OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Norsafar. Ko‘zgu (hikoya)

"...He-he, – deya to‘ng‘illadi chol, – yoqadimi emish! Yoqadiyam, yoqmaydiyam. Ayoling xo‘p xushbichim-u, ammo jonsiz. Siz, musavvirlar, odam a’zolarini anatomiya qonunlariga muvofiq qo‘yib chizsak bas, deb hisoblaysiz. So‘ng bu shakl-shamoyilni palitrada tap-tayyor turgan tana rangidagi bo‘yoq bilan bo‘yashga tutinarkansiz, bir tarafini boshqasiga qaraganda to‘qroq qilish payida bo‘lasiz va qarshingizda turgan yalang‘och ayolga faqat shu maqsaddagina ahyon-ahyon nazar tashlab qo‘yib, kamina tabiatni qayta bunyod etayapti, men-Xudodan san’atkorlik sirini o‘g‘irlab olgan zotman, deya xayol qilasiz o‘zingizni... Be, qo‘ysangiz-chi! Buyuk shoir bo‘lmoq uchun gapni chappa tuzish-u zo‘r qofiya topishning o‘zi kifoya emas-da! Avliyo ayolingga qara, Porbus! Bir qarashda, u ofatijon bo‘lib ko‘rinadi, ammo ser solib tikilsang, polotnoga chippa yopishib qolganini anglaysan: uning girdida aylanib bo‘lmaydi. U – faqat old tomoni bor, yorti bir tasvir, xolos. Na u yoq-bu yoqqa o‘girilishi, na-da im qoqishi mahol bo‘lgan ayolsimon bir ko‘lanka. Men mana bu qo‘llar bilan orqa manzara oralig‘ida havo sezmayapman, kartinada bo‘shliq yo‘q. Holbuki, olislashish qonuni to‘la-tugal saqlangan, orqa manzara qoidasiga ham xuddi shunday rioya etilgan. Ammo maqtovga loyiq bunday tirishqoqligingga qaramay, bu go‘zal vujudga hayotning qaynoq nafasi-la jon ufurilganiga aslo ishonolmayman. Deylik, uning olmadek shu ko‘kragiga qo‘l tekkizsam, marmardek sovuqligidan ses­kanib ketaman! Ha, do‘stginam, bu bug‘doyrang badanda qon gupurayotgani yo‘q, chakka va ko‘kragining tiniq terisi ostida to‘r bo‘lib taralgan tomirlarda hayot alvon chashma kabi jo‘sh urmayotir.
Qara, mana bu joyi nafas olayotgandek – xuddi tirik odamnikidek, mana bu joyi esa qilt etmaydi, kartinaning har bir bo‘lagida hayot bilan o‘lim olishib yotibdi. Mana bu yerda ayollik latofati namoyon, mana bu yerda esa u qo‘g‘irchoqning o‘zi. Xullas, asaring nomukammal. Sen sevimli asaringga qalbingning bir bo‘laginigina bag‘ishlagansan, xolos..."
Kutilmaganda eshik ochilib, deraza pardasi jon­lanib-qalqdi: xonaga yopirilib kirgan salqin shabadada sochlari to‘zg‘igan, noroziligi cho‘chchaygan lab­laridan ko‘rinib turgan Muazzamni ko‘rgach Mahin soatga qarab, lab tishladi:
– Esimdan chiqibdi...
– Kelishgandik-ku?!
– Uzr, dugon, kitob bilan bo‘lib...
– Odam degan ham shunaqa bo‘ladimi! Kamiga telefoningni ham o‘chirib qo‘ygansan. Kutdim, kelmaganingdan keyin, battar bo‘l, ko‘r bo‘l, dedim-da...
– Biror narsa xarid qildingmi?
Muazzam yuz-ko‘zi quvonchdan yal-yal yonib, entikkanicha ichkariga shoshib odimladi:
– Voy, dugon! Turetskiy shunaqa antiqa mollar kelgan... Tuflilarni aytmaysanmi? Qara, nima oldim!
U sumkasidan ro‘mol olib, boshiga tashladi.
– Qalay?
U ro‘moli uchlaridan tutganicha turgan joyida chirpirak bo‘lib aylangandi, xonani muattar bo‘y tutib ketdi.
– O‘zing chiroyliksan, shuning uchun hamma narsa yarashadi!
Mahin jilmayganicha unga boshdan-oyoq ko‘z tashlab, kitobga engashdi.
– Gullari, naqshlarining chiroyliligini aytmaysanmi! Bunaqasi hech qaysi matoda yo‘q. Mana bu hoshiyasini ko‘r, qanaqa!.. Ranglari ham joy-joyida tanlangan. Yengil, yumshoq, muhimi g‘ijim bo‘lmaydi.
Muazzam devorda osig‘liq turgan ko‘zgu-toshoyna tomon o‘girildi.
– Xohlasang, mana bunaqa qilib yelkangga tashlab qo‘yasan. Xohla ro‘mol qilib o‘ra, xohlasang sharf qil, xohlasang mana bunday qilib... Hoy!? Jag‘imni og‘ritib kimga gapiryapman? Devorgami? O‘zi senga gapirgandan ko‘ra...
– Kechir... – Mahin xijolatli kulimsiradi.
– Uf...
Nimanidir o‘yladi chog‘i, ko‘k yuzini qamray boshlagan bulut kabi norizolik balqqan nigohlari tuyqus yorishdi, chehrasiga tabassum quyoshi balqdi.
– Yana o‘shaning kitobimi? – dedi murosa ohangida.
– Ha, o‘sha!
Qiz chuqur xo‘rsinganicha deraza yonidagi ikkinchi krovatga o‘tirdi-da, ro‘molini tizzasi ustiga yoydi.
– Haligi, bilasanmi... – Muazzam bir muddat taraddudlandi, – pulingni... stipendiyani olganimdan keyin bersam degandim.
– Xo‘p.
– A? Rahmat, dugon! – u entikib, chuqur tin oldi, – xohlasang, senga ham berib turaman. Ertaga qizlarning ko‘zini bir kuydiray!
U quvonch bilan ro‘molini shiftga qayta-qayta otdi-da, shamol deraza darpardasini qalqitgan vaqt­da tushayotgan yorug‘likdan jilvalanayotgan zarrin, naqshinkor gullariga zavq­lanib tikildi. Uning bolalarcha beg‘ubor shodligini kuzatar ekan, beixtiyor Mahinning chehrasiga ham tabassum yugurdi.
– Aynan shunaqasini qachondan buyon izlab yurgandim. Sen esa xursandchiligimga sherik bo‘lish o‘rniga...
– Bu asarlarning men uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligini bilmaysan-da, dugon, – dedi Mahin o‘zini oqlayotgan ohangda kitobni uzanib deraza tokchasiga qo‘yar ekan, muqovasiga o‘zgacha mehr bilan ko‘z qirini tashlab krovatga qulayroq suyandi. – Qo‘lga olishim bilan dunyoni unutaman! Ana uni haqiqiy adabiyot, ana uni iste’dod desa bo‘ladi! Tasvirlarning haqqoniyligi, xuddi allalayotgandek yangrovchi ohangdor so‘zlarining jozibasini aytmaysanmi. Keyin, keyin ayol ruhiyatini hech kim uningdek tushuna olmasa kerak!
– Ey Xudoyim-ey, yana boshladingmi! – Muazzam shunday deya yostiqni yuziga burkadi.
– Balzak haqiqatdan ham daho! Aql bovar qil­maydi, bunaqa asarlarni qanday yozishadi, qaerdan o‘ylab topishadi-a?
Muazzam nimadir dedi.
– Tushunmadim? Yostiqni olib gapir!
– Uf... O‘sha asarni men ham o‘qiganman, bunchalik hayratlanmasang dedim, tushunarlimi?!
– Senda hayrat yo‘q, – dedi Mahin. – Xafa bo‘l­ma-yu, seni hayajonlanadigan murvati ahyon-ahyonda, ya’ni qimmatbaho libos yoxud taqinchoqlarni ko‘rganda ishlab ketadigan haykalga o‘xshataman.
– Gapining sovuqligini-chi! – lab burdi Muazzam.
– Ba’zida, – jilmayganicha gapida davom etdi Mahin, – his-tuyg‘u haqida gap ketganda menga xuddi biror taom haqida gapirayotgandek tuyulasan!
– Buni inkor qilmayman! O‘zini anglagan inson his-tuyg‘ularga qaram bo‘lmasligi kerak! Qanchalik so­vuqqon bo‘lsang, shunchalik yutasan! Shunchalik ko‘p nar­saga ega bo‘lasan!
– Aksincha! Sen nazarda tutayotan o‘sha NARSA mohiyatan ahamiyatsiz bo‘lgani uchun loaqal muayyan nomga ham ega emas! Tabiatingdagi xudbinlik sabab moddiyunning zuhurigagina e’tiqod qo‘yib, ba’zida bu borada juda chuqurlashib ketasan!
Muazzam iyagini tirsagiga tirab, unga tikildi.
– Ba’zida... ba’zida... AKSINChA! Ba’zida tiling juda zahar bo‘lib ketadi. Buni o‘zing ham sezasanmi? Bu birinchidan...
– Sen ham kam emassan!
– Gapimni bo‘lma! Ikkinchidan, his-tuyg‘u deganda sen...
Shu vaqt ko‘chadan mashina signali eshitildi.
Muazzam deraza osha ko‘chaga qarab qo‘lini quvnoq silkib qo‘ydi-da, Mahinga ma’noli kulimsiradi:
– Boriga shukr, u bo‘lmasa holim ne kechardi-a?
– Tinchlikmi?
– Xaloskorim keldi!
– Kim? Zufarmi?
Tasdiq ishorasini olgach, ko‘zguga tezgina qarab oldi-da, tashqariga otildi.
Dugonasining qorasi uzoqlashgach, ro‘molni yelkasiga tashlab, toshoyna qarshisida o‘zini turli qiyofaga solib bir muddat sollandi: dimog‘ida allaqanday sho‘x musiqani xirgoyi qilib chirpirak bo‘lib aylangancha raqsga tusha boshladi.
Xona ham, borki jihoz uning bilan aylanar, kuch­­liroq shaboda esgan vaqtda parda bor bo‘yi bilan havoga ko‘tarilib xona quyosh nurlaridan charog‘on bo‘lib ketar: qizning zavqini keltirganicha sochlarini to‘zg‘itib, ro‘moli va etagini yulqib tortqilar, ba’zida esa shaboda eshik tomondan yopirilib kirib, parda xuddi bo‘rondan zo‘riqayotgan kema yelkani kabi deraza romlariga yukungan chog‘da xona nim qorong‘ulikka chulg‘onardi.
Qiz o‘ynab toliqqach o‘zini krovatga tashladi. Mamnun kerilgan qirmizi lablari ustida ko‘pchigan reza-reza ter tomchilari ko‘rinar, durdek tizilgan oppoq tishlari va shodlik uchqunlayotgan ko‘zlari yiltillar, ro‘mol tashlangan ko‘ksi esa tinimsiz ko‘tarilib tushardi.
Allalab-elpiyotgandek qalqiyotgan darparda aro yuziga tushayotgan nur tafti, ufurayotgan yoqimli shaboda va yumshoq to‘shakning orombaxsh og‘ushida ko‘pirib-parlanib, shu’lalanayotgan pag‘a-pag‘a bulutlar suzib yurgan moviy gumbazga boqar ekan, cheksizlikni tuya-tuya uyqu elitganini sezmay ham qoldi...
Junjikib uyg‘ondi. Shom tushib, atrofni qoron­g‘ulik qamray boshlagan, ochiq derazadan kirayotgan muzdek shamoldan yelkalari sovuq yegan edi.
Shu vaqt ko‘zlari quvonchdan yonganicha Mahin kirib keldi.
– Buncha hayallading?
– Suhbatimiz cho‘zilib ketdi.
Toshoynaga qarab o‘ziga oro berar ekan, chuqur va mamnun xo‘rsindi.
– U chindan ham boshqacha! Boshqalarga o‘xshamaydi.
Yuzini norozi burishtirgancha derazani yopgan Mu­azzam junjikkanicha xalatiga o‘ranar ekan, loqayd ohangda dedi:
– Tushunmadim!?
– Nimani tushunmading? – so‘radi Mahin o‘gi­ril­magan ko‘yi.
– Bu yerda boshqa gap bor! Qani, yoril-chi!
– Qanaqa gap bo‘lishi mumkin?
– Mahin?
Muazzam quvonch to‘la ko‘zlarini un­ga qadadi.
– U qo‘limni so‘radi!
– Oh, qanday baxt! Kutmagandim, tabriklayman!
– Rahmat! Muhlat ertagacha, darsdan keyin uchrashadigan bo‘ldik. Kechki nonushtani sohil bo‘yidagi res­toranda qilmoqchimiz.
– O-ho! Romantik kecha degin.
– Shunaqa! Biz bilan aylanmaysanmi?
– Mmm... Yo‘q, borolmayman! Darsdan so‘ng supermarketga borishim kerak, rangi yoqmayapti, ochiqrog‘iga almashtirib kelaman.
– Yaxshi edi-ku, ha mayli, o‘zing bilasan.
– Boshim! Achchiq qahva ichmasam...
– Menga ham tayyorla, iltimos.
Muazzam bosh irg‘ab, zirqirayotgan yelkasini silaganicha oshxona tomon yurdi. Mahin esa hikoyaning qolgan joyidan o‘qishga tutindi...

 * * *

– Qo‘yvoring! Qo‘yvoring deyapman!
Qorong‘ulik qo‘ynidan shoshib odimlaganicha Mahin va Zufar izma-iz chiqib kelishdi.
Ko‘cha chirog‘i o‘chiq, hovli qorong‘u, Muazzam hali qaytmagan ko‘rinadi. Uy oldiga kelib, sumkasini kovlayotgan vaqtda yigit ham yetib keldi. Qiz eshikni ochar ekan, zarda bilan dedi:
– Keting, ko‘zimga ko‘rinmang!
– Mahin!..
– Men sizdan nafratlanaman, eshitdingizmi, naf­­ratlanaman!
Eshikni ichkaridan berkitmoqchi edi, uddalay ol­madi. Sumkasini uloqtirib, yuzini qo‘li bilan to‘s­ganicha krovatga o‘tirdi. Derazadan tushayotgan g‘ira-shira yorug‘liki darparda naqshlarida o‘z aksini topayotgan qorong‘u xonada qizni bazo‘r ilg‘ash mumkin edi.
– Qaerda edi?..
Paypaslanib chiroqni yoqqan yigit unga yaqin bordi.
– Mahin?
– Men sizni yer yuzidagi eng oliyjanob inson deb bilardim! – yoshli ko‘zlarini unga qadaganicha dedi Mahin. – Sizni hatto avliyo darajasiga chiqarib qo‘y­gandim, shuni bilasizmi!?
Qizning mijjasida to‘l­qin­la­nayotgan yoshlar gul yaprog‘ida sizayotgan shabnam misoli yengil titrab turgan gilos rang lablariga quyilardi.
– Faqat o‘z gapingni ma’qullaysan, meni ham eshitsang-chi! – qo‘llarini siltaganicha asabiylashdi Zufar!
– Aytadigan gapingizni aytib bo‘ldingiz! Men sizga ishongan edim. Sizni sevgandim, qalbimni bergandim!
– Qaerdagi bir nusxani deb...
– Kerak bo‘lsa, aslida o‘sha nusxa sizsiz! – uning gapini bo‘ldi Mahin,
– Tanishganimizdan buyon shu ahvol! – do‘rillagan ovozda hayqirdi Zufar. – Sening boshqa maqsading, boshqa hayoting ham bormi? Meni ham o‘ylaysanmi? Men ham odamman-ku?! Shuncha kutdim, borligimni sezar deb. Chidadim, sabr qildim, hamma narsaning ham chegarasi bo‘ladi! Men haqimda, orzularimiz haqida biror marotoba gapirganmisan? Yo‘q! Nega? Nima uchun? Yoqmasa ham butun umr gapingni ma’qullab, soyangga sig‘inib o‘tishim kerakmidi? Odam degan shunchalik ham bo‘ladimi?
Qizning g‘us­sali chehrasida chiroq yorug‘ida yiltiraganicha, durdek qator tizilgan yoshlariga qarab turib ko‘ngli alla nechuk bo‘lib ketgan yigit uning qo‘llarini kaftlari orasiga oldi.
– Sen uchun hamma narsaga tayyorligimni nahot bilmasang? Tushunsang-chi! U senga nima berdi? Nima bera oladi?
– Olib bergan narsalaringizni minnat qilayap­sizmi?
Yigit hushyor tortdi.
– Esing joyidami? Qanaqa minnat, nimalar deyapsan?
– Bilgandim shunaqa bo‘lishini! Mana, oling!
Zarb bilan polga uloqtirilgan qo‘ltelefon g‘i­lofidan ajralib, sochilib ketdi.
– Bu nima qilganing?
Qiz o‘zini krovatga tashladi-da, yuzini yostiqqa bosib o‘kirib yig‘lab yubordi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan yigit qo‘l uzatgani botina olmasdi, qanday yo‘l tutishni bilmay turgan vaqtda xonaga sarosimada Muazzam kirib keldi. U eshik kesakasiga suyanganicha, parishon nigohlarini ularga hayrat bilan tikib, yelkasiga tashlagan ro‘molini sidirib oldi-da, o‘zi bilmagan holda o‘rab-g‘ijimlay boshladi.
– Nima gap, tinchlikmi? Ovozlaring... ko‘chaga eshi­tiladi-ya!
– Hech gap yo‘q, – ko‘zlarini olib qochganicha to‘n­g‘il­ladi Zufar.
– Keting!
– Mahin?
– Mahin, o‘zi bu yerda nimalar bo‘layapti?
– Keting dedim sizga! Muazzam, ayt, chiqib ketsin!
– Hech qaerga ketmayman!
– Unda men ketaman!
– Hech qaerga ketmaysan! – Zufar Mahinning bilagidan tutib krovati yoniga qaytardi. – Men o‘yinchoq emasman, yoqmay qolsa uloqtirib yuboradigan. Shun­cha vaqt sabr qilib seni tingladim, endi, meni tinglaysan!
– Menga do‘q qilmang, shart ham qo‘ymang, siz men uchun hech kim emassiz!
Sovuq qotayotgandek yengil titrayotgan qizning g‘a­zabdan ko‘zlari katta-katta ochilgan, qorachiqlari kengayib ketgandi.
– Zufar, balki siz nima bo‘layotganligini aytib berarsiz?
– Hammasiga uning bo‘lmag‘ur...
– Tilingizni tiying! O‘zingiz bo‘lmag‘ursiz!
– Bas qilasanmi-yo‘qmi!?
– Siz bas qiling!
– Har ikki gapning birida o‘shani tiqishtirmasdan tura olmaydi! Yonidagi odamning g‘urur-hamiyati uning uchun bir pul!
– Endi to‘g‘ri tushunibsiz, ko‘nglingiz to‘ldimi? Bahoyingizni bilar ekansiz, tinch qo‘ying meni!
– Hozir men seni!..
– Mahin, bu nima degan gap? Zufar!
– Siz aralashmang!
– Ie, ha?! Ur! Ur! Nega baqrayib qolding?
– Sansirama menga!
– Sansirayman! Qo‘lingdan nima keladi!
– Nima deding?
– Mahin! Esingni yig‘, bu nima deganing?
– Eshitganing! Sen...
Mahin gapini tugatishga ulgurmadi.
– Oh, onajon!..
– Zufar!
Muazzam Zufarning bilagidan tutdi.
– Bu nima qilganingiz? Nimalar bo‘layapti sizlarga?
– Qo‘yib yuboring!
– Zufar!
– Qo‘yib yubor dedim!
Ko‘zlari xiyol yoshlanib, yengil titrayotgan Zufar Muazzamning qo‘lini yengil siltab tashladi-da, chap yuzini silaganicha yerga o‘ychan nigohini qadagan Mahin­ning qarshisida tizzalab, yuzini kaftlari orasiga oldi: ko‘z yoshlarini barmoqlari bilan sidirib ko‘z­lariga tikildi.
– Men seni sevaman! Eshitayapsanmi, sevaman! Sen uchun hatto dunyoga o‘t qo‘yishga ham tayyorman! Senga ko‘z olaytirganning barini o‘ldiraman! Hech kimga berib qo‘ymayman! Xayoling ham, butun borlig‘ing ham meniki, eshitayapsanmi, faqat meniki!
– Hech qachon! Hech qachon!..
– Zufar! Uning xayoli hozir joyida emas, iltimos, keting, ertaga bafurja gaplashib olasizlar!
– Gaplashadigan gapimiz qolmagan!..
– Nimani istaysan, ayt, hammasiga roziman! So‘z beraman, nima desang shu bo‘ladi!
– Keting!
– Nima?
– Bu yerdan daf bo‘lishingizni, qorangizni o‘chi­rishingizni istayman!
Zufar o‘rnidan keskin turib toshoynani devordan yulib oldi-da, yerga urdi. Muazzam qo‘rquvdan chinqirib yubordi:
– Zufar?!
Oyna gardishidagi naqshinkor gips bo‘lakchalari va shisha siniqlari atrofga sachradi.
– ...Bechora-ey!
– Mahin!
Xayolini tobora kuchliroq qamrab olayotgan noxush o‘ylardan karaxt, qo‘rquvdan qaltirayotgan Muazzam Zufarning yo‘lini to‘sdi.
– Zufar! Esingizni yig‘ing, bu nima qilganingiz? Iltimos, hech bo‘lmasa siz og‘irroq bo‘ling, axir erkak kishisiz-ku! Bunday paytda unga gap uqtirib bo‘lmaydi. Iltimos, keting!
Yigit hansirab, depsinib u yoq-bu yoqqa alang­ladi-da, eshikni tepib chiqib ketdi.
– Yaramas, pastkash!
Uzoqlashib ulgurmagan yigit bu gapni eshitib to‘xtadi, kaftini qisimlab ortiga yarim o‘girildi, Muazzamning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ortidan iltijoli qarab turganini ko‘rgach, nimanidir o‘yladi chog‘i, tez-tez yurganicha uzoqlashdi...
Mashina eshigi qarsillab yopilib, hamlaga shaylanayotgan yarador buqa kabi tosh-tuproq sachratganicha joyidan qo‘zg‘aldi. Muazzam bir muddat atrofni chang-to‘zonga ko‘mib uzoqlashayotgan mashina chiroqlari ortidan qarab turgach, qo‘l telefoni parchalarini yig‘ib oldi-da, Mahinning qarshisida cho‘kkaladi.
– Shunchalikka borishing shartmidi? Seni ham tushunmay qoldim!
– U shunga loyiq!
– Balki sen aytarsan nima bo‘lganligini?
– Uni haqorat qildi. U haqida gapirishimni man’ qilmoqchi bo‘ldi.
– Yana o‘shami?! Senga necha marotaba aytdim!..
– Nima qilibman? – Mahin g‘azabdan yonayotgan ko‘zlarini unga tik boqdi. – Aybim, eslaganimmi? Shunga osmon uzilib yerga tushibdimi?
– Hech bo‘lmasa shuncha yillik sevgi-muhab­bat­laringni inobatga olsang bo‘lardi.
– Qanaqa sevgi, qanaqa muhabbat?! Men uni sevmaganman, sevmayman ham!
– Ortingdan qancha yurdi, sen uchun nimalar qil­madi, nahot unutgan bo‘lsang?
– Nima qilibdi men uchun? Nima? Hech narsa! Undan hech narsa so‘ramaganman, so‘ramayman ham! U haqida eslashni ham xohlamayman!
– E-e, bilganingni qilmaysanmi! Shu yetmay turgandi o‘zi. Uf... Boshim... Bo‘lar ish bo‘ldi, tur, xonani yig‘ishtiraylik! Tegma, esing joyidami?!
U uzanib Mahinning qo‘lidagi siniq ko‘zguni olib xona burchagiga uloqtirdi.
– Kechasi siniq ko‘zguga qarash xosiyatsizlik keltiradi.
– Sen ovora bo‘lma, o‘zim yig‘ishtirib olaman! – dedi Mahin nigohini bo‘shliqqa o‘ychan qadaganicha.
– Hozir tegma, ertalab tashlarmiz, irimi bor.
Qizlar xonani yig‘ishtirishib, ko‘zgu siniqlarini xona burchagiga to‘dalashgach hech gap bo‘lmagandek suh­batlashib o‘tirishdi. O‘rganish sababdir, har ikkisi ham o‘zlari kutmagan holda ko‘zguning yo‘qligiga ko‘nika olmay uning bo‘sh qolgano‘rniga bir necha marotoba ko‘z tashlashdi.
Muazzam boshi og‘riyotganligini aytib yotdi, Mahin esa odatdagidek mutolaaga berildi.
Tun yarmidan oshgach kuchli yorug‘lik darpardaning nafis, naqshinkor to‘rlarining aksini xona devoriga tutib o‘tdi: shovqin tinib, borliqni sukunat qamrab oldi.
Eshikning qattiq taqillashidan cho‘chib uyg‘ongan Muazzam avvaliga hech nimani anglay olmay atrofga alanglar ekan, derazadan tushayotgan oy shu’lasida Mahinning ham jonlanganini sezdi.
– Kim?
– Men! Oching eshikni!
– Zufar!?
Muazzam o‘rnidan turib, yelkasiga tungi xalatini tashladi va chiroqni yoqib eshikka yaqin bordi.
– Bemahalda nima qilib yuribsiz?
– Mahin! Chiq, gaplashib olishimiz kerak!
Qiz bir so‘z demay boshini ko‘rpaga burkadi.
– Ertaga gaplashib olasizlar degandim-ku. Zufar, iltimos, keting!
– Chiq! Bo‘lmasa eshikni buzib kiraman!
– Nima balo, mastmisiz? – qizning ovozi baland va qat’iyroq yangradi.
– Ha, mastman! Eshikni oching, bo‘lmasa qo‘porib tashlayman!
– Ketmasangiz, odamlarni chaqiraman!
– Bilganingizni qiling! Siz bilan ishim yo‘q, Mahin chiqsin! Ochasanmi-yo‘qmi?!
– Zufar...
Gapini tugatishga ulgurmagan Muazzam o‘zini bazo‘r chetga olishga ulgurdi, ketma-ket tepki zarbidan eshik qo‘porilib, bir tabaqasi yonboshlab qoldi.
Zufar Mahinning krovati tepasiga bostirib bordi-da, ustidagi ko‘rpani yulqib, xona burchagiga uloqtirdi. Qiz o‘rnidan sapchib turdi.
– Haddingizdan oshmang! O‘zingizni kim deb o‘y­layapsiz?
Nafis kashtali kumushrang tungi libos qizning kelishgan qaddi-bastiga sidirilib, vasvasaga soluvchi borlig‘ini ko‘z-ko‘z qilar, chiroq yorug‘ida beli uzra to‘lg‘onayotgan tim-qora sochlar oppoq yuziga fusunkor joziba bag‘ishlagan, behi guli kabi rangin yanoqlarida shu’lalanayotgan jilvaning na g‘azab va na-da quvonchdan ekanligini anglab bo‘lmasdi.
Yigitning malohatidan esankirab kalovlanishi qizni havolantirdi.
– Keting, chiqib keting!..
– Mahin!
Yigitning nigohlaridagi norozilik va g‘azab o‘r­nini mute’lik ifodasi egalladi: qizning oyog‘i os­tiga behol tiz cho‘kar ekan, baquvvat qo‘llari u tomon iltijoli cho‘zildi.
 – Sensiz yashay olmayman, iltimos...
– O‘rtamizda hech qanday gap qolmagan! Borini ham tarsakingiz bilan yo‘q qildingiz, – uning gapini bo‘ldi Mahin.
– Kechir!
– Yo‘q! Hech qachon!
– Mahin!?
– Meni boshqa bezovta qilmang, izlamang ham! Erkaklarning hammasi bir go‘r ekan! Endi faqat uning xayoli bilan yashamoqchiman!
– Mahin! Esingni yig‘, o‘ylab gapir! – dedi Muazzam.
Yigitning yuziga qon tepdi: ko‘zlari g‘azabnok yonib, uzatilgan qo‘llar yig‘ildi, mushtlar tugildi. Tishlari asabiy g‘ijirlab, jag‘ mushaklari bejo o‘ynadi. Hamlaga shaylanayotgan yo‘lbars kabi o‘rnidan vazmin qo‘zg‘alarkan, bo‘g‘iq ovozda dedi:
– Iltimos, gapingni qaytarib ol! Hazillashdim, sinamoqchi edim de!
– Yo‘q! Bu rost!
Yigit qizning yelkalaridan mahkam tutib, qattiq silkiladi:
– Haqqing yo‘q, eshitayapsanmi, haqqing yo‘q!
Qizning ko‘zlaridan tirqirab yosh sizdi.
– Qo‘yvoring, og‘riyapti!
– Zufar! Esingizni yig‘ing! Qo‘yib yuboring uni!
– Hazillashdim de! Ayt, hazillashdim de!
Og‘riq jon-jonidan o‘tib ketgan qiz g‘azablandi.
– Senga qaragan sayin nafratim ortib borayapti!
G‘azab va alamdan sarxushligi ziyoda bo‘lgan Zufar uni bag‘riga tortmoqchi edi, qiz uning qo‘lidan chiqmoqchi bo‘lib siltandi-da muvozanatini yo‘qotib xona burchagidagi ko‘zgu siniqlari ustiga yiqildi. Qiz hatto «oh» tortishga-da ulgura olmadi.
Zufar yashin tezligida uni ko‘tarib oldi. Qizning kuraklari orasiga xanjarsifat ko‘zgu sinig‘i sanchilib turardi.
– Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!!!
Tun bag‘rida yigitning do‘rillagan, bo‘g‘iq ovozi noxush guldirab ketdi. Uzun sochlari havoda sollanayotgan qizning kamon kabi egilgan belidan qo‘li bilan tutib, maftunkor yuziga tikilganicha turardi.
– Mahin!.. Ey, Xudoyim-ey, nima qilib qo‘ydim!?
U qizni bag‘riga bosdi.
– Iltimos, Mahin, ko‘zingni och! Iltimos, o‘lma, meni tashlab ketma! Mahin! Mahin!..
Yigit yig‘lab qizning labi, bo‘yni, ko‘ksidan telbalarcha o‘par, yuz-ko‘zi qonga belangan edi.
Muazzam ko‘zi tushgan dahshatdan boshini changallaganicha chinqirib yig‘lamoqqa boshladi.
Mahinni dast ko‘targanicha, qoqinib-surinib hov­li tomonga yo‘l olgan Zufar nigohini qonli ko‘z yosh­lari ko‘ksiga tomayotgan qizning guldek jamolidan uzmasdi.
Zulmatga chulg‘angan borliq sukunatini dov-da­raxtlarning shovullab tebranishigina buzib turar, hadsiz yulduzlar zalvoridan qad rostlay olmayotgan osmon qopqasi esa shundoqqina qo‘l yetgudek masofada edi.
Yigit to‘lin oy shu’lasidan jilvalanib, shamolda bahri ummon kabi to‘lqinlanayotgan maysazor uzra tizzaladi: kumushrang libosi hilpirab, sochlari ilondek to‘lg‘onib-chulg‘onayotgan qizni boshi uzra dast ko‘targanicha, ko‘kka qarab nido qildi.
– Shumidi niyating? Shuni istaganmiding? Nega jimsan! Nega indamaysan? Qaytarib ber, eshitayapsanmi, qaytarib ber! A-a-a!..
Uning na’rasi falakni tutdi. Yana va yana...
Kutilmaganda u qizning jasadini maysazorda qol­dirib, yiqilib-suringanicha xonaga kirib bordi. Yoqavayron, hammayog‘i qon, ko‘zlari telbanamo bo­qayotgan yigitni ko‘rib Muazzam devorga yopishganicha, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab yig‘lay boshladi.
– Yo‘q! Yo‘-o‘q, iltimos! Kerak emas!.. Yo‘-o‘q...
Zufar xona o‘rtasida yotgan qonli ko‘zgu sinig‘ini olgach, qo‘rquvning zo‘ridan baqirishga-da holi qolmagan qiz qaro terga tushganicha, xuddi varaja tutgandek qaltiray boshladi.
Qiz jasadiga yaqin kelgan yigit xuddi sovuq qo­tayotgandek yelkalarini quchib, ho‘ngrab yig‘laganicha tiz cho‘kdi. Bir muddat engashgan alfozda tosh qotdi. So‘ngra shiddat bilan qaddini tik tutib qo‘llarini ko‘kka cho‘zganicha yer-u ko‘kni titratib shunday alamli nido qildiki, falak gumbazi chok-chokidan sitilib ketgandek bo‘ldi. Bir zarb bilan ko‘ylagini pora-pora qildi va qo‘lidagi ko‘zgu sinig‘ini vujudiga ketma-ket tortdi: avvaliga chuqur botgan «tig‘» jarohati orasidan suyaklar oqarib ko‘rindi: hayajon, noma’lum qo‘rquv va dahshatdan to‘lib-toshgan, qudratini ko‘z-ko‘z qilib o‘ynayotgan mushaklar uchib-titray boshladi, ketma-ket tortilayotgan «chiziqlardan» zumda qonga belandi.
U esa tizzalagan ko‘yi qizning jasadini boshi uzra dast ko‘tardi va kula boshladi.
Kuldi: telba dunyo ustidan alamnok-og‘riqli, masxaromuz va shakkokona...
Kuldi: qadri yo‘q telba muhabbatining, noshud va notavon taqdirning ustidan...
Kuldi, kulaverdi...
Go‘yo uning qahqahasidan nafsoniyati uyg‘ongandek olis-olislarda gumburlagan momaqaldiroq, ko‘p o‘tmay samodan dahshatli sado bo‘lib qaytdi: u shakkokni izlab topgan kezlarda yer-ko‘k titrab, atrof kunduzgidek yorishib ketardi.
Yigit hech narsani ko‘rmas-tuymas, telbavor kulardi...
Shamol kuchaydi, ko‘z ochib bo‘lmas chang-to‘zon ko‘­­­tarilib, borliq junbushga keldi: atrofni dov-da­raxtlarning tebranishi, qulashi, bir-biriga urilayotgan shox-shabbalarning qarsillab si­nishidan paydo bo‘lgan shovqin tutib ketgandi.
...Eshik-deraza romlari parchalanib, tomlar ha­voga ko‘tarildi, devorlar quladi. Ko‘p o‘tmay sharros yomg‘ir quya boshladi.
U kulgani sayin bo‘ron borliqqa qasd qilar: ko‘k va zaminni tutashtirib yuborgan yomg‘irning-da, tobora mavjlanib, shiddatlanib ko‘pirayotgan toshqinning-da nihoyasi yo‘qdek edi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.