Havo ochiq. Harir pardalar ortidan tushgan quyosh nuri e’tibor bilan qaragan kishiga betakror mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinadi. Xonadagilar esa bunday mo‘’jiza haqida o‘ylashmaydi ham — tabiatdagi tabiiylik shunday.
— Keling, keling bobo. Marhamat, choydan iching.
— Rahmat, rahmat, bolam.
— Choydan iching, bobo, ish bo‘lsa... bo‘lar!
— Nimasini aytasan, otang rahmatliyam yaxshi odam edi. Sen ham ilgaridan bo‘ladigan bola eding. Bo‘ladigan boshidan ma’lum. Otang ham, amaki, tog‘alaring ham...
Bobo kutilmaganda mung‘ayib, xijolat tortib, mo‘ltirab qoldi.
— Bobo, zamon bugun shiddatli. Odamlar saralanayapti. Kun ish bilganniki. Endi har kim ham tulumini oz-moz chayqash kerak. Boshqa iloj yo‘q.
— Ha-a... o‘g‘limam shunday degandi. Keyin oxirgi majlisingda aytgan ekansan. Endi xatolar kechirilmaydi, deb odamlarga yotig‘i bilaan tushuntirgan ekansan.
Fermerlar uyushmasi raisi birdan sergak tortdi. "Qilt" etib yutindi-da, kreslosiga qaytadan yastanib o‘tirdi. Yuz ifodasiga boshqacha mazmun qalqdi.
— Shu desang, kichik o‘g‘lim... yoshlik qilib qo‘yipti. Kimdir xotinidan xabar yetkazgan ekan. Daladagi ishini tashlab, traktiri bilan uyga shoshaveribdi-da.
— Kelinga nima qipti?
— Yo‘q, hech gap yo‘q. Ikkiqat. O‘g‘lim shunga ilinibdi-yu, shoshibdi-da.
Fermerlar uyushmasi raisi biror bir xavf daragini sezib achchiqlana boshladi.
— Bobo, bunday bir... ochiqroq gapiring! Nima bo‘pti, nima qo‘yipti. Odamning diqqatini muloyimgina qilib ko‘tarib... oxiri devorga urasiz shekilli.
— O‘g‘lim, endi nima qilaman, raisga nima deyman, deb uyga qamalib o‘tiripti. Traktirini boshqa bir traktir bilan sudratib olib kelipti.
— A? Traktor? Traktorga nima bo‘pti? O‘zimam gaplaringizdan o‘ylab turuvdim. Hozir bilasizmi, traktor bilan osmonning narxi bir...
— Men aytdim, bunday yotma, dedim. Borib bir boshidan ayt, tushunadi, dedim. Sizni hamma biladi. To‘g‘rimi, sizni hamma yaxshi odam, deydi.
— Sizlamang endi... Bo‘lar ish bo‘lib...
— Boshda senlaganim uchun xijolat bo‘p turuvdim o‘zi.
— Traktorga nima bo‘pti, traktorga?
— Judayam katta gap emas. Oldingi kichik oyoqlaridan biri... Shu, yoshlik qilipti-da. Bu yoqda kelinim. Kelin boyaqish ikkiqat.
— Traktordan gapiring.
— Bir oyog‘i sinib ketipti. Bola yoshlik qilib, shoshib, tutlardan biriga qadalib qopti.
Endi bobo fermerlar uyushmasi raisining ko‘ziga shunday ko‘rinib qoldiki, buni tasavvur qilsak, odam zotiga o‘xshatishning iloji yo‘q. O‘shqira boshladi.
— Qani o‘zi? Mulla Marayim qahramon bo‘p, sizni jo‘natib, yotiptimi o‘zi?
— Unga aytmay o‘zim keldim, rais bobo.
— Kepsiz, yaxshi qipsiz. Endi borib o‘g‘lingizga ayting. Traktorni tuzatib joyiga qo‘ysin-da, toshini tersin. Hozir ish izlagan traktorchining soni ming.
— U yog‘iniyam o‘yladik, rais bobo. Nima qilay, qo‘limizdan kelmasa. Ro‘zg‘orni shu o‘g‘lim shu traktiri bilan tebratib turadi. Biror boshqa joydan kep yotgan narsamiz yo‘q. Davlatga rahmat, pensamni vaqtida olib turipman.
— Bo‘pti-bo‘pti. Traktorni sudratib tashlab ketsin, bo‘ldi. O‘zi biladi, majlisda aytuvdim. Kim bitta xato qilsa o‘zi bilib ishini topshirsin, deganman. Ortiqcha gap ortiqcha.
Boboning jussasi kichrayib qoldi. Qizarib ketgan raisning gaplarini jim, mo‘ltirab eshitdi.
— Bir marta kechiring endi. Menam ilgari traktirchi bo‘lganman. Bunday paytlarda, temir ekan-ku, deyilardi. Odamning qadri bilinardi.
— Boo...bo. Endi mayda gap qilmang. Borib lapashang o‘g‘lingizga ayting. Boyagi aytganimday qilsin. Bo‘pti endi...
— Endi unday demang, rais bobo. Sizga kenglik yarashadi.
— Qani o‘zingiz ayting, nima qil, deysiz?
— Bir marta kechiring. Hozir bilasiz, ishsiz qolish qiyomat. Chetga borib ishlab kelaman, deydi, men jo‘natmayman. Qo‘rqaman. Kelin birinchisiga ikkiqat.
Rais o‘rnidan turib ketdi.
— Bo‘pti, bobo, siz boravering, ertaga o‘g‘lingiz kelsin. O‘zi bilan gaplashaman. Siz baribir boshqa zamonning odamisiz.
— Shunday ketolmayman-da, rais bobo. Undan keyin, kelganimni o‘g‘lim bilmasligi kerak. Bir martaga kechirdim, deng. O‘ziyam bo‘lari bo‘ldi, ko‘rsangiz achinasiz.
Gap-gap bilan boboni rais o‘zi xonasidan chiqarib qo‘ydi. Aftidan hamma zahrini uning o‘g‘liga asrab qo‘ygandek bo‘ldi. Harqancha bo‘lmasin, kechirdim, demadi.
O‘zini g‘ijimlangan qog‘ozdek sezib qolgan bobo qabulxonadan chiqqach yo‘lakda qotib turib qoldi. U hech qachon hech kimdan o‘zini ortiq sanamagan, hech kimdan ortiqcha izzat talab qilmagan... lekin, shu yoshgacha hali hech kimdan bu qadar tahqirniyam ko‘rmagandi.
Shaxd bilan qayrildiyu imkonsizlikning chegarasi bo‘lgan jur’at bilan raisga qaytadan yuzma-yuz bo‘ldi. Fermerlar uyushmasining raisi boboning ko‘zlariga qarab hayiqdi. Bu ko‘zlarda, bu nigohlarda o‘ziga juda tanish bo‘lgan his mujassam edi.
O‘zini zo‘rg‘a tutib turgan boboning ovozi qaltirab chiqdi.
— Ko‘p narsa so‘radim, rais, sendan yana bir narsa so‘rayman.
— So‘rang, so‘rang...
— Xudo... hattoki Xudo odamga... sanoqsiz xatolarini tuzatish uchun ajaligacha... ajaligacha imkon berarkan. Shuni bilasanmi?
— Xo‘sh, xo‘sh...
— Gapni bo‘lma, so‘raydiganim shu: sen Xudodanam zo‘rmisan, a, Xudodanam zo‘rmisan?
Javobini ham kutmay, xonaga qanday shaxd bilan kirgan bo‘lsa shunday chiqib ketdi.
...Ertasiga sozlangan traktorida daladagi ishini qilib kelgan o‘g‘li raisni maqtadi. Odamlar u kishini bekorga yaxshi odam deyishmasakan, dedi.
Bobo ko‘zlarini beixtiyor oynalari kirchil deraza tomon olib qochdi.