OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Qadrdonlar (hikoya)

Did bilan kiyingan qirq yoshlardagi kishi nuroniy onaxonni avaylabgina yonimdagi o‘rindiqqa o‘tqizdi. Styuardessa qiz shirinsuxanlik bilan samolyot uchishga tayyorlanayotganini, kamarlarni bog‘lashimiz lozimligini e’lon qildi. Kutilmaganda onaxon, hammaga eshittirib “Ilohi omin, safarimiz bexatar bo‘lsin…” deb duo o‘qiy boshladi. Atrofdagilardan kimdir kulib, kimdir samimiy, hatto bir-ikkita xorijlik ham “omin” deb qo‘lini duoga ko‘tardi. O‘g‘li  mehr va xijolat aralash onaxonga qarab qo‘ydi.
Keksa kishi samolyotda bezovta bo‘lsa kerak deb xavotirlangandim. Xavotirim o‘rinsiz chiqdi. Onaxon avval ham uchgan, shekilli, samolyot ko‘tarilayotganida bezovtalanmadi.
— Amerikani bir aylanib kelay debsiz-da?! — deya gapga tutdim onaxonni. — Yoki qarindoshlar bormi, u yoqda?
— Qarindoshdan ham yaqin qadrdonlarimiz yashaydi, shularni ziyorat qilishga ketyapmiz, bolam. Meni olib bor, ko‘zim ochiqligida yahudiy qadrdonlarimning diydorini yana bir ko‘ray, dedim.
— Yahudiy?!
— Ha, bolam, hayron bo‘lmang. Bizning shaharchada har xil millat, shu qatorda o‘zbeklaru yahudiylar bitta mahallada yashardik. Keyinchalik hamma har yoqqa ko‘chib ketdi...
Mening baribir hayron bo‘lib turganimni ko‘rgan o‘g‘li kuldi:
— Bir paytlar tanish bo‘lganlarni ko‘rgani shuncha yo‘l bosib ketishyapti, deb hayronmisiz? Buning tarixi uzun... Ular nafaqat hamshahar, balki odamiyligi osmon, bag‘rikeng odamlar edi. O‘zi musofirchilikda qiynalsa-da, himmatli edi bizning aka Ya’kub. Hammaga  xesh deb murojaat qilardi. Ular bilan bir voqea sabab bir oiladek bo‘lib ketgandik. Bizga ko‘p yordam qilgandi. Ota-onasining qabri yurtimizda qolgan. Xabar olib turamiz. Ko‘chib ketishayotganida butun mahallamiz bilan yig‘lab kuzatganmiz...

* * *

Bolakay kasalmand onasi bilan yarim xaroba uyda yashardi. Onasi jiyak tikib sotar, shu arzimas pulga kun ko‘rishardi. Ona uni tuqqach, kasalmand bo‘lib qolgan. Otasi esa qo‘lida chaqalog‘i bilan onasini yolg‘iz tashlab, BAMga ketgan. Qulog‘iga chalingan gaplarga qaraganda, onasi tug‘ruqxonada, ya’ni chillaxonada uxlab qolib, “narsalangan” emish. Shundan keyin ikki yil xayoli parishon bo‘lib yurgan. Qo‘ni-qo‘shni birgalashib bolani bir amallab katta qilib olishgan. Bola sakkiz yoshga kirganida onasining aql-hushi joyiga kelib qolgan-u, lekin sog‘lig‘i yo‘q, hech qaerda ishlamasdi.
Bolakay tezroq katta bo‘lgisi, onasiga judayam yordam bergisi kelardi. Mahalladagi bolalar ta’til paytida shahar chetidagi “gren zavod”da (grena — ipak qurti) ishlab pul topishardi. Ularga havasi kelardi. Bir kuni mahalladagi katta bolalarga qo‘shilib, u ham “gren zavod”ga bordi. Nazoratchining “kichkina-ku”, degan e’tiroziga mahalladosh qiz izoh berdi:
— Yoshi o‘n ikkida, bo‘yi o‘smay qolgan!
Boshqa bolalarga qo‘shib uni ham tsexga kiritishdi. Bolakay quvonchidan ichiga sig‘masdi. Xuddi bu yerga kirib olsa bo‘lgani, puli ko‘payib ketadiganday...
Badbo‘y zax binoga kirgach, ko‘ngli ozib ketdi. Ularning vazifasi katta-katta yog‘och qutilarda aralashib yotgan kapalak qurtlarni bir-biridan ajratib, alohida idishlarga solish ekan. Shilimshiq kapalaklarni ushlab ko‘rgach, g‘ijinib qayt qilib yuborayozdi.
— Tez-tez qimirlamasang, aka Ya’kubdan kaltak yeysan, — uni ogohlantirdi mahalladosh qiz.
Sassiq, dim xonada bolaning bo‘lari bo‘ldi, tushgacha zo‘rg‘a chidadi. Tushlikda zavod oshxonasi yordamchilarga ovqat tarqatarkan, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olgan bola stulga holsiz cho‘kdi. Uning ovqat yeyishga ham kuchi qolmagandi. Dasturxonga tortilgan karam do‘lmani ko‘rib tamshanib qo‘ydi. Bu taomni bir marta qo‘shni kampir “hamsoyatovoq” chiqarganida tatib ko‘rgandi. Shundan buyon ta’mi og‘zida qolgan. U ovqatga termilsa-da, xayoli onasida edi. “Go‘shtli ekan”, tamshandi u bitta do‘lmani bo‘laklab og‘ziga solarkan. Oyijonim ham yeganida edi... Birdan xayoliga kelgan fikrdan ko‘zlari porlab ketdi. U do‘lmaning kartoshkasini va sho‘rvasiga non botirib yeb, qornini to‘yg‘azdi-da, stoldagi “salfetka”ni sekingina oldi-da, ikkinchi do‘lmani unga o‘radi. Keyin atrofga o‘g‘rincha qarab oldi. Bolalar dasturxondan bosh ko‘tarmay ovqat yeyishardi. Unga hech kim e’tibor ham bermadi. Sezdirmay do‘lmani sekin cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Tushlikdan keyin tsexdagi bolalar biroz dadillanib ishga kirishishdi. Mahalladosh qiz sekingina shivirladi:
— Olmos, sen atrofdagilarga e’tibor berma, ular narigi tsexdan pilla o‘g‘irlashadi. Birortasiga qo‘shilma! Agar aka Ya’kubning qo‘liga tushsang, naq o‘ldiradi...
Bolakay pillani nima uchun o‘g‘irlashlarini tushunmasa-da, xo‘p deb qo‘ydi. Aka Ya’kub haqida rosa ko‘p vahimali gaplar eshitgani bois uni ko‘rmasdanoq qo‘rqa boshladi. Pilla o‘g‘irlashni esa xayoliga ham keltirgani yo‘q. Lekin cho‘ntagidagi oyijoni uchun olgan do‘lmasidan qo‘rqardi. Aka Ya’kub uning o‘g‘irlik qilganini bilib qolsa nima bo‘ladi... Qo‘rquv kuchlilik qilib qurtlardan g‘ijingani ham esidan chiqib ishga kirishdi.
Ish tugagach, hamma tashqariga yo‘l oldi. Lekin eshik oldi birdan g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. “Aka Ya’kub, aka Ya’kub” degan vahimali gaplar qulog‘iga chalingan bolakay qo‘rqqanidan o‘zini orqaga oldi. Aka Ya’kub eshik yonida turib bolalarning cho‘ntaklarini bitta –bitta  tekshirar, cho‘ntagidan pilla chiqqanlarni kalitiga o‘rnatilgan ingichka zanjircha bilan qarsillatib urardi. Bolalarning qiy-chuvi atrofni tutgani sari bolakayning oyoqlari qaltirab, holsizlandi. Taxlab qo‘yilgan qutilar orasiga kirib yashirinib oldi. Hammani kuzatgan aka Ya’kub so‘kinganicha qo‘lidagi pilla to‘la qutini joyiga qaytarish uchun tsexga kirdi. Etikning gurs-gurs ovozi bilan bolakayning yuragi urishi birlashib ketgandek edi. Bir payt uning ko‘zi bolaga tushib taqqa to‘xtadi.
— Bu yerda nima qilyapsan? Qo‘lingdagi nima, nimani yashiryapsan? — o‘dag‘ayladi u.
Bolakay bir qo‘lida qog‘ozga o‘ralgan do‘lmani mahkam siqib, ikkinchisi bilan boshini berkitganicha cho‘kka tushdi. U hamma narsaga tayyordek jim turardi. Miyasida faqat bitta fikr: “Oyijonim ham do‘lmadan yesa edi, go‘shti ko‘-o‘p ekan-da…” Ya’kub uning qo‘lidagini yulib oldi. Olmos boshini changallab, battar qunishdi. “O‘lgudek savalashi aniq. Sag‘irga kim ham rahm qilardi!”
Kutilmaganda Ya’kub tiz cho‘qdi va bolakayning boshini siladi. Olmos qo‘llari ostidan unga jovdirabgina qaradi. Aka Ya’kub yig‘lardi... Tovushsiz, ko‘zlaridan shashqator yosh oqardi...  Tomog‘iga xo‘rsiniq tiqilgan bolakay uning bag‘riga otildi…

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.