OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘afur Shermuhammad. Langartog‘ yo‘lida (qissa)

Chetan devor bilan o‘ralgan uzumzor bog‘ yonida o‘n yoshlar chamasidagi uch bolakay o‘zaro mojaro qi­lishardi.
– To‘ra buvaning bog‘idan Sortepagacha sening nav­bating-ku! Nimaga g‘irromlik qilasan? – deb Salim qo‘­lidagi qora papkani qarshisida xo‘mrayib turgan Eshqulga uzatdi. – Ma, ushla!
– Endi men Shodmonning papkasini ko‘tarmayman, – dedi Eshqul qo‘rslik bilan. – Kerak bo‘lsa, uning o‘zi ko‘tarsin.
Salim nima qilishni bilmay chorasiz qiyofada Shodmonga qaradi. Chekkaroqda qovoq uyib turgan Shodmon bir sakrab Eshqulning oldida paydo bo‘ldi.
– Ko‘tarmaysanmi? – dedi u tahdidli ohangda.
– Ursang, momomga aytib beraman, – dedi Eshqul ko‘zlarini pirpiratib.
Shodmon uni ko‘kragidan itarib yubordi. Eshqul surinib borib chalqancha yiqildi. Ust-boshi changga belanib, dodlab yig‘lashga tushdi. Shu payt bog‘ tarafda To‘ra buva ko‘rindi.
– Nimaga jo‘jaxo‘rozga o‘xshab cho‘qishyapsizlar? Tinchgina uyga ketsalaring bo‘lmaydimi?
– To‘ra buva kelayapti. Qochdik!
Ikkalasi qishloq tomon yugurib ketishdi. To‘ra buva esa chetan devordan oshib o‘tib, Eshqulni turg‘azdi-da, ust-boshini qoqa boshladi.
Eshqul kutilmaganda taqqa to‘xtadi.
– Shodmon, qara, To‘xta kampir!
Yo‘l chekkasidagi pastak uyning soyasida keksa kampir mung‘ayib o‘tirardi. Shodmon ham nima qilishni bilmay ikkilanib turib qoldi. Salim undan madad kutgandek ko‘zlari javdirab turardi. Shodmon bir qarorga kelib, oldinga yurdi.
– Esing joyidami? – dedi Salim. – To‘xta kampir ushlab olsa, og‘ilxonasiga qamab qo‘yadi!
– Quvsa qochamiz. Baribir yetolmaydi.
Salim noiloj unga ergashdi. Ular sergaklik bilan uyni nariroqdan aylanib o‘tishdi. Kampir hamon haykaldek qilt etmay o‘tirar, ora-sira qovog‘arining g‘o‘ng‘illashiga monand ovozda o‘zicha allanimalarni ming‘irlab qo‘yardi.

* * *

Shodmon uyga kelganida onasi tandirda non yopardi. U shosha-pisha kiyimlarini almashtirib, o‘sha tomonga yugurdi.
– Keldingmi, o‘g‘lim, – deb onasi hozirgina tandirdan uzilgan issiqqina kulchani uning oldiga qo‘ydi. Shodmon bug‘i chiqib turgan qaynoq kulchani kosadagi suvga botirib, ishtaha bilan yeya boshladi. Shu payt katta yo‘lda Sora baxshi Eshqulni yetaklab kelayotganiga ko‘zi tushib, kayfi uchib ketdi.
Ayvondagi beshikda yotgan Behzod uyg‘onib, yig‘­lashga tushdi.
– Men nonlarni uzib olgunimcha uyga kirib, ukangga qarab tur, – dedi hech narsadan bexabar Munisa opa. – Kulchangni o‘sha yoqda yeysan.
Shodmon hamon katta yo‘lga qaragancha ilon avragan baqaday qotib turardi. Munisa opa hayron bo‘lib o‘sha tomonga o‘girildi-yu, hammasini tushundi.
– Sen tirmizak yana bir baloni boshlaganga o‘x­shaysan! – dedi taassuf bilan bosh chayqab.
Shodmon yana biroz fursatni boy bersa, Sora baxshining changaliga tushishi aniq edi, shuning uchun darrov qochib qoldi. Og‘ilxonaning panasiga yashirinib, uy tomon mo‘raladi.
Sora baxshining qiziq odati bor edi. U har gal Shodmondan kaltak yegan nevarasini yetaklab kelgach, dastlab hech narsa bo‘lmaganday Munisa opa bilan obdon salomlashar, shundan keyingina “hujum”ga o‘tardi. Bu gal ham shu odatini kanda qilmadi.
– Assalomu alaykum, Sora xola, – dedi Munisa opa.
– Vaalaykum assalom, – Sora baxshi qo‘lidagi eg­ri-bugri kaltakni tandirga suyab qo‘yib, azza-bazza Munisa opa bilan qo‘l berib salomlashdi. – Yaxshi yuribsanmi, kelin? Boying, bolalaring damlimi? Cha­qalog‘ing ham katta bo‘lib qoldimi?
– Shukr... O‘zingiz yaxshimisiz? Xatcha yangam damlimi? Nevaralaringiz katta bo‘lishyaptimi? – tandir taftidan ikki yuzi anordek qizargan Munisa opa Sora baxshining gaplarini deyarli takrorladi.
– Xudoga shukr. Hammasining tani-joni sog‘... – Sora baxshi bir lahza jimib qoldi. So‘ng yana kaltagini qo‘lga olib, o‘ljasiga chang solishga shaylangan sherdek vajohatli qiyofaga kirdi. – Anavi betarbiya bolangni tiyib qo‘yasanmi-yo‘qmi, boybicha? Shu qiyshiqkallangning dastidan nevaramga kun yo‘q. Qara, go‘dakkinani nima ahvolga solibdi!
Ust-boshi changga belangan Eshqul burnini tortib, yig‘idan qizargan ko‘zlarini ishqaladi. Ichkarida chaqaloq yig‘isi kuchaydi. Shoshib qolgan Munisa opa chaqqonlik bilan tandirdan nonlarni uzib ola boshladi.
– Xafa bo‘lmang, Sora xola, otasi maktabdan kelsin, ta’zirini berib qo‘yadi...
– Tag‘in buning otasi ma’lim emish! – dedi Sora baxshi kinoya bilan. – Mushtday o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga sololmagan odam, boshqalarning bolasiga qanday tarbiya beradi?
Jahl otiga mingan Sora baxshiga Munisa opaning bas kelolmasligi tayin edi. Shodmon Langar momoni chaqirib kelish uchun yugurib ketdi.
Langar momo bir uy, bir ayvondan iborat ixchamgina uyda yolg‘iz yashardi. U odatda hovli o‘rtasidagi supada urchuq yigirib o‘tirar, ko‘pincha qo‘lidagi ishini ham unutib, qishloqning kunchiqar tarafida elas-elas ko‘zga tashlanib turadigan tog‘larga unsiz termulib qolardi.
Odatdagidek, qorli tog‘larga ko‘z tikib o‘tirgan Langar momo dupurlagan oyoq tovushidan hushyor tortib, Shodmonga qaradi.
– Tez biznikiga yuring, Langar momo, – dedi Shodmon nafasi bo‘g‘ziga tiqilib. – Uyimizga mehmon keldi.
– Qanaqa mehmon? – angraydi kampir.
– Dugonangiz Sora baxshi keldi! Sizni chaqirayapti.
– Yolg‘on gapirma! – dedi Langar momo qovog‘ini uyib. – Sora baxshi mehmonga emas, janjal qilishga keldi, desang ishonaman.
– Eshqulni urganim yo‘q, – dedi Shodmon noiloj tan olib. – O‘zi sal narsaga momosini pesh qilib yig‘layveradi.
– Shu olashaqshaq kampirning arzandasiga tegma, deb necha marta aytaman. Uraman desang, boshqa bola qurib qoptimi?
Shu topda o‘zini oqlab, mahmadonalik qilib o‘ti­­­radigan payt emas edi. Shodmon go‘yo qattiq izza bo‘l­­gandek yelka qisib, yerga qaradi. Gap-so‘zlari bolaga ta’sir qilganidan iyib ketgan kampir inqillab-sin­qillab o‘rnidan turdi. Shodmon Langar momoning qoq­suyak qo‘lidan yetaklab, zing‘illagancha uyiga yo‘l oldi.
– Sekinroq yur deyman! Nima, meni yiqitib, aja­­limdan besh kun burun o‘ldirmoqchimisan? – min­g‘irladi kampir norozi qiyofada.
Ular yetib borishganda Munisa opa patnisdagi nonlarni ayvonda yozilgan shol dasturxonga birma-bir terib chiqar, yonidagi beshikda qo‘llari yechib qo‘yilgan jajji Behzod bir burda nonni shimish bilan ovora edi. Eshqulning qo‘lidan mahkam ushlab olgan Sora baxshi uning tepasida kaltagini havoga tahdidli sermagancha diydiyosini davom ettirardi:
– Sabrning ham chegarasi bor, kelin! Mening nevaram yerdan chiqqan qo‘ziqorinmidiki, bolang hadeb yerga bosib kaltaklaydi?
Munisa opa dasturxondan bitta kulcha olib Esh­qulga uzatdi.
– Ma, Eshquljon.
Eshqul nima qilishni bilmay buvisiga qaradi.
 – Nimaga anqayasan! Bergandan keyin olavermaysanmi?
Eshqul kulchani olib yeya boshladi. Sora baxshi bir muddat nevarasiga qarab turdi-da, yana Munisa opaga yuzlandi.
 – Men tirik ekanman, nevaramni hech kimga xafa qildirib qo‘ymayman. Shuni bilib qo‘y!
– Tinchlikmi, baxshi? – dedi Langar momo. – Ovozingiz qishloqning bu boshidan kirib, u boshidan chiqyapti-ya.
Sora baxshi qahrli qiyofada ovoz kelgan tomonga yuzlandi. Ajabki, Langar momoni ko‘rgach uning vajohatidan asar ham qolmadi. G‘azabning zo‘ridan lagandek yapasqi yuzini bir tekis qoplab olgan ajinlari zumda izsiz g‘oyib bo‘ldi. Qo‘lidagi kaltakni yerga tashlab, Langar momo tomonga yo‘rg‘aladi.
– Ie, dugona, sizmidingiz? Gap bilan bo‘lib kelganingizni payqamabman.
Kampirlar bir-biri bilan quyuq salomlashishdi.
– Nimasini aytasiz? Manavi moling ko‘paygurlar maktabdan qaytishda yana g‘ijillashibdi, – dedi Sora baxshi uzrli ohangda. – Munisa kelinga shuni aytib turuvdim.
– Bola bo‘lgandan keyin urishadi-da. Shunga mushtday go‘daklarning orasiga tushib yuribsizmi? Ha, erinmagan odam-a.
– Unday demang, dugona, – dedi Sora baxshi onasidan dakki eshitgan yosh qizaloqday o‘ng‘aysizlanib. – O‘zi, uyda zerikib o‘tiruvdim. Shu bahonada siz bilan bir gurunglashay deb kelaverdim.
Bu orada Munisa opa chaqqonlik bilan ayvonga das­turxon yozib, ularni manzirat qildi:
– Nonga qarangizlar. Hozir choy damlayman.
– Bor, bolam, oshnang bilan o‘yna, – dedi Sora baxshi yonida nima qilishni bilmay garangsib turgan Eshqulga. So‘ng Shodmonga uqtirdi. – Boshqa urishmang­lar, xo‘pmi, nevaram?
Eshqul hadiksiragan qiyofada Shodmondan uch-to‘rt qadam narida to‘xtadi.
– Kel, Eshqul, yarashamiz, – deb Shodmon unga qo‘l uzatdi. Ikkalasi jimjilog‘ini urishtirishdi.
– Bugun To‘ra buva menga uzum berdi! – deya maq­tandi Eshqul.
– To‘ra buvaning uzumi pishibdimi?
– Ha.
– Ertaga maktabdan qaytishda bog‘iga oshamiz!
Eshqul chuqur so‘lish olib, Shodmonga qaradi.
– Shodmon, endi har kuni maktabdan qaytishda papkangni ko‘taraman. Bugun sal boshim og‘rib turuvdi-da...
Yig‘layverganidan qizlarnikidek uzun-uzun, nam kipriklari bir-biriga yopishib kolgan, rangpargina bu bolaga Shodmonning mehri iyib ketdi.
– Endi ikkovimiz oshna bo‘lamiz, – dedi Shodmon g‘amxo‘rlik bilan. – Men bilan yursang, hech kim seni urolmaydi.
– Momolarimiz ham dugona-ku! – dedi uning gapidan ruhlangan Eshqul soddadillik bilan. – Biz ham oshna bo‘lishimiz kerak-da.
– To‘g‘ri. Yur, senga bir narsa ko‘rsataman.
Shodmon Eshqulni boshlab Langar momonikiga yugurib ketdi. Bu paytda kampirlar so‘rida o‘tirib olib, gapga tushib ketishgan edi.

* * *

 Shodmon Eshqulni Langar momoning uyiga boshlab kirdi. Uy ichi oddiy qishloq xonadonlaridan deyarli farq qilmasdi. To‘rdagi ikkita kattakon eski sandiq ustida ko‘rpa-to‘shak, gilamlar rasamadi bilan taxlab qo‘yilgan. Ularning yonida yana bir mo‘‘jazgina sandiqcha ko‘zga tashlanadi. Devorga chiroyli bezak berilgan egar osib qo‘yilgan.
Shodmon zulfiniga osma qulf solingan san­diq­chani Eshqulga ko‘rsatdi.
– Buning ichi yong‘oq-mayizga to‘la.
– Sandiq qulflog‘liq-ku? – dedi Eshqul ajablanib.
– Hozir ko‘rasan, – dedi Shodmon sandiqchaning ustki tomonidagi sichqon siqqudek teshikka imo qilib sirli ohangda. So‘ng sandiqchani teskari ag‘darib, g‘ayrat bilan silkilashga tushib ketdi. Teshikdan yong‘oq-mayiz shuvillab to‘kila boshladi.
– Tushyapti-tushyapti!
Eshqul shodon qichqirib, Shodmonga qo‘shildi. Ikkalasi baravar sandiqchani silkilashdi. Ko‘z ochib-yumguncha gilamning ustida bir uyum yong‘oq-mayiz yig‘ilib qoldi. Bolalar uni chala-chulpa terib cho‘ntaklariga tiqishdi-da, tashqariga otildi.

* * *

Quyosh ufqqa bosh qo‘yib, teraklarning uchi qizg‘ish tusga kirganda kampirlarning gurungi nihoyalab, ular o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Bir joyda qadalib o‘tiraverib beli qotib qolgan Sora baxshi Eshqul qo‘liga tutqazgan egri kaltakka suyangancha ko‘chaga yurdi.
– Tez-tez kelib turing, baxshi, – dedi Langar momo u bilan xo‘shlashayotib.
– O‘zingiz ham boring, dugona, – Sora baxshi bola­larga qarab jilmaydi. – O‘zi, shularning urishib tur­ganiyam yaxshi. Bo‘lmasa, oylab bir-birimizni qo‘r­maymiz.
Sora baxshi Eshqulni yetaklab uyiga jo‘nadi. Langar momo yonida iljayib turgan Shodmonga po‘pisa qildi:
– Hadeb yoningni olaversam, juda o‘zingdan ketyapsan. Yana Sora baxshining nevarasini ursang, qaytib oraga tushmayman.
– Bo‘pti, – dedi Shodmon qovoq uyib. – Endi Esh­quliniyam-meshquliniyam urmayman!
Langar momo unga norozi qarab qo‘yib, uyiga ketdi. Ona-bola uning ortidan qarab qolishdi.
– Sora baxshi Langar momomdan qo‘rqadi-ya, ona? – dedi Shodmon g‘urur bilan.
– Sora baxshi hech kimdan qo‘rqmaydi, – dedi Munisa opa o‘ychan qiyofada. – Faqat musofir deb buvingning ko‘ngliga qaraydi. Qurg‘ur baqiroq bo‘lgani bilan tamizli kampir. – U gaplarining mag‘zini chaqolmay, o‘ziga angrayib tikilib turgan Shodmonning boshini siladi. – Qachongacha tekkanga tegib, tegmaganga kesak otib yurasan? Fe’ling kimga tortgan, hayronman...
Langar momo shom namozini o‘qish uchun uyga kir­di-yu, sandiqchaning o‘rtada to‘ntarilib yotganini ko‘rib fig‘oni falakka o‘rladi.
– Bola deganiyam shunaqa ichiqora bo‘ladimi? Men bechorani bir vaysaqi kampirga ro‘para qilib qo‘yib, bor budimni talab ketibdi-ku. Bu qiyshiqkallada or yo‘q. Ertagayoq betining terisini qalin qilib, “buvi, mayiz bering, yong‘oq bering” deb keladi. Berib bo‘pman! Yong‘oq-mayizlarimni shu o‘g‘ri yeguncha, sandiqda qurtlab ketgani yaxshi.
Langar momo gilamda sochilib yotgan yong‘oq-ma­yizlarni terishga tushdi.

* * *

Shodmon qo‘lbola o‘q-yoy bilan qurollanib, ulkan qari tolning shoxida o‘tirib olgancha son-sanoqsiz chumchuqlar chirqillab yotgan butoqlarni sinchkov kuzatardi.
 – Baribir maynalarni o‘ldirolmaysan, – dedi tolning soyasida arg‘imchoq uchib o‘tirgan jajji Sha­hodat beparvo qiyofada. – Kechayam palaxmon otib tekkizolmagan eding.
– Hali ko‘rasan, ochko‘z maynalarning dodini beraman! – dedi Shodmon bo‘sh kelmay.
Shu payt qari tolga maynalar galasi kelib qo‘ndi. Atrofni ularning yoqimsiz chag‘-chag‘i tutib ketdi. Sha­hodat hayajonlanib xitob qildi:
– Ana, keldi! Tezroq ot. Hozir uchib ketadi.
– Jim bo‘l! Maynalarni hurkitib yuborasan.
Shodmon merganlardek ko‘zlarini qisib, kamondan o‘q uzdi. Qamishdan yasalgan qo‘lbola paykon daraxt shoxlari orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– Tegmadi! – dedi Shahodat hafsalasi pir bo‘lib.
Shodmon shosha-pisha belidagi sadoqdan ikkinchi o‘qni oldi. Ammo bu galgi urinishi ham zoe ketdi. Xavfni sezgan ziyrak maynalar “gur” etib uchib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shodmon ularni alam bilan kuzatib qoldi.
 – Men uyga ketaman, – dedi Shahodat arg‘imchoqdan tushib.
 – Shoshmay tur. Maynalar To‘ra buvaning bog‘idan uzum yeb, darrov qaytib keladi. Senga eng kattasini otib beraman.
 – Menga mayna kerak emas!
Uy tomondan Langar momoning “Shodmonjon-uv! Qaerdasan, bolam?” degan ovozi eshitildi.
 – Langar momom chaqirayapti, – dedi Shahodat qu­vonib. – Yur, ketdik.
 – Ey! Mayna ovlashgayam qo‘ymaydi.
Shodmon maynalar galasi uchib ketgan tarafga qarab qo‘yib, noiloj pastga tushdi.
Langar momo qari tolga yaqinlashdi.
– To‘ra buvanikidan uzum keltirib ber, bolam, – dedi u. – Quritib mayiz qilsam, qishda o‘zing huzurini ko‘rasan.
– U yerga bormayman! – dedi Shodmon o‘jarlik bilan. – To‘xta kampir ushlab olsa, og‘ilxonasiga qamab qo‘yadi.
– Unday dema, bolam. To‘xta kampir farishtaday beozor, birovga ziyoni tegmaydi.
– Bo‘lmasa nimaga hamma undan qo‘rqadi?
Daf’atan Langar momoning jahli chiqdi.
– Hamma emas, senga o‘xshagan quyonyurak, lapashang­lar qo‘rqadi!
– Bormayman dedimmi, bormayman! Qishda mayiz bermasangiz ham mayli.
– Gapini qaranglar buning! Mayiz bermasam, o‘g‘ri mushukka o‘xshab sandiqni sudrab ketishdan ham toymassan.
Shodmon xoxolab kuldi.
– Sandig‘ingizni o‘g‘irlab zaril keptimi? Shundoq silkitsam, teshigidan mayiz shuvillab to‘kiladi-ku.
– Sening qo‘lingdan o‘g‘irligu muttahamlikdan boshqa nimayam kelardi! – dedi Langar momo taassuf bilan. – Bu ketishingda hademay Xushmurod o‘g‘riniyam yo‘lda qoldirasan.
Shodmon qaysar bo‘lgani bilan hech qachon Langar momoning gapini ikki qilmagan. Chunki u yuz-ko‘zlarini behisob ajinlar qoplagan, doim bukchayib yuradigan mana shu ko‘rimsizgina kampirni yaxshi ko‘rardi...
Birozdan so‘ng Langar momo Shodmonni ustiga xurjun solingan eshakka mindirib, To‘ra buvanikiga jo‘natdi.
– To‘ra buvaning qiziga ayt, mayizbop kishmishidan bersin, – deya tayinladi u Shodmonning qo‘liga pul tutqazib. – Ehtiyot bo‘l, tag‘in pulni yo‘qotib qo‘yma!
– Shahodat ham birga borsin.
– Men bormayman! – dedi qizcha Langar momoning ortiga bekinib.
– Buni nima qilasan? Tag‘in eshakdan yiqitib qo‘ysang, ikkovimiz ham onasidan baloga qolamiz, – Langar momo jiydasining kissasidan bir siqim ma­yiz olib, Shodmonning cho‘ntagiga soldi. – Bora qol, bolam.
Shodmon mayiz kavshagancha eshagini niqtab yo‘lga tushdi.
To‘ra buvaning hovlisida hech kim ko‘rinmasdi. Shodmon eshagini to‘xtatib, biroz kutib turdi. Noiloj darvozadan ichkariga kirishga qaror qildi. Tanish kulbani aylanib o‘tishi bilan shundoqqina ro‘parasida devorga suyanib o‘tirgan To‘xta kampirga duch kelib, qo‘rqqanidan esxonasi chiqib ketay dedi. Shartta eshagini ortga burib, qochib qolmoqchi bo‘ldi. Biroq o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib o‘tirgan kampirning aytarli e’tibor bermaganini ko‘rib, niyatidan qaytdi.
Shodmon shu paytgacha To‘xta kampirni bunchalik yaqindan ko‘rmagan edi. Uning ushoqdekkina yuzini qa­vat-qavat ajin qoplagan, ro‘moli ostidan chiqib turgan sochlari qorday oppoq tusda edi. Boshi bir maromda tebranib turardi. Kampir to‘n qavish bilan ovora, ora-sira o‘zicha g‘udranib qo‘yardi.
– Men uzumga keluvdim, – dedi u biroz dadillanib.
To‘xta kampir nogoh uyqudan uyg‘ongandek jonlanib, tevarakka alangladi. Shodmonga ko‘zi tushib, unga tikilib qoldi. Chehrasidagi ajinlari yanayam quyuqlashdi. Shodmon uning harakatlarini sergaklik bilan kuzatib turardi.
– Buyoqqa qara, Malohat! – deya chaqirdi To‘xta kampir zaif, hirqiroq tovushda. Shu zahoti uydan qo­ramag‘iz tusli, suluvgina qiz chiqib keldi.
– Langar momomga mayizlik uzum berarkansiz, – dedi Shodmon o‘ziga savolomuz qarab turgan qizga.
Shodmon xurjundan chelaklarni chiqarayotib, zim­dan To‘xta kampirga qiziqish bilan qarab qo‘ydi. Buni payqagan Malohat norozi qiyofada chiroyli qosh­la­rini chimirdi.
– Shu yerda tur! – deb u chelaklarni olib, boqqa kirib ketdi.
Shodmon eshak ustida yalpayib o‘tirgancha To‘xta kampirni bemalol kuzata boshladi. Kampir unga ortiq e’tibor bermas, o‘z maylicha ming‘irlab to‘n qavishga tushib ketgan edi.
Birozdan so‘ng Malohat bog‘dan chelaklarni uzumga to‘ldirib chiqdi. U Shodmonning tirjaygancha onasini tomosha qilib o‘tirganini ko‘rib battar achchiqlandi.
– Nimaga anqayasan? Tush eshakdan! – dedi jerkib. Shodmon apil-tapil eshakdan tushib, xurjunning ko‘zini ochdi. Malohat uzum to‘la chelaklarni xurjunga joylay boshladi.
Shu payt qaerdandir paydo bo‘lib qolgan ozg‘in kuchuk pusib kelib, Shodmonning dumbasidan tishlab oldi. U daf’atan nima voqea yuz berganini tushunolmay, seskanib ortiga qaradi. Kuchukni ko‘rgach, qo‘rquv va og‘riqning zo‘ridan jon achchig‘ida chinqirib yubordi. Dovdirab qolgan Malohat “tur ket!” deb itni quva ketdi. Rangi bo‘zdek oqarib ketgan Shodmon ketini changallagancha jon achchig‘ida dodlashga tushdi. Kutilmaganda To‘xta kampir shoshib o‘rnidan turdi-da, ular tomon kela boshladi. Shodmon uning vajohatini ko‘rib battar qo‘rqib ketdi. Qochib qolmoqchi edi, lekin oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi.
– He, qiz bo‘lmay qirilgur, ko‘zing qayoqda edi? – dedi To‘xta kampir Malohatga. – Bola bechoraning yuragi yorildi-ku! Bor, suv bilan supradan xamirturush olib kel! – Malohat yugurib oshxonaga kirib ketdi. To‘xta kampir Shodmonni bag‘riga bosib, boshini siladi. Uning vujudidan boshni aylantiradigan allaqanday yoqimli bo‘y ufurib turardi. – Qo‘rqma, bolam, hech narsa qilmaydi.
Malohat oshxonadan kosada suv olib keldi.
– Ich, bolam, yuragingning hovuri bosiladi, – deb To‘xta kampir Shodmonga kosani tutqazdi. Hamon titrab-qaqshab yig‘layotgan Shodmon kampirdan ko‘zini uzmay, uch-to‘rt qultum suv ichdi.
To‘xta kampir qizi uzatgan xamirturushni olib, Shodmonga yuzlandi.
– Orqangni o‘girib, ishtoningni tushir, bolam, – dedi u muloyim ohangda. Hamon o‘pkasini bosolmay hiqillayotgan Shodmon uyalib o‘zini chetga tortdi. – Uyalma, bolam. – To‘xta kampir yonida serrayib turgan Malohatga xo‘mraydi. – Senga nima bor bu yerda? Bor, bolaning eshagiga qara!
Malohat nari ketgach, Shodmon noiloj teskari o‘girilib, ishtonini xiyol tushirdi. Uning dumbasida kuchuk tishining izlari qizarib turardi.
– Xayriyat, tishi botmabdi, – dedi To‘xta kampir yengil tin olib. – Qonamasa, ziyoni yo‘q. Xamirturush tishining zahrini oladi.
Shundan so‘ng To‘xta kampir Shodmonning dumbasiga xamirturush bog‘lab qo‘ydi.
Qiziq, To‘xta kampir u o‘ylaganday qo‘rqinchli odam emas ekan. Ushlab olib og‘ilxonasiga ham qamab qo‘ymadi. Qaytanga aylanib-o‘rgilib atrofida parvona bo‘ldi. Qo‘yarda-qo‘ymay uni ayvon soyasiga o‘tqazdi-da, oldiga bir lagan uzum qo‘ydi.
– Ol, bolam, shu uzumni yesang polvon bo‘lasan.
Uning mehribonchiligidan iyib ketgan Shodmon qo‘rquvni ham, dumbasidagi og‘riqni ham unutgan edi. Sipolik bilan lagandagi uzumga qo‘l cho‘zdi. Sariq kishmish judayam mazali edi. Og‘zingga solishing bilan qanddek erib ketadi. Shodmon uzumni bir zumda paqqos tushirdi. To‘xta kampir esa uning uzum yeyishini jimgina kuzatib o‘tirdi.

* * *

Shu kuni uydagilar ham Shodmonning tevaragida girgitton bo‘lishdi. Ayniqsa, Langar momo o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Shosha-pisha uyning to‘riga qo‘shaloq ko‘rpacha to‘shab, hiqillab yig‘layotgan Shodmonni u yerga yotqizdi. So‘ng Munisa opaga isiriq tutatishni buyurdi.
– Voy, mayiz qilmay men o‘lay! – dedi u yig‘lagudek bo‘lib. – Bolam bechorani bormayman deganiga qo‘y­may jo‘natibman-a! O‘zim borsam bo‘lmasmidi? Tishing to‘­kilgur o‘sha kuchuk Shodmonjonimni tishlaguncha meni burda-burda qilib yeb qo‘ysa bo‘lmasmidi!
– Hechqisi yo‘q, – dedi Shodmonning otasi kulib. – Qishloqda kuchuk tishlamagan bola bor ekanmi?
– Xamirturushni kim bog‘lab qo‘ydi, o‘g‘lim? – so‘radi Munisa opa undan.
– To‘xta kampir! – deya to‘ng‘illadi to‘shakda yonboshlab yotgan Shodmon.
– Ie, shundaymi? – dedi Langar momo ajablanib. – Yana nima qildi?
– Suv ichirdi!.. Kuchugini qaytarmagani uchun qi­zini urishdi. Keyin menga uzum berdi.
Negadir bu gap uydagilarga qattiq ta’sir qildi. Hamma o‘ychan tortib qoldi.
 – Bechora To‘xtaxon, – dedi Langar momo birozdan so‘ng bosh chayqab. – Bir vaqtlar odamning jonidaygina ayol edi. Shu kunlar ham boshida bor ekan-da...
– Maktabga o‘tgan-qaytganda salom beraman, – dedi Abdurahim muallim. – Ko‘pincha e’tibor bermaydi. Ba’zan tanib, quyuq so‘rashib qoladi.
– Uning ham o‘zining dunyosi bor, – dedi Langar momo. – Tani yerda bo‘lgani bilan ruhi o‘sha yoqlarda yashaydi-da. Yerdagi farishtaday gap u.
– To‘xta momoning bo‘yi yetgan qizi uyda o‘tiribdi, – gapga qo‘shildi Munisa opa. – Shuning ham tezroq baxti ochilmadi.
– To‘xtaxonning qizi bir ro‘zg‘orni obod qiladi, – dedi Langar momo. – Mushtipargina sho‘rlik onasining kasali tufayli aybsiz aybdor bo‘lib o‘tiribdi. Ha, odamzodning taqdiri qiziq ekan...
Shu kuni kechqurun Langar momo Shodmon bilan birga yotib qoldi.
– Langar momo, To‘xta kampirga nima qilgan? – deya so‘radi u ikkalasi yolg‘iz qolishgach. Kampir Shodmonga bir muddat unsiz tikilib qoldi. Derazada xira yonib turgan chiroq shu’lasida uning chehrasi ancha g‘amgin ko‘rinar edi.
– Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi, – deya gap boshladi Langar momo. – U paytlar To‘xtaxon ham onangga o‘xshagan yoshgina ayol edi. Uzukning ko‘zidaygina to‘rtta bolasi bor edi. Uch o‘g‘il, bir qiz... O‘sha yili qish juda qattiq keldi. Ustma-ust qor yog‘averib, qalinligi tom baravar bo‘lib ketdi. Qahraton ayozning dastidan odamlar uydan eshikka chiqolmay qoldi. Qancha mol-hol sovuqqa chidolmay nobud bo‘ldi. Ishqilib, odamlar it azobida qishdan chiqib oldi. Lekin bahor ham undan pesh bo‘lmadi. Osmonning tagi teshilganday haftalab tinmay yomg‘ir yog‘adi. Yer xamirday ko‘pchib ketganidan ko‘cha-ko‘yda yurib bo‘lmaydi. Qishloqda qancha imorat yomg‘irda ivib, qulab tushdi. Odamlar uyda yotishga ham qo‘rqib qoldi. Shuncha azoblar kamlik qilganday, bir kuni yarim oqshom qishloqni suv bosdi. Langartog‘ tomondagi Qalqaman degan suv omborining to‘g‘onini toshqin yuvib ketgan ekan...
– Suv ombori nima degani, Langar momo?
– Tog‘dan oqib tushadigan daryoning yo‘lini to‘­sib, ulkan hovuz qurishadi. Keyin yozda shu suv bilan ekin-tikinlarni sug‘orishadi... Xullas, shu kuni allamahalda qishloqda naq qiyomat-qoyim boshlandi. Toshqin yuraklarni yorguday bo‘lib vahimali guvillaydi. Odamlarning qiy-chuvi, qo‘ralarda qolib ketgan qo‘y-echkilarning, sigirlarning ovozi aralash-quralash bo‘lib ketgan. Hamma qorong‘ida qoqinib-surinib jon talvasasida qirga qochgan...
To‘ra buva fermaxonada qorovullik qilardi. Shu kuni u ishga ketib, To‘xtaxon bolalari bilan yolg‘iz qolgan ekan. U uxlab yotgan bolalarini uyg‘otaman deguncha uyini suv bosadi. Beshikdagi chaqalog‘ini bir amallab qutqarib qoladi. To‘ra buvaning uyi selning zabtiga dosh berolmay qulab tushadi. U bir zumda uchala o‘g‘lidan ham ayrilib qoladi...
Toshqin daf bo‘lgandan keyin, odamlar uyning devori ostidan go‘daklarning jasadini kavlab olishdi. Boyaqish To‘xtaxon bu kulfatga dosh berolmadi. Kasal bo‘la-bo‘la, oxiri shu kuyga tushdi.
Langar momo jim bo‘lib qoldi. Shodmon ham uning g‘amgin hikoyasidan ta’sirlanib, tomog‘iga allanarsa tiqilgandek xo‘rsinib qo‘ydi. Ko‘z o‘ngida To‘xta kampirning nochor, ma’yus qiyofasi jonlandi. Unga judayam rahmi kelib ketdi. Negadir yig‘lagisi keldi. “Endi doim To‘xta momoga salom beraman, – deya so‘z berdi u o‘ziga. – U hech qachon bolalarni og‘ilxonaga qamab qo‘ymaydi”.
Ertasi kuni Shodmon bilan Salim maktabdan qaytayotib odatdagidek ayvon soyasida o‘tirgan To‘xta kampirga duch kelishdi.
– Qara, Shodmon, To‘xta kampir!
– Qo‘rqma, To‘xta momo bizga tegmaydi, – dedi Shodmon xotirjam qiyofada.
 – Momo dema. Axir, u jinni-ku!
 Shodmon uning gapiga e’tibor bermay dadil oldinga yurdi.
– Assalomu alaykum, To‘xta momo, – deya salom berdi Shodmon kampirga yaqinlashib. To‘xta kampirning nursiz ko‘zlari unga qadaldi. Shu zaylda harakatsiz qotib qoldi.
– Esing joyidami? – dedi Salim burnini jiyirib. – Tentak kampirgayam salom berasanmi?
– To‘xta momo tentak emas! – dedi Shodmon unga o‘qrayib. Salim hech narsaga tushunolmay yelka qisdi.
Shodmon To‘xta kampirga qaray-qaray undan uzoqlashdi.

* * *

Choshgoh payti qishloqqa kiraverishdagi quduq yonida uch-to‘rt bola terlab-pishib chillak o‘ynardi. Shodmon yerga qoqilgan yog‘och qoziq oldida turib olib chillak irg‘itar, quyiroqda choponini etak qilib olgan ikki bolakay uni havoda tutib olishga urinardi. Ulardan biri chillakni tutaman deb o‘mbaloq oshib yiqildi.
– Ziyod chillak ushlayman deb yantoqqa kalla qo‘ydi! – Shodmonning yonida gerdayib o‘tirgan Salim xoxolab kuldi. Shodmon ham iljaydi. Ziyod o‘rnidan turib, piqillab yig‘lagancha ust-boshini qoqishga tushdi.
– O‘yinda yig‘lagan kal bo‘lar! – deya Salim uni masxara qilishga tushdi. – Ziyod kal bo‘ladi. Kal-kal, kakaman, kallangga yong‘oq chaqaman!
– O‘ynamayman! – deb Ziyod qishloq tomon keta bosh­ladi.
Shodmon yugurib borib uning yo‘lini to‘sdi.
– Oxirigacha o‘ynaysan. Yoki xakkaga o‘tirasan! – deya qo‘lidagi kaltakning uchiga tuflab, yerga qadadi.
– Sen g‘irromlik qilding! – dedi Ziyod kafti bilan ko‘z yoshlarini artib.
– Qachon g‘irromlik qildim?
Ziyodning sherigi Shodmonning ortidan pusib kela boshladi.
– Ehtiyot bo‘l, Shodmon, Shoymir orqangdan kalla qo‘ymoqchi! – dedi Salim xavotirlanib.
Shoymir Shodmonga tashlandi. Shodmon uning ham­lasiga chap berib, yoqasiga yopishdi. Ikkalasi olishib ketishdi.
Shu payt egniga unniqib qolgan chopon kiyib, boshiga eski telpakni bostirib kiygan notanish bir odam tuproq yo‘lni changitib qishloq oralab kela boshladi. U bot-bot qo‘lidagi kaltagini havolatgancha ortidan akillab ergashib kelayotgan itlarni quvib solardi.
Notanish kishi quduq yonida to‘xtab, bir muddat bolalarning janjalini loqayd kuzatdi.
– Ay, bolalar, nimaga urishyapsizlar? – dedi u birozdan so‘ng palag‘da ovozda.
Shodmon Shoymirning yoqasini bo‘shatib, unga yuzlandi.
– So‘loqmonday bolalarning turqini qaranglar! – dedi yo‘lovchi boshini sarak-sarak qilib. – Kulga yumalagan toyxardan farqingiz yo‘g‘-a!
Notanish kishi quduq ustida turgan chelakdan to‘­kib-sochib suv ichdi-da, yuz-qo‘lini naridan-beri yuv­di. Bolalar uning harakatlarini qiziqish bilan ku­zatib turishardi.
– Men Chamangul degan kampirni izlab yuribman. Uni taniysizlarmi?
– Qaysi Chamangul? – dedi Shodmon ajablanib.
– Bir vaqtlar Langar degan qishloqdan kelib qolgan ekan, – dedi notanish kishi yengi bilan yuzini artib.
Shodmon bilan Salim bir-biriga qaradi.
– Langar momomni aytayapsizmi? – so‘radi Shodmon.
– Langar momo? – u Shodmonga zingil solib tikildi. – Shu bo‘lsa kerag-ov! Meni o‘sha yoqqa olib bor qani.
Shodmon bilan Salim notanish kishini ergashtirib yo‘lga tushdi. Shoymir sholg‘omdek qizarib ketgan qulog‘ini avaylab silagancha ularning ortidan qarab qoldi.
Langar momo supada yolg‘iz o‘zi choy ichib o‘tirardi.
– Anavi odam sizni izlab kepti, – dedi Shodmon nariroqda kaltakka suyanib turgan Esirgapga imo qilib.
Langar momo notanish kishiga ser solib qaradi. Tanimagach, ajablangan ko‘yi tizzalariga tayanib asta o‘rnidan turdi.
– Kim ekan u?
Shodmon yelka qisdi. Notanish kishi iljaygancha supa tomon yurdi.
– Assalom alayku-um!
– Vaalaykum assalom...
Langar momo hamon unga tikilib turardi. Notanish kishi bir-ikki qadam narida to‘xtab, buyog‘iga nima qilishni bilmagandek o‘ng‘aysiz turib qoldi. Negadir Langar momo qoqsuyak qo‘llari bilan Shodmonning yelkasidan mahkam changalladi. Shodmon hech narsaga tushunolmay unga qaradi. Kampirning rangi bo‘zday oqarib ketgan edi.
– Men keldim, amma! – dedi notanish kishi tantanavor ohangda.
Langar momo seskanib ketib, Shodmonga behol suyanib qoldi.
Notanish kishi esa hamon kuydirilgan kalladay tirjayib turardi.

 * * *

Bu voqeani Shodmonga yaqinda onasi aytib bergan edi.
– O‘sha paytlar Langar momong tog‘lar orasidagi qishloqda ota-onasi va ikki akasi bilan tinchgina yasharkan. Katta akasi qishloqdagi bir qiz bilan unashtirib qo‘yilgan, tez orada ularning to‘yi bo‘lishi kerak ekan. Kutilmaganda urush boshlanib, momongning katta akasini ham askarlikka olib ketishibdi. Oradan bir yil o‘tib akasining jangda halok bo‘lgani haqida xat kelibdi. Langar momongning otasi bunday shum xabarni ko‘tarolmay, to‘shak tortib yotib qolibdi. Lekin onasi ancha irodali, tadbirli ayol ekan, o‘g‘lidan ayrilganiga qattiq qayg‘ursa-da, o‘zini yo‘qotmabdi.
– Yaratgan egam shu kunlarni peshonamizga yozgan ekan, ko‘nmay ilojimiz qancha, – debdi u choliga. – Bolamdan ayrildim deb tuproqqa olov qo‘yamizmi endi!.. O‘tkirjonimning diydori qiyomatga qoldi. Siz buyog‘iga bardam bo‘ling. Yaxshi niyatlar bilan bir mushtiparning boshini bog‘lab qo‘ygan edik, shu qiz ham bebaxt bo‘lib qolmasin. Xudoga shukr, Salimjonim ham er yetilib qoldi. Endi uni akasining qallig‘i bilan qovushtiramiz.
To‘ng‘ich akaning ma’rakalari o‘tgach, echki so‘yib to‘y qilishibdi. Kelin ham taqdirning yozug‘iga rozi bo‘lib, ularning xizmatini qilib yuraveribdi. Lekin uning chimildig‘ini tushirib ulgurmay kenja o‘g‘ilni ham urushga chaqirishibdi. Hay attang, ketganiga yarim yil o‘tib-o‘tmay u ham urushda nobud bo‘libdi. Bebaxtlik sho‘rlik kelinning peshonasida bor ekan-da, nachora.
Shundan keyin Langar momongning otasi qaytib o‘nglanmabdi. Qish bo‘yi ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotib, oxiri erta bahorda uzilibdi. Uying kuygur urushning kasriga bir ro‘zg‘or uch birday erkakdan ayrilib, vayron bo‘lib qolaveribdi.
– Otang bechora ne niyatlar bilan tog‘day-tog‘day ikki o‘g‘il o‘stiruvdi, – debdi janoza kuni onasi xotinlarning orasida marsiya aytib yig‘layotgan Langar momongga. – O‘lganida go‘riga bir changal tuproq tashlash birovginasigayam nasib qilmadi. Bebaxtning ko‘zi ochiq ketmasin... Bugundan shu ro‘zg‘orning erkagiyam o‘zingsan! O‘zing otangning tobutini mozorotga ko‘tarib borib, “qora uyi”ga joylab kelasan.
Langar momong bu gapni eshitib, nima deyarini bilmay ong-tong bo‘lib qolibdi.
– Sochingni yoyib, betingni yulib, ajinaga o‘xshab o‘tirma-da, tur o‘rningdan! – deb urishib beribdi onasi...
Voy-voy, Langar momongning onasi o‘tni-o‘tga, toshni-toshga uradigan bir siyosatli kampir bo‘lgan ekan o‘ziyam! Qishlog‘ida hech kim uning oldiga tusholmas ekan. Aytgani-aytgan, degani-degan ekan.
O‘zi, musulmonchilikda ayol kishining erkaklarga qo‘shilib qabristonga borishi ayb sanaladi. Tobut ko‘tarilgach, ayollar uyda qolishadi...
– Nima uchun?
– Bilmasam, bolam... Xotin zotining diydasi bo‘sh bo‘ladi. U yerdayam dod-voy qilib, mayitning ruhini ozorlamasin degan niyatda shunday qilishsa kerak.
– Keyin nima bo‘lgan?
– Janozaga yig‘ilgan odamlar Langar momongning onasini shashtidan qaytaraman deb xo‘p urinibdi. Qishloqning mullasi tabarruk kitoblardan misollar keltirib nasihat qilibdi. Baribir kampir o‘z bilganidan qolmabdi. Qiziga do‘ppi-chopon kiydirib, beliga belbog‘ bog‘latib, tobutkashlarga bosh qilib qabristonga jo‘natibdi. Shunday qilib, Langar momong erkaklar qatorida tobut ko‘tarib borib, otasini ko‘mib kelgan.
Odamlar bu qilig‘i uchun Langar momongning onasidan domongir bo‘lishgan. Shu ishi bilan Xudoning qahrini keltirdi, endi qiziyam bebaxt bo‘ladi, degan gap ham chiqqan...
Lekin onasi qazo qilganda Langar momong qab­ristonga bormagan. Chunki kenja akasi urushga ketganda yangasi qornida gumonasi bilan qolgan ekan, vaqti-soati yetib u bitta o‘g‘il tuqqan. Langar momongning onasi o‘lganida shu go‘dak esini tanib qolgan ekan, uni ro‘zg‘orning erkagi o‘rnida momosining tobutiga bosh qilishgan.
Keyinroq Langar momongning yangasini otasi allaqayoqlarga erga berib yuboradi. Bolasi ham u bilan birga ketadi. Hayhotday uyda Langar momongning bir o‘zi qoladi. Oxiri taqdiriga tan berib, o‘zi ham keksaroq bir kishiga erga tegadi. Langar momong u odam bilan o‘n yilcha birga yashagan, lekin farzand ko‘rmagan. Bir kuni dabdurustdan choli o‘lib qolgan... Buvang rahmatli ko‘p yurishli odam edi. Langar momongning qishlog‘idayam bordi-keldi qiladigan oshnalari bo‘lgan. Shulardan Langar momong haqida eshitgan ekan. Bir kuni uni otiga mindirib uyga olib kelgan. Kampiri ham uni yomon ko‘rmagan. Ikkovi bir uyda egachi-singilday bo‘lib yashayvergan. Buvang Langar momongga atab hozirgi uyini qurdirib bergan.
Shodmon onasining hikoyasidan ta’sirlanib, ich-ichidan momosiga rahmi kelib ketgan edi.
– Ishqilib, Langar momong hayotda ko‘p qiyin­chiliklarni boshidan kechirgan. Buvang rah­matlining sharofati bilan shu yerga kelib kun ko‘rganday bo‘luvdi. Qariganida yana yolg‘iz qoldi. Boyaqishning senga mehri tushib qolgan. Seni o‘zi ko‘tarib katta qildi. Bir kun diydoringni ko‘rmasa turolmaydi. Senam uning ko‘ngliga qara. Lekin esayganing sayin quyushqondan chiqib ketyapsan! Tag‘in ahmoqchilik qilib ko‘nglini og‘ritib yurmagin, xo‘pmi?..
Xullas, boyagi notanish kishi Langar momoning go‘dakligida onasi bilan ketgan jiyani bo‘lib chiqdi. Ismi Esirgap ekan.

* * *

Tez orada hamma Langar momoning uyiga yig‘ildi. Mehmonga atab to‘kin dasturxon yozildi. Langar momo mo‘‘jazgina sandiqchasini ochib, dasturxonni qand-qurs, yong‘oq-mayiz bilan to‘ldirib tashladi. Ayollar Abdurahim muallim so‘yib bergan kurkani tozalashga kirishib ketishdi.
Esirgap o‘zini bunchalik izzatlab kutib olishganidan xursand edi. U uyning to‘rida qo‘shaloq yostiqqa yonboshlagancha xo‘rillatib choy ichar, otasining q­a­vatida odob saqlab o‘tirgan Shodmon zimdan uning harakatlarini qiziqish bilan kuzatardi. Langar momo kutilmagan diydor sururidan hanuz o‘ziga kelolmagan, Esirgapga mehr bilan termilib o‘tirardi.
– Tavba! Quyib qo‘yganday akamga o‘xshaydi-ya, – dedi u o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday. – Boya ko‘r­ganimda akam tirilib keldimi deb o‘ylabman...
Esirgap iljaydi.
– Shunday qilib, hozir Langartog‘da yashayotgan ekansiz-da? – so‘radi Abdurahim muallim undan.
– Enam ikkinchi cholidan uchta o‘g‘il tug‘uvdi, – dedi Esirgap. – O‘gay ukalar esini tanigandan keyin meni hech o‘zlariga el bilmadi. Kunda-kun osha janjal-g‘avg‘o... Besh-olti yil burun bor-ey, deb bola-chaqa bilan Langartoqqa ko‘chib ketdim. Odamlar ham kimligimni bilgach, “kepsan, binoyi bo‘pti” deb qishloqning chekkarog‘idan bir parcha joy ko‘rsatishdi. Bir uy-bir ayvon tiklab olib, shu yerda yashab yotibmiz.
– O‘zimizning hovli-joyga bormadingmi, Esirgapjon? – dedi Langar momo.
– Qiziq gapirasiz-a, amma, – deya kuldi Esirgap. – Ellik yil egasiz qolgan hovli-joy shu choqqacha turarkanmi? Odamlar allaqachon uyning chordevorlarini buzib-tekislab, bo‘lib olishgan ekan.
Langar momo afsuslangandek bosh chayqab qo‘ydi.
– Bu... onangizga nima bo‘ldi? – so‘radi Begmat cho‘pon.
– Enamning o‘lib ketgani qachoniydi, – dedi Esirgap beparvo ohangda. – Lekin qurg‘ur choli ancha tetik edi, haliyam tirik bo‘lsa kerak.
– Bechora yangam, – deb Langar momo chuqur tin oldi. Shodmon zimdan unga qaradi. Kampir ancha g‘amgin tortib qolgan edi.
– Bu yerda ammangiz borligini qaerdan bildingiz, mehmon? – deya so‘radi Shodmonning otasi Esirgapdan.
– Enam badbaxt tirikligida “bitta-yu bitta ammang dasht tomonlarga kelin bo‘lib tushib ketgan, shuni izlab topsang, menam birgina ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q edi” degan gapni ko‘p aytardi. Lekin o‘sha paytlarda qunt qilmovdim. Bir-ikki oy burun shu qishloqlik Turdi degan kishi bilan Qarshida birga ishladik. Ammamning daragini shu odamdan eshitdim.
– O‘zingiz nima ish qilasiz? – so‘radi Begmat cho‘pon.
– Paxsa urish, yer chopish, tomsuvoq deganday... – Esirgap odatdagidek yoqimsiz iljaydi. – Duch kelgan ishni qilib ketaveramiz.
Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Langar momo shuncha yillardan so‘ng o‘zini axtarib kelgan yakka-yu yolg‘iz jiyani o‘gay o‘g‘illarining ko‘ngliga o‘tirishmaganligini payqadi. U ham shu topda biror ma’niliroq gap topolmay qiynalardi.
Shu payt deraza oynasi qitirlab, hamma o‘sha tomonga qaradi. Derazada Salim bilan Shahodat Esirgapga qiziqish bilan tikilib turishardi. Begmat cho‘pon qovoq uyib, ularga ketinglar, degandek imo qildi. Bolalar qiqirlagancha ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
– Turdi aka, “usta Eshmatdan ammangga bir suruv mol-hol qolgan, dov-daskasi katta”, degan edi, – dedi Esirgap taxmondagi shiftga qadar taxlab qo‘yilgan gilam, ko‘rpa-to‘shaklarga ko‘z yugurtirib.
Abdurahim muallim bilan Begmat cho‘pon bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi. Shodmon Esirgapni birinchi bor ko‘rgandayoq yoqtirmagan edi. Gaplarining ma’nosiga unchalik tushunmagan bo‘lsa-da, lekin o‘zicha “Esirgap – yomon odam” degan xulosaga keldi.

* * *

Kechqurun Abdurahim muallim uloq so‘yib, Esirgapni uyiga choyga aytdi. Esirgapning qistovi bilan Shodmon Turdi gavazni ham boshlab keldi. Shundan so‘ng Langar momo uyiga ketdi. Turdi gavaz bilan Esirgap rosa aroq ichishdi. Esirgap mast bo‘lib qolib, maqtanishga tushib ketdi. Langarqishloqda uning bir suruv shaxsiy qo‘y-qo‘zisi bor emish. Bu yil qishloqning eng baland joyida qo‘sh qavatli uy qurmoqchi emish. Yaqin orada moyi artilmagan yap-yangi “Jiguli” sotib olarmish. Bazaning kattasi uning oshnasi ekan.
Abdurahim muallim bilan Begmat cho‘pon uning gap­larini jimgina eshitib o‘tirishar, Turdi gavaz esa nuqul Esirgapni kalaka qilib, xoxolab kulardi.
Shodmon mehmonlarga choy tashib turgan edi. Aroqning achqimtil hidi tutib ketgan uyga hadeb kirib-chiqaverishdan bezor bo‘lib, Langar momonikiga jo‘nadi. Langar momo taxmondan yangi ko‘rpa-to‘shaklarni olib, Esirgapga joy solib qo‘ygan ekan.
– Mehmonlar haliyam gurunglashib o‘tiribdimi? – so‘radi Langar momo undan.
– Ha, – dedi Shodmon. – Esirgap mast bo‘lib qoldi.
Langar momo indamadi. So‘ng bir chekkada turgan urchug‘ini olib, ip yigirishga tushdi.
– Langar momo, sizning Chamangul degan ismingiz ham bormi? – so‘radi Shodmon.
Kampir unga ajablanib qaradi.
– Sen buni kimdan eshitding?
– Boya Esirgap aytdi.
– Esirgap amaking to‘g‘ri aytibdi, – dedi Langar momo jilmayib. – Men asli Langar degan qishloqda tug‘ilganman. Buvang rahmatli meni bu yerga olib kelganida ancha yosh edim. Egachim menga Langarlik kelin deb ot qo‘ydi. Boshqalar ham shu ism bilan chaqiradigan bo‘ldi. Keyinroq Langar momo bo‘lib qoldim.
– Egachim deganingiz kim?
– Otangning onasi, sening katta momong... Ilo­yim, go‘ri to‘la nur bo‘lsin, kundosh bo‘lding deb hech bir yomonlik qilmadi. Qaytanga tug‘ishgan opamday meh­ribon edi... – Langar momo urchug‘ini tizzasiga qo‘yib, chuqur tin oldi. Beixtiyor uning chehrasi yorishdi. – Langar qishin-yozin cho‘qqilaridan qori ari­maydigan baland tog‘ning orasida joylashgan. Qish­­loqning o‘rtasidan katta soy oqadi. Bog‘imizdagi mevalar judayam shirin bo‘lardi. Mazasi haligacha og‘zimdan ketmaydi... Ey, eslasam, yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Tushlarimda go‘dak bo‘lib Langarning tosh­loq ko‘chalarida chopib yurgan bo‘laman.
Langar momo jimib qoldi.
– Endi siz Esirgap bilan ketasizmi, Langar momo? – so‘radi Shodmon birozdan so‘ng. Langar momo unga ma’yus tikildi.
– Bu gapni qayoqdan olding?
– Boya Esirgap otamga “ammamni o‘zim bilan olib ketaman” dedi.
– Esirgap amaki deb gapir! – dashnom berdi Langar momoning jahli chiqib. Shodmon bu gapni xushlamay burnini jiyirdi. – Ketay desam, sizlarni ko‘zim qiymaydi, ketmay desam... Nima qilishni bilmay boshim qotgan.
– Siz ketsangiz, biz kimni momo qilamiz?
– Ketmaymi?
– Yo‘q!
 Langar momo jilmayib, Shodmonning boshini siladi.
– Langar momo, anavi egarni buvam yasaganmi? – so‘radi Shodmon devordagi qoziqqa osilgan egarni ko‘rsatib.
 – Ha, bolam. Sening buvang nomi chiqqan egarsoz edi. Menman degan chavandozlar u kishiga egar buyurtirardi... Buvang rahmatli “bu dunyo – qo‘sh eshikli karvonsaroy” degan gapni ko‘p takrorlaguvchi edi. Aytgani chin ekan. Odamzod bir eshikdan kirib, ikkinchisidan chiqib ketaverar ekan.
– Shu egarni olib bering, bir minib ko‘ray, – dedi Shodmon erkalik bilan.
Langar momo inqillagancha o‘rnidan turib qo­ziqdagi egarni oldi. Shodmon egarni minib, “ot o‘yi­ni”ni qizitib yubordi. Kampir miyig‘ida jilmaygancha uning harakatlarini kuzatib o‘tirardi.
– Vaqti kelsa, bu egarni senga qoldirib ketaman, – dedi u.
– Rostdanmi? Qachon?
– Shoshilma, o‘zim aytaman...
Langar momo xona to‘ridagi eski sandiqni ochib, undan to‘rt oyoqli mo‘‘jaz qozoncha, yog‘ochdan yo‘nilgan egar bo‘laklarini oldi.
– Manavi qozoncha zo‘r ekan! – dedi Shodmon uni qiziqish bilan tomosha qilib.
– Rahmatli buvang bu qozonda yelim qaynatardi... Shu egarni tugatishga ulgurmagan. Lekin otang ham, amaking ham egarchilikka qiziqmadi.
– Katta bo‘lsam, menam buvamga o‘xshab egar yasayman! – dedi Shodmon ishonch bilan.
– Qaniydi! – dedi Langar momoning chehrasi yorishib. – Shu gaping chin bo‘lsa, avval usta Sunnatga shogird tushishing kerak.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi.
– Esirgap amaking sizlarnikida qoladiganga o‘x­shaydi, – dedi Langar momo derazadan tashqariga mo‘ralab qo‘yib. – Sen shu yerda yota qol, bolajonim.
Shodmon qattiq charchagan edi. Esirgapga atab solingan yumshoqqina to‘shakka kirib, shu zahoti uyquga ketdi.

* * *

Langar momo supada olisdagi tog‘larga tikilib o‘tirardi.
– Kun sayin ko‘zdan qolyapman, – deya ming‘irladi o‘zicha norozi ohangda. – Bir narsalar jimir-jimir qilganday bo‘ladi, nimaligini bilolmayman. Xudo olsin bunday ko‘zni.
Shu payt Shodmon yugurib kelib qoldi.
– Qara-chi, Langartog‘ning cho‘qqisida qor bormi-yo‘qmi? – so‘radi Langar momo undan. Shodmon bu gapni eshitaverib ko‘nikib qolgan edi, tog‘ tarafga shunchaki qarab qo‘yib, beparvo javob qildi:
– Tog‘ning tepasi oqarib turibdi.
– Qish yaxshi kelsa, Langartog‘ning qori saratondayam erimaydi, – dedi kampir allanechuk yengil tortib.
Shodmon supadagi dasturxonni titkilab, undan bir burda non oldi. Yong‘oq-mayiz solinadigan taqsimchaning bo‘shligini ko‘rib hafsalasi pir bo‘ldi.
– Quruq non tomog‘ingdan o‘tmaydi-da sening, – deya Langar momo taqsimchani qo‘liga olib asta joyidan qo‘zg‘oldi. Ammo hassa suyanib kelayotgan usta Sunnatga ko‘zi tushib joyiga qaytib o‘tirdi. Shodmon uni ko‘rib oshkora burnini jiyirdi.
– Assalomu alaykum, Langar opa, – dedi u past ovozda.
– Vaalaykum assalom. Kel, Sunnatvoy.
Usta Sunnat qishloq chekkasidagi uyida yolg‘iz yashardi. Bir paytlar Shodmonning buvasidan egar yasashni o‘rgangan ekan. Hozir ertadan-kechgacha uyida o‘tirib egar yasaydi. Tez-tez Langar momonikiga kelib, u bilan gurunglashib ketardi. Yaqinda qattiq kasal bo‘lib, bir oycha yotib qolgan, oyoqqa turganiga ko‘p bo‘lmagan edi. Hamon uning yuz-ko‘zlaridan dardmandlik alomatlari sezilib turar, qaddi bukchayib qolgan edi.
– Men ola sigirimni izlab keluvdim, – dedi u yosh boladek ko‘zlarini pirpiratib. – O‘z boshingni yegur arqonini uzib, bo‘shalib ketibdi-da.
– Yana eski qo‘shig‘ini boshladi! – dedi Shodmonning ensasi qotib.
– Mabodo, sening ko‘zing tushmadimi, Shodmonboy? – so‘radi usta Sunnat undan. – Olagina sigir, halqumida g‘o‘risi bor...
– Ola sigir ham, malla sigir ham ko‘rganim yo‘q!
Aslida, usta Sunnatning hech qanaqa ola sigiri yo‘q. Buni Shodmon ham, Langar momo ham yaxshi biladi. U esa har gal kelganida shu bahonasini kanda qilmaydi. Shodmon oppoq soqolli cholning yolg‘on gapirishiga sira tushunolmaydi. Doim shu gapni eshitsa peshonasi tirishadi. Langar momo esa sir boy bermaydi.
Usta Sunnat supaga joylashib o‘tirib olgach, ola sigirini darrov unutadi. Langar momo bilan soatlab o‘tgan-ketgandan gurunglashib o‘tiradi. Ular ayniqsa Shodmonning bobosini ko‘p eslashadi. Usta Sunnat juda gurungpaz odam. Ko‘zlarini xiyol yumgan kuyi bir paytlar o‘zi ko‘rgan, birovlardan eshitgan qiziq-qiziq voqealar haqida berilib hikoya qiladi. Langar momo qilt etmay uning og‘ziga termilib o‘tiradi. Kun kech bo‘lganda usta Sunnat nihoyat o‘rnidan turadi. “Men endi borib ola sigirimni topay” deya uvishib qolgan oyoqlarini uqalagancha ortiga qaytadi...
– Sigiring dashtda o‘tlab yurgandir, – dedi Langar momo Shodmonga norozi qarab qo‘yib. – Qorni to‘ysa, o‘zi uyingga qaytib boradi.
– Gapingiz chin, opa, lekin odam baribir alag‘da bo‘ladi-da.
Langar momo supadan tushib, oshxona tomonga yur­di.
– Siz shu gapiga ishonib o‘tiribsizmi? – dedi Shodmon uning ortidan ergashib. – Sigirni bahona qilib, qornini to‘ydirish uchun kelgan bu shumshuk chol.
– Jim bo‘l, qo‘shtanglay! – deya Langar momo uni jerkib berdi.
– Bo‘lmasa, nimaga doim yolg‘on gapiradi? – bo‘sh kelmadi Shodmon ham. – Ola sigiri tugul, uyida bitta tirriq echkisiyam yo‘q-ku!
– Sen nimaniyam tushunarding, – dedi Langar momo ozorlangan qiyofada. – Bor, ko‘zimga ko‘rinma!
Shodmon noiloj ortiga qaytdi. Endi yong‘oq-ma­yizdan umid qilmasa ham bo‘ladi. Chunki usta Sunnat ketmaguncha buvisini buldozer bilan sudrab ham turg‘azib bo‘lmaydi. U supaning bir chekkasida o‘tirib, quruq non kavshashga tushdi. Langar momo oshxonadan bir kosa g‘ilmindi ko‘tarib chiqdi.
– Ol, Sunnatvoy, kecha g‘ilmindi pishiruvdim.
– Qornim to‘q, opa, boyagina choy ichuvdim, – dedi usta Sunnat ko‘zlarini pirpiratib.
– Tortinma, g‘ilmindi odamga quvvat bo‘ladi.
Shundan so‘ng usta Sunnat g‘ilmindini ishtaha bilan yeya boshladi.
– Rahmatli Eshmat akam ham g‘ilmindini yaxshi ko‘rardi, – dedi u beozor jilmayib.
– Ha... Ol, osh bo‘lsin.
– Kecha oqshom Buvnisa singlingiz yana tushimga kiribdi, – dedi usta Sunnat o‘ychan qiyofada. – Rang-ro‘yi bir ahvolda.
– Tushga har narsa kiraveradi, – dedi Langar momo. – Senam uni ko‘p o‘ylab yotma. Peshonangga yozilganiga chidaysan-da.
– Hali o‘lmay turganda bo‘lardi-kuya...
Negadir bu gal usta Sunnat Langar momonikida ko‘p o‘tirmadi. Kosadagi g‘ilmindini yeb bo‘lgach, yuziga fotiha tortdi.
– Endi men boray, opa. Ola sigirni tezroq topmasam bo‘lmaydi. Bitta-yarimning tomorqasiga oralasa, gap-so‘zga qolaman.
– Shodmonjon buvamga o‘xshagan egarchi usta bo‘­laman deyapti, – dedi Langar momo jilmayib. – Sen unga egarchilikni o‘rgatsang bo‘lardi.
– Shundaymi? – dedi usta Sunnat Shodmonga qiziqish bilan qarab. – Mayli, opa, mayli. Menam ertadan boshlab ustaxonada o‘tiraman. Tushdan so‘ng biznikiga o‘t, Shodmonboy.
– Xo‘p, – dedi Shodmon jonlanib.
Usta Sunnat hassasini do‘qillatib ortiga qayt­di...
Shu kuni Langar momo Shodmonga usta Sunnat haqida g‘amgin hikoya so‘zlab berdi.
– Usta Sunnatning Buvnisa degan xotini bor edi, – dedi u o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek sokin ovozda. – Boyaqishlar bir umr tirnoqqa zor o‘tishdi. Shuning uchun ikkovi bir-biriga suyanib qolgan edi. Buvnisa bir gapirib o‘n kuladigan, odamning jonidaygina ayol edi. Qishloqning to‘y-ma’rakasi usiz o‘tmasdi. Erga tegayotgan qizlarning gilamini to‘qib, ko‘rpa-to‘shagini qavib berardi. To‘y bo‘ladigan uyga bir kun oldin borib olib, tandir-tandir non yopardi. To‘yda ham yelib-yugurib xizmat qilardi. Rahmatli Buvnisaning bir yoqimli ovozi bor edi! Uning “kelin salom”ini eshitish uchun qishloqning yoshu qarisi yig‘ilib kelardi. O‘ziyam, qo‘shig‘i yuraklarni sel qilardi, eshitib to‘ymasdi odam. Ishqilib, shu ayolning sharofati bilan qishloqning to‘ylari fayzli o‘tardi...
 Buvnisa erini yeru ko‘kka ishonmasdi. Biron marta uning ko‘ziga tik qarab gapirmagan. Usta Sunnatning kiyinib yurishini ko‘rgan odamning havasi kelardi. Qishin-yozin oldidan issiq choyi arimasdi...
 Bir kuni usta Sunnat uyida xotini bilan gurung­lashib, egar yasab o‘tirgan ekan. Choshgohga yaqin dasht tarafdan notanish bir otliq uni so‘rab kelibdi. “Mening uloqchi bedovim bor, shunga bitta yaxshi egar yasab bering” debdi u. Usta Sunnat: “Uch-to‘rt kishiga lafz qilib qo‘yganman, yaqin orada qo‘lim tegmasa kerak” deb javob qilibdi. Boyagi odam “avval menga yasab berasiz” deb oyoq tirab turib olibdi. Usta Sunnat ko‘nmabdi. Notanish kishi xo‘p yalinibdi, oxiri gapini o‘tkazolmaganidan qattiq g‘azablanibdi. “Shuncha joydan seni odam deb izlab keluvdim, lekin izzatimni qilmading, – debdi u ko‘zlarini olaytirib. – Asli, Xudo bekorga seni farzanddan qismagan ekan. Chunki sendan tug‘ilgan bola ham o‘zingga o‘xshagan nokas bo‘lib o‘sgan bo‘lardi!”
Notanish kishi shu gapni aytib otining jilovini buribdi-da, oldi-ortiga qaramay jo‘nab qolibdi. Usta Sunnat haykalday qotib qolibdi. Buvnisa ham eshikning panasida bu gaplarni eshitib turgan ekan. Boyaqish juda oriyatli ayol edi. O‘zi bir umr avaylab, ko‘ngliga qarab kelgan erining bunchalik xor bo‘lishini ko‘tarolmadi. Notanish otliq uzoqlashib ulgurmay, u “oh” tortib yiqilibdi. Bir hafta hushsiz yotib, olamdan o‘tdi...
Shundan keyin usta Sunnat ham o‘zini oldirib qo‘ydi. Oltmishga kirmay qaddi bukchayib, hassaga suyanib qoldi. Tez-tez kasalga chalinib, yotib qoladigan odat chiqargan.
– Keyin o‘sha odamni topishganmi, momo? – so‘radi Shodmon bu hikoyadan mutaassir bo‘lib.
– Uning kimligini ham, qaerdan kelganini ham hech kim bilmaydi. Kim bo‘lsayam, farishtaday beozor bir ayolning boshiga yetib, adoq tomonga ot choptirib ketgan.
 
* * *

Ertasi kuni Shodmon usta Sunnatning ustaxonasida o‘tirardi. Devorini qurum bosgan pastqamgina xonada bitgan-bitmagan egarlar qator terib qo‘yilgan. Bir chekkadagi kichkina qozonda yelim qaynayapti.
– Buvangning qo‘lidan chiqqan egarlar juda pishiq bo‘lardi, – dedi egarning sirtiga pay qoplayotgan usta Sunnat. – Endi, bizlar xashaki ustamiz, Shodmonboy. Yasagan matohimiz bir-ikki yilga bormay tob tashlab qoladi. Usta Eshmatning shogirdiman deyishgayam uyaladi odam... Olovni yaxshilab yoq.
Shodmon qozonning tagiga o‘tin tashladi. Uning ha­rakatlarini zimdan kuzatib turgan usta Sunnat ma’qullagandek bosh irg‘ab qo‘yib, labi uchgan sopol piyoladagi sovuq choyni simirdi.
– Sen buvangning kasbini tanlab yaxshi qilibsan. To‘g‘risini aytsam, bizning ham safarimiz qaridi. Buvangning omonatini o‘zim bilan olib ketsam, u kishining oldida nima degan odam bo‘laman, to‘g‘rimi, Shodmonboy?
Shodmon bu gapning ma’nosini unchalik tushunmadi, shu bois nima deb javob qilishni bilmay taraddudlandi.
– Men buvamdan qolgan egarni yasamoqchiman, – dedi u nihoyat.
– Hunar o‘rganish oson emas, – dedi usta Sunnat beozor jilmayib. – Menam Eshmat akadan duo olguncha o‘n yil xizmatini qilganman. – U sirtiga sidirg‘a pay qoplangan egarni avaylab yerga qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi. – Peshin namozini o‘qib olgunimcha senam dam olib tur, Shodmonboy.
Usta Sunnat ostonada turgan oftobani olib tashqariga chiqib ketdi. Shodmon qator tizilgan egarlarni ko‘zdan kechirdi. O‘rnidan turib derazadan tashqariga mo‘raladi. Usta Sunnat tahorat olish uchun hovli orqasiga o‘tib ketganini ko‘rib, ortiga burildi. Bo‘z xaltachadagi sariq mayizni eslatib yuboradigan yelim donalaridan changallab olib, shimining cho‘ntagiga soldi. Quritilgan pay tolalarini g‘ijimlab qo‘yniga tiqdi-da, xotirjam qiyofada qozonchaning tagiga o‘tin tashladi. Olov gurillab, qozonchadagi suyuq yelim biqirlab qaynay boshladi.
Shodmon uch-to‘rt kun usta Sunnatnikiga qatnab yurdi. Har gal borganida uning ishini sinchkovlik bilan kuzatar, yo‘lini qilib yelim va pay olib ketishni ham kanda qilmasdi. Shu kunlarda uning fikri-xayoli Langar momonikidagi chala egarni yasab tugatish bilan band edi. Bu haqda Salimga gap ochgan edi, u ham qiziqib qoldi. Ular Langar momonikidagi chala qolgan egarni birgalikda yasashga kelishib olishdi. Ertasi kuni ikkovi o‘g‘rincha Langar momoning uyiga kirishdi. Shodmon ayvondagi eski sandiqdan ixcham qozoncha bilan egar bo‘laklarini oldi.
 – Voy, manavi qozon buncha kichkina! – dedi Salim uni zavq bilan tomosha qilib.
– Bunda yelim qaynatiladi! – dedi Shodmon bi­lag‘onlik bilan.
– Tezroq bo‘laqol, Shodmon, – dedi Salim beto­qatlanib. – Hozir Langar momom kelib qoladi.
Ular qozoncha bilan egar bo‘laklarini qo‘ltiqlab tashqariga chiqishdi. Salimlarning qo‘rasiga kirib, qozonchaning tagiga o‘t yoqishdi. Shodmon qozonchaga bir hovuch quritilgan yelim solib, ustidan suv quydi. Cho‘p bilan uni biroz aralashtirdi-da, Salimga tutqazdi.
 – Ma, sen buni qo‘zg‘ab tur.
Salim g‘ayrat bilan qozonchani qo‘zg‘ashga tushib ketdi. Birozdan so‘ng aralashma biqirlab qaynay boshladi. Shodmon jiddiy qiyofada egar bo‘laklarini bir-biriga ulash harakatiga tushdi. Biroq buning uddasidan chiqolmay, nuqul chalkashtirib yuborardi.
 – Egar yasashni bilmas ekansan-ku? – dedi Salim hafsalasi pir bo‘lib.
Shodmon sir boy bermay egar bo‘laklarini bir joyga to‘pladi.
 – Bilaman. Egarni yelim tayyor bo‘lgandan keyin yasayman.
 – Qara, qozon qaynayapti!
 – Qaynayversin. Olovini yaxshilab yoq.
 Salim qozonchaning tagiga tezak tashlab, deyarli o‘chib qolgan olovni qayta yondirish uchun zo‘r berib puflashga tushdi. Shu payt laxcha cho‘g‘ uchib chiqib, nariroqdagi xashak g‘aramining orasiga borib tushdi. Tutundan yoshlangan ko‘zlarini uqalayotgan Salim buni payqamadi. Quruq xashak uyumi tutay boshladi. Shodmon esa bo‘z xaltachadan bir bo‘lak titilgan pay tolasini oldi.
– Nima bu, Shodmon? – so‘radi Salim ajablanib.
– Ho‘kizning quritilgan payi, – dedi Shodmon o‘zi­ni kattalardek tutishga urinib. – Buni egarning sirtiga qoplaymiz.
Tutayotgan somon g‘arami birdan lov etib alanga oldi.
– Somon yonyapti, Shodmon! – esxonasi chiqib ketgan Salim shu zahoti tashqariga yugurdi.
Shodmon jonholatda olovni tepkilib o‘chirishga urindi. Biroq alanga tobora kuchayib borardi.
– Qoch, Shodmon! Yonib ketasan! – deya chinqirdi Salim qo‘raning eshigidan ichkariga mo‘ralab.
Shodmon olovni o‘chirishga qurbi yetmasligini tushundi. Shosha-pisha egar bo‘laklarini bo‘z xaltaga joylab qo‘ltig‘iga qistirdi-da, tashqariga yugurdi. Eshikdan chiqqach, nima qilishni bilmay bir muddat serrayib turib qoldi. Salim dasht tarafga qochib ketayotganiga ko‘zi tushdi. Qo‘radan qop-qora tutun osmonga o‘rlardi. Begmat cho‘pon ular tomonga yugurib kela boshladi.
– Ha, yigit o‘lgurlar! Qo‘raga o‘t qo‘yibsizlar-ku!
Shodmon qo‘lidagi bo‘z xaltani bir chekkaga uloq­tirib, Salimning ortidan juftakni rostladi.
 
* * *

Bir haftadan so‘ng Esirgap yana qishloqda paydo bo‘ldi. Langar momo ikkalasi uyda ancha vaqt gaplashib o‘tirishdi. Shodmonning otasi negadir Esirgapning oldiga bormadi. Uning kelganini eshitishi bilan mollarga o‘t yulib kelaman deb dalaga chiqib ketdi. Shodmon Langar momoning uyi atrofida o‘ralashib yurdi. Bir-ikki marta derazadan ichkariga mo‘ralagan edi, kampir uni jerkib berdi. Shuning uchun ularning nima haqda gaplashganini bilolmadi. Nihoyat, tushdan so‘ng Esirgap xursand qiyofada ortiga qaytib ketdi.
 Ertasi kuni Begmat cho‘pon yonib ketgan qo‘rasining tomini qaytadan yopdi. Shodmon bilan otasi ham yordamga borishdi. Shodmon o‘sha kundan beri amakisiga duch kelib qolishdan hadiksirab, qochib yurgan edi. Ota­si yur degach noiloj unga ergashdi.
Qo‘raning tomiga yangi bolor oshirilib, ustiga shox-shabba bostirilgan edi. Yuqori qismi qorayib ketgan devor xunuk ko‘rinadi. Nariroqda chala yongan eski xodalar betartib sochilib yotibdi. Qo‘raning yonida Begmat cho‘pon Langar momo bilan gaplashib turar, Salim xandaqdagi loydan guvala yasardi.
– Qilg‘ilikni qilib qo‘yib nega qorangni ko‘r­sat­maysan? – dedi Shodmonga ko‘zi tushgan Begmat cho‘­pon qovoq uyib. – Tush xandaqqa!
Shodmon itoatkorlik bilan Salimning qavatidan joy olib, guvala yasashga kirishdi.
– Bu buzmakorlarning qilig‘ini qarang! – dedi Begmat cho‘pon Langar momoga. – Mushtday boshi bilan egar yasarmish.
– Qo‘ying, Begmatjon, bola-da bular hali, – dedi Langar momo. – Haliyam o‘zlarini Xudo asrabdi, shunisiga shukr.
– Hammasiga anavi Sunnat chol aybdor! Hali mendan eshitadiganini eshitadi u.
Abdurahim muallim kamzulini yechib, yengini shimardi.
– Enamning gapini eshitdingizmi, aka?
– Qaysi gapini?
– Jiyanimnikiga ko‘chib ketaman deyapti! – dedi Begmat cho‘pon zardali ohangda.
Abdurahim muallim Langar momoga savol nazari bilan qaradi. Langar momo undan ko‘zlarini olib qochdi.
– Shuncha yil birga yashab, endi ketaman deganingiz nimasi? – dedi Begmat cho‘pon. – Bizgayam o‘z onamizday bo‘lib qoluvdingiz. Tashlab qo‘ygan bo‘lmasak...
– Sizlardanam, kelinlardanam mingdan-ming roziman, – dedi Langar momo. – Doim ko‘nglimga qarab keldinglar... Lekin Esirgapjon “ko‘chirib ketaman” deb holi-jonimga qo‘ymayapti.
– Jiyaningizning terisi yupqaroq ko‘rinadi, – dedi Abdurahim muallim. – Ketsangiz, qarigan chog‘ingizda qiynalib qolasizmi deyman.
Langar momo tayinli gap aytolmay o‘ylanib qoldi.
– Ko‘nglingizga kelmasin-ku, u sizdan ham ko‘ra mol-qo‘ylaringizga ko‘proq ishqibozga o‘xshaydi, – dedi Begmat cho‘pon. – Gap-so‘zlarida shunga sha’ma borday.
– Unday demang, Begmatjon, – deya e’tiroz bildirdi Langar momo. – Esirgapjon mening molimga qarab qolmagandir...
– Yanayam o‘zingiz bilasiz. Otamdan qolgan qo‘y-echkilaringiz o‘zidan urchib-ko‘payib yotibdi. Aytgan kuningiz suruvdan ajratib beraman. – Hafsalasi pir bo‘lgan Begmat cho‘pon sustlashib qolgan bolalarga dashnom berdi. – Gap poylamay, tezroq qimirlanglar!
Shodmon bilan Salim itoatkorlik bilan ishni jadallashtirdi.
– Mening ham to‘rt kunligim bormi-yo‘qmi, Xudo biladi, – dedi Langar momo og‘ir so‘lish olib. – Odam boshqa joyda ming yaxshi yashagani bilan baribir kindik qoni tomgan tuproq o‘ziga tortib turarkan. Shu choqqacha harna dardim ichimda edi. Buyog‘iga Langarda qora tortib boradigan jigarim bor. Endi menga indamanglar. O‘lsam, Esirgapjon loshimni ko‘chada qoldirmas.
– Bizam tashlab qo‘ymaymiz, ena! – dedi Begmat cho‘pon. – Vaqti-soatingiz yetsa, izzatingizni joyiga qo‘yib, otamning qavatiga joylab kelamiz.
– Otangizning qavatida menga joy yo‘q, Begmatjon. U yerda onangiz yotibdi.
Begmat cho‘pon bosh chayqab qo‘yib tomga chiqib ketdi. Shodmon zimdan Langar momoga qaradi. Devor yonida musichaday qunishib o‘tirgan kampirning gavdasi yanayam kichrayib qolganga o‘xshardi.
 
* * *

Shodmon Shahodatga qiziq tomosha ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Shu niyatda besh-oltita konserva qutisini teshib, ipga tizib chiqdi. So‘ng og‘ilxonaning soyasida mud­rab yotgan Olapar tomon yurdi.
– Nima qilmoqchisan? – so‘radi Shahodat hayron bo‘lib.
– Hozir ko‘rasan, – dedi u ipning uchini Olaparning dumiga bog‘layotib. It bezovtalanib dumini yashirishga urindi. – Jim yot, Olapar.
– Ehtiyot bo‘l, tag‘in tishlab olmasin.
Shodmon ishini tamomlab, itning biqiniga turtdi.
– Tur, Olapar. Olkish!
It hushyor tortib o‘rnidan sakrab turdi-da, ko‘chaga otildi. Dumiga bog‘langan konserva qutilari taraq-turuq ovoz chiqarib ortidan sudraldi. O‘takasi yorilgan it ayanchli angillagancha hovlini aylanib chopa boshladi. U bot-bot orqasiga burilib, dumini tishlar, so‘ng yana yugurishga tushardi. Shodmon bilan Shahodat bunday g‘aroyib tomoshadan zavqlanib qotib-qotib kulishardi.
Tugun ko‘tarib kelgan Langar momo ham bunday g‘a­lati manzarani ko‘rib bir muddat anqayib qoldi.
– He, qilig‘ing qursin! – deya Shodmonni koyidi u es-hushini yig‘ib olgach. – Sening dastingdan itgayam, bitgayam tinchlik yo‘q.
Chopaverib toliqqan Olapar hovlining bir burchagida g‘ujanak bo‘lib yotib oldi. Shodmon hamon kulgidan lab-lunjini yig‘ishtirolmay, itning dumidan arqonni yechdi.
– Manavi ovqatni usta Sunnatga olib borib ber.
– Sunnat buvaning o‘zi ola sigirini izlab keladi, – dedi Shodmon iljayib.
– Sening ustabuzarmonliging dastidan shu bechoraning ham qadami uzilib qoldi, – dedi Langar momo taassuf bilan. – Mahmadanalik qilmay, tezroq bo‘l!
Shodmon noiloj tugunga qo‘l cho‘zdi.
– Avval qo‘lingni yuv! – dashnom berdi kampir.
 Usta Sunnatning hovlisi suv quygandek jim-jit edi. Shodmon darvozadan kiraverishdagi ustaxonaga bosh suqdi. Usta Sunnat deraza yoniga to‘shalgan eski po‘stakda yostiqqa bosh qo‘ygancha pinakka ketgan ekan. Uning oldidagi egarga chala-yarim pay qoplangan, o‘choq­ning olovi o‘chib, tutay boshlagan edi.
Shodmon nima qilishni bilmay, eshikda biroz turib qoldi.
– Sunnat buva? – deya chaqirdi Shodmon. Biroq undan sado chiqmadi. – Langar momom sizga ovqat berib yubordi! – baqirdi u. – Sovumasdan yeb olarkansiz!
Bu gal ham usta Sunnat uyg‘onmadi. Shodmon ikkilana-ikkilana ichkariga kirdi. Qo‘lidagi tugunni yerga qo‘yib, cholning yuziga sinchiklab razm soldi. Usta Sunnat go‘yoki beozorgina uxlab yotardi. Shodmonning ko‘ngli allaqanday noxushlikni sezib, seskanib ketdi.
– Sunnat buva... Turing o‘rningizdan!
Shodmon beixtiyor usta Sunnatning qo‘lidan tortdi. Cholning yostiqda omonatgina ilashib turgan boshi pastga og‘ib qoldi. Usta Sunnat o‘lib qolgan edi.

* * *

Shodmon doim hech kimning xayoliga kelmagan nar­salarni o‘ylab topishga usta edi. Kunlardan birida u dala-dashtda o‘z maylicha sudralib yuradigan toshbaqalarga in kovlab bermoqchi bo‘ldi. Shu niyatda Salim bilan Shahodatni ergashtirib qishloq adog‘idagi tepalikka yo‘l oldi. Odatda, u yerda toshbaqa ko‘p bo‘lardi. Uchalasi bir zumda tepalikdagi xas-xashaklar orasidan anchagina toshbaqa topishdi. Shundan so‘ng Shodmon bilan Salim zo‘r berib in kovlashga tushib ketdi. Shahodat yana toshbaqa axtarib ketdi.
 – Shodmon, meniki tayyor bo‘ldi, – dedi ust-boshi tuproqqa belangan Salim.
 Shodmon qo‘lidagi oshpichoqni yerga qadab o‘rnidan turdi-da, Salim kovlagan chuqurchani bepisand ko‘zdan kechirdi.
– Bu inga toshbaqa sig‘maydi!
– Nega sig‘mas ekan?
– Ishonmasang, qara! – Shodmon eski tog‘orada ay­qashib yotgan toshbaqalarning eng yirigini olib, Salim kovlagan chuqurchaga o‘lchab ko‘rdi, chindanam unga toshbaqa sig‘masdi. – Ko‘rdingmi?
– Men toshbaqaning bolasiga kovladim, – dedi Salim bo‘sh kelmay.
– Ona-bola toshbaqalar bitta inda yotishi kerak! Boshqatdan kovla.
Salim noiloj o‘zi kovlagan uyani kengaytira boshladi.
Shahodat shodon qiyqirgancha ular tomon yugurib keldi.
– Qaranglar, men judayam katta toshbaqa topdim! Mana!
Shodmon uning qo‘lidagi toshbaqani olib, sinchik­lab ko‘zdan kechirdi.
– Rostdanam katta ekan, – dedi Salim. – Bunisi otasi bo‘lsa kerak.
– Toshbaqaning otasi onasidan kichkina bo‘ladi, – dedi Shodmon jiddiy qiyofada. – Bu toshbaqa men kovlagan inda yashaydi.
 Shodmon toshbaqani Shahodatga qaytarib berib, yana yerga muk tushgancha chuqur qazishga tushdi.
– Toshbaqalarga in qazib bersak, keyin nima bo‘ladi? – so‘radi qo‘lidagi toshbaqani aylantirib tomosha qilayotgan Shahodat undan.
– Ular bizdan xursand bo‘ladi.
– Toshbaqani o‘ldirsa yomon bo‘ladimi?
– Boshqa toshbaqalar qarg‘aydi! – javob berdi Salim bilag‘onlik bilan.
– Unday odamning og‘zi qiyshayib, soqov bo‘lib qo­ladi, – dedi Shodmon.
– Shoymir bitta toshbaqani o‘ldirib, go‘shtini kuchugiga yedirgan emish! – dedi Salim.
– Rostdanmi? – so‘radi Shahodat vahima bilan.
– Shoymir shunday qilgan bo‘lsa, soqov bo‘lishi aniq, – dedi Shodmon ishonch bilan.
Shahodat kutilmaganda qo‘lidagi toshbaqani yerga tushirib yubordi. Boshi bilan oyoqlarini kosasining ichiga yashirib olgan toshbaqa koptokdek dumalab borib, quyiroqda chuqur kovlayotgan Shodmonning boshiga zarb bilan urildi. Shodmon garangsigan qiyofada yerdan boshini ko‘tarib, tevarakka alangladi. Uning sochlari orasidan qon sizib chiqib, oyog‘i ostida yotgan toshbaqaning kosasiga toma boshladi. Shahodat jon­holatda chinqirib yubordi. Shodmon boshini changallab qishloq tomon yugurdi. Salim esa nima hodisa yuz berganiga aqli yetmay, uning ortidan tikilgancha yumronqoziqdek qotib qoldi.
Shodmon uyga yetib borguncha ust-boshi qip-qizil qonga belandi. Langar momo uning ahvolini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
– Voy, mengina o‘lay!.. Nima bo‘ldi? Kim seni bu ahvolga soldi? – deb jonholatda uning boshini changalladi.
– Shahodat toshbaqa bilan urdi! – deya chinqirdi Shodmon.
– A? Qanaqa toshbaqa?.. – dedi Langar momo ang­rayib.
– Qirda toshbaqalarga in kovlayotuvdim... Sha­ho­dat katta toshbaqani boshimga dumalatib yubordi!
– Ha, bolam-a! Doim yo‘q joydan bir tashvish orttirib yurasan.
Langar momo dodlab yig‘layotgan Shodmonning boshini ko‘zdan kechirdi. Uning quyuq sochlari orasidan hamon qon sizib chiqmoqda edi.
– Xayriyat, suyagi butun ekan, – dedi u biroz xotirjam tortib. – Terisi ozgina shilinibdi.
Langar momo Shodmonning yuz-ko‘zini iliq suv bilan yuvib, jarohatiga allaqanday sassiq dori surtdi. Boshini ro‘mol bilan bog‘lab, ustidan eski telpakni kiydirdi. Qon oqishi to‘xtagan bo‘lsa-da, boshi lo‘qillab og‘rirdi.
– Kerakmas! – dedi Shodmon qaysarlik bilan. – Telpakni kiymayman.
– Bir-ikki kun chidaysan, bolam, – dedi Langar momo. – Boshingni issiq tutmasang, jarohat gazak olib ketadi.
– Gazak olsa nima bo‘pti! – dedi Shodmon qaysarlik bilan.
– Keyin soching to‘kilib, kal bo‘lib qolasan, – dedi Langar momo pinagini buzmay.
Bu gapni eshitib Shodmon ikkilanib qoldi. Ko‘z o‘ngida Quvvat kalning doim quyoshda yaltirab yuradigan tuksiz boshi namoyon bo‘ldi. O‘zini ham shunaqa qiyofada tasavvur qilib, qo‘rqib ketdi. Xuddi birov yechib oladigandek beixtiyor telpakni bostiribroq kiydi.
Shodmon uyga kirib, devorga osilgan oynaga tikildi. U go‘yoki masxarabozga o‘xshardi. Shu paytgacha qanchadan-qancha bolalar bilan mushtlashib, aqalli burni qonamagan edi. Kelib-kelib mushtday qizchadan ta’zirini yeb o‘tirsa-ya! Sinfdoshlari eshitsa, kulgiga qolishi aniq.
Alamdan tishlarini g‘ijirlatib, tashqariga chiq­di. Hovliqib yugurib kelgan Salim ham unga baq­rayib tikilib qoldi.
– Birovga aytsang, ko‘rasan mendan! – dedi Shodmon unga o‘qrayib.
– Hech kimga aytmayman, Shodmon, – dedi u itoatkorlik bilan.
– Ketdik! – deb Shodmon yo‘lga tushdi. Salim unga ergashdi.
Shodmon Shahodatlarning oshxonasi yonida to‘x­tadi.
– Sen Shahodatni aldab chaqirib kel. Men shu yerda yashirinib turaman.
– Xo‘p.
Salim oldinga yurdi. Shahodat xavotirli qiyo­fada derazadan tashqariga mo‘ralab turardi.
 – Shahi, yur, o‘ynaymiz, – dedi Salim.
– Ho, bormayman! – dedi qizcha ko‘zlarini pirpiratib. – Shodmon ushlab olsa uradi.
Salim nima deyishni bilmay, oshxonaning panasida yashirinib turgan Shodmonga qaradi.
– Shodmon bu yerda yo‘q, uyida uxlab yotibdi deb ayt! – dedi u alamdan lablari gezarib.
– Shodmon bu yerda yo‘q, uyida uxlab yotibdi.
– Aldayapsan! U oshxonaning orqasida bekinib olgan.
– U seni oshxonaning orqasida bekinib olgan deya­p­­ti, – deya shivirladi Salim.
Shodmon noiloj panadan chiqib, Shahodatga musht o‘qtaldi.
– Qo‘limga tushsang, sochingni bittalab yulaman!
– Onamga aytib beraman, – dedi Shahodat yig‘­lamsirab.
– Qara, Shodmon, Esirgap kelyapti.
Shodmon u ko‘rsatgan tomonga qaradi. Esirgap odatdagidek, bir gala itni ortidan ergashtirib Langar momoning uyi tomon ketib borardi. Uni ko‘rib Shodmonning battar jahli chiqdi.
– Indamasak, Esirgap Langar momomni olib ketib qoladi, – dedi u alam bilan. Salim unga mo‘ltirab tikilib turardi. Shodmon ham o‘ylanib qoldi.
– Esirgapni haydab yuboramiz! – dedi nihoyat Shodmon qat’iy ohangda. – Ketdik.
Shodmon oldi-ortiga qaramay yugurib ketdi. Salim uning ortidan ergashdi. Katta yo‘ldan Langar momonikiga burilishda nurab yotgan eski choldevor bor edi. Shodmon undan kesak ushatib ola boshladi.
– Kesakni nima qilasan? – dedi Salim ajablanib.
– Esirgapni kesakbo‘ron qilamiz.
– Esing joyidami? Langar momom urishadi-ku!
– Panadan turib otamiz. Langar momom ko‘rmaydi.
Birozdan so‘ng ikkalasi cho‘ntaklarini kesakka to‘ldirib, Langar momonikiga yetib borishdi. Bu paytda Esirgap supada bahuzur yonboshlagancha Langar momo bilan gaplashib o‘tirardi. Shodmon bilan Salim uyning ortida biqinib, ularni kuzata boshladi.     
– Qishloqni-ku sog‘inaman, – dedi Langar momo o‘ychan qiyofada. – Lekin bu yerlarniyam ko‘zim qiymaydi. Rahmatli cholimning bolalari meni ena degan. Ketaman degan gapimni eshitib xafa bo‘lyapti...
– Begona joylarda shuncha yil yashaganingiz yetar! – dedi Esirgap uning gapini bo‘lib. – Sizni baribir Langartoqqa ko‘chirib ketaman. Bu yerda birovlarning qo‘liga qaratib qo‘ymayman. Mendayam oriyat bor, amma!
Shodmon bilan Salim bir-biriga qaradi.
– Endi nima qilamiz? – so‘radi Salim chorasiz qiyofada.
– Ko‘rsatib qo‘yaman unga! – dedi Shodmon qovoq uyib.
– Hay, buyog‘i bir gap bo‘lar, Esirgapjon... Men osh­ga harakat qilay.
Langar momo oshxonaga kirib ketdi.
Esirgap boshidan eski telpagini yechib qo‘yib, xo‘rillatib choy icha boshladi. Uning taqir boshi archilgan tuxumdek oqarib turardi.
– Esirgap kal ekan! – shivirladi Shodmon ijir­g‘anib.
– Bo‘la qol, Shodmon! – dedi Salim betoqat bo‘lib. – Hozir Langar momom chiqib qoladi!
– To‘xtab tur.
Nihoyat, Esirgap o‘rnidan turib, og‘ilxona tarafga yurdi.
Shodmon Salimga imo qilib, sezdirmasdan katakning panasiga o‘tdi. Esirgap oxurda yemish kavshayotgan qizil govmishni cinchiklab ko‘zdan kechira boshladi. Sigirning sutga to‘lgan yelinini ushlab ko‘rib, bosh chayqadi.
– Boshladik!
Ikkalasi katakning panasida turib, Esirgapni kesakbo‘ron qilishga tushib ketishdi. Govmish hurkib o‘zini chetga oldi. Esirgap hech narsaga tushunolmay tevarakka alang-jalang ko‘z yugurtirdi. Shu payt mushtday kesak uning bo‘yniga tegdi.
– Ie-ie! Bu nima balo bo‘ldi...
Qo‘rqib ketgan Esirgap bo‘ynini changallagancha jonholatda uyga tomon qocha boshladi.
– Qara, Shodmon, Esirgap qochyapti, – shodon xitob qildi Salim.
Shodmon uloqtirgan kattagina kesak Esirgapning quyoshda yaltirab turgan peshonasiga borib urildi. Supaga yetay deb qolgan Esirgap peshonasini changallagancha bukchayib o‘tirib qoldi.
– Voy, o‘ldim!
Shodmon bilan Salim etagidagi qolgan-qutgan kesakni yerga ag‘darib, qochib qolishdi. Shoshganidan Shodmonning boshidan telpagi uchib ketdi...
Kechga yaqin Abdurahim muallim Esirgapni tash­qariga kuzatib chiqdi. Esirgapning peshonasida kaptarning tuxumidek g‘urra paydo bo‘lgan edi.
– Xafa bo‘lmang, mehmon, – dedi Abdurahim muallim uzrli ohangda, – Bolalar o‘yinqaroqroq, sizga erkalik qilgisi kelgan bo‘lsa kerak...
– Erkalik qilganmish! – dedi Esirgap alamli qiyofada peshonasidagi g‘urrani silab. – Bu tirmizak­larga kattalar aql o‘rgatib qo‘ygan.
Abdurahim muallim zimdan unga norozi qarab qo‘ydi.
– Ammam bo‘lmaganida-ku bu yerlarga ko‘zim uchib turgani yo‘q edi...
Shu payt Langar momo uydan xalta ko‘tarib chiqib keldi.
– Manavini ol, Esirgapjon. Quruq qo‘l bilan ketma.
– Nima bu?
Esirgap xaltani qo‘liga olib, azza-bazza titkilashga tushdi. Uning harakatini kuzatib turgan Ab­durahim muallim ma’noli bosh chayqab qo‘ydi.
– Ozroq qand-qurs, yong‘oq-mayiz soluvdim, – dedi Langar momo o‘ng‘aysiz ahvolda. – Uyda bolalaring ermak qilishar.
Esirgapning biroz chehrasi yorishdi.
– Haliyam Xudo bir asradi, – dedi u o‘pkali ohangda. – Kesak ko‘zimga tekkanda nima bo‘lardi?
– Bora qol, Esirgapjon.
– Men yana kelaman, amma.
Esirgap xaltani qo‘ltiqlab yo‘lga tushdi.
Bu paytda Shodmon qo‘rquvdan yuragi po‘killab, hovlida shumshayib o‘tirardi. Hech narsadan bexabar onasi og‘ilxonaning yonida sigir sog‘ardi.
Shodmon otasi bilan Langar momoning shu tomonga kelayotganini ko‘rib battar sarosimaga tushdi. Shartta o‘rnidan turib dashtga qochib qolmoqchi ham bo‘ldi. Lekin bundan bir ish chiqmasligini o‘ylab fikridan qaytdi.
– Nimaga mehmonga kesak otding? – dedi otasi jahl bilan. Shodmon madad kutgandek Langar momoga qaradi. Biroq uning ham avzoyi buzuqligini ko‘rib, yana yerga ko‘z tikdi. Undan sado chiqavermagach otasi battar asabiylashdi. – Gapir deyapman!
Shodmon tund qiyofada boshini egib o‘tiraverdi.
– Bu bolaga gap-so‘z ta’sir qilmaydi. Beti qotib ketgan.
Abdurahim muallim kutilmaganda Shodmonning chakkasiga tarsaki tushirdi.
– Urmang! – deb Langar momo jonsaraklik bilan oraga tushib, Shodmonni bag‘riga bosdi. – Shodmonjon endi unday qilmaydi.
Shodmon shu choqqacha otasidan kaltak yemagan edi. Shuning uchun daf’atan nima voqea yuz berganini tushunolmay unga angrayib tikilib qoldi. Chap yuzi xuddi cho‘g‘ bosgandek qizib ketdi. Beixtiyor ko‘zlarida yosh halqalandi. Otasi uning nigohiga dosh berolmay shartta ortiga burildi-da, uyga kirib ketdi. Shodmon Langar momoning quchog‘idan yulqinib chiqib, tashqariga otildi.
Shodmon qari tolning tagida cho‘nqayib o‘tirib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Langar momo yoniga kelib o‘tir­ganini ham payqamadi. Kampir uning yelkalarini, doka bog‘langan boshini mehr bilan siladi.
– Yig‘lama, bolajonim...
Shodmon ko‘z yoshlarini yengi bilan artib, dik etib o‘rnidan turdi.
– Tegmang menga! – dedi u alam bilan. – Ketsangiz-ketavering o‘sha Esirgapnikiga. Endi menga baribir.
Shodmon dasht tomon yugurib ketdi.

* * *

Esirgapni hamma birday yoqtirmas edi. U esa jo‘rttaga qilganday kunda-kunora Langar momonikiga tirjayib kirib kelaverardi. Shodmon har gal tuproq yo‘lda qishloq itlarini ortidan ergashtirib kelayotgan Esirgapni ko‘rganida alamdan tishlarini g‘ijirlatar, lekin qo‘lidan hech narsa kelmasdi. Ota­si ham keyingi vaqtlarda uni ko‘rishi bilan dalaga yoki qo‘shnilarnikiga chiqib ketardi. Uyda hech kim Esirgapning nomini tilga olmas, Langar momo ham bu haqda og‘iz ochmas edi. Kutilmaganda paydo bo‘lgan bu yoqimsiz odam tufayli ko‘p narsalar o‘zgarib ketganini Shodmon ich-ichidan sezardi...
Bir kuni Shodmon maktabdan ertaroq qaytdi. Behzod beshikda pishillab uxlab yotar, biroq onasi uyda ko‘rinmasdi. Shodmon hayron bo‘lib oshxona, og‘ilxonaga birma-bir kirib chiqdi. So‘ng Langar momonikiga jo‘nadi. U yerdagi manzarani ko‘rib anqayib qoldi. Uyning oldida pritsepli traktor qantarilgan, Esirgap qoramag‘izdan kelgan o‘spirin yigitcha ko‘­magida ichkaridan olib chiqilgan ko‘rpa-to‘shak, gilamlarni traktorga joylash bilan ovora edi. Abdurahim muallim chekkaroqda notanish bir kishi bilan gaplashib turardi.
Shodmon istar-istamas uyga yaqinlashib, dera­zadan ichkariga mo‘raladi. Jihozlari tashib chi­qilib, ship-shiydam bo‘lib qolgan uy judayam g‘arib ko‘rinardi. Shu choqqacha u uchun judayam qadrdon bo‘lgan, mudom ohanrabodek o‘ziga tortib turadigan uy bir zumda allaqanday begona, fayzsiz maskanga aylangan edi. Shodmon Langar momoning ko‘chib ketishi yaxshi emasligini bilsa-da, lekin bunaqa bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan edi. Nima qilishni bilmay gangigan qiyofada derazadan uzoqlashdi. Nariroqda otasi unga zimdan sinchkov tikilib turardi. Esirgap esa xursandchilikdan lab-lunjini yig‘ishtirolmay yelib-yugurib traktorga yuk ortyapti...
Oshxonada ayollarning gangir-gungir ovozi, idish-tovoqlarning taraq-turug‘i eshitilardi. Salimning onasi u yerdan idish-tovoqlarni olib chiqib, o‘spirin yigitchaga uzatyapti. Shu payt ichkaridan Shodmonning onasi shoshib chiqib keldi.
– Keldingmi, o‘g‘lim? – dedi u Shodmonga yaqin­la­shib. – Ukangni beshikka belab keluvdim. Mabodo yig‘­lab yotgani yo‘qmi?
Shodmon yo‘q degandek bosh chayqadi.
– Borib undan xabar olay. Senam maktabdan och­qab kelgandirsan. Yuraqol uyga...
– Qornim to‘q, – dedi Shodmon qo‘rslik bilan. Onasi unga zimdan qarab qo‘yib, uyga tomon ketdi.
Oshxonadan Langar momo chiqdi. U xuddi to‘yga borayotganday, egniga yangi kiyimlarini kiyib olgan edi.
– Bo‘la qoling, amma, erta kunni kech qilmay, tezroq yo‘lga tushaylik, – dedi Esirgap unga.
– Xo‘p, Esirgapjon.
Langar momo Shodmonni imlab yoniga chaqirdi.
– Buyoqqa yur, bolam, senga bir narsa ko‘rsataman, – deb uni oshxonaga boshlab kirdi. U yerda idish-tovoqlar betartib sochilib yotardi. Langar momo ularni oralab o‘tib, bir chekkada turgan tanish bo‘z xaltani olib keldi.
– Mana, – deb u xaltani Shodmonga tutqazdi. – Buni ehtiyot qilib saqlagin. Buvangning omonati bu.
– Nega ketyapsiz, Langar momo? – deya so‘radi Shodmon unga mo‘ltirab tikilib.
– Ketmasam bo‘lmaydi, bolajonim, – dedi Langar momo xo‘rsinib. – Buyog‘i to‘rt kunligim bormi-yo‘qmi, Xudo biladi... Ertadan-kechgacha seni tergashdan bosh­­­qasiga yaramayman. Qarib, maynasini yeb qo‘ygan vaysaqi kampirni boshingga urasanmi?
Langar momo zo‘rma-zo‘raki jilmaydi.
– Urishsangiz ham sizni yaxshi ko‘raman.
Langar momo Shodmonni bag‘riga bosib, yuz-ko‘zidan o‘pdi. Qiyofasini nigohiga joylab olmoqchidek, bir muddat unga tikilib qoldi.
– Mendan xafa bo‘lma, Shodmonjon. Katta bo‘lsang, o‘zing hammasini tushunib olasan.
– Endi bu yerga hecham qaytib kelmaysizmi?
– Nega unday deysan, bolam? Kuch-quvvatim joyi­da bo‘lsa, ora-sira mehmon bo‘lib kelaman. Sizlar ham Langartoqqa borasizlar... Bu uy-joyni rahmatli buvang menga atab qurdirgan edi. Endi uni sizlarga tashlab ketyapman. Otangga ayt, uyni qarovsiz qol­dirmasin. Vaqti kelib senam egar yasashni o‘r­gansang, bu uyni o‘zingga ustaxona qilarsan.
– Xo‘p, – dedi Shodmon itoatkorlik bilan.
Shundan so‘ng ular tashqariga chiqishdi.
Begmat cho‘pon Salim bilan birga dasht tomondan bir gala qo‘y-echkini oldiga solib haydab kelishdi. Esirgap ularni ko‘rib shoshib qoldi. O‘spirin uzatgan oxirgi yukni apil-tapil pritsepga joyladi-da, pastga sakrab tushdi.
 – Bo‘ldi, – dedi u Shodmonning otasi bilan gaplashib turgan odamga yuzlanib. – Yusufboy, Nurali ikkovingiz ammani olib yo‘lga chiqavering. Men mol-holni haydab piyoda ketaveraman.
– Enam traktorda ketmaydi, – dedi Begmat cho‘pon jahl bilan. Keyin Shodmonning otasiga yuzlanib, izoh berdi. – Quvvat akaga tayinlab keldim. Hademay mashinasida kelib qoladi. Enamni o‘zim olib borib qo‘yaman.
Esirgap xushomadgo‘ylik bilan iljaydi-da, borib qizil govmishning arqonini yechdi. Qo‘y-echkilarni ham unga qo‘shib haydagancha yo‘lga tushdi. Langar momoning yuklari ortilgan traktor ham tuproq yo‘lni changitib Langartoqqa jo‘nadi.
Tushdan so‘ng Langar momo yo‘lga chiqadigan bo‘ldi. Sora baxshi ham u bilan xo‘shlashish uchun yetib keldi. Langar momo mashinaga chiqish oldidan hamma bilan birma-bir xayrlashdi. Shahodat bilan Salimning ham yuz-ko‘zidan o‘pdi. Behzodni ko‘targancha chekkaroqda unsiz yig‘lab turgan Shodmonning onasini bag‘riga bosdi.
– Qizim o‘rnida qizim edingiz, kelinjon, – dedi Langar momo ko‘z yoshlarini yengining uchi bilan artib. – O‘la-o‘lgunimcha sizni alqab o‘taman.
– Ketmang, momojon, – dedi Munisa opa hiqillab. – Sizsiz nima qilamiz?
– Langartog‘ deganlari tupkanning tubida emas, kelin, – dedi Sora baxshining ham ko‘ngli buzilib. – Momongiz bilan bordi-keldi qilib turasizlar.
– Meni esingdan chiqarib yuborma, bolajonim, – dedi Langar momo onasining pinjiga suqilib turgan Shodmon bilan xayrlashayotib. So‘ng uning otasiga yuzlandi. – Mabodo Langartoqqa yo‘lingiz tushsa, nevaralarimniyam olib boring.
– Xo‘p, ena.
– Siz yaxshilab joylashib olavering, dugona, kelinlar bilan birga mehmon bo‘lib boramiz, – dedi Sora baxshi. – Shu bahonada tog‘-toshlarniyam bir ko‘­rib kelamiz.
Langar momo bilan Begmat cho‘pon mashinaga chi­qishdi. Quvvat akaning “Moskvich”i g‘izillab jo‘nadi. Hamma ularning ortidan unsiz tikilib qoldi.
– Dugonam ham ketdi-bordi, – dedi Sora baxshi bosh chayqab. – Boyaqish doim “Langarni birgina ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q edi” deb hasrat qilardi. Oxiri niyatiga yetdi.
Shodmon onasining pinjidan yulqinib chiqib, jon-jahdi bilan mashinaning ortidan yugurdi.
– Langar momo!.. Ketmang, momojon.
“Moskvich” muyulishda burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘l­di. Shodmon tuproq yo‘lga yiqilib tushib, boshdan-oyoq oppoq changga belandi. Cho‘nqayib o‘tirgancha o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Orqasidan yetib kelgan otasi uni yerdan ko‘tarib olib, bag‘riga bosdi.
– Yig‘lama, o‘g‘lim. Kap-katta bolasan, uyat bo‘ladi...
– Momosiga mehri tushgan-da, bola bechoraning, – dedi bu manzarani kuzatib turgan Sora baxshi. – Indamanglar, to‘yib-to‘yib yig‘lasin. Hali Langar momosini ko‘p sog‘inadi.

* * *

Kuz oxirlab, kunlar ancha sovib qoldi. Shodmon bilan Salim tushga yaqin maktabdan qaytishardi.
– Eshqul momosini boshlab kelsa, uni biz urmadik, deymiz, – dedi Shodmon.
– Sora baxshi baribir ishonmaydi, – dedi Salim tashvishli qiyofada. – Hademay tayog‘ini ko‘tarib keladi.
– U kelguncha dashtga qochib ketamiz.
– Langar momom ketmaganida zo‘r bo‘lardi-da.
– Langar momom qaytib keladi, – dedi Shodmon ishonch bilan.
Langar momoning ko‘chib ketganiga ham ikki oydan oshdi. Yaqinda Begmat cho‘pon borib uni ko‘rib keldi. O‘sha kuni otasi Shodmonni ergashtirib Salimlarnikiga yo‘l oldi.
– Enamiz yaxshi yurgan ekan, – dedi Begmat cho‘pon poygakda o‘tirgan Shodmon bilan Salimga zimdan qarab qo‘yib. – Hammaga salom aytib yubordi.
– Ishqilib, jiyani yaxshi qarayotgan ekanmi? – so‘radi Shodmonning otasi.
– Xudo ko‘tarsin unday jiyanni, – dedi Begmat cho‘pon achchiqlanib. So‘ng bolalarga qaradi. – Ikkoving ko‘chaga chiqib o‘ynanglar.
Ular noiloj tashqariga chiqishdi. Shodmon uyi­ga ketdi. Kechga yaqin otasi Salimlarnikidan o‘ychan qiyofada qaytib keldi. Ayvonda onasi ikkovi ancha vaqt past ovozda gaplashib o‘tirishdi.
– Langar momom kasal bo‘lib qolibdimi? – deb so‘radi ertasi kuni Shodmon onasidan.
– Momongga hech narsa qilgani yo‘q, – dedi onasi. – Lekin jiyanining uyida sharoit yaxshi emas emish. Otang uni yana qaytarib olib kelamiz deyapti.
– Qachon? – so‘radi Shodmon jonlanib.
– Otangga qolsa, bugunoq olib kelardi, – dedi onasi. – Lekin Langar momong amakingga, kelasi yil bahorgacha sabr qilib turinglar-chi, degan emish.
Shundan beri Shodmon bahor kelishini kutib yurgan edi.
– Qara, Shodmon, To‘xta kampir tuzalibdi! – deya xitob qildi Salim To‘ra buvaning uyiga yaqinlashganda. Xayol surib kelayotgan Shodmon hushyor tortib, Salim ishora qilgan tomonga qaradi. Chindan ham, To‘xta momo pastak uyning devoriga suyanib o‘tirardi. U anchadan beri ko‘rinmay qolgan edi. Aytishlaricha, og‘ir kasalga chalingan ekan. Qaysi kuni Shodmonning onasi borib, uning holidan xabar olib kelgan edi.
– Boyaqish To‘xta momo ham ilinibgina turibdi, bu ahvolda uzoqqa bormasa kerak, – degan edi u kechqurun eriga.
Shodmon To‘xta momoning tuzalganini ko‘rib negadir xursand bo‘lib ketdi.
– Assalomu alaykum, To‘xta momo, – deya salom berdi unga. Biroq kampirdan sado chiqmadi.
– Nega salom berasan? Axir, u tentak-ku, – deya shivirladi Salim ajablanib.
– Uzum pishsa, o‘g‘illarim armiyadan keladi, – dedi To‘xta kampir kutilmaganda tilga kirib, xirillagan tovushda. – Uchovini baravar uylantiraman. Ularga bax­maldan to‘n qavib qo‘yganman.
Shodmon bilan Salim unga hayrat bilan tikilib qolishdi. To‘xta momo esa yana hech narsa bo‘lmaganday sukutga cho‘mdi.
Bolalar ortiga qaray-qaray bu yerdan uzoq­la­shishdi.
Bu paytda Begmat cho‘pon qo‘shnisi Qosim akani hasharga aytib, Langar momoning uyining tomini och­moqda edi. Allaqachon eshik-derazasi qo‘porib olingan uy judayam g‘arib ko‘rinardi.
– Otam rahmatli bu imoratni Langar enamizga atab qurdirgan edi, – dedi ketmon bilan tomning suvog‘ini chopayotgan Begmat cho‘pon. – O‘sha paytlar men yosh bola edim, Dolim buva paxsasini urib bergani g‘ira-shira esimda qolgan.
– Uyni buzmay tursang bo‘lardi, – dedi Qosim aka. – Langar momo eshitsa, ko‘ngliga kelishi mumkin.
– Ey, qayoqda! – dedi Begmat cho‘pon og‘ringan qi­yofada. – Shuncha izzatlaganimiz bilan o‘gay enamiz baribir bizga el bo‘lmadi. Anavi jiyani kelishi bilan bizlarni elning orasida malomatga qoldirib, ketib qoldi. Yaqinda borib ko‘rib keldim. Jiyani bor-budiga ega chiqib, o‘ziga qibla-qiyo qaramay qo‘yibdi. Uyga olib ketaman deb shuncha yalinsam ham ko‘nmadi.
Shu payt Shodmon bilan Salim ular tomon hal­loslab yugurib kelishdi.
– Senlarga nima kerak? – dedi Begmat cho‘pon peshonasining terini artib.
– Langar momomning uyini buzmang! – dedi Shodmon yig‘lagudek qiyofada. – Momom hali qaytib keladi.
Qosim aka Begmat cho‘ponga savol nazari bilan qaradi.
– Arzanda momong qaytib kelsa, o‘zing unga yangi uy solib berasan-da, Shodmonboy, – dedi u jilmayib.
– Buzmang deyapman!
– Sen hali menga aql o‘rgatadigan bo‘ldingmi? Shoshmay tur! – deya Begmat cho‘pon yolg‘ondakam qovoq uyib, narvondan pastga tushishga chog‘landi. Salim shu zahoti oldi-ortiga qaramay qochib qoldi. Shodmon ham noiloj uning ortidan ergashdi.
Ikkalasi qari tolning tagida ancha vaqt churq etmay o‘tirishdi.
– Langar momom uyi buzilganini bilsa, qaytib kelmaydi, – dedi nihoyat Salim jur’atsizlik bilan. Shodmon ilkis unga qaradi.
– Borib Langar momomni olib kelamiz! – dedi u qat’iy ohangda.
– Esing joyidami? – dedi qo‘rqib ketgan Salim. – Langar momom judayam uzoqda yashaydi. Baribir topolmaymiz.
– Topamiz! Men yo‘lni bilaman.
– Shodmon, men bormayman, otam urishadi, – dedi Salim ko‘zlarini pirpiratib.
– Bormasang-borma. O‘zim ketaveraman.
Bunaqa bo‘lishini kutmagan Salim nima deyishni bilmay angrayib qoldi.
– Mening Langartoqqa ketganimni hech kimga aytma! – dedi u Salimga qattiq tikilib.
– Xo‘p, aytmayman, – deya Salim uning nigohiga dosh berolmay yerga qaradi.
Shodmon tuproq yo‘ldan kunchiqar tomonga yugurib ketdi.
Ko‘z ochib-yumguncha qishloq ortda qoldi. U kimsasiz dasht oralab o‘tgan yolg‘izoyoq so‘qmoqdan uzoqda cho‘qqilarini qor qoplab yotgan Langartoqqa ketib borardi.
Kun namozgarga og‘ib, borliq qizg‘ish tusga kirdi. Ufq tarafda qop-qora bulutlar paydo bo‘lib, dasht uzra salqin shamol esa boshladi.
Shodmon eshak yetaklagancha bir suruv qo‘y haydab kelayotgan keksa cho‘ponga ko‘zi tushib, unga yaqinlashdi.
– Assalomu alaykum, cho‘pon buva.
– Vaalaykum assalom... – keksa cho‘pon ko‘zlariga ishonmagandek, ajablangan ko‘yi unga boshdan-oyoq sinchiklab razm soldi.
– Suvingiz yo‘qmi?
– A?.. Suvmi? Bor, bolam.
Cho‘pon eshakning ustidagi xurjundan ixchamgina kuvacha olib, unga uzatdi. Shodmon yuguraverib rosa chanqagan edi. Kuvachadagi muzday suvdan huzur qilib simirdi.
– Rahmat, cho‘pon buva, suvday serob bo‘ling, – deb kuvachani unga qaytarib berdi.
– Balli, bo‘tam, balli, – es-hushini yig‘ib olgan cho‘pon uning gapidan zavqlanib kuldi. – Bu, seni tanimayroq turibman... Kimning bolasisan?
– Sortepalik Abdurahim muallimning o‘g‘li bo‘laman.
– Iya, shundaymi? – dedi cho‘pon ajablanib. – Isming nima?
– Shodmon.
– Yo‘l bo‘lsin, Shodmonboy? Yoki adashib qol­dingmi?
– Yo‘q, adashmadim. Men Langar momomnikiga ket­yapman.
– Langar momong qaerda yashaydi?
– Langartog‘da.
– Ana xolos! – keksa cho‘pon Langartog‘ tarafga qarab qo‘ydi. – Ota-onang biladimi?
Shodmon nima deb javob berishni bilmay yerga qaradi.
– Uydan qochib ketdingmi?
– Langar momom qaytib kelmasa, Salimning ota­si uning uyini buzib tashlaydi, – dedi Shodmon xo‘r­sinib.
– Yaxshi-yaxshi, – deya keksa cho‘pon uning gapini ma’qullagandek bosh irg‘ab, qo‘lidan ushladi. – Buguncha kun kech bo‘ldi. Havoning ham avzoyi buzuq. Oqshom biznikida qolib, ertaga yo‘lga tushganing ma’qul. Yura qol, o‘g‘lim.
Shodmon uning qo‘lidan yulqinib chiqib, yantoqzor oralab yugurib ketdi.
– To‘xta deyman! Langartoqqa yetolmaysan. Adashib qolasan.
Keksa cho‘pon uning ortidan ergashdi, lekin ancha uzoqlashib ketgan bolaga yetolmasligini tushunib, noiloj to‘xtadi. Shodmon bir zumda qirdan oshib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

* * *

Kechqurun qishloqdan chiqib kelgan ikki otliq zim-ziyo dashtda oshig‘ich ketib borishardi.
– Shu paytda uyni buzishing shartmidi? – dedi otini yo‘rttirib borayotgan Abdurahim muallim achchiqlanib. – Avval bir og‘iz so‘ramaysanmi?
– Bunaqa bo‘lishini qayoqdan bilay? – dedi Begmat cho‘pon zorlanib.
– Sen shu yerdan bor! Men anavi soylikdan axtaraman.
– Xo‘p, aka...
Abdurahim muallim otining jilovini chapga burdi. Pastlikka tushib olib, atrofni sinchiklab kuzatgancha oldinga yurdi. Dam-badam otining jilovini tortib, “Shodmon, qaerdasan, o‘g‘lim?” deya ovoz berib, nafasini ichiga yutgancha atrofga quloq tutar, ammo tobora kuchayib borayotgan izg‘irin shamolning shovqinidan boshqa hech narsa eshitilmasdi. Kutilmaganda nariroqda qo‘ng‘iroqning jiringlashi va qo‘y-qo‘zilarning ma’ragan ovozi qulog‘iga chalinib, o‘sha yoqqa shoshildi. Yetib borganida Begmat cho‘pon suruv haydab yurgan keksa cho‘pon bilan gaplashib turardi.
– Qarilik qursin, bolani tutib qololmadim, – dedi u. – Oldi-ortiga qaramay tog‘ tomonga chopib ketdi...
– Bolani qachon ko‘ruvdingiz? – so‘radi Abdurahim muallim uning gapini bo‘lib.
– Govgum mahali edi. Hali uzoqqa ketolmagan bo‘lsa kerak.
Aka-ukalar otini niqtab yo‘lga tushishdi.
– Bolani tezroq topinglar, – dedi keksa cho‘pon ularning ortidan. – Norasida narsa, qo‘rqishi mumkin... Buning ustiga, dashtda shoqol-moqol degan jondorlar ham yo‘q emas.
Bu gapni eshitib Abdurahim muallimning yuragi orqaga tortib ketdi. Shu zahoti otining sag‘risiga ustma-ust qamchi tushirib, uni choptirib ketdi.

* * *

Tez orada osmonni bir tekis bulut qoplab oldi. Bir maromda esayotgan izg‘irin bo‘ronga aylanib, g‘ov­lab o‘sgan yantoqzor shovullab chayqala boshladi. Shamol aralash yog‘ayotgan yomg‘ir tobora kuchayardi.
Dashtda adashib qolgan Shodmon izillab yig‘­la­gancha yantoqzor oralab yurardi. Ust-boshi shalabbo bo‘lib, sovuq va qo‘rquvdan vujudiga titroq kirgan edi. O‘tkir tikanlar kiyimlarini teshib o‘tib, a’zoyi-badaniga ignadek sanchilar, biroq shu topda u og‘riqni deyarli sezmasdi. U bot-bot to‘xtab, umid bilan atrofni kuzatar, ammo dovulning changalida ingrab yotgan yovonda tirik jon asari sezilmasdi.
Shodmonning qadami sustlashib, tizzalari mayishib keta boshladi. Oxiri yantoqzor orasida cho‘kkalab o‘tirib qoldi. Boyadan beri u yoqdan-buyoqqa tortqilab, obdon tinkasini quritgan shamolning zug‘umidan xalos bo‘lib, biroz yengil tortdi. Shundoqqina yonida qorayib turgan allaqanday chuqurga ko‘zi tushdi. Sovuq jon-jonidan o‘tib ketgan edi. Tavakkal qilib asta pastga tushdi. Ko‘klam jilg‘alaridan hosil bo‘lgan kamgakda yomg‘irdan pana joy topib, g‘ujanak bo‘lib o‘tirib oldi. Yig‘idan tiyilgan bo‘lsa-da, yuragini qo‘rquv, sarosima tark etmagan edi. Rutubatga burkangan sahroda hamon bo‘ron guvillar, allaqaerlarda shoqolning uligan tovushi elas-elas quloqqa chalinardi.
Shodmon qattiq charchaganini his qildi. Zax hidi anqib turgan chuqurning devoriga suyanib, ko‘zlarini yumdi. Tanasida qandaydir huzurbaxsh iliqlik tuyganday bo‘ldi. Shu zahoti uyqu elitib, shuuri karaxtlashdi.
– Shodmon! Qaerdasan, o‘g‘lim?..
Bu tanish ovozni eshitib ko‘zlarini ochishga urindi. Lekin qo‘rg‘oshindek og‘irlashib qolgan qovoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi. Shodmon xo‘rsinib qo‘yib, shu zahoti qattiq uyquga ketdi...
Shu kuni Shodmon tush ko‘rdi. U kimsasiz dashtda yolg‘iz ketib borayotgan Langar momoning ortidan shamoldek yelib borarmish. Lekin shuncha yugursa-da, sira unga yetolmasmish.
– To‘xtang, Langar momo! Ketmang! – deya baqi­rar­mish. Kampir esa Shodmonning hayqirig‘iga e’tibor bermay, tobora uzoqlashib borarmish.
Qayoqdandir paydo bo‘lib qolgan Esirgap yoqimsiz ovozda xoxolab kula boshlabdi. Langar momo esa uzoqdagi tog‘larga singib ketibdi...
 
* * *

Abdurahim muallim tun bo‘yi Shodmonni izlab dala-dashtni sargardon kezib yurdi. O‘g‘li hech qaerda yo‘q edi. Vaqt o‘tgan sari umidsizlikka tushib, ko‘ngliga bir-biridan qo‘rqinchli xayollar bostirib kela boshladi. U chorasizlik va alamdan o‘zini qo‘yarga joy topolmas, shartta yerga yotib olib dod solib yig‘lagisi kelardi.
Mabodo o‘g‘liga bir gap bo‘lsa, bunday ko‘rgilikka qanday chidaydi? Xotinining ahvoli nima kechadi? Ularning hayoti ostin-ustin bo‘lib ketmaydimi! Ikkalasi turmush qurishgach, o‘n yildan ziyodroq tirnoqqa zor yashadi. Shodmon dunyoga kelguncha qancha iztirob, umidsizliklarni boshdan kechirishdi. O‘sha paytlarda u hamma narsadan ko‘ngli sovub, quruq suratga aylanib qolgan edi. Teng-to‘shlariga deyarli qo‘shilmas, maktabga ham nomigagina borib kelar, hayoti zimistonga aylangan edi. Xotinining ahvoli-ku unikidan battar edi. Farzand degani qanchalar aziz bo‘lishini o‘shanda bilgan edi.
“Xudo beraman desa, farzandning ham erta-kechi yo‘q” deya tasalli berardi o‘gay onasi ularga. Mushfiq kampirning ko‘ngliga solgan ekanmi, Abdurahim muallimning yoshi o‘ttizdan oshib, sochiga oq oralagan kezlarda xotini Shodmonga homilador bo‘ldi. Bu yangilikni eshitib, xursandchilikdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. O‘g‘li tug‘ilganda esa unga qo‘shilib o‘zi ham qayta dunyoga kelganday bo‘ldi...
Bu go‘dak ularning hayotiga qaytadan mazmun olib kirdi. Abdurahim muallim tabiatan og‘ir-vazmin, ichidagini sirtiga chiqaravermaydigan odamlar toifasidan edi. Garchi sir boy bermasa-da, o‘g‘lini ochiq-oydin erkalatmasa-da, uni yeru ko‘kka ishonmas edi. O‘g‘lining o‘jarligi-yu sho‘xliklari ham unga yoqardi. Ba’zan haddidan oshib ketganida nomiga tergab qo‘yar, lekin ichida uning qiliqlaridan zavqlanardi.
Shodmon go‘dakligidan Langar momosining qo‘­lida katta bo‘ldi. Kampir ham negadir shu go‘dakka o‘zgacha mehr qo‘ydi. Doim unga g‘amxo‘rlik qilar, bir kun ko‘rmasa turolmas edi. Oqibatda o‘g‘li ham unga bog‘lanib qoldi. Abdurahim muallim bundan xursand edi. Chunki kampir unga yaxshi tarbiya berayotgan edi.
Lekin kutilmaganda u hamma narsadan etak silkib, qishlog‘iga ketib qoldi. Shuncha yil o‘zini ona o‘rnida ko‘rib, ko‘ngliga qarab kelgan aka-ukalarning ham, o‘tidan kirib kulidan chiqadigan kelinlarining ham yuz-xotirini qilmadi. Hatto, o‘ziga o‘rganib qolgan go‘dakning zorlanishlari ham uni shashtidan qaytarolmadi. Qarigan chog‘ida tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga ketishi shartmidi? Anavi jiyani kampirga mehri tortganidan emas, uning dov-daskasiga ko‘z tikib kelgani kunday ravshan edi-ku. Unga shunchalik ichi achisa, mol-holini berib yuborib, o‘zi qolaversa ham bo‘lardi. Shunday yo‘l tutganida ham hech kim uni malomat qilmasdi. Otasidan qolgan bitta to‘qol kampirni boqib olishga ularning qurbi yetardi. Endi buyog‘i nima bo‘ladi? Xudo ko‘rsatmasin, Shodmonga bir narsa bo‘lsa, kampirning o‘zi ham adoyi tamom bo‘ladi-ku...
 Tongga yaqin bo‘ron tinib, borliqqa sovuq sukunat cho‘kdi. Abdurahim muallim mingan bedov ot yomg‘irning dastidan xamirdek yumshab qolgan dalada tun bo‘yi kezaverib toliqqan edi. U otdan tushib, jilovidan yetaklagancha oldinga yurdi. Shu payt uch-to‘rtta jondor tapir-tupir quvlashgancha oldini kesib o‘tdi. Bedov hurkib ketib, joyida taqqa to‘xtadi. Abdurahim muallim g‘ira-shirada ularning qanday maxluq ekanini ajratolmadi. Birozdan so‘ng yantoqzor orasida shoqollar uliy boshladi. Bu ovozni eshitib Abdurahim muallimning a’zoyi-badanidan muzday ter chiqib ketdi.
– Ey, Xudo... O‘g‘limni o‘zing asra!

* * *

Begmat cho‘ponning oti kutilmaganda yurishdan to‘xtab, quloqlarini chimirgancha oldinga tikildi. Uch-to‘rt qadam naridagi quyuq o‘sgan yantoqzor orasidan zaifgina ingragan ovoz eshitilganday bo‘ldi. Begmat cho‘pon shosha-pisha otdan tushib, o‘sha tomonga yugurdi. Yomg‘ir suvidan ivib ketgan chuqurda qunishib yotgan Shodmon uyqusida alahlardi. Begmat cho‘pon jonholatda chuqurga sakradi.
– Shodmon! Shu yerda ekansan-da, jigar, – deya bolani ko‘tarib olib, bag‘riga bosdi. Shodmon ko‘zlarini zo‘rg‘a yirib ochib, unga angrayib tikildi.
– Xudoga shukr, eson-omon ekansan!.. Seni qara-ya. Rosa qo‘rqitding-ku odamni... – Quvonchdan o‘zini yo‘­qo­tib qo‘ygan Begmat cho‘pon iljaygan ko‘yi titroq qo‘l­lari bilan Shodmonning yuz-ko‘zini, sochini silar, ko‘zlaridan duvillab yosh oqardi. – Ie, issig‘ing bor-ku? Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi... Endi tezroq otangni topishimiz kerak. Kechadan beri uydagilarning ahvoli nima kechdiykin... Obbo, qochoqvoy-ey! Boplading-ku odamni...
Begmat cho‘pon Shodmonni chakmoniga o‘rab, o‘radan chiqdi. Nariroqdagi qirda Abdurahim muallim ko‘­rindi.
– Begmat! Nima gap?
– O‘g‘lingizni topdim, aka! – deya shodon hayqirdi u. – Mana u!
Abdurahim muallim u tomonga ot choptirib kela boshladi.

* * *

Shodmon ancha vaqt isitmalab, hush-behush bo‘lib yotdi. Bu orada bir-biridan g‘alati tushlar ko‘rdi.
...Usta Sunnat ko‘chada sigir yetaklab yurgan emish.
– Men ola sigirimni topdim, Shodmonboy, – debdi u yosh boladay quvonib. – Ana, halqumida g‘o‘risiyam bor.
Shu payt ola sigirning ikki yonidan qanot o‘sib chiqib, osmonga uchibdi.
– Sunnat buva! Sigiringiz uchib ketyapti, – deya hayqiribdi Shodmon. Biroq Sunnat buva ham qo‘l­larini havolatgancha sigirning ortidan parvoz qi­libdi. Ko‘z ochib-yumguncha ola sigir qanotli otga aylanib qolibdi. Sunnat buva havoda unga minib olib, Shodmonning boshi uzra charx urib aylana boshlabdi.
– Pastga tushing, Sunnat buva! Hozir yiqilib ketasiz! – qichqiribdi Shodmon xavotirga tushib.
Ammo usta Sunnat yerga tushishni xayoliga ham keltirmay, qanotli otda uzoqlarga uchib ketibdi.
– Qayting, Sunnat buva!..
Kutilmaganda bu manzara izsiz yo‘qolib, Shodmonning qulog‘iga allaqanday ovozlar eshitildi.
– Yana alahlayapti, – dedi onasi xavotir bilan. – Issig‘iyam tushmayapti.
– Go‘dakkinaning yuragi tushganga o‘xshaydi, – bu – Sora baxshining guldirak ovozi edi. – Qani, men bir ko‘ray-chi...
Shodmonning onasi o‘ksib yig‘ladi.
– Qo‘rqma, kelin, Xudo xohlasa, bolang hech narsa ko‘rmaganday tuzalib ketadi, – deya taskin berdi Sora baxshi unga.
Tashqarida mashina shovqini eshitildi. Eshik sha­raqlab ochilib:
– Do‘xtirlar keldi! – deya xitob qildi Salimning onasi.
Shodmonning shuuri karaxtlashdi...
Bundoq qarasa, To‘ra buvaning uyida tumonat odam yig‘ilgan, to‘y bo‘layotgan emish. O‘yin-kulgi avjida emish. To‘xta kampir davraning o‘rtasida turgan uch o‘g‘liga birin-ketin baxmal to‘n kiygizib, jununvor qiyofada raqsga tusha boshlabdi. U go‘yoki Xudoga nola qilayotgandek, qoqsuyak qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha silkinib-silkinib o‘ynabdi.
– Yur, Shodmonjon, ikkovimiz Langar opamni ham to‘yga olib kelamiz, – debdi u birozdan so‘ng Shodmonning oldiga kelib.
– Qoch, Shodmon! To‘xta kampir ushlab olsa, og‘il­xonasiga qamab qo‘yadi! – deya chinqiribdi Salim. Ammo Shodmon unga e’tibor bermabdi. To‘xta kampir esa uning qo‘lidan tutib, usta Sunnatga o‘xshab osmonu falakka uchibdi. Shodmon parvozdan zavqlanib, qiqir-qiqir kula boshlabdi.
Ikkalasi bepoyon dalalar, qishloqlarning ustidan shitob bilan uchib o‘tishibdi. Cho‘qqilari oppoq qor bilan qoplangan Langartoqqa yetgach, yerga tushishibdi. To‘xta kampir to‘satdan g‘oyib bo‘libdi.
Tog‘ning etagida sharqirab oqib yotgan soy bo‘yida tanish uy ko‘zga tashlanib turarkan. Shodmon sinchiklab qarasa, Langar momoning uyi emish! Qishlog‘imizdagi uy bu yerga qanday kelib qoldi, deya o‘ylabdi u hayron bo‘lib. Soydan kechib o‘tib, o‘sha tomonga yuribdi. Langar momo uyning oldidagi tanish supada o‘tirgan emish.
 – Men keldim, Langar momo! – debdi Shodmon quvonchdan terisiga sig‘may. Langar momo uni bag‘riga bosib, sochlarini silabdi...
Shodmon uyg‘onib ketdi. Ko‘z o‘ngida shifti bilan devori oppoq rangga bo‘yalgan allaqanday xona manzarasi namoyon bo‘ldi. Kimdir uning sochini silab o‘tirardi. Shodmon yon tomoniga o‘girildi. Ro‘parasida Langar momo jilmayib turardi.
– Turdingmi, bolajonim?
Shodmon kampirga unsiz tikilib qoldi. So‘ng uning yelkasi osha derazaga qaradi. Tashqarida borliqni be­g‘ubor rangga bo‘yab oppoq qor yog‘ardi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.