OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Amalkursi (hajviya)

Qizil kursining «behosiyat» ekanini uchinchi kasbdoshim ishdan bo‘shatilganidan keyin bilib qoldim. Albatta, u ham qisman o‘z aybi bilan «tepildi». Biroq o‘sha kursiga erishganiga uch-to‘rt kun bo‘lganidan so‘ng ishdan haydalgach, menda savollar paydo bo‘la boshladi: nahotki, ayb kursida bo‘lsa-ya? Unday emasdir-ov? Biroq o‘sha savilni o‘ziniki qilib olgan odam to‘xtamasdan tahririyatdan bo‘shab ketmoqda edi. Keling, yaxshisi bir boshdan!
Ko‘klamning oxirgi oyining ilk kunlarining bir tongida yomg‘ir shig‘alab o‘tdi. Ishga oyog‘im tortmayroq kelardim. Go‘yo shu bugun nimadir bo‘ladigandek. Binoga kirib, tepaga ko‘tarilish uchun lift chaqirdim. Xayol og‘ushida ko‘z ochib-yumgunimcha yonimda uch notanish kishi paydo bo‘ldi. Ular menga judayam shubhali ko‘rinar, turishidan fuqaro kiyimidagi maxsus odamlarga o‘xshardi. Bitta qavatda tushganimiz shubhalarimni yanada oshirdi. To‘g‘ri borib Sulton akaning xonasiga taqqillatmasdan kirib ketganidan so‘ng ichimga sovuq bir nima kirib olgandek bo‘ldi.
Taxminimcha, bu payt Sulton akamiz xonasidagi qizil kursida irg‘alib-irg‘alib qandaydir muammoning yechimini axtarayotgan bo‘lsa hech gapmas. Xayollar poyoniga yetmayoq taqillatilmasdan xona eshigi ochiladi va boyagi nonanish kishilarning jiddiy qiyofalari ko‘rinadi. Ichkaridagi gap-so‘zlar menga qorong‘u!
Tahririyatda ishdan charchagandimda Sulton akaning xonasiga kirib, televizor ko‘rish yo u bilan u yoq-bu yoqdan gaplashish odatim bor edi. Kecha kirganimda doim quvnoq kayfiyatda yuradigan bu odamning xayoli negadir faromush edi. Men bilan istamayroq so‘rashgach, qizil kursiga bemalolroq joylashib, ohista-ohista chayqalib nimalarnidir o‘ylardi.
Kursi boshqa o‘rindiqlardan farq qilar: unda o‘tirib ishlasang ham, charchaganingda dam olsang ham bo‘ladi. To‘shakda yotgandek butun tanang rohatlanadi. Ayniqsa, uning chayqalishiga ko‘pchilik ishqivoz. Sulton aka tashqariga chiqib ketgan mahallarda men tezda unga joylashib, chayqalib-chayqalib olardim: «Qanday rohat-a!»
Kayfiyati tushkunligini ko‘rib, mening ham yuragim g‘ashlandi. O‘rnimdan turib, indamay xonamga jo‘nadim. U bu mahalda hamon chayqalar va miyasida nimaningdir yechimini axtarardi. Xayolga shunchalik burkanganidan, chiqib ketayotganimni ham sezmadi. Eshikni qiyalatib, ichkariga mo‘raladim: u hamon irg‘algancha chuqur xayol surardi. O‘sha xayolparishonlik boyagi uch odamning kelishi bilan bog‘liqligi mana endi yaqqol bilinardi.
Kabinetimga kirib, ichimda yurgan sovuqlik bilan kurashayotgan edim, karidorning u yog‘idan bu yog‘iga g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz «o‘tib» ketdi. Bu ish boshqaruvchimiz Vazira satang va bosh muharrirning tovushi ekanini faxmladim. Chiqib qarashga botinolmadim. Biroz o‘tib ovozlar tindi. Eshikni ochib, sekin mo‘raladim. Sulton akaning xonasiga tomon oyoq uchida yaqinlasharkanman, ichkaridagi gapni yaxshiroq eshitish uchun Vazira satang eshikka quloq berib turardi. Ichkaridan esa tushunarsiz g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir kelardi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay eshik shart ochildi-yu, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan, qon bosimi ko‘tarilganidan yuzlari qizargan rahbarning basharasi satang bilan yuzma-yuz bo‘lib qoldi. Uning ko‘rinishi ichkarida jiddiy masala muhokama qilinganidan darak berardi. U satangni ko‘rib, nima gap degandek ko‘zlarini baqraytdi. Satang ko‘zini olib qochdi. Bosh muharrirning nigohiga tik boqishdan qo‘rqdi. Nigohlar shunchalik o‘tkirki, go‘yo bu qarashlarni badjahlroq kimsadan «ijaraga» olib turgandek edi. Ilgari men ham uni bu qiyofada ko‘rmagandim. Satang orqaga tisarildi-da:
– H-o-j-a-t-x-o-n-a-g-a b-o-r-a-yo-t-u-v-d-i-m... – deya qochib qoldi. Rahbar esa beso‘naqay lo‘kkillagancha xonasi tomon ketdi. Nigohi kabi yurishlari ham doimgidan ayricha edi. Vaziraxon uning xonasiga kirib ketishini hojatxona eshigi oldidan kuzatib turdi, so‘ng yana eshikka qulog‘ini qo‘ymoqchi bo‘lgandi, eshik yana ochilib, ichkaridan avval Sulton akaning, so‘ng boyagi kimsalarning gavdalari ko‘rindi. Tashqariga jim chiqishdi. Vazira satang qotib qoldi. Notanishlardan biri lift chaqirdi. Bu payt men Sulton akaga, u esa menga «nima bo‘lyapti» degandek ma’nosiz qarab turardik. To lift kelib, ular joylashib, tabaqalari yopilguncha shu hol davom etdi. Bu Sulton akani oxirgi marta ko‘rishim edi.  
Kunning ikkinchi yarmiga borib ish boshqaruvchimiz satang Vaziraxon yetkazgan xabardan ma’lum bo‘ldiki, Sulton aka haqiqatda ishdan bo‘shabdi. To‘g‘rirog‘i, bo‘shatilibdi. Gazetamizda o‘qishsiz maqolalari chiqib turadigan iste’dodsiz bir hamkasbimizni ishga joylashtiraman, deb undan «ko‘kidan» ming olgan. Bosh muharririmiz esa ishga olishga ikkilangan. Oradan ancha vaqt o‘tgan. Ham ishga joylasholmagan, ham puli qaytarilmagan «diplomli», ammo iste’dodsiz jurnalist toqata toq bo‘lib, oxiri Sulton akani maxsus idoraga yozib bergan. Bundan keyingi tafsilotlar esa o‘zingizga ma’lum.
Xullas, Sulton akaning ishdan bo‘shatilishi butun gazet binosiga tarqaldi. Ishga kelayotganimda, ketayotganimda yo bo‘lmasa, tushlikka chiqqanimda qo‘shni tahririyatdagilar bo‘shatilish sabablari bilan qattiq qiziqardi. Mana shu so‘roqlardan qochib, ishga bir soat avval keladigan va bir soat keyin ketadigan odat chiqardim. Tushlikni esa portfelimda olib keladigan bo‘ldim. Bu ma’lumotlar bilan nafaqat jurnalistlar, balki qarovullar va farroshlar ham qiziqib qolishdi. Biroq bu ishda kursining «qo‘li» borligini hozircha hech kim xayoligi ham keltirmadi.
Sulton aka ketgach, rahbar bizni xonasiga chaqirib, uning o‘rniga kim ishlaydi, deya o‘rtaga masala tashladi. Go‘yo hamma mum tishlab o‘tirardi. Hech kimdan sado chiqmagach, rahbar oradagi sukunatni buzdi va orqasiga qo‘lini qo‘ygancha yurib kelib, iqtisod bo‘limidagi Amir akaning qarshisida to‘xtadi va unga «o‘tasanmi?» degandek nazar tashladi. Amir aka esa ko‘zlarini olib qochdi. Biroq rahbar undan ko‘zini olavermagach:
– Bilmasam, eplay olarmikanman? – deya ung‘aysizlandi.
– Bemalol eplab ketasiz, – yuviqsiz qoshiqdek oraga suqildi mas’ul kotib.
– Ha, ha, shunday! – deya tasdiqladi mum tishlab o‘tirgan jamoa birdan jonlanib.
Majlis tugagach, hamma erkaklar uni quchoqlab tabriklashdi. Ayollar esa yelkasiga qoqib qo‘ya qoldi. O‘sha kuni kechqurun Amir akaning ko‘tarilishi munosabati bilan ziyofat tashkil qilindi. Bazmda bosh muharrir qadah so‘zi aytdi:
– Hurmatli Amir Boyto‘raevich! Tahririyatimiz va sizning istiqbolingizga yuksak parvozlar tilaymiz! Doim yuksak-yuksak cho‘qqilarni ko‘zlab yuravering! Martabangiz yuksalaversin!
«Yuksak» qadah so‘zlaridan so‘ng Amir akaning guvohnomasi va peshonasiga «Tijorat bo‘limi boshlig‘i» deyilgan «muhr» bosildi. Ertasi kuni uni tantanali ravishda Sulton akaning xonasiga ko‘chirdik. Eshik tepasidagi «Sulton Davlatovich Sultonov» bitiklari o‘rniga «Amir Boyto‘raevich Amirov» deyilgan yozuvlar paydo bo‘ldi. Shunday qilib, Amir akaning qisqa muddatli bo‘lsa-da, «yuksak» parvozli kunlari boshlandi.
Oradan chamasi uch-to‘rt kun o‘tgach, iqtisod bo‘limiga – Amir akaning oldingi o‘rniga yangi xodim olindi. Vazira satang yangi xodimning poy qadamini xushlamay-xushlamay joyini ko‘rsatdi. U odam isini yoqtirmasdi. Sodda qilib, «odamyovvoyi» desa bo‘lardi. Amir aka ishlagan o‘rinning hujjatlarini yangi xodimga berishdan avval satang bir sidra ko‘zdan kechirib chiqibdi. Bu hujjatlardan nimanidir «xitlagandek» bo‘lib, bu haqda bosh muharrirga to‘liqib-toshiqib «bayonot» beribdi.
Bu payt esa Amir akamiz xonasidagi qizil kursida irg‘alib-irg‘alib yuksalish rejalarini tuzardi, ehtimol. Shirin xayollar poyoniga yetmayoq eshik taqillaydi. Shart ochilib, Vaziraxonning xo‘mraygan basharasi ko‘rinadi. Irg‘alishlardan o‘zini tuta olmay qolgan Amir aka polga yuztuban dumalab tushadi.
– Tinchlikmi? – deydi Vaziraxon pinak buzmay.
– O‘zingizdan so‘rasak, Vazira Petrovna? – deya savolga savol bilan javob beradi Amir Boyto‘raevich bo‘sh kelmay. Vazira satangning ikkinchi laqabi ham bor, buni uning yuziga aytsak xafa bo‘lmasdi: «Petrovna!»
– Sizni bosh muharrir huzuriga chorlayapti. «Sog‘inibdi!» – deydi-yu, salom yo‘q, so‘rashish yo‘q, orqasiga burilib jo‘nab qoladi.
Amir aka angraygancha qolib ketadi. Kostyumidagi poldan yuqtirgan changni qoqa-qoqa:
– Tinchlikmikan, ishqilib? – deya boshliq qabuliga yo‘l oladi.
Qabulxonaga kirib borganida Petrovna satang kotibaning oldidan qandaydir qog‘ozni olib chiqib ketardi. U Amirga ro‘para kelganida tirjayib yarmi singan tishlarini ko‘rsatadi, kamiga ensasini qotiradi-yu, chiqib ketadi. Bu tirjayish va ensa qotirish ortida bir balo borligini fahmlagan Amir aka hijolat torta rahbar huzuriga kiradi. Bir ozdan keyin ichkaridan rahbarning avval sekin, keyin qattiq tovushi kela boshlaydi. Qo‘lidagi qog‘ozni bahona qilib kotibaga olib kelib qaytarib bergan Petrovnaxon yaxshiroq eshitish uchun baqir-chaqir ovozlari kelayotgan eshik tirqishiga qulog‘ini qo‘yadi. Uning yuzida bu holdan lazzatlanish alomati sezilgan bo‘lishi tabiiy. U buni og‘zi bilan oshkora bayon qilgan ham: «Battar bo‘l!»
Tushlikdan qaytgach, adabiy kotibimizning xonasiga yig‘ilib, endi nima bo‘lishini kuta boshladik. Kutganimizdek avvalgisi singari vaziyat ma’lum bo‘ldi. Vazira Petrovna Amir akaning ishdan bo‘shagani to‘g‘risidagi xabarni yetkazib, hammadan «suyunchi» olib chiqdi. Bizga yetkazilgan ma’lumotga ko‘ra, Amir aka avvalgi vazifasida biroz qing‘irlikka yo‘l qo‘ygani va tahririyatga tegishli uch million so‘m pulni osongina o‘zlashtirgani haqidagi sir rahbariyatga fosh bo‘libdi. Rahbar hafta davomida o‘ylab-o‘ylab oxiri Amir akani sudga bermoqchi bo‘lgan-u, suddagilar ham «avval o‘zaro kelishib olinglar, agar o‘shandayam murosa qila olmasalaring keyin chora qo‘llaymiz», deyishibdi. Voy, tavba! Shunaqayam sud bo‘larkanmi?.. Suddan ko‘mak ololmagan muharrir andisha qila-qila bugun ertalab noilojlikdan Amir akaning xonasiga kelib barini aytgan.
Shunday bo‘lsa-da, ishxonada satang xonimdan boshqa hech kim Amir akaning ishdan bo‘shatilganini xushlamadi. Qaytanga, xodimlar xavotirga tusha boshlashdi. Adabiy kotib xabarni yetkazgan Vaziraxonga qarab:
– Endi navbat kimga ekan, satangxon Petrovna? – deya jilmaydi. Ishixonada yolg‘iz adabiy kotibimiz Vaziraxonga satang deya murojaat qila olardi. Vaziraxon betgachopar emasmi:
– Sizga... janob «Abadiy qotib»! – dedi-yu, shart burilib chiqib ketdi. Bu gapdan esankirab qolgan adabiy kotib satangning ortidan so‘kinib qoldi:
– ... falonday qilay, qisir echki! Balki sengadir!
Gur etib kulib yubordik. Gap kelib yana Amir akaning ishdan bo‘shashi bilan bog‘liq tafsilotlarga ko‘chdi. Kimdir unga achindi, kimdir esa uning eski aybini eslab, qilig‘iga yarasha topdi, dedi. Xullas, haqiqiy bahs boshlandi. Biroq qizil kursi hech kimning xayoliga kelmasdi. Agar ishdan bo‘shashga kursi sabab bo‘layotgani oshkor bo‘lganida oradan uch kun o‘tib uni adabiy kotib o‘z xonasiga olib kelmagan bo‘lardi.
Darvoqe, adabiy kotibni Vaziraxon nega «Abadiy qotib» degani to‘g‘risida aytib o‘tay. Yoshi ellikdan oshib qolgan Narzi aka, ya’ni adabiy kotibimiz juda uzoq yillardan beri tahririyatda ishlaydi. Ishga vaqtida kelib-ketishini aytmasa, uning maqtashga arzirli biror xislati yo‘q. Lo‘nda qilib gapxo‘r, xayolxo‘r odam deyish mumkin. Qo‘lidan maqtagulik ish kelmasligi va uzoq yillar davomida bitta ishxonada ishlab kelayotginini hisobga olib muharririmiz unga «Abadiy qotib» degan laqab qo‘ygan.
Ikkinchi xodim ishdan bo‘shagach, boshliq yana majlis o‘tkazdi. Bu gal u adabiy kotibimizning to‘g‘risiga kelib to‘xtagandi, Narzi aka boshini sarak-sarak qilib keskin e’tiroz bildirdi:
– Yo‘q, o‘rtoq boshliq! Yo‘q!
– Men hali sizga bir nima deganim yo‘q-ku!
Satang xonim va mas’ul kotib piq etib kulib yubordi. Shundan so‘ng ularga muharrir qo‘shildi. Keyin hamma qo‘shildi. Narzi aka izza bo‘lsa-da, kulmasa go‘yo birov uni ishdan xaydab yuboradigandek o‘zi ham qiqirlardi. Majlisdan kulib-kulib chiqdik. Kulgu bahonasida adabiy kotibimizni tijorat bo‘limi boshlig‘i vazifasidan asrab qoldik.
Ertasi kuni rahbar «Tijorat bo‘limi»ni tugatish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Endi tahririyatdagi hamma tijoriy ish bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanarmish.
Ishni xonani tozalashdan boshladik. Rahbar boshchiligidagi tahririyat xodimlari Amir Bekto‘raevich Amirovning xonasini yig‘ishtirishga tushdik. Rahbar xonadan kim nima xohlasa shuni olishini aytdi. Birinchi bo‘lib adabiy kotib rahbarga so‘z ochdi:
– Qizil kursini olsam maylimi?
– Ixtiyoringiz, – dedi rahbar xotirjam.
Birinchi bo‘lib adabiy kotib ishga kirishdi: o‘zi yurar qizil kursini xonasiga tomon sudradi. Shundan keyin kim nima xohlasa shuni oldi. To‘g‘risini aytganda yoki boshqa tahririyatdagi kasbdoshlar ko‘zi bilan qaraganda hammamiz kafanduzd, ya’ni urush harakatlari joyidagi aholini yo jang maydonida o‘lgan va yarador bo‘lganlarni talovchi odamlar edik. Kamina ham bu «sharaf»dan quruq qolmadim. Menga o‘n besh yil avval chop qilingan, biroq ora-orasidagi varaqlari birlashib, hali ochib ham ko‘rilmagan bir ikkita kitob tegdi.
Hammamiz adabiy kotibni yangi kursi bilan tabrikladik. Qitmirroq hamkasbimiz qistagandi, Narzi aka oylik chiqqan kuni kursini yuvib beradigan bo‘ldi. U ham Sulton va Amir akalar singari kursida yotib olib irg‘alar, biz esa goh unga xavasimiz kelar, goh uni naqd tushlikka tushurganimizdan huzurlanardik.
Nihoyat oylik beriladigan kun keldi. Maosh olayotganimizdan emas, kotibning «kursisini yuvish marosimi»ga borayotganimizdan quvonardik. Uch muxbir adabiy kotibni o‘rtaga olib, go‘yo uni kaftimizga ko‘targudek bo‘lib borardik.
Marosim boshlandi. Tushlikka ikki xil ovqat, ikki shisha «Taras bulba»dan aytildi. Boyagi qitmirrog‘imiz kayfimiz oshib borayotganini bilib, adabiy kotibga luqma tashladi:
– Mana shu kursida abadiy qoting!
Chapak chalib tirjayib tursak-da, biroq hammamiz gap tagidagi gapning mag‘zini his qilib turardik. Hatto mast bo‘lib qolgan adabiy kotibimiz ham gap uning laqabiga ishora ekanini angladi va qitmirning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Ishxonadagi qoidaga ko‘ra, ish vaqtida ichkilik ichish mumkin emas. Shu bois, ichganimizni bildirmaslik uchun yoshlar saqich chaynadik. Narzi aka ishxonada eng qariya, ya’ni «karol» xodim o‘zimman, menga hech kim dahl qilolmaydi, deya buni inkor etdi.
Tushlikdan qaytib, hamma joy-joyiga joylashdi. Narzi aka ko‘proq otib yuborgani uchun qizil kursisida pinakka ketdi. Yoyilibroq uxladi. Birov-yarim kirib qolsa noto‘g‘ri tushunmasin, deb uni bir necha marta uyg‘otib qo‘ydik. Biroq u uyg‘onishni istamadi va kursida yanayam yoyildi. So‘ng yastandi. Boshliq o‘rinbosari kelganida ham, satang xonim tashrif buyurganida ham, satang xonim bosh muharrirni ergashtirib kelganida ham adabiy kotib qotib uxlardi. Bosh muharrir uning tepasiga kelib, boshiga choynakdan shirillatib suv quydi. Avvaliga kotib yuziga oqib tushgan suvni labi bilan yalab tamshandi. So‘ngra ko‘zini ochib hamma uni tomosha qilib turganini ko‘rgach, apil-tapil o‘rnidan turdi va salom berdi. Muharrir ho‘mraydi. Alik olmadi. Xullas, kursi yuvish marosimi adabiy kotibga qimmatga tushdi. Unga ham ariza yozdirildi. U ketayotib, biz bilan xayrlashdi-yu, avval xonaga, so‘ng gerdayib turgan o‘sha qizil kursiga bir qarab:
– Bari tugadi! – dedi va karidorga chiqib, qabulxona, kotibiyatga qarata so‘nggi so‘zini aytdi:
– Hammang to‘nka!
Adabiy kotib mastligimda meni sinab ko‘rish uchun hazillashib ariza yozdirdi, deya o‘ylaganidanmi yo ishxonaga shunchalik o‘rganganidanmi, kayfi tarqagach, bir hafta qavatimizdagi karidorda chekish burchagiga kelib ham yurdi. Ushbu joyni uniki desak ham bo‘ladi. Sababi o‘sha joyda u hammadan ko‘p turardi va kim kelsa o‘shanga hamsuhbat bo‘lardi.
Bu voqeadan so‘ng karidor xuvillab qoldi. Qo‘shni tahririyatdagi chekuvchilar bundan havotirlanishib, Narzi akani so‘ray boshlashdi. Uning ishdan ketgani ularga ham ma’lum bo‘lgach, bari chekuvchi birodarlarning unga tom ma’noda ichlari achidi. Bu achinishning asl sababi Narzi akaning nafaqaga chiqishiga atigi bir yil qolganida edi.
Gazet binosida hamma lol. Nima uchun, nega, degan savollar kun tartibiga qo‘yilgan. Muxbirlar maqola yozish o‘rniga o‘sha savollarga javob topish bilan andarmon. Ushbu hol, ayniqsa, bizning tahririyatda birlamchi masalaga aylandi-qoldi.
To mas’ul kotib qizil kursini olib ketmaguncha u bir ikki hafta egasiz qoldi. Tadbirdan qaytib xonaga kirayotsam, kursini yo‘lak bo‘ylab xonasiga tomon sudrab borarkan, hamma xodimlarning bitta-bitta ishdan bo‘shashlariga kursi sabab bo‘lmayaptimikan, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Mas’ul kotibga ergashdim. Xonasidan kursiga joy ajratdi.
– Ma, ol! Senga shunisiyam bo‘laveradi. Bizga o‘xshab kattarsang, mana bunaqa shohona amalkursilarda o‘tirarsan! – deya eski stulni shogirdiga tomon itardi. Indamas shogird g‘ing demay, stulni oldi. Qaytanga, unga ham yaxshi: o‘zining oldingi stuli g‘ichirlardi-da.
Mas’ul kotib kursida yastanib yotarkan, yo‘lakda xayolimga kelgan fikrni unga hazilomuz aytdim:
– G‘ani aka, shu kursi behosiyatga o‘xshayapti-yov, kim unga o‘tirsa ishdan bo‘shab ketyapti!
– Ha-ha-ha! Behosiyat ekanmi? O‘sha behosiyatlikning palonchisini... Menga balo ham urmaydi. Ha-ha-ha!
Gapirgan gapimdan o‘zim uyalib yo‘lakda ketarkanman, uning tag‘in xoxolab kulgani eshitildi.
Mas’ul kotib qorachadan kelgan, beso‘naqay bo‘lib, g‘alati qiliqlari ham bor edi. Shaharda necha yildan beri yashayotgan bo‘lsa-da, muomala madaniyatini umuman o‘rganmagan, undan diplomat chiqadi, desa birov ishonmasdi. Kim bilandir o‘n besh daqiqa gaplashsa tamom, darrov janjal chiqarar, xodimlar bilan ham qattiq-qattiq ovozda gaplashardi. Adabiy kotibchasiga lo‘nda qilib aytsak, u g‘irt «dashtlik» edi. Biroq muharrir uning ko‘proq ichishini hisobga olib, boshqacharoq laqab qo‘ygandi: «Mas ul kotib!»
Mas’ul kotibning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan biror hafta o‘tgach, uning ham kirdikorlari oshkor bo‘ldi. U arizani o‘zining qadrdon eski stulida o‘tirib yozardi. Behosiyat kursini esa xona burchagiga surib qo‘ygandi. Yozganlaridan ko‘ngli to‘lmadimi, varaqni g‘ijimlab, axlat chelakka irg‘itdi. Yozdi. Yana irg‘itdi. Tag‘in yozdi. Bu holat uning ishdan ketishni judayam xohlamayotganini bildirardi. Go‘yo mening kirganimni payqamagandek, boshini ko‘tarmasdi. Unga halal bergim kelmay, eshikni tashqaridan yopdim. Bugundan boshlab uning tahririyatdagi istiqbolli kunlari yakunlanayotgani aniqlashib borardi.
Arizani bosh muharrirning xonasiga olib borarkan, yo‘lakda to‘qnashdik. Ko‘zimga tik boqishdan qo‘rqdi. Chamasi, uning qarashlari «Sen o‘shanda to‘g‘ri gapirgan ekansan!» deyayotgandek edi.
Tushdan keyin Vazira satangning yetkazgan ma’lumotlaridan yana ma’lum bo‘ldiki, mas’ul kotib ijodiy xodimlarning qalam haqidan «urib» qolayotgani muharrirning qulog‘iga borib yetibdi. Hatto shogirdining hisobiga qalam haqi yozib, yarmini o‘zi olayotgani ham. Bu kirdikorlar ancha yillardan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, ish aynan kursiga o‘tirganidan keyin ochilgani juda sirli edi. Bu sirlilik – ishni kim va qanday ochgani to‘g‘risidagi xabar bizga ham noma’lumligicha qoldi.                      
Mas’ul kotibning ishdan ketganidan ko‘pchilik xursand. Ayniqsa, ijodiy xodimlarning ko‘kragiga shamol tegdi. Ha-da, o‘lib-tirilib bir hafta deganda bitta-yarimta maqola yozasan-u, o‘zi shundog‘am kam qalam haqini yana mas’ul kotib bir chetidan yulib qolsa, kimga alam qilmaydi.
Bu voqeadan so‘ng kursining «behosiyat»ligi yanada ravshanlasha boshladi. Tahririyatdagilarning aksari bundan xabar topgandi. Bosh muharrirdan tashqari. Chunki uning bunaqangi «mayda-chuyda» gaplar bilan ishi bo‘lmas, vazifasi gazetada chop etilajak maqolalarning «yuragini sug‘urib olish» edi.
Bu gapga mas’ul kotibning do‘sti, ya’ni Vazira satang ham unchalik ishonmadi. Sababi ular ancha yillik qadrdon edi-da! Xalq ta’biri bilan aytganda, ularning tili bir.
Vaziraxon biz o‘ylab topgan taxminlarga ishonmasligini isbot qilish uchun burchakka surib tashlangan kursining changini yaxshilab artdi va «do‘stimdan yodgorlik» degandek unga o‘zi o‘tirishga qaror qildi.
Mas’ul kotibning ishdan ketishi bilan bog‘liq gap-so‘zlar endi tinchiy boshlagan edi hamki, Vazira satang ishga kelmay qo‘ydi. Oradan bir oycha vaqt o‘tsa hamki, u kelavermagach, o‘zimizcha uning ishdan bo‘shatilganini bashorat qildik. Ikkinchi oy boshlanganidan so‘ng uning o‘rniga yangi xodima keldi. Ana shundan so‘ng Petrovnamizni qaytib ko‘rmadik. Uning ishdan ketish sabablari tafsilotlari mavhumligicha qoldi.
Ketganlarni bir-biriga bog‘lovchi qandaydir majoziy rishta ham bordek. Sababi ularning bari ijodiy muhitdan umuman bexabar, tahririyatning texnik xodimlari edi. Ular ishga shunchaki kelib ketar, kelganida ham asosiy vaqtini kompyuterda o‘yin o‘ynashga yoki esnab o‘tirishga sarf qilardi. Qisqasi, ularni pashsha qo‘ruvchilar deyish mumkin edi.
Biroq bo‘shaganlar ichida adabiy kotib nohaqroq ketdimi deyman. Ish vaqtida ichgan bo‘lsa-da, janjal qilgani yo birovni so‘kkani yo‘q edi-da. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu qurur baravar yonadi deganlaridek, u ham «quruq»larga qo‘shilib yondi-ketdi.
Vaholanki, ish vaqtida ichib keluvchi bitta u emasdi. Masalan, mas’ul kotibning ish paytida ichganini muharrir bir necha bor ko‘rgandi-bilgandi. Lekin miq etmagan. Eng alam qiladigani, muharrir ijodiy xodimlarga emas, ko‘proq texnik xodimlarga tayanar, ularga ishonch bildirar va hatto yolg‘onlariga ham ishonardi. Qiziq tomoni haftada uch kun texnik xodimlarga «ijodiy kun» sanalardi. Ular o‘sha kunlari «miriqib ijod qilishardi!»
Muharrir ijodiy xodimlarga «yaxshi ishlamayapsilar, maqola kam yozayapsilar, agar vaziyat shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, hammalaringizni bo‘shataman! Gazetani bo‘m-bo‘sh – oppoq qog‘ozlar bilan ham chiqaraveraman! Tushundilaringmi?» deya o‘shqirardi. Biroq biz bu gaplardan zora qo‘rqsak. Nega qo‘rqarkanmiz! Hammamizning qo‘limizda qalamimiz bor. Agar bu yerdan ketgan taqdirimizda ham boshqa joyda bemalol ildiz otib ketishimiz mumkin. Shu bois, bosh muharrirning bu gapidan faqat g‘ashimiz kelardi.
Kursi haqidagi gap qo‘shni tahririyatda ellik yildan beri ishlayotgan qari bilgichga yetib borgach, kalavaning uchi topilgandek bo‘ldi. Qariya bundan o‘n besh yil burun bizning tahririyatda ozroq ishlagan, o‘sha kezlari gazetaga serjahl bir kishi rahbarlik qilgan. U kelgach, ishni kursisini almashtirish va qo‘l ostidagi iste’dodli (o‘zidan kuchli!) xodimlarni bittama-bitta bo‘shatishdan boshlabdi. O‘shandan keyin begunoh xodimlarning qarg‘ishi kursiga tekkanmi, olti oy o‘tmay yuqoridagilar rahbarning mehnat daftarchasini qo‘liga tutqazishadi.
     Alg‘ov-dalg‘ovlar tinib, yaxshi kayfiyat bilan ishga sho‘ng‘idik. Hamma bo‘shatilganlar o‘rniga yangi ijodiy xodimlar olindi. Mas’ul kotibning joyini esa «stuli g‘ichirlaydigan» shogird egalladi. Qalam haqimiz ham biroz ko‘tarilgandek bo‘ldi... Yangilarning barisi kitob o‘qir, shuning uchun ham xalq haqiga xiyonat qilinmasdi. Xullas, tahririyatda axil ijodiy jamoa va ijodiy muhit shakllana boshladi. Faqatgina muharrir bu muhitga o‘zini nomunosibdek tutardi. To‘g‘rirog‘i, yulg‘ich texnik xodimlarga rag‘bat bildirgani, bir yilcha avval satang xonim to‘qigan yolg‘on ig‘volarga ishonib, qalami zo‘r bitta jurnalist qizni va musahhih opani besabab ishdan bo‘shatib yuborgani va shu singari xatolarini o‘ylab, o‘zini aybdor sanardi. Biroq maqolalarning «yuragi»ni kesib olish, ya’ni «qassob»ligini hech qo‘ymadi-qo‘ymadi.
Bir kuni qabulxonaga maqola tashlagani kirdim. Muharrir kursisini yotqizib olib nimadir qilardi. Yaqinroq borib, salom bersam:
– Ha, savil, mana buning oyog‘ini buzilganini qarang, – dedi.
Kursining ikkita g‘ildiragi sinib ketibdi. Rosa urindik. Ikkovlashib ham tuzatolmadik. Enkayib kursining g‘ildiraklarini tuzatishga boz urinayotgan muharrirga qarab, miyamga g‘alati fikr keldi va buni tezda bayon qilish kerakligini his qildim:
– Aytganday, Mirza To‘raevich! Kursingiz tuzalguncha yo‘lakdagi anovi kursiga o‘tirib tursangiz bo‘lmaydimi?
– Qanaqa kursi? – talmovsiradi muharrir.
– Boyagi, Sulton akaning qizil kursisi-da! – dedim men ham bo‘sh kelmay.
– Qanaqa Sulton? – bosh muharrir oqargan sochini qashlagan ko‘yi ajablandi. – Ha-ya, anovi Vaziraxonning qizil kursisini aytayapsizmi? Unda haligi... yangi xodimamiz o‘tirmayaptimi?
– Yo‘q. Unga oddiy stul ham bo‘laverarmish.
– Voy, kamtargina-ey!
Maqolani unga qoldirib, qabulxonadan chiqarkanman muharrirning tag‘in «Voy, kamtargina-ey!» degan ovozini eshitdim. Shunda o‘zimga-o‘zim tinmay «shu taklifni to‘g‘ri aytdimmi?» degan savol berardim. Qarang, o‘sha onda kursining behosiyatligi haqidagi gap ham xayolimga kelmapti. Oxiri baxayr bo‘lsin, deya xonamga keldim. Ushbu kursi bilan bog‘liq sarguzasht hikoya yozish fikri tug‘ildi. Kompyuterimga o‘tirib unga sarlavha qo‘ydim: «Oromkursi». O‘chirib qayta yozdim: «Amalkursi». Endi to‘g‘riroq bo‘ldi-yov.
Kursi bilan bog‘liq xotiramda saqlanib qolgan bari voqealarni yozib bo‘ldim-da, qoniqib kerishdim. Uni qog‘ozga chiqarib tahrir qildim. Xato kam chiqdi. Demak, yozishga ancha qo‘lim kelishib qolibdi-da! Tayyor bo‘ldi deb, hikoyani adabiyot gazetasiga olib tushish uchun tashqariga chiqarkanman, yo‘lakda ajoyib hodisaga ko‘zim tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, muharrir qizil kursini xonasiga tomon sudrab borardi...

* * *

Avvaliga hammasini tushunmay qizil kursidan nafratlangan bo‘lsam, endi bari oydinlashgach, uning «peshona»sidan o‘pib qo‘ygim kelardi. Dunyoning ishlari qizig‘-a! Ba’zan adolatni insonlar o‘rnatishga qiynalgan damlarda jonsiz kursilar yordamga kelarkan-da!.. Olamning hamma narsasi hisob-kitobli ekaniga o‘sha voqeadan keyin yana bir bor amin bo‘ldim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.