OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Toshbosgansoy voqeasi (hikoya)

Og‘aynim Alijonni ko‘rsam, ham kulaman, ham kuyaman.
Bundoq qarasangiz, binoyidek. Yetti muchasi sog‘, aqli-hushi joyida. Agar o‘lgudek sodda, bolalardek ishonuvchan va xayolparast ekanligini nuqson demasangiz, hech qanaqa kamchiligi yo‘q, ko‘ngli toza yigit.
U hali yosh bolaligidan otasi onasi bilan ajrashib ketgan, bilishimcha, juda nochor yashashardi. Shunga qaramay, akasi o‘qib, kasb-hunarli bo‘ldi-yu oyoqqa turib olishdi. Alijonning o‘zi esa maktabdan keyin o‘qimadi. Haydovchilik kursini bitirib, avtoparkka ishga kirdi. Oramizda birinchilardan bo‘lib harbiy xizmatga borib keldi. Keyin yana o‘zining eski ishiga qaytdi. U shahar atrofiga qatnaydigan yo‘nalishli avtobus haydovchisi bo‘lib ishlardi.
Shu taxlit oradan yillar o‘tdi...
Bir kuni eshitsak, uni uylantiradigan bo‘lib qolishibdi. Bu paytda akasi allaqachon uylanib, bola-chaqali bo‘lib ketgan, onasi xastalanib uyda o‘tirib qolgandi.
Xullas, Alijonning to‘yiga hamma sobiq sinfdoshlari to‘planib bordik. To‘y juda chiroyli o‘tdi-yu kutilmaganda xunuk tugadi. Alijon to‘y o‘tgan kunning ertasigayoq “xotini bilan ajrashayotgan emish” degan gapni eshitib, qotib qoldik.
Ma’lum bo‘lishicha, Alijonga olib berilayotgan qiz nikoh kuni kechasi yig‘lab, “Meni majburlab sizga uzatishyapti. O‘zimning yaxshi ko‘rgan, yuradigan yigitim bor”, deganmish. Endi, bu yog‘ini tasavvur qilavering! Alijon deganlari bir kechadayoq adoyi-tamom bo‘ldi. Bunaqa hodisa hech kimning boshiga tushmasin-u, juda hunuk bo‘larkan.
 O‘sha kunlari Alijonni guzarda ko‘rib, ochig‘i taniyolmay qoldim. Ozib-to‘zib ketgan, soqol-mo‘ylovi o‘sib, xalq ta’biri bilan aytganda, “ikkita qulog‘i bilan bitta burni qolgandi”, xolos.
U men bilan istar-istamas ko‘rishdi. Men buni sezdimu, “Ko‘p siqilma, og‘ayni. Ayb senda emas-ku!” deb ovutdim, k ma’yus bosh chayqadi.
– Yo‘q, bo‘shangligim, ko‘ngilchangligim boshimga yetdi, – dedi ortib. – Yangam “Uzoqroq qarindoshimizning qizi. Xo‘p desangiz, bas” desa, laqqa tushib o‘tiribman. O‘sha qiz bilan uchrashmabman ham. Oldidan ham o‘tmabman. Endi bilsam, uning uydagilari “yuradigan” yigitiga uzatishga qarshi ekanlar. Mana endi ikki o‘rtada men sharmanda, qip-qizil tomoshaqovoq bo‘lib qoldim...
Shu uchrashuvimiz, shu qisqagina gap-so‘zimiz sabab bo‘ldimi, haytovur, keynchalik ham u bilan tez-tez ko‘rishib turadigan bo‘ldik. Nazarimda, u biznikiga kelib, men bilan suhbatlashsa, xufton dili yorishadi, yurakdagi og‘riqlari hiyla bosiladi.
Men maktabda ishlayman. Til-adabiyotdan dars beraman. Ba’zan, o‘zim tenggi yosh o‘qituvchi yigitlar bilan “Xalqa yo‘l” yaqinidagi choyxonaga borib oshxo‘rlik qilib turamiz. Bir kuni qo‘yarda-qo‘ymay, Alijonni ham shu davraga sudrab bordim. Juda yaxshi o‘tirdik-ku, ziyofat oxirlaganda, Alijonning sal kayfi oshib qoldi va uyga qaytib kelgunimcha miyamni qoqib, qo‘limga olib berdi.
“Baribir shahardan ketaman. Uzoqroqqa – toqqami, cho‘lgami, biron daryo bo‘yigami? O‘sha yerlarda ovchilik qilaman, baliq tutaman, dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Bu yerda akam bilan yangamning qosh-qovog‘iga qarab o‘tiramanmi? O‘sha yoqlarda jaydari qishloq qizlaridan biriga uylanaman. Turish-turmushimni epaqaga keltirib olgach, onamni ham olib ketaman. Shundan keyin yangam ham, akam ham mendan qutilishadi!”
O‘shandan keyin anchagacha ko‘risholmay yurdik.
Meni poytaxtga “Malaka oshirish kurslari”ga o‘qishga yuborishdi. Bir oy qolib ketdim.
Ishonasizmi-yo‘qmi, Alijon tushmagur, meni qidirib o‘sha yoqqa ham bordi. Toza shahar aylandik. Soatlab suhbat qurdik va o‘shanda ham men Alijon avvalgi romantik xayollaridan qutula olmay yurganini sezdim.
“... Yaqinda bironta tog‘ qishlog‘iga ko‘chib ketaman. Haydovchilarga o‘sha yerlarda ham ish topiladi, – davom etdi u jonlanib. – Tasavvur qil! Shundoq tog‘ etagidagi qishloq. Jimjit... Bitta buqa, ikkita sigir, besh-o‘nta qo‘y-echki sotib olib boqaman. Sen ham kelinni, bolalaringni yetaklab dam olgani borib turasan!..”
Og‘aynimning shunaqa xayolparastligi, bolalardek soddaligidan hayratlanib, unga mehrim oshadi, ba’zan havasim ham kelib ketadi. Yotoqxonadagi suhbatimiz kun botguncha davom etdi.
O‘sha kuni yotoqdagi hamxonam – Bakir degan ohangaronlik o‘qituvchi yonida bir notanish yigit bilan kirib kelib qoldi. Ko‘rishdik, tanishdik. Suhbatimiz suhbatimizga qovushib ketdi. Qaytadan dasturxon tuzatdik. Shishalar ochildi. Mehmonimiz – Zulqarnayn ismli yigit, dovon yo‘lidagi Oybuloq degan qishloqdan ekan.
Alijon “dovon” degan so‘zni eshitib, bilrdan sergaklandiyu, Zulqarnaynga qaradi.
– So‘raganning aybi yo‘q. Sizning qishloqqa ham elektr borganmi? Ko‘chalari asfaltmi? – so‘radi uzundan-uzun kipriklarini pirpiratib.
– Albatta, – iljaydi Zulqarnayn. – Shahardan qolishmaydi. Ko‘chalarimiz tep-tekis. Maktab, bog‘cha, medpunkt, hatto “supermarket”imiz ham bor.
– Be-e, bo‘lmabdi, – qo‘l siltadi Alijon hafsalasi pir bo‘lib, – Unaqada qiziq emas ekan. Qishloq bo‘lsa, tog‘lar orasida bo‘lsa... Soylar, daryolar sharqirab tursa... Elektr, chiroq, televizor bo‘lmasayam mayli!
Buni eshitib kulishdik.
– Siz aytgandaqa qishloqlar ham yo‘q emas, – kulimsiradi Zulqarnayn.
– Qaerda? – ko‘zlarini javdiratdi Alijon yana.
– Shundoq tog‘ning ortida, – dedi Zulqarnayn Alijonga ma’noli qarab qo‘yib. – Tog‘larning orasida, kichkinagina. Havosi qaymoqdek... Dov-daraxtlari ko‘p... Katta soy qishloqni aylanib oqadi... Aholisi asosan qo‘y-echki boqadi, dehqonchilik qiladi. Uzum, o‘rik yetishtiradi. Siz aytganingizdek, u yerda asfalt ko‘chalar u yoqda tursin, mashina yuradigan yo‘lning o‘zi ham yo‘q. Odamlar otda, eshaklarda yurishadi.
– Voh! Men boradigan qishloq ekan! – deb yubordi birdan Alijon zavqlanib menga qarab qo‘yarkan.
– Siz aytganingizdek, elektr ham yo‘q. Odamlar lampa shisha yoqib o‘tirishadi, – davom etdi Zulqarnayn. – Lekin odamlari juda sodda, mehnatkash, jaydari odamlar. Qizlarini aytmaysizmi? Naq, tog‘ ohularining o‘zi. Biri biridan suluv...
– Oh, oh, oh! – yana xitob qildi Alijon ko‘zlari chaqnab. – Menga manzilini bering, birodar. O‘sha yoqqa boraman!
Yana kulishdik. Alijon tashqariga chiqqanda men mehmon yigitga uning murakkab hayoti va u azaldan shunaqa xilvat bir makon izlab, o‘sha yerda yashab, ishlash xavasida yurganini qisqacha aytib berdim. Zulqarnayn meni diqqat bilan eshitib o‘tirdi-da, Alijon kirgach, hikoyasini yana kelgan joyidan davom ettirdi.
– Men o‘zim u yerda atigi bir marta bo‘lganman-u, lekin umr bo‘yi esimda qolgan, – dedi u entikib. – Naq ertakning o‘zi! Uning oldida Shveytsariya kurortlari bir pul. Jannatning !filiali” deysiz. Havoning tozaligi, har xil maza-bemaza gap-so‘zlarning yo‘qligi, umuman, taraqqiyotdan uzoqligi odamlarning ham fe’l-atvoriga ta’sir ko‘rsatarkan, shekilli, u yerdagi odamlarning soddaligini ko‘rib hayron qolgandim.
– Oti nima o‘sha qishloqning? – so‘radi Alijon shoshilib.
– Toshbosgansoy, – javob berdi Zulqarnayn.
– Bo‘ldi, men Toshbosgansoyga ketaman, – dedi Alijon bir zum jim qolib va jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi. – O‘sha yerda uy qurib, uylanib, bola-chaqa qilaman. O‘rik ekaman, uzum yetishtiraman, qo‘y-sigir boqaman...
Shu-shu qachon Alijonni ko‘rsam, undan bir xil gapni eshitadigan bo‘lib qoldim:
“Mana ko‘rasan, baribir Toshbosgansoyga ketaman. U yoqda hayot zo‘r. Bormagansan-da, bilmaysan. Naq jannatning “filiali!” – deydi hayajondan ko‘zlari chaqnab.
Men esa uning gaplarini eshitib, har safar hayron bo‘laman, uning ishonch bilan, xuddi o‘sha qishloqqa borib kelgandek gapirishi meni hayratga soladi...
Xullas, “malakani oshirib” kelgach, yana ishga sho‘ng‘ib ketdim. Alijon ham avtobus parkidan bo‘shab, qanaqadir qurilish korxonasining katta yuk mashinasini haydashga o‘tdi. Kam ko‘rishadigan bo‘lib qoldik. Bir-ikki uyiga yo‘qlab borsam, “Hali u viloyatga, hali bu tumanga ketgan deyishdi.
Axiyri, bir kuni guzarda uning yuk mashinasi turganini ko‘rdimu, avtobusdan tushdim. Alijon sigaret olgani do‘konga kirgan ekan. Ko‘rishdik. Mashina kabinasida birpas suhbatlashib o‘tirdik.
– Ko‘rinmay ketganingga allaqachon Toshbosgansoyga jo‘navorgandirsan, deb o‘ylagandim, – deb hazillashdim.
– Yo‘q, borolmayapman, – ma’yus kulimsiradi u. – Onamning toblari yo‘q...
 O‘rtaga jimlik cho‘kdi. Alijon bir lahza mashinaning old oynasidan noma’lum bir nuqtaga xayolchan tikilib qoldi.
– Haliyam Toshbosgansoy deb yuribsanmi? – kuldim men. – Endi bunaqa bo‘lmag‘ur xayollarni qo‘y, og‘ayni. Katta bo‘lib qoldik. Uylan, bola-chaqa qil...
– Avval Toshbosgansoyga ketay, keyin... – so‘zimni bo‘ldi Alijon xayolchan tovushda.
– O‘sha qishloqqa o‘zing biron martaba bormagansan, ko‘rmagansan-ku, axir? – qizishdim men asabiylashib.
– Bormagan, ko‘rmagan bo‘lsam ham, bilaman. Toshbosgansoy mening ikkinchi vatanim, – dedi Alijon menga qaramay.
O‘sha uchrashuvimizdan keyin oradan ko‘p o‘tmadi. Kech kuzning izg‘irin kunlaridan birida xunuk xabarni eshitib, dong qotib qoldim.
Nima emish? Alijon o‘zining mashinasida qaysi bir chekka tumandan qaytayotib, to‘satdan katta yo‘l yuziga yugurib chiqqan uch-to‘rtta bolakaylarni ko‘rib, shoshib qolibdi... Tormoz bosishga ulgurolmasligiga ko‘zi yetgach, rulni yo‘l chetiga burib yuboribdi va mashina yuk-puki bilan jarlikka qulab, Alijonning o‘zi o‘sha yerda halok bo‘libdi!
Bu gapni eshitdimu, uyiga yugurdim. Afsuski, o‘sha uzun-quloq gap rost bo‘lib chiqdi. Alijon chindan ham halokatga uchrabdi...

* * *

... Oradan yarim yilcha vaqt o‘tdi. Erta bahor kunlarining birida xizmat yuzasidan poytaxtga yo‘lim tushdiyu, ittifoqo, bir vaqtlar hamxonam bizni tanishtirgan o‘sha Zulqarnayn ismli yigitni uchratib qoldim. U ham meni tanidi. Avtobus bekatida birpas suhbatlashib qoldik va men unga Alijon, uning fojiali o‘limi haqida gapirib berdim.
Zulqarnayn bunga juda achindi.
– Esiz, bolalardek sodda, beg‘ubor yigit edi-ya! – dedi taassuf bilan bosh chayqab. – Xudo rahmat qilsin. Oilasi bormidi?
– Yo‘q. Aytgandim-ku, birinchi turmushi bo‘lmagan... “Toshbosgansoyga borib uylanaman, bola-chaqa qilaman” deb orzu qilib yurardi, – dedim men va qiziqsinib so‘radim. – O‘sha qishloq haliyam bormi?
– Be, qayoqda?! – dedi Zulqarnayn lablarini qimtib. – Unaqa qishloq tag-tugi bilan yo‘q. Hayotda ko‘rmaganman. O‘sha kuni sizlar bilan chaqchaqlashib o‘tirib, og‘ayningizning ko‘nglini ko‘tarish uchun aytgandim... Ba’zan shirin xayollar ham qilish ruhiy madad bo‘ladi deyishadi-ku?!..
O‘rtaga jimlik cho‘kdi va uni yana Zulqarnayn buzdi:
– Bir gap aytaymi, aka, – dedi u o‘ychan ohangda. – To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham o‘sha qishloqning borligiga ishonaman... Ochig‘i, ko‘pincha turmush tashvishlaridan charchaganimda o‘sha yoqqa bosh olib ketib qolgim keladi...
Men qarshimdagi yigitni endi ko‘rayotgandek hayrat bilan tikilib qoldim.
Shu tobda tevaragimdagi ko‘p qavatli uylaru, asfalt ko‘chalarni ko‘zim ko‘rmas, quloqlarim tom bitgan, sershovqin shahar, mashinalar tovushi, odamlarning g‘ovur-g‘uvuri ham eshitilmas, go‘yo o‘sha Toshbosgansoy qishlog‘i yo‘lida turgandek edik, nazarimda...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.