Bu qizning ko‘zlaridagi birgina ifoda yigitlarning ming bir kechinmalariga sabab edi. Balki yigitlar undan pinhona ko‘z uzolmay qolishlarining sababini sevgi deb bilishardi. Hamma o‘z-o‘zicha, ammo nigohdagi nozik xol muqim va yakto edi.
Qizning ko‘zlarida mung bor edi, uning bor-yo‘q chiroyi, alpqomat yigitlarni “kichraytirib” qo‘yadigan jozibasi ham shu, ko‘zlaridagi mung tufayli edi. Qizig‘i shuki, aynan shu ifoda sabab hech birovi unga o‘z dilidagini aytolmasdi. Deyarli hamma taxminan bo‘lsa-da, o‘sha sezgidan cho‘chirdi: aytilsa – hammasi tamom bo‘ladi, hozir tengsiz zavq bilan egalik qilib turganlaringdan senga hech vaqo qolmaydi, tamom vassalom.
Qizning atrofida o‘zini chiroyda tanho deb bilgan go‘zallar ham talaygina edi. Tabiiyki, ular (hartugul o‘zlaricha bo‘lsa-da) go‘zallikni tez ilg‘ar, duch kelgan go‘zallikka indamay bo‘lsa-da tan berar va nihoyat go‘zallikni qadrlashga ham o‘rganishgandi. Bu qizning ko‘zlaridagi mungni ularning aksariyati (mus¬tasnolar hamma vaqt topiladi) ichki bir bo‘y¬sunmas e’tirof bilan tengsiz go‘zallik deb topishgan, shu sabab undan tevarakni qizg‘anishga jur’at qilolmasdi. Ayrimlargina bunga har gal behuda bo‘lsa ham urinishardi.
Bu qiz o‘ziga ortiqcha oro berishni, boshqalardan ajralib turishni, kimlarning nazarida qanday ko‘rinish kerakligini o‘ylamas, ehtimolki, bilmas edi. U oddiy, ozoda va ayni damda ko‘rkam kiyinardi. Hamma narsa unga yarashardi, lekin yarashgan narsalarning hech bir qiymati yo‘qday. Uning bor go‘zalligi ko‘zlarida, ko‘zlarida esa mung bor: ismsiz, tilsiz, joduli... Hamma narsaning ham biror yakuni bo‘lgani kabi bu holatning ham oxiri bo‘lishi kerak edi: nihoyat yigitlardan biri unga ko‘nglidagilarni aytishga jur’at qildi. Bu yigit har qanday qizning orzusidagi yigit edi. Kelishgan, aqlli va ayniqsa, ko‘plar uchun qiziqarlisi: badavlat oiladan, xullas, hammaning nazarida uning kelajagi porloq edi.
Yigit avval qizga xat yozdi. Xatda, bu qizsiz unga hayot hayot emasligini, uning uchun hamma-hamma narsani nisor etishini chiroyli so‘zlar bilan ifodaladi. Qiz uning xatiga javob yozmadi. Lekin yigit uning birgina mar¬hamatini payqab qoldi: qiz yigitga bir-ikki marta biroz fursat o‘sha mungli nigohlar bilan termuldi. Shuning o‘zi kifoya, bu iltifot yigit uchun tengsiz dalda bo‘ldi. Navbatdagi maktubni yozdi: “Bizning oramizga hech kim tusholmaydi. Siz kim, men kimligim va boshqa har qanday sababning bo‘lishi mumkin emas. Faqat siz ham buni bilishingiz kerak. Bir qalbning tafti bilan muhabbat tiklanmaydi. Sizni falon kuni, falon soatda, falon joyda kutaman. Intizorlik bilan kutaman”.
Qiz yana javob yozmadi. Bu safar yigit uning ko‘zlari o‘ziga o‘tgan galgiga qaraganda ko‘proq fursat qadalganini sezdi. Bu qiz rost¬dan ham chiroyli, ko‘zlaridagi mung esa bundan-da go‘zal edi. “Falon kun”, deyilgani ertaga, “falon soat” deyilgani kechki payt.
Qiz o‘sha joyga trolleybusda bordi. Yigit oppoq mashinasida, xiyobonning chetidagi yo‘lakda uni kutib turardi. Yigit o‘shanda yuz berishi mumkin emas bo‘lgan narsalarning yolg‘onligiga ishondi.
– Salom Malohat, – dedi Rashid, – ovora bo‘libsiz, bilsam mashinada birga kelardik xiyobonga.
Ana shunda Rashid uning ko‘zlariga qaradi, qorachiqdagi mung, go‘zallikdan eti jimirladi. O‘zi shu go‘zallikka munosib topilgani tufayli ich-ichidan suyundi.
– Salom,– dedi qiz. – Ataylab trolleybusda keldim.
Ular hazin xiyobonda sayr etishdi. Keyin biroz tamaddi qilishdi. Shu kundan boshlab qiz hayotdan (go‘yo oldin ilg‘amagani) go‘zallik axtara boshladi. Va topayotganlari o‘zining yo‘qotayotgani, ko‘zlaridagi mung evaziga ekanini payqamadi ham. U kun sayin hayotni kuchliroq sevar, o‘z-o‘zidan shodlanar, tabiiyki, ko‘zlari ham sevinchdan porlar edi. Uning bor bisoti – ko‘zlaridagi mung yo‘qolib borayotgandi. Shunday kunlarning birida Rashid buni tuyqus sezib qoldi. Malohatning ko‘zlariga qaradi. Mung malohatini topolmadi. Oylar o‘tdi. Bu vaqtda qiz yigitga butunlay ishonib qolmagani uchun shukur qildi.
...Bu qizning ko‘zlaridagi birgina ifoda yigitlarning ming bir kechinmalariga sabab bo‘ladi. Uning bor go‘zalligi ko‘zlarida, ko‘zlarida esa mung bor edi.