OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Farrosh va mudroq (hikoya)

Mirodil har kuni sal kam bir chaqirim yo‘l osadi. Ishxonasiga ertalab g‘ira-shirada, shoshib, katta yo‘l bo‘ylab keladi. Onda-sonda yonidan vizillab o‘tgan yengil avtomashinalarga qarab ham qo‘ymaydi. Bir xil qiyofada, bir xil ko‘rinishda, yelkasini u yoqqa bu yoqqa tashlab, goh supurgisi qo‘ltig‘ida, goh supurgisiz “ishxona”siga oshiqadi. Egnida qishin yozin bir xil libos. Kostyumi, ko‘ylagi ustidan kiyib olgan hamma ko‘cha supuruvchilar kiyadigan yengi yo‘q to‘q sariq yupka nimcha. Boshida rangi o‘chgan ayvonchasi bor kepka, qora, yumaloq yuziga yarashib tushganday.
U tepalikdan xuddi g‘ildirakday pildirab tushib kelardi “Ishxona”siga yaqinlashganda doimiy tanishi Mudroq o‘tiradigan joyga - simyog‘ochdan bir qadam naridagi beton tosh yoniga bir nazar soladi-da, beixtiyor ishshayadi va ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘rsatib:
- Ha, o‘tiribdilarmi,- deydi. Orqasidan “O’zbekiston vatanim manim”, deb qo‘yadi. Keyin hech kim yo‘q yerga qarab:
- “Ie, hali chiqmaptilarda”,- deydi-da qo‘lini siltab “ha mayli”, deya “ishxona”siga o‘tib ketadi.
Uning “ishxona”si mashinalar aylanib o‘tadigan aylana - doira shaklidagi katta yo‘l. Yo‘lning to‘rt tomonida baland-baland to‘rt qavatli binolar. Bu binolarning oldilarida ulkan chinor daraxtlar, archalar o‘sgan. Undan to‘kilgan yaproqlar yil o‘n ikki oy aylana atrofidagi tekis asfalt yo‘llarga, yo‘l qirg‘oqlaridagi beton ariqchalarga, aylana ichidagi gulzorlarga to‘kiladi. Mirodilning vazifasiga esa mana shu katta yo‘l, yo‘lakcha, va ariqlarni doimo toza tutish, daraxt yaproqlarini sipirib sidirib turish.
Unga bu ish yetib ortadi. Shuning uchun ertadan kechgacha shu atrofda tinmaydi. Tevarak atrofni supuradi, yaproqlarni yig‘ishtiradi va qaergadir olib borib tashlaydi.
Biror yo‘lovchi.
- E, hormang!- deydigan bo‘lsa, uning “Bor bo‘ling!- deyishidan avvalgi javobi yuqorida aytganimiz “O’zbekiston vatanim manim”, jumlasidir. Ana undan keyin u so‘yloq, beso‘naqay tishlarini ko‘rsatib ishshayadi. Xushiga tutsa “Bor bo‘ling”, deydi. Bo‘lmasam supurishdan to‘xtab, boshidagi kir, rangi o‘chgan kepkasini oladi-da, qarab qo‘yadi. Shunday paytda uning Mendeleevnikiga o‘xshash taqir silliq boshi ko‘zga tashlanib ketadi. Yuzining yapoldosh salqiligi esa bilib qoladi. U bir zum nafas rostlagan bo‘ladi. Yana kepkasini boshiga ilib xazonlarga tikilgancha supurishga tushadi.
Mirodilning bu atrofda tanish-bilishlari ko‘p. Xo‘v gaz suv sotuvchi, narigi betdagi somsapaz bola, tsement, ohak sotuvchi yapoldosh yuz mo‘ylov, paynetdagi o‘smir, ro‘paradagi go‘sht do‘konidagi qassob. Qolaversa, shu yerdan o‘tuvchi mahallasidagi qo‘ni-qo‘shnilari. U birov “xo‘v” dedimi bas. Bitta javob qiladi. “O’zbekiston vatanim manim”, deya ishshayib qo‘yadi. Boshqa “ha”yam demaydi, “huv”yam demaydi. Tamom. Shu bilan gapi tugaydi.
U atrofdagi odamlarning birortasi oldiga bormaydi. Borsa, somsapaz oldiga borib puliga biror dona somsa olib yeydi. Goh goh qassobdan uyiga ketishda ro‘zg‘orga ikki yuz, puli ko‘proq bo‘lsa uch yuz gramm go‘sht oladi xolos. Ammo kelaverishdagi haligi beton tosh yonida o‘tiruvchi Mudroq oldiga albatta har kuni bir marta borib qo‘yadi.
Mudroq hammadan keyin “ishxona”siga chiqadi. Uning “ishxonasi” yo‘lakchaga qoqilib qolgan simyog‘ochdan bir qadam naridagi beton toshning yoni. Qishin yozin u shu joyni pakka qilgan. Paxtasi chiqib ketgan yirtiq yostiqchasi bor stuliga o‘tirib oladi-da, xontaxtaga saqich, pista, sigareta, gugurt, qurtob nos solingan bonkachalarini teradi. Yana allanimalarni qo‘yib quyosh chiqib yo‘lovchilar u yoqqa, bu yoqqa o‘ta boshlaganda tijoratini boshlovchi bu insonning doim boshida yangi do‘ppi, egnida kostyum-shim oyog‘ida xirom etik bo‘ladi. Qorindor, salki yuzlari hali hanuz shunday. U kursisining suyanchig‘iga shundoq yonboshini beradiyu, mudrashga tushadi. Xaridor kelsa mushukning ko‘ziga o‘xshash ko‘zlarini ochadi. Nima olyapti qarab turadi. Pulini olib, hisob-kitob to‘g‘ri bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, pulni kostyumi cho‘ntagiga soladi. Xaridor ketadimi, tamom. Yana uning ko‘zlari yumuq. Yana u mudrashga tushadi. Uning “ishi”shu. Narsalarini sotish va kun bo‘yi mudrab o‘tirish. U shu zaylda ishlaydi. Birov bilan bir chaqalik ishi ham bo‘lmaydi. Birov gapirsa “ha”yam demaydi, “yo‘q” ham demaydi. Qurtob, sigaret, pista u-bu sotadi va mudraydi.
Mirodil Mudroq bilan salkam yigirma yildan beri qadrdon. Qadrdonligi shuki, u komxozga ishga kirganda Mudroq o‘tirgan joylarni ham supurish unga topshirilgan. Uning o‘zi aytishicha “bu professor” o‘tirgan yerlar ham unga qarashli “territoriya”. U bu yerlarni supurishga majbur.
U “komxoz”ga ishga kirganda ota-onasi uni endi uylab qo‘ygan payt edi. Boshlig‘i erta saharda qaerdan qasrgacha supurish kerakligini tushuntirib qo‘ydi. Nozik, qatmol serxarakatchan “kuyov bola” hayo huy deb ish boshlagandi. Atrofni supura-supura quyosh yoyilganda Mudroq o‘tirgan joyga yetib kelgan va uyqusirab ko‘zlarini yarim yumib o‘tirgan “xo‘ja boqqol” oldiga kelib:
- Qani o‘rinlaridan tursunlarchi, “O’zbekiston vatanim manim”, bu joylarini bir supurib qo‘yaylik!- degandi.
Mudroq yumuq ko‘zlarining avval bittasini ochib qaragan. Keyin yosh “yangi” farroshni ko‘rganidan taajjublanganday ikkinchi ko‘zini ochib hozirgidek paxtasi chiqib turgan eski yostiqchali stulini olib sekin nari o‘tib turgan. Uning qarashlarida ust-boshi bir ahvol, bu yangi farroshni mensimaslik ifodalari bilinib turadi. Mirodil buni sezgan. Indamay joyni supurib, hazonlarni qo‘lidagi qopchiqqa solgan. Gap so‘z qilmay ishini davom ettirib ketavergan. Mudroq keyin joyiga borib o‘tirgan.
Mana, shu birinchi uchrashuvga ham yigirma yilga yaqinlashib qolibdi. Lekin bu ikki inson o‘rtasida munosabatlar, muomalalar hali hanuz o‘zgargani yo‘q. Mirodil Mudroq oldiga keladi. O’sha gapini takrorlaydi. Ba’zan chest berib turib: “O’zbekiston vatanim manim”,- deya baland ovozda aytadi. Mudroq asta-sekin o‘rnidan turadi. O’rindan turish, bezovtagarchilik unga malol keladi. Mirodilga qoshlarini chimirib yov qarash qiladi. Yirtiq, uvadasi chiqqan yostiqchali stulini olib nari turadi. Mirodil supurib bo‘lgach, u yana o‘rniga boradi. Stulchasiga o‘tirib bir yon biqini bilan uning suyanchig‘iga tashlanadi. Asta ko‘zlarini yumadi. Ba’zan Mirodil mayin yelgan nasimdek uning oldiga sekin keladi. Mudroqning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, turib asta “O’zbekiston vatanim manim” deb qo‘yadi. Mudroq bari bir bir so‘z demaydi. Ijirg‘annamo o‘rnidan turadi. Mirodil yerni supurib bo‘lguncha, changdan o‘zini saqlayotgandek burunlarini jiyirib, boshini xiyol qiyshaytirib yonbosh qiladi. Mirodil axlatlarni qopchiqqa solish uchun engashganda qaerga o‘tirgan bo‘lsa, o‘sha yerga borib o‘tiradi. O’tiradiyu, ko‘zlarini yumib yana mudrashga tushadi. Axlat qopchiqchasini ko‘tarib ketayotgan Mirodil gohida unga bir qaraydi. Qaraydi-da, tilini chiqarib uni masxaralagan bo‘ladi. Buni ko‘rib qolgan ba’zi bir yo‘lovchilar kulimsirashib qo‘yadi. Shunda Mirodil sevinganidanmi, nimagadir baland ovozda yana “O’zbekiston vatanim manim”, deydi va Mudroqqa bir qarab ishshayadi qo‘yadi. Mudroq esa parvoyi-falak. Ko‘zini yumgancha, kallasini bir yonga qiyshaytirib stul suyanchig‘iga suyangan holda o‘tiraveradi.
Bir kuni Mudroq o‘tirgan joyida ko‘rinmay qoldi. Quyosh ancha ko‘tarilgan bo‘lsada, u yo‘q edi. Bari bir Mirodil aylana gulzor atrofidagi asfalt yo‘l beton ariqchalar ichi, piyodalar yuradigan yo‘lakchalarni tozalab bo‘lib, nihoyat odaticha Mudroq tarafga navbatni berdi. Yumaloq odamning belidan yo‘g‘on bo‘lgan bo‘yi bir yarim metrlar chamasi beton tosh oldiga bordi. Unga tikilib turdi. Keyin “Qani, tursinlar!-” deb qattiq gapirdi va baland ovozda “O’zbekiston vatanim manim”,- deya supurishga tushdi. Hamma yoqni tozalab bo‘lgach, ortiga bir qaradi-da, xuddi Mudroqqa ishshayganday ishshayib yo‘liga ravona bo‘ldi. Bu hol ikki uch kun davom etdi. To‘rtinchi kuni Mirodil hamma ishlarini qilib bo‘lib, uzun sopli supurgisini aylana ichidagi gullar orasiga yashirdi. Ikki yelkasini balandpast qilgancha yurib somsapaz bola oldiga o‘tdi. Somsapaz tandir tepasida o‘tirardi. Mirodilni ko‘rib u:
- Somsadan uzaymi?- dedi qo‘liga somsa uzadigan cho‘michini olarkan.
- Shoshilmasinlar,- deb javob qildi Mirodil va somsapazga yaqinroq borish uchun o‘choqqa suyandi va sekin gapirdi:
- Hov, janoblari ko‘rinmay qoldimi-a?!
U Mudroq o‘tiradigan tarafga ishora qildi, ko‘zini qisib boshini silkirkan.
- Ha, To‘xtasin akami? E, u kishining yuragi ushlab qolibdi. To‘xtamay ketvordilar...
O’smir tandirga engashib, u yoq bu yog‘ida qizarayotgan somsalarga qararkan javob qilgan bo‘ldi.
Mirodil Mudroqning ismi To‘xtasin ekanini endi bilgandi. Ammo indamadi. Yuziga kaftlarini surtib:
- Xudo rahmat qilsin!- dedi. Boshqa indamadi. O’ychan holda o‘zi ishora qilgan tarafga qaragancha bir zum jim qoldi. Somsapazning “somsa uzaymi?”- degan takror savoliga javob ham qilmadi. So‘yloq tishlarini ko‘rsatib g‘alati bir holda ishshaydi, keyin:
-    Xayr ma’zurni nasiya qilibdi-da - dedi. Dediyu, yo‘liga ravona bo‘ldi:
-    Ertasi ertalab ishxonasiga u yana g‘ildiraganday bo‘lib keldi go‘yo. Endi u ishni Mudroq o‘tiradigan tosh yonidan boshladi. Odaticha:
-    Qani, tursinlar!,- dedi. So‘ng “O’zbekiston vatanim manim” deya yerlarni supurishga tushdi. Eng oxirida ishini u shu kungacha har kuni boshlab kelgan yerida yakunladi. Bu endi unga odat tusiga kirib qoldi. Supurgisini yana aylana beton ichidagi gullar ichiga yashirib, kun kech bo‘lishiga uyiga qaytdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.