OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilmurod Sodiqov. Baliq bola (hikoya)

Ko‘chadan jarchining janozaga chaqirgan tovushi keldi. Marhum kim — eshitolmadim, chaqiriq traktorning bo‘g‘iq ovozi bilan qorishib ketgandi. Shunisi ham ma’qul, marhumning kimligini bilsam uch-to‘rt kun behuzur, ko‘nglim buzilib yuraman. To‘g‘ri, bugun bo‘lmasa ertaga eshitaman, lekin inson qayg‘udan bir daqiqa bo‘lsin yiroq bo‘lishni istaydi.
Derazamdan Bobotog‘ ko‘rinib turadi. Kayfiyatim bo‘lmaganda shu toqqa termilaman. Dardim ariganday bo‘ladi, o‘zimni yengil his qila boshlayman. Cho‘qqilarini qoplagan qor ruhiyatimni tetiklashtiradi. Shunda men hamma narsani unutaman va qoyalarda o‘tmishning abadiy manzaralarini ko‘raman. Bunday mo‘‘jizani na dengizdan, na biyday cho‘ldan topasiz. Nazarimda, faqat tog‘ shunday qudratli ta’sirga egaday tuyuladi.
Hozir tog‘ning boshida to‘p-to‘p bulut osilib turibdi. Bizda shunday: bir zumda osmonning rangi bo‘zarib, sharillab yomg‘ir quyib beradi. Bunday mahal quyosh quyuq bulut ortiga berkinib oladi. Qora bulutlar chelaklab quya boshlaydi. Ammo havo tezda ochilib ketadi.
Shamol turmasdan derazamni yopdim-da, xonamning u burchidan bu burchiga borib kelaverdim. Tashqarida esa, momaqaldiroq guldiraydi. Chaqinning o‘tkir nurlari derazadan kirib, to‘rtburchak shaklda to‘shalgan ko‘rpachalarga qadar sanchiladi.
Bugun yomg‘ir tinguncha tashqariga chiqmadim, ko‘rpachaga cho‘zilib, deraza ortidagi qora bulutning chok-chokidan so‘kilishini jim tomosha qilib, buni o‘zimcha inson umriga muqoyasa qilib ko‘rdim.
Yotsam uxlagunimcha xayollar dunyosiga g‘arq bo‘laman. Ayniqsa, bugungiday birovning qazo qilganini eshitsam o‘z yog‘imga o‘zim qovrilaman. Nimaga bunday — tushunmayman. Boshim lo‘qillab og‘riydi. Dardni bartaraf qilayin, deb o‘rnimdan turaman, birovlarga dilimni yorgim keladi. Ichmasam, chekmasam, kechalab daydib yurmasam, qaerdan orttirdim ekan bu dardni? Bilmadim, bunga tayinli javob topolmayapman. Hozir haligi marhumning kimligini o‘ylayapman. Bu shum xabarning menga aloqasi yo‘q. Lekin irodamdan tashqaridagi allaqanday kuch ko‘nglimga soya soladi, g‘amga botaman.
Shu orada quyosh porlab, osmon yuvilgan shishaday yaraqlab ochildi. Hovliga chiqqanimda yomg‘irdan keyingi xushbo‘y hid dimog‘imga urildi. Yoqimli havodan to‘yib-to‘yib nafas oldim, tepadagi qaldirg‘ochlarning havoni kesib o‘ynoqlab uchayotganini tomosha qildim. Qushlarning parvoziga mahliyo bo‘lib, Loqay cholning kelganini payqamay qolibman. Uning chehrasi tashvishli edi. Mungli ovoz bilan: “Bu qanday ko‘rgulik bo‘ldi. Qorasoch kampir o‘zini suvga tashlabdi... asrga chiqararkan. Yur, boraylik”, dedi. Bamaylixotirligimni ko‘rib, mendan biroz nafratlandi chamamda. “Menda nima ayb, buni men qilganim yo‘q-ku”, dedim ichimda. Mendan tayinli javob olmagach, chol irkit loy ustidan yurib ketdi.
Uyga qaytib kirdim. “Kechagina soppa-sog‘ yuruvdi-ku! Oxiri niyatiga yetibdi-da. Tavba, odam o‘zini o‘zi... Shusiz ham odamni dunyoga bog‘lab qo‘ygani yo‘q-ku!”. Keyin kampirning tiriklar safidan chiqqani haqida o‘yladim. “Agar u rostdanam o‘zini suvga tashlagan bo‘lsa... demak, shunday bo‘lishi kerak edi”, degan fikrga bordim. Bu fikr miyamga o‘z-o‘zidan kelmadi, sababi bor edi...
Bu voqeaga yigirma yilcha bo‘ldi. Paxta terimi payti hamma dalada. Qorasoch momoning to‘rt yoshli o‘g‘li bor edi. O‘ziyam qirq yoshida farzand ko‘rdi. Tilovmurod — Xudodan tilab olgani, uni hech kimga ishonmasdi. Dalaga chiqsayam, ko‘chaga chiqsayam o‘zi bilan olib yurardi. Bir safar rais buva: “Manavu tirmizagingni ikkinchi bu yerda ko‘rmayin”, deb o‘shqirib berdi. So‘ng brigadir ham qattiq gapirdi:
— Anavu shiypondagilar nima ish qiladi? — dedi u, — shularning qo‘liga topshir!
Biroq kampirning qulog‘iga gap kirmadi, bolasini yetaklab kelaverdi. Hatto “Mening bolam bilan ishlaring bo‘lmasin”, deb boshliqlarga achitqi gap qildi.
Bola yonimizdagi daryo qirg‘og‘iga borib, suvga tosh otar, taram-taram doira hosil bo‘lganda “Ena, qarang, qarang”, deb qichqirardi. Kampir qo‘lidan yetaklab olib kelsa, yana ketib qolaverardi. Toqati-toq bo‘lgach, “Suvdan uzoqroq bo‘l, tag‘in tushib ketma”, deydigan bo‘ldi.
Tilovmurod daryoga non tashlaganda baliqlarning g‘uj bo‘lganini ko‘rib zavqlanib qichqirardi. Bora-bora bu uning sevimli o‘yiniga aylandi. Dalaga borgandan daryoga enar, butun boshli nonni baliqlarga to‘g‘rab berardi. Ermak odatga kirdi. Ona ham, atrofdagilar ham xavotirlanmay qo‘ydi. Shunday kunlarning birida bolani baliqlar avradimi, ularni tutaman, deb daryoga tushdi-yu cho‘kib ketdi. Anchadan keyin Qorasoch kampir egatdan chiqib, “Tilov-u-u”, deb chaqirdi. O‘g‘lidan sado bo‘lmadi. Qo‘lini og‘ziga qo‘yib yana qichqirdi, yana javob kelmadi. Etakni uloqtirib, daryo tomon chopdi. Lekin bola yo‘q edi. Shunda yigirma chog‘li ayollar chuvvos solib yig‘ladi. Onaizor boshini toshga urib yordi. Odamlarning qo‘lidan yulqinib, “Endi bu dunyoda yasholmayman, bolamning izidan ketaman”, deb o‘zini suvga otdi. Uni daryodan chiqarib, “Ko‘p o‘rtanmang, bolangizni topamiz”, deb dalda berishdi. Bu gaplar onaga ta’sir qilmadi.
Oqmozorliklar bolani bir oy qidirishdi. Beshinchi haftada uning nobud bo‘lganini tan olishdi.
Kampir yolg‘iz qoldi. Boshda u daryoning bo‘yiga tez-tez borib turardi. Keyinchalik shu yerdan nari ketmay qoldi. Yozdayam, qishdayam suvga termilib o‘tiraverardi. Odamlar bunga ko‘nikdi, oqibatda hech kimning u bilan ishi bo‘lmay qoldi.
— Endi-endi meni tinch qo‘yadigan bo‘lishdi, — derdi u. — Bo‘lmasa uydan bir qadam chiqsam yosh bolalar ham qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadi, yana daryoga ketayapti, deb. Bu menga og‘ir botadi. Men yosh bola emasman. Ular buni bilmaydi.
Qish kuni, qor uchqunlayotgandi. Uni doimgiday daryo labida ko‘rdim. Munkayib suvga tosh otar va gapirib qo‘yardi. “Bolajonim, qorning ochdimi, — derdi suvga qarab, — senga non opkeluvdim. Hozir beraman, aylanay”. Burilayotib meni ko‘rdi-da, seskandi, chiyillab:
— Tuf-e, tuf, — dedi ichiga tuflab, — shobiringni berib kelsang bo‘maydimi? O‘takam yorilay dedi-ya. — Picha turgach: “Bu yoqda nima qilyapsan o‘zi,” dedi.
— Mollarni jildirib kelayatuvdim. Sizni ko‘rib to‘xtadim. Ketdik, ro‘molingiz namiqib qopdi, — dedim.
U qo‘lini siltadi. Keyin xuddi arazlagan boladay ters burilib oldi. Shoyiga non tugib kelgan ekan. Nonning oxirgi bo‘lagini oldi-da, daryoga otdi. Bir to‘da baliqlar suzib kelib, yeyishga tushdi. Kampir esa: “Voy bolajonim-e, qorning ochdimi? Enang o‘rgilsin, ol, ye, bolam. Yeyaver”, deb daryoga tikilardi.
Men hech narsaga tushunolmasdim. Chindanam o‘g‘li ko‘rinayaptimikin, deb oldinga enkaydim, biroq baliqlardan bo‘lak hech nimani ko‘rmadim.
Kampir tinmasdan gapirardi. Gaplari ipga tizilgan marjon donalariday bir xil edi. Nihoyat baliqlar tarqalib ketdi, kampir javrashdan to‘xtadi. Shunda men kampirning ko‘zlarida umid uchqunlarining izini ko‘rdim. “Hech kim ko‘rinmadi-ku, shuncha gapni kimga aytdingiz?”, dedim. Avvaliga u biroz o‘ylandi. So‘ng shunday dedi:
— Baliqlarni bolamga o‘xshataman. Ular menga yupanch. Men baliqlar bilan ovunaman.
Kampirning ko‘zida yosh halqalandi. Yuring endi, qor ham tezladi, dedim. Keyin qishloqqa yo‘l oldik. Uning unsiz hiqillashi ko‘nglimni hufton qildi. Kechgacha siqildim. Shundan keyin kampirning yoniga bormay qo‘ydim.
Mana, baliqlar kampirni ham olib ketibdi. Bo‘ldi, endi bu haqda o‘ylamayman.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.