OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin A’zam. Bizning tog‘a (hikoya)

Balki eshitgan chiqarsiz, tog‘amizning ismi G’azanfar. Supraqoqdisiga mehri bo‘lakchamidi, rahmatli bobomiz uni azza-bazza dabdaba otiga mindirib, erinmay, allanechuk maroq bilan nomini juftlab «Muhammad G’azanfar» deb atardi. Bunday sharafga munosib ko‘rilgan farzandga muomala ham, tabiiyki, o‘zgacha bo‘ladi: kenja bolam, sen je, bolam. Salkam yuz yil umr ko‘rgan ko‘hna odamning choponi etagida voyaga yetgan zumrasha ana shu yuz yillik hayot tajribasini sabiylik zehniga bamisoli ohanrabo mahkam joylab olgan, yetti yoshdayoq yetmish yashar chollardek salmoq bilan mulohaza yuritadigan bo‘lib qolgan edi. Unga dam-badam maslahatlar solinishini ayting: «Kelasi bozor anovi qisir qo‘yni savdoga qo‘yib, puliga uch-to‘rtta tuvcha sotib olsak, shunga siz nima deysiz, mulla Muhammad G’azanfar?» yoki: «Mulla Muhammad G’azanfar, bog‘ etagidagi huuv ikki tup olmaning tanasida chumoli ko‘rgandek bo‘ldim, chirishini kutmay shularning bahridan kechsakmikan, devdim...» Xotiringiz jam bo‘lsinki, bunday paytda mushtakkina tirmizakdan, muqarrar ravishda, turmush tashvishlarida chiyralib ketgan tajribakor mo‘ysafidni-da qanoatlantiradigan bama’ni bir taklif chiqardi.
Qazosi yetib bobomiz olamdan o‘tgach, urug‘imizning so‘zga yetar oqsoqollariyu yoshi ulug‘ akalari bir chetda qolib, barcha ma’raka-marosimga kenja tog‘amiz Muhammad G’azanfar bosh bo‘lganida, keyinchalik esa u o‘z-o‘zidan rahmatli bobomizning o‘rnini ishg‘ol etganida hech kim ajablanmaganining sababi ana shunda. O’tgan o‘tdi, o‘rniga munosib o‘rinbosar qoldi — yoshining nima ahamiyati bor, to‘g‘rimi?
Lekin, bobomiz bu dunyodan ko‘z yumgach, tog‘amizning boloxonador ismi sharifi ham ta’sir ko‘rdi. Ba’zi birovlar, ayniqsa, bilmagan begonalar tog‘amizga ishi tushganda payg‘ambarimizning muborak nomlarini aytardi-yu, ummatlarining asl ismiga kelgavda hafsalasi yetmasdi. Begona bo‘lmasak-da, biz — xesh-tabor uni rahmatli bobomiz o‘tqazib ketgan dabdaba otadan qarindoshlarcha ayab-avaylab pastga tushirib, toqqina qilib «G’azanfar» deb ataymiz. Ammo — yuz-ko‘ziga emas, orqa-varotdan, o‘zaro eslagan-netganda. Boshqa vaqt andak tabassum, andak istehzo bilan — «tog‘a», «tog‘amiz». Shukrki, xudo bizni tog‘adan qismagan, nordek-nordek tog‘alarimiz bor. Lekin ularni nomi bilan ataymiz, masalan: Samandar tog‘a, Iskandar tog‘a. Kenjavoyga kelganda esa — yo‘q, nomlarini tutmoqqa izn berilmaydi, u kishi — yakto, yagona, u kishi — tog‘a, tog‘amiz, vassalom! O’zlari bizdan uch-to‘rt yosh berida-yu, shunday deb ataymiz. Demay ko‘ring-chi! Majbursiz. Enamiz majbur kiladi. Arzanda ukasi, ya’ni — bo‘lajak tog‘amiz hali ho‘l etagini beliga bog‘lab, buloqi burnini sho‘rillatib yurgan kezlaridayoq biz uni «tog‘a» demoqqa majbur edik. U go‘yoki bashorat qilingan kelajagini o‘sha vaqtlardayoq tuflab beliga mahkam tugib yurardi, burnining sho‘rillashlari ham karomatdan ajab alomat! Bugun esa, xohlang-xohlamang, ammo «tog‘a» demay ko‘ring-chi, naqd boshingizni yoradi. Har gapida ikki karra «jiyan» deb turganidan keyin, gohvda ham «tog‘a», ham «amaki» deb yuborasiz!
Hali aytdik: tog‘amiz bizdan yosh (u boboning keyingi xotinlaridan), lekin shu holiga urug‘imizdagi jami ulug‘larga bosh. Go‘yoki, to‘qson yettiga kirib olamdan o‘tgan rahmatli bobomiz avlodimizning bor or-nomusig‘sh mana shu kenjasiga vasiyat qilib, qulf-kalitni o‘zi bilan olib ketgan («Bobongizning vasiyati shunday bo‘lgan, jiyan, bobongizning!»). O’limi oldidan eshikni mahkam tambalatib, kelajak yetti pushtimizga tegishli vasiyatlarini ham shunga qoldirgan go‘yo.
Tog‘amiz — o‘rniga qarab, albatta — birda kuydi-pishdi, birda sipo-some kayvoni; qarindosh-urug‘da biron bir mayda-katta majlisu mashvarat usiz, uning maslahatiyu yo‘l-yo‘rikdarisiz o‘tmog‘i ravo ko‘rilmaydi. Allaqachon iyagiga bobosoqol bitgan nevara-chevarali otamiz ham u kishimdan maslahat so‘ramoqqa majbur. Kechqurun devor-darmiyon qo‘shningizni chaqirib bir nafas chaqchaqlashmoqchi bo‘lsangiz ham tog‘adan izn olmog‘ingiz shart. («Shu hamsoyangiz moli mardumxo‘rroq, jiyan, hushyor bo‘lasiz-da. Kechagi bozor deng, bitta tirraqi echkini otasining narxiga pulladi-ya, noinsof! Tag‘in o‘zingiz bilasiz, jiyan. Aytdim-qo‘ydim. Bobongizning vasiyati»). O’zingiz «bilako‘rmang», zinhor-bazinhor. Kasofat bosib, biror yo‘rikda u kishim g‘ofil ish tutsangiz bormi, hech ikkilanmay, tog‘amiz endi yo‘q, deyavering. Araz, yuzko‘rmaslik. Oraga qo‘ygan odamingiz bir dunyo dilsiyohlik bilan qaytgan. «Unaqa jiyanni bilmaymiz, birodar, — deganmishlar. — Borib ayting, tog‘a-pog‘asi yo‘q, o‘lgan». Azza-bazza, betingizni qattiq qilib o‘zingiz ro‘baro‘ bo‘lib, ming bir tavallo etib ko‘ring-chi, biron ish chiqarmikan! «Hay, o‘zingiz bilasiz, hay, yo‘lingizni bersin»lab turaveradi sovuqqinasiga. Oxirida zo‘r-bazo‘r yumshagan bo‘ladi. «Har ishning rasmi bor-da, jiyan», deydi xuddi qarz bergandek qilib.
Rasmi shuki, uch-to‘rt kishini uyga chaqirasiz, tog‘ani esa shaxsan borib taklif etasiz. Bitta qora qo‘yning, bir necha «oq qo‘y»ning boshini olib... yarash oshi! Boshqasi hisobmas — rasmi shu.
Qarindosh-urug‘ neki bir maslahatga jam bo‘lsa, jumlai davra G’azanfarboyning og‘ziga qaramog‘i, u kishi hali qadamranjida etmagan bo‘lsa, istiqboliga ko‘z tutmog‘i shart. Bunaqa paytda tajangroq otamiz: «Shu ukang!.. — deydi enamizga. — Shu ukang xotinday maydagap, xotinday o‘shakchi-ya!» «Nima qilay, chol? — deydi enamiz nochor javranib. — Sizning oringizni ortmoqlab ovora-da sho‘rlik ukaginam!»
Nihoyat, toqatlarni toq qilib G’azanfarboy keladilar. U kelganda esa, otamiz birdan girdikapalak bo‘lib, «To‘rdan o‘ting, G’azanfarboy, to‘rdan o‘ting»ga tushib qoladi. G’azanfarboy to‘rni qo‘yib, ranglari bir alvon, opasini, ya’niki, bizning enamizni chetga imlaydi. Ma’ni-dod asnosi u kishining «Apa-a! Apa-a!» degan, enamizning esa, «Nima qilay, ukajon, zamonasi ekan-da» degan nolayu afg‘onlari eshitilib turadi.
Ma’lum bo‘ladiki, G’azanfarboyning bo‘y yetgan jiyanlari, ya’niki, bizning singlimiz (ammo shu tobda uning bizga singil ekani aslo hisobga kirmaydi) bugun tag‘in ko‘chaga boshyalang chiqibdi! Uni ko‘rib orkash tog‘aning nomusi kelibdi. Bor gap shu. Bo‘lmasa-ku, ko‘cha to‘la qiz-juvon, shu kunda boshiga ro‘mol o‘raganini topib ko‘ring-chi! Mayli, ular bilganini qilsin, har kimning go‘ri boshqa, lekin, kimsan — G’azanfarboyning jiyani... Hay, hay!
Bu naqllarni o‘qib, davrdan ortda qolgan allaqanday biqiq bir kimsa ko‘z oldingizga kelgan bo‘lsa kerak. Yanglishasiz! G’azanfar tog‘amiz zamonaviy odam: maktabda mehnatdan dars beradi, muallim. Ha, «domla» desa ham bo‘laveradi. Darvoqe,  Bulg‘oriyada unga shunday deb murojaat qilganlar. Ishonmasangiz, ana, o‘zidan so‘rang.
Un yillar burun u qadrdon oshnasi Ibod sartarosh bilan, xalqaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shmoq niyatida, arzon-garov yo‘llanmani cho‘ntakka urib, do‘st va birodarlar yurti Bulg‘oriyaga sayohatga borib kelgan. Mana, o‘n yildan beri, to‘rt odam to‘plangan joyda shuni naql qiladi. Allaqachon oyog‘i osmondan bo‘lib ketgan xalqaro siyosat bobidagi bor bisoti shundan iborat. Aytishicha, o‘shanda bir bulg‘or unga: «Bizlar ham asli turkmiz, domla», deganmish. Gurungaing shu joyida sho‘x-shalayim ukamiz luqma tashlaydi: «Rostdan ham shunday dedimi, tog‘a? Sizni rostdan «domla» dedimi?» Tog‘amiz bir seskangandek bo‘lib, o‘qrayadi: «Jiya-an!» Keyin yana: «Jiya-an!» Bu dunyoda so‘rab bo‘lmaydigan narsalar ham borligini, binobarin, ko‘pdan-ko‘p savollarga ochiqdan-ochiq javob berilmasligini hali bilmaydigan betamiz jiyan battar xuruj qiladi: «Domla» degan bo‘lsa, surishtirib ko‘rmabsiz-da, balki bizga o‘xshab u ham qo‘lingizda o‘qigan chiqar? — Bola bolaligiga tortib hujumning bu yog‘ini susaytirib yuboradi: — Ularning ota-bobolari o‘zimizdan borib qolgan, deyishadi-ku...» Sezgan bo‘lsangiz, halidan beri «biz», «biz» deb gapiryapman. Biz deganim — men bilan Amir. Ikkalamiz ham tog‘amizga birdek jiyan: men katta opasining, Amir o‘rtanchasining farzandi. Lekin, men yaxshi jiyan, Amir — yomon. Mening hamma ishim — mirquruq bir sohani tanlaganimu «igna bilan quduq qaziyverib» tagi zaminni ilma-teshik qilib yuborganimga qaramay, hamon birim ikkiga do‘nmay sho‘ltillab yurganim, Toshkentdan uylanganimu musofir bo‘lib shu shaharda yashab qolganim — bari-bari yaxshi, ming bora maqtovlarga sazovor, eng muhimi, tog‘amizga ma’qul; Amirning «sayqali zamin» Samarqanddagi dong‘i ketgan savdo o‘qishlarini bitirib, yog‘li-yog‘li joylarda ishlaganiyu qishloqda har qanaqa shahardagidan qolishmaydigan dabdabali imoratlar solib, amir Olimxondek davr surib yashayotgani ham, shu kunlarda ayniqsa oshig‘i olchi turib, tijorat orqasidan dunyo kezib yurgani ham — bari-bari yomon, nopoklik, eng muhimi — tog‘aga ma’qul emas. Negaki...
«Bo‘langizning zoti past» deydi tog‘amiz. Xudoga shukr, bo‘la-bo‘lavachchalarimiz ko‘p, ammo o‘zidan nari surib «bo‘langiz» deganda tog‘amiz faqat Amirni nazarda tutadi — nomini ham atamoqni ep bilmaydi. Bo‘lamizning zoti bir tarafi o‘zlariga taqalishi hammaga ma’lum, lekin bunday paytda tog‘amiz aynan sobiq pochchasi — Amirning otasini nishonga oladi. Bu ota-o‘g‘ildan nozikta’b tog‘amizga nima jabr o‘tgan — bir xudoga ayon, to‘g‘rirog‘i, u yog‘i mujmal, munozarali bir gap.
Amir bo‘lamiz — ko‘ngli ochiq, qo‘li ochiq, aksariyat savdo ahliga xos kirishimli, sal narsaga yon beruvchi hamiyatli yigit. U menga juda mehribon, «bo‘lajonim»lab boshiga ko‘taradi. Bolalikdan birga o‘sib, biror marotaba janjallashmaganmiz. Kisqasi, xudo berganini birodarlari bilan bo‘lishadigan hotamtoy, muruvvatli inson. Uning tog‘amizga nisbatan ham biron bir kek-g‘arazini sezmaganman, hamisha bag‘rini ochib muomala kiladi. To‘g‘ri, andak kinoya aralash, andak pichingu istehzo bilan. Ammo bunga ham tog‘amizning o‘zi aybdor.
Sababi menga qorong‘i bu ziddiyat tog‘a-jiyanning o‘rtasida azaldan bor edi, desa buladi. Bu, tabiatan bir-birini xush qo‘rmaslik — iqi suymaslikmi yoki arzimas bir narsadan boshlangan bolalik arazining tobora chuqurlashib adovat chohida aylanganimi, ishqilib, men bilmayman, bilmayman. Bobomizning kenjatoy-erkatoyi xarxashayu janjal evaziga boshqalardan undirgan neki narsasi bo‘lsa menga ilingani ilingan edi, «o‘gay» jiyan — Amirga esa odatdagi yovqarashdan o‘zga hech vaqo yo‘q. Bunday chog‘larda bechora Amir qo‘zlari yoshovsirab menga iljayib turardi. Hozir ham shunday. Biroq endi u tog‘amizning bunday ayirmachiliklarini ko‘rganda beparvo, sho‘xchan ko‘z qisib qo‘yadi, xolos. Bolalikdagi singari ko‘zi yoshlanmaydi.
Tog‘a-jiyan o‘zaro yovlashib-yoqalashib yurarkan, o‘rtada menga maza! Ikkalasi ham men bilan soz. Sezishimcha, meni bir-biridan qizg‘anadi, bir-birining g‘iybatini kelib menga qiladi. Biriga suyukli bo‘la, biriga suyukli jiyanman. Gohida, shular men tufayli yovlashib yurmaganmikan, degan o‘ylarga ham boraman. Go‘yo ikkalasi alohida-alohida mening oldimda nimanidir isbotlamoqchidek...
Ularning mening to‘yimga Toshkentga kelishi ham kiziq bir hangoma bo‘lgan. Manzildan adashmaslik uchun, shaharga kiraverishda to‘y anjomlari ortilgan mashinalarni boshlab boradigan bir taksi yollashibdi. Inqilob xiyobonini aylanishda yo‘l boshlovchi mashina o‘tgan zahoti «kizil chiroq» yonib qolibdi. Uning izidan kelayotgan «mehmon» mashinani esa milisa to‘xtatibdi. Odatdagi mashmasha: «Nimaga qizil chiroqqa haydading?» «Ko‘rmay qoppiz, kechirasiz». «Qaysi biringni kechiray, pravani cho‘z!» «Iya, oldindagi taksiga indamasdan, bizni — mehmonni tutasizmi, tarafkashlik ekan-da?» «U qoidani buzgani yo‘q, siz — buzdingiz!» «Undan orqada qolsak, adashar edik-da, aka...»
Axiyri, mashinada qo‘r to‘kib o‘tirgan qudaboshi — beqasam choponli devqomat tog‘amiz tushadi. Avval kaftini to‘ldirib, shoshilmay nosini otadi. «Qani, oshna, tinchlikmi?» deydi keyin milisa bolaga, naqd osmondan kelib. «Bizda-ku tinchlik, — deydi milisa bola,— sizda bilmadim». «Ha endi, bir kelib edik shahringizga mehmon bo‘lib...» «Sizdaqa mehmon ko‘p shahrimda, — deydi milisa bola battolligiga borib. — Har biri sizga o‘xshab qoidani buzaversa, shaharda shahar qoladimi, aka!» «O’v uka, odamgarchilik degan gaplarni eshitganmisan? Musulmon millatidanmisan o‘zi?» Bolaning shu joyda aybginasi bor ekan chog‘i, indall-sini aytib qo‘yaqolibdi: «Millatim... milisa, bildingizmi?!» «Bildim, bildim, — debdi tog‘amiz uni nozik joyidan tutib, — ko‘rinib turibdi muomalangdan. Pagoning ham bor ekan, hali top-toza. Ke, uka, pravani qaytib ber, yaxshilab bir duo qilaylik, mana shu pagoningda osmondagiday yulduz bodrab ketsin iloyim, xo‘pmi?» «Boshshi qotirmang, aka, lo‘lilikni borib qishlog‘ingizda qilasiz!» «Ho‘v-v, bersang — berding, bo‘lmasa, hozir Muhammad Yusufning oldiga boraman!» deydi tog‘amiz so‘ngti chorasini ishga solib. (Shoir machchoyi sayohatlaridan birida menga qo‘shilib borib, tog‘aga mehmon bo‘lgan, ikkalasi rosa chiqishib qolgan, tog‘a uni Toshkentdagi naqd eng dovruqli odam deb bilar edi — muxlislik dardi yomon-da!) «Yusuf? Muhammad? — deydi yigit milisaligiga borib, bepisandlik bilan. — Kim u, mullami?» «Shoir, xomkalla, shoir! «Ko‘nglimda bir yor»ni yozgan zo‘r shoir! Shunday shoirni bilmaysan-u, katta shaharda g‘o‘ddayib yurganingni qara!» Nodonligidan mulzam bo‘lgan milisa bola achchiq ustida qo‘lidagi qog‘ozga tamg‘a bosay deganida tog‘amiz og‘zidagi nosini uzoqqa tupurib, alam bilan po‘pisa qiladi: «O’v-v, o‘g‘ilbola, biz tomonlarga ham borarsaan, qo‘lginamga ham tusharsa-an bir kun!..» Milisa bola esa umrida Toshkentdan bir qadam nari chiqmagan, chiqib dunyoning bir chetidagi tog‘u toshlar orasida biqinib yotgan allaqanday gadoytopmas go‘shaga borib, azza-bazza «qo‘lga tushmoq» niyati ham yo‘q.
U zo‘r hafsala bilan qo‘lidagi «haydovchi odamning joni»ga bigiz uraman deb turganida keyingi mashinadan asta Amir bo‘lamiz tushib keladi. Bo‘lamiz savdo xodimlariga xos bir ehtiyotkorlik va mulozamat bilan milisa bolani chetta imlab, uncha-muncha odamning tishi o‘tmaydigan bir tilda ikki og‘iz gaplashadiyu qo‘l siqishib xayrlashuv barobari kerakli muomalani bitiradi; haydovchilik guvohnomasini eson-omon «qutqarib», uni negadir keltirib tog‘amizning qo‘liga tutqazadi. Bu ishni atayin qiladimi, beixtiyormi, harqalay, ahmoq Amir shu o‘rinda nihoyatda katta xatolikka yo‘l qo‘iganini aytib o‘tmasak bo‘lmaydi.
Ular o‘rtasida shu tariqa yana bir adovat tug‘ildi. Bu yoqda hamma to‘y taraddudi bilan band, tog‘amiz esa tumshayib, tund bo‘lib yurdi. Kechqurun to‘y boshlangan qahvaxonadagina kelinning sipo, sertavoze tog‘asi bilan topishib qolib, chiroyi sal ochilgandek bo‘ldi. Ikki tog‘a to‘yni esdan chiqarib, o‘zaro shakarguftorlikka sho‘ng‘ib ketdi. Ammo buni ham xudo ko‘p ko‘rgan ekan.
Bir mahal quloqlarni qomatga keltirib darang-durung boshlanib qolmaydimi! Gurung zaha yeganidan ranjigan nozik tomon — quda tog‘a «Shu, sal pastroq chalsa bo‘lmasmikan» deya tilak bildiribdi. To‘yga mas’ul tomonning vakili sifatida jo‘mard tog‘amiz shartta o‘rnidan turibdi-da, «shovqinchilar»ning kattasini xursand kilib, muddaoga erishibdi. Buni ko‘rganmi, ko‘rmaganmi, ataymi, atay emasmi — xullas, o‘lgur Amir ham borib haligi yo‘l bilan tog‘amizga, teskari ish qilib kelibdi. Yana quloqlar batang! «O’gay» jiyanining qilmishidan bexabarmi, boxabarmi, tog‘amiz tag‘in borib boyagi amalni qo‘llabdi...
Bu hol, bu musobaqa bir necha bor takrorlangach, puldor raqibiga bas kelmog‘iga ko‘zi yetmaganmi, umum-ko‘pchilikning ra’yi (shular orasida biz — kelin-kuyov ham bormiz) — shovqinsevarlikka qarshi bormoqni ep bilmaganmi, tog‘amiz to‘yxonaga sig‘may, arazlab turib uni tark etibdi.
Uylangan biz-u, orada tog‘a-jiyan talay vaqt araz-duraz qilib yurdi. Umuman, ularning bir-biriga tum-shuq ko‘rsatib yurishiga bahona doim tayyor edi.
Musofirchilik, bobomizning janozasiga yetib borolmadim. Ma’rakasi kuni unchalik ahamiyat bermab-man, keyin qarasam, tag‘in odatdagidek — tog‘a bir yonu jiyan bir yon. Kechgan gapni ikkalovi ikki xil talkin qilib gapiradi.
Bobomizning «etti»si kuni, egnida chopon-belbog‘, darvoza tagida turgan tog‘amiz nariroqda Amir bo‘lamiz o‘zibop bir-ikki jo‘rasi bilan hadeb hiringlashayotganini eshitib qolibdi. Bunday diqqat qilsa — behad nojo‘ya, shakkokona hangoma. «Sattor, Sattor, — der emish benamoz Amir uzangi-yo‘ldosh jo‘rasiga, — bizning bobo bilan sening momang yoshligida don olishgan, deb eshitib edim, hozir ular jannatda topishib, «svidaniya» kilib yurgan bo‘lsa kerag-a, nima deding?» Hiring-hiring. Kufri oshib tog‘amiz ul shakkok nevaralarning oldiga boribdi. «Bobongiz o‘ldi, jiyan, shunga kulyapsizmi?» «Endi-i, tog‘a, — debdi Amir battar tirjayib, — bobomizning to‘yi bu». «To‘y bo‘lsa, karnay-surnay chaqiring. Arzanda qizidan arzanda nevarasi bo‘lasiz, sizdan lozim».
Amir bo‘lamizni xushlamaslikka, o‘zining hisobicha, tog‘amizning ming bir asosi bor edi.
—    Bo‘langizning zoti past, jiyan, zoti! — der edi u har gal jizg‘anagi chiqib. — Siz bilmaysiz. Hech kim bilmaydi. Otasi qasamxo‘r uning. Buzuqi. Gapirsangiz tilingiz kuyadi, eshitsangiz, qulog‘im bitsin iloyim, deysiz. Aytsam — ishonmaysiz. O’z ko‘zim bilan ko‘rganman... Esiz apam! O’zingiz bilasiz, jiyan, rahmatli xolangiz necha yil to‘shakka mixlanib yotdi! Xotin bu yoqda hiqillab yotibdi, pochchajonimizni bo‘lsa bir kecha Anor bevanikidan chiqib kelayotganida ko‘rib edim, jiya-an!.. — deya fig‘on kilardi orkash tog‘amiz. — Buni ko‘rgan ko‘zlarim o‘yilib tushgani yo‘q, jiya-an!
—    Ho‘ qachongi gap bu, tog‘a! Xolamiz rahmatli, mana, o‘zingiz ham aytib turibsiz, necha yil o‘rindan qimirlamay yotdi. Erkak kishi, nima qilsin, axir? A keyin uylandi-ku o‘shanga.
—    Mayli, mayli, qarshilik yo‘q. Lekin, marhumning yil-pilini o‘tkazib, so‘ngra qilinadi-da bunaqa ishlar. Rasmi shunday. A bizni chaqirsin edi, oldimizdan bir o‘tib maslahat solsin edi. Yo‘q, yo‘q. O’lsam — ko‘kayimdan, chirisam — suyagimdan ketmaydi bu, jiya-an!
Xolamiz o‘lganda tog‘amiz o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlarda bo‘lgan. Demak, rasmanasini olganda, pochchamiz o‘shanda o‘lgan xotinining ukasini — o‘n to‘rt-o‘n besh yashar tirrancha qaynisini azza-bazza chaqirib, uylanish xususida unga maslahat solmog‘i kerak ekan... Attang. Nodon pochcha!
Bultur mehnat ta’tilida qishloqqa borganimda tog‘amizdan chiqqan ilk luqma shu bo‘ldi: «Eshitgandirsiz, jiyan, bo‘langiz tus qirning boshiga qasr qurdi!» Boshqalar ham faqat shuni takrorlardi: «Ha, ha, eshitdingizmi, eshitdingizmi?»
Eshitdik, eshitdik. Borib ko‘rdik ham. Yozning kuni shabadasida o‘tirib birpas yayradik ham. Baraka topsin bo‘lamiz. Lekin, qurgani qasr-pasr emas, bahavo, ko‘rkam manzarali joyga did bilan solingan anchayin bir shiypon, xolos. Tevaragi o‘rab olib obod qilingan, pastdan suv tashib daraxt-paraxt ko‘kartirilgan, har yog‘ida gulu chechak chaman, yashnab turibdi.
Bo‘lamiz bizni ilk bor u yerga taklif qilaturib, kelgusi rejalari, ya’ni tog‘da juda katta, zamonaviy, kerak bo‘lsa, vertolyot ham qo‘nadigan bir dam olish maskani qurish niyati borligini atay ko‘pirtirib gapirganida o‘sha davrada men tufayligina yurgan tog‘amiz ham bor edi. Taklifga javoban u kishi uzun-uzun qo‘llaridan ko‘kraklarida salb yasab: «Qulluq, qulluq. O’zlaring boraveringlar, bahuzur. Biz rozi, biz tavba qildik», dedilar negadir zahralari uchib. Amir ham ortiq qistab o‘tirmadi, uning pisandayu zamzamalariga ham parvo qilmadi — eti o‘lib ketgan.
Qolgan «dardi»ni tog‘amiz keyin aytdi:
—    Ul dabdabayu ul as’asani ko‘rdingizmi, jiyan? Hayf, hayf. Haftaning yetti kuni ana shunday maishat. Bir to‘da ulfati bilan qayoqdagi sayoq o‘yinchi qizlarni eltib, bazmi jamshid qilib yotadi. Bu ishlarning savol-javobi bordir axir bir kun! Koshonalariga «Amirtepa» deb nom qo‘yib olganlar. Bir-ikki nordonroq gap bilan izza qilmoqchi bo‘lsam — qayoqda! «Afg‘onga o‘tayotib amir Olimxon shu joyda to‘xtab nafas rostlagan ekan, o‘shaning nomiga qo‘ydik-da, tog‘a», deydi kasofat suv yuqtirmay. Sening o‘sha amir Olimxondan nima farqing bor? Amir Olimxon ham shunchalik davr surmagandir! Mana, ko‘rib turasiz, jiyan, bu korchalon bo‘langiz shu ketishda butun tog‘u toshni egallab, yurtimizga o‘zining nomini qo‘yib yuborishdan ham toymaydi hali! O’z og‘zi bilan aytib turibdi-ku!
—    Qo‘yavering, tog‘a, — deyman murosa yo‘lini axtarib. — Bizdan ham chiqsin-da! Hechqursa, gilamining bir cheti o‘zimizniki bo‘ladi, ziyon qilmas.
Tog‘amiz daf’atan qaynab ketadi:
—    Jiya-an! Jiya-an! Tog‘angizni bilmas ekansiz. Shuning gilamiga o‘tirguncha, borib huv anovi taqron yerga o‘tiraman, zaxga o‘tiraman, zaxga!.. — Keyin birdan, kutilmaganda hovuridan tushib, dard bilan, alam bilan o‘ychan bir ovozda pichirlaydi: — Jiyan, mana, siz o‘qigan, bilgan olim odamsiz, ayting-chi, nahotki, dunyo endi shu bo‘langizga o‘xshaganlarning qo‘liga o‘tib
ketsa?! Radiosiyam, televizoriyam kechayu kunduz javragani javragan: pul top, pul top, qaerdan bo‘lsa ham, qanaqasiga bo‘lsa ham pul top, boy bo‘l, millioner bo‘l! Ha, ma’qul, boy bo‘lganga, badavlat bo‘lganga nima yetsin, axir! Lekin mehnat bilan, mashaqqat bilan, ter to‘kib topiladi-da davlat degani ham! Bular aytayotgan hiyla-nayrangdan keladigan bebiliskasi kufr emasmi, jiyan, harom-ku!
Yozning o‘rtalarimi edi, osmondan tushgandek bo‘lib tog‘amiz Toshkentga kelib qoldi. To‘g‘ri ishxonamga kirib keldi. Biz tomonda turadigan bir hamkasbimizning shalaq «Moskvich»ida kechqurun uyga keldik. Obu osh, gurung. Aytishicha, tog‘amiz atayin biz bilan maslahat qilgani kelibdi. Amirtepaning (bu nomga endi hamma ko‘nikkan, hatto qaysar tog‘amiz ham!) qoq to‘g‘risidagi baland qirga chiqarib ko‘shksimon imorat solmoqchi ekan, shunga mening ruxsatim kerak emish. Nega aynan mening ruxsatim? Imorat mening nomimda bo‘larmish-da. Amir bo‘lamizning shiyponidan o‘tsa o‘tarmishki, aslo qolishmasmish!
Bu taklif menga allaqanday bachkana, havoyidek tuyuldi. Qolaversa, menda na mablag‘, na istak-inti-lish bor.
—    U yog‘idan g‘am yemang, jiyan, bizga qo‘yib bering,— dedi tog‘amiz tog‘alargagina xos bir jo‘mardlik bilan. — Siz bir og‘iz «xo‘p» desangiz bas, u yog‘iga ishingiz bo‘lmasin. Qishloqqa borgan-qolganingizda yor-jo‘ralaringiz bilan chiqib birpas bo‘lsayam o‘ynab-yayrab kelasiz. Bu dunyo faqat anovi korchalonlarniki emas-ku!
Maqsad tushunarli: sen zo‘rmi, men zo‘r? Taklifga nima deyishimni bilmay, hazilga burmoqqa majbur bo‘ldim:
—    Qurgandayam-chi, tog‘aboy, zo‘r qilib qurasiz! Amirniki bir qavatli bo‘lsa, bu kamida ikki oshyonli bo‘lishi kerak!
—    Ana bu boshqa gap, jiyan!
Tog‘amiz ertasi kuni shahar aylangani chog‘lanarkan, kechagi gap shunchaki hazil, boshqa biron zarurroq ish bilan kelgandir, deb gumon qilgan edim, kechqurun vokzaldan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: biz qaytyapmiz, jiyan, xayr-xo‘sh.
Qishloq yangiliklaridan eshitib turibmiz. Tog‘amiz Toshkentdan boriboq ovoza qilib yuboribdi: olim jiyanimiz bizni rosa siyladi! Olim — olim-da, ko‘chada uloqib yurgan qallob tijoratchi emas-da! Yor-do‘stlarini ham aytib, bizni «Volga»sida uyiga olib bordi, ziyofat berdi, ertasi shahar aylantirdi. Keyin bir dasta yuztalikni oldimizga tashlab, «Tog‘aboy, — dedi, — o‘zingiz bilasiz, mening qo‘lim tegmaydi, ilmiy ishlarim ko‘p, mana shu pulga Buramaqirning tepasidan bizga atab bir joy qilsangiz, anovi Amirqulning shiyponidan ziyoda bo‘lsa bo‘lsinki, aslo kam bo‘lmasin! Qancha aqcha kerak bo‘lsa, tortinmang — bor!»
U yoqdan keladigan bunga o‘xshash lof-qoflarga ko‘nikib qolganman, parvo qilmadim. Ammo uchqur xabarlar tobora jiddiy tus kasb eta boshladi. Tog‘amiz, aytganida turib, rostakamiga ishga kirishib ketganmish. Bo‘zbola-bo‘zbola uch o‘g‘lini safarbar etib, Buramaqirga toshu shag‘al tashib yotgan emish. Tog‘amizning maktabda mehnatdan dars berishini aytgan edim-u, qo‘li gul duradgor usta, topish-tutishi ham shunga yarasha mo‘maygina ekanidan xabaringiz yo‘qdir hali. Boz ustiga, bobomizdan kenja botirga qolgan mevazor bog‘dan chiqadigan daromad har qanaqa boyvachchanikidan kam emas.
Ishonchli manbalarning xabar berishicha, «imoratim» qariyb bitay-bitay deb turgan emish. Qora ishlari allaqachon tugab, bir-bir yarim oy ichida pardozdan ham chiqarmish. Ana o‘shanda shaxsan o‘zim borib, imoratni tantanali tarzda qabul qilib olarmishman. Qabul marosimiga atab boqilayotgan qo‘y ham semiribgina qolganmish. Amir Olimxon bo‘l-e!
Aytishlaricha, bo‘lamizning shiyponi bahavoroq joyga qurilgan oddiy bir boshpana bo‘lsa, «meniki» qo‘sh oshyonli chinakam ko‘shk emish! Buni ko‘rgan Amirboyvachchaning g‘ayirligi kelib, shiyponi o‘rniga uch qavatli qasr tiklamoqni rejalab yurganmish. «Aytib qo‘yinglar, o‘pkasini bosib olsin, — deganmish sherimard tog‘amiz. — Yo‘qsa, bo‘sh keladigan ahmoq yo‘q, kerak bo‘lsa, basma-basiga, narvon qo‘yib osmongacha ham uy tiklamoqqa qurbim yetadi!»
Albatta, bu ajabtovur tog‘a-jiyan haqidagi aql bovar qilmas savdolarni o‘qib, nahotki, shunaqa afandinamo qarindoshlar ham bo‘lsa, deb kularsiz, taajjubga tusharsiz. Kulmang, taajjubga ham o‘rin yo‘q. U yurtning odamlari o‘zi shunaqaroq. Biri tog‘am, biri bo‘lam bo‘lsa, xo‘sh, men nega unaqamasman, ularga o‘xshamayman? Chunki men Amirtepayu (qarang, endi hech kim ajablanmaydi bu nomga!) Buramaqirni oshib o‘tib yurt ko‘rdim, turfa odam ko‘rdim, eng keragi — kun chiqishiyu kun botishini o‘z vaqgida kuzatdim! Ular esa shu nasibdan bebahra: umrlari bino bo‘lib na kun chiqishini ko‘rgan, na kun botishini. (Shunda ham hikmat ko‘p ekan-da, birodarlar.) Bu yurtda oftob kech chiqib, erta botadi — kunchiqari ham tog‘, kunbotari ham tog‘. Ana shu cho‘ng tog‘lar iskanjasidagi vatanlarini o‘lar dunyoning naqts markaziyu o‘zlaryni xuddi osmondan oyoq osiltirib tushgan — xudoning mehriga sazovor bandalardek his etishadi.
Bu mardumning Amirtepayu Buramaqir osha o‘zga dunyolarga aralashuvi — bamisoli jonbozlik, hayot-mamot ishi. Unaqa odamni yo vatanfurush sanaydilar, yo qahramon qila ulug‘laydilar. Shu hisobda tog‘a-jiyanning ikki qirning tepasiga chiqarib betma-bet imorat qurgani shunchaki kimoshdi yoki «sen zo‘rmi, men zo‘r» o‘yini emas, zinhor-bazinhor unday emas...
Tog‘amizning oyog‘iga to‘sin tushib ketib, o‘sal bo‘lib uyda yotganmish, degan xabarni eshitdimu «O’h, xudo urdi!» deya bunda o‘zimni aybdor sanab, shosha-pisha yo‘lga chiqdim. Borsam, hovlining o‘rtasida qanot yozgan bahaybat gujum tagidagi supada betob deganimiz, oyog‘i taxtakachlangan, lo‘labolishga o‘mgan tashlangancha, hov narida pomidor jo‘yaklariga suv tarab yurgan o‘g‘liga baqirib-chaqirib ko‘rsatma berib yotibdi: naryog‘ini to‘s, tez bo‘l, yuvib ketadi; anovining hosilini ko‘tarib qo‘y, galvars, chirib yo‘q bo‘ladi, axir!..
Men kutgan narsaning butunlay teskarisi chiqdi. Tog‘amizning inkillay-sinqillay xikoya qilishicha, gap boshqacha bo‘lgan ekan.
Amirtepadagi shiyponga o‘t tushib, yong‘in ro‘y be-ribdi. Egasi bir oymi-ikki oydan buyon tijorat ishlari bilan chet elda ekan, «osh» jo‘ralari danap-sanaplarini eltib bas deguncha bazm qurishibdi, shunda badmastlik tufaylimi, beboshlik orqasidami, shiyponga o‘t ketibdi. Xayriyat, odam ziyon ko‘rmabdi. Egasi hali bexabar, u hamon Amerikami, Turkiyasida «Daydib» yurganmish;  —    Nahs oralagan-da, jiyan, nahs, — derdi tog‘amiz. — Harom pulga kelgandan keyin shu-da!
Shumxabarni eshitibdiyu «mening» imoratimni chala tashlab, tog‘amiz Amirtepaga chopibdi. Borsa — anovi tayyoriga bakovul «osh» jo‘ralardan urug‘liqqa ham yo‘q, hammasi qochib ketgan. Hartugul, xudo asrab shiyponning omon qolgan joylari ham bor ekan. Tog‘amiz darrov o‘g‘illarini boshlab borib, vayronani kuyindilardan tozalatibdi; «mening» imoratimdan ortib qolgan yogochu to‘sinlarni eltib, shiyponni tiklash-ta’mirlashga kirishibdi. Erta-indin bitiraman deganda — bolalari maktabda ekan, yakkaqo‘llik qilibdi— to‘sin tushib ketib, tizzasidan pastini... Egasi kelib qolmasin, deb tirishgan-da.
Hovlining bir chetidagi o‘g‘liga atab qurilayotgan chala imoratga tikilgan ko‘yi tushunqiramay turganimni ko‘rib, tog‘amiz alam-iztirob bilan bo‘kirib yubordi:
—    Bo‘lmasa, kelib mendan ko‘radi-da, jiya-an!
—    Yo‘g‘-e, tog‘a, jin uribdimi, axir! Amir bo‘lamiz unchalik emas.
—    Baribir zoti past... Mayli. Lekin, falonchining dong‘i Dong‘jstonga ketgan shiyponi yonib ketibdi, desa, kimning jiyani u, deb so‘raydimi mardum — so‘raydi! Shu isnodni qanday ko‘taraman dedim-da, jiya-an! Mana endi, oyoqning boshiga yetib, bu yil anovi pomidor savil ham kechikib ketdi! — shunday deb tog‘amiz sug‘orish ishlari ketayotgan paykalga yuzlandi-yu, chayon chaqqandek baqirib yubordi: — O’v, o‘v, men senga nima deb edim, ukkag‘arning uli, suvni to‘xtat, axir, tomirini yuvib ketadi! — So‘ngra, baribir ko‘ngli to‘lmadimi, o‘zini shartta supadan tashlab, taxtakach oyog‘ini sudragancha, paykal sari alpong-talpong emaklab ketdi.
Bu besaranjom jonni endi to‘xtatib bo‘lmasdi. Shu ketishda, agar qo‘yib bersangiz, huv Buramaqirning uchida oynalari oftobda yalt-yult jilolanib turgan tomoshabop imoratgayu undan qaytib «raqibi»ning Amirtepadagi kasofat shiyponiga ham emaklab borishi mumkin.
Ko‘rib qo‘ying, ana shunday bizning tog‘a!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.