OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilrabo Mingboyeva. Dilband (hikoya)

Biz uyimizga yetay deb qoldik. Ikki-uchta it bemavrid o‘tkinchidan jahli chiqib, hura boshladi. Sen itning ovozidan qo‘rqma. Bu ham dunyodagi tovushlardan biri. 
Mana, yonimizga kelib, mening etaklarimni yalay boshladi. Sezayapsanmi, men itlarning ko‘zlariga qaramayapman. Ko‘zlarida miltirayotgan ojiz g‘azabni ko‘rmaganimiz ma’qul. Sen ularni yomon ko‘rma, ular tanimaganlarga shunday muomala qiladi. 
Bu – bizning uyimiz. Bu – endigina bo‘y cho‘zayotgan teraklar bilan shivirlashayotgan arig‘imiz. Bizdan xavotir olib hovliga shoshilib chiqayotgan, bu mehribon odam – sening otang. Ajib qo‘shiqlar kuylayotgan qushlar – sening aka-ukalaring. Tepamizda jimgina termulayotgan xilqat – osmon. Sevsang, sog‘insang, nafratlansang, unga tikil. 
Bu – sening xonang. Bu rangli qog‘ozlar, qo‘g‘irchoqlar, yostiqchalar, kitobchalar, disklarga qamalib qolgan multfilmlar – sening mulking.
Yuraqol, ovqatlanamiz. Ovqatning sarasini bizga ilinayotgan otangga qara-ya! Ko‘nglim behuzur bo‘lib, uydan otilib chiqdim. Oh, erkatoyim, senga bu yemak ham yoqmadimi? Oshxonaga kirib olma yeyaqolaylik! Ko‘proq yeymiz-a, yuzlari tip-tiniq sohibjamol bo‘lasan! Faqat boshqa to‘polon qilish yo‘q! 

* * *

Bozor to‘la lo‘li ayollar va bolalar. Bu yerda bolalar sotilayapti, narx-navo ustidagi talashib-tortishishlar avjiga chiqqan. Men bozor oralab seni qidirdim. Seni topdim. Sen shu qadar o‘zgachasan. “Qizalog‘im”, dedim. Sen qaramading. “Yur, uyga”, desam, tanimading. “Oyim kelsa, undan olib ketasiz”, deding. “Sening oying menman-ku?” dedim. “Yo‘q, oyimdan ruxsat oling, keyin siz bilan ketaman”, deding. “Yuraqol, oyingni topa qolaylik, u menga seni berarmikin? Oh, oying qani-ya sening?”. Biz oyingni izlab, bozorni necha bor kezdik, qani topila qolsa?! Qani oying? Qani-ya, o‘sha oying?
To‘lg‘onib uyg‘onib ketdim. Sen esa qornimda ti¬nimsiz tepayapsan! Axir, sen vujudimdasan-ku? Men¬man-ku, sening onang! Seni qaylardan qidirib yuribman-a. 
Otang hamon uyg‘oq. O‘yga botgan. U yarim tunda nimalarni o‘ylaydi? Haliyam sevarmikin o‘sha ayolni?! Ha, ha, u ba’zida menga gunohkorona jilmayib qo‘yadi. Yuragini nima tirnayotganini nahot his qilmasam?!
Uning qo‘lini olib qornimga qo‘ydim. Shaddod qiz, yana tepding. Sezayapsanmi, bu otangning iliq tafti, dun¬yodagi eng g‘amxo‘r insonning qo‘li. U seni shu qo‘llari bilan ko‘tarib yuradi, himoya qiladi. “Tepishini qarang-a”, dedim. U “Ha, ha, ajoyib”, dedi. Ammo bu mening ko‘nglim uchungina aytilgan so‘z edi...
 
* * *

Yuzlarimdagi dog‘lar tobora bo‘rtib, semirib qol¬dim. Bilasanmi, dunyodagi eng go‘zal ayol kim? Men – sening onang! Ko‘z ostimga tushgan mayda ajinlar sen uchun go‘zallik belgisi bo‘lib qoladi. Sen esa mening butun orzularim, muhabbatim, hislarimni o‘ziga jo qilgan farishtaday qiz bo‘lasan! 
Vujudimda o‘sayotgan gulim! Seni gullar bilan tanishtiraymi? Kel, yaxshisi, musiqa tinglab, gullarni tasavvur qilish o‘yinini o‘ynaymiz. Yoki chigirtkaning ovozini suratga solamiz. Balki biz uchratgan barcha go‘zal qizlarning qiyofasini uyg‘unlashtirib, tabiat tasvirini yaratarmiz. Balki dala aylanarmiz! Yur!

* * *

Nega bizdan do‘xtirga borishni talab qilishadi? Bizning ahvolimiz yaxshi, hatto juda zo‘r. Qornim tobora kattalashib, sening dunyoga kelishingga oz qoldi. Sen shundoq yuragim ostida yashayapsan. Dilimni muhabbat bilan payvandlagan – Sen! O‘zing ularga, o‘z bolasini qarg‘aydigan qo‘shni xotindan tortib kitoblarda aks etgan ideal qahramonlargacha, mening ko‘nglimdan to eng katta olamgacha bo‘lgan yo‘lni bilishingni ayt! Butun olam seni tasdiqlaydi, dilbandim!

* * *

Kuz, qish o‘tib, bahor oxirlab qoldi. Uch fasl qanday sehrli kechdi! Sen bilan birga fasllarni qaytadan tanidim. Bugun og‘riq jonimdan o‘tdi. Sen bilan diydorlashsak kerak. 
Og‘riq yana iskanjaga oldi. Bizni shoshilinch tug‘ruqxonaga keltirishdi. Qorni qappaygan, to‘lg‘oq azobida o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmayotgan sevilgan va sevilmagan ayollar… Har doimgiday hasadim keldi. 
Yurak-yuragimdan o‘tib ketayotgan iztirob dodga aylandi. Butun olamni – sevmasligini sir tutish uchun bizni mehrga ko‘mib tashlagan otang, yuzlariga armonlar ayamay naqsh solgan onam, barcha gunohlarimni jimgina kechirguvchi otamni unutib chinqira boshladim. 
Dard tutgandan tutdi. Jonimdan o‘tdi. Harchand jonimdan olma, o‘lmayman, o‘lishni xohlamayman. Dilbandimni ko‘rishim, diydoriga to‘yishim kerak. Yagonam… Go‘zalim… Gulim… Dilbandim…
Dard o‘tib ketdi. Men bolamni o‘zimga berishlarini talab qila boshladim. Doyalarning rangi bo‘zdek oqarib, so‘zlagani so‘z topolmaydi. Tog‘oraga ishora qilishadi, xolos. Unda esa faqat suv… Faqat suv bor edi.
Chinqirishdan to‘xtadim. Sukunat qa’riga singib ketayotgan edim… 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.