deb so‘rmadim, buni so‘raydiganlar mensiz ham ko‘p, ostonada poylab turishibdi.
— Nega yosh joningga jabr qilding? Sevganingga uylanib, tinchgina yashab yursang bo‘lmasmidi? Sendek yuragi toza yigit…
Yigit gapimdan kulib yubordi. Keyin og‘riqdan ihrab:
— Yuragim tozaligiga guvohlik berasiz-a?! — dedi. — Axir yuragimni ochib ko‘rdingiz-ku, tozaligini faqat siz bilasiz…
Uning zukko hazilidan men ham kulib yubordim.
— Sizdan yana bir iltimos… Bugun meni qamoqxona gospitaliga olib o‘tishadi. U bilan qaytib gaplasha olmayman. Meni olib ketishgandan keyin telefoningizdan mana shu raqamga — «Seni sevaman, barcha aytganlaringni bajarishga so‘z beraman», degan xabarni jo‘natib yuboring… Bu dunyodan meni yaxshi tomonga o‘zgarishimga ishonchi komil bo‘lib ketsin… O‘zi ochiqko‘ngil qiz, faqat ikkalamiz ham taqdirning chigal yo‘llarida adashib qolganlardanmiz…
—    Kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, sen mening bemorimsan… — yigitga aytganlarini bajarishga so‘z berdim.
Men shifokorman, har qanday sharoitda ham, bemor kim bo‘lishidan qat’iy nazar — jinoyatchimi, donishmandmi, yordam berishga qasam ichganman.
— Lekin mening ham shartim bor, og‘ayni, — dedim bir oz o‘ylanib turgach. — U yoqdan qutilib chiqqaningdan keyin to‘g‘ri hayotga qaytaman deb menga ham va’da berasan! Hayotingni asrab qolganman axir, bunaqa va’da talab qilishga haqqim bor…
 U ko‘zida yosh bilan jilmaydi:
— Juda qiyin shart qo‘ydingiz, bu menga og‘irlik qiladi… Lekin nailoj, ikki kishiga so‘z berganimdan keyin bajarmasam bo‘lmas…
Shu kuni yigitni olib ketishdi, men ham va’damni bajardim. Lekin hanuz yuragimda nimadir, bir kun kelib yigit meni qidirib topishiga va «va’damni bajardim!» deyishiga ishonishga undaydi…

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.