OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Durbek Qo‘ldosh. Hovridan tushdi... (hajviya)

Quyuq daraxtlar soyasidagi chorpoyaning bir tarafini o‘ziniki qilib olib, gupirib o‘tirgan Gupirdin navbatdagi qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, bo‘shagan piyolani gup etib dasturxonga to‘ntardi. Ulfatlardan “E, yashang”, “gap yo‘q”, “malades”, degan olqishlarni mamnuniyat bilan qabul qilib olgach, katta ishni do‘ndirib qo‘yganday yaltiroq tishlarini ko‘rsatib iljaydi. Keyin “birovdan chatag‘im yo‘q”, degan yaxshi ko‘rgan gapini yana bir karra qaytarib qo‘ydi.
Besh so‘m, o‘n so‘m pulning betiga qaramaganidanmi, yo xizmat qilib yurgan yigitlarning xushtakallufligidanmi, har holda bu choyxonada Gupirdinning o‘ziga yarasha obro‘si bor. Qolaversa, haligi yigitchalar uni “seryozniy boyvachcha” deb bilishib, yuqori martabali mehmonday kutib olishadi. Shundan bo‘lsa kerak, ko‘ngli tusadi deguncha qadrdon ulfatlarini boshlab shu yerga kelaveradi.
U gazakka olgan luqmani ko‘zlarini yumib olgancha, huzur qilib chaynayotgandi, o‘chakishganday qo‘l telefoni “jiringlab” qoldi. Og‘zidagisini apil-tapil u yoqdan-bu yoqqa o‘tkazib yutib yubordi-da, yog‘li qo‘llarini naridan beri artib, “sotka”sini g‘ilofdan chiqardi.
— Da!.. Eshitaman! Kim bu?!
U tarafdan ovoz keldi:
— Assalomu alaykum, Ilhomjon do‘stim!
Gupirdin tutoqib ketdi:
— Qanaqa Ilhomjon, Ilhomjon nima qiladi bu yerda?! Kimga telefon qilayotganingizni bilasizmi o‘zi?
— Kechirasiz, birodar! — dedi u tarafdagi kishi xijolatomuz. — Ming bor uzr! Men boshqa shahardan qo‘ng‘iroq qilayotgan edim. Ilhomjon do‘stimiz menga mana shu raqamni bergan edi. Boshqa “kompaniyaga” o‘tib ketibdi-da... Hm... demak, uning telefoni emas, uzr! Uzr!
— Uzir-puziringni yig‘ishtir, og‘ayni! Endigi safar avval bilib turib, keyin tilpon qil birovga! Ho‘-o‘ “tupkani tagida” turib olib, bo‘lar-bo‘lmasga tilpon qilaverma! Odamni bezovta qilib! E, yaramas!
Gupirdin “bopladimmi” deganday qilib, ro‘parada o‘tirgan ulfatiga bir ko‘zini qisib qo‘ydi:
— Kechirim so‘rayapmanu, axir, jon birodar, kechiring! Men sizni bu darajada o‘ta band, “krutoy odam” ekanligingizni bilmabman. Uzr!
Gupirdin u tarafdagi kishining gapini bo‘lib:
— Meni tushingandirsan-a?!... – deb so‘kindi, keyin o‘shqirib ham berdi. — E, o‘rgildim sendaqa telefonbozdan!
— Tushundim, siz meni kechirolmadingiz, bilib turibman. Endi, ming afsus, o‘zingizdan ko‘ring... Birinchidan, men siz aytgan “tupkaning tagidan” emas, poytaxti azim Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilyapman, ikkinchidan, bu o‘ta muhim ishlarni bajaruvchi davlat idorasi va men ish yuzasidan podpolkovnik Ilhomjon Mardonovga qo‘ng‘iroq qilayotgan edim. Uchinchidan, ertagayoq mening nomimdan o‘sha Andijondagi bizga qarashli idora yigitlari oldingizga o‘tib, “sizni kechirim so‘rattirib” kelishadi. Mana, mening telefonimda sotkangiz raqami turibdi. Agar mard bo‘lsangiz, yashash joyingizni, ism-sharifingizni aytib yuborsangiz!
Muloqotning bunaqa tus olishini kutmagan Gupirdinning kapalagi uchib ketdi. Noma’qul ish qilib qo‘ygan boladay jovdirab qoldi... Peshonasi va sergo‘sht bo‘yinlaridan oqayotgan muzdek terni artish uchun chap qo‘li bilan cho‘ntagidagi ro‘molchasini paypaslab zo‘rg‘a topdi. Yuzi, peshonalarini artar ekan, “sotka”siga qarab arang:
— Ismim Gupir... Gupir... Gupirdin, — deyoldi, xolos.
Gupirdinning dami o‘chib qolganidanmi, davrayam sovidi. Yaxshiyam Odil shayton kirib qoldiyu, jonlanish boshlandi. Ammo Gupirdin “muzlab” o‘tiraverdi.
— Ha, tavarigim, nimaga muzlabgina o‘tiribsiz? Bunaqa odatingiz yo‘q edi-ku?! Rangingiz ham bir ahvolda. Biror yoqmaydigan narsa yeb qo‘ydingizmi?
— Yo‘-o‘q! Qovun tushirib qo‘ydim, qovun, — deya oldi, xolos.
— Shirin qovunmi ishqilib? Nima gap bo‘ldi o‘zi, munday tushintirib gapir-chi?
— Tanimasdan, kayfchilikda bitta nozik odamni so‘kib yuboribman.
— Kayfchilikda?.. Qachongi gap bu? — talmovsiradi Odil.
— E, hozir bo‘ldi. Sen kirib kelishingdan sal oldinroq...
— Kayfchilikda deyapsan, soppa-sog‘san-ku.
— Ha, kayfim uchib ketdi, og‘ayni...
Odil o‘ylanib qolgan kishi qiyofasida dasturxondan bir shingil uzum oldi-da, bosh irg‘ab dedi:
— Ha, boshingga ne balo kelsa, tilingdan keladi. Tilni tiyish kerak edi do‘stim, tilni! Ayniqsa, tanimagan, bilmagan odamga!
— To‘g‘ri aytasan, Odil. O‘zimdan o‘tdi. Endi nima bo‘larkin?
— Bilmasam, o‘yla. Kallani ishlat!
Gupirdin har qancha kallasini “ishlatish”ga urinmasin natija chiqmadi. Aksincha boshini qashlayverganidan sochlari hurpayib ketdi. Ulfatlar ham “Biz nima ham qilib bera olamiz”, deganday mum tishlab o‘tirishibdi. Ayrimlari uni-buni bahona qilib, turib ketishdi. Bir payt qo‘l telefoni yana jiringlab qolsa bo‘ladimi, yuragi “shuv” etib ketdi. Ming bir hadik bilan olib qarovdi, uydan xotini qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan. Uyda u-bu narsa tugab qolgani uchun ertaroq qaytishini so‘rayotgan xotiniga kutilmagan muloyimlik bilan javob qildi:
— Bo‘pti, xotinjon, bo‘pti, hammasini “est” qilamiz. Qolganini hali, uyga borganda gaplashamiz, hozir kattalar bilan ishimizga taalluqli zarur narsani hal qilayotgan edik, — deya gapni qisqa qildi, keyin: — Oshna, biron o‘rinli maslahat ber. Jon oshna, meni g‘alvadan qutqar, — deya Odilga oshkora yolvorishga tushib ketdi. Odil qoshlarini jiddiy chimirgancha u yoqdan bu yoqqa yurib, uning gaplarini oxirigacha eshitdi. Keyin salmoqlab gap boshladi.
— Endi munday, sening gaping bo‘yicha ertaga haligi idoradan necha kishi kelarkin? Uch kishimi, besh kishimi, buni bilish qiyin. Lekin har holda, birorta yaxshiroq joyga, hech bo‘lmasa o‘n kishiga dasturxon tuzab qo‘yishimiz kerak! Mehmonlarni esa sening o‘rningga men kutib olaman. O‘zimni “sen” deb tanishtiraman. Boshimni kundaga qo‘yib bo‘lsa ham kechirim so‘rayman. Qisqasi, muammoni iloji boricha tinchlik bilan hal qilishga harakat qilaman-da... Ertaga ertalabdan, to “operatsiya” tugagunga qadar, sen menga mutlaqo sim qoqmaysan, telefoning menda turadi, meniki esa senda.
Gupirdin Odilning tadbirini eshitib, xursand bo‘lganidan ko‘zlari chaqnab ketdi:
— E, bormisan, Odil! Eng yaqin do‘stim ekanligingni bilardim ilgariyam!..
— E, to‘xta, to‘xta! Gupirma! Gapni oxirigacha eshit! Endi, bir yo‘la masalaning iqtisodiy tomonlarini ham hal qilib olsak... Seningcha, dasturxonga qancha ketarkin?
— E, necha pul ketsa ketar, g‘alva chiqmasa bo‘ldi.
Odil o‘zicha bo‘ladigan xarajatlarni hisoblay ketdi... Keyin anchagina dumaloq raqamlarni Gupirdinga ko‘rsatdi. Gupirdinning rangi o‘chib, e’tirozga og‘iz ochmoqchi edi, Odil qo‘llarini yozib, “Unda o‘zing bilasan, ixtiyoring”, dedi. Gupirdin darhol taslim bo‘ldi.
Shartlashilgandek ulfatlar ikki kun ko‘rishishmadi ham, gaplashishmadi ham. Gupirdin shu ikki kecha-kunduzni Bog‘ishamolda, amakisining dala hovlisida o‘tkazdi. Bitta cho‘pni u yoqdan bu yoqqa olib qo‘yishga o‘rganmagan Gupirdin, ipakdekkina bo‘lib daraxtlar ostini o‘tlardan tozaladi, yumshatdi, tartibga soldi.
Uchinchi kuni erta tongda uchrashishdi. Odil Gupirdinga mehmonlarni qanday kutib, qanday kuzatib qo‘yganligi to‘g‘risida hisobot berdi. Gap orasida, yaxshiyamki kelgan mehmonlarning ichida ikkitasi tanish chiqib qolgani, bittasi katta xolasi tomonidan yaqin qarindosh ekanini ham qistirib o‘tdi. Masalaning bunaqangi oson yechimidan Gupirdinning og‘zi qulog‘ida edi. Do‘stiga qanday qilib minnatdorlik bildirib qo‘yishning yo‘lini topolmasdi.
— Do‘stim, bilasanmi, muammoning bunaqa ijobiy hal bo‘lib ketgani xursandchiligiga kelgusi dam olish kuniga bitta ziyofat qilib bermoqchiman, — deb qoldi negadir Odil. — Teatrda ishlaydigan og‘aynim bor, aktyor, uniyam taklif qilamiz, — deb qo‘shib qo‘ydi. Kelishilgandek o‘sha kungi o‘tirishga jo‘ralar jam bo‘lishib, ne mahalgacha chaqchaqlashib o‘tirdilar.
Muhim ishni qotirib bajarib qo‘ygan aktyor yigit sahnada o‘zi ijro etgan rollardan parchalar ko‘rsatib, qo‘shiqlar aytib qiziqchiliklar qilib ulfatlarni rosa quvontirdi. Ammo davradagilardan hech kim Odil bilan aktyor yigitning har zamonda bir-birlariga ma’noli qarab, kulib qo‘yishayotganini sezmasdi.
Gupirdinboy esa davrada bor-yo‘qligini bildirmay, kamsuqumgina bo‘lib o‘tirardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.