OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin A’zam. Hulo‘l (hikoya)

(“Qirq yillik gurunglar” turkumidan)

Boybichcha odamga shunday tik, bosib qarar ediki, sarosimada ko‘zingni olib qochishdan o‘zga iloj topolmasding. Xuddi siringni, nozik bir aybginangni biladigandek! Anchayin so‘z qotganida ham yo biror nimani so‘rab savol berganida ham shu. Sen esa daf’atan kichrayib, yosh bolaga – yetti-sakkiz yashar bolakayga o‘xshab qolasan. Yetti-sakkiz yashar bolakayga... Olis, juda olis bir manzara g‘ira-shira ko‘z o‘ngingda jonlanib, xijolatdan tevarak-atrofga alanglay boshlaysan. Tevarak-atrof! Bu girdi-javonibda boshqa shunday “tevarak-atrof” bormikan? Bo‘lishi mumkinmi?..
– Hayron bo‘lmang, – deydi Boybichcha aslzodalarga xos sipovor jilmayib, – hammasini o‘zim, mana shu qo‘lginalarim bilan o‘tqazgan, o‘zim parvarishlaganman. – So‘zining isbotigami, u ikki kaftini tilangansimon oldinga cho‘zib ko‘rsatadi. Barmoqlari uzun-uzun, sip-silliq – “sovuq suvga urilmagan”. Qo‘lqop kiyib qilganmikan buncha ishni? Halitdan beri, birining qo‘lida belkurak, birining qo‘lida tokqaychi yo dastkalla, bog‘u bog‘ot oralab yurgan uch-to‘rt dastyoru mardikorning kasbi nima ekan unda? To‘g‘ri, bu kishim sip-silliq barmoqlarini quymuchiga qo‘yib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan: kavla-ko‘m, bunisini kes, unisini tiklab-tarab qo‘y! Bosh sohibkor o‘zlari, albatta. Demak – g‘oya muallifi! – O‘zim, o‘zim. Xo‘jayin ertayu kech ko‘chada, xo‘jayinchiligini qilib yuradi, xolos. – U tag‘in teshib yuborgudek, ammo sinovchan tikiladi. Qo‘yko‘z, targ‘ilroqqa ham mo¬yilmikan... – Ishonmayapsiz-a?
Ishonmay ko‘ring-chi! Bu xotin anoyilardan emas. Azaldan. Bir balosi borki, mana, yaqin bir soatdan buyon ro‘parasida o‘tirgan erkak kishiga – qirq yillar badalida endi ko‘rib turgan deyarli notanish odamga sira tap tortmay tikiladi, dadil gap berib, gap oladi. Ha, har balosi bor buning. Yo‘q narsasi yo‘qdir. Yana qaydam deysiz. Bu viqor, bu o‘ktamona qarashlar bekorgami?
Darvoqe, shundayin oliymaqom xonim nega shohona dasturxon tuzab, huv bir zamonlardagi bolalik qo‘shnisini azza-bazza mehmonga chorlab, bamaylixotir gap sotib o‘tiribdi? Bu vajohatu bu qudratiga katta-katta mansablarni egallab, manaman degan erkaklarni og‘ziga qaratib yurmaydimi?!
Boybichcha qo‘shuzukli barmoqlarini panjaraga tirab, yonboshlagancha pastga engashadi.
– Huv anovini ko‘ryapsizmi? Orxideya! Gollandiyadan opkelganman. Baxmalday qop-qora atirgullarim ham bor. Archaning orqasida, hozir ko‘rinmayapti. Lolayu atirgul degani o‘zimizda ham tiqilib yotibdi-yu, antiqalariga qiziqaman-da.
Qanchalab shahru chamanlarni kezgan sendek odam atirgul bilan loladan o‘zgasini farqlayolmaysan. Rangu xilini-ku aytmasa ham bo‘ladi. Gird-atrofi yakkash paxtazordan iborat zebsiz bir go‘shalarda esa bu xotin ajabtovur jannat qurib, antiqa chamanlar yaratib qo‘yibdi! Orxideya, qora atirgul, ko‘k atirgul... Sehrgar, sehrgar!
Allaqachon oqshom tushgan bo‘lsa-da, bu ajib chorbog‘dan narilar hamon tandirdek qizib yotganiga qaramay, hovli o‘rtasida qad rostlagan ko‘shksimon shiyponning havosi butkul o‘zgacha edi. Burchakda turgan daroz konditsioner behisht nasimini purkab, allaqanday xush bo‘y taratadi.
O‘sha yoqqa tikilib qolganingni ko‘rgan Boybichcha beozor izoh beradi:
– Yaxshi-ya? Mushki anbar. Bir tomchigina tomizib qo‘ysangiz bas. Tepasida tuynukchasi bor. Dubaydan kelgan. Dubayda bo‘lganmisiz? Voy, bir magaziniga kirdi-ik – shahar deysiz, shahar! Jazirama yoz ham shunda, qahraton qish ham shunda. Bir yoq sahro, bir yog‘i oppoq qor qoplagan tepaliklar. Pastrog‘-u, lekin xuddi o‘zimizning Jiydali adirlarini eslatadi. Ishonsangiz, bitta-yarim erinmagani po‘stin kiyib chang‘i uchib ham yuribdi! Voajab deb yoqamni ushlab qolibman. Bo‘lmasa – to‘rt tomon sahro! Arabiston-da! – Sayohatini ta’riflay-ta’riflay, Boybichcha tuyqus odatdagidek o‘tkir tikilib qaraydi. – Dubaychi xotinlardan bo‘pketibdi deb o‘ylamang tag‘in. Boshimga uramanmi! Shunchaki tomoshaga boruvdik. Xo‘jayin bilan. Kelasi yil hajga opketmoqchilar. Men... hoji ona bo‘lamanmi? Hozirdanoq! Yo‘q... Rosa maqtandim-a? – U bir soniya allanechuk mungli qiyofaga kiradi; yarashmas ekan. – Nimamgayam maqtanardim, do‘stim! Yuring, yaxshisi, maqtanadigan narsalarimni ko‘rsatay sizga... Kamxo‘r ekansiz-a, dasturxonga ham qaramadingiz tuzuk...
Mezbon bilan birga-birga baland keng-mo‘l zinapoyadan hovliga enasizlar.
“O‘ta muhim” bir tadbir yuzasidan dasht tumaniga yo‘ling tushgan. (Bu yurtda paxta ekmaydigan joylar ham bor, masalan – tog‘ etagidagi sen tug‘ilib o‘sgan Jiydali. Asosan lalmikor Jiydali ahli voha janubida yastangan barcha paxtakor hududlarni dasht tumani hisoblaydi; o‘zlari go‘yo obod manzillardan, salkam shaharlik!)
Tantanali yig‘ilishda so‘zga chiqding, “poytaxt¬dan tashrif buyurgan vakil” sifatida olqishga ega bo‘lding. Tadbirdan so‘ng bir to‘p eski ko‘rgan-bilganlaring qurshab oldi. Chunki bu yerlar senga bolalikdan tanish. Dastavval bobong bilan momong shu joylarda kapa tikib, qo‘riq cho‘lni o‘zlashtirgan; chivinini qarg‘ab javragani javragan edi kampir. Keyin – yalang safsata bilan kun ko‘radigan Jiydalining qaddini sal-pal tiklamoq maqsadida, asli bog‘dorchilik agronomi bo‘lgan otang kelib bo‘z yerlarga “oq oltin” ekdi; kuzda o‘zing ham mana shu navhosil dalalarda javlon urib paxta tergansan, ko‘sak yiqqansan. Xullas, begona emas senga bu yerlar – shimol tarafdagi tog‘lari osmonga tig‘ urib turgan ajo¬yibu g‘aroyib Jiydalining etagi, bir parchasi, nafasginasi kelib turadi. Boz ustiga bu yerdagilarning ko‘pchiligi asli o‘sha Jiydalidan, bir zamonlar cho‘l o‘zlashtirgani kelib, paxtaning noni shirin ekan deya birato‘la qolib ketgan.
Bugun tushdan keyin Toshkentga samolyot uchmasdi. Arzanda bir manzilda joy hozirlangan ekan, «bir piyola choy»dan so‘ng kelib endi oyoq uzatgan edingki, eshik qoqib haligi kishi paydo bo‘ldi, “Boybichchamiz qarab o‘tiribdi, yurmasangiz bo‘lmaydi” deya qistab qo‘ymadi. Boya yig‘ilish yakunida seni o‘rab olganlar safida ayricha ajralib ko‘ringan uzun bo‘yli, qirraburun odam. U sal narida savlat to‘kib qaqqaygan, xuddi eskidan tanish singari xiyol jilmayib qarab turar edi. Ha, ha, rostdan ham tanishdek, nimasidir tanish. Tub Jiydalidan bo‘lmasa-da, yuqoriroq – tog‘ taraflardan chiqar. Qosh-ko‘zi surma surtilgan misol qop-qora, istarali, zotdor.
Zotdorligi aniq shekilli, boshqalar bilan salomlashuv-so‘rashuv birmuncha suyuqlashib u sen sari yurganida hamma birvarakay chekinib-yo‘l ochib, allanechuk ehtirom ila sizlarga boqib turdi.
Darhaqiqat, eski qadrdonlar kabi quyuq so‘rashib, hatto bag‘irlashgach, haligi odam tirsagingdan tutib seni chetga boshladi.
– Bu oqshom biznikida mehmon bo‘lasiz, hamshahar, – dedi e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan qilib. – Sizni eshitgan ekan, albatta olib kelasiz, deyapti bizning boybichcha. – Aftingdan ajabsinish sezdimi, keyin izoh berdi: – Nazokat, Nazokat. Sinfdoshingizmi... Qo‘shni ham bo‘lgan ekansizlar...
– Nazokat? Sinfdoshim? – deding dabdurustdan o‘zingga kelolmay – eslayolmay. Lekin sipolikni qo‘ldan bermading: – Ha, ha. Shu yerdami u kishi?
– Iya, bilmasmidingiz, bizga tushgan-da!
Xullas, omonat va’dani olib davradan chiqar ekan, yana barcha boyagidek tislanib, tavozelanib, oshkora yaltoqilik bilan kuzatib qoldi uni.
– Suvon aka bilan qalin ekansizlar-a? – dedi davradagilardan birovi yaqin kelib, havas aralash.
– Unchalikmas, – deding parishon bir ko‘yda. – Nima ish qiladi o‘zi?
– Bu yaqin atrofni o‘tqazib-turg‘izadigan kishi shu-da – Suvon boyvachcha!
– Shu deng... – Hozir qulog‘ingga boshqa gap kirmasdi. Nazokat? Qaysi Nazokat edi?
Keyin, mehmonxonaga kelibgina yodingga tushdi. Eslading, eslading, albatta. Ammo ko‘rgach, baribir taniyolmading, o‘xshatolmading. Xuddi televizorda ko‘rsatiladigan bir-biriga uyqash kinolardagi – o‘tirgan uyida ham yasan-tusanni qo‘ymaydigan makkor qaynonaning o‘zginasi! Boybichcha. Negadir qizlik ovozi yodingda qolgan: erkasimon, allaqanday istig‘noli. Odam har qancha o‘zgarsa o‘zgarar, lekin tovushidan tanisa bo‘ladi, deyishardi. Yo‘q, bekor gap ekan – boyvuchchalarga xos hukmfarmo, “taqlidchi” bir ovoz! Erkalik – tannozlikka, tabiiy istig‘no dimoq-firoqqa aylangan. Beshinchi sinfga o‘tgandami, ular Jiydalidan ko‘chib ketishgan edi; shu-shu, negadir uning o‘zi (qiz Nazokat) emas, boshqa bir manzara xotirangda qolgan...
Boybichcha sizlarni naqd darvoza og‘zida qarshi oldi. Boshlab kelgan erining oldida tap tortmay kiftingdan quchib, opalarchami, xolalarchami bir mehr bilan bo‘yningdan o‘pib ham qo‘ydi. Keyin so‘rashib-so‘rashmay oldinga tushib, ko‘shksimon shiypon sari yo‘l tortdi.
– Shoshmang, xonim, – dedi uy egasi joyida to‘xtab. – Bu ishlarning ilmu amali bo‘lardi... Mehmonimizning sharafiga, oyoqlarining ostida...
Boybichcha o‘girilib ham qaramay javob berdi:
– Allaqachon so‘yilgan! Narigi hovlida, chorvaxonangizda. Pashshani vijillatib nima qilasiz bu yoqda?!
Shiyponda qo‘yarda-qo‘ymay seni uzun stolning to‘riga o‘tqazdilar. Uy egasi o‘zi yonboshdan joy oldi. Boybichcha dasturxon ustidagi harir yopinchiqni ikki chetidan tortib ohista sidirdi-da, buklay-buklay bir chetga tashlab, kelib eriga ro‘baro‘ o‘tirdi.
– Qani, omin! – dedi uy xo‘jasi duoga qo‘l ochib.
Yuzlarga fotiha tortilgach, Boybichcha kaftini ko‘ksiga bosib yengilgina qo‘zg‘algancha mehmonga – senga ta’zimu iltifot izhor etgan bo‘ldi. So‘ng xumchoynakning zarqalpog‘ini ko‘tarib choy quymoqqa unnar ekan, ermakka jilmaygan kabi:
– Dasturxon tomoshaga emas, mehmon, marhamat qiling, – dedi.
Dasturxon ayni tomoshabop ediki, bir nazar tashlagan odam bunga kamoli amin bo‘lardi: bamisoli dunyo ne’matlarining sarxil namoyishi deysiz!
Noz-ne’mat bisyor-u, o‘rtada gap-so‘z kam edi – allaqanday sipogarchilikmi, qovushimsizlik xalal berib turardi.
Hashamatli hovli-joy va bu chaman chorboqqa alanglab o‘tiraverishdan axiyri charchading, diqqating oshdi.
– Mehmonlaringiz qachon keladi endi? – deb so‘rading gap topolmay uy xo‘jasidan.
Boybichcha yana boyagidek ermakka jilmayib, erining o‘rniga hukm qildi:
– Mehmonimiz – siz! Boshqa hech kim! O‘zimiz, xolos!
– O‘n-o‘n besh kishilik joy-ku bu! – deding das¬turxonga ishoratan.
– Aylanishib o‘tiraveramiz-da, xohlagan jo¬yimizga, – dedi uy xo‘jasi dali-g‘ulilik bilan. – Avval oldimizdagini shipiramiz, keyin u yog‘iga o‘tamiz. A, boybichcha?
– Unday bo‘lsa, – deya shitob o‘rningdan turding, – bitta nari surilasiz, Suvon aka. Stolning boshida o‘tirib olib xuddi majlis qilayotganday bo‘lyapti odam...
– Ie-ie, oldingizdagi narsalarga qo‘l ham tegizilmabdi-ku, inim, yo‘q, ruxsat yo‘q! – dedi Suvon aka hazilaki tarxashlik qilib, lekin ke¬yingi kursiga ko‘chib, yonidan joy bo‘shatdi.
Bunday o‘tirmoqning ham jazosi bor ekan – xuddi Boybichchaga ro‘baro‘! Beixtiyor nigohing tushib ketganda ham o‘zingni o‘ng‘aysiz sezasan: eri yoningda, qanday nusxaligi hozircha noma’lum. Boybichchaning o‘zi esa ko‘zini senga lo‘q qilib emin-erkin o‘tiribdi.
Noilojlikdan yoningga burilib sheriging bilan erkakcha mavzularda gurung qilmoqqa urinasan. Bu ham behuda.
– Shundoq devor-darmiyon qo‘shni edik, – deya darrov oraga suqilib, eriga izoh bera boshlaydi Boybichcha. – O‘rtada katta bir ko‘ksulton. Shu pishganida... iya, pishmoq qayda deysiz, g‘o‘raligidayoq biz bu yoqdagi shoxiga yopishamiz, bular – u yoqdagisiga. O‘zaro janjal! Qarang, bola ekanmiz-da, a! Tomorqalarimizning etagi kolxozning kengdan-keng bog‘i deng. Yoz kunlarimiz o‘sha yoqda o‘tadi ko‘pincha. Goh uzumi pishadi, goh zardolisi. Kuzakda enalarimiz qo‘limizga qop tutqazib, xazon to‘plashga jo‘natadi. Ko‘rpaday bo‘lib yotibdi, u yoqdan-bu yoqqa dumalaymiz, bu yoqdan-u yoqqa. Zardolining xazoni tandirni yashnatadi-da.
– Ha, biz ham bilamiz, biz ham bola bo‘lganmiz, – deya xushhol kulimsirab qo‘yadi eri. – Zardoli deganingiz ham, xashak-xazonlari ham asli biz tomonda, tog‘larda-ku!
Boybichcha bir mahal sho‘xlik bilan senga ko‘z qisib:
– O‘shandagi laqabingiz esingizdadir? – deb qolsami! – Bu kishining oldida aytsam xafa bo‘lmassiz?
– Ayting. Aytavering, – deding yuraging shuv etib. Gumoning boshqa yoqdan edi – bu xotindan har gapni kutish mumkin.
– Qoravoy! Shunaqa edi-ya? “Qoravoy, qoravoy” desa battar ko‘karib, jahlingiz chiqib ketardi, to‘g‘rimi? Mana, mana, hozir ham birdan...
Er xotiniga noroziroq tikilib qaraganini payqaysan.
– Ha, qorani qora deydi-da. Nima, endi oqarib qolibmizmi, o‘sha-o‘sha!
– Yo‘q, endi boshqasiz. Sochlaringiz oqargan, o‘zingizga yarashgan. Buning ustiga – taniqli, hammaga!
– E-e, qo‘ying, – deysan zo‘raki iljayib. – Qaytib o‘sha qoravoy bo‘lishga rozi edim!
– Shuni ayting, – deydi Boybichcha nogoh ma’yus tortib. – O‘sha ko‘ksulton talashib yurgan davr¬larimiz ham davr ekan. Boshqa g‘amu tashvish yo‘q edi-da. Esizgina...
Telefonchasi zuv-zuv tovush chiqarib, Suvon aka yon-verini paypaslay-paypaslay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shiyponning narigi boshiga yurib, kim bilandir so‘zlashmoqqa tushdi, gaplari eshitilib turardi.
– Ha Aliqul, yana nima g‘alva? Nima-a? Hozirmi? Bandroq edim-ku, inim, o‘zingiz bir balo qilarsiz. E, shundaymi? Birpasga bo‘lsa mayli, mayli...
Suvon aka telefonchasini buklab yoniga soldi-da, tashvishmand odimlab xotinining qoshiga keldi, hisob bera boshladi:
– Sardorip! Birrov kepketsangiz, deyapti. Zarur maslahati bormish.
– Sizdan bemaslahat uyidagi xotiniga biror nima deyolarmikan o‘zi shu?! Men sizga boshidanoq aytuvdim-a, buningiz yaramaydi, lattachaynar deb! Uyda mehmonim bor, aziz mehmon, demaysizmi axir!
– Kim ekan deb qolsa-chi? Bu kishini eshitsa-ku, zing‘illab yetib keladi. Yo chaqirsammikan, nima deysiz?
– Qo‘ying! O‘zi har hafta shu yerda, jonga tekkan! Nima maslahat deydi?
– Obodonchilik masalasimishmi-ey...
– Rahbar atalgandan keyin o‘zi qilavermaydi obodonchiligini?! – Boybichcha qulochini keng yozib chovulladi: – Mana, qilib qo‘yibmiz-ku biz!
– Aslida hokimlik o‘zingizniki edi-ya, xonim. “Maktabgacha tarbiya”da o‘qib xato qilgansiz-da.
– E, boshimga uramanmi, shu kunim o‘zi poshsholik!
– Yarim soatga qolmay qaytaman, mehmon, ko‘nglingizga olmaysiz-da endi, – dedi Suvon aka xijolatomuz. – Sizlar mana Boybichcha bilan xazon-xuzonlaringdan gurung qilib o‘tirasizlar, xo‘pmi? – So‘ng u hovli tarafga yuzlanib kimnidir chaqira boshladi: – Sattor! Ho‘ Sattor! Moshinangni qo‘sh, ukam!
U zinadan tushib borarkan, orqasidan xotini aftini burishtirib, ijirg‘anib qoldi.
– Har holda rahbar ekan, bormasa bo‘lmas, – deya uni murosaga yo‘llamoqchi bo‘lasan o‘zingcha.
– E, o‘zi qo‘ydirgan uni! – deydi Boybichcha battar chimirilib. – Gah desa, qo‘liga qo‘nadi. Uyda sizdek mehmon bo‘laturib... Bor, toshingni ter demaydimi odam! Rahbar emishlar! Huzurlariga chaqirarmishlar! O‘rgildim sendaqa obodonchidan! Yarim yilga qoldirmay iz-zingni quritmasam!.. – U biryo‘la sening – mehmonning ham izini quritmoqchidek o‘tkir bir tikiladi-yu, kutilmaganda xandon otib kulib yuboradi. – Mayli, borsa boraqolsin. O‘zimiz ham yomonmasmiz, to‘g‘rimi? Keling, o‘zimiz o‘tiraqolamiz, qora... ih!
Kech namozshom, gird-atrof ko‘m-ko‘k gulu buta, baland-baland sersoya daraxtlarga g‘arq bo‘lsa-da, hovli salqin shiyponga nisbatan xiyla taft¬dor edi; allaqayoqda jildirab turgan suv sasi ham, gazon ekilgan keng-keng maydonlarning har joy-har joyidan zarra sochayotgan jajji favvoralar ham, ko‘zni quvnatsa-da, tanga rohat bag‘ishlayolmasdi. Dasht havosi-da.
Boybichcha bog‘ sayrini shiypon tegrasidagi gulzorlari namoyishidan boshladi.
Shiyponning ikki yonboshida chorburchak shaklli, orqa tomonida esa doirasimon chamanzor yashnab yotar, hali tepadan qaraganda turfarang sharchalarga o‘xshab ko‘ringan pastak yerchiroqlar yog‘dusida ular anvoyi manzara kasb etgan, qaysi chechakning tusi asli qanaqaligini ajratib bo‘lmas edi.
Ayniqsa, doirasimon gulzor diqqatingni tort¬di – bunaqasini ko‘rmagansan. Besh halqadan iborat aylana, har halqasiga bir tur gul terilgan, besh halqa – besh xil! Doira bo‘ylab yerchiroqlar, gulzorning qoq o‘rtasida esa misbadan sanam, kiftidagi ko‘zadan otilayotgan suv atrofga kumush, qizil, pushti zarralarga evrilib purkalmoqda. Ajab, dunyoda shuncha gulu chechak, shuncha alomat jilvalar bor ekan-a! Senga qolsa gul – shunchaki bir chechak, nari borsa, atirgul bilan lola, xolos!
Boybichcha gulzor aylanib, har tupining boshida to‘xtab-to‘xtab, engashgan ko‘yi silay-silay, ajib bir rivoyat so‘ylayotgan kabi zo‘r ixlos va zavq bilan ijikilab izoh beradi, har gul, har butaning tarixi, hikmatiyu xislatlaridan erinmay so‘z yuritadi.
– Huv o‘rtadagi aylanani ko‘ryapsizmi – eng kichigi, beshinchisi? Orxideya deganimiz shu! Bilasiz-a, noyob gul! Gollandiyadan kelgan. Boshqa joydan topolmaysiz... Berigi qator – Hindistonniki... O‘rta Yer dengizi bo‘ylab sayohatga borganimizda...
Boybichchaning safar taassurotlari ham balki qiziqdir, biroq shu tobda negadir qulog‘ingga gap kirmaydi. Bu gullarning qay manzillardan, qay yo‘llar bilan keltirilganiyu qanday parvarishlanishi yoki xususiyatlarining senga nima keragi bor? Gulzoringiz haqiqatan go‘zal, o‘zingiz chindan-da gul shaydosi ekansiz, mana, ko‘rdik, tomosha qildik, huzurlandik, himmatingizga ofarin, tasanno, Boybichcham, bo‘ldi endi!
Gul sayridan so‘ng sohibkor xonim seni ikki chetida pakana-pakana kuzama archalar qatorlashgan naqshin tosh yo‘lkadan bog‘ sari yetaklaydi. Besh-o‘n qadam yurib taqqa to‘xtaydi.
– Hidini qarang! – deydi devorni qoplab-chirmashib yotgan sariq gulli allaqanday butani ko‘rsatib. – Zo‘r-a? Farangi atirlarning sira darkori yo‘q... Sanamgul deydi buni. Turkiyadan olib kelganmiz. Voy, qurg‘ur bojxonasidan o‘tkazish shundoq qiyin bo‘lgan!..
Bog‘ etagiga yetmay turib yon tomonda moviy bir eshikcha ko‘rindi, u yoqdan suvning shovullashi va allanimaning bo‘g‘iq guvullashi eshitilardi.
– Basseyn. Motori. Ko‘rasizmi? Hay, qo‘ying, hali xo‘jayin kelganida kirib bir sho‘ng‘ib olarsizlar. Anov Aliqul to‘ram kelgan zahoti shu yoqqa qarab chopadi. Suv – joni-dili. Rahbar bo‘lsang qurib ol o‘zingga!.. Xo‘jayinning otxonasi ham shu tarafda. Ikkita kiyigi ham bor. Tog‘dan o‘zim tutganman, deydi, qaydam... Yuring, endi sizga bir narsani ko‘rsatay...
Yo‘lkaning adog‘idan so‘lga burilib, butalar oralay-oralay xilvat bir burchakka borib qolasizlar. Qorong‘i, yerchiroqlar shu’lasi bu tarafga yetmaydi. Boybichcha bo‘yniga osib olgan telefonchasining chirog‘ini yoqib, o‘sha yoqqa tutadi. Devorga qapishib o‘sgan allaqanday buta, tikanak bosib yotibdi. Har-har joyida shig‘il urib qip-qizil mevalari cho‘g‘lanib ko‘rinadi.
– Nimaydi bu? – deb so‘raysan xavotir aralash hayrating oshib. – Shoshmang, hulo‘lga o‘xshaydimi?..
– Hulo‘l, hulo‘l, topdingiz! Huv o‘sha o‘zimizning hulo‘l. Esingizdadir?.. Atay olib kelib o‘tqazganman. Shu yerga, ko‘zdan nariroq deb... Endi bildingizmi sizni nega chaqirtirganimni?.. Ko‘nglingizga olmassiz, do‘stim, shu yoshda men o‘lgurning ham bir bolaligim tutdi-da, aybsitmang.
– Kimdan boshlaymiz bo‘lmasa? – deysan bexos sening ham bolaliging tutib. – Oldin – sen!..
– Yo‘q, qoravoy, sen! Bizlar ikkita, sen – bir o‘zing...
Boybichcha birdan xandon urib yelkangga bir tushiradi.
– E, boring-e! Boshdan ham qo‘rqoq edingiz, qo‘rqoq! O‘g‘il bola bo‘laturib qochib ketgansiz, yodingizdami?
Shundan so‘ng bir so‘z demay parishonhol odimlab shiyponga qaytasizlar.
... – Ishtoningniyam, ishtoningniyam! – deydi shaddod Nazokat zug‘umini kuchaytirib.
Alvontob g‘ijim ko‘ylagini boshidan chiqarib, qo‘lida tutamlab turgan laqma qiz – Oybibi zulm¬koriga angrayib, xo‘rlik aralash boqadi. Bilagu bo‘yinlarida qontalash chiziqlar – hulo‘lga yopishganida tilgan, tirnalgan. Burun chetlarida mishiq yaltirab qolgan qora-qura bet-boshi ham shu ahvol.
– Yech, yech! – deya uning ishtonbog‘idan tortadi Nazokat. – Bo‘lmasa, hammaga aytib chiqaman!
Bu manzaradan serrayib qolgan bola esa hayron: “Nimani aytib chiqar ekan?”
Oybibi ko‘ylagini xas-xashak ustiga tashlab, bolaga tikila-tikila lozimini tushira boshlaydi.
Bola hali o‘zi anglab yetmagan bir hisdan chirt¬ta o‘girilib oladi. O‘lgur Nazokat endi unga tashlanib, kaftlari bilan yuzini o‘sha tomon burmoq bo‘ladi:
– Qara! Qaraysan!
Ko‘z qiri ilg‘ab qolganlari... Sakkiz-to‘qqiz yashar qip yalang‘och qizcha. Chilcho‘pdek. Qovurg‘alari sanalib turibdi. Mallaga moyil to‘zg‘oq soch tolalari bir-biriga yopishgan. Oyog‘ida yirtiq kalishcha. Ovsarona mo‘ltirab qarab qolgan. Ahmoq qiz!
– Endi – sen, – deydi Nazokat bolaning yoqasiga qo‘l cho‘zib. – Yech!
Bulardan u bir-ikki sinf oldinda o‘qiydi. O‘zi ham durkunroq, qo‘g‘irchoqdekkina. Mahalla-o‘ramdagi eng xushro‘y qiz shu. Ko‘rgan odamning havasi keladi. Bolaning ham. Lekin – ichida.
– Yo‘q, – deydi bola to‘rsaygancha yulqinib. – Uyalaman.
– Anovi uyalmadi-yu, o‘g‘il bola bo‘laturib... Endi seni qiz bola deymiz. Qiz bola-a, qiz bola!
Bolaning alami keladi.
– Bo‘lmasa o‘zing ham... – deya dangal shart qo‘yadi u achchiqlanib. – Undan keyin men...
– Me-en?! – deydi Nazokat ensasi qotgandek, g‘olibona tirjayib. – E, bor-e! – U ko‘kragidan itarib yuboradi. – O‘g‘il bola emish! He, o‘l-e, qoravoy!
Kutilmagan zarbdan yerga o‘tirib qolgan bola apil-tapil hulo‘lxaltasini sudrab daraxtzorga uradi o‘zini.
Tashlandiq kolxoz yerlari. Hammayoq xas-xashak. Qarovsiz sharobi uzum zanglari yovvoyi olchayu qarolilar shoxiga chirmashib ketgan, yertoklar oyoqosti bo‘lib yotibdi – dalaga haydalgan mol-hol g‘o‘raligicha g‘ajib, novdalarini yalang‘ochlab tashlagan. Etakdagi o‘rikzor ichi qontalash xazonga to‘la. Erta-indin bularni ham onalarning javrovi ostida qoplarga joylab tandirxonaga tashish kerak. Ana o‘shanda tag‘in... Nazokatga duch kelasan! Yuragi g‘ash tortib, bolaning battar alami oshdi.
Bog‘ning har-har yerida g‘uj bo‘lib tikanak bosgan hulo‘l o‘sadi. Dona-donalab uni terish o‘lgudek azob. Barmoqlar tilinib, qonab ketadi. Kechasi onang chirqiratib qo‘llaringni avval issiq suvga tiqib oladi-da, keyin vazelin surtib, bog‘lab qo‘yadi. Ertasi kuni yana shu dardi balo! Dushanbagacha har bir o‘quvchi maktabga olti kilodan hulo‘l terib borishi shart, bo‘lmasa – darsga qo‘yilmaydi. Qoida shunday. Majburiyat. Aksiga olib bolaning, Nazokat va anovi uyatsiz mishiqining uylari bu yerga yaqin, shundoqqina bog‘larining etagiga tutash. Hulo‘lzor mo‘l bunda, ham dala qorovuli dorimaydigan ovloq joy.
Bola hulo‘l terishga odatda Rashid jo‘rasi bilan birga kelardi. Rashid bugun yo‘q – shahardagi ammasinikiga ketgan. U kechayoq “piloni”ni to‘ldirib qo‘ygan edi-da. Shuning uchun bugun o‘g‘il boladan bir o‘zi, qizlarga dugona bo‘lib hulo‘l terib yuribdi.
Darvoqe, u huv naridan termoqda, xaltasi ham to‘layozgan, mo‘ljalicha, yana sal g‘ayrat qilsa “pilon”ga yetishi naqd edi. Qayoqdan ham anovi shayton qiz chaqirib qoldi-ya! Rostini aytganda-ku, o‘zining ham bir ko‘ngli shu yoqda edi. Yolg‘iz, yakkamoxovga o‘xshab yurgandan ko‘ra, qaqajongina Nazokat bilan birga-birga terishsa yaxshi emasmi? Shu qizning asli bir issig‘i bor, doim ko‘rging, oldiga borging kelaveradi. Borishga borasan-u, baloga qolasan – “qoravoy, qop-qoravoy” deb mazax qiladimi-ey, biror so‘zingni tutib olib ustingdan kuladimi-ey... Lekin o‘zi chorlab qolgudek bo‘lsa, baribir jon-jon deb oldiga chopasan.
– Qoravoy, hoy qoravoy! – deb chaqirardi u odatdagi erkasimon tovushda. – Bu yoqqa kel-da, bir gap bor. Ko‘rasan, qiziq!..
Mana oqibati – yelkangda hulo‘lto‘rva, o‘z-o‘zidan xo‘rliging toshib qachondan beri xasu xazon oralab yuribsan!..
O‘sha kunlar o‘zi ko‘p ajab savdolar bo‘lgan edi-da...
Bola xaltasini yelkalab uyga kelsa, qandaydir g‘avg‘oning ustidan chiqdi. Gujum soyasidagi yog‘och karavotning to‘rida ikki qo‘lini yostiq ustiga yostiq qilgan ko‘yi mudom mudrab yotadigan bobosi bugun negadir munkayib o‘tiribdi. Soqolini tutamlagan ko‘yi dam-badam boshini ko‘tarib, oyoqlarini osiltirgancha karavot qirg‘og‘iga omonat o‘rnashgan kenja amakisiga bir-bir o‘qrayib oladi. Lekin miq etish yo‘q. Og‘ir bir gunoh qilgandek amakisining boshi xam, o‘rtasidan farq ochilib chakkasiga tushgan quyuq sochini har zamonda silay-silay quloq ortiga surib qo‘yadi. Doka ro‘molining uchini labiga bosgancha karavot panjarasiga suyanib tik turgan momosi nimanidir kutibmi, bir o‘g‘liga qaraydi, bir choliga. Hech kimdan sado chiqmayotganini ko‘rgach, kampir mushtumi bilan cholning yelkasiga niqtaydi: bir nima desangiz-chi, axir! Chol unga bir o‘qrayadi-yu, o‘g‘liga befarq nazar tashlab, yana boshini quyi solintiradi. Shunda kampir asta engashib, panjaraga suyab qo‘yilgan hassani olib unga tutqazadi: uring, bir solmaysizmi! Chol hassasiga bir qaraydi-da, vazmin burilib uni yana joyiga tirab qo‘yadi. Kampir ham bo‘sh kelmaydi – qaytib hassani olib beradi. Bu gal chol uning dastasidan mahkam changallab bir zum qaltirab turadi va g‘azab ichida qattiq sermab yuboradi. Qo‘lidan chiqib ketgan hassa hovlining qoq o‘rtasiga borib tushib, teng ikkiga bo‘linadi. Bir uchi kampirning iyagini “silab” o‘tganmi, u dahanini changallagancha uvillamoqqa tushadi. So‘ng yulqina borib hovlining o‘rtasiga o‘tirib oladi, ikki qo‘lida hassaning ikki sinig‘i, taqron yerni savalay boshlaydi:
– Endi qanday bosh ko‘tarib yuraman, dod! Eshitgan el-ulus nima deydi, dod! Sharmanda xotinbozning enasi bo‘ldimmi, dod!
Chol karavotdan turib na’ra tortadi:
– Bas qil, ho‘v esipast!
Boshiga nogahon kaltak tushgan kabi kampir birdan jimib qoladi. Siniq kaltaklar ham harakatdan to‘xtagan. Eshitilar-eshitilmas hiqillash bor hali...
Chol gunohkor o‘g‘ilga qattiq bir tikilib, dev misoli vishillaydi:
– Tur, ko‘zimga ko‘rinma!
O‘g‘il yerdan ko‘z uzmay darvozaxona tomon yuradi – ko‘chaga! Hali-beri bu xonadonda tinchlik yo‘q...
Bo‘lgan mojaro guvohlari hovlining har jo¬yida serrayib qolgan; bola, bolaning onasi, katta yangasi, kichik yangasi...
Momo yana talay zamon hovli o‘rtasida o‘sha taxlit hiqillab o‘tiradi. Boboning zovitasidan cho‘chibmi, birov unga yaqin borolmaydi.
Nihoyat, chol pinakka ketgach, ikki kelin – bolaning onasi bilan katta yangasi qaynonalarini qo‘ltiqlab-suyagancha uyga olib kirib ketishadi. Kenja kelinning allaqachon qorasi o‘chgan – ichkarida yostiq quchoqlab peshonasini qarg‘ab yotgan bo‘lsa kerak. O‘zi azaldan tegmanozik, arazchiroq. Bugun esa battar kuni tug‘di: asosiy da’vogaru asosiy domangir shu-da!
Bu savdolarning sabab-ma’nisini anglamoqqa hali g‘o‘rlik qilgan bola bekorchilikdan ko‘chaga daydib ketadi.
Kechqurunga boribgina ba’zi gaplarning fahmiga yetgandek bo‘ldi u.
Olachalpoq shira bosgan tol tagida velosipedini tuzatmoqda edi. Hulo‘lga ovora bo‘lib necha kundan beri qarayolgani yo‘q – g‘ildiraklarning dami chiqqan, zanjirlari ham bo‘shab yotardi. Ikki ovsin – onasi bilan katta yangasi nariroqdagi o‘choqboshida kuymanishib, kechki ovqatga hozirlik ko‘rishayotir. O‘zaro pichir-pichir qilib qo‘yishadi. Hovlining narigi boshidagi ayvon chetida tog‘orani oyoqlari orasiga olib, o‘zicha qarg‘ana-qarg‘ana “jabrdiyda” yanga kir mushtlagani musht¬lagan – alamini shundan olmoqchidek.
Katta yanganing pichingnamo hazili eshitiladi:
– Koshki endi bu dog‘ni ketkazib bo‘lsa!..
Onasining luqmasi:
– O‘lgur Mayramingizning o‘ziyam do‘lkigina-da, har yog‘ini selkillatib iljayganmi-qo‘yganmi deng...
– Uni-ku aytmang, bobongizning haligi qilig‘i kishini dong qoldirdi. Bor ishni qilgan o‘g‘ilga g‘iring deyish yo‘q, qaytaga kampir bechoraning boshini urib yorayozdi-ya! Erkak degani baribir erkakning yonini olar ekan-da, a, dugona? Xuddiki yaxshi qipsan, o‘g‘lim, seniki ma’qul deganday... Tavba! Qo‘yib bersangiz, o‘zlariyam o‘sha yoqlarga bir oralasa!..
– Unday demang-e, ovsinjon. Shu xonadonga kelin bo‘lib tushibmanki, hali biron marta betingizga botinib tikilganlarini bilmayman. Ko‘zlari doim yerda, tosh sanaganday. Boz ustiga, mo‘ysafid odam...
– Mo‘ysafidmi, balomi, erkak qavmi-da, ovsin! Ochiq yotgan qozonga qaysi it burilib qaramaydi degan gap bor-ku...
– Tuzuk turing-e, o‘zimizning bobo-ya?.. Otamiz qatori axir!
– Ha, nima deysiz bo‘lmasa? Mulla akamning quloqlariga yetsami, otashinroq odam, ukalariniyam, unga pishang berib o‘tirgan bobongizniyam tek qo‘ymas-ov. Bizning xo‘jayin qaydandir eshitgandek bo‘ptimi, hali kulib nima deydi deng: “Hay, yoshlikdagi sho‘xliklari eslariga tushib, bunga ham indamay qo‘ygandirlar-da”. Gapni qarang! O‘zlaridayam bor-da ozroq. “Birga ishlaymiz” deb, huv bir o‘ris xotinni boshimga yetaklab kelganlari esingizdami?..
– Hey bir zamonlardagi gap-da, ovsin! Qo‘ying, bugungisidan keling. Shu gap rostmi o‘zi? Biron mardum ko‘zi bilan ko‘rganmikan axir?
– Mayramning o‘zi aytganmish. Anovi Xosiyat darozga. Uni bilasiz, og‘zida gap turmaydi. Qaynonamizga ham o‘sha maston shipshitgan chiqar...
– Xo‘p, nima depti, nima emish?
Tolning panasida velosipedini chappa qilib zanjirini o‘tkazayotgan bolani unutibmi, yanga yon-veriga bir alanglab oladiyu pichirlaydi:
– Mayramning odati ma’lum, darvozaxonasiga tanda qo‘ygan, o‘tgan-ketganga kesak otib turmasa hovuri bosilmaydi. Qari er uyda, joyidan turolmay yotganiga necha zamon bo‘ldi. Bu baytal nima qilsin axir? Qiyshayib darvozaga suyanganida yoqasi ochilib, anov joylari tomosha bo‘lganmi... Guzardan shirakayf qaytayotgan qayniginamizning ko‘zlari shunga tushganu shayton qo‘zg‘ab bir qo‘l cho‘zgan-qo‘ygandir-da. Mayramingizga esa xuddi shunisi kerak – gap-so‘z chiqarib, bahonada o‘zini oppoq, pokdomon qilib ko‘rsatmoqchi! Bor gap shu, bildingizmi endi?
Zanjir tishlarga kiygizib chiqilgan, g‘ildirak aylantirib ko‘rilgan. Velosipedni tikka qilasanu yo‘l-yo‘lakay oyog‘ingni undan oshirib ko‘cha tomon surasan. Bu yerdan qochmoqchi, qochiblar ketmoqchisan!
Darvozaxonadan chiqaverishda gujum ostidagi karavotda nosning kayfini surib yonboshlagan bobong tarafga uvvalo qaramaslikka tirishasan.
Qo‘shni Mayram xolaning devoriga yaqinlashganda ilkis to‘xtab, oyoqlaringni yerga tirgak qilasan. Ana, darvozasi... Shu yerda bo‘lgan-da! Ammo hozir xolaning qorasi ko‘rinmaydi. Chiqishga qo‘rqadi u! Qo‘rqib qolgan. Darvozada ko‘rindi deguncha – bobong, nosning kayfini surib yotgan bobong shartta joyidan turib kelib!..
Shundan keyin bola talay muddat Mayram xolani ham, uning qizi Oybibini ham ko‘rganda qaramay, qochib o‘tishni odat qildi. Ikkalasidan-da uyalardi. Bir kun kelib Oybibi ham onasidek bo‘ladimi? Onasiga sira o‘xshamaydi-ku u – xunuk, qoqichak, mishiqi...
Shiypon zinasiga oyoq qo‘yaturib Boybichcha senga sirli kulimsirab, “Hozir birovni ko‘rasiz”, deb qoldi va qayoqqadir tovush berdi:
– Fayzulla-a, hov Fayzulla! – Katta imoratga yonbosh tushgan qator xonalardan birining derazasi osha o‘rta yashar, mo‘ylovdor bir kishi boshini chiqargach, buyurdi: – Bibini chaqir!
Hayal o‘tmay yo‘lakda qoq-quruq, mushtdek bir gavda paydo bo‘ldi. U pildirabgina kelib Boybichchaning og‘ziga mahtal qarab turdi.
– Mehmonga salom bermaysanmi? Tanidingmi o‘zi?
Ayol shundagina sen tomon o‘girildi:
– Issalom...
Hovli har qancha charog‘on bo‘lmasin, uni tanimoq mushkul edi. Shu havoda yengsiz uzun qora nimcha kiygan, burushiq bet-boshini aylantirib doka ro‘mol o‘ragan aftodahol bir xotin!
– Jiydalida hamsoya edik-ku, axir! Bir ko‘chada o‘ynab o‘sganmiz. Huv hulo‘lzorlarda... – Boybichchaning bu so‘zlarida eslatuvdan ko‘ra izza qilish ohangimi ustunroq edi.
– Ebi, sizmi, aylanay? – dedi ayol allanechuk tahlikada kafti bilan dahanini to‘sib. – Yaxshimi, og‘ajon? Kelin, bolalaringiz sog‘-omonmi? Tanimabman, o‘lay, kechirasiz-da.
Shumlik aralash kulimsirab turgan Boybichcha o‘yib oldi:
– Shunday ko‘rishadimi odam! Birga o‘ynab o‘sgan bo‘lsang... He, bor-e senam!
– Xo‘p, xo‘p, opajon, – deya tislanib, qimtinib iziga burildi ayol. Keta boshladi. Qoqsuyak. Bir burdagina. Sho‘rtumshuq.
– Shoshma, Oybi, oshing tayyormi?
– Guruchini xo‘jayin kelganlarida solsammi devdim...
– Hay, o‘zing bilasan, o‘zing.
Shiyponga chiqib o‘tirilgach, Boybichcha nogoh bir uh tortib, dilini yordi:
– Shunday, do‘stim! Ikki bebaxt yana topishganmiz. Buningiz ham menga o‘xshab bola ko‘rmagan. Lekin buniki qiziq: chimildiqqa kirgan-u, dodlab qochib chiqqan, deyishadi. Sababini o‘laqolsa aytmaydi. Erkak isidan qo‘rqqanmi, kim bilsin. Bunaqasiyam bo‘lar ekan-da, qarang. Shu-shu, uyda o‘tirib qolgan ekan, opkelib oldim. Bunga ham bir o‘ttiz yillar bo‘ldi-yov. Girdimda yuradi...
“...parvona bo‘lib! Cho‘ring bo‘lsa kerak-da, cho‘ring. Qoyil!”
Boybichcha nima zarurat bilandir hovliga tushib ketganida zinapoyadan harsillab uy egasi Suvon aka chiqib keldi. Qayta-qayta uzr-ma’zur qildi. Qadahni to‘ldirib araq quydi-da, tikka holida bir qultumdek liqqa yutib yubordi. Ke¬yin bunisi ham o‘tirib olib hasratini to‘kdi:
– Pad-dariga la’nat! Shu yugur-yugurlariyam jonga tegdi. “Bor-e!” deya hammasidan kechib, boshimni olib tog‘larimga ketgim, mayli, yong‘oq terib bo‘lsayam yurgilarim keladi ba’zan. Buni ko‘zim qiymaydi-da. Ko‘ngli o‘ksik... U yoqlarga borib yashayolmaydi bu. Hecham!
“Shundoq bahavo shiyponda bir kecha yotib ketish” taklifini rad etib, ertalabki samolyotga ulgurish bahonasida qarorgohingga jo‘naysan.
Darvoza oldida mehmondo‘st er-xotin bilan odatdagidek uzundan-uzoq xo‘shlashib turganingda bir mahal anovi sho‘rtumshuq paydo bo‘ladi. Qo‘lida allaqanday xaltacha, senga tutqazmoqchi! “Qo‘ying-e, bu nimasi!” deya sipolik bilan tisarilganingni ko‘rib hukmfarmo Boybichcha oraga tushadi:
– Oling, oling, qo‘lini qaytarmang. Biror nima atagandir-da sizga...

* * *

– Voy, muncha chiroyli! Toza ipakdanmi deyman. Kashtalari zarrin, bejirimligini ayting. Hindistonning moliga o‘xshaydi... Ichidagi nima ekan?
– Ko‘rgin-chi. Ochib qaramabman ham. Qani?.. Hulo‘lmi? Ha, ha, o‘zginasi – hulo‘l! Obbo, kasofat-ey! Kishining xayoliga ham kelmaydi-ya!..
– Hulu deysizmi? Na’matak-ku bu! Oddiy na’matak.
– Kim bilsin, bizda shunaqa deydi – hulo‘l. Sheva bo‘lsa kerak-da. Buning na’matak ekanini Toshkentga kelib bilganman.
– Yurakka rosa foyda deyishadi. O‘zingizga damlab beraman, ichasiz. Qiziq, oddiy bir na’matak shundoq arzanda xaltachaga solinarkanmi?! Kimning ishi bu?
– Bir xotinning. Oybibi degan.
– Oybibi deng! Kim ekan u kishim?
– Yaxshilik qilgisi kelgan bir xotin-da. Yuraklari baquvvat bo‘lsin deganmi... O‘zing aytyapsan-ku, yurakka foyda deb! Bolalikda birga hulo‘l terib yurardik. O‘shalarni eslagandir, qaydam.
– Qiz-ziq...
– Qiz-ziq, ha!
– Atay na’mataklar terib, mana bundoq xaltachalarga joylab bergan xotin kim bo‘lsaki...
– Bilging kelyaptimi? O‘zi qop-qora, qoqsuyak, sochi oppoq, tishlari to‘kilib bitgan...
– Hah, opqoching, opqoching! O‘sha na’matak tergan vaqtlaringizda yaxshi ko‘rgansiz-da, a? Unda yoshgina, shiringina qiz bo‘lgandir, shundaymi?
– Bo‘lgandir, bo‘lgandir... Mishig‘i oqib, qovur¬g‘alari sanalib yotardi!
– Voy-bo‘, u yog‘ini ham ko‘rganman deng?
– To‘g‘risi, qaramaganman.
– Qaramaganmishlar, ho-o!
– Mishig‘i oqib turgan xunukdan-xunuk qizaloqqa kim qarardi! Hammayog‘i tikanga tilingan, shilingan...
– Bechora! Rahmingiz kelgandir?
– Kelgan. Hozir ham rahmim keladi.
– Buni qarang! Menga-chi?
– Senga... Rahmim kelganida senga uylanarmidim?!
– Vah-vah! O‘sha mehriboningiz yoqangizga bir qarab qo‘ymabdi-da, chato-oq! Yeching, tez yechib bering!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.