OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Samandar. Jazo (hikoya)

Go‘yo Enaxon ayani katga kimdir mixlab tashlagan. O‘rnidan turishi uyoqda tursin, yonboshiga ag‘darilishi amrimahol. Mana, hozir u o‘ng tomoniga o‘girilmoqchi, chunki chalqancha yotaverishdan yelka va bellari tarashaday qotib qolgan. Lekin o‘sha “mix” qo‘yib yubormayapti. Qanday bo‘lmasin, u yonboshlab yotishi kerak, suyaklari zirqirab boryapti, qolgan-qutgan kuchini yig‘ib, o‘ngga qayrila boshladi, “mix” bir bahya qo‘yib yuborganday bo‘ldi. Yana biroz, tag‘in, tag‘in, dedi aya ichida. “Mix” eshitdimi yo o‘ziga qandaydir mador keldimi, bir amallab yonboshlab oldi. Yelkalariga jon kirganday bo‘ldi. Nari surilgan yostiqni boshiga tortib, o‘ng‘ayroq yotib olishi bilan yana miyasida ari g‘o‘ng‘illay boshladi. Ko‘pdan o‘zi shunday, og‘riq sal nari ketdimi, tamom, o‘rnini o‘sha ari — (og‘riqli xayolning otini aya o‘zicha ari qo‘ygan) o‘sha dardisar egallab oladi. G‘o‘ng‘illayveradi, ayani bir ko‘chadan ikkinchi, so‘ngra uchinchi ko‘chaga olib kirib-olib chiqadi-da, oxiri ko‘z ilg‘amas ummonga eltib, girdoblarga tashlaydi. 
Hozir “ari” uni izi-keti ko‘rinmaydigan bu xastalikning sababi ne ekan, degan masalaga yana ro‘baro‘ qildi. Tongsiz tunlardayu tund kunlarda aya bu haqda ko‘p o‘ylagan. U biladi, tashlangan yaxshi-yomon qadamlarning hisob-kitobi bo‘ladi. Odamlarga yomonlik qilgan, azob bergan, nohaq birovlarni xo‘rlagan kimsa oxir-oqibat bir ofatga, masalan, og‘ir xastalikka chalinadi. Shuni o‘ylab, aya o‘zining butun umrini, bosgan qadamlarini ko‘z oldidan o‘tkazadi. Beayb parvardigor, u ham xatolar qilgan, lekin hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmagan. Hech kimga. Pichoqni avval o‘zingga ur, so‘ng boshqaga, degan aqidaga rioya etib kelgan. Shunday ekan, bu bedavo xastalik qayoqdan kelaqoldi? 
Eshitgani bor edi, ajdodingda bir yomon o‘tgan bo‘lsa, uning kasri avlodidan kimgadir urarmish. Aya o‘zi bilan yetti pushti orasida yomon ot chiqargan biror kimsani bilmaydi. Balkim marhum eri... 
U kattakon edi, raykom edi. Ishiga puxta edi. Lekin... o‘tganlarni yomonlashmaydiyu to‘g‘ri gap, diydasi qattiq edi. Bo‘lar-bo‘lmasga qo‘l ostidagilarga ko‘p zug‘um o‘tkazardi. Achchiq ustida nohaq qamatib yuborganlari ham bo‘lgan. Halol va to‘g‘ri so‘z otasi qamalgan qo‘shni qiz o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan ham edi. Shunda ham pinagini buzmagandi-da raykom...
Aya o‘sha paytlarda o‘qituvchi edi. Ba’zi ayollar gohida unga kelishardi. Ayting, axir, eringizga, xo‘jayinlarimizda tirnoqcha ham ayb yo‘q, nohaq azob bermasin, deyishardi. Aya eriga aytardi. Dangal-dangal aytardi. Ishimga aralashma, deb siltab tashlardi u. Oilada ham cho‘rtkesar, uyda ham “raykom” edi-da.
Ayaning dami ichiga tushardi. Kuchi hech nimaga yetmaganidan ezilardi. Dardlarini xayollarga aytardi, xolos. Bir kitobda o‘qigandiki, koinotdagi hamma narsa, barcha jonzot ko‘zga ko‘rinmas zanjir bilan bir-biriga bog‘langan. Yer shari bilan aylana borliqni bir-biriga ulab turadigan bu zanjir zohiran yo‘q, ammo aslida bor, borligini doimo eslatib, ko‘rsatib turadi. Deylik, birov birovga tan yo jon azobi berdi yoxud uni o‘ldirdi (zanjirdan bitta xalqani uzdi). Shunisi, haqki, uning ketidan o‘zi uzilmay qolmaydi. Mabodo bu dunyoda jazodan qutulsa ham u dunyoda do‘zax o‘tlarida yonishi bor. Nega shuni bilishmaydi, bilishni istashmaydi. Nega? 
Erining kasri ayaning bitta o‘ziga urgan bo‘lsa, mayli, endi umri qancha ham qoldi. Ammo qiziga, Gavharjoniga urmasin. Iloyo, ura ko‘rmasin. Lekin qizining fe’l-atvori ham dadasinikiga o‘xshab ketadi. Cho‘rtkesarroq. Berahmroq...
Bunday qaraganda aya uni deb yashadi, umrini uni deb o‘tkazdi. O‘ttiz besh yoshida beva qolgach, qizginam birovga baqna bo‘lmasin deb boshqa er qilmadi. Yugurdi-eldi, qizini zoriqtirmay el qatori yedirdi-ichirdi, katta qildi. Diplomli qildi. Telefonxonada ishlayapti. Xudo xohlasa, yaqinda to‘yini ham o‘tkazadi. Tuzukkina yigitga non sindirib qo‘yishgan. So‘ng aya ketma-ket nevaralar ko‘radi, shirin-shakar o‘g‘il-qizlarning momosi bo‘lib, oyoq uzatib yashaydi. Tezroq tuzalib ketaqolsaydi. Ammo yomonlikning kasri... Qizining tashvishi...
Banogoh ust-ustiga hakka chakakladi. Ayaning xayoli qochdi. Sezdiki, u eshik oldidagi gujum shoxasida hakaklamoqda. Irimi yaxshi emas, o‘yladi aya, tom boshida hakka qaqshadimi, tamom, bir ko‘ngilsizlik bo‘lmay qolmaydi. Bunday paytda xushxabar, xushxabar, deb qo‘yish odat. Kulfatni daf etadi, deyishadi. 
Ichida uch marta xushxabar, dedi aya. Hakkaning esa chakagi tinay demasdi. Aya o‘rnidan turmoqchi, qandaydir noxushlikdan ishorat berayotgan shumqadamni haydamoqchi bo‘ldi, ammo “mix” qo‘yib yubormadi. 
Hakkaga kimdir, nihoyat, kesak otdi. Kesakning shoxaga taraqlab tekkani, hakkaning potirlab uchib ketgani eshitildi. Bu Gavharjonning ishi, o‘yladi aya, faqat ugina biron nima qilsa, shunday shiddat seziladi. Hali bozorga ketgandi, tezroq kelgani tuzuk bo‘ldi. Lekin... hakka ne ofatdan darak berib ketdiykin? O‘z panohingda asra, Xudoyim!
Bir to‘lqinday shopirlab kirib keldi qizi tushmagur. Issiqdanmi yo hakkaga to‘pinganidanmi yuzlari bo‘g‘riqqan. Qop-qora ko‘zlari yonib turar, go‘yoki u bir o‘q-u kimdir mana-mana otib yuboradiganday tarang edi. Uning hovliqishlarini kuzatarkan aya “Xudoyim, uni o‘zing asra” deb qo‘ydi ichida yana bir karra. 
Hammasi g‘alati bo‘lyapti-da o‘zi. Ishga bormaydigan kuni bo‘lsa-da, bugun tong sahardan irg‘ishlagancha o‘rnidan turdi. Quvurdan sharaqlatib chelakka suv quydi-da, supurgini olib tashqari otildi. Kallai saharlab uy supuradigan odati yo‘q edi. Ko‘chani-ku, umuman supurmas, aya yotib qolgani sabab onda-sonda xas-cho‘pdan tozalardi, xolos.
Eshik oldiga suv sepishu ko‘chani supurib-sidirishga bugun nega rag‘bat ko‘rsatib qoldiykin, yana qushlar uyg‘onmasidan oldin-a!? Biron tush-mush ko‘rmaganmikan... Ayaning ko‘ngli mahzun tortdi. Yomon xayollarga berilishning xosiyati bo‘lmas, degan fikrga borib, ko‘ngil osmoniga kelgan qora bulutlarni haydadi. 
Quyosh yoyilib-yoyilmay Gavharjon choy damlab, choynakka “do‘ppi” kiygizib qo‘ydiyu apil-tapil kiyina boshladi. 
— Yo‘l bo‘lsin, qizim, — hayron bo‘lib so‘radi aya. 
— Bozorga o‘tib kelaman, — javob berdi Gavharjon shoshib tuflisini kiyarkan.
— Muncha erta... ne olmoqchisan o‘zi? 
— Hech nima. Shunday bir aylanib kelmoqchiman.
Aya tag‘in hayron bo‘ldi. Hali bozorchilarning o‘zlari kelmay turib bozor aylanish... Ayaning nazarida qizi o‘z taniga sig‘may noaniq bir manzil sari shoshayotgandek edi. 
Shu tariqa qizi to‘lqinday shopirlab chiqib ketdi. Mana endi yana bo‘ronda toshgan o‘sha to‘lqinday shovullab kelib turgani. 
— Qassobdan yangi so‘yilgan et opkeldim, ena, — dedi u xaltachani ustalga tap etkizib qo‘yarkan, — selli qozonkavob pishirib beraman hozir. Kasalligingizga shundan zo‘r shifo bo‘lmasakan, do‘xtir aytgan edi.
— Voy, qizim-ey, kallai sahardan shuni deb bozorga yugurgilab yuribsanmi hali. Bilasan-ku o‘zing, etni yeyish uyoqda tursin, burnimga isi kirsa ko‘nglim behuzur bo‘lib ketadi. 
— Buning o‘zi ham, isi ham boshqacha. Qumda o‘tlatilgan qo‘zichoqning barrasi. Gul hidlaganday bo‘lasiz, og‘zingizda erib ketadi. Yeysizu o‘rningizdan irg‘ib turib ketaverasiz.
— Etni sog‘ odam singdiradi, axir. Menga u og‘irlik qiladi. Qo‘y, qizim, meni deb qozonga qarama. 
Enasining so‘nggi gapini Gavharjon javobsiz qoldirib, keskin burildi-da ichkari kirib ketdi. Bir zumda yengi kalta, gulli xalatini kiyib chiqdi. Shoshganidan tugmalarini ham solmagan, oppoq tani-badani shundoq ko‘rinib turardi. Taniday umri ham chiroyli bo‘lsa edi, ko‘nglidan o‘tkazdi aya, to‘yini ko‘rib o‘lsam, armonsiz ketardim. 
Gavharjon shu tezlikda oshxonaga kirib qozon-o‘choqni taxt etib chiqdi. Masalliqni enasi oldida, ayvonda tayyorlashga kirishdi. Xontaxta ustiga choyshab yoyib, ikki bosh oq piyoz keltirib likopchaga qo‘ydi. Go‘shtning lahm joyidan kesib kosadagi suvda chayib oldi. Yana ne kerak bo‘lsa, barini keltirib, ko‘rpacha ustiga o‘rnashib o‘tirdi-da, ishni piyozni archishdan boshladi. 
— Ehtiyot bo‘l, qizim, — dedi aya, — qo‘ling qo‘lingga tegmaydi-ya. Pichoq bilan o‘ynashma.
Qizi eshitmaganga olib ishini shu zayl davom ettiraverdi. 
Yog‘ hidi burqsib ayvonga urildi. Gavharjon dast o‘rnidan turdi-da, oshxonaga yugurdi. Yog‘ning hali dog‘lanmaganini ko‘rib, qozonning qopqog‘ini yana bosib qo‘ydi-da, olovni biroz ko‘tardi. So‘ng boshqa ishlarga andarmon bo‘ldi. 
O‘z xayollari bilan bir bo‘lib yotgan aya nimaningdir shitirlaganini sezib eshik tomon boshini burdi. 
Shu payt... ayvon eshigi g‘iyq etib ochildi. Aya boshini biroz ko‘tarib ko‘z soldi. Qiya eshikdan qo‘ng‘ir mushuk boshini suqqanicha xontaxta ustidagi go‘shtga to‘pinib, mana-mana tashlanay deb turar, chamasi u hid olib oldinroq kelganu g‘ujanak bo‘lib payt poylar edi. 
Aya tanidi. Qo‘shnining mushugi. Bolalagan deb eshituvdi yaqinda. Bir yo‘la yettita tuqqan emish. Egasi esa uzoqqa ketgan. Oldi-sotdiga. Mushuk bolalariga suv-non beradigan kishi qolmagan chog‘i. Bolalalari g‘amida kirgan bu yoqlarga mushuk bechora. Ayaning yuragi achishdi. Qiziga tovush berdi. 
— Gavharjon, hov, Gavhar, bu yonga chiq.
Qizi eshitmadi. Go‘shtdan picha berib yubor mushukka, demoqchi edi aya, olib borib bolalarining og‘ziga tutsin bechora.
O‘ljaning xoli qoldirilganini ko‘rgan mushuk otilib kirdi-da, bir zumda xontaxta ustida paydo bo‘ldi. Aya bu gal bor kuchini to‘plab qattiq qichqirdi: o‘vv, Gavhar! 
Gavharjon chiqqanida mushuk go‘shtni ko‘targilab ulgurgan, juftakni rostlayotgan edi. Mushuk bu yoqda qolib Gavharjon eshik tomon yugurdi. Mushukdan oldin eshikka yetib boray degandi, ayni shunday bo‘ldi, borib apil-tapil uni zichlab yopdi. Qopqaga suyangancha “endi qayoqqa qochasan” deganday mushukka bir pas tikilib turdi. Paytdan foydalanib aya dedi: qo‘y, bolam, ozorlama mushukni, gunoh bo‘ladi, eshikni och-da chiqarib yubor, yaqinda bolalagan ham ekan sadpora.
Gavharjon enasining so‘zlarini yo eshitmadi, yo parvo qilmadi.
Olazarak mushuk qo‘lga tushganini sezib jon holatda o‘zini oshxonaga urmoqchi bo‘ldi, ammo yog‘ hidi chiqmasin deb Gavharjon uni bekitib qo‘ygan edi, ko‘rib orqasiga qaytdi. Og‘zida go‘sht, ko‘zlari yongancha deraza va xobxona eshiklariga qarandi, ular ham yopiq edi. Himoyaga chog‘lanib go‘shtni qattiq tishlagancha o‘zini xontaxta ostiga urdi.
Gavharjon qo‘liga ilgan ko‘rpachayu sholchalar bilan xontaxta yon-tevaraklarini yopdi. Endi kuning bitdi, o‘g‘ri, deganday oyog‘i ostiga g‘olibona qarab qo‘ydi. 
Aya talvasa ichida yana tushuntirdi: qiynama, mushukni. Qo‘yib yubor, jon bolam, irimi yomon.
Gavharjon enasi tomon keskin o‘girildi-da, jim yoting, degan ma’noda qo‘lini asabiy silkitdi.
Qulog‘iga gap kiradigan holatda emasdi qizi. Uning ko‘z-qulog‘i, fikri-yodi xontaxta ostidagi “yov”da, uni ushlab olish birdan-bir maqsadiga aylangan edi. Shu yo‘lda u davom etdi. Ko‘rpachaning bir chekkasini asta ko‘tarib, mushukka ingichka yo‘l ochdi, chiqishi hamono uni xippa bo‘g‘ishga shaylanib turdi. Bu qopqon ish bermagach, shiddat bilan xontaxtani ko‘tardi-da o‘zini tappa mushukning ustiga tashladi. 
Holdan toygan mushuk bersam qutulaman, deb o‘yladi shekilli, og‘zidagini tashlab yubordi. Ammo u “kalta o‘ylagan” ekan, bo‘yniga solingan sirtmoq bo‘shalish o‘rniga borgan sayin qisib, omburday bo‘g‘a boshladi. 
Mushuk tipirchilab-tipirchilab, xiqillab-xiqillab jon berdi. Uning quloqlari och yotgan bolalarning nolalarini so‘nggi bor eshitgan bo‘lsa, jon olayotgan “jallod”ni qarg‘agan bo‘lsa, ne ajab!
Yuragi qon bo‘lib ketgan aya yotgan joyida alamli bir to‘lg‘angan edi, “mix” uni qo‘yib yubordi shekilli, chayqalib o‘rnidan turdi-da, o‘zini katdan tashlab qarg‘angancha qizi tomon surundi. Dimog‘iga sassiq hid urildiyu oshxona tomon o‘girildi. Qozonga qara, Gavhar, o‘t olgan bo‘lmasin, deb chinqirdi.
O‘g‘ri mushukni biryoqlik qilgan Gavharjon yog‘ni olovga qo‘yganini eslab o‘zini oshxonaga urdi. Eshikni ochishi bilan... gup etib olov ko‘tarildiyu yuz-ko‘zlarini kuydira boshladi.
Ayaning xayoliga negadir lop etib o‘sha qo‘shni qiz keldi. Nohaqlikka chidolmay o‘ziga o‘t qo‘ygan qiz. Gavharjonga hozir yopishgan o‘t o‘sha qiz suyaklari olovidan tutatqi olgan bo‘lsa-chi!..
Ayaning ichidan otilgan dud oshxonadan chiqayotgan tutun bilan qorishib, tomog‘ini bo‘g‘a boshladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.