OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilmurod Sodiqov. Umr chirog‘i (hikoya)

Eshturdiboy elliklarga kirgan, novchadan kelgan, qoramag‘iz odam. Ammo soch-soqoli oppoq, gavdasi chollarnikiday bukik. Hayot uni ko‘p sinagan. Yetimlik, keyingi alg‘ov-dalg‘ov yillar, tirnoqqa mushtoqlik. Bularning bari besamar ketmadi. Oqibat Eshturdiboyning qaddini dol qildi.
U burnog‘i yili ona qishlog‘idan ko‘chdi. Odamlarning gapidan bezib shunday qildi. Kunlarning birida xotini Oysuluvga aytdiki, taqdiri azalning hukmi shunday bo‘lsa, bizda nima ayb. Ichiqoralarning gap-so‘zlari ustixonga yetdi, bas, ularning ovozi yetmaydigan joyga ketamiz. Shu bo‘ldi-yu, olisdan olachalpak bo‘lib ko‘rinadigan Olatepaga ulog‘ib ketdi. Olatepaki, unda giyoh bitmaydi, qishda uvillagan  angor, yozda tap-taqir tepa. Hayhotday tepalikda bir juft oila g‘am-anduhlarni ichga yutib, umrguzaronlik qildi.
Dunyoning ishlari qiziq. Ba’zan yoningdagi odamlarning qiliqlari ko‘ngilga tegadi. Yo‘q bo‘lsa-chi, qumsaysan, sog‘inasan. Eshturdiboy bilan kampiri aro yo‘lda qoldi. Bir-biriga termulib kunni-kunga uladi. Ammo Eshturdiboy xotinidan minnatdor. Boshqa birov bo‘lganida allaqachon etagini silkib ketardi. U-chi, bunday qilmaydi, eri bilan bab-baravar umid qiladi. Tunlari yig‘lab chiqadi, yolvoradi. Kun kelib dodi yetishini biladi.
Shom edi. Eshturdiboy siqildi. Kulbadan chiqib, tepaning qoshiga bordi, tizzanlab o‘tirdi, uzoqda sochilib yotgan qishlog‘iga boqdi. Termulish borabarida xayolini yana mushtoqlik dog‘i band etdi. Ovozini baralla qo‘yib, peshonamga bitmagan dunyo ekansan, deya pichirladi. To‘liqdi, ko‘ngli buzilib, achchiq-achchiq yoshlar to‘kdi. So‘ng Oysuluv darchadan qarab turmaganmikin, degan o‘yda apil-tapil yuz-ko‘zini artdi, ortiga burilib shishib-qizargan, ammo tabassumli nigohi bilan kulbasiga qaradi. Hayriyat, Oysuluv ko‘rinmadi.
Eshturdiboy qibla tomonga yuzlanib, cho‘kayotgan shafaqqa uzoq tikildi. Yugurik xayol uni bolalikka, keyingi yillar, umrining har turlik ko‘chalariga olib-qochdiki, g‘o‘rbatdan o‘zgasini ko‘rmadi. Hammasiga qo‘l siltadi. Ilkis o‘rnidan turdi-da, uyi tomon yo‘naldi.
Kunlar quvalashib o‘tib ketdi. Bir kuni Oysuluv aytdiki, tobim yo‘qqa o‘xshaydi, juda lohasman. Eshturdiboy qo‘rqib ketdi, suyangani Oysuluv, biron kori-hol bo‘lsa, nima qiladi. Yugurgilab quyi qishloqdagi Sora tabibni boshlab keldi. Tabib Oysuluvning rangiga boqdi, qo‘l, bosh tomirlarini ushlab ko‘rdi. Sekin bilagidan ushlab, qabatdagi xonaga boshlab kirdi. Ancha g‘udunglashdi. Eshturdiboy intiq bo‘ldi. So‘ng ikkisi ham yuzi yorishib chiqdi.
Sora kampir sho‘x edi. Oysuluvga yuzlanib, sekin gap qotdiki, endi kuyov bolani quchib qo‘ymiysizmi. Oysuluv anqovroq ediki, momoning qitmirini tushunmadi, chippa-chiniga inondi-da, angrayib turgan erining yelkasiga osildi. Shunda kampir polvonjon yo oybaldoq, deya chaq-chaqladi. Xotinining qilig‘idan mulzam bo‘lgan Eshturdiboy shundagina angladi, angladi-yu, butun olam ko‘ziga charog‘on bo‘lib ko‘rindi. Zimiston kulbasi nurga to‘ldi, beixtiyor ikkisi-da bir-birovining ko‘z yoshlariga belandi. Kampirning-da ko‘ngli osmonga yetib, ro‘molining burchidagi pista-bodamni ularning boshidan sochdi.
Eru xotinning turmushiga mazmun indi. Intiqlikdan bezillagan dillar chog‘ bo‘lib, bir-biriga intildi. Nigohlari bilan suhbatlar qurdi. Shunday kezda hayotga yana ko‘ngil qo‘ya boshladi. Xapriqqan bag‘rini ochib, undan abadul-abad minnatdor bo‘ldi.
Ayozning chillasida Oysuluvning ko‘zi yoridi. O‘g‘il, o‘z oti bilan Xudoyberdi. Eshturdiboy bilan Oysuluv xolaning ko‘hna zaminga nish urgan tomiri.
Ota-ona elga to‘y berdi. Eshqobil oqsoqol qurboshi, u jo‘shib aytdiki, chaqoloq bir Eshturdiboyningmas shu elning bolasi, qishlog‘imizning ori bo‘lsin, omin. Shunda ilgari g‘ayirlik qilib yurgan bir tunukachi Eshturdiboyga qarab, bo‘ri uliydigan tepada nima qilasiz, qishlog‘imizga qaytsangiz-chi, deb qoldi. Eshturdiboy qaddini g‘oz tutib dediki, yo‘q, Olatepa balomning Vatani, biz farzandimiz uchun yashaymiz.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.